Omonullo bu gaplarni eshitib lol qoldi. «Gavdaning o‘rniga quloq bergan, deydi. Quloq emas, aql bergan ekan-ku», deb o‘ylab, uning gaplarini jimgina tinglayverdi. Abduqayum esa jiddiylashib borayotganini anglab, shirin jilmaydi:
— Mana, qarang, ajal tig‘i ikki kishini o‘t o‘rganday oldi-ketdi. Kasallik bilan jon berishsa birovning, ayniqsa, sizning ishingiz bo‘lmas edi. Ular o‘ldirilibdi. Aslida ularning rizqi tugagan. Olloh ularning jonini alohida, alohida, biron xastalik bilan olinishini ixtiyor etishi mumkin edi. Yo‘q, Yaratganning xohishi aynan shu bo‘ldi. Balki ular shunga yarasha gunoh qilgandirlar. Balki Robbimiz ularning bu holatini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir. Buni bilmaymiz. Bilganimiz — zulm sodir bo‘ldi. Zulm bo‘lgach, militsiya keladi. Militsiya kelgach, albatta, qo‘shnilar bilan gaplashadi. Qo‘shnilar kim? Albatta, hamma narsadan xabardor bo‘lishni istaydigan mening mehribon opoqilarim. Ular esa, bilgan-bilmaganlarni qalashtirib aytib tashlashgach, oxirida mening ismimni tilga olishadi. «Bilsa shu bola biladi», deyishadi. Opoqilarim tushmagurlar meni ko‘chani kuzatishdan boshqa tashvishi yo‘q, deb o‘ylashadi. Bozor-pozorga tushib chiqishgandan so‘ng «Biznikiga hech kim kelmadimi?» deb so‘raydigan odatlari bor. Militsiyaga ham menga o‘xshagan odam kerak. To‘g‘rimi? Ana endi siz «uch kun oldin begona odam ko‘rinmadimi?» deb so‘raysiz.
Omonullo «Hozirgi yoshlar urdi-surdi kinolarni ko‘raverib, kitoblarni o‘qiyverib, hammalari izquvar bo‘lib ketishgan», deb o‘ylab, jilmayib qo‘ydi.
— Ha, so‘ramaysizmi? — dedi Abduqayum uning jim turganidan ajablanib.
— So‘ramasam-chi? — dedi Omonullo kulimsiragan holda.
— Unda mantiq zanjiri uziladi: so‘ramasangiz bu uyga kirmas edingiz. Siz mening qoshu ko‘zimni ko‘rgani kirmagansiz, to‘g‘rimi?