Bu gapni eshitib, Tengiz unga tikilib qoldi.So‘ng kengash a’zolariga savol nazari bilan bir-bir qaradi:
— Xo‘sh, Murikni Koshakka beramizmi? — Tengiz shu savolni o‘rtaga tashlab, sukut qildi.O’tirganlardan sado chiqmagach, davom qildi: — Biz o‘g‘rilarning bir ahmaqligimiz bor. Faqat o‘zimizning hisob-kitobimiz bilan qiziqamiz. O’g‘rilarning muqaddas olami bilan esa, ishimiz yo‘q. Oilamiz qanjiqlar bilan to‘lib ketyaptimi, irib ketyaptimi, sasib ketyaptimi — ishimiz yo‘q. Xo‘sh, Koshak, Murik seniki. Nima qilasan, o‘ldirasanmi?
— Qiynab o‘ldiraman.
— Ana shu-da! Nima uchun qanjiqlik qilgan, nima uchun qamalib bu yoqlarga yuborildi? Bilish kerakmi? Gap shu: Murik kelaversin. Yuraversin. Biz esa, go‘yo hech nima bilmaymiz. Biladiganimizni bilib olaylik, ana undan keyin u Koshakniki. Istasa homicha yesin, istasa pishirib yesin. Boshqa gap yo‘q. Takliflaring bo‘lsa aytlaring.
— Taklif bor, — dedi Koshak tirjayib. U majlis qaroridan mamnun edi, shu bois bir hazil qilgisi keldi. So‘zlashga ijozat berilgach, o‘rnidan turib, yoqasini tuzatgan bo‘ldi: — O’rtoq kommunistlar, majlisimiz nomidan KPSS bosh kotibi Gorbachga tabrik telegrammasi yuborsak.
Bu hazil to‘mtoq bolta bilan o‘tin yorishni eslatsada, o‘tirganlar Koshakka qarab jilmayib qo‘yishdi. Tengiz ham kulimsirab, uning bu haziliga yakun yasadi:
— Yaxshi taklif. Telegramma yoz-da, yumaloq muhr o‘rniga nozik yeringni bosa qol.
«Politbyuro» majlisi shu tarzda kulgu bilan yakunlandi. Oradan to‘rt kun o‘tib, Murik tashrif buyurdi. Unga qadar «lager teletaypi» orqali Tengiz muhim ma’lumotlar oldi.