Lablari ham, ko‘zlari ham yarim ochiq marhum erishajak ajr ne bo‘lar, yolg‘iz Tangri biladi. Matluba esa, astoydil aytib yig‘laydi: «joyingiz jannatdan bo‘lsin, adajon!..»
Marhum dafn etib kelingach, yig‘ini uyg‘otayotgan ehtiroslar ham so‘ndi. Tashqarida odatdagi «Bandalik ekan» — «Ollohning irodasi» — «Sabr bersin», degan ta’ziya bildirishlar, ichkarida esa birdan boshlanib, birdan so‘nuvchi yig‘i tovushlari eshitilib turdi. Matlubaning yangasi ko‘ngil aynitar gaplarini ana shundan keyin boshladi.
Odatda qizlar ota uyida qirq kungacha o‘tirishardi. Matlubaning qirq daqiqa o‘tirishga ham toqati qolmadi. «Ta’ziyaga keluvchi xotinlarning keti uzilmasayu yangamning vaysashi uchun fursat bo‘lmasa», deb orzu qildi.
Ertasiga yangasining navbatdagi diy-diyosi boshlanganda Sarvar ichkariga mo‘ralab, Matlubani imlab chaqirdi.
— Xursanali degan yigit so‘rayapti. Sovxozingdan kelibdi.
— Bu o‘sha, — dedi Matluba. — Endi nima qilamiz? Shunday kunda ham kelib, bez bo‘lib turibdimi?
— Nima qilarding, to‘laysan. Bularda to‘y-aza degan gap yo‘q.— Sarvar shunday deb cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan pul olib, opasiga uzatdi.— Ma, olib chiqib ber.
— Pulmi? Tayyorlab qo‘yuvdingmi?
— Zolotoyga aytuvdim. Yordam bera olmasligidan afsuslanib, bu yilgi soliqni ko‘taradigan bo‘ldi.
— O’zi berib qo‘ya qolmaydimi?
— Bunaqa hotamtoyligini bilib qolishsa tinch qo‘yishmaydi. Lekin odamlari bilan gaplashibdi. Bolalaringga tegishmaydi. Xotirjam bo‘l. Seni ham himoya qilishadi.
Sarvar keyingi gaplarni opasini dardini yengillatish uchun o‘zidan qo‘shdi.
Matluba pulni olib, ko‘cha eshik tomon yurdi. Yigit uni ko‘rib, o‘zini chetga oldi. Birinchi soliq to‘lash marosimi gap-so‘zsiz bo‘ldi. Matluba pulni uzatdi, yigit olib cho‘ntagiga soldiyu «xayr, rahmat» deganday tirjayib qo‘ygach, burilib jo‘nadi.
Matluba iziga qaytayotganida akasi «Ha, tinchlikmi?» deb so‘radi.
— Tinchlik, — dedi Matluba, — sovxozning kassiri. Qog‘ozlari menda edi.
Akasi xavotirlanib emas, shunchaki so‘ragan edi, bu javob bilan qoniqdi.