Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190374 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:20:07

MAG‘LUBIYAT VA G‘ALABA
(Qotillikdan avvalroq sodir bo‘lgan voqea)

Tursunali zekkvagonda yonma-yon kelgan badbashara odamning laqabi «Udav» ekanini Tengizdan eshitdi. Eshitdi-yu, bular bilan hazillashib bo‘lmasligiga yana bir karra ishondi. Baxtini qarangki, u o‘sha «Udav» bilan vagonda birga bo‘libdi, bu nodon «Udav» qochibdi, uning xazinani o‘g‘irlaganiga Gobelyanning odamlari ishonibdi. Ishonishmaganda nima bo‘lardi, qochmaganida nima bo‘lardi, vagonda boshqa o‘g‘ri bilan kelganida nima bo‘lardi? Xayolida shu savollar uyg‘onganida Tursunalining yuragi orqasiga tortib ketaverdi, ko‘z oldida bolalari, Matlubasining ma’yus chehralari gavdalanib, ezilaverdi. Nechundir o‘z joni ham arzimasday tuyula boshladi. Nechundir Nafisadan olgan maktubi dardiga malham bo‘la olmadi. Kunlar, haftalar shu zaylda o‘taverdi. O‘chakishgandek Nuriddin ham teskariligicha qolaverdi. O‘chakishgandek, oshxonada boshlangan ola-to‘palonda do‘pposlanib, o‘lar holga keldi. Janjal nimadan boshlanganini anglashga ulgurmadi ham. Nazoratchilar nima sababdan mushtlashuvni bostirishga urinishmayotganidan ajablandi. Qamoq shifoxonasida ko‘zlari tinib, boshi aylanib yotganda bu haqda ko‘p o‘yladi. Chala o‘lik, chala tirik holda azob dengiziga bir g‘arq bo‘lib, bir yuzaga qalqib chiqib yotganida o‘zini «prokuraturadanman», deb tanishtirgan odam beshta surat ko‘rsatib, «qaysi biri bilan zekvagonda kelgansan?» deb so‘radi. Tursunali Tengizning ogohlantirishini eslab «Udav»ning suratini adashmay ko‘rsatdi. «Prokuraturadanman» degan odam nechundir boshqa narsani so‘ramadi.
Oshxonada janjal boshlanganida, ayniqsa jag‘iga birinchi musht tushganida Nuriddinni izladi. Keyinroq esladi: Nuriddin o‘sha kuni ertalabdan ko‘rinmagan edi. Yo‘q, hatto tunda ham joyida yotmagan edi. «Qayoqqa yo‘qoldi! Yo qochib ketdimi u nodon?» deb o‘yladi Tursunali. Nuriddinning qamoq hibsxonasida ekanini bilgach «omadli bola ekan», deb qo‘ydi. Bu masalada u haq edi. Chunki bir necha kunlik hibs Nuriddin hayotini omon saqlab qoldi, deyish ham mumkin.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:21:19

Tayyorlanmish fitnadan ogoh bo‘lgan kunning ertasiga oqshomda Nuriddin hovlida boshliq muoviniga duch keldi. Salom berib o‘tib, ikki qadam ham bosmagan edi-ki, mayor «to‘xta!» deb buyurdi. Nuriddin to‘xtagach, bo‘ralab so‘kib, «nega salom bermading?» deb baqirdi. «Salom berdim-ku?» deb ajablangan Nuriddinni mayor «hali gap ham qaytarasanmi!» deb urib qoldi. Nuriddin javob qaytarish u yoqda tursin, hi-moyaga chog‘lansa ham battar bo‘lishini bilgani uchun tobe holida turib berdi. Mayor urib, so‘kib bo‘lgach, Nuriddinni hibsxonaga boshlab borib, «salom bermagani, gap qaytargani va lager ichki intizomini qo‘pol buzgani uchun» qamadi. Botqoqqa tashlangan odam «nechun bunda loy ko‘p?» deb ajablanmagani kabi Nuriddin «bu qadar nohaqlik bo‘larmi, axir?!» deb hayratlanmadi ham, g‘azablanmadi ham. Bu tarzdagi hibsxonada o‘tirishlar uyga yuborajak va olinajak mujdalar sonini kamaytirishini, oqibat ozod bo‘lib chiqish onlariga salbiy ta’sir etajagini bilgani uchun afsuslandi xolos.
Hibsdan qutulib chiqishi bilan uni Tengiz chorlatdi. Yomg‘irdan so‘ng adl qomat oq qayinlar nozikbadan kelinchaklarday ko‘zni quvontirardi. Tengiz daraxtning silliq badaniga kaftini qo‘yib atrofga suqlanib boqardi. Uning ovulida, archalar orasida, unda-bunda shunday oqbadan qayinlar ko‘zga tashlanardi. Ularni birov atayin olib kelib ekkanmi yo qadimdan bormidi — Tengiz bilmaydi. Tog‘ archalari orasida begonasiramay o‘sayotgan bu daraxtlarga qarab zavqlanardi. Bu yerda, o‘z yurtida oq qayinlar o‘zgacha jilva qilardi.
Nuriddinni boshlab kelgan Pachoqburun sal berida to‘xtab «Knyaz, keldi», deb ovoz berdi. Tengiz orqasiga o‘girilgach, o‘zi nari ketdi. Nuriddin esa u tomon yurdi.
— Ha, Hamzat, kel, mana buni qara: agar dunyoda pokizalik istasang, daraxtlaru ko‘katlardan izla. Odamlardan qidirma — ovora bo‘lasan. Kaftingni qo‘y bu yerga, so‘ng tabiatning shiviriga quloq tut.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:21:33

Nuriddin Tengizning aytganini qildi. Ammo hech narsani sezmadi, tushunmadi. Tengiz esa xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday she’r o‘qiy boshladi:

Angladim: nomusning qotili — qullik,
Ko‘rdim: tojli boshlar ta’zimga keldi.
Bulbullarim o‘ldi Chamanzorlarda
Bulbulli maqomi cho‘g‘zimga keldi.
Haqoratlar yedim. Tahqir, haqorat —
Tirnog‘imdan tortib bo‘g‘zimga keldi...


Ruschalab aytilgan satrlarni Nuriddin yaxshi tushunmadi. Yaxshiki, Tengiz «angladingmi, Hamzat?» demadi. So‘raganida uning dovdirashi aniq edi.
Bu satrlar Tengizning xasta yuragidan potrab chiqib beixtiyor tilga ko‘chgan, Nuriddinga aytish uchun mo‘ljallanmagan edi. Tengiz ham, boshqa sheriklari ham o‘zlarini «ozod inson» hisoblasalar-da, aslan o‘zlari barpo etgan zindonga mahbus edilar. Dastlab hashamatli qasr bo‘lib ko‘ringan bu zindondan hech kim osonlikcha, aniqroq aytilsa, tirikligicha qutilgan emas. Ko‘pchilik qutulish choralarini o‘ylamaydi ham, izlamaydi ham. Tengiz esa bu qasr ostonasiga qadam bosgunicha bo‘lgan chin ozodligini qo‘msaydi. Yuragi ba’zan qanoti singan qush singari uchmoq istaydi. Qaysi zamonda, qay makonda qanotlari singan qush erkin osmonga parvoz qilibdi-ki, Tengizning qalbi bunga yetishsa...
— Bu daraxt bechoralar bizlar tufayli tutqunda, bizlarni deb bular ham tikonli qamoq simto‘rlari bilan o‘ralgan... — Tengiz bu gapni ham Nuriddin uchun emas, o‘zi uchun past ovozda aytdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:21:49

Ularning makoni pokiza hislarga bandi bo‘lib turishga ko‘pam imkon bermaydi. Bunda qalblar bir necha lahzagina asliga qaytishi mumkin. So‘ng... yana buzuqlik, yovuzlik, nafrat chodirlariga o‘raladi. O‘ralganda ham chirmab o‘raydi, ezadi, siqadi. Ozgina fursat yayragan hislar esa nola chekadi, ingraydi, oqibat — ovozi o‘chadi.
Tengiz shunday holatda edi.
Zulmat chodiri qalbni o‘radi — kaftini daraxt badanidan oldi.
— Mazza qilib chiqdingmi? — deb Nuriddinning yelkasiga yengil mushtladi. — Eshitgandirsan, o‘sha fitna xuddi men aytganday amalga oshdi. Yanis og‘ir yotibdi. Bugun-erta jon bersa ham ehtimol. Bir mo‘’jiza bilan tirik qolsa ham otuvga hukm etiladi. O‘ldirilgan uch mahbusning xuni uning bo‘yniga ilindi. Yana uchta sherigi ham ketadi. Sen bilan biz esa maishatlarimizni qilib yuraveramiz.— Tengiz keyingi gapi-ni achchiq kinoya bilan aytdi-da, daraxtni tepdi.— Ular yurtlariga ozodlik urug‘i sepgan edilar. Bu yerga kelib o‘lim mevasini undirib yedilar. Ayb bizda emas, Hamzat, sen hali bunday tamoshalarning ko‘pini ko‘rasan.
— Meni nimaga qamashdi?
Nuriddin aslida «siz qamattirdingizmi?» deb so‘ramoqchi edi. Tengiz savolning mag‘zini o‘qib, bosh chayqadi:
— Bilmayman, Hamzat. Ko‘ziga xunuk ko‘rinib qolgandirsan. — Tengiz shunday deb ko‘zlarini lo‘q qilganicha unga tikildi. Ayrim odamlar yolg‘onni sezdirmaslik uchun nigohini olib qochadi, Tengiz esa aksincha, tik qaraydi.
Nuriddinning gumonida jon bor edi: u Tengiz istagi bilan qamalgandi. Tengiz kechasi Koshakning arog‘ini ichgach, ko‘p o‘yladi. Ertasiga Koshakni chorlab, gapni aylantirib so‘radi. Koshak aniq javobdan bo‘yin tovlasa ham Nuriddinning o‘limga hukm qilinganini ishora bilan ma’lum qilib qo‘ydi. «Shogirding ham sinaladigan bo‘lib turibdi», deyishidanoq Tengiz uning shumligini payqadi. Angladi-yu, mayorni ishga soldi. Mayorning osonlik bilan ko‘nganidan bildiki, Nuriddinning nishonga aylanishi qamoq lageri boshliqlarining fikri emas, Koshakning shaxsiy tashabbusi. Shu bois ham Nuriddin qutulib chiqishi bilan uni chaqirtirdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:21:56

— Hamzat, sening bog‘cha bolalik davring o‘tdi. Endi maktabdagi o‘qishni boshlashing kerak. O‘jarlikni yig‘ishtir, sen uchun eng to‘g‘ri yo‘l — bizning yo‘limiz. Birinchidan, joningni asraysan, bu yerdan tirik holda, ikki oyog‘ingda yurib qaytasan uyingga. Ikkinchidan, bilib qo‘y: uyingga qaytganingda birov seni odam o‘rnida ko‘rmaydi. Hatto eng yaqin qarindoshlaring uchun ham sen «qamalib chiqqan odam»san. Birovnikiga mehmonga borsang ham sendan xavfsirab tu-rishadi. Igna yo‘qolsa ham sendan ko‘rishadi. Ular orasida endi halol yashay olmaysan. Hamonki sendan shubhalanishyaptimi, yaxshisi chinakam o‘g‘ri bo‘lib yashayverganing ma’qul. Sen bizning kasbimizdan nafratlanma, avval ham aytganman, yana aytaman: biz halol odamlarmiz. Biz biron bir ishchining yoki maktab muallimining uyiga bostirib kiradigan ahmoq emasmiz. Xo‘p, kirdik ham deylik, nima olamiz bu uydan? Yuvilaverib yoqalari titilib ketgan ko‘ylaklarnimi? Men sentyabr oyida ovga chiqishni yaxshi ko‘rardim, Hamzat. Nimagaligini bilasan, a?— Tengiz shunday deb huzurlanib jilmaydi. — Ha, aytmoqchi, Hamzat, sen nima uchun institutda o‘qimading? Istamadingmi?
Nuriddin Tengizning maqsadini tushunmadi. Shuning uchun avvaliga «Nima edi, nima uchun qiziqib qoldingiz?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi. «Qutulib chiqqanimdan so‘ng o‘qishga joylashtirmoqchimi?» deb ham o‘ylab, to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi:
— Sakkizinchini bitirib undan u yog‘iga o‘qiy olmaganman.
— Nimaga o‘qimagansan Hamzat, biliming kammidi yo aqling kammidi?
Keyingi savol Nuriddinning hamiyatiga tegib to‘nglik bilan javob berdi:
— Pulim kam edi.
Bu javob Tengizga ma’qul kelib, kuldi:
— Shunaqaligini bilardim, — dedi u Nuriddinning yelkasiga yana yengilgina musht urib. — Sendaqalar ko‘p bu mamlakatda. O‘ninchini tugatganingda ham baribir institutga kirolmas eding. Yozdagi kirish imtihonlarida o‘qituvchilar dengizga to‘r tashlagan baliqchilarga o‘xshab nodonlarning pullarini yig‘ib oladilar. Men esam to‘rimni ularning ustiga tashlayman. Qani aytchi, kim ko‘proq gunohkor? Ularmi yo menmi? Biz halol o‘g‘rimiz, Hamzat, endi sen ham bizning oilamizga qo‘shilasan.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:04

— Men...
— Jim bo‘l! Gapingni eshitishni ham istamayman. Qarorim qat’iy — shikoyatga o‘rin yo‘q! Sen bugundan boshlab Qo‘tosning shogirdisan. Menga qara, o‘jar, sen uning hunarini astoydil o‘rganaver, ozodlikka chiqqaningdan keyin nima qilishni o‘zing bilasan. Ha, aytmoqchi, chap qo‘lda ovqat yeyishni bilasanmi? — Tengiz shunday deb mug‘ambirlarcha jilmaydi-da, savoliga javob bo‘lmagach, gapini davom ettirdi: — Qadimda eng zo‘r o‘g‘rilar Bag‘dodda bo‘lar ekan. Senga o‘xshagan bir ahmaq o‘g‘rilikni o‘rganaman deb Bag‘dodga kelib, eng zo‘rini topib, arzini aytibdi. Zo‘r o‘g‘ri «bo‘pti, shogirdlikka oldim seni», deb uni mehmon qilibdi. Ammo «ovqatni chap qo‘lda yeysan», deb shart qo‘yibdi. Ahmaq shogird qancha urinmasin, ovqatni chap qo‘lida yeyolmay «shu shartmi?» deb norozilik bildiribdi. «Shart, — debdi ustoz, — o‘g‘rilikning eng asosiy sharti — chap qo‘lda ovqat yeyish. Chunki o‘g‘ri ertami-kechmi pand yeb, hibsga olinadi. Pand yedimi, tamom, shariat hukmiga binoan o‘ng qo‘li kesiladi. Sening qismating ham shunday bo‘ladi. Ovqatni chap qo‘lda yeyishni hozirdan o‘rgansang, keyin qiynalmaysan». Bu gapni eshitib, haligi ahmaq orqasiga qochvorgan ekan. Lekin sen havotir olma, bizning hukumat odil, qo‘lni kesmaydi. To‘rt yilmi, besh yilmi boqadi, dam beradi. Keyin qo‘yib yuboradi, — Tengiz shunday deb kuldi.
Nuriddin uning bu kulgisi zamirida xushchaqchaqlik, quvonch nurini emas, alam va iztirob zahrini sezdi.
Nuriddin o‘sha kuniyoq Qo‘tosning qo‘liga «tantanali suratda» topshirildi. Qo‘tos dastlabki kunlari uning «g‘oya»sini boyitish bilan shug‘ullandi. O‘g‘rilar olamiga xos tartib-qoidalar bilan tanishtirdi. U har bir tartib yoki qoidaning ahamiyatini erinmay tushuntirar, xuddi rivoyat aytuvchi roviy kabi qissadan hissa yasab, bu qoidalarni buzganlarning qanday jazoga yo‘liqqanlarini batafsil bayon etardi. Qo‘-tos — jar labidagi so‘qmoqdan, qirg‘oqlarni bog‘lovchi qil ko‘prikdan ko‘zlarini chirt yumib olib ham yugurib ketaveradigan odam, go‘dakni yetaklab, bu yo‘ldan adashmay yurmoqni o‘rgatardi. O‘rgata turib «orqaga qaytishni o‘ylama, hatto ortingga burilib qarama», deb uqtirardi. Tengiz «ozodlikka chiqqach, nima qilishni o‘zing bilasan», degani bilan Nuriddin to‘rga o‘ralib borayotganini sezib turardi. Sezardi-yu, qutulmoq chorasini topolmay garang edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:11

Navbat «siyosiy» tayyorgarlikdan «amaliy» mashg‘ulotga o‘tib, Qo‘tos temir javonlarning, ulardagi qulf-larning turlari haqida tushuntirib o‘tirganda Koshak yaqinlashib, yon tomonga xunuk tarzda tupurdi-da:
— Knyazingning kuni bitdi, — dedi Qo‘tosga qarab.
Bu kutilmagan xabar Nuriddinni ham, Qo‘tosni ham tang qoldirdi.
— Nima bo‘ldi? — dedi Qo‘tos o‘rnidan turib.
— Nima bo‘lardi, — dedi Koshak Nuriddinga qarab zaharli tirjayib, — kuni bitgandir-da. Qo‘llariga kishan urib, hibsxonaga tashladilar.
— Kim tashladi? Nimaga tashladi?
— Nimaligini ulardan so‘ra. Knyazing keyingi payt-da o‘zini rostdan ham «knyaz» deb ishonib qoluvdi. Uni uch harf tinchitadi endi.
— Koshak, sen bundan quvonyapsanmi? — dedi Qo‘tos achchiqlanib.
— Bo‘lmasamchi! Endi bu yerda men knyazman!
— Bekor aytibsan! Biz hali o‘ylashib ko‘ramiz. Sen birodaringning musibatidan quvonib, qonunni buzyapsan!
— Qo‘tos, sen o‘zingning ishingni bilib qilaver. Lekin mana bunaqa itvachchalarni yo‘qot. — Koshak shunday deb yonidan buklama pichoqni chiqarib sopi yonidagi tugmani bosdi. Oftobda yaltillagan pichoq tig‘ini Nuriddinning kekirdagiga tiradi: — Ana endi himoya-ching yo‘q, Bifshteks uchun javob beradigan vaqting keldi. — Shunday deb tig‘ni asta botirdi.
— Koshak, bu bizning odam!
— Bekor aytibsan, bu itvachchalar hech qachon bizning odam bo‘lishmaydi. Men Bifshteks uchun buni o‘ldiraman, deganmanmi, demak, o‘ldiraman. Mayli, hozir emas, ozgina yashasin, qutulib chiqsin, uyiga borsin. O‘sha yerda... buning sassiq onasini o‘zining ko‘z oldida tramvayga qo‘yaman... Keyin...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:20

Keyin nima bo‘lishini ayta olmadi. «Sassiq onasini...» deganidayoq Nuriddinning joni halqumiga keldi, «tramvayga qo‘yaman», deganida esa qalbida nafrat va g‘azab vulqoni portladi-yu, ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Tomog‘iga pichoq tirab turilganini ham unutib, Koshakning naq qanshariga musht tushirdi. Nariga uchib tushgan Koshakni tepmoqchi bo‘lganida Qo‘tos yo‘lini to‘sdi. Dam o‘tmay Koshak o‘rnidan turib, yerga sanchilib qolgan pichoqni yana qo‘liga oldi:
— Qo‘tos, qoch, bu itni menga qo‘yib ber! — dedi u xirillab.
— Faqat o‘zingni himoya qil, — Qo‘tos Nuriddinga qarab shunday dedi-da, o‘zi chetga chiqdi. Koshak esa o‘sha zahoti quturgan mushuk misol Nuriddinga tashlandi. Nuriddin uning hamlalariga chap beraverib, bir necha daqiqa sarson qildi. Hamlalari bekor ketgani sayin Koshak bo‘ralab so‘kar, beto‘xtov ravishda tupurar edi. Uning bu qiliqlari Nuriddinning joniga tegib, oxiri Koshakning pichoq tutgan qo‘lini mo‘l turib, bilagiga qattiq tepdi. Nariga uchib tushgan pichoqni Qo‘tos oldi-da, tig‘ini buklab, cho‘ntagiga soldi. Keyin qo‘lini changallaganicha tiz cho‘kib o‘tirib qolgan Koshakka yaqinlashib, bilagini ushlab ko‘rdi:
— O‘lmaysan, singan bo‘lsa tuzalib ketadi. Besh-o‘n kun qitmirlik qilmay o‘tira turasan.
— Men uni o‘ldirmay qo‘ymayman, — dedi Koshak, keyin Nuriddinga qarab baqirdi: — Ey, it! Endi sen o‘liksan, tushundingmi, o‘liksan!
Nuriddin tushundi. Bular «o‘liksan», deb hukm chiqarishdimi, demak, muddaoga yetishmaguncha tinchishmaydi. Demak, yashab qolishning yagona chorasi bor: uni o‘ldirish!.. Nuriddin shu to‘xtamga kelgani bilan qarorini amalga oshirish yo‘l-yo‘rig‘ini bilmas edi. Urushda bo‘lsa ekanki, shartta qurol tepkisini bosib, o‘q yog‘dirib yuborsa. Bunda qurol yo‘q, musht bilan esa biron natijaga erishish qiyin. «O‘ychi o‘yiga yetgunicha, tavakkalchi to‘yiga yetibdi», deganlaridek, u biron yo‘l izlab topgunicha bular masalani hal qilib qo‘ya qolishlari mumkin. Bugun kechasimi yo ertasigami, har holda cho‘zib o‘tirishmasa kerak.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:27

Kechasi ziyrak holda yotgan Nuriddin yanglishmadi. Hamma shirin uyquda ekanida Qo‘tos kelib «Mening o‘rnimga o‘tib yot», — dedi. Oradan bir soatlar o‘tgach, barak eshigi ochilib, Koshak yonida to‘rt yigiti bilan kirib kelib, to‘g‘ri Nuriddin yotgan joyga qarab yurdi. Yigitlardan ikkitasi yotgan odamni Nuriddin deb fahmlab, imo-ishorasiz holda ikki oyog‘ini tappa bosgani hamon, qolgan ikkitasi qo‘ldan olishga ulgurmay, Qo‘tos qaddini ko‘tardi:
— Koshak, yana xato ketding, men esam yanglishmadim,— dedi u ovozini pastlashga harakat ham qilmay.— Bolaga tegma, dedimmi, demak, tegmaysan. Jo‘na endi!
Koshak so‘kinganicha chiqib ketdi.
Qo‘tos esa o‘tirgan yerida o‘yga toldi. Knyazning hibs-ga tashlanishi bilan Koshakning bu qadar quturishi sabablarini izlab topmoqchi bo‘ldi. Koshakning har bir bosgan qadamini kuzatib yurgan maxfiylar tongda Qo‘tosga kutilgan va kutilmagan xabarni yetkazdilar. Qo‘tos Koshakning Tursunalini siquvga olajagini gumon qilgan, ammo hibsxonadagi Tengiz huzuriga kirishini o‘ylamagan edi. Qamoq lageriga Moskvadan odamlar kelishi, Knyazning qo‘liga kishan urilishi va Koshakning quturishi bir zanjir halqalari bilan bog‘langanini fahmladi. Avvaliga «politbyuro»ni shoshqich ravishda to‘plamoqchi bo‘ldi. Biroq, o‘g‘rilardan yana qanchasi Koshak tomonda ekanini aniq bilmagani uchun bir oz kutishga qaror qildi.
O‘g‘rilar olamida tug‘ilib, voyaga yetgan, suyagi qotgan Qo‘tosning aqli bu safar ham o‘ziga xiyonat qilmagan, voqealarni bog‘lab turgan ko‘rinmas zanjir halqalarini aql ko‘zi bilan ko‘ra olgan edi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:39

TALVASA

Omonullo bir varaq qog‘ozni to‘rtga bo‘ldi-da, biriga «Samandar Ochilov», ikkinchisiga «Toshbolta», uchinchisiga esa «Matluba To‘xtaeva», to‘rtinchisiga esa «kooperativ», deb yozib, so‘roq belgisi qo‘ydi. So‘ng qarta chiylayotgandek aralashtirgach stol ustiga yoyib, bir narsa o‘qimoqchi bo‘layotgan folbinday tikilib o‘tirdi. Keyin Toshbolta zikr etilgan qog‘oz parchasini nari surdi. Dam o‘tmay Matlubaning ismi yozilgani ham chetga surildi. Shu o‘tirishida diqqati oshgandan oshib, to‘rtinchi qog‘oz parchasiga hisobsiz so‘roq belgilari chizib tashladi-da, chuqur «uf» tortdi. Ana shunday tarzda siqilib o‘tirgan chog‘ida telefon jiringladi. Go‘shakni istamaygina quloqqa tutdi-yu, beixtiyor sapchib turib ketdi. Chetdan qaragan odam u telefon go‘shagini emas, adashib, qizib turgan dazmolni qulog‘iga tutdi-yu, kuydi, deb o‘ylashi ham mumkin edi. Aslida esa Omonulloni sapchib turishga boshliqning xabari majbur etgan edi. Bir necha daqiqada suratchi, kriminalistlar guruhining boshqa yigitlari hovlida to‘planishdi-yu, navbatchi mashinada Samandar Ochilovning uyiga yo‘l olishdi.
Uyning eshigi lang ochiq, qo‘llari kishanlangan Samandar mehmonxonadagi deraza yonida ko‘chaga tikilganicha tek turardi. Qadam ovozlarini eshitib burilib qaradi-yu, Omonulloning nigohiga ro‘para bo‘ldi. Omonullo qoshu-kipriklarigacha malla bo‘lgan bu odamga bir zum tikildi-da, so‘ng uyda poyloqchilik qilgan hamkasbiga qaradi. Hamkasb yigit bu qarash zamiridagi savolni o‘qib qisqa tarzda axborot berdi:
— Xotirjam kelib qulfga kalit soldi. Eshikni ochib, ostonada bir pas qimirlamay turdi.
— Hech narsaga tegmadilaringmi? — deb so‘radi Omonullo atrofga bir razm solib.
— Yo‘q.
— Qo‘llarini bo‘shat.
Samandar kishandan bo‘shagan bilaklariga ma’yus tikilib qoldi.

Qayd etilgan