— Gapimga nima bo‘pti?
— Qiziq-da. Odam isnodga qolsa, senga nima?
— Voy, savil, opa, ukangizning gaplarini eshityapsizmi? Men odam emas emishman...
— Men unaqa demadim, — Sarvar shunday deb choy xo‘pladi, — choyni yangila, sovubdi.
Nazmi opa-ukaga bir-bir qarab chimirildi-da, jahl bilan o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi.
— Ba’zan juda oshirib yuborasan-da. Choy issiq edi-ku? — dedi Matluba ukasiga norozi qiyofada boqib.
— Shunaqa demasam, vaysab o‘tiraveradi. Ha, nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Vazirlikka hisobot olib tushuvdim...
— Bo‘ladigan gapni gapirsang-chi.
Matluba ukasidan sir saqlamas edi. Ammo bo‘lib o‘tgan gaplarni hozir aytgisi kelmadi. Erining o‘ynashi oldida, o‘zi «shaltoq, isqirt», deb hisoblagan bir ayol qarshisida past ketgani, aniqroq aytilsa, mag‘lub bo‘lganini tan olgisi kelmadi. Shu sababli «bo‘ladigan gaping nimasi», deb ukasidan nigohini olib qochdi. Ziyrak Sarvarga shuning o‘zi kifoya qildi.
— Bo‘ldi, to‘k dardingni, yana yorilib ketmagin, — dedi u opasiga tikilib.
Matluba bu qarashga bardosh bera olmadi. Bir soat avvalgi voqea, mag‘lubiyatdan toshgan dardu alam daryosi ko‘zlaridan yosh bo‘lib quyila boshladi.
— Yorilasan, dedim-ku! Ayt, nima bo‘ldi?
Matluba ro‘molchasi bilan burnini chimdib qo‘yib, «hech narsa» dedi-da, sumkachasidan erining xatini olib, uzatdi.
Sarvar xatni o‘qib, bir oz o‘ylandi. So‘ng «xato o‘qimadimmi» deganday satrlarga yana ko‘z yugurtirdi.
— Ha... tushibdilar, akaginam... — dedi o‘ziga o‘zi gapirganday.
— Nimaga tushadi?
— O’g‘rilarning qo‘liga tushibdi ering.