Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 67991 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:00

Hazil-mutoyiba tugagach, Jahongir o‘z xonasiga kirib yotdi. Peshinda farrosh xotin unga telegramma keltirdi. «Dadajon, men yengib chiqdim. Ishimni davom ettirishga ruxsat berildi. Akademik Javdod Nusratovni ilmiy rahbar qilib tayinlashdi. O‘g‘lingiz Jamshid».
Jahongir yengil tin oldi.

«19.. yil, 11 iyul. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 12.00. Tajribaning yettinchi bosqichi boshlandi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Fanlar akademiyasidan tajriba xulosalari haqida ma’lumot so‘rashdi. Professor hozir hech qanday ma’lumot berolmasligini aytdi.
Soat 17.40. Boshqaruv murvatlarining yuqorisidagi qizil chiroqlar birin-ketin yona boshladi. Bu tajribaning tugaganidan dalolat. Xonaga professorni tabriklagani hamma to‘plandi. Lekin u «Keyin, keyin», deb chiqib ketdi. To‘rt kundan so‘ng tajriba xulosalarining tahlili boshlanadi».

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:19

QOTILLIK
(Kundalikning so‘nggi sahifasi)

Ulug‘bekning farmonidan so‘ng Mahfuza besh-olti chog‘li qizlarni qanotiga oldi. Falakning xaridorlari ko‘payib, narxi oshib ketdi. Falak savdosi shahriyorning farmoni bilan bo‘layotgani va chiroyli gilamdan qolishmasligi sababli, kimdir davlatpanohning ko‘ziga yaxshi ko‘rinmoq, kimdir bahonada uyini bezatmoq, yana kimdir qizining sepiga qo‘shmoq uchun bir emas, bir nechtalab sotib olardi. Shahriyor xayol qilganicha falakning barcha uylardan joy olishiga imkon yo‘q edi. U ahli manoldan ortmay qoldi. Dastlab shov-shuv ko‘tarib «Bu falakning tasviri ekan», deganlari unutilib, uni oddiygina «Falak», deb ataydigan bo‘ldilar.
Falak talash bo‘lgan bozor kunlarining birida Shamsibekning yo‘lini Abdulvahob to‘sdi. Salom-aliksiz ko‘z urishtirdilar.
— Men pirimning istaklari bilan Buxoroi sharifga ketyapman, — dedi Abdulvahob.
— Siz uyingizga ketsangiz bo‘lardi.
— Bu gapni men sizga aytmoqchi edim.
— Men volidaynning rizoligi bilan kelganman.
— Volidayn rizo demoqlik, Xudo rizo degan gap emas. Shariatga shak keltirib, nojinslar etagini tutyapsiz. Zavjangiz ham insu jinslar vasvasasiga tushibdi. Bu yo‘ldan qaytmasangiz Olloh-taolo qahriga duch kelasiz. Xusuf kuni Haq-taologa yolborib, gunohingizni so‘rangu uyingizga qayting...
Abdulvahob shunday deb nari ketdi. Shamsibekning ko‘ngliga g‘ashlik tushdi. Yo‘q, u Abdulvahobning vasvasasidan cho‘chimadi. Hamqishlog‘iga achindi.
Ertadan keyin xusuf kuni — oy to‘la tutiladi. Shamsibek ustodlari qilolmagan ishni shu tun sinab ko‘rmoqchi. Abdulvahob esa toat-ibodatga undayapti. Unga tushuntirib bo‘larmidi? Darvoqe, tushuntirish shartmi?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:26

...Qosh qoraydi. Shamsibek G‘animurod bilan tashqi hovlida, Mahfuza esa ichkarida kichkintoyini o‘ynatish bilan band edi. Shamsibek dam-badam osmonga qaraydi. To‘lin oy hovli ustiga ko‘tarildi. Yengil shabada esdi. Osmonga katta nurli chegara chizgan oyning mag‘rib tomoni qizardi.
Shamsibek shunda gulxan yoqib malham tayyorlashga kirishdi. Oyning yarmi qizarganida taraq-turuq ovozlari eshitila boshlandi. Ko‘p o‘tmay, Oyning butun sathi qonga bo‘yalganday bo‘ldi. Osmon odamning vahmini keltiradigan darajada qon tusiga bo‘yaldi. Bu damga kelib azon, dod-voy, nola, Qur’on oyatlari, taraqlagan qozon-chelak ovozlari bir-biriga qorishib ketgandi. Samarqand ahli jam bo‘lib dunyoni qiyomat-qoyimdan saqlab qolish harakatiga tushgan edi. Oy xiyla vaqt tusini o‘zgartirmadi. Shovqin-suron avjiga chiqdi.
Bu davrda malhamni tayyorlagan Shamsibek G‘animurod yotgan so‘rini gulxan o‘tiga yaqinroq surib muolajani boshladi. Mahfuza eshik tirqishidan qo‘rqibgina mo‘ralar, Shamsibek uning titroq ovozda pichirlab o‘qiyotgan duolarini eshitardi.
Bir zamon ularning ko‘chalarida shovqin kuchaydi. Shamsibek to‘xtab qoldi. Qalandarlarning bor ovoz bilan baqirishlariga quloq tutdi. Ishni davom ettirishga chog‘langanida, eshigi taraqlab ochildi.
Gulxan yorug‘ida dastlab og‘zidan ko‘pik sachrayotgan Abdulvahobni ko‘rdi. Uning ketidan yana tanish bashara ko‘rindi. Shamsibek uni ham tanidi. U darvish libosini kiygan qozi edi.
Hovliga yopirilib kirgan qalandarlar jimib qoldilar. Ular bir oqarayotgan Oyga, bir gulxan yonida harakatsiz turgan Shamsibekka qarab asta bosib kela boshladilar. Ichkari uyda bolasini bag‘riga bosib o‘tirgan Mahfuza, gulxan yonida sog‘ayib ketish umidi bilan yotgan G‘animurod va hatto Shamsibek ham bu lahzada xavotirga tushgan edi. Mahfuzani qo‘rqinch, G‘animurodni ilojsizlik hissi chulg‘agan, Shamsibek esa nima qilarini bilmay qolgan edi. U gulxan atrofini o‘rab olgan qalandarlar orasidagi Abdulvahobdan ko‘z uzmay turardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:33

Hamqishloq va saboqdoshlarning biri shu onda nochor, biri esa g‘olib kishining yashirin quvonchiga ega edi. To‘qnashgan ko‘zlar bir lahzada butkul nizolarga hukm chiqardi:
— Men qo‘lingizdan shunday ish kelar, deb o‘ylamagan edim, — dedi Shamsibekning ko‘zlari.
— Men esa qulay fursatni uzoq vaqt kutdim, — dedi Abdulvahobning ko‘zlari.
— Siz hamqishlog‘ingizga azobni ravo ko‘rib, gunohga botasiz.
— Men saboqdoshimga qo‘l ko‘tarmayman. Unga Tangrining gadolari jazo beradilar.
— Johillik idrokdan ustun bo‘lmasligi lozim.
— Ammo idrok johillikka barham berolmaydi...
Bir-biriga qadalgan ko‘zlarning lahzalik bahsi qozining baqirig‘i bilan uzildi:
— Musulmonlar! Bu gumroh iblislar bilan tillashib qiyomatni chaqiryapti!
— Iblisga o‘lim!
Shamsibek, boshiga qattiq narsa urilib, gangib qoldi. Juldur kiyimlilar uni o‘rtaga olib do‘pposlay boshlashdi. Uyda o‘tirgan Mahfuza dod deb, tashqariga yugurib chiqdi. Lekin Shamsibekka yaqinlasha olmadi. Chetda turgan qalandar uning yo‘lini to‘sdi. Mahfuza uni yonlab o‘taman, deganda nimagadir qoqilib yiqildi. Boshiga qattiq narsa urilib, hushidan ketdi. Ichkaridan bolaning chinqirig‘i eshitildi.
Qalandarlar turishga intilayotgan Shamsibekni kaltaklashar, Abdulvahob bilan qozi bir chetda qarab turishar, ahyon-ahyonda nimadir deb baqirib qo‘yishardi. Shamsibek ur-sur orasida ham ulardan ko‘zini olmas, o‘sha tomonga intilar edi. Peshanasidan oqqan qon ko‘ziga tushdi. Oyog‘idan jon chiqib ketganday bo‘ldi. U g‘ira-shirada qozining so‘riga yaqinlashganini, G‘animurodni gulxanga itarib yuborganini ko‘rdi. O‘sha tomon intildi-yu, lekin a’zolari harakatga kelmadi. Dimog‘iga kuygan et isi urildi.
Ko‘z oldiga qo‘lida non tutgan volidai jahoni, ostona tuprog‘ini xaltachaga solib bergan volidi, qo‘lchasini silkitib yuguradigan do‘mboq o‘g‘li keldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:47

XOTIMA

Kundalikning so‘nggi jumlasiga nuqta qo‘ygan Jahongirning butun charchoqlari o‘z-o‘zidan tarqaganday bo‘ldi. Tashqariga chiqdi. Shiypondagi billiard stoli atrofiga to‘plangan odamlar orasidan Ahmad Zokirovni topdi.
— Qimizxo‘rlikka bormaymizmi? — dedi uni chetga tortib.
— Ammo ko‘nglimdagi gapni aytdingiz. Men hozir kiyinib chiqaman.
Oradan o‘n daqiqa o‘tmay ular safarga hozir bo‘lishdi. Oromgoh darvozasiga yaqinlashishganda Jahongirning ko‘zi tog‘avachchasiga tushib to‘xtab qoldi. Ta’bi tirriq bo‘ldi. Shu damda uni ko‘rishga sira toqati yo‘q edi. Endi nima qilish kerak? Orqasiga qaytay desa, hamrohidan istihola qiladi. Gap chuvalashadi. Undan tashqari Akbar deganlari qarindosh-urug‘ u yoqda tursin, butun shaharga istagan ig‘vosini tarqatishi mumkin. Oldinga yuraveray desa... «Ke, nima bo‘lsa bo‘ldi. Bir og‘iz so‘z aytaman, tamom! Shunga ham o‘zimni qiynab yuramanmi...» Jahongir shu qarorga kelib yo‘lida davom etdi. Darvozaga yaqinlashgach... ko‘ngli yorishdi. Mo‘ylovli kishi Akbar emas, faqat sirtdan o‘xshar ekan. Uning vujudiga qaytgan yengil ruh g‘ayratini oshirdi.
Ular ikki dovonni oshib o‘tishgach, daraxtzorlar orasida zo‘rg‘a ko‘zga chalinadigan so‘qmoq bo‘ylab o‘ng tomonga yurishdi. Shu so‘qmoq sara qimizi bilan dong taratgan cho‘pon o‘toviga olib boradi.
Cho‘qqilar ortida momiq bulutlar ko‘rindi. Tog‘ xuddi chilim chekib tutun burqsitayotganga o‘xshaydi. Uzoqdan sharsharaning ovozi kelyapti. Pastda telba daryo buralib oqyapti. Bir oz yurib, irmoq bo‘yiga chiqishdi. Suv bahaybat toshlarga bosh urgancha, maydalarining yuzini silab, katta daryoga qo‘shilish uchun oshiqadi. «Shoshsa-shoshmasa suvning yo‘li bir, — deb o‘yladi Jahongir irmoqqa qarab borar ekan.— Insonning hayoti ham shunga o‘xshaydi. Odam qancha shoshmasin, yuragiga tuggan ishlarning barchasini to‘la bitira olmaydi. Inson ham hayotda orqasiga qaytish huquqidan mahrum. Odam buni bilsa ham o‘zini bilmaganga soladi. Xatoga yo‘l qo‘ysam, keyin tuzataman, deydi. Masala oppa-osonga o‘xshaydi. Biroq, xatoni tuzatish uchun ketgan umr hisobga olinmaydi. Agar odamlar umr bo‘yi bironta xatoga yo‘l qo‘ymay yashasalar nima bo‘lardi?.. Nima bo‘lishiga aqlim yetmaydi. U holda balki hayot zerikarli bo‘lib qolar...»

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:48:55

So‘qmoq chapga burilib, irmoq o‘ng tomonda qoldi. Tepalikda odamlarning qorasi ko‘rindi. Bir oz yurishgach, kichik sayhonlikda bir to‘p yosh yigit-qizlarga ko‘zlari tushdi. Yigitlarning biri besh qarichlar chamasi keladigan jonsiz ilonni ushlab olgan, qolganlari yerga tikilgancha nimanidir tomosha qilishardi. Ular o‘zlariga yaqinlashgan ikki yo‘lovchini sezishmadi. Yoshlarning diqqatini tortgan narsa — uzunligi jimjiloqday, yo‘g‘onligi qalamday keladigan, yerda tipirchilab yotgan ikkita ilon bolasi edi.
— Bu urg‘ochisi bo‘lsa kerak, — dedi o‘lik ilon ushlab turgan yigit.
— Erkagi ham bordir?
— Balki shu atrofda yurgandir...
— Ilonlar qasoskor bo‘ladi, deyishadi.
— Qo‘rqmanglar, bu ilon zaharli emas, — yoshlar ovoz kelgan tomonga qarashdi. Ahmad Zokirov esa so‘zini davom ettirdi. — Buni o‘ldirib chakki qilibsiz.
— Biz zaharli deb o‘ylabmiz.
— Hatto zaharligini ham o‘ldirmaslik kerak. Tabiatda har narsaning o‘rni, vazifasi bor. Biror joy bo‘shab qolsa, uning o‘rnini boshqa hech narsa to‘ldira olmaydi. Bolalarini daraxt panasiga olib qo‘yinglar.— Ahmad Zokirov shunday deb, hamrohiga yuring, deganday ishora qildi.
— Tabiatni faqat kitoblardan o‘qib bilishadi-da,— dedi Jahongir yoshlardan uzoqlashishgach.
— Shu kitoblarni chuqurroq o‘rganishsa ham koshki edi. Tabiatda necha ming xil o‘simlik, necha ming xil hashoratu jonivor bor. O‘ylab ko‘rilsa, bularning hammasi inson uchun xizmat qiladi. Insoniyat ularning qanchasidan ayrildi. Bu — qancha dori, qancha malhamdan bebahra qoldi, degan gap.
— Qo‘riqxonalar vujudga kelib, qirg‘inning yo‘li to‘silarmikin?
— O‘simlik bilan jonzotlarni faqat johil odamlardan emas, tabiatning o‘zidan ham himoya qilish kerak.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:49:03

— Quyoshu yulduzlardagi o‘zgarishlar bularga ham ta’sir ko‘rsatadi, deng?
— Bo‘lmasam-chi? Eng oddiysi, havo past kelsa daraxtlarga shira tushadimi? Yog‘inning ko‘p bo‘lishi osmon jismlaridagi o‘zgarishga bog‘liqmi? E, Jahongir Alievich, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bir muammoga javob topsangiz, ikkitasi ko‘ndalang bo‘lib turadi.
— Ahmad Zokirovich, tabiatdagi o‘zgarishlarning farmatsevtikaga ta’siri shu topgacha sinab ko‘rilganmi?
— Masalan, qaysi o‘zgarish?
— Aytaylik, quyosh, oy tutilishining dori yoki malham tayyorlash jarayoniga ta’siri bo‘lmasmi- kin?
— Shunday faraz bor. Ammo bu og‘ir masala. Nega farmatsevtikaga qiziqib qoldingiz?
— O‘zim, shunchaki...
Jahongir bu savolni berishni aslida oromgohda o‘ylagan, mavrid kelishini poylayotgan edi. Uni Shamsibek boshlagan tajribaning nihoyasi qiziqtirar edi. Geliobiolog savolga qisqa javob qilgach, Jahongir gapni boshqa tomonga burishga majbur bo‘ldi. Ular to cho‘pon o‘toviga borgunlariga qadar ilmda muammolar xususida so‘z ochmadilar.
Begona odamlarning yaqinlashganini sezgan it bir hurdiyu tindi. Aftidan u qimiz istab keluvchilarga ko‘nikib qolgan, o‘zining sergak turganini sezdirib qo‘yish uchungina vovillardi.
Jahongirdan uch-to‘rt yosh katta bo‘lgan, ammo ko‘rinishi baquvvat cho‘pon o‘tovida bir qimiz ichgan odamni xotirida yaxshi saqlar, keyingi safar kelganida iliqroq kutib olardi. Lekin bu gal nima uchundir odatini kanda qildi. Cho‘pon chordana qurgan mehmonlar yoniga sirlangan tog‘orada qimiz va cho‘mich keltirib qo‘yib, o‘zi ham o‘tirdi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:49:10

— Xafa ko‘rinasizmi? — deb so‘radi Jahongir qimizni shopira turib.
— Bugun nihoyatda xunobim oshdi, uka, — dedi cho‘pon kigiz qalpog‘ini tizzasiga olib. — Bola-chaqam katta bo‘ldi, endi rohatini ko‘raman, degan vaqtingda tashvishdan qutulolmay qolarkansan.
— Bolalar xafa qildimi?
— Endi tushunmaydi-da, nima deysiz, o‘zi-ku xafa qilish niyati yo‘q, lekin o‘jar. Kenjam bultur maktabni bitirib, shaharda o‘qiyman, dedi. Havasmand bo‘lsang boraver, dedim. Bordi. Lekin o‘n besh kundan keyin ikki qo‘lini burniga tiqib qaytib keldi. Adabini yegandir desam, yana o‘qiyman, deydi. Bu daydi yurishida odam bo‘lmaydi, deb qo‘rqaman. Qo‘liga kitob olganini ko‘rmayman. Axir kitobga qayishsa, shaharda o‘qiydi-da!
— O‘g‘lingiz shu yerdami? Balki chindan ham o‘qishga ixlosi balanddir? — dedi Ahmad.
— Be, ixlos qayda? O‘rtoqlariga havas qiladi. Hali spravka olgani idoraga ketuvdi. Sizlar olim odamsizlar, bir nasihat qilib qo‘yinglar.
— Nasihat qilsak qiziq bo‘ladiyu, — dedi Jahongir kulib.
— Nega?
— Olim bo‘la turib yosh yigitchaga o‘qima, desak kulmaydimi? Sizga bir yigitcha kelib cho‘pon bo‘laman, desa yo‘ldan qaytarmassiz?
— Endi uka, bizning yo‘rig‘imiz boshqa. Qimizdan iching, hadeb shopiravermang. Gapning po‘stkallasini aytsam, o‘sha yigit jonivorlarning tilini bilmasa, toshingni ter, deyaveraman. Sizam aytovring. Na u yoqlik, na bu yoqlik bo‘lmaydigan shogirdlarni nima qilasiz? Hayron bo‘lyapsiz-a? Yo‘q, o‘g‘limni yerga urmoqchi emasman, yaxshi bola, lekin olim bo‘ladigan siyoqi yo‘q.
— Xo‘p, nasihat desangiz, qochmaymiz. Ammo bir sinab ko‘raylik. Balki olim bo‘ladigan qobiliyati bordir.
— Qani edi...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:49:22

— Ilgarilari odamlar bolalariga pul sarflab, majbur qilib o‘qitishar ekan, endigi ahvolni qarang,— dedi Jahongir hamrohiga qarab. Ahmad Zokirov javobga og‘iz ochishga juftlashga ulgurmay, gapni cho‘pon ilib ketdi:
— Qaysi paytlarni aytyapsiz?
— Masalan... — Jahongirning ko‘z oldiga Abdulvahob keldi. — Masalan, bundan olti yuz yil oldin.
— E, otam zamonidagi gapmi. U paytlarda madrasani bitirgan odam olimlikka chog‘i kelmasa, bizga o‘xshagan omi xalqning miyasini achitib yuravergan. Endi institutni bitirsa-yu, kalla o‘rnida oshqovoq bo‘lsa. Kelib menga aql o‘rgatadimi? Burnog‘i yili shunaqalarini ko‘rganman. Sizga o‘xshagan bir domla sochi o‘sgan bolalarni olib kelibdi. Mening otarimda «amaliy saboq» olisharmish. «Necha yil o‘qishdi bu bolalar», desam, domlasi, «besh yil. Bu yil o‘qishni tugatishadi», deydi. «Uch-to‘rt oydan keyin menga o‘xshagan cho‘ponlarga aql o‘rgatar ekan-da, qani, bir sinab ko‘ray», dedim. Ko‘nishdi. Bir yigitdan «Qo‘yning yoshini qanday bilish mumkin?» deb so‘radim. «Shaxsiy daftarchasidan», dedi. «Agar daftarcha yo‘qolgan bo‘lsa-chi, menga o‘xshagan betartib cho‘pon daftarcha saqlaydimi?» dedim-da, ikki yoshli qo‘yni ko‘rsatdim. U qo‘yning og‘zini ochib ko‘rib «qari ekan, yuqori jag‘ida tish qolmabdi», deydi...
Ahmad Zokirov cho‘ponning bu gaplarini eshitib kulib yubordi.
— Obbo, azamat, toza boplabdi-ku, — dedi u o‘zini kulgidan to‘xtatolmay.
Jahongir bu kulgining ma’nosiga tushunmay so‘radi:
— Nima, qo‘yning yuqori jag‘ida umuman tish bo‘lmaydimi?
— Siz ham tuzuksiz-ku, Jahongir Alievich!
— Endi bu kishining yo‘rig‘i boshqa. Shaharda o‘sgan. Bo‘lak ilmga o‘qigan. Menga kelgan bilag‘onlarni qarang. Shular o‘qib nima karomat ko‘rsatadi? Mening o‘g‘lim ham shu ko‘yga tushsa nima qilaman? Uyatdan yerga kirib ketmaymanmi? Bolaning olgan ilmi dasturxonga qo‘yishga yaroqli yaxlit nonga o‘xshasa, to‘rvadagi burdalangan qattiq-quruq non bo‘lmasa, deyman-da... Qimizdan ichinglar. Og‘rimagan boshlaringizni og‘ritavermay otardan xabar olib kelay. — Cho‘pon shunday deb o‘rnidan turdi. Shu ketganicha ikki soatdan so‘ng qaytdi. Mehmonlar uning o‘g‘lini kutib bir oz mizg‘ib ham olishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:49:32

— Qishloqda qolganga o‘xshaydi, — dedi cho‘pon xijolat bo‘lib. — Mana shunaqa parvoyi palak bola-da...
— Endi keyingi safar kelganda gaplasharmiz.
— Ertaga oromgohga tushirib yuboraymi?
— Maylingiz. Agar men bo‘lmay qolsam, Ahmad Zokirovichni topadi.
Ular oromgohga oqshomda qaytishdi. Jahongirning ko‘zi eshik oldida turgan uch kishiga tushdi. Sal yaqinlashib, o‘g‘lini, Sulton bilan To‘lqinni ko‘rdi. Do‘stlari quchoq ochib so‘rashib, tajribaning muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabriklashdi. Jamshid otasini qanday qutlashni bilolmay, hayron bo‘lib turganida Jahongirning o‘zi uni quchoqlab o‘pdi.
To‘rtovlon uning mo‘’jaz xonasida davra qurishdi. Sulton Buloqboshidagi ekspeditsiya boshqa qimmatli ma’lumot to‘play olmagani, To‘lqin esa elalloma to‘g‘risidagi maqolasiga mingga yaqin xat olgani haqida gapirdi. Ularning gapi adoqsiz ekanini payqagan Jahongir: «To‘xtanglar endi, o‘g‘lim bilan so‘rashib olay», dedi. Keyin o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘yib so‘radi:
— Xo‘sh, qanday yangiliklar bor?
— Akbarali aka yana keldilar. Sizga to‘n-do‘ppi, xullas, boshdan-oyoq sarpo qilib keptilar.
— Olib qoldingmi?
— Yo‘q. O‘zlari qaytganlarida olib kelasiz, dedim.
— Yaxshi qilibsan. Telegrammangni olgandim. Ishlar davom etyaptimi?
— Siljiyapti...
— Xo‘sh, o‘zing biz uchun qanday xotiralar to‘plading? — dedi To‘lqin ularning so‘zini bo‘lib.
— Xotiralarning hammasi mana shu yerda, — Jahongir kundalikni ko‘rsatdi. — Shamsibek ismli allomaning ko‘rgan-kechirganlari, eshitganlarini to‘laligicha yozib qo‘ydim. Afsuski, elalloma Shamsibekning faqat o‘zi ishtirok etgan voqealarni tikladi. Uning o‘limi bir oz mavhum bo‘lib qoldi. Ayniqsa dafn marosimi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Qayd etilgan