Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190111 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:45:59

Shaharda qarindoshlari ko‘p, tanishlari undan-da ko‘p. Ammo ularga baxti kulgan Matluba kerak. Bir olam dard iskanjasidagi baxti qaro Matlubani ular boshlariga uradilarmi? Ularni ham ayblash qiyin, chunki dard masalasida ularning boshqalardan kam yeri yo‘q. Matluba qaysi birlarinikiga hasratdosh izlab borsin? Ukasi... mehribon, ammo Matluba ayrim masalalarda unga yorila olmaydi.
To‘g‘ri, shaharda bittasi bor... Lekin u ham hasratdosh emas. Ammo agar gapi rost bo‘lsa, Matluba uchun jonini berishga tayyor odam. Dorulfununga qabul imtihonlari paytida ishqi tushib, to Matluba erga tekkunicha tinch qo‘ymadi. Ismi Ramziddin bo‘lgan bu yigitni oshiqligi sababli hamkurslar Romeo deb kulishardi. Bu ism uning o‘ziga ham yoqib, Matlubani bir-ikki «Juletta» deganida eshitadigan «shirin» gaplarini eshitib olgan edi. Bu Romeo tushmagur mulohaza, odob, muomala ko‘chalaridan o‘tmagan soddagina yigit edi. Matlubaga bo‘lgan muhabbatini hech kimdan yashirmas, muhabbat yashirin tuyg‘ular mevasi ekaniga fahmi yetmas edi. May bayramida namoyishga ketishayotganda, Qizil maydonga yetmay, ancha vaqt to‘xtab qolishdi. Shunda bu Romeo tushmagur dabdurustdan «shu yil imtihonlardan so‘ng uyingga sovchi yuboraman, yo‘q desang uvolimga qolasan», dedi. Matlubaning qitmirligi tutib, «chindan yaxshi ko‘rasizmi?» deb kuldi. Unga dugonasi qo‘shilib «yaxshi ko‘rsangiz hozir hammaning oldida isbot qiling», dedi. «Qanday isbot qilishim kerak?» dedi Romeo ajablanib. «Matlubaning qarshisida hoziroq tiz cho‘qing!» dedi dugonasi shaddodlik bilan. «Tiz cho‘kaymi?» deb so‘radi Romeo Matlubadan «yo‘q» degan javobni kutib. «Nega Matlubadan so‘raysiz. Yaxshi ko‘rsangiz tiz cho‘king darrov! Amerikaliklar shunday qilisharkan. Zamonaviy yigitlar Amerikaga ergashishlari kerak», dedi dugonasi bo‘sh kelmay. Romeo yana Matlubaga qaradi. Najot bo‘lmagach, cho‘ntagidan tanga pullarini olib qizning oyoqlari ostiga sochdi-da, ularni terib olish bahonasida tiz cho‘kdi. Uning bu topqirligidan qoyil qolgan qizlar ko‘chani boshlariga ko‘tarib, sharaqlab kulib yuborishdi. «Matlu, shundan boshqaga tegsang xor bo‘lasan», deb hazillashishdi. O’shanda farishtalar «omin» degan ekanmi, boshqaga tegdiyu xor bo‘ldi...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:05

O’sha kezlari esa, Matlubaning ko‘z oldidan Tursunali ketmas edi. Boshqa barcha yigitlar uning uchun arzimas bir odamchalar edi.
Romeo bilan turli tasodif tufayli keyin ham uchrashdilar. Har gal uchrashishganda u uylanmaganini, Matlubaning erdan chiqishini kutayotganini aytardi. «Sovuq nafas qilma, nega erdan chiqarkanman?» derdi Matluba. «Sen u bilan baxtli bo‘lolmaysan. Yo ajralishasan, yo siqilib o‘lib ketasan. Boshqa yo‘l yo‘q senga. Mening ham bitta yo‘lim bor — seni kutaman. Qariganingda bo‘lsa ham senga uylanaman. Uylanmagunimcha o‘lmayman», derdi u.
Tursunali qamalgach, yana uchrashishdi. Bu safargi uchrashuv tasodifiy bo‘lmadi. Romeoning o‘zi qishloqqa qidirib bordi. Yana o‘sha gapni aytdi. «Uni o‘n besh yil kutmoqchimisan? Kutma», dedi. «Ahmoq ekansan,— dedi Matluba. — Boshqa kelma, men ersirab qolmaganman». «Boshqa kelmayman, o‘zing borasan», dedi u ishonch bilan. So‘ng yon daftarchasining bir varag‘iga turar joyini yozib berdi. Matluba bu qog‘ozni g‘ijimladi-yu, ammo tashlab yuborolmadi.
Hozir ukasining darvozasi qarshisida shuni eslab, bir entikdi. Bu yomon xayol domiga tushmaslik uchun qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Eri qamalganidan beri dam yarim tunda, dam erta saharda kelib yurgani uchun eshikni ochgan kelini bu tashrifdan ajablanmadi. «Keling, opa», deb so‘rashdi.
— Sarvar uydami? — dedi Matluba, ostona hatlab ichkari kirgach.
— Uydalar, futbol ko‘ryaptilar. Odatlarini bilasiz-ku, futbol desa o‘zlarini tomdan tashlaydilar.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:12

Sarvar chiqib, opasi bilan salomlashdi-da, «choy-poy ichib tur, hozir tamom bo‘ladi», deb yana kirib ketmoqchi edi, xotini to‘xtatdi:
— Odamni isnodlarga o‘ldirib yuborasiz-a, futbol o‘lguringizni bir marta ko‘rmasangiz nima qilibdi?
Bu gaplarni eshitib, Sarvar qoshlarini chimirdi:
— Yana bir marta «futbol o‘lgur» degsang, jiydaxaltangni qo‘ltiqlaginu onangnikiga jo‘nab qol.
— Axir opam...
— Opam bo‘lsa, o‘zimning ming yillik opam. Mensiz yarim soat chidab o‘tirishga qurbi yetadi. Sen kallangni ishlat: bunaqa o‘yin to‘rt yilda bir marta bo‘ladi. To‘rt yil kutaman men bunaqa o‘yinni.
— Mening kelin degan nomim bor. Har qanaqasiga kim yomon — kelin yomon.
Matluba er-xotinning «olishuvi»ni eshitib, ma’yus jilmaydi.
— Sarvar, bor, kiraver, futbolingdan qolma.
Shu payt ichkaridagi televizordan muxlislarning hayqirig‘i eshitildi. Nimadir demoqchi bo‘lgan Sarvarning gapi og‘zida qolib, sapchiganicha ichkari kirdi.
— Nazmixon, qo‘ying, odatini bilasiz-ku. O’zining to‘yida futboldan kechmagan odam shu paytda kechadimi?
— He quribgina ketsin, shu futbollari, — Nazmi shunday deb qayin egachisini mehmonxonaga boshladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:21

Bu xonadondagi er-xotin yechishi mushkul bo‘layotgan asosiy muammo futbol masalasi edi. Sarvar bu o‘yinning ashaddiy muxlisi bo‘lsa, Nazmi ashaddiy dushmani edi. «Futbol — san’at! Sochi uzun, aqli kalta odam bu o‘yinning gashtini bilmaydi». «Futbol — yigirma ikkita ahmoqning bitta to‘p ketidan Ali akaning itiday halloslab yugurishi». Er-xotinning bu boradagi «falsafasi» shundan iborat. O’n yilning nari-berisida davom etayotgan «ilmiy» bahsda hali tomonlarning kelishuvidan darak yo‘q. Hozirgi bu bir «cho‘qishib» olish ham Matluba uchun yangilik emas. Har safar «qozilik» qilishga to‘g‘ri kelsa, kelinga to‘ylarini eslatadi. Bu eslatuv Nazmiga yoqadi. Aslida Nazmi bu voqeani sira unutmaydi. Chunki bu unutadigan voqea emas. Biron hajvchining qulog‘iga chalinsa yozib yuborishi turgan gap. Tasavvur qiling: nikoh bazmi avjida. Tabriklarning biri-ikkinchisiga ulanadi. Shirakayf mehmonlar kelinning yarim soatdan beri yolg‘iz o‘tirganini sezishmaydi. Ammo bunaqa holat ayollarning nazaridan qochmaydi. Tabiiyki, eng avvalo kelin poshsha bezovtalanadilar. «Hozir kelaman», degan kuyov to‘ra qayoqqa g‘oyib bo‘lishlari mumkin? Yangasi biqiniga asta turtib, «Qani kuyov?» deb so‘raydi. Nazmi qaerdan bilsin?
Xotinlarning shivir-shiviri tavonxonagacha yetib boradi. «Opoqi, qudalar xavotirlanishyapti, o‘g‘lingiz bir soatdan beri yo‘q emishlar». «Yarim soat» tavonxonaga «bir soat» bo‘lib yetib bordi. Bu gap xotinlar tili vositasida ko‘chaga chiqquday bo‘lsa, «ikki soat»ga yetishi tayin. O’g‘lining qaerdaligini ona bilmay, kim bilsin? To‘g‘ri, bu gapni eshitib, avvaliga yuragi «shuv» etib ketdi. Harholda do‘stdan dushman ko‘p. Onaning ziyrak fahmi bu xavotirni darrov quvdi. «Voy, sho‘rginam, bugun futboli boridi-ya! To‘yni ertaga ko‘chiring, deganida qudalar ko‘nishmovdi». Xullas, Sarvar yana o‘nbesh daqiqadan so‘ng «topildi». O’sha kuni u umrida yagona zo‘r «jasorat» ko‘rsatdi: futbol o‘yinining faqat ikkinchi bo‘limini ko‘rdi. Birinchi bo‘limini esa «umrida bir marta bo‘ladigan tantana» — to‘y uchun qurbon qildi. Tabiiyki, Nazmi bundan o‘sha paytda bexabar edi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:28

Kuyov to‘ra xushnud holda joylarini egallaganlarida kelin poshsha arazlaganday bir chimirilib qo‘ydilar-u, tergamadilar, turmushning dastlabki daqiqalaridayoq tergashni o‘zlariga ep ko‘rmadilar. Bu ham o‘ziga xos bir jasorat bo‘ldiki, zikr etilmog‘i albatta, o‘rinlidir. O’yin ko‘ngildagiday tugagani uchun kuyov to‘raning kayfiyatlari yaxshi edi. Barmoqlarining uchi bilan kelin poshshaning yumshoq joylarini o‘g‘rincha silab, quloqlariga shivirladilar:
— Sizga bitta she’r aytib, beraymi?
Kelin poshsha ajablanib, «she’r yozgani ketgan edingizmi?» degan savol nazari bilan qarab qo‘ydilaru bosh irg‘ab, she’rni o‘qimoqqa ijozat berdilar.
Kuyov to‘ra yana quloqqa shivirladilar:
— Ekin ekadig‘on yering bo‘laman, bugundan boshlab ering bo‘laman.
Kelin poshsha «piq» etib kulib qo‘ydilar. Bu kulgi kuyov to‘raning gunohlari kechirilganiga bir ishorat edi. Qadah ko‘tarib tabrik so‘zi aytayotgan mehmon go‘yo kuyov to‘raning hozirginada she’r aytganlarini sezganday «mushoira»ni davom ettirdi:
«Sarvarbek! — deb xitob qildi u. — To‘y to‘ylashib keldik elingizga, Xudo quvvat bersin belingizga!» To‘yxonani qiyqiriq bosib, xotinlarning farazlarga boy «shivir-shiviri»ga yakun yasaldi. Mana shu qisqa vaqt davomida Sarvar xotinlar tili bilan yasalgan «uchar gilam»da yaxshi ko‘rgan qizi bilan uchrashib qaytishga» ulgurdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:35

Nazmi har safar shu voqeani eslaganida bir entikib qo‘yadi. Hozirgi entikish eriga bo‘lgan arazni nari surdi. Qayin egachisiga mehribonlik ko‘rsatib, Matlubaning qarshiligiga qaramay dasturxon tuzadi. Choy damlab kelgach, qo‘ni-qo‘shnilar, qavmu qarindoshlar hayotidan qisqa-qisqa axborot berdi. Matluba kelinining bu odatini ham yaxshi ko‘radi, ham ranjiydi. Yaxshi ko‘rganining boisi — Nazmi bilan besh daqiqa birga bo‘lsa bas, barcha yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Ranjiganining boisi — uning tashrifi haqidagi ma’lumot ham ertasigayoq «xotinlar telegrafi» orqali tarqaydi. Tursunali qamalganidan beri bu «telegraf» to‘la quvvat bilan ishlaydi. Matluba ba’zan «gap shu yerda qolsin», deb keliniga qattiq tayinlaydi. Kelinning «oQzi mahkam». Matluba ketguniga qadar bu gap ostona hatlamaydi. Matluba tushgan avtobus shaharni tark etmay, sir saqlanmoQi lozim bo‘lgan yangilik ozgina qo‘shilgan, bezalgan holda «xotinlar telegrafi»ga ulanadi.
Nazmi mahalla yangiligini tugatib, qarindoshlarga o‘tganida Matluba uning gapini bo‘ldi:
— Vazirlikka hisobot olib tushgan edim. Qog‘oz o‘lgur biram ko‘p. Bitta-bitta tekshirib olgunicha kech bo‘lib ketdi.
Matluba bu gapni «xotinlar telegrafi» uchun atay aytdi. «Hisobot oladigan qo‘ng‘iz mo‘ylov opamga bir-ikki ilmoq tashlash uchun atay kechgacha olib o‘tiribdi», degan qo‘shimchadan, shubhasiz, Matluba bexabar qoladi.
Futbol tugab, Sarvar chiqib keldi.
— Voy opa, qarang, bir qarang, — dedi Nazmi, — shoxlari chiqibdi!
— Boya nima deding? — dedi Sarvar uning pichingini tushunmaganday, — «Odamni isnodlarga qoldirasiz» dedingmi? Men futbolni ko‘rmay shu gapingni o‘ylab o‘tirdim.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:42

— Gapimga nima bo‘pti?
— Qiziq-da. Odam isnodga qolsa, senga nima?
— Voy, savil, opa, ukangizning gaplarini eshityapsizmi? Men odam emas emishman...
— Men unaqa demadim, — Sarvar shunday deb choy xo‘pladi, — choyni yangila, sovubdi.
Nazmi opa-ukaga bir-bir qarab chimirildi-da, jahl bilan o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi.
— Ba’zan juda oshirib yuborasan-da. Choy issiq edi-ku? — dedi Matluba ukasiga norozi qiyofada boqib.
— Shunaqa demasam, vaysab o‘tiraveradi. Ha, nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Vazirlikka hisobot olib tushuvdim...
— Bo‘ladigan gapni gapirsang-chi.
Matluba ukasidan sir saqlamas edi. Ammo bo‘lib o‘tgan gaplarni hozir aytgisi kelmadi. Erining o‘ynashi oldida, o‘zi «shaltoq, isqirt», deb hisoblagan bir ayol qarshisida past ketgani, aniqroq aytilsa, mag‘lub bo‘lganini tan olgisi kelmadi. Shu sababli «bo‘ladigan gaping nimasi», deb ukasidan nigohini olib qochdi. Ziyrak Sarvarga shuning o‘zi kifoya qildi.
— Bo‘ldi, to‘k dardingni, yana yorilib ketmagin, — dedi u opasiga tikilib.
Matluba bu qarashga bardosh bera olmadi. Bir soat avvalgi voqea, mag‘lubiyatdan toshgan dardu alam daryosi ko‘zlaridan yosh bo‘lib quyila boshladi.
— Yorilasan, dedim-ku! Ayt, nima bo‘ldi?
Matluba ro‘molchasi bilan burnini chimdib qo‘yib, «hech narsa» dedi-da, sumkachasidan erining xatini olib, uzatdi.
Sarvar xatni o‘qib, bir oz o‘ylandi. So‘ng «xato o‘qimadimmi» deganday satrlarga yana ko‘z yugurtirdi.
— Ha... tushibdilar, akaginam... — dedi o‘ziga o‘zi gapirganday.
— Nimaga tushadi?
— O’g‘rilarning qo‘liga tushibdi ering.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:49

— Qanaqa o‘g‘rilar? — Matluba bu yangilikdan ajablanib, yig‘ini ham unutdi.
— Qanaqa bo‘lardi, oddiy sovet o‘g‘rilari, — deb piching qildi Sarvar. So‘ng jiddiylashdi: — Ularga soliq to‘lanmasa ersiz qolasan.
— Sen buni qaerdan bilasan?
— Bilaman-da.
— Yo‘q, ayt, qaerdan bilasan?
— Men bilan birga o‘qigan Habib esingdami? «Zolotoy» derdik. O’ninchida o‘qiyotganida qamalib ketuvdi. Esingda yo‘qmi? Xo‘p, unda esing Tursunali akang bilan band edi. Xullas shu bola ikki marta o‘tirib chiqqan. Salkam «vor v zakone».
— Bu nima degani?
— O’g‘rilarning zo‘ri, degani. O’sha gapirib beradi menga bunaqa gaplarni.
— Uchrashib turasanmi? O’g‘ri bilan-a?
— O’g‘ri bo‘lsa, ko‘chada o‘g‘ri. Uyda mening oshnam.
— Bu xatni unga ko‘rsataylik.
— Foydasi yo‘q.
— Nega?
— Tanish-bilishlik, iltimos degan narsa bizlarda bo‘ladi. O’g‘rilarda bunaqasi yo‘q. Eringni shunga hukm qilishibdimi — tamom. Davlatning xazinasiga o‘xshab, ularning ham xazinasi bo‘ladi. Tomib turmasa, quriydi bu xazina. Ular esa xazinalarining qurishiga sira yo‘l qo‘yishmaydi.
— Xazinasiga o‘t ketsin!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:46:57

— Qarg‘ama. Ularning ishi to‘g‘ri. Ular duch kelgan odamni tushirishmaydi. Pochchaginamga o‘xshagan g‘irromlarni o‘marishadi. O’zing o‘ylab ko‘r, ishchidan yo dehqondan nimani o‘marishadi?
— Pochchangdan hech nima qolmadi. U uyga tashimas edi.
— Bu bilan ularning ishlari yo‘q.
— Men qayoqdan topaman shuncha pulni?! — Matlubaning titroq ovozi bir necha parda ko‘tarildi. Oshxonada ivirsib yurgan, qo‘li ishda, qulog‘i esa mehmonxonada bo‘lgan Nazmi ham bu ovozni eshitdi.
— Er kerak bo‘lsa, topasan, — dedi Sarvar xotirjam tarzda.
— Bermasam o‘ldirishadimi?
— Bilmayman. Agar shunaqa shart qo‘yilgan bo‘lsa — o‘ldirishadi.
— Bolalarimga-chi? Tegishmaydimi?
— Bilmayman... Agar bolalarni garovga qo‘ygan bo‘lsa...
— Nega garovga qo‘yarkan? Bolalarda nima haqqi bor uning?! Voy Xudoyim, qayoqdanam shu hayvonga tegdim!
— Bo‘ldi, g‘ingshima. Endi hayit o‘tgan, xinani xohlagan joyingga qo‘yasan.
«Xotinlar telegrafi» uchun qiziq ma’lumot bera oluvchi gapga shoshgan Nazmi kirib kelib, ikkovlari ham jim qolishdi.
— Bolalarning o‘qishiga qattiq turganing yaxshi,— dedi Sarvar gapni burib. Matluba avvaliga ukasining muddaosini tushunmay ajablandi. So‘ng keliniga bir qarab olib:
— Hozir o‘yinqaroq payti. Otasi bo‘lganidayam ha-yig‘ib turarmidi... — deb qo‘ydi.
— Onasi, ertalab vaqtli ketaman. Kiyimlarimga dazmol urib qo‘y, — dedi Sarvar, xotini uzatgan choyni olib.
Nazmi «kiyimlaringiz tap-tayyor» deyishga og‘iz juftladi-yu, o‘zining bu suhbatga ortiqchaligini anglab, o‘rnidan tura qoldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:04

— Menam vaqtli ketaman, — dedi Matluba, — Ertaga kelaman. Pul oladigan yigit adamlarnikini tayin qilgan.
— Men ham adamlarnikida bo‘laman. O’sha yigitni bir ko‘rib qo‘yay.
— Ko‘rmaganing yaxshimikin. «Birov bilmasin» degan.
— Aytaveradi. Bu birov bilmaydigan ish ekanmi? Sen ko‘p siqilaverma. Yolg‘iz bo‘lganingda boshqa gap edi. Ahmoq bo‘lsa ham, hayvon bo‘lsa ham o‘sha peshonangga bitgan ering. O’n besh yil bergan bo‘lsa, o‘n besh yil o‘tirmaydi. O’n besh yilgacha yo podsho o‘ladi, yo eshak.
Sarvar shunday deb o‘rnidan turdi.
— Rostdan ham vaqtli ketishim kerak. Sen ham damingni ol.
Matluba bu xonadonga har kelganida kelini hurmat yuzasidan mehmonxonada yotmoqchi bo‘ladi. Har safar ham Matluba uni yotoqxonasiga chiqarib yuboradi. Odat bu gal ham kanda bo‘lmadi. Mehmonxonada yolg‘iz qolgach, Matluba o‘ringa yonboshladi. Bir necha nafasdan so‘ng yuragi bezovtalanib, qaddini ko‘tardi. Xayollari cho‘l shamoliday bevosh bo‘lib ketdi. Tursunali akasini ilk bor ko‘rgan kunini ham esladi. Eslay turib, o‘sha kunni la’natladi. Asalday totli tuyulgan damlar zaharga to‘la turmushning aldamchi debochasi ekanini kech angladi. Yumuq ko‘zlar ochilgan damda zaharga to‘la hayot qo‘yniga kirib bo‘lgan, endi ortga yo‘l yo‘q edi. Hozir ham turmushning zaharli nishi yuragiga sanchilib, bezovta qila boshladi. Yuragi qattiqroq sanchganda beixtiyor «oyijon!» deb yubordi.

Qayd etilgan