Otabek:
Menimcha, ota-ona farzandining qanday kitobga qiziqishini bilishi lozim. Masalan, mana, men. Maqtanishmasu alfavitni taniganimdan buyon kitob o'qiyman. Ziyolilar oilasida tug'ilganim sababmi oilamizda kitob o'qish majburiyat emas, balki ehtiyojga aylangan. Ya'ni, oilada barchamiz o'zimiz xohlagan holda kitob o'qiymiz. Boshlang'ich sinflarda o'qib yurgan chog'larimda onam menga "Sariq devni minib", "Shiroq", "To'maris", "Temurmalik", "Karvon yo'llarida" kabi kitoblarni olib kelganligini eslayman. Onam: "Bu kitoblarni o'qishing shart", demaganlar. Aksincha, o'zim qiziqqanligim uchun hammasini o'qib chiqqanman. Keyinchalik, yosh ulg'aygan sari "O'tgan kunlar", "Mehrobdan chayon", "Kecha va kunduz", "Qutlug' qon", "Qasoskorning oltin boshi", shuningdek, jahon adabiyotidan bir qator yirik asarlarni o'qib chiqqanman.
Aytmoqchi bo'lganim, ota-ona farzandining kitob o'qishini istasa, bolaning qanday kitoblarga qiziqishini anglay bilishi lozim.