Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190104 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:51:41

«Sen-da musulmanin, men-da musilmanin...» degan gaplari bilan Tursunalining mehrini qozongan «mehribon» tushlik chog‘ida unga yaqinlashdi. Kulimsirab kelayotgan Murikni Tursunali o‘rnidan turib qarshi oldi. Zamonning hukmini qarangki, ilgarilari faqatgina o‘zidan ustunlar bilangina o‘rnidan turib salomlashadigan, yuqori lavozimdagilar telefon qilishadigan bo‘lishsa, ovozlarini eshitiboq o‘rnidan tura qulluq qilganicha gaplashadigan odam endi bir tuban o‘g‘ridan ehtiromini darig‘ tutmasa...
Tursunalini yelkasidan quchgan Murik «Zemlyak, ahvollar nichuk? Orqamdan yur, muhim gap bor», deb pichirlab, atrofga alanglab olgach, butazor tomon boshladi. Tursunali ham beixtiyor ravishda alanglab qo‘yib, unga ergashdi. Qor bosgan butazorda yurish og‘ir edi. Shunday bo‘lsa ham Tursunali takaning izidan boruvchi nodon qo‘y singari ergashaverdi. «Gapingni shu yerda aytaver», demadi. «Tengiz eplay olmayotgan ishni balki shu qoyillatar, meni oshxonaga joylab qo‘yar», degan umidli o‘y bo‘yniga sirtmoq bo‘lib tushgan, sirtmoq uchini esa Murikning qo‘liga tutgan edi.
Murik kutilmaganda to‘xtab, orqasiga o‘girildi.
— Qalay, zemlyak, qizishib oldingmi? — dedi u tirjayib.
— Ha... endi... — dedi Tursunali nima deyishni bilmay.
— Sen zolotoy odamga o‘xshaysan, zemlyak, seni bik yaxshi ko‘rib qoldim. — Murik shunday deb otini erkalagan chavandoz kabi Tursunalining yuziga yengil shapatiladi.
Bu qiliq Tursunaliga erish tuyulib tisarildi.
— Zemlyak, sen zolotoy odam ekansan, — deb takrorladi Murik unga qattiq tikilib. — Sening yordaming kerak. Agar yordam qilmasang bir odam xor bo‘lib o‘lib ketishi mumkin.
— Men... kimga.. qanday yordam qilishim mumkin?— deb ajablandi Tursunali.
— Arzimas yordam... to‘rtta yoki beshtagina so‘z aytsang kifoya.
— Qanaqa so‘z?
— Qanday so‘z deysanmi? — Murik shunday deb uning yuziga yana yengil shapati urdi. Bu safar Tursunali orqasiga tisarilishga ulgurmadi. Shapatilagan panja uni kekirdagidan oldi. — Zemlyak, mening bir oshnamga pul kerak. Bo‘lmasa o‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:51:49

— Menda pul yo‘q, — dedi Tursunali uning qo‘liga yopishib. Shu onda Murik tizzasi bilan uning nozik yeriga tepib, bukchaytirib qo‘ydi. So‘ng ixranayotgan o‘ljasining o‘ziga kelishini kutib, sigaret tutatdi. — Zemlyak, bu yerda puling yo‘qligini bilaman. Ammo uyingda ancha puling qolgan. Berkitgan yeringni shu paytgacha o‘zingdan boshqa hech kim bilmas edi. Endi bu sirga ikkalamiz egalik qilamiz. Men o‘g‘il bolacha ish tutaman: hammasini olmayman, yarmisi o‘zingga qoladi. O’zingni qiynamay qaerga yashirganingni ayt. Hozir bilmasdan tizzam tegib ketdi. Bilib tepsam, yomonroq bo‘ladi. Qani, ayta qol.
— Nimani?
Bu savol Murikka yoqmay, bir so‘kindi-da yana kekirdakdan oldi. Tizza zarbidan hali o‘ziga kelolma-yotgan Tursunali xirilladi, rangi oqara boshladi. Murik uning ahvolini sezib, kekirdagini qo‘yib yubordi-da, yuzini siladi:
— Sen zolotoy odamsan, zemlyak. Bilib qo‘y, shu paytgacha hech kim mening bir gapimni ikki qilmagan. Men sening izingdan shu yergacha keldim. Ahmoq bo‘lib qaytib ketmayman. Sen esa... yo pullaringni qayga berkitganingni aytasan yoki bahorgacha shu yerda yotasan. Omadli odam bo‘lsang, bahorda suyaklaringni yig‘ishtirib olib ko‘mishar. Xudoning qarg‘ishiga uchragan bo‘lsang sen xunasaga shu ham nasib etmaydi. Qani, yechin.
— Nega?
— Negaligini keyin bilasan.
Tursunali yalang‘och holda muzlab o‘lishni tasavvur qilib, dahshatdan titrab ketdi.
— Aytaman, — dedi u jon talvasasidagi odamning ovozi bilan.
— Zolotoy odamsan demadimmi?! Seni o‘ldirish hayf. Qani, ayt.
— Qishloqda...
— Faqat «molxona tagiga ko‘milgan», dema. U yer kavlab tashlangan.
Bu gapni eshitib Tursunali hayratdan qotib qoldi. «Qayoqdan biladi?» deb o‘yladi. Qo‘liga kishan urilgan dastlabki kunlarda, dastlabki so‘roqlarda shunday deb aldagan, so‘ng buning evaziga rosa tepki yegan edi. O’lim xavotirida turgan Tursunali hozir shuni esladi. Ammo «bu o‘shalarning sherigimi?» degan gumonga bormadi. Molxonani aytishga og‘iz juftlagan Tursunali uchun bu ogohlantirshi durust bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:51:58

— Hojatxonada ham dema, u yerni titadigan ahmoq yo‘q. Bo‘l, ayt. Bilib qo‘y: aldasang, it ko‘rmagan azoblarda o‘lasan. Bu — bir. Urug‘ing bilan quriysan, bu — ikki. Tushundingmi? Bolalaring ham o‘zingga o‘xshab o‘ladi. O’zing bittagina bola bo‘lgan ekansan. Sendan o‘sha bittasi ham qolmaydi.
O’lim talvasasi, ayni choqda najot umididagi Tursunalining ko‘z oldiga Tengiz keldi. «Nima qilib bo‘lsa ham o‘shanga yetib olsam bo‘ldi», degan xayolda yana bir marta aldashga qaror qildi. Bu holda ham nafs g‘olib chiqdi. O’zining joni emas, hatto bolalarining joni emas, berkitilgan boyligini saqlab qolish ilinji ustun keldi.
— Hozir aytaman, — dedi Tursunali unga najot nazari bilan boqib.
— Aytasan, aytmay qayoqqa ham borarding. Sen bilan biz musulmaninmiz, zemlyak. Bir-birimizni suyab-qo‘llamasak, xor bo‘lib o‘lib ketamiz. Boylik yo‘q bo‘lib ketadigan narsa. Sen bu yerlardan chiqib borguningcha berkitgan pullaring chirib ado bo‘ladi. Erta-indin Gorbach pulni almashtirsa bundan battar bo‘ladi. Sen zolotoy ekansan, zemlyak. To‘g‘ri yo‘lni tanlading: puling ham chirimaydi, o‘zing ham bu yerlarda chirib qolib ketmaysan. Uyingga soppa-sog‘ kirib borasan. Pul degani nima, bilasanmi? — Murik shunday deb Tursun-alining bilagidan ushladi-da, kaftiga sigaret kulini qoqdi. So‘ng puflab, bu kulni to‘zitdi. — Tushundingmi, zemlyak? Endi o‘zingga kelib olgandirsan, a? Bo‘la qol, tarang qilmay, ayt.
«Buning orqasidan ergashib kelganimni Tengizning odamlari ko‘rmadimikin? Yordamga kelib qolishmasmikin?» degan ilinjdagi Tursunalining atrofga javdirashini ko‘rgan Murik zaharli tarzda tirjaydi. U mamnun edi. Murik turli joylarda, turli holatlarda, turli boylardan pul undirgan, lekin bunaqangi vaziyat, bunaqangi odamga birinchi duch kelishi edi. Shu paytgacha hech kim birgina tepki zarbidan bunday hiqillab qolmagan edi. Kievga «gastrol»ga borganida Abramovich degan ziqnani to‘rt kechayu to‘rt kunduz temir quvurga kishanlab, och qoldirib, tepkilaganda ham aytmagan, to‘rt kecha-kunduz najot kutib yashagan. Beshinchi kuni o‘lib ketishiga ko‘zi yetgach, aytgan edi. Bu odamga esa birgina tepki kifoya qildi. «Bulardan qaysi biri aqlliroq? — deb o‘yladi Murik, so‘ng o‘z qarichi bilan hukm qildi: — Shunisi aqlli. Qiynalib jon bergandan ko‘ra, boylikni osongina berib qo‘ya qolgani durust...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:07

Murik «Pul qo‘lning kiri, pul chiriydi, pulni Gorbach almashtiradi...» deb o‘ljasining ko‘ngliga g‘ashlik solganday edi. Agar berkitilgan boylik qog‘oz puldan iborat bo‘lganida Tursunali bu qadar talvasaga tushmasmi edi. «O’g‘ilbolacha ish qilaman, yarmini olaman», deydi. Tillayu javohir, duru gavharni ko‘rganda kim yarmiga qanoat qilar ekan? Tursunalini ayblash balki noo‘rindir: boylikni peshona teri bilan topmagan bo‘lsa-da, tillayu javohirning jilosi yurak tomirlariga ko‘z ilg‘amas nurlar bilan ulangan edi.
— Endi haddingdan oshma, — dedi Murik unga tarsaki tushirib. — Zolotoy odam yaxshi gapning chegarasini bilishi kerak.
— Yerto‘lada... to‘sinlarning beliga qo‘yilgan yettita ustun bor. O’rtadagi ustunning tagida... — Tursunali shunday deb yutinib qo‘ydi-da, qassob qarshisidagi qo‘zichoq holatida Murikka mo‘ltillab qaradi. «Qassob» esa «hozir so‘yayinmi yoki yana picha semirishini kutayinmi?» degan kabi unga tikildi. So‘ng bir qarorga kelib, cho‘ntagidan buklama pichoq chiqardi-da, tugmasini bosdi. «Aytdimu qutuldim, jonim foydaga qoldi», deb ko‘ngliga xotirjamlik oralayotgan Tursun-ali pichoqni ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
— Yechin, — deb buyurdi Murik, sovuq ohangda.
— Aytdim-ku! — dedi Tursunali jon holatda.
— Shu gapingga ishonadigan ahmoqqa o‘xshaymanmi men?
— Rost aytdim, gapim rost, axir!— Tursunali yig‘lamsiradi. — Nega ishonmaysiz? Ustunning tagida chuqurcha bor. Chuqurchada ikki qavat yog‘och qopqoq bor.
— Sen tirik odamning terisini qanday shilishganini ko‘rganmisan? — Tursunali bu savolga javoban javdiraganicha bosh chayqadi. — Ko‘rmagansan, — dedi Murik pichoqni bukib, cho‘ntagiga solgach. — Agar aldasang — ko‘rasan. Uch-to‘rt kun ichida ko‘rasan. Te-ringni shilib, bi-ir rohatlanaman. Ungacha birovga churq etmaysan. Og‘iz ochishing bilan kuragingning tagida shu pichoqni ko‘rasan. Bo‘ldi endi, bor.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:18

Tursunali qutulgani rostligiga bir ishonib, bir ishonmay iziga qayta boshladi. Uch-to‘rt qadam bosgach, orqadan Murikning ovozi keldi:
— Zemlyak, ishtoning ho‘l bo‘lganga o‘xshaydi, almashtirib ol, yana shamollab qolmagin. Sen menga tiriklayin keraksan, — u shunday deb hiringlab kuldi. Tursunali orqasiga qaramadi.
U Murikni aldamagan edi. Chindan ham yerto‘ladagi ustun ostida sandiqcha bor edi. Ammo bu sandiqcha bo‘sh edi. Aniqroq aytilsa, bu sandiqcha bir necha haftagina asqotdi — boyliklarni bag‘rida yashirdi. Lekin Tursunalining ko‘ngli to‘lmay, to‘plaganlarini boshqa joyga ko‘chirdi. Hozir yerto‘lani aytishga aytdi-yu, «buning odamlari uyga borar, sandiqchani topib ochar, so‘ng aldanganlarini bilib xotinimni siquvga olishar, bolalarimni qiynashar», deb o‘ylamadi. Uning uchun hozir eng muhimi — o‘z jonini qutqarish edi. Niyati amalga oshib, Xudoga shukr qilgan tarzda joyiga qaytdi. Mahbuslar ovqatlanib bo‘lishib, ishga tarqalishayotgan edi. Tursunali javdiragan nigohi bilan Nuriddinni qidirdi. Tushlikdan avval uni Pachoqburun chaqirib ketgan edi, hali ham qaytmabdi.
Tursunalining qo‘llari ishda, ko‘zlari esa Nuriddinning yo‘lida bo‘ldi. Murik ikki marta unga yaqinlashib «Horma, zemlyak, charchamayapsanmi?» deb ketdi. Nuriddin ish oxirlay deganida paydo bo‘ldi. Barakka qaytar mahallarida Tursunali uning yengidan asta tortib, past ovozda:
— Tengizni tez ko‘rishim kerak, — dedi.
— Olib boraymi? — dedi Nuriddin.
— Yo‘q, bexit joyda ko‘rishim kerak. Anov yangi kelgan odam ishkal chiqaryapti.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:31

Nuriddin «yangi» deganingiz kim?» deb so‘ramadi, chunki u gap kim haqida borayotganini darrov anglab yetdi. Nuriddin «qanday ishkal chiqaryapti?» deb ham so‘ramadi, chunki Tengiz ogohlantirgandayoq shu odamning bir baloni boshlashini fahmlagan edi. Lekin aynan Tursunali atrofida o‘ralashayotgani unga yangilik bo‘lsa-da, ortiqcha savolga hojat sezmadi. Kechki ovqat paytida Tengiz ko‘rinmadi. Shu sababli Qo‘tosning yonidan o‘tayotib «Knyazga zarur gapim bor», deb qo‘ydi. Qo‘tos unga qaramagan holda «tushundim» deganday bosh irg‘adi. O’sha kech «politbyuro»ning yig‘ini belgilangan edi. Shu bois Tengiz Nuriddinni yo‘qlatmadi. Pachoqburun uni ertasiga, nonushtadan so‘ng chaqirdi.
Qor bo‘ralab yog‘ayotganiga qaramay Tengiz odatini kanda qilmagan — gulxan yaqinidagi o‘rnini egallagan edi. Boshiga, yelkalariga qo‘ngan qorga qaraganda u jo-yida ko‘pdan beri o‘tirar edi.
Tengiz Nuriddinning salomiga alik olib, unga qo‘l uzatdi. «Kel, Hamzat, o‘tir», deb ro‘parasidagi to‘nkani ko‘rsatdi.
— Nima bo‘ldi?
— Yangi odam Tursunali akaga ilakishib qolibdi. Bir ishkal chiqarmoqchiga o‘xshayotganmish.
— Ha... ilinibdi-da.. — Tengiz shunday deb jilmaydi. — Uzumni yig‘ishtiradigan payt kelibdi... Shu qorda ham uzum yig‘ishtiriladimi, deb hayron bo‘lyapsanmi? Bizda hikmat bor: bir o‘rgimchak qarasaki, uzumzorda kapalaklar ko‘p emish. Darrov to‘rini to‘qib, ovga kirishibdi. Uzum pishgan payt ekan. Bog‘bon uzum uzishni boshlabdi-yu, o‘rgimchakni to‘rlariga qo‘shib pachoqlab tashlabdi. O’rgimchakda nafs bor edi-yu, aql yo‘q edi, tadbir yo‘q edi. Cho‘michvoy o‘sha o‘rgimchakka o‘xshagan ahmaq. Tursunali akang esa kapalakka o‘xshagan ahmaq.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:39

— Cho‘michvoy?.. — Nuriddin kulimsiradi. — Laqabi qiziq ekan. Kim o‘zi u?
— Kim bo‘lardi, bizga o‘xshagan bir qul-da... Gapim yoqmadi, a? Xo‘p, senga o‘xshamagan, menga, hamtovoqlarimga o‘xshagan bir qul. Sen esa ozod odamsan. Piching qilayotganim yo‘q. Chindan ham hursan. Shuning uchun seni yaxshi ko‘raman, senga havasim keladi. Sen Epiktet degan odamni eshitganmisan? Uni ko‘pchilik bilmaydi. Dunyoda shunaqa faylasuf o‘tgan. Leningradda o‘qib yurganimda uning kitobi qo‘limga tushib, esimni teskari qilib yuborgan edi. Bitta fikrini aytib beraymi? — Tengiz shunday deb iyagini siladi — go‘yo kalavanig uchini topib olmoqchiday o‘ylandi-da, siniq ovozda davom qildi: — «Derlarki, Inson uchun eng ulug‘ dunyoviy ne’mat — uning ozod va hurligidir. Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod insonning baxtsiz bo‘lmog‘i mumkin emasdir. Agar sen baxtsiz insonga duch kelsang, qayg‘u-hasratda yonayotganiga guvoh bo‘lsang bilki, u OZOD EMASdir. U shubhasiz, kim yoki nima tomonidan ezilgandir. Agar ozodlik ne’mat ekan, ozod inson ablah bo‘la olmaydi. Agar sen bir odamning boshqalar oldida past ketayotganini, laganbardorlik qilayotganini ko‘rsang bilki, u ozod emasdir. U bir quldir. U bo‘ynini qullik sirtmog‘iga tutib, buning evaziga bir tovoq ovqat yoki biron mansab, yoki shunga o‘xshash biron nima undirmoq istaydi. Kim ozroq manfaatga erishibdi, demak, ozroq xushomad qilibdi. Zo‘rroq xushomad bilan esa kattaroq boylikka erishadi.
Ozod odam hech bir to‘siqsiz egalik qilish mumkin bo‘lgan narsaga egadir. Hech bir to‘siqsiz nimaga egalik qilishi mumkin? Faqat O’Z-O’ZIGA! Agar sen odamning o‘z-o‘ziga egalik qilmay boshqalarga ham hukm o‘tkazmoqqa jazm etganini ko‘rsang bilki, u ozod emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u o‘z istagi, nafsi qulidir...»
Tengiz shunday deb boshini egdi. Qo‘lidagi kosov bilan gulxanni titdi. Olov bag‘ridan alam bilan otilib chiqqan hisobsiz uchqunlarni qor zarralari yutdi. Tengiz hozir bir necha daqiqaga o‘g‘rilik botqog‘ini ruhan tark etib, talabalik dunyosiga, faylasuf bo‘lib yetishmoq orzusidagi yigitning pokiza olamiga qaytgan edi. Nuriddin uni bu holatda avval ko‘rmagani sababli ajablanganicha o‘tiraverdi. Unga biron so‘z aytish yoki aytmasligini ham bilmadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:46

— Bu oddiy gaplarga o‘xshaydi, — dedi Tengiz boshini ko‘tarib. — Lekin uni tushunish oson emas. Amal qilish esa, mushkul... juda ham mushkul. Biz... o‘g‘rilar, o‘zimizni ozod insonlar deb hisoblaymiz. Bu nisbiy tushuncha. Aslida esa Epiktet haq — biz qullarmiz!.. Ana endi o‘ylab ko‘r: bu dunyoda ozod inson ko‘pmi yoki qulmi? Men Cho‘michni ahmaq o‘rgimchakka o‘xshatdim. Aslida biz ham o‘sha ahmaq o‘rgimchaklarning birimiz. Faqat qaysi boQbon qanday yanchib o‘ldirishini bilmaymiz. Bizning qismatimiz shu — boshqacha bo‘lishi mumkin emas... Shunaqa gaplar ham bor bu dunyoda, oshnam. Akangga aytib qo‘y, talvasaga tushmasin. Cho‘michni tinchita oladigan aqlimiz bordir.
Nuriddin suhbat yakunlanganini anglab, o‘rnidan turdi. Yarim soatdan so‘ng Pachoqburun Tursunalini boshlab keldi. U kelguniga qadar Tengiz o‘rnidan turib, egniga qo‘ngan qorni qoqib, gulxan yaqinida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Unga Murikning maqsadi oz bo‘lsa-da ayon edi. Sobiq sovxoz direktoridan nimani istash mumkin? Pul. Balki Gobelyan unga shu ishni topshirgandir? «Uch harf»dan olgan vazifasi-chi? «Bu qanjiq hamma yoqni chigallashtirib tashladi-ku?» deb Qijindi Tengiz. Kalavaning uchini topa olmay yuragi siqilayotganda Tursunali yaqinlashib, salom berdi.
— Nima gaping bor? — dedi Tengiz salomga alik olay.
Bunday qo‘rsliklarga ko‘nikib qolgan Tursunali joyida qotib, atrofiga qo‘rquv aralash bir alanglab oldi.
— U meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, — dedi miskinlik bilan.
— Nega o‘ldirmadi?
«Nima uchun o‘ldirmoqchi edi», degan savolni kutgan Tursunali javobga taraddudlandi.
— U «boylikni qaerga yashirding?» deb zug‘um qildi.
— Xo‘sh, aytdingmi?
— U yoqda boylik qolmagan o‘zi...
— Seni Gobelyan so‘roq qilganmi?
— Ha.
— Boyliging qaerdaligini unga aytganmisan?
— Bo‘lsa aytaman-da.
— Qanjiq seni nega o‘ldirmadi?
— Unga aytdim.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:52:54

— Demak, bor ekan-da? — Tengiz shunday deb unga G’azabli nigohini qadadi.
— O’zi yo‘q, bo‘lsa sizga aytmasmidim. Unga aytgan yerimda sariq chaqa ham qolmagan. Meni qutqarish uchun xotinim hammasini sovurib, ado qilgan.
— Boyliging qolmagan bo‘lsa, nega qaqshayapsan? Nimadan qo‘rqyapsan?
— U meni o‘ldirmoqchi.
— O’ldirsa savobga qoladi.
— Nega, axir?.. — najot umidi bilan kelgan Tursunali sovuq tarzda aytilgan bu gapni eshitib bir seskandi. «Shartga binoan siz meni himoya qilishingiz kerak-ku!» demoqchi bo‘ldi-yu, da’vo qilishga tili bormadi — qo‘rqdi. «Nega, axir...»dan nariga o‘ta olmadi. Da’vosini aytolmagan bo‘lsa ham, Tengiz uning maqsadini angladi.
— Seni uning changalidan qutqarishim kerakmi? Kallang joyidami?! U sen bilan uchrashish uchun atay bo‘ynini sirtmoqqa tutib bergan. Bekordan bekorga qamaladigan bolamas u. Bir narsaning isini sezmasa izingdan tushmas edi. Shu bugundan boshlab shartni bekor qilaman. To‘laydigan solig‘ing ham o‘zingga siylov. Erta-indin uyingga odam borib, aytgan yeringni titadi. Hech narsa topolmasa xotin, bola-chaqangni o‘ldiradi. Keyin o‘zing bu yerda it azobida o‘lasan. Shunaqa bo‘lgani durust. Sen ahmaqni himoya qilganim uchun men o‘g‘rilar orasida isnodga qolaman. Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma.
— Nega ishonmaysiz? — Tursunali shunday deb yig‘lab yubordi.
Tengiz «o‘l bu kuningdan!» deganday aftini burishtirdi-da, burilib nari ketdi. To‘rt-besh qadam yurib, gulxan yaqinidagi to‘nkaga o‘tirdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:01

Tursunali nima qilarini bilmay gangigan holda turib qoldi. Yordamga ishongan edi, najotni Yaratgandan emas, shu yigitdan kutgan edi. Hozir ham umidining so‘nggi iplarini shu odamga bog‘ladi. Agar hozir bir mo‘‘jiza yuz berib, Tangri-taolo aytsaki, «Ey Odam bolasi, men butun olamlarning yaratuvchisiman, sen ham bandasan, u ham bandamdir. Najotni kimdan kutasan?» Nodonlik, jaholat chodiriga tamoman burkalib olgan, ko‘z nurlarini, aql-farosatini shayton alayhila’na ixtiyoriga butkul topshirgan bu banda hech ikkilanmay ikkinchi bandani ko‘rsatar edi. (Astag‘firulloh!)
U asta yurib, ho‘ngrab yig‘lagan holida Tengizga yaqin keldida, yonida tiz cho‘kdi. Shu yoshga kirib biron marta bo‘lsin Yaratganiga sajda qilmagan banda xorlik libosiga o‘ralib ikkinchi bir banda yonida tiz cho‘kdi. Tengiz to‘g‘ri aytgan edi: erkakning bu qadar xorlanishidan ko‘ra o‘lib ketavergani ming karra afzalroq.
— Meni qutqaring. O’lguningizcha qulingiz bo‘layin.
Tengiz salgina burildi-yu, uning yonog‘iga musht tushirdi. Marhamat kutib tiz cho‘kkan Tursunali bu zarbdan chalqanchasiga yiqildi.
— Mishig‘ingni art, he xunasa! — Tengiz shunday deb kaftiga qor olib ishqadi. — Qul bo‘larmish... Sendaqa erkakni moyagidan osib qo‘yish kerak. Erkakman, deb yuribsanmi hali... — Tengiz xumordan chiqqunicha so‘kib, unga qarab tupurdi. — Oilangning ehtiyotini qilaman. Ular yemagan somsalariga pul to‘lab yurishmasin. Sen bilan ishim yo‘q. Yo‘qol!
«Hammang bir go‘rsanlar! Hammang ablahsanlar! Hammangni qirib tashlash kerak! Urug‘laringni o‘ynatib tashlash kerak!» — Tursunalining xayolini shunday hayqiriq to‘zitdi, ammo bo‘g‘zi bu nidoni tilga ko‘chishiga yo‘l bermadi. Tengizning salgina yon bosgani unga dalda bo‘lib, o‘rnidan turdi. Rahmat aytib, iziga qayta boshladi. O’n qadamcha bosib to‘xtadi-da, najot ko‘zlari bilan orqasiga o‘girilib, Tengizga qaradi. «Kel, bo‘pti, o‘zingni ham himoya qilaman», degan gapni kutdi.

Qayd etilgan