Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 132006 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:34:52

Murdalar gapirmaydilar (qissa)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 605 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:35:00



MURDALAR GAPIRMAYDILAR

Bismillahir Rohmanir Rohiym
«...Ana o‘shalar hidoyatga zalolatni sotib olgandirlar. Va tijoratlari foyda keltirmadi hamda hidoyat topganlardan bo‘lmadilar. Ular misoli bir o‘t (mash’ala) yoquvchiga o‘xshaydilar. Olov endi atrofini yoritganida Olloh yorug‘likni ketkazib, ularni hech narsani ko‘rmaydigan holda zulmatlarda qoldiradi. Ular kar, soqov va ko‘rdirlar. Bas, ular hidoyatga qaytmaslar...»

(Baqara surasi, 16—18-oyatlar)

www.tohirmalik.com


MUALLIFDAN

Butun olamlar Parvardigori Ollohga behad hamd bo‘lsin va payg‘ambarlarning oxirgisi — sayyidimiz Muhammad alayhissalomga salovot va salomlar bo‘lsin.
Albatta, hamd Ollohga xosdir. Biz unga hamd aytamiz, Undan yordam so‘raymiz. Va Ollohdan nafsimizning yomonliklaridan panoh berishini so‘rab iltijo qilurmiz. Kimni Olloh hidoyat qilsa, uni adashtiruvchi yo‘q. Kimni Olloh adashtirsa, uni hidoyat qilguvchi yo‘qdur.
Eng ulug‘ so‘zlaru eng bilimli suhbatlar ham shubhasiz, Tangri-taologa shukrimizni keragicha ifoda eta olmaydi.
Yaratgan Robbimizga shukrlar bo‘lsinkim, siz — aziz nafis adabiyot muhiblari bilan yana dillashish nasib etyapti. Bu safar ham adashgan bandalar hayotidan ayanchli lavhani bayon etishni niyat qildim. Chunki bu sinovli dunyoda adashgan bandalar ko‘p. Ulug‘ va qudratli Robbimiz marhamat qilib derki: «Odamlarga ayollardan, bolalardan, to‘p-to‘p tillo va kumushdan, go‘zal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor». (Oli Imron surasi, 14-oyat).

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:35:15

Tafsirchi ulamolarning fikricha, «Shahvat» so‘zi urfda jinsga oid ma’noda ishlatilsa-da, aslida o‘zagi «ishtaha» so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘ngil tusashi, xohlashini bildirar ekan. Shunga ko‘ra, oyati karimada insonning ayollarga, farzandlarga, boylikka ishtahasi mavjudligi, ya’ni shu narsalarga muhabbati chiroyli tarzda ziynatlangani ta’kid etilmoqda. «Demak, bu muhabbat insonning asl tabiatida bor ekan. Bunday holatning bo‘lishi tabiiy bir hol ekan. Modomiki, ushbu rag‘batlar inson tabiatida bor ekan, Ollohning o‘zi insonni shunday yaratgan ekan, bu narsalar inson hayotini muhofaza qilishda, uning go‘zal va zavqli kechishida xizmat qilmog‘i lozim. Shuning uchun Islom dini mazkur narsalarni xarom qilgan emas, balki muboh qilgan. Bu narsalarni man’ qilishni emas, tartibga solishni yo‘lga qo‘ygan. Islom kishilarni tarbiya qilib, shahvat daryosida halok bo‘lmaslikka chaqiradi. Inson mazkur shahvatlarning quli bo‘lib qolmasligi kerak. Balki ularning hojasi bo‘lib, o‘z tasarrufiga olishi darkor.»1 Oyati karima «Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor», deb yakunlanadi. Bu joy — jannati naimdir!
Moziyda o‘tgan valilardan biri «Dunyo — o‘tkinchi mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulug‘ boylik — dunyoga, berilmaslikdir. Dunyoni afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka hukm etilib, halok bo‘lur», degan ekan. Yana roviylar derlarki: dunyo yasatilgan kelinchakka o‘xshaydir. Ko‘zlar unga termulgan, qalblar unga mushtoq, nafslar esa unga oshiqdur. U makkor esa, barcha oshiqlarni shafqatsiz holda birma-bir halok qiladir. O’ayotdagi tiriklar o‘lganlardan, keyingilar oldingilardan ibrat olmaslar...
Hisob-kitob qilinmasdan burun nafsini tiygan kishi yutadi. Nafsi bilan G’aflatda qolgan esa, zararga uchraydi.
g‘aflatda qolib nadomat chekkanlar qancha?
Qabriston bizga sukunat olami bo‘lib ko‘rinadi. Aslida ohu-faryodlar o‘lkasidir! Biz bu faryodlarni eshitmaymiz, bilmaymiz. Shu bois biz mayyitlarning kechmishidan ibrat olmaymiz. Agar tinglay olganimizda edi...
«Murdalar gapirmaydilar», deymiz. Bizga shunday tuyular? Balki ular gapirarlar, biz eshitmasmiz? Eshitsakmi edi...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:35:27

MUQADDIMA

Nafisani qarg’adilar:
— O’ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!
...sharmanda... sharmanda...
— So‘yib o‘ldiribdi. Xudoning o‘zi jazolabdi!
...o‘zi jazolabdi... jazolabdi...
Nafisaga achindilar:
— Tirnoqqa zor o‘tdi, bechora...
...bechora... bechora...
Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit o‘lgur!
...yigit o‘lgur... yigit o‘lgur...
— To‘rt bolasi ko‘ziga ko‘rinmabdi-da, haromxo‘rga!
... haromxo‘rga... haromxo‘rga...
Sanjarga achindilar:
— Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bola edi, bechora!
...bechora... bechora...
— O’zi pokiza edi, shayton yo‘ldan urgan!
...pokiza edi... shayton yo‘ldan urmagan... urmagan...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:35:35

Ikki murda o‘likxonada tekshiruvchilarning o‘tkir tig‘ini kutib yotibdi. Hademay o‘tkir tig‘ ularning qorni, ko‘kragi, boshini yoradi. O’lik hujayralarda yashiringan haqiqatni o‘qimoqchi bo‘lganday titkilashadi. So‘ng, yorilgan yerlarini tikib, murdalarni egalariga beradilar.
Nima uchun o‘lim topganlaridan bexabar qolgan ikki odam esa, qiyomatni kutib yotmog‘i uchun qorong‘u lahadga qo‘yiladi.
So‘ng pichir-pichirlar:
«Xotinlarga aralashadigan odati yo‘q edi-ku?..»
«G’arko‘z edi bu juvon...»
«Kim o‘ldirgan ekan?»
«Eri avval ham bir-ikki ushlab, kechirgan ekan. Lalaygan bir erkak-da! Bu safar chidolmabdi, boyaqish...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:35:57

Birinchi bayon: yashash huquqi

ARRALANGAN DARAXT

O’zini osmon tirgovichi, deb faraz qiluvchi kekkaygan daraxt jazosini arra berdi: u o‘zidan oldingi og‘ochlar qismatiga yetdi — jon tomiri uzilib, yerga uzala tushdi.
Tursunali bu manzarani dastlab ko‘rganida o‘zining kechmishini shu daraxt qismatiga o‘xshatgan edi. Uning qaddi ham shu og‘och kabi adl edi. U makon topgan daraxtzor, nazarida dahlsiz edi. Bu daraxtzorda istaganicha quyoshdan nur emishi, huzurlanib chayqalishi mumkin edi. Tomirlari toboro kuchliroq qudrat kasb etib borardi. Ammo kutilmaganda uning daraxtzoriga bolta oraladi: bir chekkadan chopa boshladi. Navbat o‘ziga yetganida unutilayotgan rivoyatni esladi. Emishki, bir o‘rmonda bolta paydo bo‘lib, daraxtlarga qirg‘in keltiribdi. Og‘ochlar unga qarshi chora topolmay, qari Emandan maslahat so‘rashibdi. «Bolta deganlaring nima o‘zi? U nimadan ishlangan?» deb so‘rabdi Eman. «Bolta — temirdan yasalgan bir matohdir», deb javob beribdilar. «O’zi-ku, temir ekan, dastasi-chi? Dastasi ham temirdanmi?» deb so‘rabdi Eman. «Yo‘q,— debdilar, — dastasi — og‘ochdan, o‘zimizdan». «Dastasi o‘zimizdan bo‘lsa, unga chora yo‘q», degan ekan Eman.
Tursunali makon topgan «daraxtzorda» «bolta» paydo bo‘lishi bilan unga dasta bo‘lishga oshiquvchilar ko‘paydi. Oqibatda Tursunalining ildizlari chopildi-yu, sovxoz direktorligidan raykom sarkotibligiga o‘taman, deb niyat qilib turgan odam egniga mahbuslarning paxtalik kalta choponini kiyib, uzoq sovuq o‘lkadagi daraxt kesuvchilar safida o‘zini ko‘rdi. Uyqusiz kechalarda bu baloga mubtalo bo‘lish sabablarini ko‘p o‘yladi. Tuzini yeb tuzlig‘iga tupurganlarni la’natladi. Do‘st libosidagi ilonlar boshini birma-bir yanchishni diliga tugdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:36:05

Xudoning qarg‘ishi tekkan bu joylarga kelgunicha bo‘lgan o‘tmish kunlarini eslasa, ko‘z oldini zulumot pardasi qoplayveradi. Bu zulumotni gohi-gohida faqatgina bir nur yoritardi. Bu nur Nafisaning chehrasidan taralardi. Shunday paytda Nafisaning dimog‘idan taralgan iliq nafas unga tiriklik shuurini berardi. Azobli kechalarda ham farzandlarining onasi, halol juftiga nisbatan shu Nafisani ko‘proq o‘ylardi, uni qo‘msardi. Bunga ba’zan o‘zi ham ajablanardi. «Nima bu? Shunchalik qattiq sevarmidim?» deb o‘ylardi. Tursunali shahvoniy hirs bilan sevgi farqini ajrata oluvchi aqlga ega emasdi. Buni sinamoq uchun Nafisaga nisbatan yoshroq, go‘zalroq, ishvalari shirinroq qiz ro‘para qilinsa, bas. U «sevgi» deb o‘ylab yurgan tuyg‘u o‘lardi-qolardi. Hozircha, Nafisaning birinchi tunda shivirlab aytgan «Munchalar yaxshi ekansiz», degan gapi qulog‘i ostida turibdi. O’zga iliq nafas bilan aytilishi mumkin bo‘lgan shunday so‘z o‘tmish totli kechalar yuziga qora parda tortmog‘i tayin. «Ahmoq bo‘lib shu juvonga ilakishib yurgan ekanman. Dunyoning lazzati bu yoqda ekan-ku? demog‘i ham aniq edi...
Ammo hozir, u bularni o‘ylamaydi, orzu qilmaydi. Uning dardi ham, niyati ham bir — tezroq bu o‘laksazordan qutulish! Qachon, qanday qutuladi, — bandasiga qorong‘i. Yurtida uning uchun kuyib-eladigan, pul sarf qilib ozodlikka chiqarish uchun tashvish chekadigan odami yo‘q. Demak, yana o‘n to‘rt yil mahbuslik libosida yurmog‘i rostga o‘xshab turibdi.
Tursunali ana shu og‘ir dard tog‘ini yelkasiga ortgan holda o‘ringa cho‘ziladi, sahar chog‘i shu yuk bilan qaddini rostlaydi. Ba’zi erkaklar yig‘laydilar. Ba’zilari dardlarini aytib, hasrat qiladilar. Tursunali dardini kimga aytsin, kimga yig‘lasin, kimga hasrat dasturxonini ochsin?!.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:36:12

Bir yigit kelib edi. Istarali bu yigitning pokiza odam ekanini yuzidan yog‘ilib turgan nur oshkor etib turardi. Tursunali «Bu yigitni menga Yaratganning o‘zi yetkazdi», deb quvongan edi. Bugun bu quvonch ham balchiqqa qorishadiganga o‘xshab turibdi. Tursunali shu havotirda daryo tomonga qarab-qarab qo‘yadi. Yigitni sohildagi qo‘lbola chayla tomonga boshlab ketganlar. Bu yerga kelgan kunining yo uchinchi, yo to‘rtinchi kuni Tursunali ham shu chayladagi suhbatga chorlangan edi. O’shanda qo‘liga bolta olib, arralab yiqitilgan daraxt shoxlarini endi butay boshlagan edi. Pachoqburun bir mahbus yaqinlashib, he yo‘q, be yo‘q:
— Ey, chuchmek, yur bu yoqqa! — deb buyurdi.
Tursunali u damda osiyoliklarning «chuchmek» deb atalishini bilmas edi. Shu sababli murojaat kimga qaratilganini anglamay:
— Menga aytyapsizmi? — deb so‘radi.
Pachoqburun hech bir takallufsiz Tursunali tomon chirt etib tupurdi-da, labini kafti bilan artdi:
— Senga aytyapman! — deb to‘ng‘illadi.
Chakalak orasidagi yolg‘izoyoq yo‘ldan borayotganida Tursunalining yuragiga vahm oraladi. U qamoq lagerlaridagi odam o‘ldirishlar haqida eshitgan edi. Bu Pachoqburunning so‘xtasi bunchalar sovuq bo‘lmasa! Onasidan tug‘iliboq odamxo‘rlikni kasb qilib olganini basharasining o‘ziyoq aytib turibdi. Ana shu bashara Tursunalini qo‘rquvga soldi. Agar hozir unga «bu odam qotil emas, qulfbuzarlarning ustasi», deb haq gap aytilsa ham ishonmagan bo‘lardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:36:19

«O’ldirgani olib ketyaptimi?» deb o‘yladi Tursunali. So‘ng «Nimaga o‘ldiradi? Endigina kelgan bo‘lsam?..» deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Qamalganidan beri mutelik jandasini egniga ilib, soqchi «yur» deb buyurganda yurib, «o‘tir!» desa o‘tirib, «qo‘lingni orqaga qil», desa qo‘lni orqaga bog‘lab turishga ko‘nikib qolgan Tursunali bu safar ham yuvvosh qo‘y kabi «qassob» — Pachoqburunning yetovida yurib borardi. Tursunalidan qo‘y ham tuzuk. Qo‘y qassobni ko‘rganida ma’rab qo‘yadi. Tursunali esa, aqalli bir og‘iz gap aytishga ojiz.
Chakalakzordan o‘tib, daryo sohiliga chiqishdi. Shoxshabbalardan yasalgan qo‘lbola chaylaga yaqinlashganda Pachoqburun orqasiga o‘girilib:
— Shu yerda to‘xta! — deb buyurdi.
«Yuvvosh soqov qo‘y» amrga itoat etdi.
Hali quyosh ko‘tarilib, borliqni ilita olmagan bo‘lsa-da, chayla xojalaridan ikki kishi yarim yalang‘och holda o‘tirib tamaddi qilishardi. Pachoqburun ularga yaqin borib, buyruq ado etilganini ma’lum qilgach, hojalardan biri Tursunali tomon qarab qo‘ydi-yu indamay lunjidagi taomni chaynayverdi. Pachoqburun u yerda, Tursunali esa yigirma qadam berida xoda yutganday tik turib, ularning taomdan bo‘shashlarini kutdilar. Nihoyat, qorin to‘yib, nafs orom olgach, yaqinlashmoqqa ijozat bo‘ldi.
Tursunali ulardan birini tanidi: u ichki qo‘shinlar mayori kiyimida yuradigan, oshxonadagi tartibni kuzatuvchi odam edi. Rezina tayog‘ini ko‘z-ko‘z qilib, o‘ynatib yuruvchi bu mayor tartib buzuvchining gardaniga ayamay urib qolardi. Qo‘li qichib turgan bo‘lsa-yu, tartib buzilmasa, sho‘rvasini xo‘rillatib ichayotgan odamning ham gardaniga tushirib qolishdan toymasdi. Mayor oshxonada kimning yoniga yaqinlashsa, o‘sha odam iloji bo‘lsa, ovqatni chaynamayoq yutishga harakat qilardi. Chaynalmagan ovqatni oshqozon hazm qilib yuborar, ammo gardanning rezina tayoq zarbini hazm qilishi qiyinroq edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:36:26

Tursunali yaqinlashgach, mayor o‘rnidan turib, ikki qadam naridagi ko‘katlar ustiga tashlangan kiyimlar yonidan tayog‘ini olib, chap kaftiga urib qo‘ydi-da, uning orqasiga o‘tdi.
«Uradi shekilli?» deb o‘yladi Tursunali. Orqadan zarb kutgani uchun u beixtiyor bukchaydi. O’tirgan odam uning bu holatini ko‘rib kuldi-da:
— Qo‘rqma, urmaydi, — deb ovutdi.
Bu odamning kulishi o‘ziga yarashardi. Timqora ko‘zlari Pachoqburunniki yoki orqada turgan malla ma-yorniki kabi yovuzlik bilan boqmasdi. Qaldirg‘och mo‘y-labi ham o‘ziga yarashgan edi. Shu sababli Tursunali uni mahbus emas, shu yerning kattalaridan deb o‘yladi.
— Men — Tengizman, o‘tir, bugun sen menga qo‘noqsan.
Bu ismni eshitib, Tursunali ajablandi. Chunki u kelgan kuniyoq yotoqdagi qo‘shinisidan «Bu yerning asl xo‘jayini polkovnik emas, ashaddiy o‘g‘riboshi Tengiz bo‘ladi», degan gapni eshitgandi. «Tengiz» deganlari umri qamoqda o‘tgan, Pachoqburun kabi xunukbashara keksa odam deb o‘ylagan edi. O’zidan yoshroq bir yigitning «Men — Tengizman», deyishi shu sababli ham uni ajablantirdi.
— Gapimni eshitdingmi? Kel, o‘tir.
Tursunali itoat bilan, huddi qaynonasinikiga birinchi marta kelgan uyatchan kuyov kabi o‘tirdi. «Ol, ye», degan taklifni o‘rinlatib bajarolmadi. Bir-ikki tishlam non yeb, maydalangan go‘shtga qo‘l uzatmadi. Yegisi kelib turgan bo‘lsa ham, ko‘ngli tortmadi. Qamalguniga qadar ovqatlarning sarasini yeb o‘rgangan odam das-turxon ustidagilarni sarqit deb bilib, irgandi. Mehmonga kechikibroq borsa, darhol dasturxon yangilanardi... Endi o‘sha kunlarning sadag‘asi ketsa arziydi...
   

Qayd etilgan