Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190341 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:47

— O‘tiring, Ochilov, — Omonullo ikkita stulni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi-da, o‘zi derazaga orqa qilib o‘tirdi. Samandar otasidan tarsaki tushib qolishidan qo‘rqqan boladay hadiksirab turdi.
To uyiga yetib kelguniga qadar Samandarning ruhi go‘yo behisob chayonlar hukmida bo‘ldi. Uyida qandaydir noxushlik kutayotganini yuragi sezib, ezilgan bo‘lsa-da, «militsiya xodimiga duch kelarman, ostona hatlashim bilan qo‘llarimga kishan solinar», deb o‘ylamagan edi. Poyloqchi yigitga «Ochilov kelishi bilan qimirlatmaysan», deb buyurilgan, u Samandarning kimligidan bexabar bo‘lgani sababli uni ashaddiy qotil gumon qilib, qo‘lini kishanlab qo‘ya qolgan edi. Samandar esa buni uzil-kesil hukm deb tushunib o‘zidan ketayozdi.
— O‘tiring, — dedi Omonullo bu safar qat’iyroq tarzda.
Samandar stulning suyanchig‘ini ushlab astalik bilan o‘tirgach, Omonullo o‘zini tanitdi-da, so‘rog‘ini boshladi:
— Moskvada hamisha ko‘p qolib ketasizmi?
— Ishga qarab, — dedi Samandar unga tik qaray olmay, — ba’zan ertalab borib, kechqurun kelaman. Bu safar sal tobim qochdi...
— Nima bo‘ldi?
— Yoqmaydigan narsa yeganman shekilli... sal zaharlanibman.
— Sizni olim deyishdi... Nima bilan shug‘ullanasiz?
— Buni aniq aytishim mumkin emas.
— Umumiy tarzda-chi?
— Umumiy tarzda... zilzilaga oid desam ham bo‘ladi.
— Bu ishga chet elliklar ham qiziqsa kerak?
— Bilmadim... balki qiziqar...
— Sizga birov shu ish bo‘yicha taklif qilganmi yo...
— Yo‘q. Nega so‘rayapsiz?
— Dushmaningiz yo‘qmi, demoqchiman.
— Dushman... bilmadim... bo‘lmasa kerak.
— Nafisa Boltaeva sizning ikkinchi xotiningizmi?
— Ha... — Samandar shunday deb nigohini olib qochdi.
— Hozir u qaerda?
— Bilmayman... uyda bo‘lishi kerak edi.
— Oxirgi marta qachon, qaerda ko‘rgansiz?
— Esimda yo‘q...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:22:57

— Qiziq... xotiningizni qachon ko‘rganingizni ham eslolmasangiz... Bizni bu yerda ko‘rib hayron bo‘lmadingizmi?
— Hayronman...
— Moskvaga ketishingizdan oldin bir polkovnik hamrohligida kelib uyingizga kirib chiqqansiz, qo‘lingiz nima uchun qon edi?
Bu savol Samandarning boshiga og‘ir gurzi misol urilib, tovoniga qadar zirillatdi, hushini yo‘qotib, aqldan ozgan devonaday baqrayib qoldi. Aftodavash bu odamning ko‘zlariga Omonullo jon olg‘uvchi Azroil bo‘lib ko‘rindi. O‘shanda polkovnik so‘raganida savol o‘qidan «shisha tilib ketdi», deb qutulgan edi. Hozir tiliga shu javob ham kelmay, soqov holida turaverdi. Omonullo savolni yana qaytargach: «esimda yo‘q, balki kesib olgandirman», deb g‘o‘dirandi.
— Chap qo‘lingizni kesuvdingizmi yo o‘nginimi?
Samandar ajablanib, qo‘llariga qaradi: darvoqe, qaysi qo‘li qon edi? Savol yana takrorlangach, «o‘ng qo‘lim», dedi.
— Yaxshi, buni hali mutaxassislarimiz aniqlab berishadi. Nima bilan, qanday kesganingizni ham eslab turing. Endi asosiy gapga o‘taylik: uyga kirganingizda kim bor edi?
— Bugunmi? — deb so‘radi Samandar.
— Yo‘q, o‘sha kuni.
— Hech... hech kim yo‘q edi.
— Xotiningiz, men ikkinchisini nazarda tutyapman, hozir qaerda?
— Bilmasam... uni toqqa olib ketsam, deb keluvdim.
— Shu gapingizga o‘zingiz ishonasizmi?
— Meni nima uchun bunday so‘roq qilyapsiz? Aybim nima?
— Aybim, dedingizmi? Sizning tilingizda bu «ayb» deyilsa, bizningcha «jinoyat» deb yuritiladi, — Omonullo shunday deb portfelidan murdalarning suratini olib ko‘rsatdi. Samandar bir qaradi-yu, darrov ko‘zlarini olib qochdi. — Qarang, nima uchun qaragingiz kelmayapti? Nima uchun ularni o‘ldirdingiz? Rashk qildingizmi yo boshqa sabab bormi?
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:12

Samandar bu savollarni eshitgach, ko‘zlarini katta-katta ochib Omonulloga qaradi. Omonullo uni kuzatib, bamaylixotir o‘tiraverdi, boshqa so‘z aytmadi. Mana shu qisqa muddatli sukut Samandarga ajal o‘qining azoblaridan ham battar tuyuldi. U o‘shanda o‘liklardan qo‘rqib qochgan edi, bu qochqinligi, bu qo‘rqoqligi evaziga «qotil» degan nishonga erishuvini o‘ylab ko‘rmagandi. Bo‘yniga sirtmoq osongina tusha qolishi yetti uxlab, bir tushiga kirmagan edi. «Nima uchun o‘ldirdingiz?» degan savol uy devorlariga urilib aks-sado beraverdi.
— Nima deyapsiz?... Men.. o‘ldirganim yo‘q, — deb pichirlashi bilan dardini to‘sib turgan to‘g‘on buzilib, yig‘lay boshladi.
«Birinchi xotini to‘g‘ri aytgan ekan», deb o‘yladi Omonullo.
— Siz o‘ldirmagan bo‘lsangiz... kim qilishi mumkin bu ishni?
— Bilmayman...
— Pichoq sopida barmoq izlaringiz bor, — Omonullo buni taxminiga asoslanib aytdi. Pichoq sopi, eshik tutqichi, temir javon, yana ayrim buyumlardagi bir xil iz Ochilovga tegishli, deb gumon qilingan edi. Gumon haqiqatga aylanishi uchun bir necha daqiqadan so‘ng Samandarning barmoq izlari olinadi. Unga qadar esa taxminga suyanib ish ko‘rish ham mumkin.
— Men o‘ldirganim yo‘q, ishoning. Men kirganimda ular...
— O‘lganmidi?
Samandar bosh irg‘aganicha go‘dak kabi yig‘layverdi.
— Unda nima uchun «ko‘rmadim» dedingiz?
— Qo‘rqdim...
— Nimadan... yoki kimdan?
— O‘likdan... o‘likdan qo‘rqaman.
— Qiziq... siz qo‘rqsangiz, men qo‘rqsam, murdani kimdir ko‘mishi kerak-ku? O‘likni ko‘ra turib qochib qolganingiz aqlga sig‘maydigan ish. Deylik, siz qotil emassiz. Lekin kirdingiz, ko‘rdingiz, xotiningiz bu ahvolda, yonida esa bir erkak. Tanirmidingiz uni?
— Yo‘q, yo‘q, tanimayman.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:20

— Xotinim bilan o‘lib yotgan bu erkak kim ekan, deb qiziqib qaradingizmi o‘zi?
— Yo‘q... ochig‘ini aytsam... qaradimu yuzini ko‘rmadim. U... yuztuban yotgan ekan.
— Nima? Yuztuban? Adashmayapsizmi?
Samandar bir oz o‘ylanib, so‘ng aytganini takrorladi. Omonullo esa ajablanib chalqancha yotgan murdaning suratiga qarab oldi. «Agar bu o‘ldirmagan bo‘lsa, demak, qotil uyda edimi, u chiqib ketganidan keyin murdani o‘girib qo‘ydimi?» Omonullo bu masalada turli gumonlarga bordi. Biroq, bu ishni Toshbolta ham qilgan bo‘lishi mumkin degan fikr unga xiyonat qil-di — gumonni oydinlashtirmadi.
— Demak, siz kirganda bular o‘lib yotishgan ekan. Eslangchi, pichoqdagi qon iliqmidi yo qotib qolganmidi?
— Iliq edi... seskanib ketdim, qo‘rqdim.
— Barmoqlaridagi uzuklarni, quloqlaridagi ziraklarni nega olib qo‘ydingiz?
— Nima deyapsiz? O‘likdan yechib olamanmi?!
— Balki yechib olib seyfga qo‘ygandirsiz?
— Siz... tuhmat qilyapsiz, meni kechiring...
— Unda seyfni nima uchun ochdingiz?
— Moskvaga olib boradigan hisob-kitob hujjatlarim bor edi. Shuni deb atay keluvdim. Bo‘lmasa to‘g‘ri uchaverar edim.
— Seyfning kaliti xotiningizda ham bormidi?
— Yo‘q. U yerda faqat mening qog‘ozlarim turadi.
— Oching.
Sarosima to‘ridagi Samandar cho‘ntaklarini paypaslab kalitni qidirdi. So‘ng diplomatini ochib yo‘g‘on kalitni olgach temir javonni ochdi-da, o‘zi ikki qadam chekindi. Omonullo temir javon ichida titilgan qog‘ozlarga diqqat bilan razm solib ayrim sahifalardagi qonli dog‘ni ko‘rdi. Javonda pul ham, qimmatbaho buyum ham yo‘q edi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:30

— Qarangchi, hech nimangiz yo‘qolmaganmi?
Samandar narsalarni ko‘zdan kechirib «hammasi joyida» degach, Omonullo ekspertlarni chaqirib qon tekkan qog‘ozlarni ajratib olib, ularga bermoqchi bo‘ldi. Samandar bunga e’tiroz bildirgach, qog‘ozning dog‘ qismini qaychida ehtiyotlik bilan qirqib olishdi. Shundan so‘ng Omonullo Samandarni dahlizga boshlab chiqdi.
— Endi shoshilmay, bir boshdan aytib, ko‘rsatasiz. Aytadigan har bir so‘zingiz yo foyda beradi yoki aksincha, o‘zingizga zarar keltiradi. Olim odam ekansiz, mayli, suhbatimiz boshidagi dovdiraganingizni kechiray, ammo bundan buyog‘iga esingizni yig‘ib oling. Sizni «qotil» degim kelmayotgan bo‘lsa ham dalillar baribir sizga qarshi turibdi. Demak, siz zinadan ko‘tarilib chiqdingiz. Yo‘lda kimni ko‘rdingiz? Ro‘parangizdan notanish odam o‘tmadimi?
— Yo‘q... to‘xtang... ha, qo‘shni xotinni ko‘rdim shekilli?
— Eshigingiz qulf edimi, uni kalit bilan ochdingizmi?
— Qulf... — Samandar shunday deb, xuddi qo‘lida kalit turganday kaftiga qarab oldi. — Ochiq edi shekilli... Ha, aniq... ochiq edi. Eshikdan kirishim bilan dimog‘imga gaz hidi urildi. Nafisaxonning g‘alati odatlari bor edi. Ikkita-uchta chovgumni eritib, o‘zlarini Xudo bir asragan. Qishloqda gazga o‘rganmaganlarda, chovgumni olovga qo‘yib esdan chiqarib ketaverganlar. Yana shunaqa bo‘ptimikin, deb o‘ylabman. Xayolim gazda bo‘lib, xavotirda oyog‘im ostiga qaramabman. Oshxonaga o‘taman, deb bu... o‘likka qoqildim...
— Yiqildingizmi?
— Yo‘-o‘q... yiqilmadimu... lekin Nafisaxonga ko‘zim tushdi.
Samandar Omonulloning buyrug‘iga itoat etib, murdalarning qay holatda yotganini ko‘rsatib berayotganida suratchi chaqqonlik bilan suratga olib turdi.
— Xo‘p, xotiningizni siz o‘ldirmabsiz, lekin pichoq sopini nega ushladingiz?
— Sug‘urib olmoqchi bo‘lgandirman... Ha... lekin ushladimu tortib olishga qo‘rqdim. Keyin... gaz na-fasimni bo‘g‘ib qo‘ydi. Derazani ochib, gazni berkitdim.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:44

Omonullo ochiq derazaga qaradi. Dastlab bu oshxonaga kirganida ham deraza tabaqalarining ochiqligiga e’tibor bergan edi, ammo murdalarning hididan behalovat bo‘lgan hamkasblar xonani shamollatish uchun ochgandirlar, deb o‘ylagandi. Omonullo gaz plitasiga ham diqqat bilan qarab uchchala buragichning ochiq turganini ko‘rdi. Samandar Omonulloning nazarini uqib, tezlik bilan izoh berdi:
— Men yuqoridan burab berkitdim. O‘zimning odatim shu: uydan chiqadigan bo‘lsam albatta yuqorisini burab o‘chiraman, shunisi ishonchliroq bo‘ladi. Nafisaxonga gapiraverib hech o‘rgatolmadim...
Chindan ham plita ulangan quvur belidagi buragich gaz yo‘lini to‘sgan edi. Bu Omonullo uchun katta jumboq bo‘ldi: «Nafisa Boltaeva ochsa bitta buragich buralardi. Bunda esa uchchalasi ochiq... Demak... to‘rtinchi odammi? Bu olim piqillab yig‘layotgani bilan o‘z ishiga puxta bo‘lsa-chi? Aybsizligini isbotlovchi dalillarni pishitib qo‘ygandir balki?..»
Shu jumboq to‘riga o‘ralayotgan damda Mels Xo‘jaev kirib keldi. Omonullo uni Samandarga tanishtirdi. Samandar beixtiyor tarzda «tanishganimdan xursandman», deb lutf qilib, qo‘l uzatdi. Faqat Mels Xo‘jaev emas, hatto Omonullo ham bunday tanishuvga endi duch kelishi edi. Jinoyatga aloqadorlikka gumon qilina-yotgan odamning prokuror bilan tanishgandan xursand-ligi bu soha odamlari uchun g‘alati tuyuluvchi hol edi. Yolg‘on manziratdan uzoq bo‘lgan Samandar «tanishganidan xursandligini» chin dildan aytgan edi. Zero, u prokuratura vakili bilan jinoyatga oid qidiruv inspektorining vazifalarini aniq farqlay olmasdi. U olamga tatigulik olim martabasiga yetgani bilan huquq sohasida deyarli hech narsa bilmasdi. Hozir maxsus vakil emas, prokuratura bog‘boni yoki farroshi kelib siquvga olsa ham «menga savol berishga haqqingiz bormi?» deb o‘tirmay javob qaytaraverishi mumkin edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:51

Samandarni oshxonada qoldirib, Omonullo Mels Xo‘jaevni mehmonxonaga boshlab o‘tdi-da, savol-javobning bayoni bilan tanishtirdi.
— Qo‘rqoqligi ayon, lekin qo‘rqoqning ham nayrangi bo‘ladi. Bu uyga begona odamning yashirincha kirishi mumkinmi? Harbiy sir hisoblangan ish bilan mash-g‘ul odamni narigi idora nega qo‘riqlamas ekan? Bir surishtirib ko‘rolmaysizmi?
— So‘rab-surishtirdim, — dedi Mels Xo‘jaev mag‘rur ohangda. — Faqat uning o‘zini poylasharkan.
— Tushunmadim?
— Agar uyda bo‘lsa, uy atrofida bo‘lisharkan. Uyda yo‘qligida kuzatishmas ekan. Tog‘da bo‘lgani uchun o‘sha kunlari qarashmabdi.
— Nima qildik? Hibsga olsak, jinoiy ish ochsak...
— Hozircha boshqarmadagi vaqtincha hibsxonaga tashlang. Boshqa idora aralashsa, o‘zlari bilishadi. Bosh-qacha ehtiyot chorasini qo‘llash mumkin emas.
Samandarning gaplarini eshita turib «shahardan chiqmaslik haqida tilxat olib, uyida qoldiraveraylik» degan fikr kelgan, ammo bu fikr zaif tuyulib, qaror darajasiga yetmagan edi. Mels Xo‘jaevning gapidan so‘ng, «ma’qul» deb bosh irg‘adi.
Mels Xo‘jaev prokuraturada kutishayotganini aytib, iziga qaytgach, Omonullo deraza yoniga borib ko‘chaga qaradi. Uning o‘yga tolganini ko‘rib, Samandar «mening ishim bitdi shekilli, bu jinoyatga aloqam yo‘qligiga ishondi», degan xulosaga kelib:
— Endi ketaveraymi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:23:57

Bu savoldan Omonullo ajablandi. «Esi joyidami bu odamning?» deb o‘ylab unga tikilib qoldi.
— Qayoqqa ketmoqchisiz?
— Toqqa... u yerda kutishyapti.
— Kutishyapti?.. Kuta turishadi.
— Bu nima deganingiz? — ko‘ngli yomonlikni sezgan Samandarning ovozi titradi.
— Siz... masala oydinlashgunicha bizning... — Omonullo «hibsxonada o‘tira turasiz», demoqchi bo‘ldi-yu, fikridan qaytib yumshoqroq ohangga ko‘chdi: — mehmonimizsiz...
— Qamaysizmi?
— Bizning vazifamiz qamash emas, jinoyatchini tutish. Sud degan idora bor, qamashadimi yo otishadimi, o‘shalar hukm chiqarishadi.
— Haqqingiz yo‘q... men jinoyatchi emasman. Keyin afsuslanasiz!
— To‘g‘ri aytdingiz. Keyinroq afsuslanmaslik uchun biz bilan birga bo‘lib turasiz. Aybingiz bo‘lmasa sizni hech kim ushlab tura olmaydi. Gunohsiz ekaninigizni isbotlash uchun esa vaqt kerak.
Bu gaplarni eshitib, Samandarning lablari titradi, ko‘zlari pirpiradi-yu, yig‘lamadi, o‘zini tutdi — taqdiriga tan berdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:24:06

Olti kishiga mo‘ljallangan vaqtinchalik hibsxonadagi derazaga yaqin karavotda bir yigit chordana qurganicha ovqatlanib o‘tirardi. Yozug‘lik dasturxon ustidagi oshu kabob, somsayu olma-anor, pomidoru bodringga qaraganda uning maishati chakki emasdi. Dasturxonni kim kiritgan bo‘lsa ham yigitning hamxonalari nafsini nazarda tutgan ko‘rinadi. Yigit Samandarni ko‘rib, o‘rnidan turib so‘rashdi-da, dasturxonga taklif qildi. Samandar bu xonaga bir zumgagina kirgan odamday karavot chetiga omonatgina o‘tirdi. Yigit sermanzirat ekan, «oling, oling» deb undayvergach, Samandar noiloj kabob go‘shtidan olib og‘ziga soldi. Qorin och bo‘lsa-da, luqmaning tomog‘idan o‘tishi qiyin bo‘ldi. Shunda yigit yostiq ostidan shisha chiqardi-da:
— Qittak-qittakka tobingiz bormi?— deb so‘radi.
Moskvadagi harbiylar shifoxonasida Samandarga ichish qat’iyan mumkin emasligini aytishgan edi. Ular ogohlantirishmasa ham aroqni o‘ylasa ko‘ngli ayniydigan bo‘lib qolgandi. Hozir esa yigitning taklifidan so‘ng ichgisi keldi. Shisha ichida jilva qilayotgan suyuqlik uni darddan qutqaruvchi xaloskor bo‘lib ko‘rindi-da, «quying», dedi. Yigit piyolani to‘ldirib uzatdi. Samandar ikki qultumdan ortiq icha olmay, qalqib ketdi. Piyolani dasturxon chekkasiga qo‘yib yigitga uzrli nigohi bilan qaradi. Yigit uni hijolatdan qutqarish uchun yana taomga taklif qildi.
— Olim odamga o‘xshaysiz, aka, siqilavermang. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi, — dedi kulimsirab.
Samandar bu gapdan ajablanib, yigitga qarab qoldi.
— Ha, akaxon, menga tikilib qoldingiz? Qaysi baloga uchrabdi, deyapsizmi? — yigit Samandarning fikrini o‘qiganday kuldi. — Yosh yigit tuhmatga uchragandir, deyapsizmi? Yo‘q, tuhmat bo‘lmadi. O‘zim ahmoqman. Garovda yutaman, deb qo‘lga tushib qoldim. Kechgacha chiqib ketaman. Nari borsa ertaga ertalab qo‘yib yuborishadi. Suyanadigan tog‘imiz ja-a mustahkam, ha!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:24:20

Samandar garov bog‘lab qamoqqa tushish mumkinligini sira eshitmagani uchun ajablandi. Yigit esa kulganicha izoh berdi:
— Mening gulday hunarim bor, aka, hech qachon xor bo‘lmayman. Men mashina o‘g‘risiman. Lekin siz mendan qo‘rqmang. Aslida men o‘g‘rimasman. Men qulfni ochib beraman, boshqalar o‘g‘irlaydi. Qulfning ming xili bo‘lsa mingtasini, million xili bo‘lsa milliontasini ochib tashlayman. O‘tgan kuni «qittak-qittak»ning ustida og‘aynim bilan bahslashib qoldik. Oling, akaxon, sovumasin, ichib qo‘ying, dardingiz yengillashadi. Xafa bo‘lavermang. Bu yerning nomi xunuk, o‘zi yomon joy emas, bir-ikki kun dam olsa bo‘ladi. Shunday qilib o‘sha og‘aynim bilan garov o‘ynadim. Garovga yangi, moyi qurimagan «Gaz-31» tikildi. Shunaqa mashinadan kechadigan ahmoqmasman-ku, to‘g‘rimi? Bir uyga bexitgina kirib, seyfni ochib, kalitni olib, mashinani ochib berishim kerak ekan. Ha, mashinaga ham, garajiga ham chet eldan olib kelgan allambalo qulf o‘rnatilgan ekan. Shu ham menga ish bo‘libdimi? Lekin og‘aynim nomardlik qildi. Qorong‘ida qaramagan edim, orqada ment yashirinib yotgan ekan. G‘ip tomog‘imdan olib, shu yerga tashladi. Xuddi kinodagiga o‘xshaydi, to‘g‘rimi? Menga-ku baribir, o‘sha og‘aynimga qiyin bo‘ldi-da. Oling, okaxon, oxirigacha ichib qo‘ying, dunyoning tagiga yetasiz. Bir pasdan so‘ng yana dasturxon kiradi, qarab turasiz. Oshna-og‘aynilar omon bo‘lishsin, meni xorlatib qo‘yishmaydi.
Bu gapni Samandar «sizda ham oshna-og‘ayni bormi?» degan savol ma’nosida tushundi. Ilgari xayoliga shunday savol kelmagan ekan. «Boshimga tashvish tushsa dalda beruvchi do‘stim bormi?» deb fikr qilgan Samandar hozir o‘zini sahro o‘rtasidagi yakka daraxt kabi his etdi. Endi bu daraxt suvsab, oftob nurida qovjiraydimi? Bu yigit bir necha soatdan so‘ng chiqib ketishini bilyapti. Samandar esa hibsxonada necha kun yoki necha yil bo‘lishidan bexabar. Bu yer bir necha kunlik qamoqxona ekanini, ayb sirtmog‘i bo‘yniga astoydil solinadigan bo‘lsa boshqa joyda alamlar tuzini totmog‘ini ham bilmaydi. Uni hozir iztirobga tashlayotgan narsa — o‘n yil yotsa ham, hatto qotil deb otib tashlansa ham birov bilmay qolishi mumkin. Bilganda ham afsuslanmasligi, kuymasligi aniq. Opa-singillarining kelishi ham mahol. Ular o‘z oilalari, o‘z tashvishlari bilan band. Bu shaharga hali biron marta ham kelmagan to‘ng‘ich opasining turmush tashvishlaridan ortib, qamoqdagi ukasini yo‘qlashini tasavvur qilish qiyin. Qishloqqa ikki yildan beri bormayotgani inobatga olinsa, mehr-oqibat iplarining zaiflashib, balki chirib, uzilishga moyil bo‘lib qolgani tabiiydir. Amakivachchalariyu xolavachchalari bilan qachondan beri bordi-keldi qilmasligimni hatto eslay olmaydi.

Qayd etilgan