* * *
"œBir etak bolali bo‘lsam, uyda faloncha yumush menga qarab turgan bo‘lsa, bir erga yoqish uchun, oynakka qarab bejanishim, uyimni yasatib o‘ynashim bachkanalik emasmi?!" — dema!
Jufting — senga Olloh bergan muqaddas mulking. Mulkingga esa o‘g‘ri tushib turibdi! Ehtiyotini qilasan-da! Agar u yo‘qolib qolsa, qo‘l siltab qolavermaysan-ku! Zohiringda qo‘l siltasang ham, ichingda kuyib kullar bo‘lasan-ku! Demak, o‘zingni asrash uchun ham, juftingni boy bermasliging kerak!
* * *
Ammo hargiz erkagingning kelish-ketishini surishtirma, o‘zingni uning qaerda yurishi bilan qiziqmayotganday ko‘rsat. Yo‘qolib ketib, yana paydo bo‘lsa ham, "œqaerda edingiz?" dema! Boyagiday oldiga choyini, nonini qo‘yib, kir ko‘ylagini tozasiga almashtirib qo‘yaver.
Qovog‘ingni uyma. Ammo ochilib-sochilib ham muomala qilma. Faqat savoligagina javob ber. Ering mayda gaproq bo‘lsa, nega qiziqmayotganing bilan qiziqishi mumkin. Shunda: "œKo‘chada bizning ziyonimizga ish qilarmidingiz, eson-omon kirib keldingiz, shu kifoya!" — qabilida so‘ppaytirib javob qilib qo‘y. Ammo gazaksiz ayt!
O‘zing esa ko‘chaga atagan chiroyli kiyimlaringni kiyib, o‘sma-surmangni quyuq qilib yurgan bo‘lgin! Ana o‘shanda uning miyasiga tok uradi. Yuragiga g‘ashlik tushadi, "œnega men bilan qiziqmayapti, ochilib ketganini qarang buning, meni oldingiday qizg‘anmayapti ham, bu turishida birovga ko‘ngli tushib qolgan bo‘lsa-ya", degan vahima paydo bo‘ladi. Qanday qilib bo‘lsa ham, uning yuragiga shu vahimani solish kerak! Natijasini o‘shanda ko‘rasan!