— Sen o‘g‘il bola bo‘lsang — mard bo‘l, to‘g‘ri gapdan qochma. To‘g‘risini aytsang, qo‘yib yuboraman, aldamoqchi bo‘lsang — o‘zingga qiyin. Shu qo‘lingni avval kuydirib, keyin terisini shilib olaman. Kissavurning jazosi shu bo‘ladi. Aslida-ku, kesish kerak, mayli, yosh ekansan, ayayman, kuydirib qo‘yaqolaman.
Bobomurod xuddi shu ishga jazm qilganday ishonarli ohangda aytib, bolaning esxonasini chiqarib yubordi.
Omonullo bu odamdan osonlikcha qutula olmasligini anglab, yig‘lamsiragan holda:
— Oyim og‘ir kasallar, doriga pul yo‘q... — dedi.
U ham o‘z xayolida bu gapni ishonarli ohangda aytgan bo‘ldi. Titroq ovozi ishontirishga undasa-da, ko‘zlari alday olmadi.
— Qani, menga qarachi, — dedi Bobomurod, bolaning dahanini ushlab. — Yana yolg‘on gapiryapsanmi? Mening ko‘zlarimga bir qaragin: bular ko‘z emas, rent-gen. To‘g‘risini aytsang, kerakli pulni o‘zim beraman. O‘g‘il bola gap — shu!
Omonullo yana bir marta aldagach, Bobomurod uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
— Sen o‘g‘ri emassan, sen qo‘rqoqsan, sen hezalaksan! O‘g‘irlik ham qo‘lingdan kelmaydi!
Bu gaplar Omonulloning qo‘rquvdan yarador qush kabi potrayotgan yuragiga dalda bo‘ldi-da, to‘g‘risini ayta qoldi. Ammo shunda ham qo‘li bo‘shamadi.
— Endi qo‘yvoring, — dedi yalinib.
— Hali bizning savdomiz pishmadi, bola-paqir. Senga va’da berdimmi, demak, bajaraman. Qo‘linga-ku, pul bermayman. Magazinga boramizu ko‘nglingga yoqqan narsani ko‘rsatasan, narxiga qaramaysan, million so‘m bo‘lsa ham olib beraman, o‘g‘il bola gap bitta bo‘ladi! Ungacha bitta-ikkita narsani so‘rayman, javob berasan: nima uchun otangga yo onangga aytmading, yo uyaldingmi, a?