Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 135639 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:44:29

Matluba o‘sha sharmandali kunda, g‘azab olovida yonayotgan damda unga tuzukroq qaramagan ham edi. Hozir o‘g‘rincha emas, dabdurustdan tikilib qaradi. Xushbichim, xushro‘y ekanini tan olgisi kelmadi. «Erim bekorga ilakishmagan ekan, menga «yoshingga yarashadigan qiliq qil», deb bejiz aytmagan ekan. Bu ishva qilib turganda men yoqarmidim», degan fikrni xayolidan quvdi.
Nafisa «mayli, to‘yganicha qarab olsin», deb indamadi. Oxiri sabri chidamadi:
— Keling, opa...
— Opa? — Matluba zaharli iljaydi. — Men qachondan beri senga opa bo‘lib qoldim? Men sendaqa singilni bilasanmi, nima qilaman?
Nafisa qaydan bilsin buni. To‘g‘risi aytilsa, Matlubaning o‘zi ham bilmaydi. Hozir Nafisa «xo‘sh, nima qilardingiz?» deb so‘rasa dovdirashi tayin edi.
— Singlingiz emasman. yoshingizni hurmat qilib aytuvdim. Boshqa demayman. Menga bir nima demoqchimisiz?
— «Bir nima demoqchimisiz?..» — Matluba kundoshiga o‘tli nigohini qadadi. — Sen menga qaysi xushtoringni yubording?
— Nima deyapsiz? — Nafisa ajablanib, kaftini yuziga bosdi.
— Erimni kanadek so‘rganlaring yetmaganday endi menga yopishmoqchimisanlar?
— Tushunmayapman, nimaga unaqa deyapsiz?
— Sen o‘zingni merovlikka solma. Bilib qo‘y, o‘sha xushtoringni ham, o‘zingni ham o‘ldirtirib yuboraman!
Bu gapdan keyin oshxona eshigi qiya ochilib, Samandarning boshi ko‘rindi:
— Qizlar, nima gap, tinchlikmi?
— Eshikni yoping! — dedi Nafisa zarda bilan. Amri shu zahoti bajarilgach, Matlubaga qaradi. Endi uning ko‘zlarida ham g‘azab uchqunlari ko‘rindi. — Qo‘lingizdan kelsa o‘ldiring, lekin menga tuhmat qilmang.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:44:36

— Tuhmatmi? Mana bu ham tuhmatmi? — Matluba shunday deb sumkachasidan xatni chiqarib uzatdi. Nafisa xatni o‘qiyotganida undan ko‘zini uzmadi.
— Bu... Tursunali akamning xatlari-ku? — dedi Nafisa ajablanib. — Sizga kim berdi?
— Xushtoring.
— Tuhmat qilmang, dedim sizga! Xudo ursin, bu xatni endi ko‘rib turibman.
Matluba «rost aytyaptimi yo tonyaptimi?» degan fikrda unga tikilib qoldi. Mo‘ljalidagi «hujum» kuchi zaif bo‘ldi. Natijasi esa, undanda zaif bo‘ladiganga o‘xshab turibdi.
Nafisa o‘ylab bir to‘xtamga kelishi uchun kundoshiga sharoit yaratib berdi. Ichkaridan esa Toshbolta yolg‘on yo‘tali bilan qizini shoshirdi. «Dadam ham ba’zida oshirib yuboradilar-da», deb g‘ijindi Nafisa, Matluba ham yo‘talning ma’nisini tushundi. «He, o‘pkaginangga qurt tushsin, iloyim shu yo‘tal olib ketsin-a...» deb qarg‘adi.
— Agar ishonmasangiz, — dedi Nafisa kundoshiga tik qarab, — turmaga borib kelamiz. O’zlaridan so‘raymiz.
— Nima? — Matluba bunaqangi taklifni sira kutmagan edi.
— Sibirga birga borib kelamiz! — Nafisa shunday deb taklifiga aniqlik kiritgach oshxona eshigini ochdi. — Samandar aka, Irkutskka ikkita bilet olib kelasiz.
— Hozirmi? — dedi Samandar ajablanib.
— Ertaga... ertalab. Borish-kelishga olasiz. U yoqda sarson bo‘lib yurmaylik.
— To‘xta, — dedi Matluba. — Senga «Sibirga boraman» dedimmi? Menga qara, sen erimning Irkutskda ekanini qaerdan bilasan? — Matluba savolni Nafisaga berib, «ko‘rib qo‘y, xotiningni» deganday Samandarga qaradi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:44:44

Nafisani bu savol dovdiratmadi:
— Odamlardan eshitdim, — dedi xotirjam ravishda.
— Odamlar qaerdan eshitishibdi? Radiodan aytibdimi? Yo gazetda chiqibdimi?
— Endi maydalashmay qo‘yaqoling. Avval manavini hal etaylik, — Nafisa shunday deb xatni eriga uzatdi. — O’qing, o‘rtog‘ingizdan.
Samandar xatni o‘qib, boshini qashidi. Malla kipriklari pirpiradi.
— Matlubaxonim... Men bilmadim-u, ammo Nafisdan bekor gumonsirayapsiz. Xohlasangiz Tursunalining oldiga o‘zim borib kelaman. Agar yanglishmasam, bu xatni o‘z xohishi bilan yozmagan. Aniqlash kerak. Turmalarda har xil voqealar bo‘lib turadi.
— Aniqladingiz nimayu aniqlamadingiz nima?
— Qanchadan to‘lash kerak ekan?
Matluba aytdi.
— Har oydami? — dedi Samandar ajablanib. — Bu butun bir kapital-ku? Bilasizmi, Matlubaxonim, bunday qilamiz: birinchi vznosni biz beramiz.
— Yo‘q!
— Rad etishga shoshilmang. Axir Tursunali menga begona emas. Biz aka-ukadaymiz, axir.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:44:52

«Aka-ukadaymisan, yo kundoshmisan?» deb o‘yladi Matluba. Bu yerda ortiq to‘xtagisi kelmadi. Bularga uchrashgani uchun o‘zidan o‘zi nafratlandi. Xuddi tilanib kelganday his qilib, o‘zini o‘zi yulib tashlashni istadi. Shart burilib, eshik tutqichiga qo‘l yuborganida Samandar uni yelkasidan ushlab to‘xtatdi.
— Bunday qilishga haqqingiz yo‘q. Menda pul bor. Bu yil baribir qurortga bormaymiz. Ishdan menga ijozat yo‘q. Undan tashqari biz puldan sira qiynalmaymiz. Do‘stim uchun men ham nimadir qilishim kerak.
— Siz do‘stingiz uchun juda ko‘p ish qilib qo‘ygansiz, xayr, — dedi Matluba eshikni ochib. So‘ng ostona hatlab, orqasiga o‘girildi: — Bilib qo‘ying: men tilanchi emasman. Erimni ham, nomusimni ham o‘zim himoya qila olaman.
Matluba shunday deb eshikni yopdi-da, tez-tez yurib zinapoyadan tusha boshladi. Samandar ham, Nafisa ham uning ortidan yurmadilar. Samandar «Erini himoya qilishi tushunarli, ammo nomusni nima uchun aralashtiradi?» degan xayol bilan xotiniga qaradi. Nomus masalasi bekorga eslanmaganini tushungan Nafisa eridan ko‘zini olib qochib, «yo‘tali bosilib qolgan» otasi huzuriga yurdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:02

O’LIMNING BAHOSI

Matluba zinapoyalardan tushib, tashqariga chiqqunicha xuddi najasxonadan o‘tayotgandek nafasi qaytdi. To so‘nggi zinapoyani bosgunicha har tashlagan qadamida o‘zini la’natladi. Dastlabki soniyalarda bu yerga kelib xato qilganini anglab, pushaymon edi. Uning o‘ziga bo‘lgan nafrati bu pushaymondan tug‘ilmadi. Ko‘ngilga taskin bera olguvchi «olishuv» bo‘lmagani, ulardan baland kelish u yoqda tursin, hatto teppa-teng gaplashishga jur’ati yetmagani, eng muhimi — bu xonadondan besamar ketayotgani uning g‘azabini qo‘zg‘otgan edi. Ba’zan odam achchiqlansa G’azab toshlarini birovga otib humoridan chiqadi. Hozirgi holatda esa, Matluba G’azab toshlarini faqat o‘zigagina ota olardi.
Alhol, Matlubani dardga solgan yana bir sabab bor: Matluba kundoshining yayrab-yashayotganini anglab, avval ichi kuydi, so‘ng rashk qildi. Yo‘q, eriga nisbatan emas, o‘sha qoshu kipriklarigacha malla Samandarga rashk qildi. Eri do‘stini «zo‘r olim, faqat Maskov bilan gaplashadi», — degan edi. Ana shunday zo‘r odamni bir buzuqning quliga aylanishiga Matluba toqat qila olmadi. «Bu itdan tarqagan g‘arko‘zga er hayf. Nima qilib bo‘lsa ham ajratib yuboraman. Yursin menga o‘xshab beva bo‘lib...» Matluba xayolidan yarq etib o‘tgan bu fikrni chuqurlashtirmadi. Hatto qanday qilib ajratib yuborishini o‘ylamadi ham. Buni keyinroq mulohaza qiladi. «Samandarga borib hammasini aytaman. Qiz olmaganini bilib qo‘ysin...» deb qaror qiladi-yu, ammo axdini amalga oshirishni galga solaveradi. Bu galga solishi ham besabab emas. Avvaliga ajratib yuborishni o‘ylagan bo‘lsa, keyinchalik «Juvonmarg Nafisa bu dunyoda yashamasligi kerak», degan fikrga ko‘proq yopishib oladi.
Bu o‘y-qarorlar keyinroq tug‘iladi. Hozir esa...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:11

Matluba besh-o‘n qadam yurgach, bolalar o‘ynaydigan maydoncha qarshisida to‘xtadi. «Tepadan kuzatishayotgandir», degan fikrda o‘girilib, ularning derazalariga qaradi. O’nlab derazalardan qaysi biri ularniki ekanini aniq bilmasdi. Uning mo‘ljalidagi bironta deraza ortida ham sharpa sezilmadi. «Er jonivor idish-tovoq yuvayotgandir. Anavi buzuq esa, otasiga hisob berayotgandir. Hamma gaplarni eshitib turdi u it! Yana yo‘taladi-ya! He, o‘pkalaring irib ketsin sening!» Matluba noaniq derazaga shu qarg‘ish toshini otgach, sal hovuri bosilganday bo‘ldi.
Nimqorong‘i muyulishda to‘xtab turgan odamning o‘zi tomon yura boshlaganini ko‘rib, cho‘chidi. Yuragiga qo‘rquv oralab, tislangan mahalida tanish ovozni eshitdi:
— Opa, bu menman.
— Vali? nima qilib turuvding?
— Kechqurun yolg‘iz yurmang, dedim. Harholda bu yerda yotib qolmasangiz kerak, deb o‘yladim.
Matlubaga Valijonning bu ishi ma’qul bo‘ldi. Ammo sir boy bermaslik uchun:
— Meni bo‘ri yermidi? — deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
Katta ko‘chaga chiqishganda Valijon:
— Opa, men bir moshin to‘xtatayin. Adangiznikiga borasizmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, — dedi Matluba, — ukamnikiga boraman. Sen ham yura qol, joyi bemalol.
— Rahmat, opa, mening boradig‘on yerim bor.
Matluba «boradigan yeri bo‘lmagani uchun meni poylab turgandir», deb o‘ylagan edi. Valijonning bu gapidan so‘ng o‘sha fikri uchun o‘zi uyaldi.
— Yuraver, seni tanishadi, — dedi muloyimlik bilan.
— Yo‘q, opa, bahonai sabab bilan qarindoshlarni ko‘rib ketayin. Yana qachon tushaman bu shaharga...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:18

Valijon Matlubani mashinada kuzatgach, o‘zi temir yo‘l bekatiga ketdi. U Matlubaga yolg‘on so‘zladi: shaharda uning qarindoshlari yo‘q edi. Xojasining davrida orttirgan o‘ynashlarinikiga borishning ma’nosi yo‘q. U xotinlar «Valijon akaginam qachon bag‘rimga kelarkinlar?» deb ko‘z tikib o‘tirmaydi. Allaqachon boshqa xushtorlar topib, maishatlarini davom ettirayotganlari aniq.
Valijon yomon bir o‘yinga beixtiyor aralashib qolayotganidan ko‘ngli xijil bo‘lib, turli o‘ylar changalida tong ottirdi. Yaxshi kunlari tugab, tashvishli davri yaqinlashganidan darak beruvchi bu shahardan tezroq qochgisi keldi. Tongda birinchi avtobusga o‘tirib uyiga jo‘nadi. Halqa yo‘ldan uzilgach, xuddi tashvishlari ortda qolganday sal yengil tortdi.
Matluba esa, mashinadan tushgach, ukasi yashaydigan hovli darvozasiga yaqinlashdi-yu, ammo qo‘ng‘iroq tugmasini bosishga shoshilmadi. Hozir u hech kim bilan ko‘rishishni, gaplashishni istamayotgan edi. To‘g‘ri, ukasi uni ko‘rib, «nega bemahalda kelding?» demaydi. Bil’aks, quvonadi. oralaridagi farq bir yosh bo‘lgani sababli ular Fotima-Husan kabi yaqin, aytish mumkinki, ma’lum ma’noda hatto sirdosh ham edilar. Yoshdagi farq oz bo‘lgani sababli ukasi uni «opa» ham demasdi, sizlamasdi ham. Matluba erga tekkanidan so‘ng «opa» deb sizlay boshladi. Bu Matlubaga ham erish tuyuldi. Ukasi bilan uzoqlashib ketganday bo‘ldi. Ukasiga ham shunday tuyulib, yana eski odatiga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:27

Erga tekkanidan so‘ng ota-ona huzuriga kelib-ketish uning uchun o‘lim chig‘irig‘idan o‘tish kabi azob edi. Otasi Matlubani e’tiborli bir odamning o‘g‘liga berishni mo‘ljal qilib qo‘ygan ekan. Mo‘ljalning o‘zigina bo‘lsa koshki edi. Do‘sti vakilligida go‘zal, oqila qizi borligini ma’lum qilibdi. U odam esa, qadrdonlaridan birida o‘g‘liga mos qiz borligidan «xabar topib», sovchi ham yuborgan edi. Balo buluti yopirilib, balo yomg‘irlari ana o‘shandan so‘ng yog‘a boshladi. Otasiga qo‘shilib onasi avval yalindi, so‘ng po‘pisa qildi. Po‘pisa qilishda akasi hammadan oshib tushdi, gapira turib, bir-ikki marta do‘pposlashdan ham qaytmadi. Onasi so‘nggi chora — ko‘z yoshlarini ishga solganida Matluba chiday olmadi. Onasiga qo‘shilib yig‘lab turib, bir yigitni «juda yaxshi ko‘rishini» aytdi. «Bo‘lmagan gap, — dedi onasi, — yaxshi ko‘rganingni erga tekkaningdan keyin unutib yuborasan». «Unutolmayman, oyijon», dedi yig‘idan to‘xtamay Matluba. «Agar o‘sha yaxshi ko‘rganingga tegaman, desang mening o‘ligimni hatlab o‘tib chiqasan bu uydan», dedi onasi qat’iy tarzda. «Oyijon, sizning bir tomchi ko‘z yoshingiz uchun undan kechsam kechvorar edim, lekin... to‘yning ertasiga kuyov tomon meni izimga qaytarib yuborsa isnodga chiday olmaysizlar...» Onasi beixtiyor «nega?» deb so‘radi-yu, nima voqea sodir bo‘lganini anglab, labini tishladi, yuzini yuldi.
Matluba to‘g‘ri aytgandi — isnodga chiday olishmas edi. Bo‘lib o‘tgan sharmandali voqeadan xabar topishgach, dardlarini ichlariga yutmoqdan o‘zga chora bo‘lmadi. Agar bu uyatdan odamlar xabar topishsami?! Xudo ko‘rsatmasin!
Matluba xohlagani — Tursunaliga tegdi. Unga dabdabali to‘y nasib etmadi. U alamli, azobli hayotni o‘ziga ravo ko‘rdi. Otasi esa, «oziq-ovqat savdosi boshqarma»siga rahbarlik qilish niyatiga yetolmadi. Sir uch kishining orasida qoldi. Matlubaning akasi, ukasi uning Tursunaliga tegishini o‘jarligidan, deb baholadilar. Otasi Matlubani rasman oq qilmagan bo‘lsa-da, gaplashmay qo‘ydi. Salomlariga ham alik olmadi. Faqat tilsiz, harakatsiz qolganidan keyin qiziga qarab bir nimalar demoqchi bo‘lib g‘o‘dranardi, ko‘zlari yoshlanardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:36

Otasini isnod emas, pul g‘ami yiqitdi. Ulardan ikki uy narida qimorboz qo‘shnilari bo‘lardi. Bir kuni chiqib «Qimorni tashlamoqchiman. Ammo bu shaharda yashab turib tashlay olmayman. Samarqanddan joy topdim. Ota yurtimga jo‘nayman, joy begona bo‘lmasin. Siz bizga ko‘p yaxshilik qilgansiz. Uyimni sotib oling, sizga arzonroq qilib beraman», debdi. Otasi ham qiziq, uyga muhtojligi yo‘q edi. Katta o‘g‘li o‘zi bilan qolib, kichigi joy qilib chiqib ketgan edi. Lekin nafs qurg‘ur «arzonroq olu u yer bu yerini tuzatib, ikki baravar ortiqqa pulla», deb qutqu qilaverganmi, harholda mahalladan uch-to‘rt odam chaqirildi, savdo pishdi. Pul to‘landi. Qo‘shni ikki oydan so‘ng ko‘chishga ijozat so‘radi. Oradan ikki oy emas, yarim yil o‘tsa ham u joyidan jilmadi. Sakkiz oydan so‘ng ko‘chishi lozimligi eslatilganda u «nega ko‘chaman?» deb «ajablandi». Uyni sotganini aytishganda esa, «Qachon sotibman? Shunday uyni nimaga sotaman?» deb yana «ajablandi». Guvohlar chaqirildi. Biri «eslay olmadi», boshqasi «bunaqa gap bo‘lmagani»ni aytdi. Guvohlar chiqib ketishgach, otasi yiqildi, tilsiz, harakatsiz bo‘lib qoldi. Oradan uch oy o‘tar-o‘tmas, onasi uyqusidan uyg‘onmadi. Mo‘‘mina ayol edi, omonatini ham osongina topshirdi.
Onalar hech mahal farzandlaridan norozi bo‘lib ketmaydilar. Shunday bo‘lsa ham Matluba «onamdan rozilik ololmadim», deb armonda qoldi.
Onasi o‘tganidan beri ota uyiga borgisi kelmaydi. Akasi bilan yangasini ko‘rishga tobu toqati yo‘q. Akasini o‘sha urganlari uchun sira-sira kechirolmaydi. Hatto onasini behurmat qilganida ham xotinini chertmaydigan insonning singlisini do‘pposlashi chindan ham kechirish mumkin bo‘lgan hol emasdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:45

Janozadan keyin qaysi bir kuni ukasi yolg‘on yig‘isini avjga chiqarayotgan yangasiga qarab turib, «onam boyaqish o‘ldilaru bu dunyodagi do‘zax azobidan qutuldilar», degan edi. Yomon kelindan Yaratganning o‘zi asramasa qiyin ekan. Qayin singillar turmushga chiqib ketishar, qayin inilar ko‘chib ketishar, ota bilan ona esa, bu dunyo azobiga dosh berib, yashashdan o‘zga choralari yo‘q. Ularni bu azobdan faqat o‘limgina qutqaradi.
Matluba shaharga tushganida «otamnikiga boraymi yo ukamnikigami?» deb ikkilanib o‘tirmas edi. To‘g‘ri, otasini borib ko‘rardi, ammo u yerda uzoq o‘tirmas edi. Yangasining «qiz degan otaga qarab o‘tirishi kerak», degan fasod gaplariga javob bermay iziga qaytardi. Erining ishi sudda ko‘rilayotganda bolalarini olib ukasinikiga ko‘chib keldi, deyilsa ham bo‘ladi.
Matluba ukasining darvozasi qarshisida turib, yuragi uvishib ketdi. Bir qarasang atrofingda mehribon odamlar ko‘p. Ular senga yaxshilik qilgisi keladi-yu, ammo nima uchundir qilmaydi. Dardingga malham qo‘ygisi keladi-yu, ammo nimagadir qo‘ymaydi. Senga qo‘shilib yig‘lagisi keladi-yu, ammo nimagadir yig‘lamaydi. Boshing uzra baxt quyoshi charaqlab qolsa, uning nuridan sen bilan birga bahra olishga shoshilishadi. Bu baxt quyoshi yuzini abri balo qoplaguday bo‘lsa, pana-panaga qochadilar. O’sha panada turib, senga bo‘lgan sadoqatlarini izhor etadilar. Matluba eri qamalgunicha buni bilmas edi. Balo buluti hamma yoqni zulmatga o‘ragani bilan hayotni yaxshi-yomonga ajratib, odamning g‘aflat uyqusidagi ko‘zini ochar ekan.

Qayd etilgan