Shu payt Abduqayum surat ishlab chiqqan xonada nimadir chirsilladi.
— Oyijon, suratlar quridi, quritgichni o‘chirib qo‘ying, iltimos, — dedi Abduqayum oshxona tomonga qarab. Onasi darrov chiqib, aytilgan ishni bajardi.— Bugun qo‘llarimga ancha jon kirib, suratlarni ishlab qo‘ya qoldim, — Omonullo Abduqayumning panjalari bu safar yengilroq bog‘langaniga e’tibor berdi.— Aka, siz ketganingizdan keyin men ko‘p o‘ylandim. Odamlar tug‘iladilar, yashaydilar, o‘ladilar. Tug‘ilsa — quvonamiz, o‘lsa xafa bo‘lamiz. O‘sha o‘lgan odam tirikligida yaramas ishlarni ko‘p qilganiga qaramay achinaveramiz, afsuslanaveramiz. Men avval ko‘rishganimizda ham aytuvdim: Nafisa opani siz qidirayotgan odam o‘ldirmaganida ham baribir boshqa bahonai sabab bilan bu dunyoni tashlab ketardilar. Siz hozir qotilni emas, sababchini qidiryapsiz. Bilasizmi, men odamning o‘lganiga achinmayman. Chunki o‘lim hamma uchun atalgan ne’mat. Men imonsiz ketgan odamlarga achinaman. Imonsiz ketsa u dunyodagi ahvoli nochor bo‘ladi, men shunga afsuslanaman. Nafisa opa ancha imonga kirib qolay devdilar... savol-javoblari oson bo‘lsin, ishqilib... Oyijonim ba’zan menga qarab turib ranjiydilar, mening bunaqaligimdan eziladilar, o‘zlarini aybdor deb hisoblaydilar. Do‘xtirlar «sizga tug‘ish mumkinmas», deyishgan ekan. Do‘xtirning aytgani emas, Ollohning xohlagani bo‘ladi. Olloh oyijonimga farzand berishni ixtiyor qildimi — do‘xtiringiz nima deya oladi? Ko‘p gapiryapti, deb g‘ashingiz kelmasin. Shu gaplarni aytish uchun rosa o‘yladim-da. Siz qotilnimi yo boshqa jinoyatchinimi izlaysiz, ushlaysiz, qamaysiz. Lekin birini qamasangiz ikkinchisi tayyor turadi. Sizdan oldingilar ham qamab tugatolmagan, sizlar ham tugatolmaysiz, keyingilar ham. Nima uchun, bilasizmi? Amaki, aytaveraymi, jahlingiz chiqmaydimi?
Bobomurodga bu yigitchaning yoshiga yarashmagan tarz-da aqlli gaplarni aytayotgani avvaliga sal erish tuyulgan bo‘lsa-da, endi xush yoqayotgan edi. Shu bois Omonullo bilan ko‘z urishtirib olib:
— Gapiravering, fikrlaringiz menga yoqyapti, — deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi.