Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68129 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:18

— Polvonning jarohati og‘irmi? — dedi Qamariddin uyga kirayotib.
— Xastalikka bunday tashxis1 qo‘ygan hakimlar muolajani benaf deb kelganlar. Jarohatning oldi olinmagan. Vaqtida muolaja boshlanganida balki...
— Tabobat ojizlik qiladimi?
— Mushkul ish. Zaif odam allaqachon omonatini topshirgan bo‘lardi. Hozircha umidni sindirmaylik. Xudo xohlasa, tuzalib ketar, — Shamsibek shunday deb yenglarini shimardi.
Uning so‘zi bilan ikki yigit polvonning oyoqlarini, Qamariddin esa yelkasini bosib turdi. Shamsibek G‘animurodning kuragidan boshlab, umurtqa bo‘ylab asta silab tushdi-da, belga kelganda harakatni sekinlatdi. Nihoyatda ehtiyotkorlik bilan silay turib, bir zo‘r berdi. «Qirs» etgan tovush eshitildi. Polvon qattiq baqirib yubordi-yu, darrov tinchidi. Peshanasidan sovuq ter chiqdi.
Shamsibek muolajani tugatgunga qadar qishloq yigitlari yig‘ilishdi. Ularga qishloq poyida qolgan polvonlar ham qo‘shilgach, Ahmadboyvachchaning qo‘rg‘oni tomon yurdilar.
Qo‘rg‘on atrofida o‘n chog‘li yigitni qoldirib, darvozani qoqishdi. Darvozani ochgan xizmatchi otliq sipoh va toza to‘n kiygan yigitlarni ko‘rib, tezda orqasiga qaytdi-da, boyvachchani chaqirdi. Ahmadboyvachcha mash’ala yorug‘ida Qamariddin bilan Shamsibekni darrov tanidi. Shahriyorning muhri bosilgan yorliq bilan yuruvchi bu zotlarni ko‘rib, yuragi bir narsani sezdi.Orqaga chekinishni xayol qildi-yu, lekin sir boy bermay, ta’zim bilan ichkariga taklif qildi. Darhol shiyponga joy to‘shaldi. Qo‘y so‘yishga farmon berildi.
— Hojati yo‘q, — dedi Qamariddin hovli o‘rtasida turib farmoyishlar berayotgan boyvachchaga. — Bizning fursatimiz kam. Qani, mundaroq keling. So‘raydurgan gapimiz bor.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:25

— Bosh ustiga, taqsir.
— G‘anipolvonnikiga kimlar bilan bordingiz?
— Qachon, taqsir?
— Tulkilik qilmang-da, nomlarini ayting.
Ahmadboyvachcha uning qahrli qarashidan cho‘chib, ozgina taraddudlandiyu keyin bir qancha odamning ismini aytdi. Bu orada tashqarida qolgan yigitlar ikki kishini shiypon oldiga keltirishdi.
— Muslimxo‘janing qizi sizga rizoliksiz nikohlangan ekan. Boz ustiga qochib ketganini eshitiboq uni taloq qilib edingizmi? — dedi Shamsibek, rangi quv o‘chgan boyvachchaga.
— Ha, taqsir, shunday bo‘lib edi.
— Demak, siz u kishi uchun nomahramsiz, shundaymi? Nomahram bo‘la turib mankuha1ga teginish qaysi jazoga loyiq?
Boyvachcha birdan tutqanog‘i tutganday uv tortib, Shamsibekning oyog‘iga yiqildi.
— Menda ayb yo‘q, taqsir. Mening faqat polvonda o‘chim bor edi.
— Bo‘lmasa kimlar?
Boyvachcha yana haligi ismlarni qaytardi. Qamariddinning farmoni bilan yigitlar boyvachcha tilga olgan odamlarni olib kelgani ketishdi. Qo‘shni chol esa qozining uyi sari yo‘l oldi.
Tun yarimlaganida gunohkorlar ham, qozi ham va aytilmagan ulamolar ham to‘planishdi. Qamariddinning savlati ularni sarosimaga soldi.
— Taqsir, avval bir so‘rog‘imga dini islom nomidan javob bergaysiz, — dedi Qamariddin qoziga yuzlanib, — mankuhaning nomusini bulg‘agan kimsa qanday jazoga loyiq?
— Bunday do‘zaxilarning jazosi bir — o‘lim. Rasulillohning sunnatlariga ko‘ra toshbo‘ron qilinmoqlari shart.
— Durust, taqsir, u holda nechun bu fasod do‘zaxilar hamon hayot?
— So‘zingizni anglamadim, taqsir.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:32

— Bularni ko‘ryapsizmi? G‘anipolvonni jarohatlab, ustiga-ustak nomaqbul ishga qo‘l urganlarini nahot bilmasangiz? Agar bu voqea shahristonda bo‘lib, siz xabarsiz qolsangiz ajablanmas edim.
— O‘limdan xabarim bor, ammo bu gaplardan xabarim yo‘q, — dedi qozi.
— Bo‘lmasa, mana endi xabar topdingiz. Bular ayblariga iqrorlar. Siz fatvo bering, hukm chiqaring.
— Shu tobdami?
— Ha, shu tobda.
— Men fatvo berolmayman, taqsir.
— Nechun?
— Bunday fatvoga muhtasibning rizoligini olmog‘im darkor.
— G‘anipolvonga hukm chiqarganingizda ham muhtasib rizoligini olib edingizmi?
Javob bo‘lmadi.
— Fuqaroni uyg‘oting. Mash’alalar yoqilsin. Muxtiy1larni shahriyor nomi bilan qatl qilg‘aymiz. Zavjaga teginganlar toshbo‘ron qilinsin, begunoh bandaga azob berganlar yuz darra, muxtiylarning jaroyimini yashirgan bu ulamolarga yigirma besh darra...
Qozining ko‘zi o‘ynab ketdi.
— Huquqingiz yo‘q! — dedi u.
— Shahriyorim «nohaqlik sodir bo‘lgan yerda haq o‘rnatish lozimligini» butkul lashkarlariyu ulamolariga uqtirganlar. «Qozilar qo‘li shariat hukmlari ijrosida baquvvat bo‘lmoqligi darkor», degan amri oliyga shak keltirganingiz uchun siz ellik darraga loyiqsiz!
Qozining lablari pirpiradiyu bir oz gapirolmadi. So‘ng:
— Musulmonlar, bu osiylar sulton Ulug‘bek nomi bilan dini islomni poymol qilib, azizlarga til tekkizmoqdalar! Qarab turmang, musulmonlar, Xudoning g‘azabidan qo‘rqinglar! — deb baqirdi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:39

— Bog‘lang! — dedi Qamariddin bu gaplarga e’tibor qilmay. Yigitlar darhol buyruqni bajo keltirishdi. Qozi jazavani ancha ilgari boshlagan edi. Uning qutqusiga uchuvchilar hali uyg‘onishmagandi. Dam o‘tmay nog‘ora ovozi yangrab, qishloq uyg‘ondi. Barchani yana o‘sha maydonga to‘plashdi.
— O‘rtaga gulxan yoqing, — dedi Shamsibek.
— Nechun? — dedi Qamariddin. — Bu to‘y emas-ku?
— To‘y bo‘lmasa ham to‘yga yetgulik. Qishloq nojinslardan tozalanyapti.
Shamsibek aytganday bo‘ldi. Gulxan yoqildi. Avval darraga hukm qilinganlar nasibasini oldi. Keyin o‘limga hukm qilinganlar bellariga qadar ko‘mildilar. Oraga birdan sukunat cho‘kdi. Shu dam to‘pdan o‘rta yosh bir kishi ajralib chiqib, qo‘liga tosh oldi. Ahmadboyvachcha jon achchig‘ida o‘kirdi. Olomonning tinchligi buzildi...
Hukm ijro bo‘lgach, toshni birinchi bo‘lib otgan kimsa Qamariddinga yaqinlashib, tiz cho‘kdi.
— Taqsir, men Muslimxo‘jaman. Meni ham ola keting.
— Kasbingiz nima?
— Naqqoshman, duradgorman, taqsir.
Qamariddin Shamsibekka qaradi.
— Sizni olib ketish bizga-ku og‘ir botmaydi. Lekin qizingiz..
— Bo‘lmasa nima qilay? Bosh ko‘tarib yurolmayman.
— Mulohaza qilib ko‘raylik-chi. Balki Andijondan panoh toparsiz.
Tong yorishib, odamlar tarqalishdi. Shamsibeklar ham G‘animurodning uyiga qaytishdi.
Kampir supaga joy qilib, choy-non qo‘ydi. Hech kim dasturxonga qaramadi. Bir ho‘plamdan choy ichishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:47

— G‘animurodni nima qilamiz? — dedi Qamariddin.
— Olib ketish lozim. Yo‘qsa, nobud bo‘ladi. Bu yerda muolaja qila oluvchi tabib yo‘qdir.
— Zavjasini-chi?
— Tun bo‘yi shu mushtiparni o‘yladim. Biron nima demoqqa fikrim ojiz. Otasi Andijonga borsa, balki olib ketar. Uzoqdan ko‘ra o‘sha yer ma’qul. Unda ham zukko hakimlar bor.
— Buni Muslimxo‘jaga aytib ko‘rish kerak.
Oqshom tushgunga qadar shu hovlida dam olishdi. Muslimxo‘ja ham Andijon safariga otlanib, qizini izlardi. Qiz yerda ham, ko‘kda ham yo‘q edi. Odamlar «kechasi qichqirib yurgan edi-ku»? deb yelka qisishar, chor atrofga yuborilganlar ham quruq qaytishardi. Faqat shomga yaqin guzarda shovqin ko‘tarildi:
— Mo‘slimxo‘janing qizi topildi!
—O‘zini hovuzga tashlagan ekan!
— Shishib ketibdi, bechora!
Shamsibek bilan Qamariddin to guzarga yetguncha shu xildagi gaplarni eshitib borishdi.
Juvon shundaygina hovuz labida yotar, to‘zg‘igan sochlari yuzini to‘sgan, onasi uning ko‘ksiga bosh qo‘yib dod solardi...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:40:59

RAD QILINGAN ILTIMOS

Shu yerga kelganda Jahongir asablarini boshqarolmay qolgan. Aftidan, ko‘z oldida gavdalangan begunoh, munis juvon jasadining, faryod chekayotgan onaning qiyofasi unga qattiq ta’sir qilgan edi.
Jahongir daftardagi so‘nggi jumlaga nuqta qo‘yib, boshini ushlaganicha o‘tirib qoldi. Dastlab eshikning taqillashiga ahamiyat bermadi. Keyin o‘g‘lining ovozini eshitib daftarini bekitdi-da, eshikni ochdi.
— Dada, axir ishlashingiz mumkinmas-ku, — dedi Jamshid yalinchoq bir ohangda.
— To‘g‘ri... men ishlaganim yo‘q. Faqat... uyqu qochdi.
— Soat besh bo‘ldi. Siz hali mijja qoqqaningiz yo‘q.
— Na iloj? Bugun dam olish uyiga ketsam... O‘sha yerda to‘yib uxlayman. Toza havo... Maroqli sayrlar...
— U yoqqa bir shart bilan borasiz.
— Qanday shart?
— Kitob tugul bir varaq qog‘oz ham olmaysiz.
— Shuning o‘zimi? Yaxshi. Lekin menda ham bir shart bor: meni yo‘qlamaysan.
— Buni o‘ylab ko‘raman.
— Ana shu-da! Biror yering sal og‘ridimi, davolovchi emas, buyruq beruvchilar bilan aql o‘rgatuvchilar ko‘payib qoladi! Menga qara, shu ondan boshlab men haqimda o‘ylashni yig‘ishtir. Ilmiy ishingni o‘yla. Ishing bir yoqlik bo‘lmaguncha sen bilan gaplashishni ham istamayman.
— Axir, dada...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:41:13

— Gap tamom. Hoziroq xonangga chiq. Kechasi uxlamay meni poylagan bo‘lsang, damingni ol.
— Hech bo‘lmasa kuzatib qo‘yay.
— Yosh bola emasman, yo‘limni topib keta olaman.

«19... yil, 14 iyun, O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 11.00. Tajribaning beshinchi bosqichi boshlandi. Meditsina komissiyasi professorning sog‘lig‘ini tekshirib, tajribani davom ettirishga ruxsat berdi. Endi komissiyaning ruxsati bilan tajriba haftada bir marta o‘tkaziladi. Institutning tog‘ etagidagi oromgohidan professor uchun maxsus xona ajratildi. U tajribadan so‘ng uyga bormay, shu yerda dam oladi. Meditsina komissiyasi tajribaga aloqasi yo‘q kishilar bilan muomalada bo‘lishni qat’iy man qildi.
Soat 19.20. Tajribaning beshinchi bosqichi yakunlandi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Elallomalar uzluksiz, reja asosida ishladi. Tajriba davomida hech qanday hodisa yuz bermadi. Tajribaning navbatdagi bosqichi 21 iyunga belgilandi. Professorning tajribalar orasini qisqartirish haqidagi iltimosi rad etildi...»
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:41:33

«DAVLAT ASOSIDEK POYDOR BINO»
(Kundalikning beshinchi sahifasi)

Dafn marosimiga butun qishloq ahli keldi. Tobut qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Qabr ustiga choyshab yoyilib, murda lahadga qo‘yilayotganida Muslimxo‘ja hushidan ketdi. Yolg‘iz qizining qabriga bir siqim tuproq tashlashga majoli bo‘lmadi. Tuproq tortilib, qur’on tilovat qilinib bo‘linganida ham u nest bo‘lib o‘tirardi. Uni suyab turg‘izib, uyiga boshladilar.
Shamsibekni ham, Qamariddinni ham polvonning taqdiri tashvishga solardi. Ular endi Muslimxo‘janing ketish-ketmasligini bilolmay qolgandilar. Ertasiga Muslimxo‘jaga bu haqda so‘z ochganlarida, u «Yolg‘izimni qanday tashlab ketaman, hech bo‘lmasa qabrida tanho qolmasin», dedi. Shundan so‘ng, ular oqshomda G‘anipolvonni olib yo‘lga chiqish qaroriga keldilar.
Ikki kun yo‘l yurishgach, katta karvonga qo‘shildilar. Hafta o‘tmay Samarqandga yetib bordilar. Hammalari karvonsaroyga qo‘nishdi. Ertasi bomdoddan so‘ng Shamsibek Qamariddin bilan Ko‘hak sari yurdi. Ko‘chalarda odam siyrak, shuning uchun ular otlarini yo‘rttirib borardilar. Kumush kamarli sipohni ko‘rganlar darrov chetga chiqib, qulluq qilishardi. Bibixonim masjidi tomon burilishganlarida Shamsibekning oti bexos bir kimsani turtib yubordi. Shamsibek orqasiga qarab, garangsib turgan Abdulvahobni ko‘rdi-da, jilovni tortdi. Uning to‘xtashga chog‘langanini ko‘rgan Qamariddin:
— To‘xtamang, yuravering, — dedi. Shamsibek jilovni bo‘sh qo‘yib, yana orqaga qaradi. Abdulvahob uni tanib qolgan edi shekilli, hamon ko‘cha o‘rtasida u tomon qarab turar edi.
Ular Chinniy qasrga kirishganida saroy ahli taxt mulozamatini bajo keltirmoqqa shaylanib turardi. Jarchi chiqib onhazrat o‘z huzurlariga Qamariddin bilan Shamsibekni chorlayotganlarini aytgach, ular- ning aksari soqolini siypab, «astag‘firulloh!» deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:41:41

Ular ichkari kirishdi. Taxt va uning atrofi bo‘sh. Ulug‘bek pastdagi kichik favvora yonida besh chog‘li odamlar orasida turib so‘z aytayotgan, davraning yoshi bo‘lmish navisanda esa supaga omonat o‘tirgan edi. Aftidan davlatpanoh vazifasini o‘tashga kirishmagan edi. (Uning zar to‘nsiz yurishi ham shundan dalolat edi.) U qulluq qilgan Qamariddin bilan Shamsibekka bosh irg‘adiyu yana navisandaga o‘girildi.
— Shahriyorning qobiliyatli shogirdlari, Aflotuni zamon1ning nabiralari Miram Chalabiy o‘sha yigit bo‘ladi, — dedi Qamariddin shivirlab. Shamsibek gapga og‘iz juftlagan edi, Chalabiyning so‘zlari xayolini tortdi:
— Kurrai arzning Shams2 atrofida aylanajagini aytaman, deb edingiz. Bu hodisani qanday tafsir etmoq kerak?
— Kurrai arz Shams atrofida aylanadir, deb tafsir etsak, go‘rimizga yana g‘isht qalasharmikin? — Ulug‘bek shunday deb kuldi. Uning kimlarni nazarda tutganini anglab, boshqalar ham jilmayishdi. Ulug‘bek bir necha nafas o‘ylanib, Chalabiyga yuzlandi. — Munday tafsir etsak, u aqli noqislar tushunib yetishmas, ilm ahli anglar. Alqissa shunday deb yoz: «Parvardigori olam yaratgan kurrai arz murakkab harakatlar uchun tayanch bo‘lgulik qulay nuqta bo‘lolmasa ham, ahli ilm to hozirgacha dunyoning markazini shu deb bilurlar...» Bularni xattotlarga elt. Oqshomga qadar oqqa ko‘chirishsin.
Ulug‘bek atrofdagilarning ta’zimiga javob bergach, Shamsibek va Qamariddin tomon yurdi.
— Qaytganlaringni shomda eshitib edim. Bugun dam olib, huzurimga erta kelarsizlar, degan o‘yda edim. Safar bexatar o‘tdimi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:41:51

— Xudoga shukr. Panohingizda eson-omon borib qaytdik. Farg‘ona ayolotining purdil yigitlari navkarlikni ixtiyor qilib keldilar. Karvonsaroyda so‘zingizga ilhaq bo‘lib turishibdi. Ayolot podshohi sizga noma yubordilar. — Qamariddin ta’zim bilan poygirni uzatdi. Ulug‘bek uni ochib, ko‘z yugurtirdi. Keyin Shamsibekka yuzlandi:
— Podshoh padari buzrukvoring va volidai jahoningni panohiga olajagini aytibdi. Ko‘nglung xotirjam bo‘laversin.
— Qulluq, shahriyorim.
— Qamariddin, yigitlarga boshpana tayyorla. Maosh tayinla. Toki mening panohimda muhtojlik sezishmasin. Juma kuni maydonga chorlayajakmiz.
— Shahriyorim, bir purdil yigitimiz bor edi. Hozircha maydonga chiqolmaydi. Majruh bo‘lib qoldi.
— Sabab?
Shamsibek G‘animurod voqeasini aytib berdi. Ulug‘bek uning so‘zlarini diqqat bilan eshitdi.
— Bu xastalik yana qanday g‘avg‘olarni boshlar ekan? Buning shifosi bormikan? — dedi Ulug‘bek taxt tomon yurib.
— Qaysi xastalikni aytasiz? — deb so‘radi Shamsibek.
— Mutaassiblik1ni aytaman. O‘lat kabi tarqab, raiyat tinchini buzyapti.
— Bu xastalik endi avjiga chiqdi. Qaytishi xiyla mushkul.
— Haq gap... Mulla Shamsibek, sen aytganday qilib dorilshafaqa uchun yer tanlandi. Me’mor bilan bamaslahat ish boshlanglar. Viloyatlarga jarchilar ketgan, iqtidorli hakimlarni to‘playmiz. Bu yer faqat dorulshafaqa emas, bohtardin to bahovar2gacha nom chiqozg‘on dorulshifoiya bo‘lsin. Chiqimlardan qimtinma, savob ishlar uchun ganjina darig‘ tutilmaydi. Huzurimga istagan vaqtda kelishing mumkin.
Ulug‘bekning keyingi so‘zlari ular uchun qaytishga javob ham edi. Buni anglab, ta’zim bilan orqalariga yurishdi. Lekin Ulug‘bek ularni to‘xtatdi.

Qayd etilgan