Ma'rifat
Dil tubiga nur sochur,
MA’rifat yoqqan chiroq.
Ko’ngil ko’zini ochur,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Toshni titratdi oqin,
Vah, keldi osmon yaqin,
Jonimda chaqdi chaqin,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Dillar diydor talabdir,
Diydor dilga sharafdir,
So’nish bilmas sharafdir,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
O’qigan, uqqan qani,
Eling tanirmi sani?
Har nurida ming ma’ni
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Quyoshdek qatrasi dur,
Tafakkur tig’ida gul,
Shu gulni uzgan bulbul,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Dil tubiga qo’l yetmas,
Ming yil yursang yo’l yetmas,
Agar qo’lingdan tutmas,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Kim bilgan, kim bilmagan,
Olamni olam qilgan,
Odamni odam qilgan,
Ma’rifat yoqqan chiroq.
Mahmud Toir.