Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190316 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:09

 Samandar shu bo‘yi to uchoq Moskva yaqinidagi harbiy aerodromga qo‘nguniga qadar qaddini ko‘tarmadi. Polkovnik taomga taklif qilganida ko‘zlarini yarim ochib, «yo‘q» ishorasini qilib, bosh chayqab qo‘ya qoldi.
Ko‘zlarini yumib yotgani bilan uxlamadi. Aslida bu holda yotish ham uning uchun azob edi. Biroq, polkovnik bilan suhbatlashgandan ko‘ra shu alfozda azob chekish ma’qulroq tuyuldi.
U ikki to‘lqin iskanjasida edi. Biri — qon tusida, uyidagi dahshat manzarasi, ikkinchisi — bir necha soatdan so‘ng bo‘lajak suhbatlar. Samandar birinchi to‘lqinni yengishga, Nafisaning baqraygan ko‘zlarini haydashga, girdobdan ko‘tarilayotgan qonli panjalarni nari surishga intildi. Bir necha muddat bunga erishganday ham bo‘ldi. Biroq, nari ketgan manzaralar yana shiddat bilan o‘z o‘rniga qaytaverdi.
Samandar turli tashvishlar nahrida bearmon suzgan, ammo bu kabi kuchli to‘lqinlarga bandi bo‘lmagan edi. Yaratganiga banda bo‘lolmaganlarning ajri balki shudir — tashvishu alamlarga bandi bo‘lishdir...
U keyingi ma’lumotlarga kattalarning ishonishlari qiyin, balki siyosiy tus ham berilar, degan tahminni diliga tugib yurgan edi. Uning kashfiyotiga asoslangan qurilmalar dunyodagi yadro poligonlarining har biridagi eng kuchsiz sinovni ham aniqlab, bilib berishi mumkin edi. Ammo o‘n ikki kun avval kutilmagan holat yuz berdi: qurilma zaminning kuchsiz tebranganini xabar qildi. Zaminning tebranishi yangilik emas, ammo tebranish markazi sira kutilmagan yerda edi. Ulardagi xarita bo‘yicha bu joyda yadro poligoni yo‘q edi. Samandar hisob-kitoblarni qayta-qayta tekshirdi, solishtirdi. Raqamlar bari-bir o‘jarlik bilan aynan o‘sha joyni ko‘rsatib turaverdi.
Samandar ma’lumotlarni bir kun kechikib yubordi.
Markaz tanbeh berar, deb o‘ylayotgan edi. Shoshqich chaqiriluvi u uchun kutilmagan bo‘ldi. Ayniqsa, uydagi voqea...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:16

Uchoq yerga qo‘nib, belgilangan maydonchada to‘xtagach, Samandar qaddini ko‘tardi. U go‘yo uchoqda uchmadi, balki tanklar zanjiri ostida ezilandi. Uchoq uni uyidagi voqeadan uzib olib, necha ming chaqirim nariga olib kelgani bilan xayoliga boQlangan tashvish iplarini uza olmagan edi.
Uchoq zinapoyasida ularni ikki qora «Volga» kutib turardi. Polkovnik hamkasbi bilan salomlashib «vazifa ado etilgani»ni ma’lum qilgach, Samandar mashinaga o‘tirdi. «Vazifasini bajargan» polkovnikka «alohida buyruq bo‘lgunicha kutinglar», — deyilgach, mashinalar o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
Samandar Moskva ko‘chalarini yaxshi bilardi. Shu bois Mudofaa vazirligi joylashgan ko‘chaga burilishmaganidan ajablandi-da:
— Qaerga ketyapmiz? — deb so‘radi. Uni polkovnikdan «qabul qilib olgan» odam bamaylixotirlik bilan:
— Kremlga, — dedi.
— Kimning oldiga? — deb so‘radi Samandar.
— Sizni o‘rtoq Baygildin kutyapti.
— Bazarovchi?
— Viktor Bazarovich ham o‘sha yerda.
Bazarov deganlari vazirlik huzuridagi Markaz boshlig‘i edi. Odatda Samandar asosan shu odamga yo‘liqardi. Baygildinning huzuriga kamdan kam hollardagina borishardi. Samandar bu safar to‘g‘ri o‘sha yerga borilayotganidan masalaning jiddiy ekanini angladi. Bir jihatdan Baygildinga ro‘para bo‘lishi yaxshi. Farosatli odam. Bazarovga o‘xshab huda-behuda so‘kinib baqiravermaydi. Harholda unda harbiylikka nisbatan olimligi ustun turadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:23

Kremlda to‘g‘ri Baygildinga ro‘para bo‘lmadi. Bari-bir avval Bazarovga yo‘liqdi:
— Sen nima qilib qo‘yding, bilasanmi? — dedi u sovuqqina salomlashib.
— Nima qilibman? — dedi Samandar ham sovuqroq ohangda.
— Butun razvedka oyoqqa turgan. Agar ma’lumoting isbotlanmasa, bilasanmi nima bo‘ladi?
— Bilaman. Ishlarimning oyog‘i osmondan bo‘ladi.
— Faqat ishlaring emas, o‘zing ham. Faqat o‘zing emas, men ham...
— Shunaqa xatar bor ekan, ma’lumotni bularga ko‘rsatmang edi.
— Sen shunaqa vaqillayverasan. Rost bo‘lsa-chi? Unda yana bir balo! «Qayoqqa qarayapsanlar?!» deb uchirib yuborishadi. Nima bo‘lsa bo‘ldi — tavakkal! Yur.
Baygildin u qadar vahima qilmadi. Ma’lumotnoma, hisob-kitoblar xulosasi bilan tanishgan bo‘lsa-da, Samandarning tushuntirishlarini diqqat bilan tingladi.
— Ilmiy ekspertiza xulosalaringizning to‘g‘ri ekanini tasdiqladi. Lekin hozircha uzil-kesil to‘xtamga kela olmaymiz. Hozir orbital stantsiyadagilarga ham topshiriq berilgan. Samandar Ochilovich, siz uch-to‘rt kun Moskvada dam oling. Siz bilan Vasiliy Ignatevich ham ko‘rishmoqchilar. Qurilmalaringizni Hindiqushga ham o‘rnatsak-chi? Nima deysiz?
— Afg‘onistongami?
— Ha.
— Shartmi? Hozirgi joyi ham yetarli. Qurilma sezgirligini yana ham oshirish mumkin.
— Qanday qilib?
Samandar uydan olib chiqqan qog‘ozlar taxlamini unga uzatdi.
— Hammasi hisob-kitob qilingan. Hindiqushda yangisini qurgandan ko‘ra sezgirlik oshirilsa, yuz baravar arzon tushsa kerak.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:31

— Sen bularni menga aytmovding? — dedi Bazarov norozi ohangda.
— To‘ppa-to‘g‘ri bu yerga boshlab kelishlarini bilmabman. Aslida sizga ko‘rsataman, deb o‘ylovdim. Siz baribir o‘rtoq Baygildinga berardingiz.
— Bu hisobingiz ham to‘g‘ri, — dedi Baygildin jilmayib. So‘ng qog‘oz yuzidagi qizil dog‘ga ko‘zi tushib, Samandarning bog‘log‘liq qo‘liga qaradi: — Qo‘lga nima qildi?
— Ha, shunchaki... shisha tilib ketdi, — dedi Samandar o‘zini xotirjam tutishga intilib.
Baygildin ularni uzoq ushlab o‘tirmadi. Samandarni shahar chetidagi xos mehmonxonaga kuzatib qo‘yishdi. Xonaga kirib, birinchi ko‘rgani — Hindiqush xaritasi bo‘ldi. «Maqsadlari jiddiyga o‘xshay-di, — deb o‘yladi. — Agar Afg‘onistonga ham o‘rnatilsa, yangi o‘ta sezgir qurilmaga hojat qolmaydi. Yo‘lni to‘sishadi». Shu fikr xayoliga kelib, battar bo‘g‘ildi. Muzjavonni ochdi: baxtiga aroq bor ekan. Katta qadahga quyib, sahroda yo‘l yurib chanqagan odam kabi yutoqib ichdi. Bittaga qanoat qilmasdan ikkinchisini ham to‘ldirib ichgach, dasturxon ustidagi olmalardan birini olib, karsillatib tishladi. Nazarida aroqning quvvati ojizday tuyulib yana ikki marta ichdi-da, shisha beliga yopishtirilgan yorliqqa qaradi. Aroqning qirq daraja ekanini o‘qib, ajablanganicha bosh chayqadi.
Eshik taqillab, askar yigit ko‘rindi-da, «Yemakxonaga chiqasizmi yo ovqatni shu yerga olib kelaymi?» deb so‘radi. Samandar och bo‘lsa-da, ovqat yegisi yo‘q edi. Avvaliga «kerakmas», deb rad etdi. So‘ng yigitni chaqirib, «shu yerga olib kel», deb buyurdi.
Aroq ta’sir qilib, badani qizidi. Boshi aylandi. Bog‘langan panjasiga qarab g‘ijindi-da, dokani yechib tashladi. O’zicha bir nimalar deb g‘o‘diranib, hammomga kirdi. Yuvinib chiqqanida xonani ovqatning yoqimli isi tutgan edi. Shishani bo‘shatgunicha to‘rt-besh cho‘qim ovqat yeya oldi, halos. Tomog‘idan boshqa hech narsa o‘tmadi. Yana bir shisha pivo ichgach, to‘shakka ham yetib bora olmay, gilam ustiga cho‘zildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:38

...Nafisa ko‘zlarini yarim yumganicha to‘shakda ayshini surardi. Samandarning kirib kelganiga na u, na-da xushtori e’tibor berdi. Samandar «Hayvon! Buzuq!» deb baqirmoqchi bo‘ldi, ammo ovozi chiqmadi. So‘ng... oshxonadan bolta olib chiqib, ularni chopaverdi, chopaverdi. So‘ng... dahshatga tushdi. Bolta ularni qiyma-qiyma qilib tashlagan bo‘lsa-da, tanada bir tomchi ham qon ko‘rinmadi. So‘ng... qiymalangan tana bus-butun holga kelib, qadlari ko‘tarildi. «Ey nodon!» deb unga qarab kuldilar, kulaverdilar. So‘ng... Samandar ularga pichoq bilan tashlandi. Ular qochdilar, qochaverdilar. Samandar g‘azabga kelib, pichoqni otdi. Pichoq kinodagi mergan qo‘lidan otilganday to‘g‘ri borib Nafisaning chap ko‘kragiga sanchildi. Nafisa yiqildi. O’ldi. Chinakamiga o‘ldi! Ana, ko‘kragidan qon sizib chiqyapti. Qon... issiq, qon. Ko‘zlari esa baqrayib qoldi: «Gunohim nima edi?» deb so‘rayotganga o‘xshadi. Samandar qo‘rqib ketdi: «Nafis, seni o‘ldirmoqchi emasdim. Tursunali bilan birgaligingni bilganimda ham kechirgan edim. Bu safar ham kechirardim. O’lma, Nafis...» Shunday deb turganida xushtor kelib boshiga to‘qmoq bilan urdi, uraverdi. To‘qmoq har urilganida jaranglab, aks-sado taratdi, tarataverdi... Nafasi esa bo‘g‘ildi, bo‘g‘ilaverdi...
To uyqudan uyg‘onguniga qadar shu tush asoratida azob chekdi. Qo‘rquvdan uyg‘ondimi yo eshikning taqillaganidan uyg‘ondimi — farqlay olmadi. Harholda eshikning taqillashi boshiga urilgan to‘qmoq jarangiga monand edi. Boshiga urilgan to‘qmoq tushida kechgan bo‘lsa-da, gardani lo‘qillab og‘rirdi.
Avvaliga qimirlash u yoqdan tursin, «Ha, kim?!» deyishga ham majoli yetmadi. Aniqrog‘i qaerda, nima uchun yotganini idrok qilolmadi. Bir oz garangsib yotgach, nonushtadan keyin bo‘lib o‘tgan voqealarni xira tarzda bo‘lsa-da, esladi. Shundan so‘ng ko‘zlarini arang ochdi. Eshik yana taqillagach, «hozir!» deb ovoz berdi-da, inqillab o‘rnidan turdi. Uy xuddi osma ko‘prikday u yon-bu yon tebranganday bo‘lib, chayqaldi. Gandiraklab borib eshikni ochdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:45

Yengsiz ich ko‘ylakda turgan gavdali odam uni ko‘rib jilmaydi:
— Xayriyat! Bu kimsasiz orolda bittagina insofli tirik odam bor ekan! — dedi u. — Hamma xonalarni birma-bir taqillatib chiqdim. Tirik odam yo‘qmi, bilmayman. Bo‘lsa ham ochishmaydi. Qo‘rqishadimi, bilmayman. Men yolg‘izlikni yomon ko‘raman. Ichgim kelyapti, qo‘shni, nima men alkashmanmiki hadeb yolg‘iz ichaversam. Ko‘nglim shirin suhbatni istayapti. Siz menga sherik bo‘la olmaysizmi? — U shunday deb qo‘lidagi aroqni yuqori ko‘tardi.
Boshi aylanib, og‘zi qurib, ko‘ngli behuzur bo‘layotgan Samandarga bu taklif ma’qul keldi. Garchi u chaqirilmagan mehmonga zid o‘laroq yolg‘izlikni yoqtirsa ham hozir ulfat bilan ichgisi keldi.
— Kiring, — dedi u tisarilib.
Mehmon ostona hatlab qo‘l uzatdi-da, o‘zini tanitdi:
— Medvedev, Sergey Lavrentevich.
Samandar «Marhamat qiling», deb joy ko‘rsatdi. Medvedevning shimi yonidagi qizil hoshiyani ko‘rib «generallardan ekan-da», deb qo‘ydi. Medvedev esa yozuv stoli ustidagi Hindiqush xaritasiga ko‘zi tushib «o‘zimizdan ekan», deb o‘yladi.
— Ismingiz nima, qo‘shni? — dedi Medvedev ikki qadahga aroq quyib.
Kiev universitetida, so‘ng Moskvadagi aspiranturada o‘qib yurganida Samandarni hamma «Sasha» deb chaqirardi. Shuni eslab u:
— Sasha deyavering, — deb qo‘ydi.
— Sashoq, salomatlik uchun! Men sendan xursandman. Bu yerdagi yagona tirik odam sen ekansan... — Medvedev shunday deb tik turgan holida qadahni bir ko‘tarishdayoq bo‘shatdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:59:53

Samandar qadahni labiga yaqinlashtirganida aroqning hidi dimog‘iga urilib, seskandi. Ko‘ngli battar aynidi. Mehmon qarab turgani uchun hijolat chekdi. Keyin chuqur nafas oldi-da, bir zarb bilan ichib yubora qoldi. Dam o‘tmay o‘zini yengil his eta boshladi. Uchinchi qadahdan keyin esa picha o‘ziga keldi. Bu yerga kirishdan avval ham bo‘kib ichgan mehmonning «gap xaltasi teshilib», tinmay gapiraverdi.
— Sashok, men harbiy odamman. Mening kasbim jang qilish. Qog‘oz titib idorada o‘tiradiganlarga toqat qila olmayman. Rossiyani kim xarob qildi, bilasanmi? Ana o‘sha burniga ko‘zoynak qo‘ndirib, qog‘oz titib o‘tiradiganlar. Biz esa buyuk Rossiya shuhratiga shuhrat qo‘shamiz. Bu — bizning burchimiz.
Medvedev yana qadahlarni to‘ldirdi:
— Buyuk Rossiyamiz uchun, uning shuhrati uchun! — U shunday deb xitob qilgach, qadahni odati bo‘yicha bir ko‘tarishda bo‘shatib, kaftiga «kuf» deb qo‘ydi.
Samandar endi ichishga qiynalmadi. Og‘riqlar uni tark etgan, ammo qulog‘i shang‘illab, mehmonning gaplarini durust idrok qila olmayotgan edi. Medvedev esa «sukut rizolik alomati» sanalganday «gaplarim Sashokka ma’qul kelyapti», degan fikrda jo‘shib so‘zlayverdi.
— Bu g‘alamislar Rossiyaning O’rta Sharqdagi siyosatini o‘zgartirishmoqchi. Ochig‘ini aytaymi? Mixail Mechenniyning ishlari menga yoqmayapti.
Samandar Mixail Mechenniyning kim ekanini darrov anglamadi. Keyinroq fahmlab, nimani tasdiq etayotganini o‘zi ham tushunmay, bosh irg‘ab qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:00

— U bizning Germaniyani ikki qo‘llab topshirdi. Germaniya uchun ruslar qancha qon to‘kishgan, bilasanmi? Endi esa Afg‘onistonni bermoqchi! Gorchakov janoblari 1877 yilda nima qilgan bilasanmi? Bilmaysan! Granvillni bilasanmi? U o‘sha paytda Angliya tashqi ishlar ministri edi. Gorchakov u bilan sulh tuzdi. Hozirgi Afg‘onistonning shimoliy chegarasini o‘sha ahmoq belgilagan. Nega ahmoq, deyapsanmi? Shuning uchunki, yana bir zarb berilsa, Afg‘oniston to‘laligicha bizniki edi. Hech bo‘lmasa yarmi bizniki bo‘lardi. Bugun bekorga qon to‘kib yurmasdik. Endi Mixail Mechenniy nima qilmoqchi? Bilasanmi? Bilmayman, dema, bilasan. Bu yerda bekorga o‘tirganing yo‘qdir. Meni ham shuning uchun chaqirtirishibdi. Bular Afg‘onistonni topshirishmoqchi! Qo‘shinni qaytarishmoqchi! Bunga chidash mumkinmi?! Yo‘q! Sen chidasang chidayver, ammo men chiday olmayman! Axir u yerlar rus qoni evaziga olindi. Xalqi tamoman qirib tashlansa ham Afg‘onistonni qo‘ldan bermaslik kerak. Afg‘oniston — Pokiston kaliti, Hindiston kaliti, Hind okeani yo‘li! Hindiqushchi? Bunday strategik qulay joy yana qaerda bor? Endi sen ayt: qaysi ahmoq kalitni o‘z ixtiyori bilan beradi?
U yana bir oz asabiylashgan holda aroq quydi:
— Rossiya shuhratining so‘nishiga sira yo‘l qo‘ymaymiz!
Samandarning ko‘zlariga qadah avval ikkita, so‘ng uchta bo‘lib ko‘rindi, keyin chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Rossiyaning shuhrati uchun ichishga qurbi yetmay yoniga shilq etib yiqildi.
— O, Sashok, ichishni eplay olmas ekansan-ku!
Medvedev shunday deb uni ikki qo‘ltig‘idan oldi-da, sudrab borib karavotiga yotqizdi.
— Bo‘pti, Sashok, omon bo‘l! Bir oz ko‘nglim yozildi. Ammo sen mening gaplarimni unut!
Shunday deb yarimdan ozaygan shishani ko‘tarib, bir oz gandiraklagan holda xonadan chiqdi. Dam o‘tmay qo‘shni xona eshigi taqillay boshladi. U endi ertalabgacha birga ichishi mumkin bo‘lgan «tirik odam» izlardi.
Hammayoqni bulg‘ab tashlagan Samandarni esa ertalab harbiylar shifoxonasiga olib ketishdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:12

ARMON

Tish og‘rig‘ining davosi ombur, deganlaridek, Omonullo o‘zidagi qo‘rquvni yengishga kuch topib, tish tabibiga kirdi-yu, bir necha daqiqada ko‘zlari moshdek ochildi, qoronQu dunyosi yorishdi. Avvalgi kuni e’tibor bermagan narsalar endi muhim bo‘lib ko‘rinaverdi.
O’sha kuni Abduqayumning uyidan chiqqach, doktiloskopist uni ichkari xonaga chaqirdi-da, po‘lat sandiqdagi qonli dog‘ni ko‘rsatdi:
— Eshik tutqichlarida ham ayni shu iz.
Omonullo po‘lat sandiqni sinchiklab ko‘zdan kechirdi: ochishga urinilmagan. Balki o‘z kaliti bilan ochib-yopilgandir? «Kim ochib yopgan? Ochilovmi? Pullarini olib qochganmi?» Omonulloning xayoliga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Samandardan barmoq izlarini olib, qonli izlar bilan solishtirib ko‘rilmagunicha aniq bir qarorga kela olmas edi. Shu sababli uning qaerdaligini aniqlash maqsadida ishxonasiga yo‘l oldi.
Telefondagi savol-javobdan so‘ng uning kelishini kutishayotgan ekan. Tashqaridan qaraganda ko‘rimsizgina bo‘lgan uch qavatli uy temir panjara bilan o‘ralgan edi. Omonullo darvoza yonidagi qorovulxonadan nariga o‘ta olmadi. Qorovulxona odatdagidan ko‘ra kengroq, uchdan ikki qismi bel barobar taxta to‘siq bilan ajratilgan edi. Odamlar o‘tishi uchun mo‘ljallangan yo‘lak o‘rtasiga xuddi metrodagi kabi ochilib-yopiladigan to‘siq qo‘yilgan edi. Xuddi shu joyda to‘xtagan Omonulloning guvohnomasini ko‘rishdi. Avvaliga to‘siq yonida turgan yigit harfma-harf o‘qiyotganday tikildi. So‘ng bir suratga, bir Omonulloga tikildi-da, guvohnomani xona to‘rida o‘tirgan o‘rta yosh, tepakal kishiga olib borib berdi. Tepakal ko‘zoynagini taqdi, bu ham kamlik qilib, tortmasidan toshoyna chiqarib guvohnomani sinchiklab tekshirdi. Keyin o‘ng tomondagi kompyuter tugmalarini bosib, besh-olti daqiqa davomida nigohini ekrandan olmay o‘tirdi. Ekranda javob yozuvlar paydo bo‘lganidan keyingina buyruq ohangida «o‘ting» deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:21

Omonullo avval hovliga, keyin uch qavatli binoga o‘tsam kerak, degan fikrda «qayoqqa boramiz?» deb so‘radi. Yigit unga javoban jilmayib qo‘ydi-da, to‘siqni ochib, «Bu yoqqa», deb tepakal tomonga ishora qildi. Omonullo ichkariga o‘tib, tepakalning ro‘parasidagi stulga o‘tirdi.
— Ochilovda nima ishingiz bor? — deb so‘radi tepakal unga qattiq tikilib.
— Undan so‘rab-bilib oladigan gaplarim bor.
— Qanaqa gap?
— Siz bilishingiz shartmi?
— Shart.
— Aytaylik, bir jinoyatga oid gaplar bo‘lishi mumkin.
— Qanaqa jinoyat?
— Buni ham bilishingiz shartmi?
— Ochilovga tegishli bo‘lsa — shart.
— Uning xotini o‘ldirilgan.
— Qachon?
— Taxminan uch kun avval.
— Ochilov bir oydan beri safarda.
— Qaerda?
— Kerakli joyda.
— Uni ko‘rishim shart.
— Kelganida ko‘raverasiz.
— Qachon keladi?
— Kerak bo‘lganida keladi.
— Aniqrog‘ini hech kim bilmaydimi?
— Ochilov bilan ishingiz bo‘lmasin. Jinoyat yuz berdimi, jinoyatchini toping. Sizga maslahatim: bu tomonlarga boshqa kelmaganingiz ma’qul.

Qayd etilgan