Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68117 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:38:52

Shamsibekning dadasi yumush bilan O‘shga tushgan ekan. Ikki kundan so‘ng qaytdi.
Shamsibek shundan keyingina shahriyorning istagi bilan Samarqandga ko‘chajagini aytdi. Ismoilbek moshgurunch bo‘lib qolgan bir tutamgina soqolini silay turib, asta xo‘rsindi.
— Shahriyor shunday istak qilgan ekanlar, ilojimiz qancha.
— Hammamiz birga borsak-chi? — dedi Shamsibek.
Ismoilbek kulimsiradi.
— Shahriyorga siz keraksiz! Bizdan nima naf?
— Har nechuk...
—Yo‘q, o‘g‘lim, shuncha tashvish ham yetib ortyapti. Daraxtni qariganda ko‘chirsangiz tutmaydi. Ukangiz tahsilni yarimlatdi. Hali zamon orzu-havas ko‘rishimiz kerak.
— Ukam Samarqandda tahsil ko‘rsa, deb edim.
— Samarqandga bordi nimayu shu yerda tahsil ko‘rdi nima? Bari bir emasmi? Qaynatangiz eng katta mudarrislarga ham dars bera oladiganlardan. Mana siz tahsillarini olib kam bo‘lmadingiz-ku? Madrasa tuprog‘ini yalamayoq shahriyor nazariga tushdingiz. Madrasaga borgan Abdulvahob nima karomat ko‘rsatyapti. Ketganiga besh-o‘n yil bo‘lyapti, chamamda. Odamlar tahsildan yuz o‘girib darveshlikni xayol qilibdi, deyishyapti. Siz uni ko‘rmadingizmi?
Shamsibek javob berishga taraddudlandi. Otasiga yolg‘on gapira olmay, dedi:
— Odamlar aytishsa balki...
— Noqobil bola bo‘ldi. Farzandning gardanidagi tuz haqini unutishi volidaynning sho‘ri.
— Dada, buvimdan so‘ramadim, qo‘qqisdan shu yerga ko‘chishingizning boisini bilmoqchi edim.
— Qo‘qqisdan ko‘chmadik. Hamma narsa Ollohning xohishi bilan navbatma-navbat keladi. Siz ketgach, kozi barimizni dabdurustdan shakkokka chiqarib qo‘ydi. «O‘g‘ling iblisning tilini biladi, iblislar bilan irlashadi», deb tinchimizni buzdi. Bir tomondan qayin otangizga ham tosh otildi. U kishi Andijondan panoh topdilar. Kelib izlab yurmang, deb biz bu yerga qo‘noq bo‘ldik. Shahriyorning nazarlariga tushibsiz, inshoolloh endi peshonamiz yaraqlasa.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:00

— Inshoolloh, shunday bo‘lajak, — dedi ota-bola suhbatiga jimgina quloq berib o‘tirgan Qamariddin.— O‘g‘lingiz nazarkarda yigit. Qaytar mahalimiz ayolat podshohini bu gaplardan voqif qilib o‘turmiz. Shahriyorning marhamatlari boshingizdagi qora bulutlarni haydab yuborsa ajab emas.
— Shoyad aytganingiz kelsa...
Shamsibekning ketishi muhokama talab voqea emasdi. Shuning uchun ayollar lablarini tishlab, ko‘z yoshi oqizib, lekin ovoz chiqarmay safarga tayyorlanishdi. Ismoilbek har namozdan so‘ng o‘g‘lining nomini qayta-qayta tilga olib Haq taolodan shafiqona marhamatini ayamaslikni so‘radi.
Kuyovining qaytgani va Samarqandga ko‘chib ketajagini eshitgan Sherbek zargar Andijondan yetib keldi. Qamariddin ularni shoshirmas, unga sari Shamsibek xijolat chekardi. Nihoyat, juma namozidan so‘ng bir jonliq so‘yib, xayri-xudoyi qilishni, shanba bomdoddan so‘ng, ya’ni tuproq uyg‘onmay yo‘lga chiqishni rejalashdi.
Erkaklar tunda bir oz mizg‘ib olishdi. Ayollar ichkarida ivirsib yurib, tinim bilishmadi. Ularning tun bo‘yi qilgan mehnatlari tongda dasturxonda ko‘rindi. Nonushtadan keyin yana bir karra qur’on tilovat qilingach, qo‘zg‘alishdi. Shamsibek ichkari hovliga kirdi. Ayollar uning yelkasiga qo‘llarining uchini tekkizib, yuzlariga fotiha tortishdi. Piqillab yig‘lashdi. Eng oxiri Shamsibekning volidasi keldi. Titroq qo‘li bilan o‘g‘liga tandirda qizarib pishgan non uzatdi:
— Tishlab keting, bolam, nasibangiz... shu yerda qolyapti, ilohi eson-omon bag‘rimga qaytib keling...
Shamsibek nonni tishlayotganida ko‘ziga yosh keldi. Lablari titradi. Luqmani yutolmay qoldi. Bir tishlam non go‘yo tosh kabi tomog‘ida turib qolganday bo‘ldi. Lekin darhol o‘zini bosib, xayolini joyiga yig‘di-da, xayr-xo‘shlashib, kutib turgan erkaklar qatoriga chiqdi. Ismoilbek, o‘g‘li chiqqach, tesha bilan ostonani sal cho‘qiladi-da, bir siqim tuproq olib xaltachaga soldi.
— Yuragingizga madad bo‘ladi. Tumoringizni yo‘qotsangiz ham, bundan ajralmang, — deb Shamsibekka uzatdi.
Shamsibek uni ko‘ziga surtib chap tarafdagi ich cho‘ntagiga soldi.
Ikki arava va ikki otliq qishloqni ma’yus tashlab chiqib ketdi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:08

* * *

Sherbek zargar viloyat podshohining xizmatiga o‘tgan ekan. Shu bois, Andijon ahli orasida birmuncha e’tibor topibdi. To saroyga borilguncha bir qancha odam ularga egilib salom berdi. Shamsibek qaynatasining e’tiborini shundan bildi.
Viloyat podshohiga mirzo Ulug‘bek nomasini topshirishgach, Qamariddin polvonlar kurashini ko‘rmoqni ixtiyor qilib, Marg‘ilonga tushib ketdi. U shahriyorning istagi bilan purdil yigitlarni Samarqandga olib ketishi lozim edi.
Shamsibek esa madrasa tomon yo‘l oldi. U Shirmonbuloqda ekanligida otasi Andijonga xabar qilib, kenjasini chaqirtirmoqchi bo‘lganida «tahsilidan uzilmasin, qaytishda ko‘rishamiz», deb unamagandi. Shamsibek bir qavatli pastak madrasaning darvozasidan ichkari kirib, turib qoldi. Sahnda hech kim yo‘q. Biror ovoz ham eshitilmaydi. U bir fursat taraddudlandi-da, ukasining hujrasi tomon yurdi. Hujra ham bo‘sh edi. Nima qilarini bilmay turganda hovlida choynak-piyola ko‘targan yigit ko‘rindi. U hujra oldida turgan Shamsibekka yaqinlashib salom berdi.
— Agar xotirim faromush bo‘lmasa, siz mullo Xurshidbekning akalarisiz?
— Ha, shunday. Xurshidbekni yo‘qlab kelib edim. Hujralarida yo‘qlar.
— Ular bu on do‘stlari bilan bahs qurganlar. Yuring, men uzatib qo‘yay.
Yigit shunday deb Shamsibekni qarshidagi hujralardan biriga boshladi. Mullavachchalar mehmonni ko‘rib, darhol o‘rinlaridan turishga chog‘landilar. Shamsibek ukasi bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Boshqalar bilan ham alohida-alohida so‘rashgach, unga to‘rdan joy berdilar. Yuzga fotiha tortildi. Shamsibek o‘tirganlar bilan ukasini avval yo‘qlab kelganda tanishgan, suhbat qurgan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:17

— Men kirib suhbatlaringizga xalal berdim shekilli? — dedi u davraning jimib qolganini ko‘rib.
— Asti unday emas, — dedi mullavachchalardan biri.— Biz shunchaki bahsga berilgan ekanmiz.
— Bahslari sir bo‘lmasa, davom etsa, men xijolatlikdan qutular edim.
— Sir emas. Undan voqif bo‘lishingiz biz uchun ayni muddao.
Shamsibekka sopol piyolada choy uzatdilar.
— Mulla Samad, siz fikr aytmoqni ixtiyor qilib edingizmi? — dedi choy uzatayotgan yigit. Aftidan u hujra egasi, davraboshi edi.
— Men mulla To‘rabekning «Dunyo g‘am-alam bilan boshlanib, g‘am-alam bilan o‘tur va tugashi ham shudur», degan fikrlarini quvvatlash niyatida edim. Bu haqiqatga yaqin hikmat.
— G‘alat! G‘alat! Unday emas. — Eshikka yaqin o‘tirgan yigit do‘rillagan ovozi bilan uning gapini uzdi.— Dunyo mo‘’jiza bilan boshlanib, tugashi ham bir mo‘’jiza bilan bo‘lur. Shunday emasmi, taqsir?
Shamsibek piyolani dasturxonga qo‘yib, o‘ylanib qoldi. Keyin savol bergan yigitga qaradi.
— Siz haqsiz, mulla. Olloh taoloning yetuk hikmat va to‘liq qudrati bilan Odam alayhissalomni yaratgani ham, uning farzandlaridan ba’zilarini rasul qilib, haq yo‘lga da’vat etsinlar uchun xalq orasiga yuborgani ham bir mo‘’jiza. Bu osmon bir tarzda aylanavermaydi. Bandaga goh shodlik, goh g‘am beradi. Dunyodan g‘am-alam bilan o‘tish har kimsaning o‘zigagina bog‘liq. Muhammad alayhissalom aytibdilar: «Olloh marhamatini ayamay senga yaxshilik qilgan ekan, sen ham kishilarga yaxshilik qil». Alalxusus, hamonki dunyoda biron kishi boqiy qolmas ekan, undan faqat yaxshilik yodgor bo‘lgani durust. Yaxshilik mavjud ekan, g‘am-alam unut bo‘lur.
— Ko‘p ma’qul gap aytdingiz, taqsir, — dedi hujra egasi, — hojatmandlarga insof va adolat eshiklari ochiq bo‘lsa, g‘am-alamdan xolis bo‘lg‘aymiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:28

— Ammo «Baxtiyorlik ichra sen baxtsizlikka uchrashdan qo‘rqqin», deyilmish hikmatni unutmoqligimiz butkul nojo‘ya, — dedi To‘rabek ismli mullavachcha.
Shamsibek kulimsirab qo‘ydi. Keyin hujra egasiga qarab dedi:
— Mulla, meni bahsdan ogoh qilib, bag‘oyat xursand etdingiz. Men akbod payvandim1ning shunday subhi sodiqdek pok do‘stlari borligidan behad mamnunman. Endi, ma’zur ko‘rasiz. Xurshidbek bilan majlisni tark etsak, Xudo xohlasa, bunday suhbatlarda yana ko‘p bo‘lamiz.
Barchalari hurmat yuzasidan turib, ularni kuzatib qo‘ydilar. Aka-uka quyoshning tig‘ida ko‘chada yurmaslik uchun hujraga kirishdi. Xurshidbek akasidan sakkiz yosh kichik. Ular orasidagi uch farzand turmagan edi. Uch farzand dog‘idan so‘ng dunyoga kelgani uchun Xurshidbek anchayin erka o‘sgandi. Shamsibek maktabdan so‘ng tahsilni bo‘lg‘usi qaynatasidan olgan edi. Uning mutolaaga ishtiyoqi baland edi. Ammo Xurshidbek akasining aksi bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, otasi uni madrasaga berdi.
Aka-uka o‘tgan-ketganlardan gaplashib o‘tirdilar. Shundan so‘ng Shamsibek ukasidan so‘radi:
— Ixtiyor qilsang, shahristonga olib ketay. Zukko va dono mudarrislardan saboq olsang, nur — alannur1 bo‘lurmikin?
— Hojat bormikin? Ilmga chanqoqligim siznikicha bo‘lganida boshqa gap edi. Men siz kabi o‘zimni ilmga baxshida qilolmayman. Shunga majbur bo‘lgan taqdirimda ham biror ma’no chiqishiga ko‘zim yetmaydi.
— U holda madrasada tahsil ko‘rishingdan qanday naf bor?
— Bu dadamning istaklari. Farzand erki volidning qo‘lida ekan, men bu istakni bajo keltirishga majburman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:41

Sherbek zargar Xurshidbekni, albatta olib keling, deb tayinlab, dasturxon tuzab turajagini aytgan edi. Issiqning kuchi kesilgach, aka-uka yo‘lga tushdilar.
Zargarning dasturxoni atrofida Andijonga kelib turg‘un bo‘lib qolgan yana uch buloqboshilik bor edi. Aka-uka ularni yaxshi tanishmas edi, shu bois suhbatlariga ko‘p aralashmadilar. Xurshidbek mehmonlarning xizmatida bo‘ldi. Palov suzib kelinib, endi bir-ikki osham olinganida eshik taqilladi. Bir ozdan keyin zargar oq kigiz qalpoqni bostirib kiygan bir kishini boshlab keldi. Bu Abdulvahobning otasi edi. Shamsibek qorachiroqning yorug‘ida uni darrov taniy olmadi.
— Tog‘dagi chorva bilan ovora edim. Qaytsam, Shamsibek o‘g‘lim kelib ketibdilar. Kishining yuzi issiq bo‘lar ekan, istab topib keldim. Ammo, usta, shaharning kishi bilmas ko‘chasidan eshik olgan ekansiz. Oqshomdan beri izlab madorim qurib ketdi. — Boybuva joylashib, gaplarini aytib bo‘lguncha Xurshidbek obdastada suv keltirib, Boybuvaning qo‘liga quydi. Boybuva oshga qo‘l uzatar mahali o‘g‘lidan gap ochdi:
— Abdulvahobni ko‘rgandirsiz?
— Ko‘rdim, duo dedi.
— O‘zi durustmi? Madrasadami yo...
Shamsibek ovqat ustida bunday gapning qo‘zg‘alishini istamagani uchun uning so‘zini bo‘ldi:
— Qani, boybuva oshga qarang.
Zargar kuyovining so‘zini quvvatladi:
— Avval taom, ba’d az kalom. Osh mahtal bo‘lib qolmasin. Olsinlar. Kecha uzun, bafurja gaplashaverasizlar.
Shundan so‘ng «oling-oling»dan bo‘lak so‘z aytilmadi. Dasturxondan tovoq olinib, fotiha o‘qilgach, qo‘lga suv berildi. Shamsibek choy quyib uzatdi. Boybuva yana o‘g‘lini tilga oldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:50

— U hozir shahar poyidagi xonaqohdan panoh topgan, — dedi Shamsibek bosiq ovozda. Boybuva gangib qoldi. U bu gaplarni avval ham odamlardan eshitgan, lekin ishonmay, hech kimga so‘z bermay kelayotgan edi. Haqiqatning notanish odamlar orasida ochilishi uning miyasiga chaqinday urildi.
— Nega? Xonaqohda nima bor ekan unga? Madrasa-chi?
— Ilmdan yuz o‘giribdi.
— Sabab?
— Sababi yolg‘iz Haq-taolloga ma’lum.
— Uyga qaytishni ham ixtiyor qilmadimi?
— Yo‘q.
— Mudarrislar nima deyishdi?
— Boybuva, men bu yog‘ini surishtirmadim.
— U qaysi iblisning vasvasasiga uchgan...
Suhbatga mehmonlarning biri aralashdi:
— Taqsir, muncha kuyunadilar, qalandarlik gunoh ish emas-ku?
Boybuva so‘z qotgan kishiga jahl bilan qaradi:
— Mening o‘g‘lim ahli donish davrasiga loyiq yigit.
Boybuva shunday deb fotihaga qo‘l ochdi. Mezbonning iltimoslariga qaramay, «shu tongdayoq Samarqandga otlanaman, borib uni to‘g‘ri yo‘lga solaman», deb sovuqqina xayrlashganicha chiqib ketdi.
Qamariddin juma bozorining indiniga tanlagan purdil yigitlari bilan qaytdi.
Hafta o‘tmay besh arava bilan o‘n to‘rt otliq Samarqand sari yo‘l oldi. Sherbek zargar bilan Xurshidbek ularni ancha yergacha kuzatib chiqdilar. Sherbek zargar «Siz tuz haqini bajardingiz, ilohi falakning aylanishi siz istagancha bo‘lg‘ay», deb duo qilib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:39:56

Bu kichik karvonga yana G‘animurod bilan uning oilasi qo‘shilishi lozim edi. Kunduzi yo‘l yurish ayollarni xiyla qiynab qo‘ydi. Hamisha oftobning tig‘ida bo‘lish otliqlarni ham lohas qildi. Shu sababli oqshom tushmay rabotga qo‘nishdi. Ayollar taom tayyorlaguncha G‘animurodni xabarlaylik, deb Shamsibek bilan Qamariddin qishloqqa ketishdi.
G‘animurod qo‘ngan qo‘rg‘on huvillab qolganday edi. Tashqari hovlida hech kim ko‘rinmasdi. Qamariddin eshikni ikkinchi karra taqillatganida ichkaridan mo‘ysafidning «Hozir!» degan ovozi eshitildi. Lekin hadeganda chiqavermadi.
Bir mahal ichkaridan yengil sharpa eshitildi. Eshik ochildi. Qamariddin hayratda qoldi: G‘animurodning zavjasi yengil ko‘ylakda, sochlari yoyiq holda ko‘zlarini chaqchaytirib turardi. Qamariddin ayoldan ko‘zini olib qochdi. Ayol birdan qichqirib yubordi. So‘ng yig‘lamsirab orqaga tisarildi. Keyin yana bir qichqirib, otilgancha ko‘chaga chiqdi-da, yugurib ketdi. Shamsibek ham, Qamariddin ham hech narsa tushunmay bir-birlariga qarab qolishdi.Dam o‘tmay ayol ketgan tomondan uning qah-qah urib kulgan ovozi keldi. Shundan so‘ng Shamsibek «ayollar bo‘lmasin», degan xijolat bilan hovliga kirdi. Ichkariga olib boruvchi eshik og‘zida hassaga suyangan mo‘ysafidni ko‘rib yugurib bordi-da, qo‘ltig‘iga kirdi. Supaga o‘tirishdi. Fotihadan so‘ng mo‘ysafid bo‘ynini xam qildi.
— Tinchlikmi? — dedi Shamsibek.
Mo‘ysafid bosh qimirlatdi.
— Yuragim sezgan edi, — dedi Qamariddin. — Nojinslar bir ish qilishgan ko‘rinadi.
— Ha, — dedi mo‘ysafid. — Aslida sizlar bilan ketaverishsa bo‘larkan. Men bu odamlarda imon bordir, ular ham musulmon bandalar-ku, deb o‘ylabman. Afsus... Ahmadboyvachcha yigitlari bilan kelib sho‘rimizni quritdi. G‘animurodni Xudo bir asradi. Lekin hali ham hushini yig‘ib ololmayapti. Issig‘i baland, alahsiraydi. To‘polonda oyog‘im lat yeganga o‘xshaydi, shuning uchun darrov chiqolmadim, aybsitmaysizlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:04

— Arzga bormadinglarmi? — deb so‘radi Qamariddin.
— Kimga? Azozil1 qachon odamga rahm qilib edi?
— Qani, pochangizni himaring-chi. — Shamsibek shishib qolgan oyoqning bo‘g‘inlarini ushlab ko‘rdi. To‘piqni va to‘piqdan bir qarich yuqori suyakni ushlaganida mo‘ysafid ingradi.
— Etik bilan tepishganga o‘xshaydi?
— Bilolmadim, taqsir, kelinning ostonasiga yiqilganimni bilaman.
— A? Kelinning ostonasiga, dedingizmi? U yerga ham kirishdimi?
Mo‘ysafid jim qoldi. Keyin titroq ovozda dedi:
— ...Kelinning ahvolini ko‘rdingizlar. O‘sha kundan beri shunday: tuz totmaydi, telba bo‘lib qolgan.
— Astag‘firulloh! Bundan bo‘lak shahkorlik2 ham bo‘ladimi? O‘zganing sha’riy zavjasini majburlamoq nima bilan jazolanadi?
— Xudo xohlasa, Tangrining g‘azabiga uchraydilar,— dedi mo‘ysafid og‘riqdan ingrab. Lekin Qamariddin bu savolni Shamsibekka bergan, undan javob kutardi.
— Toshbo‘ron qilinmoqlari darkor, — dedi Shamsibek.
Qamariddin tushundim, deganday o‘rnidan turdi.
— Rabotdagilarni olib qaytaman. Kelganimizni hech kim bilmay tursin.
Qamariddin ketgach, Shamsibek yana mo‘ysafidning qo‘ltig‘iga kirdi. Uy egasi ovoz berib, begona erkakning kirayotganidan xotinlarni ogoh qilgach, ichkariga qadam qo‘ydilar. Shamsibekning gapi bilan mo‘ysafid kampiriga ot yog‘i va qo‘y po‘stagini olib kelishni buyurdi. Keyin G‘animurod yotgan xonaga kirishdi. G‘animurod chalqancha tushib yotar, ko‘zi ma’nosiz boqardi. Shamsibek avval uning tomirini ushladi. Mijjasini qaytarib ko‘rdi. So‘ng boshini ehtiyotlik bilan paypasladi. G‘animurod ingradi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:11

— Boshiga nima bilandir qattiq urishibdi, — dedi Shamsibek. Keyin G‘animurodni muk tushirib yotqizib, suyaklarni ushlab ko‘ra boshladi. Belga kelganda qo‘lini ikki-uch bor yurg‘izdi.
— Beli lat yebdimi? — dedi mo‘ysafid xavotir bilan.
— Ha, bir oz, — dedi Shamsibek, lekin belining singanini aytmadi. Bu orada kampir yog‘ bilan po‘stakni ostonaga qo‘yib ketdi. Shamsibek mo‘ysafidni yotqizib, oyog‘ini obdan siladi-da, taxtakachlab, po‘stakka o‘rab qo‘ydi.
— Endi kamroq yura turing. Peshinda oftobga solib, kun tig‘ga kelganda ko‘chaning qizigan tuprog‘iga botirib o‘tirasiz. Shu tuproq butun zahrni tortib, suyakni qizitib, oyog‘ingizni yigitlarnikiday qilib qo‘yadi, — dedi Shamsibek hazil bilan. — Yozda, ayb bo‘ladi demay, yalang oyoq yuravering. Bod degan narsa yaqinlashmaydi.
— Ilohi kam bo‘lmang, taqsir. Ustozingiz baraka topsin. G‘anijonga ham dori-darmon qilasizmi?
— Ha, albatta, G‘anijon muolajaga muhtoj. — Shamsibek tashqi hovliga chiqib supaga o‘tirdi. Ko‘z oldiga to‘y kechasi, gulxan, yor-yor aytib xursandchilik qilgan yag‘rindor yigitlar keldi. Nikoh paytida G‘animurodning ikkinchi so‘roqdayoq «roziman», deb yuborganini eslab, kulimsiradi. Anchagacha ko‘chaga ko‘z tikdi. Nihoyat, arava ko‘ringach, o‘rnidan turib peshvoz chiqdi. Ayollarning bari aravada, Qamariddin bilan yana ikki otliq orqaroqda kelardi. Bo‘lak yigitlar qishloq poyida qolishibdi.
Qamariddin shu paytgacha xurjunida saqlagan sipohlar kiyimini egniga ilgan, shahriyor sovg‘asi bo‘lmish kumush kamarni bog‘lab, qilich osgan edi. Ko‘rinishdan go‘yo jangga shaylangandi. Shamsibek ayollarni ichkariga uzatgach, nikohda vakil ota bo‘lgan qo‘shnini chaqirtirdi. Qo‘shni G‘animurodning qishloqdagi do‘stlarini xabarlashga ketdi.
Shamsibek yigitlarni G‘animurod yotgan uyga boshladi.

Qayd etilgan