XUSUSIY MUSIQA TA'LIMI
Seuldagi Songxva Madaniyat maktabi xususiy ta'lim muassasasi bo'lib, musiqa, san'at va balet kabi madaniy fanlardan bilim beradi. Bu dargohni bitirib chiqqanlar albatta, o'zlarini san'atga baxshida etadilar. Garchi oliygohda o'qish to'lovi biroz qimmat bo'lishiga qaramay, koreys ota-onalar farzandlarining qiziqishlarini so'ndirib qo'ymaslik uchun har qanday pulni to'lashning uddasidan chiqishadi. Songxvada bir oylik o'qish to'lovi 500 dollardan 1000 dollargacha etib belgilangan. Bu yerda talaba tanlov asosida qabul qilinadi.
Oliygoh talabalarga ham nazariy, ham amaliy bilimlar beradi. Oliygohga ilk qadam qo'ygan talaba Xudoni, insoniyatni va o'z vatanini sevishga qasamyod qiladi. Songxva Madaniyat maktabi bundan o'ttiz yil avval tashkil etilgan. Iste'dodli yoshlardan iborat "Kichik farishtalar" bolalar vokal-xoreografiya ansambli ham maktab qoshida faoliyat ko'rsatadi. Bu guruh Koreys Milliy san'atining ramziga aylanib ulgurgan. Guruh har yili maktabning yetakchi talabalaridan tuzilgan tarkibda dunyoning turli chekkalarida konsertlar va tomoshalar namoyish etib keladi. Safar mobaynida guruh yirik jamoat arboblari, mashhur kishilar va e'tiborli shaxslar bilan uchrashadi. Hozirgi kunda ansamblning muzeyida Elizavetta II, Richard Nikson, Margaret Tetcher, Nelson Mandela, Indira Gandi kabi yirik siyosiy arboblar taqdim etgan sovg'alar saqlanadi. Songxva Madaniyat maktabi xususiy bilim berish orqali butun dunyoga dong'i ketgan ansambl tashkil etdi. Koreyada har qanday katta bayram - xox 1988 yilgi Seul Olimpiada o'yinlari bo'lsin, xox 2002 yilgi futbol bo'yicha jahon chempionati bo'lsin , "Kichik farishtalar"ning konsert dasturisiz o'tmaydi. Seuldagi Songxva Madaniyat Maktabi eshiklari barcha san'atsevarlar uchun ochiq!
OTABEK YO'LDOSHEV, JANUBIY KOREYANING CHUNG-ANG UNIVERSITETI TALABASI