Muallif Mavzu: Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 128054 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 2 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #30 : 02 Sentyabr 2006, 06:39:48 »
— Murik? Kim u? — deb so‘radi Qo‘tos.
— Bilmaysizlarmi? — Tengiz istehzoli jilmayib, yon cho‘ntagidan bir varaq qog‘oz oldi.— «Cho‘mich»— Slava Galiulin. MUR1ga xizmat qila boshlagani uchun laqabini o‘zgartirib, «Murik» deb qo‘yishibdi. Ma, o‘qi, — u shunday deb, xatni Qo‘tosga uzatdi.
Qo‘tos maktubga ko‘z yugurtirib, bosh chayqadi-da, so‘ng ovoz chiqarib o‘qiy boshladi:
— «Irkutsk tsentralidagi halol birodarlarimizga salomlar bo‘lsin. Salom yo‘llovchilar — Pskov lageridagi o‘g‘rilar — sizlarga omonlik tilaydilar. Qadrdon o‘g‘rilar, bu shoshqich xatimiz bilan sizlarni ogoh etamiz: biz bilan «Cho‘mich» — Galiulin birga bo‘ldi. Bilib qo‘yinglarki, u bizning pok va muqaddas nomimiz — o‘g‘ri nomi bilan yashirinib yurgan bir qanjiqdir. Ha, bilib qo‘ying, u O’G’RI emas, u qanjiqdir! O’g‘ri nomiga isnod keltirgani uchun uni faqat qanjiq yoki ABLAH deb atash mumkin. O’zini hurmat qiluvchi har bir o‘g‘ri, har bir mahbus u bilan shu nomiga yarasha muomalada bo‘lishi kerak. Shu bilan birga barcha qanjiqliklari uchun jazosini olishi shart! Yana bilib qo‘yinglarki, Moskvada o‘g‘rilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi va Cho‘michga nisbatan qaror qabul qilindi. Qarorga binoan, u QANJIQ deb e’lon qilindi. Moskva pupkarlariga xizmat qilgani uchun unga «MURIK» deb nom berildi. Uni qabul qilganlaringda shu qaror yoddan ko‘tarilmasin.
Pskovda biz olti o‘g‘rimiz: Kato, Kuyov, Yo‘lbars, Sibir, Avliyo va Olov barchalaringizga ozodlik tilab qoladilar».
Qo‘tos o‘qishni yakunlamay, Koshak stol ustiga musht urib, to‘ng‘illadi:
— Cho‘mich kelishi bilan menga berasanlar. U bilan ozgina hisob-kitobim bor.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #31 : 02 Sentyabr 2006, 06:41:43 »
Bu gapni eshitib, Tengiz unga tikilib qoldi.So‘ng kengash a’zolariga savol nazari bilan bir-bir qaradi:
— Xo‘sh, Murikni Koshakka beramizmi? — Tengiz shu savolni o‘rtaga tashlab, sukut qildi.O’tirganlardan sado chiqmagach, davom qildi: — Biz o‘g‘rilarning bir ahmaqligimiz bor. Faqat o‘zimizning hisob-kitobimiz bilan qiziqamiz. O’g‘rilarning muqaddas olami bilan esa, ishimiz yo‘q. Oilamiz qanjiqlar bilan to‘lib ketyaptimi, irib ketyaptimi, sasib ketyaptimi — ishimiz yo‘q. Xo‘sh, Koshak, Murik seniki. Nima qilasan, o‘ldirasanmi?
— Qiynab o‘ldiraman.
— Ana shu-da! Nima uchun qanjiqlik qilgan, nima uchun qamalib bu yoqlarga yuborildi? Bilish kerakmi? Gap shu: Murik kelaversin. Yuraversin. Biz esa, go‘yo hech nima bilmaymiz. Biladiganimizni bilib olaylik, ana undan keyin u Koshakniki. Istasa homicha yesin, istasa pishirib yesin. Boshqa gap yo‘q. Takliflaring bo‘lsa aytlaring.
— Taklif bor, — dedi Koshak tirjayib. U majlis qaroridan mamnun edi, shu bois bir hazil qilgisi keldi. So‘zlashga ijozat berilgach, o‘rnidan turib, yoqasini tuzatgan bo‘ldi: — O’rtoq kommunistlar, majlisimiz nomidan KPSS bosh kotibi Gorbachga tabrik telegrammasi yuborsak.
Bu hazil to‘mtoq bolta bilan o‘tin yorishni eslatsada, o‘tirganlar Koshakka qarab jilmayib qo‘yishdi. Tengiz ham kulimsirab, uning bu haziliga yakun yasadi:
— Yaxshi taklif. Telegramma yoz-da, yumaloq muhr o‘rniga nozik yeringni bosa qol.
«Politbyuro» majlisi shu tarzda kulgu bilan yakunlandi. Oradan to‘rt kun o‘tib, Murik tashrif buyurdi. Unga qadar «lager teletaypi» orqali Tengiz muhim ma’lumotlar oldi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #32 : 02 Sentyabr 2006, 06:41:56 »
XIYONAT

Matluba eridan xat olib kelgan yigitga boshdan-oyoq razm soldi. Avvaliga «qamoqda birga o‘tirganmikin?» deb o‘yladi. Ammo xushro‘y yigitning jilmayib qarashida, rangi-ro‘yida qamoqning sovuq nafasidan asorat yo‘q edi. Yigit «ichkariga kiring», degan taklifdan so‘ng tarang qilmay, juvonga ergashdi. Tursunali qamalishidan ilgari, amal otini surib javlon urayotgan mahallarda bu uyni ko‘rgan odam oradan bir yil o‘tib-o‘tmay yana ostona hatlab ichkari qadam qo‘yguday bo‘lsa, «yopiray, kecha o‘g‘ri urib ship-shiydam qilgan shekilli», deb yoqa ushlashi tayin edi. Ko‘zni qamashtiruvchi gilamlar, qandillaru javonlar endi yo‘q. Matluba eri qamoqqa olinib, mol-mulki xatga tushguniga qadar yashirishga ulgurganini yashirdi. Qolgani esa, musodara qilindi. Uy xo‘jalik ixtiyorida bo‘lgani, Matlubaning o‘zi shu xo‘jalikda ishlayotgani uchun tortib olinmadi. Yangi direktor insof qilib, ularga «uyni bo‘shat», deb tiqilinch qilmay, yangisiga joylasha qoldi.
Matluba dardini kimga aytishni bilmay, to‘rt devor orasida to‘rt bolasi bilan kun kechirib yurgan edi. Davlat boylikni tortib olgani bilan Xudo bolalarning rizqini qiymas ekan. Gilamsiz, billur qandilsiz uyda ham yashash mumkin ekan. Dunyoda tirik beva faqat u emas ekan. Tirik yetimlar ham ko‘p ekan. Eri qamalgan xotinning joni chiqib keta qolmas ekan. Otasi qamalgan bolalar taqdirga tan berib yashayverar ekan, ulg‘ayaverar ekan...
Qamoq — jinoyatchi uchun jazo. Bu dunyoda jinoyatga dahli yo‘q odamlar uchun ham jazo bor ekan. Balki harom luqmaga sherik bo‘lgani uchun bunday jazo joizdir? Matluba buni bilmaydi. Bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan. Bunga keyinroq aqli yetadi. Hozir bilgani — qo‘lidagi xatda yozilgan gaplar... Ya’ni har oyda «soliq» to‘lab turish.
Matluba xatni to‘rt marta o‘qib chiqsa ham tushunmadi. Yigitga savol nazari bilan tikilib qoldi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #33 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:04 »
— Cheksam maylimi? — deb so‘radi yigit hotirjam ravishda. U juvonning hayrat iskanjasida ekanini bilib tursa-da, parvo qilmadi. Uy bekasi bosh irg‘ab «chekavering» degach, labiga sigaret qistirdi. Ammo o‘t oldirmay turib so‘radi: — Tinchlikmi? Nima deb yozibdilar?
— Nima deb yozilganni... bilmaysizmi?
— Men birovning xatini o‘qimayman, — yigit shunday deb sigaretini tutatdi.
— Xatni o‘z qo‘llari bilan yozib sizga berdilarmi?
— Yo‘q. Menga birodarlarim keltirishdi. Men eringizni tanimayman. Mening vazifam — xolis xizmat.
— Soliqni... sizga to‘laymanmi?
— Ha, soliqnimi? — Yigit jilmaydi. — Hozircha menga. Men kelolmasam boshqa odamni yuborishadi.
— Yuborishadi? Kim yuboradi?
— Buni bilishingiz shart emas.
— Men... tushunolmayapman?
— Tushunolmayapman? Mayli, yaxshi xotinga o‘xshaysiz, sizga tushuntirib bera qolay: sizga er kerakmi? Ha, albatta kerak. Sizga er kerak bo‘lmasa ham bolalaringizga ota kerak. Demak, u qamoqdan sog‘-salomat qaytishi shart. Qamoqda esa, opaginam, ko‘p odamlar bekordan bekorga o‘lib ketadi. Birovlar bitta kichkinagina toshga qoqilib ham o‘lib ketar ekan. Baxtsiz hodisalar ko‘p-da. Qamoqdagi birodarlarimiz eringizni himoya qilishadi. Uning bitta tuki ham bekorga to‘kilmaydi. Siz «soliq» deyapsiz-u, aslida unday emas. Bu xizmat haqi. Hukumat qorovullarga ham maosh to‘laydiku, to‘g‘rimi? Ana, siz ham shunaqa to‘laysiz-da.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #34 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:12 »
— Qanchadan to‘layman?
Yigit darrov javob bermadi. Tutatib bo‘lgach, kuldon o‘rniga qo‘yilgan likopchaga sigaret qoldig‘ini bosib ezdi-da, to‘lanajak xizmat haqi miqdorini aytdi. Buni eshitib, Matluba bir seskandi. «Xato eshitmadimmi?» deb, so‘radi:
— Bir yilgami?
— Eringizning jonini hurmat qilmas ekansiz, opaginam. Har oyda to‘laysiz. Balki uch oyligini, balki yarim yilligini qo‘shib oldindan to‘larsiz. Oldindan to‘lasangiz, bir oz kamaytiramiz, buni o‘zaro kelishib olamiz.
— Menda buncha pul yo‘q... Topganim bolalarim...
— Opaginam, siz topgan pulingizni bolalaringizga ishlatavering. Siz bizga eringizdan qolganidan cho‘tal berib tursangiz yetadi.
— Erimdan... hech narsa qolmagan... Bori shu — ko‘rib turganingiz. Davlat hammasini tortib oldi.
— Davlatga tuhmat qilmang. Bizning davlat, opaginam, odil davlat! Bilmasangiz bilib oling. Hech qachon hammasini tortib olmaydi. U-buni yashirib olishga imkon beradi. To‘rtta bolangiz bor, a?
— Ha... — Matlubaning ko‘ngliga yomon fikr kelib, qo‘rqib ketdi: — Nimaga so‘rayapsiz?
— Shunchaki qiziqdim. Ular ham otalari qaytgunicha sog‘-salomat yurishlari shart. Ota qamoqdan qayt-sa-yu...
— Bolalarimga tegmang! — Matluba beixtiyor shunday deb baqirib yubordi. Mushtlari o‘z-o‘zidan tugildi.
— Opaginam, o‘zingizni bosing. Bizlar odamxo‘r emasmiz. Biz siz bergan xizmat haqi evaziga o‘zingizni ham, bolalaringizni ham himoya qilamiz. Pul ketsa ketsin, jon ketmasin. Mening yana yarim soat vaqtim bor. Birinchi xizmat haqini bugun olib ketishim kerak.
— Hozir yo‘q menda bunaqa pul.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #35 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:19 »
— Sizdan hoziroq talab qilayotganim yo‘q. Yarim soat vaqtim bor, deyapman-ku? Bo‘la qoling, qimirlang.
Bu gapdan keyin ham Matluba bir necha daqiqa harakatsiz turdi. Yigit esa, boshqa gapga hojat yo‘q, deganday indamasdan o‘tiraverdi. Matluba «Yarim soat vaqti bo‘lsa ko‘chaga chiqib, mashinasida o‘tira qolmaydimi?» degan fikrda unga qarab-qarab qo‘ydi.
U «uyda pulim yo‘q» deb yolg‘on so‘zlagan edi. Aslida esa, «biror kunimga asqotar» degan umidda yashirib qo‘ygani bor edi. Ammo bu yigit shunday yalpayib o‘tiraversa, u qanday qilib oladi? Undan tashqari bu yigitning aytganlari shunchaki po‘pisami yo jiddiy-mi — hali to‘la farqiga borolgani yo‘q. Dastlab bu yigit ko‘ziga hushro‘y ko‘rinib edi. Endigi o‘tirishi esa... «He, go‘laymay o‘l!» deb ichida qarg‘adi.
— Yarim soat... Birovdan so‘rab topgunimcha... Bir-ikki kundan keyin kelsangiz... topib qo‘yardim.
— Kelib-ketish oson ekanmi? Men ammangizning qishlog‘idan kelganim yo‘q. Xo‘p, mayli, bir-ikki kundan keyin men kelmayman. O’zingiz borasiz.
— O’zim boraman? Qayoqqa?
— Bahonada adangizni ko‘rib kelarsiz?
— Adamni... bilasizmi?
Yigit istehzo bilan kuldi.
— Laqma xotin ekansiz. Uyingizni to‘g‘ri topib kelgan odam adangizning ikki yildan beri palaj bo‘lib yotganini bilmaydimi? Xullas, ikki kundan keyin adangiznikida ko‘rishamiz. Ismim Xursanali, siz ishlayotgan sovxozning hisobchisiman. Tushundingizmi? Bizning siz bilan bo‘ladigan hisob-kitobimizni birov bilmasa faqat o‘zingizga foyda. Milisadan umid qilmang. Milisa sizga emas, bizga xizmat qiladi. Biz sizga o‘xshaganlardan xizmat haqi to‘plab, hatto o‘sha Maskovdagi generallargacha boqamiz. Shuni unutmasangiz bo‘lgani. Siz bilan biz endi begona emasmiz. Ha, aytmoqchi, bizda «bir-ikki kun sabr qiling», degan gap bo‘lmaydi. Bir safar mayli, kechiraman. Bundan keyin har bir kun uchun yuz qo‘shiladi. Aql bilan ish yuritsangiz hamyoningiz zarar ko‘rmaydi. Eringiz unda tinch, siz bunda bola-chaqalaringiz bilan tinchsiz. Xudo beraman, desa shu-da!

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #36 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:26 »
Yigit o‘rnidan turib, eshik sari yurdi. Ostonaga yetgach, orqasiga o‘girildi:
— Mehmondo‘st emas ekansiz. Mayli, xafa bo‘lmayman. Osh-choyga qarzdorsiz, unutmang, — o‘zini Xursanali deb atagan yigit bir jilmayib qo‘ygach, tashqariga chiqdi.
Matluba unga xayr ham demadi, kuzatish uchun ostona ham hatlamadi.
Yigitning huddi balo chaqiniday kelib-ketishi uning xushini oldi. «Tursunali akamdan xat olib keldim», deb jilmayganida istaraligina bo‘lib ko‘ringan edi. «Osh-choyga qarzdorsiz», deb chiqayotganida ko‘ziga isqirt bir sulloh bo‘lib ko‘rindi. «Kim o‘zi bu? — deb o‘yladi Matluba. — O’g‘ri desam, o‘g‘riga o‘xshamaydi. Basharasi bip-binoyi. Balki cho‘ntakkesardir yo kallakesarmikin? Unaqaga ham o‘xshamaydi. Yo adasi meni sinab ko‘rmoqchi bo‘lib biror tanishini ishga soldimikan? E, yo‘q. Shunaqasiga sinaydimi? Sinagisi kelsa, «menga vafo qiladimi-yo‘qmi?» deb sinar. O’ziga o‘xshagan bironta shilqimni yuborar. Menga ilmoq tashlatib ko‘rar... E yo‘q... Qorang o‘chgur Nafisasi bilan sharmandasi chiqqanidan keyin mendan vafo talab qilib go‘rga borsinmi?..»
Nafisaning nomi esiga tushib, battar tutoqib ketdi. Stol ustida turgan piyolani olib devorga qarata otdi. Piyola devorga tegib ham, taxta ustiga tushib ham sinmadi.
— Hu ko‘zlaring go‘rda chirisin!
Bu qarg‘ishni ovoz chiqarib aytdi. Nazarida Nafisa ishvali ko‘zlarini suzib qarab turganday bo‘ldi. Bir qarg‘ish bilan yuragidagi dard ko‘tarilmay, ikkinchisini aytdi:
— Aft-basharang go‘rda ilon-chiyonlarga yem bo‘lmasa, rozi emasman!
   

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #37 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:33 »
O, ayol qalbi! Dunyoda mavjud barcha fojialar sel bo‘lib yopirilsa chidar-u, ammo erining xiyonatiga sira-sira chiday olmas! Ayniqsa, bu xiyonat o‘z uyida, o‘z to‘shagida sodir etilsa, yurakda yona boshlagan olovni hech nima o‘chira olmas.
Erining xiyonatkor buzuq ekani Matlubaga ko‘pdan ma’lum edi. Hali bu «qorang o‘chgur Nafisa» paydo bo‘lmayoq, bir unga, bir bunga sho‘ng‘ib yurishidan gumon qilardi. Gumoni isbot topganida janjal ko‘taraman, dedi-yu, eplay olmadi. «Chidasang shu, — dedi eri. — Men senga yalinib uylanmaganman, o‘zing xushtor bo‘lib tekkansan. Men bitta xotinga qanoat qiladigan erkaklardan emasman. Ko‘ngling sovugan bo‘lsa, ana, orani ochiq qilginu otangnikiga jo‘nayver. raykomga dodvoy deb borasanmi, undan narigami, menga baribir. Mendan olsa amalini oladi. Sen esa, erdan ayrilasan. Ikkita bola bilan seni birov olarmikan? Menga tegishda otangning roziligini olmagansan. Ketsang, otangnikiga ham sig‘maysan. Undan ko‘ra nafasingni chiqarmay yashayver... Sen xotinimsan. Ular bir o‘ynash. Sen bilan ular orasida katta farq bor. Shuni tushunsang bo‘ldi».
Eri haq gapni aytgan edi.
Matlubaning Tursunaliga oshiq bo‘lgani rost. Xatlar yozgani, she’rlar to‘qigani ham rost. Kelishgan, chiroyli yigitni undan boshqalar ham yaxshi ko‘rishar edi. Yigit chiroyli bo‘lsa, ustiga ustak amaldor otasi cho‘ntagidagi pulni aritmay tursa, xushtorlar sanog‘iga yetish mushkul. Ammo Matlubaning yuragidagi olov hammanikidan kuchliroq edi. Keyin-keyin Matluba o‘sha damlarni eslaganidan «yuragim yonmay, chiribgina ketsa bo‘lmasmidi, uni yaxshi ko‘rmay o‘lib qo‘ya qolsam ming marta yaxshi edi-ya!» deydigan bo‘ldi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #38 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:41 »
Taqdir qalami yozug‘ini yozib bo‘lganidan keyin bunday nadomatlardan ne foyda? O’sha kezlari Odam ato bilan Momo Havoning nima sababdan jannatdan haydalganlarini bilsami edi, es-hushini sal yig‘ishtirib olarmidi...
Oldingilari, eri aytganiday, nafs balosini qondiruvchi vaqtinchalik o‘ynashlar ekan. Eri ularga qattiq bog‘lanmagan edi. «g‘arko‘zing go‘rda chirigur Nafisa» yomon chiqdi. Erini o‘ziga tamomila qaram qilib oldi. Eri avvallari o‘ynashga borgani bilan uni unutmasdi, ko‘nglini ovlab turardi. Erining xiyonatkorligi oshkor bo‘lganidan keyin ham Matluba ikki farzand ko‘rdi. Ammo «juvonmarg bo‘lgur Nafisa»ga ilakishgach, er ekani tamoman esidan chiqdi. Matlubaning o‘rindagi noz-karashmalariga ham e’tibor bermay qo‘ydi. Bir kuni «yoshingga qarab qiliq qil», deb o‘rnidan turib ketgach, Matluba tirik beva bo‘lib qolganini angladi.
«Yoshingga qarab qiliq qil...» O’shanda Matluba hali o‘ttiz uchga kirmagan edi... Hozir qirqning ostonasida. O’shandan beri er nimaligini unutayozgan.
Dardi zo‘r... Ammo dardkashi yo‘q... Dardi ichida.
Faqat bir marta «portladi». Portlamasa bo‘lmas edi...
Shaharga borishi lozim edi. Biroq oyog‘i tortmay ko‘ngli xijil bo‘lib rayon markazidanoq iziga qaytdi. Qarasa-ki, kuppa-kunduzi eri «qon qusgur Nafisa» bilan bir ahvolda... bolalar maktabdan kelib qoladi, deb xavotir ham olishmabdi...
Matluba hali-hali tushunmaydi: sovxozning nomi «mehmonxona», aslida esa fohishaxona vazifasini bajaruvchi joyi bor. Eri nima noma’qul narsa yesa, o‘sha yerda yerdi. Uyga olib kelgani nimasi u yuviqsizni?! Eri janjallashib o‘tirmadi. Nafisani yuldirishga ham qo‘ymadi. «Uningni o‘chir», dediyu o‘ynashini olib chiqib ketdi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #39 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:49 »
Matluba esa... o‘ylay-o‘ylay, axiyri ular yotgan o‘rin-to‘shakni hovli o‘rtasiga uyib, yoqdi. Bu bilan ham hovuri bosilmagach, karavotni ham yoqdi.
Bolalar ko‘rquvda jovdirashadi.
Qo‘shnilar hayron...
Faqat Tursunali hayron bo‘lmadi. Ertasiga yugurdaklari yuk mashinasida yap-yangi karavot tashlab ketishdi.
Haromdan qaytmaydigan ana shu er qamalib, peshonasi devorga tekkach, ko‘zi ochilganmikin? Oiladan ko‘ra o‘ynashning karashmasini afzal bilgan er «xotinim menga vafo qilyaptimi?» deb o‘ylayaptimikin? Shunday deb o‘ylashga haqqi bormi?
Vafo qilmaydigan xotin erining qamalib ketishini kutib o‘tirar ekanmi? Erining buzuqlik daryosiga sho‘ng‘iganini bilgani hamon bu daryoga o‘zini otmasmidi?
Xatida «vafodorim» debdi...
Vafodorim?
Matlubaning xayoliga bir fikr urilib, changalida g‘ijimlanib turgan qog‘ozni shoshib tekisladi:
«Ha, «vafodorim» debdi. Qiziq, ismimni yozmabdi. Menga hech bunday demagan. Yaxshi kunlarda ham demagan. Anavi yer yetkurni aytgan bo‘lishi mumkin. To‘xta, to‘xta... Balki bu xat o‘shanga yozilgandir. U haromi esa, menga jo‘natgan bo‘lsa-chi? Boyagi turqi sovuq uning xushtoridir balki?..»

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #40 : 02 Sentyabr 2006, 06:42:57 »
Shunga o‘xshash fikrlar quyilib kelaverib, Matlubaning boshi og‘riqdan zirillay boshladi. So‘ng shu og‘riq bahona bo‘lib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. U erini hibsga olishganda ham, sud hukmi o‘qilganda ham yig‘lamagan edi. To‘g‘ri, yuragi yomon uvishib edi. Ammo do‘st-dushman uning ko‘zlarida nam ko‘rmagan edi. Birov «dushmanlar oldida past ketmadi, yig‘lamagani yaxshi bo‘ldi», desa, boshqalar «buncha bez ekan bu xotin? Hech bo‘lmasa kiprigini tupugi bilan ho‘llasa-chi, endi erini yana ko‘radimi yo‘qmi?» deyishgan edi.
Yuragi faryod chekmasa, ko‘zlariga yosh kelmasa, nima qilsin? Yig‘ining fursati shu kunga belgilangan ekan, astoydil yig‘lash uchun erning qamalishi bahona bo‘lolmas ekan, xotin kishi o‘zining xorlanganini his qilsa, bas ekan. Ayni damda Matluba xorlanish kuyining avj pardaga ko‘tarilganini fahmladi. Daqiqalar o‘tgani sayin u «maktub» ko‘zginang teshilgur Nafisa»ga yo‘llangan-u, u juvonmarg makr ishlatib, xushtorini bu yoqqa jo‘natgan», degan fikriga astoydil ishona boshladi. Bu fikr tez orada mutlaq hokimlik shoh-supasini egallab, qolgan barcha xayollarni quva ketdi.
Yagona fikrga mahkum bo‘lgach, bu zug‘umdan qutulish, qutulishgina emas, qarshi hujumga o‘tib, Qanimini yakson qilish choralarini izlay boshladi. Donishmand ahlining «johilga hilm ila munosabatda bo‘l», degan nasihatlariga erkaklar amal qilarlar-u, biroq o‘ch olish qasdida yonayotgan ayol ikki dunyoda quloq solmas. Bu sohada ayollarning yagona shiori — «makrga makr qilichi bilan hamla qilmoq kerak!»
Alam o‘tida yonayotgan Matluba makr bobida kundoshidan orqada ekanini tan oldi. Birovning erini o‘ziga rom qilgan makkoraga pul undirib olish qiyin ish ekanmi? Matluba «uying kuygur Nafisa» ishlatgan yoki reja qilayotgan xiylalar haqida o‘ylay boshladi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #41 : 02 Sentyabr 2006, 06:43:05 »
Qamoqda erining Tengiz ismli o‘g‘riboshiga yo‘liqqanini u bechora qaydan bilsin? Yaxshiki u kundoshining ko‘z ochib ko‘rganini sog‘inib Sibirga otlanayotganini, erini laqillatib ketish uchun bahona axtarayotganini bilmaydi. Bilsami, hozirgi ahvolini tutash desak, gurillab yona boshlashning qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Yaxshiki, Tangri bandalarini ko‘p narsalardan bexabar qilib yaratgan. Aksi bo‘lgandamidi edi, dunyo xotinlarning g‘alvasidan bo‘shamay qolarmidi, vallohi a’lam!
Matluba og‘riq zo‘ridanmi yo qorong‘u xaltako‘chada milt etgan nur topolmay gangib ezilganidanmi, boshini changallab o‘tirdi. Maktabdan qaytgan katta qizi bu ahvoldagi onasini cho‘chitib yubormaslik uchun past ovozda salom berdi. Onasi alik olmagach, yelkasidan quchoqladi. Matluba uni quchib, endi unsiz faryod chekdi. Erining xurmacha qiliqlaridan bezgan damlarida ba’zan «bu dunyoda yashab nima qildim?» degan xayolga ham borardi. Ana shu badbinlik ko‘chasida ivirsib qolganida Xudoning o‘zi yomon yo‘ldan qaytarardi — ko‘ziga bolalari ko‘rinardi. Uch yil muqaddam o‘ngida qilolmagan ishi tushida sodir bo‘ldi — o‘zini yoqdi! Ana shunda bo‘zlayotgan bolalarini ko‘rib, o‘zi ham baqirib yubordi. Bor ovozi bilan baqirgani uchun o‘zining ovozidan qo‘rqib uyg‘onib ketdi. O’shanda to‘ng‘ich qizi ham uyg‘onib, onasini quchoqlab olgan edi. Bu dunyoda uni ushlab turgan zanjir shu farzandlari. Shu topgacha otalik mehrini bermagan «zormanda er» kasriga endi bular ham azob chekishlari kerakmi?
Qizini quchoqlab o‘tirgan Matluba shuni o‘ylab, yuragi ezilib «bundan ko‘ra otib tashlashganlari ming marta yaxshi edi», deb o‘yladi. Qizi esa, onasi ma’yuslanib qolganida «adamlarni o‘ylab siqilyaptilar» deb o‘ylab, xafalik sababini sira so‘ramasdi. O’n oltiga yetib qolgan qizi Matlubaning baxtiga g‘oyat aqlli edi. U hatto ko‘chada otasi haqida mish-mishlarni eshitganida ham dardini ichiga yutardi-yu, onasiga bildirmasdi. Ko‘rpa-to‘shaklar nima sababdan yoqilganiga fahmi yetgani uchun ham bu xonadonda yashash onasi uchun g‘oyat azobli ekanini bilardi. Bilgani uchun ham onasiga suyanchiq bo‘lishga intilardi. Lekin onasiga qanday suyanchiq bo‘la olishiga bolalarcha aqli yetmasdi. Hozir ham onasini quchgan holda nimadir deb uni yupatgisi keldi. Ammo o‘sha «nimadir»ni topolmasdi, aytolmasdi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #42 : 02 Sentyabr 2006, 06:43:14 »
Qizining shu tarzda quchoqlashi ham Matluba uchun zo‘r dalda edi. U chuqur nafas olib, xo‘rsiniqni nari haydadi. Qizining peshonasidan o‘pdi-da:
— Nasiba, jon qizim, Zilolani boqchadan vaqtliroq olib kela qol. Maydonga qarab o‘t: Shohruh to‘p tepgani chiqib ketuvdi. Hammayog‘ini rasvo qilmasin, Farruh qani, nima uchun birgalashib kelmadilaring?— dedi.
— Farruh o‘rtog‘idan kitob olishi kerak ekan, hozir keladi.
Nasiba shunday deb onasi buyurgan vazifani bajarish uchun chiqdi. Qizi chiqishi bilan Matluba avvalgi holatiga qaytdi. Oradan besh-olti daqiqa o‘tmay, o‘g‘li eshikdan asta mo‘raladi. Kitob-daftarini qo‘yib, ko‘chani mo‘ljallaganida Matluba uni chaqirib, «Vali akangni chaqirib kel», deb buyurdi.
Valijon — besh uy narida turuvchi yigit. Bilganlar uni «Tursunalining mulozimi», deydi, bilmaganlar esa «direktorning shopuri» deyishadi. Kim nima desa desin, ammo Valijon xojasiga bag‘oyat sodiq edi. Tursunaliga qo‘shib uch kun qamab qo‘yishganda ham xojasining sirlarini ochmadi. Suddan keyin esa xotini bilan birgalikda chiqib, Matluba yangasiga dalda bergan, «nima xizmat bo‘lsa, tortinmay aytavering. Akam qaytgunlaricha sizga ukaman», degan edi.
Matlubaning unga buyuradigan xizmati yo‘q edi. Shu bois ko‘chada ro‘para kelganida salomlashardi-yu, ortiqcha gap aytmas edi. Shu sababli yangasining yo‘qlovi Valijonni shoshirib qo‘ydi. Tomorqadagi ishini yig‘ishtirib, qo‘l-betini chala-yarim yuvgach, xojasining uyiga shoshildi. Ichkari kirib hol-ahvol so‘rashga ulgurmay, yangasidan kutilmagan savolni eshitib dovdirab qoldi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #43 : 02 Sentyabr 2006, 06:43:22 »
— Akang boyliklarini qaerga yashirgan?
Bunday savolni tergovchi qayta-qayta so‘ragan, har safar «bilmayman» degan javobni eshitavergach, axiyri tutaqib, rosa do‘pposlagan edi. Endi esa, yangasi xuddi o‘sha tergovchiga o‘xshab so‘rayapti. Yolg‘on po‘pisa qilyaptimikin desa, ohangi ancha jiddiy.
— Siz bilmasangiz... men bilmayman, opa.
— Sen go‘rni ham bilasan, ayt.
— Axir opa, men oddiy bir shopur bo‘lsam...
— Sen shopur emas, qo‘shmachisan! Akangga qo‘shib seni ham qo‘shmazor qilish kerak edi.
— Unaqa demang, opa, bolalarim bor.
— Senda bor bola, boshqalarda yo‘qmi? Ma, o‘qi! Ammo birovga g‘ing deya ko‘rma.
Matluba shunday deb xatni uzatdi. Valijon o‘qib chiqqach, «men nima qilay?!» degan savol nazari bilan qaradi.
— Men har oyda pulni qaerdan olaman? Sen qo‘shmachi hamma baloni bilasan. Akang topganining yuzdan birini uyga olib kelardi. Qolgani qaerda? Yo topasan, yo bolalaringni garovga qo‘ydiraman. Qamoqdan bitta kallakesar kelgan. Unga seni ro‘para qilamanu holingni ko‘rib turaveraman.
— Xudo xayringizni bersin, jon opa! Unday qilmang, opajon! Menda nima gunoh? To‘g‘ri, maishatlarini bilardim. Ammo pulga ko‘zim tushmagan sira. Aldayotgan bo‘lsam — Xudo ursin! — Valijon shunday deb yig‘lamsiray boshladi.
— Piqillama, erkak ham yig‘laydimi? Menga anavi buzuqning qaerdaligini ayt hozir.
— Qaysi... buzuq?
— O’zingni go‘likka solma! Juvonmarg Nafisani aytyapman!
U shaharda yashaydi-da.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Murdalar gapirmaydilar (roman). Tohir Malik
« Javob #44 : 02 Sentyabr 2006, 06:43:32 »
— Shahardaligini bilaman. Qaysi ko‘chada, qaysi uyda? Tirik bo‘lsa uyini ayt, o‘lgan bo‘lsa go‘rini ayt.
— Ko‘chasining nomini bilmayman, opa. Metroning oxiriga yetgandan keyin ozgina yurilsa mehmonxona keladi. Keyin o‘ngga. To‘rt qavatli imorat.
— Meni boshlab borasan o‘sha ishratxonaga.
— Xo‘p, opajon, ertaga, ishdan so‘rab kelaman.
— Hozir jo‘naymiz.
— Ie, axir...
— Senga «hozir jo‘naymiz», dedim. Bor, chorak soatda tayyor bo‘lib chiq.
Valijonni chaqirtirishidan asl maqsadi ham shu edi. «Akangning boyligi qaerda?» deb so‘roqqa tutishi yigitni egib olish uchungina edi. Shunday qilmasa, u yo Nafisaning turar joyini yashirardi, yo olib borib ko‘rsatishni paysalga solardi. Yoki «akasining sevimli yosh xotinini» ogohlantirib qo‘yishi ham mumkin edi. Shularni nazarda tutib, Matluba u bilan o‘ziga xos bo‘lmagan dag‘al ohangda gaplashdi. Yangasidan bunday muomalani kutmagan Valijon chindan ham qo‘rqdi. Ayniqsa, «bolalaringni garovga qo‘ydiraman», degan gapiga ishonib, esi teskari bo‘lib ketay dedi. Yig‘isi ham yolg‘on emas, rost edi. Bir tomonda qama-qama avjiga chiqqan, yana bir tomonda mashina o‘g‘irlash tish kavagini kavlashday oson bo‘lib qolgan, odamlar esa, to‘ppa-to‘satdan yo‘qolayotgan zamonda oddiy po‘pisa ham haqiqat ko‘rinishini oladi. U xojasining ba’zi sirlarini biladi. Biroq pul bor-yo‘qligi, yashirilgan-yashirilmaganidan bexabar edi. Bilganida hozirgi po‘pisadan so‘ng shart aytvorardi. To‘g‘ri, u kaltafahm emas, xojasining ayrim harakatlaridan bir narsani sezganday bo‘lardi. Ayniqsa, qama-qamalar dovuli boshlangan, biroq, ularning viloyatlariga yetmay turiboq, xojasi g‘imirlab qolgan edi. Uch-to‘rt marta zargarlik do‘konlariga kirib chiqqanida «o‘ynashlarga sovg‘a-salom olyaptilar, akaginam», deb o‘ylagan edi. Idorada o‘tirgan «akaginasi»ning qo‘llariga kishan solib olib chiqishgandan so‘ng sovg‘a-salom olinmagani, qog‘oz pullar tillaga aylantirilganini anglab yetdi.

 

Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 276
Ko'rilgan: 94077
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:31:21
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Ov (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 107
Ko'rilgan: 41146
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:09:05
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Davron (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 64
Ko'rilgan: 27095
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:24:15
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Falak (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 131
Ko'rilgan: 42293
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:29:02
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Savohil (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 257
Ko'rilgan: 71230
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:33:27
muallifi AbdulAziz