Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 138992 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:39

«Qo‘lingni uzat, bo‘tam, qo‘rqma, kaftingni bir hidlay, undan Vatan hidi kelsa ajab emas. Imkonim bo‘lsa edi, seni bir quchar edim. Axir sen Vatanimning bir zarrasisan. Men ham bir bo‘lagiman. Taqdir o‘yinini qaragina — Vatan ikkiga ayrilmish — biri qafasda, biri esa, qullikda».
«Men qul emasman».
«Qulsan, bo‘tam, qulsan. Ko‘zlari yumuq qulsan. Aqli muhrlangan qulsan. Ko‘zlaring ochiq bo‘lsa edi, ozodlik sari yurgan bo‘lar eding. Aqling qulflari buzilsa edi, kishanlarni urib sindirar eding».
«Kishan? Yo‘q, bizda kishan...
«O, «ko‘ngil, sen bunchalar nega
kishanlar bilan do‘stlashding
na faryoding na doding bor...» Bo‘tam, sen bu satrlarni bilarmisan? Cho‘lponni eshitganing bormi?»
«Cho‘lpon? Kim u?»
«O, millat, baxti qaro millat! Seni zulmatdan yorug‘likka olib chiquvchi avlod shularmi edi?»
«Gaplaringizni tushunmayapman?»
«Vatan nadir? Millat nadir? Erk nadir? Anglarmisan o‘zing? «Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman... Hayvon qatorida sanalgan menman...» O, millat holing na bo‘lar endi»
«Ota, biron yeringiz og‘rimayaptimi? Kasal emasmisiz?»
«Men sog‘man, bo‘tam, millatim xastadir. Men bugunmi, ertami o‘limimni toparman. Oqibat bu yorug‘ dunyoga sig‘may qolarman. Vatan sog‘inchi bilan tepayotgan yuragimga bittagina o‘q kifoya. Vatanni bir martagina ko‘rmoq umidimni o‘zim bilan tufroqqa olib keturman».
«Vatan, Vatan, deysiz? Vatanda turibsiz-ku?»
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:45

«Bir jihatdan gaping to‘g‘ri, bo‘tam. Bu Xuroson — bobolarimiz Vatani. Bizningda Vatandir bu. Ammo mening kindik qonim to‘kilgan Vatan — Andijondir».
«Ie, men ham o‘sha yerlikman».
«Qora qoshlaringga qarab ko‘nglim sezib edi. Sen kirishing bilan Vatan isi dimog‘imga ufurdi. Shu bois so‘zlayverdim».
«Ismingiz nima, otaxon?»
«Ismim — Darbadar».
«Ie, shunaqa ism ham bo‘ladimi?»
«To‘g‘ri, bunaqa ism yo‘q. Lekin shunaqa odamlar bor. Mingtepa degan joyni bilasanmi? Jannatmakon otamning kindik qonlari o‘sha qishloqqa tomgan. Otam bir yoshga to‘lmay turib bobomning yurak qoni shu qishloqda oqqan. O’ruslar Mingtepa ariqlarida inson qonlarini oqizib, so‘ng atrof qishloqdagilarni adirga haydaganlarini nahot eshitmagan bo‘lsang? O’zbeklarni darbadar qilib, ularning o‘rniga o‘ruslarni ko‘chirib olib kelib «marhamat, yashanglar!» deganlarini ham eshitmaganmisan? Axir o‘sha fojiadan «Marhamat» degan nom xotira bo‘lib qolgan-ku? Yo Rab, bu ne ko‘rgulik? Dukchi eshonni bilarsan balki?»
«Maktabda o‘qiganmiz. Odamlarni aldab boyigan kishi ekan».
«Astag‘firulloh! Eshon hazratlarining niyatlari ko‘krak suti kabi pokiza edi. Vatanni ozod etmoqni niyat qilib edilar. Jannatmakon bobom hazrat eshonning muridlari bo‘lgan ekanlar. Ularning isyonini eshitganmisan?»
«O’qiganmiz. Uch-to‘rt soatda bostirilgan ekan».
«Nima uchun shu qadar tez bostirilgan? O’ylab ko‘rganmisan?»
«Biz o‘qituvchi o‘tgan darsga ishonamiz. O’ylamaymiz».

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:01

«Yo millat, holingga voy! Sen bir o‘yla, bo‘tam, Eshon hazratni fitna, ig‘vo tuzog‘iga tushirganlar. O’ruslar eshon hazratdan qo‘rqqanlar. Hazratning atrofiga odamlar tobora ko‘p to‘planaverganlar. Yana bir yil qo‘yib berilsa, Eshon hazrat g‘oyat katta kuchga ega bo‘lur edilar. Agar jihod bir yil keyin boshlanganida bu yurtlarda o‘rusning urug‘i qurur edi. Bilib qo‘y: millatni xor qilgan o‘ruslar emas, o‘zimizdan chiqqan xoinlar, ig‘vogarlar. Hazratimni ham shular badnom qildilar. Bularsiz o‘rus hech nimaga erisha olmas edi. Ig‘vogarlar turk sultonidan deb yolg‘on maktub to‘qidilar. Hazrat eshon bunga inonib bemavrid jihodga qo‘zg‘oldilar. O’zing o‘yla-chi, qurol-yarog‘siz ham jihodga chiqadimi kishi? Bobomning yo‘llarini otam davom ettirdilar. Madaminbekka qo‘shilib ikki yil jang qildilar. Bunda ham o‘ruslarga ig‘vo ish berdi. Amiral-musliminning muborak boshlarini o‘z birodarlari uzishdi... Shundan so‘ng yurtdan quvildik. Qashqarda makon topdik. O’rusning bolshevigi Qashqarga yetib keldi. Biz esa, bu yerlarga panoh izlab keldik. Endi o‘rus bu yerlarda urush qo‘zg‘adi. Ko‘pchiligimiz tinchlik istagida Turkiyaga yoxud Saudiyga jo‘nashdi. Men qoldim. Jihod istab qoldim. O’rusdan qachongacha qochamiz? Yo hayot, yo mamot! Seni duo qilaman bo‘tam, yurtga omon-eson qaytib bor. Qaytib borginu jaholatda yumuq bo‘lmish ko‘zlaringni och! Do‘stlaringni ham uyg‘ot! Vatanda bevatan yashama. Vatan bog‘ini quritma. Inson o‘z qoni ila sug‘orib bo‘lsa-da, Vatan deb atalmish muazzam bog‘ning qurimog‘iga yo‘l qo‘ymasligi lozim, unutma! Millat xasta, o‘g‘lonlar esa tabibdurlar!»
Shu so‘zlarni ayta turib xuddi nafasi siqilganday chuqur tin olgan edi. So‘ng ovozini pastlatgani holda bir bayt o‘qib edi:

«Marizing bir tarafdin, bir tarafdin xorsan — millat,
Badandan doimo qon oldurar bemorsan — millat...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:08

Bolalikda she’r yodlashga uquvi durust bo‘lgan Nuriddin bir eshitishdayoq bu baytni eslab qolgan, so‘ng mag‘zini chaqmoq uchun tez-tez takrorlashni odat qilgan edi.
Darbadarning tunlari uyg‘otib behalavot qilg‘uvchi, savol alomati muhrlangan ko‘zlari bilan shularni gaplashadi. Hibsxonadagi qisqa suhbat takrorlanaveradi.
Darbadar duo qildi. Lekin yurtga qaytish baxti Nuriddinga nasib etmadi. Bir qishloqqa hujum qilishganida chiday olmadi. Xonadondagi himoyasiz ayollar, bolalarni otayotgan sherigining boshiga qo‘ndoq bilan urdi. So‘ng avtomatning barcha o‘qlarini uning ko‘ksiga bo‘shatdi.
Darbadarning umidi jasadi bilan birgalikda ko‘mildi — jaholat, g‘aflat uyqusidan uyg‘onish, qullik tamg‘asidan qutulishi zarur bo‘lgan yigit Sibiriyaning ovloq yerlarida qandaydir odamlarga choy damlab, xizmat qilib yuribdi. O’sha tun uyg‘onib, Darbadarning ko‘zlariga ro‘para bo‘lganida shularni aytib:
«Siz g‘aflatdan uyg‘on, dedingiz. Qanday uyg‘onishni esa aytmadingiz».
«Xudo senga aql, zehn bergan. O’yla, yo‘lni top».
«Men bunaqa joylarda nima qilay endi?»
«Sen bu joylarda ozodlikning qadriga yetasan».
«Men bular bilan birga bo‘lishni istamayman».
«Bularning millati yo‘q. Sen millatsiz odamlar bilan birga bo‘lib, millatni qadrlashni o‘rganasan...»
Nuriddin odati bo‘yicha Darbadarning ko‘zlariga qarab ko‘p savollar berdi. Lekin javob ololmadi. Chunki u Darbadarning ko‘zi bilan emas, balki o‘zi bilan o‘zi gaplashardi. Uning ongi esa ko‘p savollarga javob topmoqqa ojiz edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:28

«AZIZ MEHMON»

Daraxt kesishga ijozat berilib, keraksiz zovur qazish barham topdi. Yer yuzasi qalin qor bilan qoplangan kezlarda kutilgan «aziz mehmon» — o‘g‘rilar olamida «Murik» degan yangi laqab olgan Slava Galiulin paydo bo‘ldi. Tengiz qish kunlari ham barakda biqib yotmay, tashqarida yoqilgan gulxan yaqinida o‘tirishni xushlar edi. Ayniqsa, qor bo‘ralab yog‘ayotgan damda uzoq o‘tirardi. Bunday paytda baland tog‘Q bag‘riga joylashgan ovuli yodiga tushib, yuragi ezilardi. Yelkalariga bo‘rklarini tashlab olgan ovul oqsoqollari gulxan atrofida suhbat qurishardi. Ergashib chiqqan nabiralarni bobolari bo‘rkka o‘rab olishardi. Bular orasida Tengiz ham bo‘lardi. Ular xuddi xaltadan boshlarini chiqarib javdirayotgan kenguru bolalariga o‘xshab ketishardi. Bobolari ularni sovuqdan asramoqchi bo‘lishardi. Ammo bolachalar «kenguru xaltasida» uzoq o‘tira olishmasdi. Tipirchilayverib, bobolarining jonlariga tegaverishgach, «ozodlik»ka chiqishardi. Qorda yugurib-yugurib, dumalab-dumalab o‘ynashardi...
Qani o‘sha ozod onlar... Qani o‘sha mehrli bobolar... Qani ularning yomon shamollardan asraguvchi bo‘rklari... Qani ona ovul...
Ana shu hislar bilan o‘tirganida kimdir gulxanga yaqinlasha boshladi. Ozod osmonlardan yayrab-o‘ynoqlashib tushib, to bahorning issiq nafasiga qadar yastanib yotmoqni niyat qilgan qor og‘ir qadam yukiga dosh berolmay zorlanib g‘ijirladi. Tengiz «kim ekan bu?» deb o‘girilmadi. U «aziz mehmon»ning shu kezlari kelishini kutayotgan edi, ziyrak zehni bu safar ham pand bermadi.
«Aziz mehmon» ikki qadam narida to‘xtab ovoz berdi:
— Salom, Knyaz!
Tengiz salomga darrov alik olmadi. Qo‘lidagi kosov bilan gulxandagi o‘tinlarni titib qo‘ygach, orqasiga o‘girildi-da:
— Ha, Cho‘mich, keldingmi, o‘tir, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:36

Tengizning o‘rnidan turmagani, ko‘rishmagani, atrofida xira pashsha kabi har on g‘ing‘illab g‘ashiga teguvchi odamni ko‘rganday ensasining qotishi sababsiz emas edi. «Murik»ning xoinligi xususidagi ma’lumot, garchi tekshirib, aniqlanmagan bo‘lsa-da, unga iltifot ko‘rgazmoqqa mutlaqo yo‘l bermasdi. Tengiz hech narsa bilmaganday uni iliq qarshilashi, gapni aylantirishi mumkin edi. Lekin buni istamadi. Chunki u ayyorlikka nisbatan tog‘liklarga xos mag‘rurlikni afzal bilardi.
Murik Tengizning sovuq muomalasidan ajablanmadi. Avvalo «knyaz» martabasidagi bu yigitning dovrug‘ini eshitgani bilan o‘zini endi ko‘rishi. Garchi «qonundagi o‘g‘ri» degan maqomga Tengizdan avvalroq yetishgan bo‘lsa-da, bu olamda yetarli darajada nom chiqara olmagan edi. Shunday ekan, dovruqli o‘g‘rining bu qadar bepisandligi, tabiiy bir hol bo‘lmoQi aniq. Biroq Murik bu iltifotsizlik boisini yaxshi angladi. Qamoq lagerlarida maxsus topshiriq bilan yurgani o‘g‘rilar olamiga ma’lumligini, o‘ziga «Murik» degan laqab taqalganini u bilar edi. Bu ishga rozilik berganidayoq oqibatni — o‘g‘rilar olamida la’natga uchramog‘i aniqligini hisobga olgan edi. Ammo tarozining boshqa pallasidagi o‘lja qarshisida bu la’nat arzirli gap emasdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, «qimor»ga juda katta boylik tikilgan edi. Murik nafs oldida ojiz qoldi — o‘zini to‘xtata olmay «yo o‘laman, yo boyib ketaman», deb tavakkal qildi. «Ilohiy tuyg‘ular ruhga hayot berur, hayvoniy orzular hayvoniy hislarga quvvat berur», deganlaridek, yaxshilik ko‘chasidan yurmagan bu odamning o‘zgacha qarorga kelmog‘i mumkin ham emasdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:44

Murik Tengizning yelkasiga kaftini qo‘yib, go‘yo salomlashgan bo‘ldi-da, qarshisiga o‘tib, g‘o‘lacha ustiga o‘tirdi.
Tentiz qo‘lidagi kosov bilan gulxanni yana titib qo‘ydi. Taqdirga tan berganicha ohista yonib ado bo‘layotgan o‘tinlar bu titkilashga dosh berolmay faryod chekkanday hisobsiz uchqunlar sachratdilar: go‘yo o‘layotgan o‘tinlarning bezovta ruhlari osmonga sapchiganday bo‘ldi. Bu hol uzoq davom etmay, alanga yana o‘tinlarni yamlab yutaverdi. Uning mag‘rur tillari uchqunlarni quvalab yuqoriga intildi. Ammo o‘chgan uchqunlarning izlarini topolmay to‘lg‘ondi.
Bir olamning ikki fuqarosi orasida gulxan ana shunday hunar ko‘rsatmoqda edi. Tengiz kutilgan mehmonga qattiq tikildi. Murik esa bu nigohni sezmaganday xotirjam o‘tirdi. Tengiz undan ko‘zlarini uzmagan holda umrini yashab bo‘lgan o‘tin cho‘g‘lari ostidan kartoshkani kosovda tortib oldi-da, Murik tomon surdi. Bittasini o‘zi tomon tortdi. Cho‘g‘da pishib yetilgan kartoshkalar po‘stlari archilib, yeb ado qilinguncha gap so‘z bo‘lmadi. Tashqaridan kuzatgan kishi bularning birdan-bir maqsadi gulxanda isinib, kartoshka yeyishdan iborat deb o‘ylashi mumkin edi.
— Cho‘mich, — dedi nihoyat Tengiz, — sen katta ishlar qilib yurgan odam eding. Uyni urishga urib, royalda o‘ynaganingga1 hayronman.
— Atay qildim bu ishni, — dedi Murik xotirjam tarzda. — Oldinroq zo‘r bir ishni do‘ndirib qo‘ygan edim. «Ish» bosdi-bosdi bo‘lgunicha ozgina sayohat qilib kela qolay, dedim. Bir xunasa bilmay turib gap tarqatib yuboribdi. Knyaz, sen aqlli odamsan, har qanaqa gaplarga ishonaverma. Men nomiga isnod keltiradigan qanjiqlardan emasman.
— Sen isnodga qolib bo‘lgansan, Cho‘mich.
— Bir xunasaning sassiq ig‘vosi bilan isnodga qolaveramanmi?
— Xunasaning ig‘vosi... degin. Yaxshi. Unda Gobelyan bilan nima uchun uchrashding? Sening ishing rayon prokuroridan nariga o‘tmaydigan edi. SSSR prokuraturasida nima qilib yuribsan?
Murik bu savoldan gangimadi. Biroq, javob qaytarishga ham shoshilmadi. Boshini egib, sovuqda eti junjikkanday bo‘lib, kaftlarini gulxanga tutdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:49:52

— Aytsam, ishonmaysan, — dedi u shu holatda. — Bir shilta ishga aralashtirmoqchi bo‘lishdi.
— Qanaqa shilta ish ekan?
— Ikki yil oldin bir «tovuqqa» borib yurardim. O’shani o‘ldirib ketishibdi.
— Qanaqasiga qutilding?
— Alibi! O’sha kuni men Chorjo‘yda edim. Qarindoshlarnikiga to‘yga boruvdim. Nafsim buzuqlik qilib ko‘p yevoribman. Ichburuq bo‘lib to‘rt kun kasalxonada yotdim.
— Gobelyan ishondimi shu bahonangga?
— Nega ishonmasin?
— Yo Gobelyan ahmoq, yo sen. Yoki... men.
— Nega... axir...
— Murikjan... — Tengiz bu so‘zni armani lahjasida, erkalash ohangida aytdi, — Murikjan... Sen aytgan shilta ish bilan MUR shug‘ullanyapti. Gobelyanning ishi boshqa. O’zbekistonning tit-pitini chiqarib yurgan odam bir shilta ishni deb bir shilta o‘g‘ri bilan konyak icharkanmi?
— Konyak ichganim yo‘q.
— Sen quloqqa lag‘mon osma, Murik. Sening taqdiring hal etilgan. Gobelyanning xonasidan chiqishing-da o‘zingga o‘zing hukm o‘qigansan. Agar yuragingda bir tomchigina halol o‘g‘rining qonidan qolgan bo‘lsa ham hukmni o‘zing ijro etishing kerak. O’zingni o‘ldirsang, yaxshi nom bilan ketasan. Biz o‘ldirsak, «qanjiq» degan nom kafaning bo‘ladi. Boshqa yo‘ling yo‘q, Murikjan.
— Knyaz, ikkita yo‘l bor joyda uchinchisi ham topiladi. Menga imkon ber.
— Gobelyan nima dedi senga?
— Bu gap ikkimizning oramizda qolishi kerak, knyaz. Bu juda nozik masala.
— Sen menga shart qo‘yma. Gap shu yerda qoladimi yo teletaypga qo‘yamanmi, o‘zim hal qilaman.
— Yaxshi, Knyaz. Men sening aqlingga ishonaman. Gobelyan avvaliga meni o‘sha shilta ish bilan qo‘rqitmoqi bo‘ldi, ishon. Keyin bir taklif aytdi. «Yaqinda katta «ov» bo‘ladi. Atrofingga ishonchli o‘g‘rilarni to‘pla. Agar shartimizga ko‘nishsa, ham ozod bo‘lishadi, ham boyib ketishadi. Vazifa qoyilmaqom qilib bajarilsa, to o‘lgunlaricha ularga tegmaymiz», dedi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:50:01

— Qanaqa vazifa? Qanaqa «ov»?
— Unisini aniq aytmadi. Gapining mazmuniga qaraganda «Ov» O’rta Osiyoda bo‘lishi kerak. Vazifamiz — g‘alva chiqarib berish bo‘ladi. Qolganini o‘zlari eplashadi.
— Yaxshi vazifa olibsan... Demak, sen o‘g‘rilarni emas, qanjiqlarni to‘plashing kerak ekan. Sen meni qanjiq deb yurarmiding?
— Knyaz, unday dema. Sen men hurmat qiluvchi eng buyuk o‘g‘rilardan birisan. Ular bizga yaxshi ish taklif qilishdi. Evaziga umrbod erkinlik...
— Hukumatning har qanday ishiga yordam berish qanjiqlik ekanini unutibsan, Murik!
— Bu alohida bir imkoniyat, Knyaz. O’g‘rilar olamiga katta foyda keltiradi.
— Faqat isnod keltiradi.
— Yaxshi, knyaz. Men bu taklifni faqat senga aytdim. Agar sen buni qanjiqlik deb hisoblasang, mayli, men ham bu ishga qo‘l urmayman. Ikki yilni eplashtirib, tinchgina yuraveraman.
— Shunday qil: tinch yuraver, — Tengiz bu gapni aytib zaharli iljaydi.
Murik suhbat yakuniga yetganini anglab, o‘rnidan turib nari ketgach, Tengiz u o‘tirgan tomonga qarab tupurdi. Uning tupugi gulxanning olovli bag‘rini yorib o‘tolmadi — manzilga yetolmadi.
Gulxandan uzoqlashayotgan Murik «Knyazni ishontirdim», deb yengil tortib yanglishgan edi. Tengiz u o‘ylagan darajada befahm emasdi. Gobelyanning asl maqsadi unga hozircha aniq bo‘lmasa-da, Murikka «katta ov»ni va’da qilganiga ishonmadi. Ishonmasligiga bir qancha sabablar mavjud edi. Agar chindan ham «katta ov» bo‘lsa, buni allaqanday «Cho‘mich»ga qo‘yib bermaydi. Bu yoqda Arutyunan, Nersesyan, yana allaqancha nahang baliqlar turganida bu itbaliqqa balo bormi? Gobelyan o‘zining «yan»larini ishga solmadimi, demak, «ov» katta emas. O’mon nom chiqarishga arzimaydi. Bu birlamchi sabab. Ikkilamchisi — prokuratura janjal chiqarish bilan shug‘ullanmaydi. Tengiz Murik bildirgan ishdan isqirt bir siyosat hidi anqiyotganini sezdi. Demak, Murik Gobelyandan tashqarida yana bir kishi bilan uchrashgan. «Ammo kim bilan, qaerda? Agar uch harflilarga aralashgan bo‘lsa, ish jiddiy, — deb o‘yladi Tengiz. — «Ov» balki ularninn rejasidir? Unda Gobelyan nima degan bu qanjiqqa?» Muammo botqog‘iga botayotgan Tengiz kosovni jahl bilan bir-ikki gulxan bag‘riga sanchdi. O’tinlarni ohistagina yamlab yutayotgan gulxan alangasi norizo holda bir to‘lg‘ondi-yu, yana yumushini davom ettiraverdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:50:09

Mehmon uzoqlashgach, barakning darchasidan xojasini kuzatib o‘tirgan Pachoqburun o‘rnidan turdi-da, yelkasiga paxtaligini ilib, tashqariga chiqdi. Gulxan tomon borsammi, yo yo‘qmi, degan o‘yda bir necha nafas turdi-da, so‘ng «biron amri bordir», degan o‘yda xojasi tomon yurdi.
Tengiz ro‘parasidagi g‘o‘lachaga o‘tirgan Pachoqburunga bir qarab oldi-yu, indamadi. Gapirish o‘rniga amrni ijro etmoqni afzal biluvchi Pachoqburun bekorga qarab o‘tirmaganini bildirib qo‘yish uchun so‘z aytdi:
— Jmura1, — dedi u so‘ng ovozini balandlatib qaytardi: — jmura! — so‘ziga xojasi tomondan e’tibor bo‘lmagach, qo‘shimcha qildi: — yelkanlarini poralab tashlash2 kerak.
Tengiz uning bu hukmini eshitib, unga o‘qrayib qaradi.
— Og‘zingni yum!3 — Tengiz shunday deb chirt etib tupurdi-da, «Bikovatiy»4 deb ming‘irlab qo‘ydi. Tengiz bu «unvonni» tez-tez ishlatardi. Ovoz chiqarib aytgan mahallari ham ko‘p bo‘lardi. Bu qamoq lageriga kelib, «taxt»ga o‘tirgan onida Pachoqburunni «xos navkarlik»ka tavsiya etayotgan Qo‘tos «o‘zi bikovatiy bo‘lgani bilan ishimizga sadoqati zo‘r», deb ta’riflagan edi. Tengiz ta’rifning ikkinchi qismini qo‘yib, birinchi bo‘lagiga e’tiborini qaratgan edi. Ba’zan shunday to‘nkaga ro‘para bo‘lgani uchun taqdiridan nolib qolardi. Ammo tur desa turib, o‘ldir, desa o‘ldirib keluvchi odamning ong darajasi bundan ortiq bo‘lmasligini bilgani uchun ham chidar edi.
Pachoqburunning hozir ro‘paraga kelib o‘tirishi yoqmadi, g‘ashiga tegdi.
— Sen juchoklarga tayinla, bundan uzoqroq yurishsin. Ammo har bir qadamini kuzatishsin. Aytib qo‘y, kim bunga yaqinlashsa, tramvayga qo‘yiladi.
— Xo‘p, — dedi Pachoqburun mutelik bilan.
— Gapimni eshitdingmi?! — dedi Tengiz zardali ohangda.
— Eshitdim. Hammasiga aytaman.
— Eshitgan bo‘lsang, tuxum bosib o‘tirmay, tur o‘rningdan!
Pachoqburun kelib o‘tirgani xojasiga yoqmaganini anglab, o‘rnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Ostona hatlay deganda orqadan ovoz keldi:
— Menga Hamzatni topib kel!
   

Qayd etilgan