Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190015 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:12

Ona — farzandiga yopirilajak dardu alamlar seli yo‘lidagi bir to‘g‘ondir. Ona yaratgan Olloh huzuriga qaytgach, bu to‘g‘on o‘z-o‘zidan yemiriladi. Matluba buni ham kech angladi. Faqat Matluba emas, ko‘pgina farzandlar shundaydirlar. Oxir-oqibat «Voy, onajonim!» deydilar, nolayu faryod dengiziga g‘arq bo‘ladilar. So‘ng esa, to‘g‘on bo‘lishni Onaning ruhidan umid qiladilar. Johil bandalar... ofatlardan Onaning ruhi emas, Yaratganning o‘zigina saqlashiga aqllari yetmaydi... Yana Xudo biladi, onalarning ruhiga biron-bir qudrat kasb etilsa, borini hayotda qolgan farzandlari hi-moyasiga baxsh etarmi edilar... Bu shunchaki ojiz bir faraz. Aslida esa, Onalarning ruhlari farzandlar duosiga muhtojdirlar...
Matluba o‘rnidan turib deraza oldiga keldi. Uyda dimiqib ketganday bo‘lib hovliga chiqdi-da, taxta so‘riga o‘tirib, tirsagi bilan panjaraga suyandi.
«Oyijon, «baxtli bo‘l», deb duo qilardingiz. Duolaringiz nima uchun qabul bo‘lmadi? O’zim aybdormanmi? Endi nima bo‘ladi? Dunyodan baxt nima ekanini bilmay o‘tamanmi? Mening bo‘larim bo‘ldi. Bolalarim baxtli bo‘lishsin, duo qiling, oyijon. Oyijon, duo qiling, menga ko‘p umr kerak emas. Zilolani kuyovga uzatganimdan so‘ng bir yilgina yashasam yetadi. Zilolaning bolasini ko‘rsam, beshik qilsam bo‘ldi, keyin yoningizga chaqiring. Kuyovingiz bugun-erta qamoqdan chiqib kelsa ham men bolalarimni unga ishonib tashlab keta olmayman. U chiqib kelgani bilan baribir yana o‘sha shiltasi bilan topishadi...»
Shu fikr xayoliga kelishi bilan o‘sha «qon qusgur Nafisa» ko‘z oldida gavdalandiyu badaniga titroq yugurdi. Boshqa narsalarni o‘ylashga harakat qilsa ham o‘sha «kafansiz ko‘milgur Nafisa» qarshisida tirjayib turaverdi. Shunda bir necha soat ilgari xayolini yoritib o‘tgan fikr yana qaytaladi: «Bu baloginaga yo‘liqqur o‘lmas ekan, men tinchimni topa olmayman. U o‘lmasa — menga hayot yo‘q...» Bu fikr qat’iylasha boshlaganda ayvonda sharpa sezildi.
— Nima qilib o‘tiribsan?
Matluba ukasining ovozini eshitib, o‘girildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:20

— Uyqung, kelmayaptimi? Negadir men ham uxlay olmayapman. Ko‘zlarimni yumsam, adam chaqirayotganga o‘xshaydilar.
— Sog‘ingandirlar. Qachon borib ko‘ruvding?
— To‘rt kun bo‘ldimikan?
— Yo‘ling-ku, kunda bir ko‘rib o‘tsang bo‘lmaydimi?
— Bo‘ladi-ku, Ofatni kunda bir ko‘rish menga ham og‘ir-da. Kirishimdan sasishni boshlaydi, yarim soatga zo‘rg‘a chidayman. Shuni qo‘ydirib, akamga boshqa xotin olib berishimiz kerak.
— Qo‘ysang-chi.
— Sen nimaga uxlamayapsan? Siqilma, dedim-ku.
— Anavi o‘g‘ri o‘rtog‘ingni qachon ko‘rasan?
— Xohlasam hozir, xohlasam ertaga. Nima edi?
— So‘rab ko‘rgin. Bitta odam o‘ldirish qancha turarkin?
— Nima? — Sarvar hayratlanib opasining ko‘ziga qaramoqchi bo‘ldi. O’n kunlik oy yorug‘ida ko‘zlardagi ma’noni uqib bo‘lmadi. — Nima deding? Kimni o‘ldirtirmoqchisan? Pul so‘rab kelgan bolanimi? Kallangdan chiqarib tashla bu xayolni! U o‘lsa, boshqasi keladi.
— Uni emas... bittasi bor.. so‘rab bera qolgin.
— Narx bir xil bo‘lmaydi. Odamiga qarab so‘rashadi. Lekin Habib bunaqa ishga bormaydi. U o‘g‘ri, killer emas.
— Killering nima?
— Pulga odam o‘ldirib beradiganlarni «killer» deyishadi.
— Eng arzoni qancha, bilib ber.
— Sen... esingni yig‘. Agar killer qo‘lga tushsa, buyurtmachi ham ketadi. Aqlingni yig‘u bunaqa ishlardan nari yur. Agar yaxshilab qarg‘asang, o‘ladigan odam shu qarg‘ishing bilan ham jo‘navoradi. Bo‘ldi, kirib yot. Ahmoq bo‘lib qolibsan.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:28

Sarvar keyingi gapni zarda bilan aytib, opasini tirsagidan ushlab uyga boshladi.
Matluba yotgani bilan uxlay olmadi. Tongga yaqin ko‘zi ilingan ekan, darvoza qo‘ng‘irog‘i ketma-ket jiringlab uyg‘otib yubordi. Sarvar maykachan holda shoshilib hovliga chiqdi. Darvozani ochishga ulgurmay, ko‘cha tomondan jiyanining ovozi eshitildi.
— Amaki, tez borar ekansiz, adam aytdilar. Men telegrafga borib, ammamga telefon qilaman.
— Ammang shu yerda, — dedi Sarvar darvoza eshigini ochib. To‘n kiyib, qiyiq bog‘lab olgan jiyanini ko‘rdiyu otasidan ayrilganini angladi.
Ukasiga ergashib chiqqan Matluba ostona hatlay turib, «Adammi?» dedi-yu, javob kutmay yig‘lab yubordi.
— Kechqurun chaqirishlari bekorga emas ekan, g‘aflatda qolibman-ku, — Sarvar ich-ichidan kelgan bir o‘kiriq bilan boshiga mushtlab ingrandi.
Opa-uka ota uyiga kelganlarida akalari ko‘chaga qo‘yilgan stullardan birida yolg‘iz o‘zi shumshayib o‘tirgan edi. Matluba akasini bu ahvolda ko‘rib, yanada xo‘rligi kuchaydiyu «Voy otam»lab aytib yig‘lashni boshladi.
Marhum uy o‘rtasiga solingan yangi ko‘rpa-to‘shakda yotardi. Jag‘i tang‘ib bog‘langan bo‘lsa-da, og‘zi xiyol ochiq edi. Ko‘zlari ham butkul yumulmagandi. Xuddi berkinmachoq o‘ynayotgan bolaning ko‘zlariday yarim ochiq edi. Go‘yo u jon bermaganu, hazillashib o‘zini o‘lganday qilib yotib olgan edi. Yarim ochiq lablari hozir bir jilmayib so‘ng so‘zlay boshlaydiganday edi.
— Ada! Adajon!!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:35

Tabiiyki, javob bo‘lmadi. lablar jilmaymadi. So‘zlar aytilmadi. Go‘yo murda gapirib yubormasin, degan ehtiyotni qilib jag‘ tang‘ib bog‘langanday...
Matluba kirib kelgan yangasini quchoqlab olib yig‘ladi. Bilmagan odam quchoqlashib bo‘zlayotgan bu ayollarni bir-biriga mehribon opa-singil deb o‘ylashi ham mumkin edi. Ular bir-birini tinglamagan holda aytib yig‘lashardi: «Mehribonim otam...» Yarim ochiq ko‘zlar esa, go‘yo ularni kuzatardi, lablar esa, go‘yo pichirlar edi: «aytayotganlaring rostmi? Chin dildan achinyapsanlarmi?..»
Afsus shuki, murdalar gapirmaydilar. Ularga bir necha daqiqalik so‘zlash imkoni berilsami edi... Bu olamda nimalar yuz bermas edi-ya... Yana kim biladi, balki birovlar bu imkoniyatdan foydalanib kalimai tavhidni to‘xtatmay aytarlar, birovlar «shuncha yil talashib-tortishib erishganimiz oqibat shu bo‘ldi, ko‘rib qo‘ying, ibrat oling», derlar, birovlar esa, «falonchi mendan besh so‘m qarz olib edi, g‘aflatda qolmanglar, borib olinglar», deb ogohlantirar?
Kimdir Yaratganning huzuriga borayotganiga shukr qilib ko‘z yumar, kimdir lahadda yolg‘iz yotishini o‘ylab qo‘rquv bilan jon berar, kimdir to‘plagan boyligi qolib ketayotganidan achinib o‘lar...
Bu dunyoni qanday tark etishidan qat’iy nazar, barchalariga aza ochiladi. Bu dunyoda bir-birlari bilan tenglik qilmagan odamlar lahaddagi guvalaga bosh qo‘yishlari hamonoq tenglashadilar. Ammo bu tenglik ham uzoqqa bormas. Savol-javobdan so‘ng, amalga qarab ajralish yuz berar — birov to qiyomatga qadar qabr azobiga giriftor bo‘lar, birov esa bu azoblardan ozod etilar. Qiyomatda esa, uzil-kesil ajralish yuz berar...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:47:44

Lablari ham, ko‘zlari ham yarim ochiq marhum erishajak ajr ne bo‘lar, yolg‘iz Tangri biladi. Matluba esa, astoydil aytib yig‘laydi: «joyingiz jannatdan bo‘lsin, adajon!..»
Marhum dafn etib kelingach, yig‘ini uyg‘otayotgan ehtiroslar ham so‘ndi. Tashqarida odatdagi «Bandalik ekan» — «Ollohning irodasi» — «Sabr bersin», degan ta’ziya bildirishlar, ichkarida esa birdan boshlanib, birdan so‘nuvchi yig‘i tovushlari eshitilib turdi. Matlubaning yangasi ko‘ngil aynitar gaplarini ana shundan keyin boshladi.
Odatda qizlar ota uyida qirq kungacha o‘tirishardi. Matlubaning qirq daqiqa o‘tirishga ham toqati qolmadi. «Ta’ziyaga keluvchi xotinlarning keti uzilmasayu yangamning vaysashi uchun fursat bo‘lmasa», deb orzu qildi.
Ertasiga yangasining navbatdagi diy-diyosi boshlanganda Sarvar ichkariga mo‘ralab, Matlubani imlab chaqirdi.
— Xursanali degan yigit so‘rayapti. Sovxozingdan kelibdi.
— Bu o‘sha, — dedi Matluba. — Endi nima qilamiz? Shunday kunda ham kelib, bez bo‘lib turibdimi?
— Nima qilarding, to‘laysan. Bularda to‘y-aza degan gap yo‘q.— Sarvar shunday deb cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan pul olib, opasiga uzatdi.— Ma, olib chiqib ber.
— Pulmi? Tayyorlab qo‘yuvdingmi?
— Zolotoyga aytuvdim. Yordam bera olmasligidan afsuslanib, bu yilgi soliqni ko‘taradigan bo‘ldi.
— O’zi berib qo‘ya qolmaydimi?
— Bunaqa hotamtoyligini bilib qolishsa tinch qo‘yishmaydi. Lekin odamlari bilan gaplashibdi. Bolalaringga tegishmaydi. Xotirjam bo‘l. Seni ham himoya qilishadi.
Sarvar keyingi gaplarni opasini dardini yengillatish uchun o‘zidan qo‘shdi.
Matluba pulni olib, ko‘cha eshik tomon yurdi. Yigit uni ko‘rib, o‘zini chetga oldi. Birinchi soliq to‘lash marosimi gap-so‘zsiz bo‘ldi. Matluba pulni uzatdi, yigit olib cho‘ntagiga soldiyu «xayr, rahmat» deganday tirjayib qo‘ygach, burilib jo‘nadi.
Matluba iziga qaytayotganida akasi «Ha, tinchlikmi?» deb so‘radi.
— Tinchlik, — dedi Matluba, — sovxozning kassiri. Qog‘ozlari menda edi.
Akasi xavotirlanib emas, shunchaki so‘ragan edi, bu javob bilan qoniqdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:02

DARBADAR

Birinchi qor yomg‘irga aralashib yoqqani uchun tez erib ketdi. Qor bahonasi bilan yopirilib kelgan sovuq tunda kuchga kirib, faoliyatini yer sathini muzlatishdan boshladi. Bunaqa sovuqni endi ko‘rayotgan Tursunali diydirab, «shu sovuqlarda muzlab, o‘lib ketsam kerak», deb xo‘rligi keldi. Bir qo‘lida cho‘kich, ikkinchisida belkurak ushlab, saf bilan yo‘lga hozir bo‘lib turganida ro‘parasida Tengiz paydo bo‘ldi.
— Ha, zemlyak, ishlar qalay? Muncha shumshayasan? Nima, sovqotdingmi? Agar shuni sovuq desang, bir-ikki haftadan so‘ng onangni ko‘rar ekansan-da. Ha, xotiningga xat yozib, rahmat deb qo‘y. Aqlli ekan. Buyrug‘ingni bajaribdi.
Tengiz shunday dedi-yu, burilib nari ketdi. Tursunali «meni bu azoblardan qutqaring», deb iltimos qilmoqchi edi, ulgurmadi, gapi oQzida qoldi. Safga qarata «Yurilsin!» degan buyruq berildi.
Uch kundan beri ular daraxt kesishmaydi. Kesilgan yog‘ochlar yig‘ilib qolganmish. O’n chaqirimcha piyoda yurib, so‘ng o‘rmon ichida handaq qazishadi. Bu ovloqda handaqning nima keragi borligini hech kim bilmaydi. Aslida bu handaqlarning birovga zarurati yo‘q. Daraxt kesish vaqtincha to‘xtatilgani sababli mahbuslar bekor yotishmasin, degan maqsadda handaq qazdirishadi. Bir guruh kelib qaziydi. Ikkinchisi kelib ko‘madi.
Avvalgi kun Nuriddin ham Tursunali bilan birga edi. Kecha uni Tengiz yoniga chaqirib olibdi. Nuriddinsiz uning bo‘lari bo‘ldi. Belgilangan vazifasini bajara olmay kaltak ham yedi. Kechqurun Nuriddinga arzi hol qilib «Tengizga ayt, menga yengilroq ish olib bersin», degan edi. Bugun Tengiz yaqinlashayotganini ko‘rib, bir ichi yorishdi-yu, keyin yana zulmat qo‘ynida qoldi.
Nuriddin uning iltimosini Tengizga aytgan edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:10

— Hamzat, — dedi Tengiz unga javoban, — sen hech qachon odamlarga, ayniqsa, bunaqalarga achinma. Bu odam kim bo‘lgan, bilasan-a? Sovxoz direktori! Bu yerda sen bilan menga yalinib yuribdi. Amal otida kerilib, davr surayotgan damlarida bizni odam o‘rnida ko‘rarmidi? Bu xunasa boshqalarni eshshakday ishlatib, o‘zi maishatini surib yurgan. Ana endi mehnat nima, azob nima bilib qo‘ysin.
— U chidolmaydi, o‘lib qoladi, — dedi Nuriddin.
— Qo‘yaver, o‘lsa ham mehnat bilan o‘lsin. Sen daraxt kesish boshlanguniga qadar mening yonimda yura turasan. Ammo bir narsani unutma: men bilan bo‘lganingda ko‘zing ko‘r, qulog‘ing kar bo‘ladi. Ko‘rganingni ko‘rdim demaysan, eshitganingni eshitdim demaysan.
Nuriddin bu buyruqqa itoat etdi. Bu itoati bilan o‘g‘rilar olamiga dastlabki qadam qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi. Shu paytgacha o‘g‘rilar sirtmog‘iga bo‘yin bermay kelayotgan edi. Tengiz ko‘zga ko‘rinmas sirtmog‘ini ustalik bilan tashladi. O’sha kuni «politbyuro» to‘plandi. Hal qilinadigan aniq masala yo‘q edi. Shu bois «chefir» choy ichib, qarta o‘ynab gaplashib o‘tirishdi. Qo‘tos ham, Koshak ham, boshqalar ham xizmatdagi Nuriddinga qarab-qarab qo‘yishardi. Koshak nechta uyni bosganiyu qancha odamni asfalasofilinga jo‘natganini aytayotganida Tengiz uning gapini bo‘ldi:
— Koshak, biz bu gaplarni bilamiz. Agar Hamzatni qoyil qoldirmoqchi bo‘lsang, yanglishasan. Hamzat Afg‘onda o‘ldirgan odamlarni sen sanog‘iga yeta olmaysan.
Koshak «shunaqami?» deganday Nuriddinga zimdan qarab qo‘ydi. Tengiz aytmasa ham Nuriddinning kimligi, ochiqlikda nima qilgani bu yerdagilarning hammasiga ayon edi. Bu choyxo‘rlik, bu xizmat bo‘lajak o‘g‘ri bilan «yaqinroq tanishish» maqsadida uyushtirilgandi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:17

«Politbyuro» a’zolariga Nuriddin ma’qul keldi. Unga qarshi e’tiroz bildirilmadi. Tarqalish paytida Koshak:
— Uning tarbiyasini Qo‘tosga ber, — deb talab qildi.
— Hozir emas, — dedi Tengiz, — Bu bola egar urilmagan asov ot. Hurkib ketadi. Uni o‘zim egarlab, jilovlab beraman. Ana undan keyin Qo‘tosning qo‘liga tutqizaman.
Nuriddin Bifshteksni o‘ldirgach, qamoq lagerida o‘ziga nisbatan munosabat o‘zgarganini sezdi. «Politbyuro» majlisidan so‘ng esa, lager boshliqlari ham unga yumshoqroq muomala qila boshladilar. Ana shunda Nuriddin «bularga bog‘lanib to‘g‘ri qildimmi?» deb o‘ylandi. Bulardan uzoqlashishning turli yo‘llarini izladi. U fahmi yetgan, bilgan barcha yo‘llarning boshi berk edi. «Faqat o‘limgina bulardan qutqarishi mumkin», degan to‘xtamga keldi.
Garchi qamoq lagerida erkinroq yurishga sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, u ruhini qafasdan bo‘shata olmas edi. U Bifshteksdan zo‘rroqlari bilan ham olishmog‘i mumkin, ammo o‘zini o‘zi yenga olmas edi. «Ismingiz nima, otaxon?» deb so‘raganida kulimsirab turib «Darbadar» degan o‘sha qariyani qutqarib yuborolmagani uchun o‘zini o‘zi to o‘lgunicha la’natlasa kerak.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:25

Tayyorgarlik mashqlari davrida askarlar orasida «Afg‘onga tashlashar ekan», degan mish-mish yurardi. Birovlar qo‘rqib, najot istab uylariga xatlar yozsalar, boshqalar «baynalminal burch»ni bajarish, qahramonlik ko‘rsatish ilinjida janggohga oshiqardi. Ba’zi yigitlar esa, «Afg‘ondan qaytganlar istitutlarga imtihonsiz qabul qilinar ekan», deb umid qilishardi. Institutlarga kirish uchun Afg‘ondan tirik holda qaytish lozimligini esa o‘ylashmas edi. Har kuni o‘nlab qora temir tobutlar selining oqib kelayotganini ular bilmasdilar.
Nuriddin esa, «Nima bo‘lsa, peshonamdan ko‘rdim», deb o‘zini taqdir yozug‘i ixtiyoriga bergan edi. U jang-gohda yetti uxlab tushida ko‘rmagan fojialarga duch keldi. Dastlab «bu vahshiyliklarni ko‘raverib jinni bo‘lib qolsam kerak», deb o‘yladi. Yo‘q, aqldan ozmadi, aksincha, diydasi qotib bordi. U afg‘onlarning nima uchun urushayotganini tushunmas edi. Uning uchun bir narsa aniq — qarshisidagi dushman! Sen otmasang, u seni o‘ldiradi. Chunki u uchun sen dushmansan! Bu dunyoda yashab qolmoq uchun ham qarshingdagini o‘ldirishing shart. «Baynalminal burch», «Afg‘oniston ozodligi», degan tushunchalar minginchi darajadagi masala edi. Ajal o‘qlari yog‘ilib, faqat o‘z joning ko‘zga ko‘rinib turgan onda faqat aqldan ozgan odamgina bunday burch haqida o‘ylashi mumkin. «Qarshimdagi dushman emas, musulmon birodarlarim. O’z uyini, molu jonini himoya qilgan odam nima uchun dushman bo‘lar ekan?» degan tushuncha ham Nuriddinga yot edi. Qadimda Xuroson deb atalmish bu yurtni bobolar bir tomondan ingliz, shimoldan esa o‘rus hamlasidan himoya qilib jon berganlarini ham bilmas edi. O’rusga qarshi jihodda jon berganlarning avlodlari endi o‘rusga sherik bo‘lib jon olsa... Bobolar o‘rusga Xurosonni bermagan edilar. O’rus Termiz bilan Ko‘shkdan nari o‘ta olmagandi. Nuriddin bularni ham bilmas edi. Bilganda-chi? Bilganda nima qila olar edi? «Bobolarim yurtiga qarab o‘q otmayman» desa, «Mayli uka, siz uyingizga qayta qoling, bu yog‘ini o‘zimiz eplashtiramiz», deyisharmidi? Be, insof qilishsa «xizmatdan bo‘yin tovlash» deb qamashardi. Rahm qilishmasa shartta otib tashlashardi — vassalom!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:48:32

Nuriddin o‘zini Darbadar deb atagan qariya bilan uchragunicha aqlsiz go‘dak kabi edi. Darbadar otilganidan beri oradan to‘rt yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Qariyani otish uchun besh kishi chiqishdi. «Otilsin!» deb buyruq berildi. U ham beixtiyor tepkini bosdi. Mo‘ljalga olmadi. Balki o‘qi xato ketgandir, qariyaga tegmagandir?
O’q otilmay turib qariya unga qarab jilmayib qo‘ydi. Nega jilmaydi ekan? «Men Vatanning bir bo‘lagiman, sen Vatanga qarab o‘q uzmaysan, a?» demoqchi bo‘ldimi? Yo «Ana, aytmovmidim, qul bo‘lganing uchun ham bularga qo‘shilib chiqding», demoqchimidi? Nuriddin bu jilmayishning ma’nosini uqishga ko‘p harakat qildi. Biroq, tayin bir xulosaga kela olmadi. Badani o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan Darbadar ko‘kragini changallab, yana Nuriddinga tikildi. Bu safar jilmaymadi. Yo‘q, yo‘q, ko‘zlari bir nuqtada qotdi: o‘tkir nigohiga savol alomati muhrlandi. Nuriddin bu qarashning ma’nosini ham uqmadi.
O’sha fojeadan keyingi tunlar Nuriddin uchun behalovat, azobli tunlarga aylandi. Darbadar o‘sha savol alomati muhrlangan nigohi bilan har tun uni ta’qib etadigan bo‘ldi.
Asirlar saqlanadigan hibsxonada Darbadardan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Nuriddin hibsxonani qo‘riqlash uchun navbatni qabul qilganida bundan keyingi hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketishini o‘ylamagan ham edi. Avvaliga «gapirish mumkin emas», deb ogohlantirdi. Darbadar «Sen gapirma, eshit», deb so‘zlayverdi. Xuddi tarix o‘qituvchisi dars o‘tayotgandek edi. «O’sha suhbatdan so‘ng yigitning ongi o‘zgardi, vatanparvarga aylandi», desak lofga o‘rin bergan bo‘lamiz.
Vatanni bir martagina bo‘lsa ham ko‘rishga zor ko‘zlar jon taslim qilinganidan so‘ng ham yumulmagan edi. Ana shu ko‘zlar tunlari Nuriddinni uyg‘otardi...
   

Qayd etilgan