Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190136 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:54

U Nuriddin kabi uxlay olmay qiynalmadi. Aroqning quvvati allalaganday bo‘lib, kipriklariga uyqu qo‘na qoldi.
Nuriddin ertasi kuni chekish bahonasida dam ola-yotgan Yanisni kutilajak ofatdan xabardor etdi. Yanis Nuriddin kutganidek sapchib tushmadi, G’azablanmadi ham. Shimolliklarga xos sovuqqonlik bilan o‘zgarishsiz o‘tiraverdi. Nuriddin bu fitnada o‘zining ishtirok etishi mumkinligini aytmadi. Aksincha:
— Siz xafa bo‘lmang, biz sizni himoya qilamiz, — deb uning ko‘ngliga dalda bergisi keldi. Bu shunchaki manzirat emas, yigit qalbining ahdi edi. Uyqusiz kechgan tun uni shu qaror bilan tongga yetkazgan edi. Tengizning ogohlantirishiga qaramay, shu maqsadda to‘xtaldi.
— Yo‘q, Nuriddin, kerakmas,— dedi Yanis,— qamoqda har bir odam o‘zini o‘zi himoya qilishi kerak.
— Odam odamga bo‘ri bo‘lib yashashi kerak, demoqchimisiz?
— Bo‘rimi...— Yanis shunday deb kulimsiradi. Uning bu nim kulgusi quvonch yeli bilan emas, afsus shamoli bilan uyg‘ongan edi. — Bo‘rilarni kamsitma, Nuriddin, agar odamlarda bo‘ri tuyg‘usi bo‘lsaydi, odam boshqacha yashardi.
Nuriddin Yanisning bu gaplarini fahm etmadi, tushunmaganini yashirmay so‘radi:
— Odamlar bo‘riga o‘xshasa deysizmi?
— Ha, bo‘riga o‘xshasa... Bo‘rilar odamlar kabi bir-birlarini g‘ajimaydilar. Ular ahil yashaydilar. Ular ozodliklarini hech nimaga alishmaydilar. Bunday ahillik, bunday mag‘rurlik boshqa hech bir jonzotda yo‘q. Sen tsirkda bo‘rini o‘ynatganlarini hech ko‘rganmisan? Ha, ko‘rmagansan. Fildan tortib ilongacha bir luqma ovqat uchun insonlarga masxara bo‘ladi. Faqatgina bo‘ri bo‘ysunmaydi. Sen turkiylardansan. Ajdodlaring e’tiqod qilgan ramz nima bo‘lgan, bilasanmi?
Nuriddin aybdor odam kabi nigohini olib qochib, yelka qisib qo‘ya qoldi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:02

— Qurt, ya’ni bo‘ri. Turkiylar bayrog‘ida bo‘ri tasviri bo‘lgan, deb eshitganman. Turkiylar qadimda shunday erksevar bo‘lgan ekanlar. E, u zamonlar o‘tib ketdi. — Yanis shunday deb xo‘rsindi. — Biz ham ozodlik sevuchi xalqmiz. Men bu qamoqni nazarda tutayotganim yo‘q. Meningda, seningda vataning ulkan bir qamoqqa aylantirilgan. Bizlarning yurtdoshlarimiz esa tutqunlar. Mening xalqim tutqunlikka ko‘nikib yashaydigan toifadan emas. Sen hozir «Yanis amakimga yangilik aytdim», deb o‘ylayapsanmi? Men shunday bo‘lishini kutardim. Bugun bo‘lmasa ertaga albatta qilishardi shu ishni. Seni bo‘lmasa boshqalarni yollashardi. Nafsga qul bo‘lganlar ozmi bu dunyoda?
— Men yollanganim yo‘q, — Nuriddin shunday dedi-yu, ammo unga tik qaray olmadi.
— Men shunchaki misol tariqasida aytyapman. Sen bilan biz ikki tomonlama mahkummiz. Bundan qutularmiz, biroq Vatan tutqunligichi? Sen «bularni nima uchun qiynasharkin?» deb garang bo‘layotgandirsan? Bilib qo‘y: biz uchun dunyoda eng shirin so‘z — ozodlik! Ular shu so‘zni aytuvchi tillarni kesadilar. Erkin nurga tashna ko‘zlarni o‘yib oladilar. Bunga ajablanmaslik kerak. Axir sen mol so‘ygan qassobga qarab ajablanmaysan-ku? Nuriddin, sen hali yoshsan, ko‘p narsalarga tushunmaysan. Tutqunlikda tug‘ilganing uchun ko‘zlaringni ocha olmaysan. Men esam vatanimning qanday tutqun bo‘lishini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Bir tasavvur qilgin-a, qassob o‘z onangni ko‘z oldingda bo‘g‘izlasa... Men ana shunday odamman. O’lganimdan so‘ng yuragimni tilib, ochishsa, qon o‘rnida zardob ko‘rishadi. Sizlar buni taqdir deysizlar. Biz esa bunga murosa qila olmaymiz. Men, agar bilsang, shu azoblarga duch kelganimdan xursandman. Uyida qorin g‘amida yotgan tuyg‘usiz odam qatoriga tushib qolmaganimdan quvonaman. O’lib ketsam ham ranjimayman, axir ruhim ozod tarzda qoladi-ku? Agar mening o‘limim vatanim ozodlik onlarini bir daqiqaga ham yaqinlashtira olsa ming-million martabalab qayta-qayta o‘lib berishga roziman. Agar bilsang, yer yuzidagi hamma jonzotlar o‘z uyasini qadrlaydi, himoya qiladi. Biz esa... shularchalik ham emasmiz, mening armonim shu xalos. Ovqat yeyishni bilamiz, kiyinishni bilamiz, maishatni bilamiz, chiroyli so‘zlashga ustamiz, ammo Vatan qadrini bilmaymiz. Uyimizga o‘g‘ri tushsa dod solamiz, Vatanni talasalar indamaymiz. Sen bularni tushungin, Nuriddin. Bu yerdan chiqib borganingdan keyin sen ham qorin g‘amiga tushib qolmagin. Ular bizlarni xuddi tramvay kabi o‘z izlaridan yurmog‘imizni, ular istagan yerda to‘xtab o‘tmog‘imizni xohlaydilar. Biz tramvay emas, unutma, bizlar erkin qushlarmiz. Qani edi, burgut bo‘la olsak...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:11

Nuriddin bu gaplarni eshitib, ajablandi. Bugunmi yo erta-indinmi boshiga kulfat yog‘ilay deb turgan odam o‘z qayg‘usini o‘ylamay, shu gaplarni aytib o‘tirsa. Kulfatni tik turib qarshi olish — mutelikmi yo mardlikmi? Alhol Nuriddin bu savolga javob topa olmadi. Shundan so‘ng qo‘li ishda, xayoli esa Yanisda bo‘ldi. O’zi istamasa-da, beixtiyor ravishda unga tez-tez qarayverdi. Nuriddinning holatini anglagan Yanis sir boy bermay, sovuqqonlik odatiga xilof qilmagan tarzda ishi bilan mashg‘ul bo‘laverdi. Yana bir chekish bahonasida hordiq chiqarishayotganda:
— Sharqliklarning juda zo‘r hikoyasi bor, aytaymi, eshitasanmi? — deb qoldi. Nuriddin Yanisning indamay ishlayotganidan siqila boshlagan, hozir hikoya aytadimi yo boshqa bir balonimi, unga farqsiz, sherigi gapirsa bas edi. Shu bois «ayting», deb darrov ko‘na qoldi.
— Taqdir degan bir odamning fahm-farosatda tengi yo‘q, oqila va go‘zal qizi bor ekan. Taqdir qiziga qarab: «Aql, Davlat va Umid degan uch odamdan sovchi kelyapti, qaysi biriga rozi bo‘lasan?» deb so‘rabdi. Shunda qiz: «Dada, aql — insondagi eng ulug‘ fazilatdir, Aqlga suyanib turib do‘stni dushmandan, hushyorni devonadan farqlash mumkin. Lekin aqlning bir aybi bor: kishini chalg‘itib, xatarli yo‘llarga solib qo‘yishi mumkin. Davlat esa ham ishbilarmon, ham hukmdordir. Lekin Davlat hech qachon, hech kimga vafo qilmaydi. Men Umidni ixtiyor qilaman. Chunki Umid hech qachon Insonga xiyonat qilmaydi, undan ajralmaydi. Butun jahon undan manfaatdor», degan ekan. Biz ham o‘sha Taqdirning dono qiziga o‘xshab Umidni tanlasak, adashmaymiz.
Yanisning bu gaplari Nuriddinga qiziqarli, ayni damda sirli tuyuldi. Shu sababli yana qaytarishni iltimos qildi. Yanis ensasi qotmasdan, bu safar soddaroq qilib tushuntirdi. Garchi u Taqdirning dono qizi kabi Umidni tanladim, degan bo‘lsa-da, aslida o‘zi birdaniga ikki erni ixtiyor qilgan qiz kabi edi. U Umiddan avval Aqlni tanlagan edi. Aql uni shu holatga soldi, endi esa «ko‘z ochib ko‘rganim — Umid», deb o‘tiribdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:24

OILA

Eshik qo‘ng‘irog‘ining asabiy jiringlashidan uyg‘ongan Omonullo darrov soatiga qaradi. Telefon ishlamay qolgan kezlari hamkasblari yarim kechami yo erta tongmi, chaqirib kelaverishardi. U o‘zi ishlaydigan sohada vaqtida hordiq chiqarish yoki bayramlarda dam olish yo‘qligiga allaqachon ko‘nikib ketgan. Qatorasiga ikki kun uxlamay, endi ko‘zi ilinganda chorlashganida ham indamay turib ketishga odatlangan. Hozir ham tezda kiyinib, eshikni ochdi-yu, Safarni ko‘rib, ajablandi:
— Ha, so‘fi tahorat qilmay kelibsan? — dedi norozi ohangda.
— «Ko‘mirxona»dan endi turdik. O’yin ja-a qizib ketdi. Uyga bormay, to‘g‘ri senikiga kelaverdim, — Safar shunday deb, taklifni kutmayoq ostona hatlab ichkari kirdi. — Sen ham erkaklarga o‘xshab «gap»ning oxirigacha o‘tirsang, billalashib kelardik.
— Agar «gap»da o‘tirishlaring hisobga olinmasa senlarning erkak ekanliklaringni bilib ham bo‘lmaydi, — Omonullo shunday deb yuvinish maqsadi-da yon tomon o‘tdi.
— Menga qara, hov erkak, — dedi Safar, — ma, kalitni ol, xohlasang men uyingda yota qolaman, rayoningga o‘zing borib kel.
— Birga boramiz, — dedi Omonullo. — Meni himoya qilasan. Mabodo seni ham o‘ldirib qo‘yishsa, bahonada bitta medalli bo‘lib ketasan bu dunyodan.
— Sen uchun o‘lish biz uchun sharaf, okasi, — dedi Safar, kinoyaga kinoya bilan javob berib. — O’lishdan oldin bir uxlab olmasam bo‘lmaydi. Men mashinada yotaman, uyg‘otma. Qog‘oz xaltaga u-bu solib berishgan. Xohlasang, ye-ich.
Omonullo yuvinib, yengil tamaddi qilib olgach, ko‘chaga chiqdi. Orqa o‘rindiqda ikki buklanib yotgan Safarning hurragini tashqaridan ham bemalol eshitish mumkin edi. Mashina o‘rnidan siljigach, u bir silkinib, ko‘zlarini yarim ochib qarab qo‘ydi-yu, uyquni kelgan yeridan davom ettiraverdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:33

Safarning bu qadar barvaqt kelishi, orqa o‘rindiqda uxlab yotishi Omonullo uchun ma’qul keldi. Safar ko‘ngliga yaqin do‘sti bo‘lsa-da, uning ba’zida meyoridan o‘tuvchi safsatalari me’dasiga tegib ketardi. U kasalxonaga o‘tib, tutingan otasining uyqusizlikdan kirtayib, qizargan ko‘zlaridan opasining ahvoli uncha yaxshi emasligini tushundi. Kechki payt yana xabar olishini aytib, Matluba To‘xtaeva bilan uchrashish niyatida cho‘lga qarab yo‘l oldi.
Ko‘chada harakat siyrak bo‘lgani uchun mashinani yeldek uchirdi. U Matluba bilan bo‘lajak uchrashuvni, berajak savollarini xayolida yana bir pishirib olgach, kechagi uchrashuvni beixtiyor tarzda esladi. Omonullo Adolatni kuzatib qo‘ygach, doktiloskopist bilan suhbatlashib, ayrim narsalarni yanada aniqlab oldi-da, Samandar Ochilovning birinchi xotini bilan uchrashishga otlandi. Mels Xo‘jaev yozib bergan manzilga borib qo‘nQiroq tugmasini bosdi. Eshikni qorachadan kelgan, yuzlari lo‘ppi, ko‘zlari kulib turuvchi istarali ayol ochdi. Pastga tushishga harakat qilayotgan jingalak sochli shiringina o‘Qilchasini baQriga mahkam bosganicha kutilmagan mehmonga «Keling?» deb savol nazari bilan qaradi. Omonullo o‘zini tanitgach, «adamiz uyda yo‘q edilar», dedi uzrli ohangda. Omonullo uyga kirmoqqa ijozat yo‘qligini anglab, ostonada gaplashib qo‘ya qoldi. Samandarning birinchi xotini tabiatan kamgapmidi yo savol-javoblarga hushi bo‘lmadimi — Omonullo bilolmadi. Ayoldan ishga asqotadigan yangi gap ham ololmadi. Ajralishganlaridan so‘ng bir yil o‘tgach turmush qurgan ayol birinchi erini o‘shandan beri ko‘rmagan, uylanganini eshitmagan ham edi. Ajralishi sababini esa bir oz qiynalibroq aytdi. «Farzandsizlikdan...» — deb yerga qaradi. Omonullo «Ochilov farzand ko‘rolmaydigan erkak ekanmi?» deb o‘yladi. Bu o‘yni o‘qigandek ayol unga izoh berdi: «Farzand ko‘rishdan qo‘rqardilar... Urush bo‘lib qolsa bolalar azoblanadi, deb cho‘chirdilar. Xayollarida ertami indinmi urush boshlanib, hamma yoqni atom bomba bosadigandek edi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:47

Birinchi homilamni olib tashlattirmoqchi bo‘ldilar. Men unamadim. Tug’ilganida xursand bo‘ldilar baribir. Lekin... xavotirlari ko‘tarilmadi... Bolamizning umri qisqa ekan, atom bombasiz ham bizni tashlab ketdi... Keyin shu masalada baribir chiqisha olmadik. O’zlari juda yaxshi odamlar, chivinga ham ozor bermaydilar... Lekin xayollari g’alati...»
Omonullo xayrlashib qaytar mahalida ham bu gaplarni ko‘p o‘yladi. Bunaqa toifani uchratmagani uchun Samandarning qilig’iga sira tushunmadi.
Hozir cho‘lga, Matluba bilan uchrashuvga oshiqayotgan damda ham kechagi suhbatini eslab, tushunishga urindi — uddasidan chiqolmadi...
Safar to manzilga qadar, to‘g‘rirog’i, mashina qishloqning notekis ko‘chalariga kirib chayqala boshlagunga qadar uyQonmadi. Avval depara vakili bilan kelgan Omonullo Matlubaning uyini qiynalmay topib bordi.
Maktabga otlangan bolalarini kuzatib chiqqan Matluba yonginasida to‘xtagan mashinaga xavotir bilan qaradi. Keyingi oylar ichi uning yuragi qush hadigi bilan uradigan bo‘lib qolgan edi. Hovlidagi musichalar bexos patillab urishib ketsa ham, tomdagi mushuklar miyovlab, tunukalarni taraqlatib yugurib qolishsa ham, qo‘shnining eshagi hangrab yuborsa ham bir titrab olardi. Bemahalda ko‘chadan mashina ovozi kelsa «iloyim to‘xtamasin», deb yurak yutib o‘tirardi. Mashina to‘xtaguday bo‘lsa, yuragi ham urishdan to‘xtaganday bo‘lardi. Bu tun ko‘chalaridan ikki marta mashina o‘tib uyqulari o‘chib ketgan edi. O’sha vahmdan qutulmay turib, yonginasida shaharning mashinasi to‘xtadi-yu, rosmanasiga cho‘chitib yubordi.
Omonullo eshik og’zida turgan Matlubaga o‘zini tanitishga ulgurmay, Safar ham mashinadan tushib, unga yaqinlashdi. Dumaloqdan kelgan, jingalak sochli, bo‘yniga ham, o‘ng bilagiga ham tilla zanjir osib olgan Safarga Matluba xavotir bilan qaradi. Safar uning xavotirli nigohini anglamay, tomdan tarasha tushgani kabi:
— Opa, xojatxona qaerda? — deb so‘radi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:17:55

Omonullo do‘stining befarosatligidan ranjib, unga norozi qiyofada qarab oldi-da, Matlubaga uzrli ohangda:
— Bu mening og’aynim, uzoq yo‘lda hamroh bo‘lib keldi, — dedi.
Matluba «Milisaning o‘rtog’i shunaqa bo‘ladimi?» deganday Safarga yana bir qarab olib, hovlisi tomon chekindi-da, etak tomonni imlab ko‘rsatdi.
— Avvalgi kuni ham kelgan edim, yo‘q ekansiz? — dedi Omonullo.
— O’a, ha, eshitdim kelib-ketganingizni. Men... shaharda edim. Dadamning marosimlari bor edi.
Omonullo Adolatning so‘zlarini eslab «Rostmi?» deganday qarab turaverdi.
— Keling, ichkari kiring, — Matluba shunday deb ayvon sari yo‘l boshladi.
Omonullo liqillab turgan, ammo bitta odamni ko‘tarishga yaraydigan stulga omonat o‘tirdi. Ikkinchi stulni Matluba egallab, qaynonasi oldida mulzam bo‘lgan kelin kabi boshini quyi egib, barmoqlariga tikilib qoldi. Omonullo esa atrofga shoshqich razm solib «direktorning uyi obodroq bo‘lardi, mulkini musodara qilishganmi yo berkitib ulgurishganmi?» deb o‘ylab qo‘ydi.
— Akamdan xat-xabar bormi, tinchmilar? — Omonullo o‘zining nima maqsadda kelganini bildirib qo‘yish uchun gapni shunday boshladi. Matluba esa «militsiya bekorga surishtirmaydi», degan xavotir bilan titroq ovozda:
— Kimni so‘rayapsiz? — dedi.
— Xo‘jayiningizni so‘rayapman, — dedi Omonullo yanada samimiy ohangda.
— Xo‘jayinimning yana chala ishlari qolgan ekanmi? — Matluba shunday deb unga o‘g‘rincha qarab oldi. — Qamasalaring ham tinch qo‘ymas ekansizlar-da, a?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:02

Omonullo Adolatning gaplarini eslab:
— Mendan oldin ham so‘rab kelishuvdimi? Kim edi, qachon keldi, nimaga kelishdi? — deb so‘radi.
Matluba unga yalt etib qaradi-da, «atay sinash uchun so‘rayapsizmi, rostdan bilmaysizmi?» degan savol muhrlangan nigohini unga qadadi. Matluba so‘nggi tintuvda «yuragim yorilib o‘lib qolsam kerak», deb o‘ylagan edi. Dastlab ko‘ringanda nafratini qo‘zg’otgan Xursanali o‘shanda joniga oro kirgandi...
... O’shanda bolalari endigina uyquga yotishgan edi. Ko‘chada, ularning darvozalari yonida mashina to‘xtadi, ammo motori o‘chirilmadi — Qirillab turaverdi. Jing’iroq ishlamas edi, mashinadan tushgan odam darvozani qattiq taqillatdi. Matluba o‘rnidan turib tashqariga chiqishni ham, chiqmaslikni ham bilmay turganda tashqaridan «Matluba!» — degan ovoz keldi. Matluba ovoz egasini tanib, ham yengillik, ham xavotir bilan o‘rnidan turdi. Tashqarida sovuq izg’irin ekanini unutib, egniga paltosini ilmay hovliga chiqdi. Besabr Sarvar esa yana darvozani taqillatib, bu safar «opa!» deb chaqirdi. U kamdan kam hollardagina «opa» derdi. Uning bu safargi lutfining sababi darvoza ochilgach bilindi: Sarvarning yonida Xursanali turardi. Begonaning huzurida «opa» deyishga majbur bo‘lganini Matluba tushundi.
— Voy, tinchlikmi? — dedi u bir qadam ortga chekinib.
— Tinchlik, — dedi Sarvar ichkariga qadam bo-sib. — Bolalaringni kiyintir. Faqat hovliqma, lekin tez bo‘l. Nima gapligini keyin aytaman.
Sarvar Xursanali bilan ichkari kirdi-da, ayvon zinasiga yetganda opasidan «Podvalning chirog’i bormi?» deb so‘radi. «Ha», degan javobni eshitgach, «Yo’q!» deb buyurdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:10

Ayvon zinasining yon tomonidagi pastqam eshikni ochib, Sarvar, ketidan Xursanali yerto‘laga tushishdi. Ayvon ensiz bo‘lgani uchun to‘sinlarning beliga tirgak qo‘yilmagan edi. Bir oz egilgan holda katta uy yerto‘lasiga o‘tdilar: Xursanali olingan xabarda bayon qilingandek yettita ustun sanadi-da, o‘rtasidagisiga yaqinlashib, engashdi:
— Shu yerda bo‘lishi kerak, — dedi batartib terilgan g‘ishtlar ustiga kaftini qo‘yib. — Tesha olib tushing, opangizni ham chaqiring, tushuntirib qo‘yay.
Sarvar «xo‘p», deganicha shoshilib chiqdi-yu, dam o‘tmay kalta sopli eski teshani ko‘tarib qaytdi. Xavotirdanmi yo sovuqdanmi titrayotgan Matluba unga ergashib keldi.
— Opaxon, xo‘jayiningiz u yoqda gullab qo‘yibdilar: shu ustun tagida xazina bormish.
Matlubaning xayoli yorishib, «shu yerga ko‘milgan ekanmi, aytib ham ketmabdi-ya, u g‘alamis. Endi bularga yem bo‘ladimi?» degan fikr o‘tdi. Tili esa:
— Xazinasini yer yutsin, — dedi.
— Xazina bo‘lsa, yer yutmasin, opa. Xazina bo‘lsa, odamlarning kuniga yarashi kerak. — Xursanali shunday deb gapirganicha ustunni dam yuqorisiga, dam pastiga urib-urib siljitdi-da, so‘ng g‘ishtlarni asta ko‘chirdi. Keyin ikki qarichcha qalinlikdagi tuproqni teshada tatalab chiqardi. Teshaning uchi taxtaga tekkach, tuproqni kaftlari bilan sidirdi. Hali chirishga ulgurmagan taxtaqopqoq tutqichidan ushlab ko‘tardi. Ke-yin yana bir qarich qalinlikdagi tuproqni oldi. Ikkinchi yog‘och qopqoqni ham ko‘targach, bir jomadon bemalol sig‘adigan o‘ra ko‘rindi. Nomi xazina bo‘lgan bu o‘ra bo‘mbo‘sh edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:16

— Akaxonga besh ketdim: aldabdi, — dedi Xursan-ali qaddini ko‘tarib. — Bir-ikkita xarif xazinaning isini olib, pochchakamizning kekirdaklariga chang solgan ekan, shu yerda, deb gullabdi u ahmoq. Ahmoq deganimga xafa bo‘lmang, opaxon, bugun-erta xazina bor bu yerda, deb laqillab kelib qolishadi.
— Kim?
— Kimligini Xudo biladi. Lekin kelishlari aniq. Agarda bu yerda hech narsa topilmasa, avval sizlarga qiyin bo‘ladi. Akaxon esa, chiqqan joylariga kirib ketaveradilar.
— Quribgina ketsin, shu boyligiyam! O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim! — dedi Matluba yig‘lab.
— To‘xtang, opaxon, o‘lmay turing. Avval bu ishlarni bir yoqlik qilib olaylik. Hozir hammamiz ketamiz. Bolalaringizni ukangiznikiga tashlab, ertalab qaytib kelasiz. Sarvar ham bir-ikki kun siz bilan shu yerda turadi. Biz ham shu atrofda bo‘lamiz. Ishni bexit qilish kerak. Mabodo ishkal chiqsa, o‘zimiz tinchitamiz. Opaxon, mana bu suratga qarab, yaxshilab tanib oling bu ta’viyani, — Xursanali ichki yon cho‘ntagidan surat chiqarib ko‘rsatdi. — Chap oyog‘i kaltaroq bu odamning. So‘rashsa, eng avvalo cho‘loqligini aytasiz. Chap qulog‘ining yarmi yo‘q, burni pachoq. Gapirganda pishillaydi. Nima deganini o‘risi ham, chulchiti ham tushunmaydi. Panjalari katta-katta, menikiga ikkita keladi. Xullas, bir kuni kechqurun shu cho‘loq badbashara bostirib kirgan. Yonida bir malla xotin ham bo‘lgan. Pichoq chiqarib, do‘q urgan. Sizni bolalaringiz bilan birga uyga qamashgan. Podvalda bir nimalarning taqillaganini eshitgansiz. Ular indamay ketishgan. Siz podvalga tushishga qo‘rqasiz o‘shandan buyon. Shularni aytsangiz bas.

Qayd etilgan