Kirish u yoqda tursin, endi to‘xtasa, orqasiga o‘girilsa, baloga qolishi tayin, shu sababli taklifni eshitmaganday zinapoya tomon shoshildi.
Samandar bularning kundosh ekanini bilsa-da, dardini ichiga yutib, o‘zini go‘yo hech nimadan xabari yo‘q odamday ko‘rsatishga intilardi. Oshnasining marhamat qilib, o‘z o‘ynashiga uylantirib qo‘yganini to‘ydan keyin fahmlagan, o‘shanda Nafisani tashlab ketay ham degan, ammo «Endi menga kim ham tegardi», deb taqdirga tan bergan edi. Ayniqsa, bu uyning in’om etilishi uning ko‘p muammolarini hal etgan edi. U ilmiy safarlarda ko‘p bo‘lardi. Ba’zan ikki-uch haftalab qolib ketardi. Uyda yo‘qligida oshnasining ser-qatnov bo‘lishini sezib bir qaynardi-yu, so‘ng sovurdi.
Hozir Matlubaning tashrifi zamirida noxushlik yotganini sezdi. Kundoshlarning bir-birlariga tikilib qolishganini vulqon arafasidagi sukunat deb bilib, portlash yuz bermasidan o‘zini chetga olishni ma’qul ko‘rdi. Qaysi erkak ikki xotinning (ayniqsa kundoshlarning) orasiga tushib, baraka topibdi-ki, Samandar topsin? Bir kuni yuragi siqilib ketgan Nafisa «Siz ilmdan boshqa narsani ham bilasizmi?» deb zorlanganida Samandar «Men hayotni ham bilaman», deb javob qaytargan edi. Mana ayni damda o‘zi bilgan hayot qoidasiga amal qilib, suzishmoqqa shaylanayotgan ikki kundoshdan nari bo‘lishni istadi:
— Ha, Nafis, siz mehmonga qarang, men ishlarimni tugata qolay, — deb oshxonaga kirdi.
Shu onda Nafisaning ortida otasi ko‘rindi. Mana shunisi Matluba uchun kutilmagan, ayni choqda noxush hol bo‘ldi. Asli ismi Toshbolta bo‘lgan bu odam sovxoz direktoriga oshpazlik qilgani uchun ko‘pchilik uni «Oshbolta» der edi. Matluba esa «fohishaxona iti» deb undan nafratlanardi. Ayniqsa, qizining nomusini ham xojasiga in’om etgach, Matluba u bilan salomlashmay ham qo‘ygan edi.
— Ha, kim kelibdi? — dedi Toshbolta mensimagan bir ohang bilan. So‘ng esa piching qildi: — Ie, aziz mehmonmi? Ha, keling, kelin poshsha?
Uning «ha, keling...» degani zamirida «Nega kelding, ket!» degan ma’noni o‘qib, Matluba ichida «Turqing qursin sening!» deb qarg‘adi.