— Xafa ko‘rinasizmi? — deb so‘radi Jahongir qimizni shopira turib.
— Bugun nihoyatda xunobim oshdi, uka, — dedi cho‘pon kigiz qalpog‘ini tizzasiga olib. — Bola-chaqam katta bo‘ldi, endi rohatini ko‘raman, degan vaqtingda tashvishdan qutulolmay qolarkansan.
— Bolalar xafa qildimi?
— Endi tushunmaydi-da, nima deysiz, o‘zi-ku xafa qilish niyati yo‘q, lekin o‘jar. Kenjam bultur maktabni bitirib, shaharda o‘qiyman, dedi. Havasmand bo‘lsang boraver, dedim. Bordi. Lekin o‘n besh kundan keyin ikki qo‘lini burniga tiqib qaytib keldi. Adabini yegandir desam, yana o‘qiyman, deydi. Bu daydi yurishida odam bo‘lmaydi, deb qo‘rqaman. Qo‘liga kitob olganini ko‘rmayman. Axir kitobga qayishsa, shaharda o‘qiydi-da!
— O‘g‘lingiz shu yerdami? Balki chindan ham o‘qishga ixlosi balanddir? — dedi Ahmad.
— Be, ixlos qayda? O‘rtoqlariga havas qiladi. Hali spravka olgani idoraga ketuvdi. Sizlar olim odamsizlar, bir nasihat qilib qo‘yinglar.
— Nasihat qilsak qiziq bo‘ladiyu, — dedi Jahongir kulib.
— Nega?
— Olim bo‘la turib yosh yigitchaga o‘qima, desak kulmaydimi? Sizga bir yigitcha kelib cho‘pon bo‘laman, desa yo‘ldan qaytarmassiz?
— Endi uka, bizning yo‘rig‘imiz boshqa. Qimizdan iching, hadeb shopiravermang. Gapning po‘stkallasini aytsam, o‘sha yigit jonivorlarning tilini bilmasa, toshingni ter, deyaveraman. Sizam aytovring. Na u yoqlik, na bu yoqlik bo‘lmaydigan shogirdlarni nima qilasiz? Hayron bo‘lyapsiz-a? Yo‘q, o‘g‘limni yerga urmoqchi emasman, yaxshi bola, lekin olim bo‘ladigan siyoqi yo‘q.
— Xo‘p, nasihat desangiz, qochmaymiz. Ammo bir sinab ko‘raylik. Balki olim bo‘ladigan qobiliyati bordir.
— Qani edi...