Asli bu mulohaza qizim bilan oramizda bo'lib o'tgan suhbatdan boshlangan edi. Xizmat vazifamizga ko'ra tumanimizdagi oilalarning biriga kirgan edik. Gap shundaki, bu oilada to'y bo'lganiga endi besh oy bo'libdi. Xalq tili bilan aytganda, to'y o'chog'ining kuli sovumagan. Lekin qaynona kelinini uydan haydayapti. Borsak, kelinchakning ko'ch-ko'roni o'rtada. O'zi novdadekkina bo'lib, daraxtga suyanib, yig'lab turibdi.
— Ishga solmaganman, o'zingiz o'rgatasiz, degan edi onasi. Juda bunchalik, deb o'ylamagan edim. Yuvgan kirini dordan olib, qayta yuvdim-a, yo'q, issig'ida ketsin, bola o'stirish — mehnat. Óylantirib, rohatini ko'rmoqchi edim, — deydi qaynona.
Onasi aytgan ekan, ko'ngan ekansiz, hali yosh, o'rganib ketar, deb ko'rdik. Yo'q, qaynona shaxdidan qaytmadi.
Shu voqeani uyga kelib, qizimga gapirib berdim.
— Ajrashaversin, nima qiladi g'urbat ichida yashab. Mening uchta o'rtog'imning opasi turmush qurganiga bir yil bo'lmay ajralishgan... — desa bo'ladimi qizim.
— Bu — fojea emas, ko'p kuyunmang, — deb qo'ydi, tag'in.
Atrofimizda bag'ri butunlik bilan farzandlarini kamolga etkazayotgan oilalar juda ko'p. Ólar ibratga, havasga arziydi.
Ammo oilaga engil qarab, shoshib-pishib xulosa chiqarayotganlar ham oz emas. Gap boshida so'z ochgan xonadonni olaylik: bir jihatdan qaynona — haq. Qizi uzatiladigan bo'lguncha unga ro'zg'or yumushlarini o'rgatmasdan borgan joyida uni xijolat qilar darajada uquvsiz qilib qo'ygan onaning ham aybi katta. Shu aybi bilan kelin bo'lishga tayyorman, deb to'yga rozilik bergan kelinchakda ayb bor. Biroq bu o'nglab bo'lmas ayb emas-ku. Hayotning achchiq-chuchugini totgan qaynona bu narsaga sal kengroq qarab, "bolam, bo'tam" qilib o'rgatsa, nahot, uy-ro'zg'or ishlarini eplab ketolmasa?! Axir ayol-ku, zuvalasida uy yumushlariga qoyimlik bor-u...
Har bir oila o'zicha bir mamlakat deganlariday, ulardagi ajralishlarning ham sabablari bir-biriga o'xshamaydi.
saodat.uz dan olindi!