Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190347 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:38

— To‘g‘ri. Lekin men sizdan boshqa narsani so‘rayman: uch kun oldin pastdan shovqin eshitilmadimi?
— Qanaqa shovqin?
— Masalan, erkak-ayolning janjalimi...
— Yo‘q.
— Avvalroq-chi?
— Avval?.. Yo‘q. Qotillik er-xotinning janjali oqibati desangiz yanglishasiz. U yer sokin xonadon edi.
— Lekin begona odamlar kelib turishgan ekan?
— Siznikiga kelishmaydimi? Mantiqning ildizi qaerda? Gap begonalarning kelishida emas, qanday maqsadda kelishida!
— Aytaylik... maqsad fahsh bo‘lsin.
— Fahsh? Oshirib yubordingiz. Nafisa opa fohisha bo‘lganida opoqilar adabini berib qo‘yishardi.
— Lekin ular gaplarida shunga shama’ qilishdi.
— Birinchi eri bor, deyishgandir yoki o‘ynashi deyishgandir? Bilaman bu gaplarni. O’sha odamni taniyman. Lekin u anchadan beri ko‘rinmay qoldi. Uch kun oldin kelgan yigit o‘ynash bo‘lmasa kerak.
— Demak, ularni ko‘rgansiz? Bu odamni tanirmidingiz?
Bu savolni eshitib Abduqayumning chehrasi yorishdi:
— Baribir so‘raysiz, dedim-a! — Shunday deb kuldi. So‘ng jiddiylashib bosh chayqadi: — Yo‘q, uni tanimadim.
— Unda nimaga asoslanib o‘ynash emas, deyapsiz?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:46

— Yurishlari xotirjam edi. Hech qayoqqa alanglamay to‘g‘ri yurib kelishdi. O’ynash bo‘lsa, «birov kuzatmayaptimi, tanishlarim ko‘rib qolmasin ishqilib», deb xavotirlanadi. U yoq-bu yoqqa qarayveradi. Hech bo‘lmasa, yo‘lakka kirishdan oldin orqasiga o‘giriladi. Yo bo‘lmasa, ayol kirib ketadi, sal o‘tmay o‘ynash kiradi.
— Siz bu gaplarni qaerdan bilasiz? Xuddi butun umr o‘ynashlarni kuzatib yurgan izquvarga o‘xshab gapiryapsiz?
— Bularni bilish uchun unchalik ko‘p aql zarur emas.
— Boshqacharoq holat ham bo‘lishi mumkinmi?
— Albatta-da! Siz bilan biz begona ko‘zlarni chalg‘itishning mingta usulini sanab o‘tirganimizda qaysi bir uyda o‘ynashlar bizning xayolimizga ham kelmagan ming birinchi usulda ishlarini boshlayotgandirlar.
— Ha, fikringiz mantiqan to‘g‘ri. U holda, ayol eri yo‘q paytda begona erkak bilan nima maqsadda kelishi mumkin?
— Bunisini bilmadim. Bu faqat o‘zlariga ma’lum edi. Afsus shuki, o‘liklar gapirishmaydi.
— Ha, ayniqsa, biz uchun afsus aynan shunda, — deb Abduqayumning fikrini tasdiqladi. Omonullo. — Ular o‘zlari bilan juda ko‘p sirlarin olib ketadilar.
— «Qabr — dunyo manzilining oxiri. Oxirat esa, manzilning boshidir. Modomiki, barchamiz qabrga kirar ekanmiz, qanday qilib kayfu safoga berilib, rohat-farog‘atda yuribmiz?»
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:53

Omonullo «Bunchalar aqlli ekan, bu yigitcha», deb o‘yladi. Abduqayum unig fikrnii o‘qiganday kulimsiradi:
— Aka, bu mening gaplarim emas. Bir valiulloh aytib o‘tgan ekanlar. Shoshilmayotgan bo‘lsangiz, yana bir fikrimni aytaman. Faqat bekorchi gap deb o‘ylamang. Shu ishingizga aloqador bo‘lgani uchun aytmoqchiman. Demak, gap bunday: dunyo nimadir? Dunyo — o‘tkinchi bir mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulug‘ boylik nimadir? Dunyoga berilmaslikdir. Dunyo boyligini afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka, mol-dunyo to‘plagan kishi esa qashshoqlikka giriftor bo‘ladi. Dunyo nimaga o‘xshaydi? Dunyo — yasatilgan kelinchakka o‘xshaydi. Ko‘zlar unga termulgan, qalblar esa mushtoqdir. Yasatilmish kelinchakka kimlar oshiq? Shubhasiz NAFS oshiqdir. Bu kelinchak oshiqlarning barchasini halok etadi. Hayotdagi tiriklar o‘liklardan, keyingilari oldingilaridan ibrat olmayaptilar. Uch xususni unutmaslik kerak: dunyoning o‘tkinchi ekanini, ne’matlarning ham o‘tkinchi ekanini, muqarrar o‘limning haq ekanini.
Abduqayum «bu gaplar ta’sir qildimi, maqbul bo‘ldimi?» degan savol nazari bilan Omonulloga tikilib qaradi. Uning gaplariga mos ravishda nazari ham o‘tkir edi. Omonullo unga tik qaray olmadi.
— Yaxshi gaplarni aytgan ekan.
— Lekin... — Abduqayum kulimsiradi. — Hozir bu gaplarni eshitishga fursatingiz yo‘q. Ko‘nglimni og‘ritmaslik uchun indamay tinglayapsiz. Balki menga rahmingiz kelayotgandir? Sizdan iltimos, rahmingiz kelmasin. Men o‘zimning shu taqdirimdan ham roziman. Harholda ko‘ryapman, eshityapman, gaplashyapman. Axir ko‘rmaydigan, eshitmaydigan, tili aylanmaydiganlar ham ko‘p-ku, to‘g‘rimi? Tan olaman, bir oz ezmaroqman. Lekin laqma emasman. So‘rang, so‘rayvering.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:00

— O’sha kunimi, oldinmi yo keyinmi Samandar Ochilov kelmadimi?
— Keldilar. O’sha kunning o‘zida bir ko‘rindilar. Novvotrang «Volga»da keldilar. Shoshib tushib, shoshilib yo‘lakka kirdilar. Mashinada bitta harbiy odam ham bor edi. Pogoni ko‘k, polkovnik. Ular ham shoshib turishgan ekan.
— Buni qaerdan bildingiz?
— Haydovchi uch marta signal berdi. Uchinchisida polkovnik eshikni ochib pastga tushdi.
— Ochilov taxminan qancha vaqt qolib ketdi?
— Taxminan yarim soatcha.
— Boltaeva bilan Ibrohimov bu paytda uyda bo‘lganlar, shundaymi?
— Shundayga o‘xshab qoldi.
— Ochilov shoshib kirgan ekan, qaytishda-chi? Qanaqa ahvolda qaytdi, kiyim-boshlarida o‘zgarish bormidi?
— Kiyimlarida o‘zgarish sezmadim. Lekin sekin-sekin yurib chiqdilar. Qo‘llarida diplomat bor edi. Polkovnik bir nima devdi, unga javob qaytarmasdan indamay mashinaga o‘tirdilar. Mashina yurishidan oldin derazalariga bir qarab oldilar. Lekin siz bundan darrov bir xulosa chiqarmang.
Abduqayumning keyingi gapi Omonulloga malol keldi.
«Qimmatli maslahatingiz uchun rahmat, uka», deb piching qilmoqchi edi, tishi zirqirab, gapirtirmay qo‘ydi. Mehmonning afti burishganini ko‘rgan Abduqayum chegaradan chiqqanini fahmlab, uzr so‘radi:
— Gaplarimdan xafa bo‘lmang, aka, mantiqan olib qaralsa, «er qotil» degan xulosa kelib chiqadi. Lekin bunaqa olim odamlarda rashk kuchli bo‘lmaydi. Ular odam o‘ldira olishmaydi. Nari borsa bir shapaloq urib, to‘nni yelkaga tashlab chiqib ketishadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:07

Abduqayumning gaplarida jon bo‘lsa ham Omonulloga malol keldi. Bir yigitchaning yoshi ulug‘ odam kabi fikr yuritishi, unga aql o‘rgatishi g‘ashini keltirdi. Abduqayumning tug‘ilib, tilga kirganidan beri o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab-kulolmay, yotgan yerida faqat kattalar bilan suhbatlashishi oqibatida shunday sergap, shunday maslahatgo‘y bo‘lib qolganining fahmiga yetmadi. Bu xonadonga kirib Abduqayum bilan suhbatlashgan har bir odam istasa-istamasa uning ko‘ngliga qarashga majbur bo‘lar edi. Omonullo garchi g‘ashi kelgan bo‘lsa-da, bu yozilmagan qoidaga beixtiyor bo‘ysundi. O’zini kulimsirashga majbur etib:
— Sizdan xafa bo‘lgan — o‘g‘ri, — deb hazil qildi. So‘ng jag‘ini ushlab, izoh berdi: — Tishim og‘riyapti.
— Tishingiz og‘risa do‘xturga bormang. Men sizga davolashning osongina yo‘lini o‘rgataman. Tish nimaga og‘riydi? Sovuq tekkani uchun. Sovuqni qanday haydaysiz? Bitta piyolani olib, ichiga yog‘ surasiz-da so‘ng qizdirasiz...
Hozirgina yigitchaning o‘ta dono ekanligidan g‘ashlana boshlagan odam endi bu gaplarni jon qulog‘i bilan eshitdi. Maslahat so‘ngiga yetguniga qadar nima maqsadda bu yerga kirganini unutdi. Yigitchaning maslahati bu safar moydekkina yoqdi. Afsuski, hozirgi tashvish bilan yaqin soatlarda uyiga borolmaydi. Kechasi ham borish nasib etadimi yo yo‘qmi — Xudo biladi. Ishdan holi bo‘lganida hoziroq borib shu yigitcha aytganday piyolani qizdirib, chap qulog‘ini qo‘yib yotarmidi, og‘riq qaytib ko‘zlari moshdek ochilarmidi...
Omonullo maslahatlar uchun rahmat aytib, o‘rnidan turdi.
— Telefoningizni ayting, qo‘lim tuzalsa qo‘ng‘iroq qilaman. Balki yangi gaplar esimga tushib qolar?
Omonullo yon daftarchaga telefon raqamlarini yozayotganida Abduqayum yana donoligini boshladi:
— Amerikada shunaqa jinoyat yuz bersa «qotilni topgan odamga yoki xabar bergan odamga shuncha ming dollar mukofot» deb televizorlarida e’lon qilinadi. Shuning uchun ularda jinoyatchi tez topiladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:15

«Xuddi Amerikada yashaydigan odamday gapiradi-ya!» deb o‘yladi Omonullo. Abduqayum esa davom etdi:
— Sizlar esa hammasini tep-tekinga bajarmoqchi bo‘lasizlar. Shuning uchun odamlar sizlardan qochadi. Ish yolg‘iz o‘zlaringizga qolib ketadi. Bunaqa ishda sizga nisbatan guvohlarga qiyin. Guvoh jonini garovga qo‘yib aytadi aytadigan gaplarini. Yo noto‘g‘rimi?
—To‘g‘ri, — dedi Omonullo daftarchasidan sahifani yirtib olib unga uzatar ekan. — Mana shu ishni yumaloq-yostiq qilaylik, keyin ikkalamiz Amerika politsiyasiga borib ishlaymiz. Topganimiz — o‘rtada, kelishdikmi?
Bu gapni eshitib Abduqayum kulib yubordi. Uning kulgisi yosh bolaning kulgisiday jarangdor va samimiy edi.
Omonullo bu xonadondan dastlabki gumoniga quvvat olgan holda chiqdi. Qotil qiznig otasi bo‘lishi ham mumkin, degan yana bir gumoni olinajak ma’lumotlardan so‘ng haqiqatga yaqinlashganday bo‘ladi. Bugun esa qora ro‘yxatga birinchi bo‘lib Nafisaning eri Samandar Ochilov yozildi.
Odatda biron ayol qoqilib tushib jon bersa ham «eri urib o‘ldirgandir» deb gumon qilinadi. Shunday ekan, Samandarning gumon o‘qiga nishon bo‘lmog‘i tabiiy hol. Agar tibbiy ekspert qotillik ikki yoki to‘rt emas, aynan uch kun oldin yuz bergan deb tasdiqlasa, unda Samandarning boshiga balo toshlari yog‘ilishi tayin.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:27

QONLI GIRDOB

Abduqayum yanglishmadi: Samandar o‘sha kuni uyiga kelgandi. Aslida uning uyga kelish niyati yo‘q edi. Rejasi bo‘yicha, Nafisa ta’tilga chiqmoQi, u esa vertolyotni shaharga jo‘natmoQi lozim edi. Odam yetib kelishi mushkul bo‘lgan, ammo tabiatning mavjud go‘zalliklarini o‘zida mujassam etgan bu darada Nafisa uzoQi bilan bir hafta chidab yashay olardi. Cho‘lda o‘sgan bu juvonni go‘zal manzaralar ham, tongda bulbullarning sayrashi ham, pokiza buloq suvlari ham maftun qila olmasdi. Bir necha olimu xizmatkorlardan iborat bu «shaharcha»ga dastlab kelganidayoq «zindonning o‘zi-ku, bu yer» deb baho bergan, uch kunga arang chidagan edi. Samandarning birinchi xotini ham toqqa toqat qila olmasdi. U chodir atrofida o‘rmalab yurgan ilonni ko‘rganidayoq chinqirib olamni buzgan, shu-shu bu yoqqa qadam bosmay qo‘ygan edi. Samandar Nafisada ham birinchi xotinining qiliqlaridan bor ekanligini sezib g‘ashlandi-yu, keyin o‘z ishlari bilan andarmon bo‘lib e’tibor bermay qo‘ydi.
Tursunali qamalgach, Nafisa bir necha hafta garangsib yurdi. Hatto eriga qaramay ham qo‘ydi. Samandar «juda yaxshi ko‘rar ekan-da», deb o‘yladi-yu, ammo xayoliga kelgan gaplarni tiliga chiqarmadi. Aksar odamlar tish faqat ovqat chaynash uchun mavjuddir, deb hisoblaydilar. Samandarning tishlari esa, ikkinchi vazifasini — tilga qo‘riqchilik yumushini ham bajaradi. Uning tili bekordan bekorga tish hatlamaydi. Samandarning fe’lini yaxshi bilgan kishi «bu malla odamni tashqariga sochilmay, ichiga yutilgan dardlari sarg‘aytirib yuborgan», degan xulosaga keluvi tayin edi.
Samandar indamay qo‘ya qolgani bilan qaynotasi jim turmadi: qizi Nafisani obdon siquvga oldi. Otasining gaplari ta’sir qildimi yoki sog‘inch dardi qarib, kuchdan qoldimi, harholda Nafisaning eriga bo‘lgan munosabati yaxshi tomonga o‘zgardi. Ikkovlari chinakam er-xotin martabasiga yetishganday edilar. Samandar uchun kutilmaganda Nafisa bu yerga kelish ixtiyorini bildirib, sog‘inganini ma’lum qildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:35

Ertalab nonushtada Samandar vertolet uchuvchisiga «tayyorlan, shaharga tushib, yangangni olib kelasan», deb tayinladi. Vertolet uchishga ulgurmay uning o‘zini markaz chaqirtirdi. Buyruq qisqa, ayni choqda tushunarsiz edi: «So‘nggi ma’lumotlar masalasida tezda Moskvaga yetib keling».
Vertolet harbiy aerodromdagi o‘z maydonchasiga qo‘ngach, novvotrang «Volga» yonida turgan polkovnik uni qarshilab, o‘zini tanishtirdi-da, «Sizni kuzatib borish menga topshirilgan», deb vazifasini bayon qildi. So‘ng markazni nima qiziqtirayotganini aytdi.
— Men uyga kirib-chiqishim kerak, ba’zi hisob-kitoblarim uyda, — dedi Samandar.
Polkovnik avvaliga norozi bo‘ldi. Samandar bu qog‘ozlarsiz Moskvaga borish foydasiz ekanini aytgach, noiloj ko‘ndi.
Samandar uyga kirdi-yu, nima uchun kelganini unutdi.
Abduqayum yanglishmagan edi:
... yarim soatcha qolib ketdi...
To‘g‘ri, buning orasida tashqariga bir chiqdi. O’sha onda qo‘shni ayolga yo‘liqdi. Zinadan pastga tushayotib, nima uchun kelganini esladi-da, iziga qaytdi. Uning bu harakatini kuzatgan qo‘shni ayol «jinni-pinni bo‘lib qolganmi yo mastmi?» deb o‘yladi. Ziyrak nigohi «bu telbaning» panjalari qon ekanini ham ilg‘adi. «Bir balo bo‘ldi» dedi-yu, o‘zini tezda ichkariga oldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:43

Samandar uyiga qaytib, garangsigan bir ahvolda xonasiga kirdi-da, po‘lat javondan kerakli qog‘ozlarini oldi. Qo‘lidagi qon yuqini yuvib tashlash xayoliga ham kelmadi. Faqat mashinaga o‘tirganida polkovnik «qo‘lingizga nima qildi?» deb so‘ragach, panjalariga qarab ajablandi. Beixtiyor ravishda «shisha tilib ketdi», dedi. Yaxshiki polkovnik «qanaqa shisha? Qanday tarzda?» deb ezmalanmadi. Buning o‘rniga haydovchidan «aptechkang bormi?» deb so‘radi. Rad javobini olgach, cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib, Samandarga uzatdi-da, «Bog‘lab oling, samolyotda aptechka bo‘lishi kerak», dedi.
Samandar ro‘molchani qon tekkan panjalari ustiga tashlab, holsizlanayotganini his qildi. Ko‘ngli aynidi. O’rindiqqa suyanib, ko‘zlarini yumdi. Ko‘z oldini qoplagan qora parda birdan qizil rang oldi. Samandar go‘yo qon girdobida qolganday bo‘ldi. Bu qon girdobi orasidan behisob qonli panjalar ko‘tarilib uni bo‘g‘a boshladi. Nafasi qaytib, baqirib yuboray dedi. Shoshilib ko‘zlarini ochdi.
Uchoqqa chiqqunlaricha ko‘ngli behuzur bo‘lib ancha toqatsizlandi. Uchoq o‘rnidan qo‘zg‘olmay turib polkovnik ensiz doka, dori ko‘tarib kelib, «yarangizni bog‘lab qo‘yay», dedi. Garang bo‘lib o‘tirgan Samandar «qanaqa yara?» deb yuborishiga sal qoldi. Yaxshiki qo‘lini «shisha tilib yuborgani» esiga tushdi. «O’zim yuvib, bog‘layman», deb doka, dorini olib hojatxonaga o‘tdi, Qo‘lini yuvdi. Uchoq chayqala boshlagach, o‘zini tutolmay qayt qildi. So‘ng yuzlarini yuvib, ko‘zguga qaradi. Ko‘zguda uning aksi emas, Nafisaning «gunohim nima?» deb baqraygan ko‘zlarini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Beixtiyor orqasiga tisarildi. Ko‘zgudagi baqraygan nigoh yo‘qolib, o‘zining aksi ko‘rindi. Malla rangi oqarib o‘lik tusini olganday tuyuldi o‘ziga. Yuzlariga asta shapatiladi. So‘ng panjasini doka bilan betartib ravishda bog‘lab joyiga qaytdi. Polkovnik uning bog‘langan qo‘liga ajablanib qaradi-yu, «adashdim shekilli», deb o‘ylab indamadi. Yo‘q, polkovnik yanglishmagandi: Samandar uyidan chiqib kelganda uning o‘ng panjasi qon edi. Hozir esa chap qo‘lini bog‘lab olgandi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:58:52

Samandar polkovnik gapga tutmasin, degan maqsadda o‘zini ish bilan band qilib ko‘rsatish uchun qog‘ozlarni varaqladi. Bir oz vaqt o‘tgach, «ish bilan band» ekanini ham unutib, ko‘zlari bir nuqtada qotdi. Askar yigit yaqinlashib, qahva uzatganini ham sezmadi. Polkovnik uning bilagiga qo‘lini astalik bilan qo‘yib:
— O’rtoq Bosh konstruktor, — dedi.
Samandar yengil seskanib, unga qaradi.
— Qahva iching, yengil tortasiz, — dedi polkovnik kulimsirab.
«Yengil tortasiz» — deb ajablandi Samandar. — Bir nimani sezdimi bu odam? O’zimni tutib olishim kerak. Uyda hech nima bo‘lgani yo‘q, hech nima... Bu tush edi, vahimali tush...»
Qahva ho‘playotib shu tarzda o‘zini o‘zi ovutib, «tush ko‘rayotgani»ga ishontirmoqchi bo‘ldi.
— Qondan qo‘rqar ekansiz, — dedi polkovnik kulimsirab.
— Yo‘g‘-e, — dedi Samandar aybi oshkor bo‘lgan boladay.
— Ha, rangingiz aytib turibdi. Siz hijolat bo‘lmang, ayrim odamlar shunaqa bo‘lishadi. Qonga ko‘zi tushishi bilan hushidan ketib qoladiganlar ham bor. Ko‘nglingiz ayniganini mashinadayoq sezgan edim. Tag‘in ham chidadingiz.
Samandar bu lutfni qabul qilganday o‘zini zo‘rlab kulimsiradi.
— Bir oz dam oling, o‘tib ketadi, — dedi polkovnik, mehribonlik bilan.
«O’tib ketadi? Qani edi o‘tib ketsa!.. O’tib ketadigan manzara emas bu...» deb o‘yladi Samandar. Polkovnikning taklifi unga ma’qul keldi: bekorchi suhbatdan qochishning yaxshi yo‘li — dam olish. U qahvani ichib bo‘lgach, suyanchiqni tushirdi-da, yotib, ko‘zlarini yumdi.

Qayd etilgan