— ...Demak, navbatdagi muxlisimiz bilan bog‘lanamiz. Allo. Marhamat, o‘zingizni tanishtiring.
— Asalxon.
— O-o-o! Qanday chiroyli ism!.. O‘zingiz ham asalmisiz?
— Bilmasam.
— Buni sizga hech kim aytishmaganmi?
— Yo‘q.
— Hech ham xafa bo‘lmang. Balki endi aytishar. O‘yinimiz shartlari sizga ma’lum-a?
— Ha.
— Ma’lum bo‘lsa ham eslatib qo‘yaman. Demak, birinchi shartda siz biror jonivorga taqlid qilishingiz kerak. Xo‘sh, nimaga taqlid qilamiz?
— Echkiga.
— O, judayam yaxshi. Qani, boshladik.
— Be-e-e... Be-e-e...
— O‘xshamayapti. Jonliroq.
— Be-e-e-e-e-e...
— To‘xtang, Asalxon. Siz yaxshisi, sigirga taqlid qila qoling. Menimcha, osonroq bo‘ladi sizga.
— Mu-u. Mu-u-u.
— Jonliroq, dadilroq, Asalxon.
— Mu-u-u-u-u...
— Yaxshi. Bu qanday sigir?
— Bilmasam.
— Bu och qolgan sigir bo‘lsa kerak-a? Ovozidan shunaqaga o‘xshaydi. Yaxshi. Asalxon siz bu shartda g‘olib bo‘ldingiz. Keyingi shartimiz...
F-sh-sh... Tut-tut... Sh-sh-sh...
— ...Eng zo‘r to‘lqinda eng zo‘r qo‘shiq. Siz uchun estradamizning yosh va umidli yulduzlaridan biri ...o‘zining "œKuydirding" kompozitsiyasi bilan.
— Kunduzlarim kechadan farq qilmaydi,
Quvonchlarim tashvishlarga aylanadi.
Yuragimda yongan umid o‘chib qoladi.
Sen meni kuydirding, o, kuydir...
F-sh-sh... Tut-tut... Sh-sh-sh-sh...
— ... bu — eng yaxshi radio. Savolni takrorlayman. Qaysi jonivor sichqondan qo‘rqadi?
— Variantlar yo‘qmi?
— Yo‘q.
— Yordam bervoraqoling.
— Mayli. Faqat bir martagina yordam beraman. U jonivor juda bahaybat. Quloqlari shalpaygan. Xartumi bor. Xartumi juda ko‘p ish bajaradi.
— Begemotmasmi?
— Yo‘q.
— Krokadilmi?
— Yo‘q. Nachora, siz bilan xayrlashishga majburman. Navbatdagi mux...
— F-sh-sh... Tut-tut... Sh-sh-sh...
— ...Demak, savol quyidagicha: Samarqanddagi Ulug‘bek haykalining muallifi kim?
— O‘ylashga vaqt bering.
— Sizga bir daqiqa fursat beraman... Vaqt bo‘ldi. Marhamat, javobni eshitamiz.
— Said Ahmadmi?
— Yo‘g‘-e?! Afsus, siz bilan xayrlashaman. Keyingi muxlis. Allo.
— Assalomaleykum.
— Valaykum assalom. Ismingiz?
— Toshpo‘lat.
— Juda yaxshi. Toshpo‘lat, o‘qiysizmi, ishlaysizmi?
— O‘qiyman.
— Qaerda?
— Sir bo‘la qolsin.
— Mayli, Toshpo‘lat, sizga atalgan savol shunday: Sharq Rafaeli, deb nom olgan taniqli miniatyurachi, Sharq miniatyurasining otasi bo‘lgan ijodkor nomini ayting. Eshitganmisiz?
— Eshitganman.
— Demak, javobni eshitamiz.
— Ergash Karimov...
— F-sh-sh... Tut-tut-tut-t... Shsh-sh-sh...
— ...Shunday qilib sizning sevimli boshlovchingiz, "œ..." radiosining eng zo‘r boshlovchisi, ya’ni kaminai kamtarin sizlar bilan xayrlashaman. Albatta, bu sizlar uchun qanchalar og‘ir bo‘lmasin, baribir boshlovchilik o‘rnimni yana bir sevimli boshlovchingiz ...bonuga bo‘shatib beraman. U-x-x-xayr.
Nozim MAHMUD