U zotga salavot va salom ayting!Allohumma solli 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)
Albatta, Alloh va uning farishtalari Payg'ambarga salovat ayturlar. Ey mo'minlar (sizlar ham) unga salavot va salom aytinglar! (Ahzob, 56).
Alloh taolo ushbu oyat bilan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning naqadar sharafli ekanliklarini, qadrlari Yaratgan huzurida qay darajada yuksakligini ko'rsatib beradi. Hayotlik chog'larida ham, vafotlaridan keyin ham, oldilarida ham, ortalarida ham u zotga salavot va salom yo'llashni ta'lim bermoqda Alloh taolo. Chunki Allohning O'zi ham, Uning itoatkor farishtalari ham Nabiy(a.s)ga salavot yo'llaydilar. Imom Qurtubiy aytadilar: "Allohning salavoti Uning rahmati va rizosi demakdir. Farishtalarning salavoti esa, duo va istig'for ma'nosidadir. Ummatning salavoti bo'lsa duo va u zotning amrlariga xurmat ko'rsatishni bildiradi".
Bu oyat, yukorida aytilganidek, Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning avvalgi va keyingi barcha insoniyatning eng xayrlisi ekanliklarini ko'rsatib turibti. Shuning uchun ham Alloh oyatda bizlarga marhamat qilmoqdaki, "Ey mo'minlar siz ham Payg'ambar(a.s)ga ko'p-ko'p salavot aytingiz, chunki zimmangizda u zotning haqqi bisyordir". Chunonchi, sizlarni Alloh yordamida zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga olib chiqqan u zot Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dir. Shuning uchun ham u zotning muborak nomlari tilga olingani hamono: "Allohumma solli 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad" ("Allohim, Muhammadga va u zotning oilalariga marhamat ko'rsat, uzotga ko'p salom yo'lla") deb ayting!
Ka'b ibn Ujradan shunday ruvoyat qilinadi: " Biz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan: "Ey Allohning rasuli, Sizga salom berishni bilamiz, ammo salavot qanday aytiladi?"- deb so'radik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday javob berdilar: "Ey Allohim! Ibrohimga salavot aytganing kabi, Muhammad va oilalariga ham salavot ayt..." deng." (Buxoriy rivoyati).
Saviy aytdi: Maloikalar va mo'minlarning Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga salavot aytishlarining hikmati ularning bu ish orqali sharaf topishlaridir. Zero, ular Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) salavot yo'llash, u zotni ulug'lash haqidagi Allohning amriga bo'ysunganlar. Ayni paytda salavot Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ummat zimmasidagi halqlari evaziga mukofotdir. Chunki u zot Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) ummatlariga berilgan barcha ne'matlarining asosiy sababchisidirlar. Kishi birovdan bir yaxshilik ko'rsa, unga yaxshilik bilan javob qaytarishga uni taqdirlashga burchli bo'lib qoladi. Ammo insonlar Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ni munosib taqdirlashga imkonlari etmasligi sababli, barcha narsaning mutlaq egasi va har ishga qodir Allohdan u zotni taqdirlashini so'raydilar. "Allohim, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) salavot yo'lla", so'zlarning ma'nosi shudir."
Tafsir kitoblari asosida
"Irfon taqvimi" 2009 / 1430 (II)
www.uzislam.com