Erga tekkanidan so‘ng ota-ona huzuriga kelib-ketish uning uchun o‘lim chig‘irig‘idan o‘tish kabi azob edi. Otasi Matlubani e’tiborli bir odamning o‘g‘liga berishni mo‘ljal qilib qo‘ygan ekan. Mo‘ljalning o‘zigina bo‘lsa koshki edi. Do‘sti vakilligida go‘zal, oqila qizi borligini ma’lum qilibdi. U odam esa, qadrdonlaridan birida o‘g‘liga mos qiz borligidan «xabar topib», sovchi ham yuborgan edi. Balo buluti yopirilib, balo yomg‘irlari ana o‘shandan so‘ng yog‘a boshladi. Otasiga qo‘shilib onasi avval yalindi, so‘ng po‘pisa qildi. Po‘pisa qilishda akasi hammadan oshib tushdi, gapira turib, bir-ikki marta do‘pposlashdan ham qaytmadi. Onasi so‘nggi chora — ko‘z yoshlarini ishga solganida Matluba chiday olmadi. Onasiga qo‘shilib yig‘lab turib, bir yigitni «juda yaxshi ko‘rishini» aytdi. «Bo‘lmagan gap, — dedi onasi, — yaxshi ko‘rganingni erga tekkaningdan keyin unutib yuborasan». «Unutolmayman, oyijon», dedi yig‘idan to‘xtamay Matluba. «Agar o‘sha yaxshi ko‘rganingga tegaman, desang mening o‘ligimni hatlab o‘tib chiqasan bu uydan», dedi onasi qat’iy tarzda. «Oyijon, sizning bir tomchi ko‘z yoshingiz uchun undan kechsam kechvorar edim, lekin... to‘yning ertasiga kuyov tomon meni izimga qaytarib yuborsa isnodga chiday olmaysizlar...» Onasi beixtiyor «nega?» deb so‘radi-yu, nima voqea sodir bo‘lganini anglab, labini tishladi, yuzini yuldi.
Matluba to‘g‘ri aytgandi — isnodga chiday olishmas edi. Bo‘lib o‘tgan sharmandali voqeadan xabar topishgach, dardlarini ichlariga yutmoqdan o‘zga chora bo‘lmadi. Agar bu uyatdan odamlar xabar topishsami?! Xudo ko‘rsatmasin!
Matluba xohlagani — Tursunaliga tegdi. Unga dabdabali to‘y nasib etmadi. U alamli, azobli hayotni o‘ziga ravo ko‘rdi. Otasi esa, «oziq-ovqat savdosi boshqarma»siga rahbarlik qilish niyatiga yetolmadi. Sir uch kishining orasida qoldi. Matlubaning akasi, ukasi uning Tursunaliga tegishini o‘jarligidan, deb baholadilar. Otasi Matlubani rasman oq qilmagan bo‘lsa-da, gaplashmay qo‘ydi. Salomlariga ham alik olmadi. Faqat tilsiz, harakatsiz qolganidan keyin qiziga qarab bir nimalar demoqchi bo‘lib g‘o‘dranardi, ko‘zlari yoshlanardi.