— Men umrimda... odam o‘ldirmaganman, — dedi g‘udranib.
— Senga odam o‘ldir, demadim. O’zingni himoya qilgin, deyapman. O’ o‘lasan, yo o‘ldirasan, boshqa chorang yo‘q.
Koshak orqasiga o‘tib, yumshoq yeriga bir tepgach, Tursunali beixtiyor ravishda pichoqqa qo‘l uzatdi.
— Ha, o‘g‘il bola, shunaqa bo‘lsin. Murikjan, ana, hayoting o‘z qo‘lingda.
— Knyaz, ayt, oyoqlarimni yechishsin.
— E, yo‘q, sen professionalsan, Murik, bu esa bir laqma. Erkak bo‘lib bugun qo‘liga pichoq olyapti. Bizni qiziq tomoshadan mahrum qilma, Murikjan, — Tengiz shunday deb bir arqonning uchini o‘zi qo‘lga oldi. — Qani, Cho‘mich, burgutmisan yo itpashshamisan, boshla!
Murik Tengizga qarab oldi-da, so‘ng gangib turgan Tursunali tomon qadam tashladi. Avvaliga arqonni bo‘sh qo‘yib berdilar. Murik uch qadam yurgach, kutilmaganda sapchib, Tursunaliga tashlandi. Yaxshiki u mo‘ljalni sal noaniq oldi — o‘ljasiga ozgina yetmadi. Ammo pichoqning uchi Tursunalinig iyagini tilishga ulgurdi.
— Hoy, it! Nimaga qarab turibsan, ur! — deb baqirdi Koshak Tursunalini turtib.
O’ljasiga yetolmay yuztuban yig‘ilgan Murik Tursunali tomondan hamla kutib, tezgina o‘rnidan turdi. Tursunali esa pichoq urish o‘rniga tisarilmoqchi bo‘ldi. Ammo orqasida turgan Koshak unga yo‘l bermadi.
Shu paytgacha tomoshabin kabi chetda turgan Qo‘tos Tursunaliga yaqinlashdi:
— O’lging kelmayotgan bo‘lsa tashlan. Bu yerda ikkovingdan biring o‘lishing shart. Qo‘rqma. Odam o‘ldirish sen o‘ylaganday og‘ir ish emas. Dahshat ham emas. Sen eng yaxshi ko‘rgan odamingni ko‘z oldingga keltir, sen o‘sha yaxshi ko‘rganing uchun yashashing kerak.
Eng yaxshi ko‘rgan odami... Kim bo‘lishi mumkin? Xotinimi? Bolalarimi, yo... Nafisasimi?.. Hozir ularni o‘ylaydigan ahvolda emas edi u. Hozir o‘z jonini saqlab qolishnigina o‘ylardi. Bu bejiz emas, chunki eng yaxshi ko‘rgan odami — O’ZI edi.