Muallif Mavzu: Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi  ( 13044 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

AbdulAziz

  • Forum Administratori
  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 6942
  • -oldi: 12023
  • Xabarlar: 20359
  • Jins: Erkak
  • Sevelim, sevilelim. Yunus Emre
    • Ziyo Uz
Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi
« : 21 May 2010, 08:06:54 »
Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi



Muallif: Mirkarim Osim
Hajmi: 6,33 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish
Ilm o'rganish - Allohdan qo'rqish, uni talab qilish - ibodat, izlash - jihod, bilmaganga o'rgatish - sadaqa, uni o'z ahliga o'rgatish - Allohga qurbatdir. Ilm - tanholikda hamroh, hilvatda - do'st, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi - dalil, begonlar oldida - eng sodiq do'st, Jannat yo'lining minorasidir.
Hazrati Umar ibn Hattob r.a.

Muhammad Sanjar

  • Sr. Member
  • ****
  • Rahmat
  • -aytdi: 618
  • -oldi: 515
  • Xabarlar: 315
  • Jins: Erkak
  • Carpe Diem
Re: Mirkarim Osim. Ibn Sino qissasi
« Javob #1 : 07 Aprel 2012, 01:29:22 »
IBN SINO QISSASI

MA'RIFAT DARVOZASI

I

Boqqol Mahmud Massoh xaridor kutib, oppoq cho'qqisoqolini qashib o'tiradi, ko'zlari o'tgan-ketganda. Uning do'konida odamning jonidan boshqa hamma narsa topiladi. Qand-novvot deysizmi, holva, sabzi, piyoz, guruch deysizmi — hammasi bor. Agar biror xaridorga attorlik buyumlari yoki igna, ip, mix va boshqa narsalar kerak bo'lib qolsa, boqqol o'rnidan turib do'kon orqasidagi hujradan ularni topib olib chiqadi.
Odatda erta bilan va kechqurun bozori bir oz qiziydi-yu, tush paytida savdo-sotiq yotib qoladi. Bunday paytlarda ko'chadan kichik bolalar o'tsa, zerikib o'tirgan boqqol ularni chaqirib, qo'llariga ikkitadan yong'oq yoki ozroq shirinlik tutqazib, gapga soladi, keyin chopqillaganicha uyiga yugurgan norasidalar orqasidan jilmayib qarab qoladi.
Kunlardan bir kun Mahmud Massoh xaridor kutib o'tirganida qotmadan kelgan, qirra burunli, ko'zlari tiyrak bir bola kelib salom berdi-da, ikki paysa  qora murch va to'rt paysa dolchin  so'radi.
Oq ko'ylak ustidan olacha ipak to'n kiygan, gavdasi yo'g'on boqqol kichkinagina tarozisida yosh xaridoring aytgan narsalarini tortib, qo'lidan mayda chaqalarni oldiyu unga tikilib:
— Seni ilgari ko'rmas edim-ku, qaerliksan? — deb so'radi.
— Afshonalik. Dadamlar shu mahalladan hovli sotib olganlar, uch-to'rt yil burun. Men onam bilan qishloqda qolgan edim.
— Afshona atrofi qo'rg'on bilan o'ralgan katta qishloq, Qutayba binni Muslim ul yerga jome' soldirgan.
— Yaxshi bilar ekansiz, — dedi yosh xaridor, ko'zlari javdirab.
— Bo'lmasam-chi! Tevarak-atrofda men ko'rmagan joy yo'q. Yoshligimda massoh, ya'ni tanobchi bo'lib ishlar edim. Padaring kim? Otlari nima?
— Abdullo ibn Hasan, ibn Sino....
— Bo'ldi, bo'ldi, tanidim. Ul kishi saroyda baytul-molda xizmat etadurlar, ilgari Hurmitanda soliq yig'uvchi edilar. Obro'li, badavlat odam. O'shal kishining o'g'illariman degin.
— Hovva.
—   Volidayi mehribon, o'g'lim mayda-chuyda xarid qilishni o'rgansin, deb seni chiqargan bo'lsalar kerak, bildim. Xo'sh, oting nima?
— Husayn.
— Necha yoshdasan?
— To'qqiz yoshga to'lib, o'nga qadam qo'ydim. Boqqol ko'zlarini katta ochib:
— Yo'g'-e! — dedi. — Endi yetti yoshga qadam qo'ygan bo'lsang kerak, deb o'ylagan edim. Novcha, bo'lsang ham, oriqqina bola ekansan. Maktabga borib tururmisan?
— Qishlog'imizda Muhammad Vose masjididagi maktabga qatnab turardim.
— O'qish, yozishni bilurmisan?
— Ha, savodim chiqqan, qur'onni yodlab olganman.
— Juda soz, ammo ilmi riyoziy va handasadan bexabardursan?
— Domlamiz bizga bunday ilmlarni o'qitmaganlar.
— Iqlidus kim?
— Bilmayman, kim ul kishi?— deb so'radi har narsani bilishga qiziquvchi bola, ko'zlari chaqnab.
— Qadimgi yunon mulkida o'tgan donishmand, handasa ilmiga asos solgan: yer o'lchashni o'rgatgan ulug' olim. Agar oldimga kelib tursang, xatti munhaniy, ya'ni egri chiziq, xatti munkasir, ya'ni siniq chiziq nima, musallas , murabba' nima, o'rgangaysan.
— Xo'p, albatta chiqib turaman, — dedi ilmga ishtiyoqmand bo'lgan Husayn.
Savol berganda odamning ko'ziga tik qarab javob beradigan bu bola cholga o'z nabirasidek yoqib qolgan edi. U ketgandan keyin ko'ngli yumshab, anchagacha jilmayib o'tirdi.
Shundan so'ng yosh Husayn boqqol oldiga tez-tez chiqadigan bo'lib qoldi. Uyga qaytib kelgandan keyin u hovlining bir burchagidagi nimqorong'i xonaga kirib olib xontaxta yoniga o'tirar, hisob chiqarish, turli shakllarni chizish bilan mashg'ul bo'lar edi.
O'zidan ancha kichik, yuvosh, og'ir ukasi ham unga taqlid qilib qog'oz qoralardi.
Devonga erta bilan ketib kech qaytadigan otasi o'g'lining nima bilan shug'ullanayotganidan bexabar edi. Ittifoqo, bir kuni ishdan ertaroq qaytib kelib Husaynning nimalarnidir chizib o'tirganini payqab, qo'lidan qog'ozni oldi-da, uni yoruqqa solib ko'rdi.
— Ie, handasiy shakllar-ku. Musallas, murabba... hammasi to'g'ri chizilgan.
Husayn otaning yuzi yorishib ketganini ko'rib tilga kirdi:
— Dada, Iqlidus, nuqta shudurki, uning o'lchovi yo'q, chiziq ensiz uzunlik, degan ekanlar...
— Kimdan eshitding bu gapni?
O'g'li og'zini ochmasdan burun onasi javob qildi:
— Husayn uch-to'rt kundan beri mahallamizdagi boqqol oldiga chiqib hind ilmi hisobini o'rganmoqda. Uyga qaytib kelgach, allanima balolarning suvratini solib o'ltiradur. Eridan ancha yosh bo'lgan qora qosh, quralay ko'zli xushsurat Sitorabonu, "dadasi urishib bermasaydi", deb hayiqib turar edi. Erining mamnun bo'lganini ko'rib, u jilmaydi-da, orqaga surilgan oq shoyi ro'molini to'g'rilab qo'ydi.
— Juda soz, — dedi sochiga qirov tusha boshlagan jikkak, qirraburun Abdullo ibn Hasan xursandligini yashirishga urinib. — Men Mahmud Massoh bilan gaplashib, uni uyimizga taklif etgayman. Bo'sh vaqtlarida kelib Husaynga ilmiy riyoziy va handasadan dars bersin. Maktabda ul ilmi dinni o'rgandi, endi dunyoviy ilmlarni egallasin. Bolaligida uning miyasiga ilm urug'i qadalsa, keyin sermeva daraxt bo'lib unib chiqqay.
Shundan keyin Mahmud Massoh Abdullo ibn Hasanning uyiga kelib uning o'g'liga dars bera boshladi. Ba'zan Husaynning o'zi uning do'koniga chiqib saboq olar, keksa boqqol yosh shogirdining zehniga qoyil qolar, shu sababdan uni zavq bilan o'qitar edi.
Oradan ikki yil o'tmay Husayn ustodining bilganlarini o'rganib oldi.
Bir kuni ustodiga qarab:
— Emdi doiraning sathini o'lchashni o'rgating, — dedi.
— Qo'lingga pargor  olib doira chiz-da, uni to'rtga bo'l...
Shogird uning aytganini qilib, bosh ko'tardi.
— Hosil bo'lgan uchburchaklarning asoslari egri chiziqlar-ku... — Ustod lining nima demoqchi bo'lganini anglab, bosh qashidi-da:
— Massohlar yer maydonini turli shakllarga bo'lib yuzasini taxminan o'lchaydurlar, ammo doiraning sathini aniq belgilash yo'lini bilmaydurlar, — dedi.
Kechqurun boqqol uy egasi bilan yolg'iz qolganida:
— O'g'lingizning zehni qilichdek o'tkir, ba'zi savollarga javob topolmay qolayotirman, — dedi. — Bilganlarimni hammasini o'rgatdim. Kuni kecha: "Ulg'ayganingda massoh bo'lmoq istaysanmi?" — deb so'rasam, "Yo'q, tabib bo'lurman, ilmiy hikmat o'rganurman", — deb aytdi. Shul kichik yoshdan nimaga intilishini, kim bo'lishini biladur! Ilohim umri uzoq bo'lsin, maqsudiga yetsin. O'g'li uchun faxrlangan otasi xursandligini yashirish uchun gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo'ldi.
— Ba'zi yoshlar borki, ular boshqalardan qolmaslik uchun madrasaga kirib o'qiydurlar. Tahsil ko'rmoqdan murod nima ekanligini, nimaga intilayotganlarini bil-maydurlar. Oqibatda ilmning gardini ham yuqtirmay, madrasadan quruq chiqadurlar.
— Ammo o'g'lingiz ular toifasidan emas. Husayn mening o'rgatganlarim bilan cheklanib qolmay, kamol topmog'i zarur. Unga fikri munavvar bir muallim topib qo'ydim.
— Kim ekan ul?
— Yaqinda Buxoroga kelib qolgan yosh olim Abu Abdullo Notiliy. Forobiyni o'qib tushunadurgan, odobli, bilimdon yigit, — dedi Mahmud Massoh kulib, tavsiya qilayotgan muallimning fazilatlaridan zavqlangan kishidek.
— Mayli, boshlab keling, men gaplashib ko'ray. Shu payt ko'chada bolalar bilan quvlashib yurib qizarib ketgan Husayn mehmonxonaga kirib otasi bi¬lan ustodiga salom berdi.
— O'g'lim juda sho'x, o'yinqaroq, — dedi Abdullo ibn Hasan tez-tez nafas olayotgan Husaynga qarab. — Bir daqiqa tinch turganini ko'rmayman.
— Tani sog', serg'ayrat bola-da! — dedi ustod zavqlanib. Keyin shogirdiga yuzlandi. — Qani, o'g'lim, yonimga kelib o'ltir, ikki og'iz gapimni eshit. Avvalo, shuni aytib qo'yayki, senga boshqa muallim topib qo'ydim, ertaga boshlab kelgayman. Uni hurmat qilib, darsiga diqqat bilan quloq sol. Endi nasihatirnni eshit. Kishi to'g'ri yo'l topgan bo'lsa, bor kuchini sarf qilib, orqaga qaytmasligi, umid ipini yo'qotmasligi kerak. Sen to'g'ri yo'lga tushib olgansan, nimani xohlaganingni bilursan, o'z kuchingga inonursan, olg'a intilsang, inshoolloh, o'z maqsadingga yetgaysan!
— Aytganingiz kelsin! — deb yubordi hayajonga kelgan ota qaltiragan ovoz bilan.

II

Ertasiga kechqurun Mahmud Massoh baland bo'yli, qomati kelishgan, ko'rinishda yoshga o'xshasa ham sochlariga oq oralagan, ko'zlari atrofini ajin bosgan bir odamni boshlab keldi.
— Abu Abdullo Notiliy, — dedi u salomlashganlaridan keyin yonidagi kishini ko'rsatib. — Kecha bu kishi to'g'risida gapirgan edim.
— Xush kelibsiz, safo kelibsiz, juda xursandman, — dedi uy egasi ular bilan ko'rishib. — Qani, ichkariga.
Mehmonxonaga kirib, yuzlariga fotiha tortganlaridan keyin oq yaktak kiygan, qizil belbog'li yosh yigit kirib dasturxon yozdi, barkashda non, turli noz-ne'-matlar va uch kosa sharbat keltirib qo'ydi. Mezbon non ushata turib yosh xizmatkorga:
— Husaynni chaqirib yubor, — dedi.
Bir ozdan keyin tortinchoqlikni bilmaydigan Husayn kattalardek eshikdan salom berib kelib, quyiroqqa tiz cho'kdi.
— Vaalaykum assalom, — Notiliy boshiga baxrnal do'ppi, egniga qisqa adras to'n kiygan, ikki beti qipqizil, novchagina, qirra burun yangi shogirdiga sinovchan nazar tashlab, uni o'z yoniga chaqirdi. So'ngra Husaynning otasiga yuzlanib dedi: — Men bul yigitchaning ta'rifini eshitdim, o'n yoshga to'lmasdan qur'onni yodlab olib, keyin Iqlidus ta'limoti bilan tanishibdur. Hammasidan xabardorman. Uning zehni ravshan ekanligi ko'zlaridan aks etib turadur. Agar ruxsat etsangiz, darsni hoziroq boshlab yuborsam.
Mezbon hayronbo'lib, Massoh bilan ko'z urishtirib oldi-da, keyin o'zini qo'lga olib:
— Mayli, biz ham dars eshitaylik, — dedi. Notiliy chaqqonlik bilan dasturxon ustidagi butun nonni sindirib, uning yoniga qo'ydi-da, burdasini ko'rsatib:
— Qaysi biri katta? — deb so'radi. Ikkilanishni bilmaydigan Husayn dadillik bilan bir
chekkasi ushatilgan nonni ko'rsatib:
— Albatta, bu katta, — dedi, — bunisi kichik.
— Demak, har bir butun o'z bo'lagidan katta bo'lar ekan. Boshqacha ta'bir bilan aytsak, har narsaning bo’lagi o'sha narsadan kichik, — dedi yangi ustoz qomatini tik tutib. — Bu chinligiga shubha tug'ilmaydigan bilim. Uni isbot qilib o'tirishning hojati yo'q. Buni ilmi mantiqda ma'qulot deb ataydurlar., Yana bir misol: har qanday uch soni toq, to'rt soni juft, buning chinligiga shubha yo'q. Uchinchi bir o'lchovga teng bo'lgan ikki o'lchov bir-biriga teng va hokazo.
— Ma'qul, ma'qul, — dedi uy egasi bosh irg'atib.
— Ertaga Husaynni sinab ko'rgayman. Ma'qulot nima ekanligini tushundimi, yo'qmi, bilib olgayman.
—   Tushundi, ko'zlaridan bilib turibman, — dedi Massoh kulib, — Mana ko'rasiz,
ertaga u butun patirni ushatib, bir burdasini o'z oldiga qo'yganda, butunning bo'lakdan kattaligini isbot qilib bergay.
Davrada yengil kulgi ko'tarildi.
— Juda soz, — dedi Notiliy hazil aralash. — Siz ham darsimga diqqat ila quloq solganga o'xshaysiz. Ertaga kelsangiz, "Ma'qulot" nima, "Mahsulot" nima, bilib olursiz. Qariganda ham kishi mantiqqa rioya qilmog'i kerak.
— Rost, — dedi boqqol kulimsirab. — Ba'zan shunday chollar uchraydurki, na so'zlarida mantiq bor, na ishlarida, lekin men o'zimni ular qatoriga qo'shmayman.
— Siz yaxshi qarigansiz, es-hushingiz joyida, — deb uning gapini tasdiqladi uy egasi.
Notiliy xotin, bola-chaqasini uyda qoldirib, pul topish uchun shaharma-shahar kezib yuruvchi jahongashta faylasuflardan edi. U Buxoroda issiqqina joy topib, tuzukkina maoshga ilinganidan xursand bo'ldi. Yoshligidanoq arab tilini domlalari va otasidan o'rganib olgan, zehni o'tkir shogirdiga u o'z bilganlarini zavq-shavq bilan o'rgata boshladi.
Husayn bo'sh vaqtlarida otasining kitobxonasini titkilab, arab, fors tillaridagi adabiy asarlarni o'qib chiqar, ba'zan tabobatga doir kitoblarni mutolaa qilar edi.
Bir kuni Notiliy namoz jumadan qaytayotganda allakim uning o'ng tomonidan kelib, asta yengidan tortdi. O'girilib qarasa, yiltirab turgan olacha chopon kiy¬gan ko'k sallali Mahmud Massoh ekan. Ikkovlari hol-ahvol so'rashib yonma-yon ketaverdilar.
— Qalay, shogirdingiz sizni shoshirib qo'ymayotirmi? — deb so'radi boqqol so'z orasida.
— Shoshirish ham gapmi! — dedi Notiliy hazil aralash. — Odam bolasida bunday xotira va zakovat quvvati bo'ladur, deb sira o'ylamas edim. Bir marotaba o'qigan yoki eshitgan narsasi xofizasiga mixlanib qolur. Goh tabobatga, goh mantiqqa doir kitoblarni mutolaa etadur. Bir kuni.Aristutolisning "Moba'dat-tabia"  degan kitobini topib, mutolaa etibdur-da, mag'zini chaqa olmabdur. Menga murojaat qilib, birinchi bobini tushuntirib berishni so'radi. Men qo'lidan kitobni olib, kechasi avloqda o'qib chiqdim, lekin hech narsa anglamadim. Aristutolisni o'qimoqqa hali yoshlik qilursan, deb kitobni qaytarib berdim. Natijada mening ustodlik sha'nimga dog' tushib, oradan samimiyat ko'tarildi. Ularning uyidan ketmoq niyatidaman. So'rab-so'roqlab boshqa bir talaba topdim, ba-davlat odamning bolasi.
— Hay attang, sizdek suhbatdoshdan ayriladurgan bo'libmiz-da, — dedi boqqol peshanasi tirishgan yosh faylasufga qarab.
— Men ham shunga achinurman, Abdullo ibn Hasan saxovatli, xushmuomala odam edi...
Kechqurun uy egasi bilan yolg'iz qolganlarida Notiliy Husaynning tabobatga doir kitoblarni o'qiyotgani, uni bir tabibga shogird qilib berish zarurligini gapirdi-da, so'zining oxirida:
— Menga javob bersangiz, chunki bilgan narsalarimning hammasini unga o'rgatdim, xaltamdagi bilimlarni qoqib oldi ul, — dedi qizarib-bo'zarib.
Uy egasi Notiliy o'z vazifasini ado etganini, endi uni ushlab turish foydasiz ekanligini fahmlagan edi. Shu sababdan gapni ko'p aylantirmay o'g'liga ustodlik qilib, fikriy rivojlanishiga yordam bergani uchun minnatdorlik hildirib, uni xursand qildi.

III

Bir kuni Abdullo ibn Hasan devondan ertaroq qaytib kelib ovqatlangandan keyin o'g'liga tezroq kiyinib, ko'chaga chiqishga tayyor bo'lib turishni buyurdl.
— Qaerga borurmiz? — deb so'radi Husayn.
— Tabib Abu Mansur Qamariyning uyiga. Sen to'g'ringda ul kishiga ikki og'iz gap aytib, o'g'limga ustozlik qiling, ul tib nazariyasi bilan bir oz tanishgan, tibbi amaliyni o'rgansin, degan edim, iltimosimni qabul qilib, seni ko'rishni istadilar. O'zimni ham ul kishi¬ga ko'rsatmoqchiman, mazam qochib turibdur.
Husayn shoshib-pishib oyog'iga mahsisini, egniga hoshiyali kaltagina adras to'nini kiydi. Ota bo'yi cho'zilib qolgan o'g'liga qarab, yuragida otalik mehri mavjlanayotganini sezsa-da, lekin qovog'ini uyib:
— Yur, ketdik, — dedi
Buxoroning mashhur tabiblaridan Abu Mansurning mehmonxonasiga kirgan kishining dimog'iga quritilgan o'tlar, turli-tuman dorilarning hidi "gup" etib urilardi, Oyoq ostiga pati to'kilgan gilam, to'rga ko'rpacha emas, ayiq terisi tashlab qo'yilgan edi.
Taram-taram qizil yuzli xushsurat uy egasi bilan mehmon po'stak ustiga o'tirib, hol-ahvol so'rashar ekan, quyiroqdagi gilamga tiz cho'kkan Husayn tokchalarga terilgan rang-barang shishalar, quritib qo'yilgan o'tlar, giyohlardan ko'zlarini uzolmas edi.
— O'g'lingiz dori-darmonlarga qiziqar ekan, — de¬di bir ozdan keyin uy egasi kulimsirab. — Ko'zlari sizning so'zlaringizni tasdiqlab turadur. Agar yonimda yurib tibbi amaliyni o'rgansa, kechalari "Jolinus" kitoblarini mutolaa qilsa, maqsadiga yetgay.
— Iloyo aytganingiz kelsin, — dedi mehmon xur¬sand bo'lib.
Mezbon Husaynga qarab:
— O'g'lim, tokchadagi dori-darmonlarni ko'zdan kechirib chiq, senga ruxsat etaman, — dedi, keyin rangi siniqqan mehmonga yuzlandi. — Tobingiz qochib turganga o'xshaydur. Qani, yonboshlang, men tomiringizni ko'ray.
U jiyakli olabayroq ipak to'nining etaklarini tizzalari orasiga olib, po'stak ustiga yonboshlagan mehmonning tomirini ushlab, shiftga qaradi-da, Husaynga eshittirib, shunday dedi:
—Tomiringiz betartib, notekis urmoqda, bugun yo ovqatni ko'p yeb qo'ygansiz, yo birov sizni xafa qilgan, ammo bilurman, taomni oz yeysiz, ikkinchi taxminim to'g'ri bo'lsa kerak.
— Topdingiz, sohibi devon bugun menga nohaq ozor berdi. Na qilay, podshoning muqarrabiga e'tiroz bildirib bo'lurmi? Zamonaning zayli, nomunosib, nodon odamlar halol va to'g'ri odamlar ustiga minib olib vaqti-vaqti bilan jilovni qattiq tortib qo'yadurlar.
— Kuchingiz toliqqan, asablaringiz bo'shashgan, dam olishga muhtojsiz. Agar ilojini topsangiz, saroydagi ishingizni tark eting.
— Farzandlarim yosh. Hech bo'lmasa mana bu o'g'lim sizning hunaringizni egallab olsaydi. Hamma umidim shunda.
— Rost, bul o'g'lingiz serg'ayrat va zehnli ekanligi yurish-turishi, vajohatidan bilinib turibdur. Kichigi ham shundaymi?
Husaynning dadasi ma'yus holda, bilinar-bilinmas bosh chayqab qo'ydi. "Zehni pastroq, yuvosh bola" demoqchi edi-yu, lekin:
— Bir ota-onadan har xil bola tug'ilar ekan, — deb javob qildi.
Qamariy gapni aylantirib o'tirmay maqsadga ko'chdi.
— Boshingiz omon bo'lsa, shul o'g'lingizdan baraka topgaysiz. Men uni yo'lga solib yuborishni o'z ustimga olurman. Erta, yo'q, indinga sizni yo'qlab borurman, qolgan gapni o'shanda aytgayman.

* * *
Abu Mansur shogirdining uyiga kelganda u ko'chada o'ynab yurar edi.
— Qani yosh Jolinus? — deb so'radi tabib, uni hurmat bilan qarshi olib, mehmonxonaga taklif etgan uy egasiga.
— Ko’cha-ko'yda o'ynab yurgan chiqar. Yerga ursa, osmonga sapchiydur. O'n to'rtga qadam qo'ysa-da, sho'xligi qolmagan.
— Sho'xlik g'ayrat va shijoat belgisi. Yuvosh boladan qo'rqish kerak, katta bo'lganda ishyoqmas bo'lishi mumkin, — dedi Qamariy kulimsirab.
Mehmon bilan mezbon ovqatlanib, sharbat ichib, uyoqdan-buyoqdan gaplashib o'tirganlarida Husayn salom berib kirib keldi-da, quyiroqqa cho'kkalab o'tirdi.
— Vaallaykum assalom, ishlaringiz qalay, "Moba'dattabia"ni mutolaa qilib turibsizmi?
— Yo'q, taqsir. Tushunmagandan keyin na qilayin o'qib?
— To'g'ri, hozircha Arastuni qo'yib, Jolinus, asarlarini o'qiy boshlash kerak. Endi bolalik bo'stonidan hatlab o'tib, o'spirinlik davriga qadam qo'ygansiz, hayot uchun kerakli kasb-hunar orttirmoq lozim. Tibbi amaliyni o'rganib olmoq kerak, ilmi hikmat sizdan qochib qutulmas. Xo'sh, endi mening yonimga kelingchi, nabzingizni ko'ray.
U oldiga kelib cho'k tushgan shogirdining aftiga qarab jilmaydi-da, tomirini ushlab ko'rib:
— Sovuq suvda cho'milibsizu, lekin bir-ikki sho'ng'ib, badaningizni ishqalab, quruqlikka chiqibsiz-da, darhol kiyimingizni kiyib olibsiz, — dedi.
— Ie, qayoqdan bildingiz? Jo'yi Muliyonda cho'milayotganimni ko'rdingizmi?
— Kelganlariga ancha vaqt bo'ldi, qayoqdan ko'radurlar sening cho'milayotganingni? — dedi otasi hayratlanganidan ko'zlari chaqnab ketgan Husaynga qarab, — hammasini nabzingizdan bilgan bo'lsalar kerak.
— Rost, — dedi Qamariy uning gapini tasdiqlab. — Sovuq suvda uzoq cho'milgan kishining tomir urishi zaiflashadur, agar badanga sovuq o'tmagan bo'lsa — kuchayadur, lekin tezlashmaydur.
Husayn tomir urishidan odamning ichki holatini biladigan yangi ustodiga hurmat aralash hayrat bilan qarab, uning kasb-hunarini egallab olishga ahd qildi. Ma'rifat darvozasidan ilm-fanning tikanli gullar bilan qoplangan chamanzori ko'ziga tashlanib turardi.

KITOBGA IXLOS

Yarim kecha, osmonda charaqlagan yulduzlar mast uyquda yotgan yerga nazar tashlab, bir-birlariga ko'z qisib qo'yishadi. Kunduzi bozorchilarning g'ala-g'ovuridan charchagan Buxoro sukunat qo'ynida orom olmoqda. Ahyon-ahyonda uzoqlardan dovul tovushi eshitiladi: tun posbonlari uyqudagi shaharni qo'riqlab yuradilar.
Shimol tomonga qaratib solingan baland bir ayvonning o'rtasida, xontaxta ustida miltillab yongan shamning sarg'ish nuri ostida o'n yetti-o'n sakkiz yoshdagi bir yigitcha mutolaa qilib o'tiradi. Uning qotmadan kelgan tiniq yuzida, katta-katta ko'zlarida zakovat nuri porlaydi. Nazari satrlar oralab yo'rg'alarkan, yer ostidan xazina topgan kishidek qo'llari asta titraydi, yuziga g'alati tabassum yuguradi, keng va yorqin peshonasida marjondek ter paydo bo'ladi. U butun koinotni unutgan, butun fikri satrlar orasiga yashiringan sirlarni topish tashvishida.
Ayvonning chekkasida yotgan Sitorabonu bir uyquni olib, o'rnidan turib o'tirdi, o'g'lining haligacha yotmaganini ko'rib:
— Hoy o'g'lim, shu mahalgacha o'tiribsanmu? Yosh joningga muncha javr qilmasang? Yot hozir, — dedi.
— Onajon, yana bir oz o'tirishga ijozat bering. Juda ajoyib kitob ekan.
— Qo'yaver, mutolaa qilaversin, — degan tovush eshitildi darichalari lang ochiq xona ichidan. Kishi shavq-zavq bilan ishlasa, hech toliqmagay... — Husaynning otasi shu gapni aytdi-yu, yo'tali tutib qoldi. O'g'li tayyorlab bergan doridan ichib tinchidi-da, boshini yostiqqa qo'ydi. Tabibi hoziq deb nom chiqargan o'g'lidan u xursand edi.
Qirqlarga borib qolgan bo'lsa-da, tarovatini yo'qotmagan Sitorabonu erining gapidan qanoat hosil qilib o'g'lidan so'radi:
— Kecha bir tangaga sotib olgan kitobingmi?
— Ha, buni qarangki, shu mahalgacha boshimni qotirib yurgan muammolarni osonlikcha hal qilib berdi-ya, bul kitob.
Onasi uning gapiga yaxshi tushunmagan bo'lsa ham, riyozat chekib ilm o'rganayotgan o'g'lining yuksak martabaga yaqinlashib qolganini ichki his bilan angladi va mayin jilmayib, boshini yostiqqa qo'ydi.
Husayn har kuni yarim kechagacha o'tirib, yunon va arab hukamolarining tib va falsafaga doir kitoblarini o'qir edi. Uyqusi kelib, ko'ziga "qum tiqilganda" allaqanday bir o'tni qaynatib tayyorlangan doridan bir ho'plam ichar, ko'zi yana ochilib, zehni ravshanlashardi. Bugun esa onasining so'zini qoldirmay, o'sha dorisidan ichmadi. Kelgan joyiga xatcho'p solib, kitobni tokchaga olib qo'ydi-da, o'rniga kirib yotdi.
Husayn shu bugun ertalab sahof bozor ni aylanib. yurganda chodra ichidan qo'lini chiqarib, kitob ushlab turgan bir kampirga ko'zi tushib qolgan edi.
— Onajon, kitobingizni soturmisiz?
— Ha, juda yaxshi kitob.
Yigitcha uning qo'lidan kitobni olib, varaqlay boshladi. Bu — Forobiyning "Fasusi al-hikam" degan kitobi bo'lib, Arastuning "Moba'dattabia" degan kitobiga yozgan sharhi edi. Husayn shu mahalgacha "Moba'dattabia"ni bir necha marotaba o'qigan bo'lsa ham, sira tushunmagan edi. Mana endi uning kalitini topdi. Forobiy ulug' yunon hakimining juda chigal falsafiy mulohazalari mag'zini chaqib bergan edi.

* * *
Somoniylar shajarasining so'nggi butoqlaridan biri bo'lgan podsho Nuh binni Mansur kasalmand odam, Buxoroning mashhur tabiblari uni davolash bilan ovora edilar. Biroq hech birining bergan dori-darmoni tojdor bemorga kor qilmas, dardini yengillatmas edi.
Saroy o'lik chiqqan uyga o'xshaydi. A'yonlar, saroy amaldorlari, soqchilar oyoq uchida yurardilar, bir-birlari bilan shivirlashib gaplashardilar.
Saroy vaziri Husaynni qo'lidan ushlab, qilichlarini yalang'ochlab yelkalariga qo'yib turgan soqchilar orasidan olib o'tdi va eng ichkaridagi bir xona oldiga olib borib to'xtatdi. Eshikning ikki tomonida chiroyli ikki turkman yigit soqchilik qilib turardi. Vazir barmog'i bilan shu yerda turishni buyurib, o'zi xona ichiga kirib ketdl. Oradan besh-o'n daqiqa o'tgach, eshik ochilib, yosh hakimni ichkariga taklif etdilar. Uzun, rang-barang oynali darchadan xira nur tushib turgan, shiftlari muzayyan, devorlari o'ymakor xonaga kirib, ibn Sino to'rdagi ipak to'shak ustida yostiqqa suyanib o'tirgan rangpar kishiga ta'zim qildi. So'ngra uning ishorasi bilan to'shak yoniga borib, cho'kka tushdi. Yosh hakimning dadil boqishidan, tip-tiniq nurli yuzidan, katta-katta ko'zlaridan kamtarligi va shu bilan birga o'ziga ishonganligi bilinib turardi.
Nuh binni Mansur o'z huzurida ulug' iste'do'd egasi bo'lgan bir hakim o'tirganini payqadi va uning sha'niga munosib muomala qilib hol-ahvol so'radi. Ibn Sino o'zini bardam tutib, uning savollariga shoshmay javob berdi. U podshoning    kasali nima ekanligini tabiblardan eshitgan bo'lsa-da, o'z hamkasblarining odatiga muvofiq, keskin harakat bilan tojdor bemorning tomirini ushlab ko'rdi. U o'z oldida Movarounnahrning podshosi emas, balki oddiy kasal kishi yotgandek, uning sarg'aygan yuziga tikilar, tilini ko'rsatishini so'rar, podshoning sha'niga nomunosib savollar berardi. (Bir necha xil kasali bo'lgan binni Mansur "bobosir" kasaliga ham mubtalo edi.) Saroy vaziri podsho huzurida o'zini sokin va betakalluf tutgan hakimni birinchi marotaba ko'rishi edi.
Abu Ali podshoning javobini tinglab, peshonasini ushlaganicha o'ylab qoldi. Keyin achchiq ovqat, ichkilikdan parhez qilib, ko'proq shirguruch yeb, ho'l meva iste'mol qilishni tayinlab o'rnidan turdi.
— Zoti oliylari, bandalariga ijozat bersinlar, kechqurun dori tayyorlab yuborgayman. Ko'proq tar meva iste'mol qilsinlar, ammo Buxoro mevasi janoblariga zararlidir. Mevani Samarqanddin keltirib yesinlar. — Ziyrak tabib o'zining xulq-atvori saroy vazirida noshoyista ta'sir qoldirganini payqagan edi.— Agar hurmat shartlarini joyiga keltirmagan bo'lsam, afv etgaylar.
Binni Mansur bilinar-bilinmas jilmayish bilan undan xafa bo'lmaganini bildirgandek bo'ldi. Yosh hakim ta'zim qilib, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
Bir haftadan keyin saroyga kelgan ibn Sino dori-darmonlari bemorga yaxshi ta'sir qilganini ko'rdi. Rangi tozargan Nuh binni Mansur uni ochiq chehra bilan qarshi oldi va yosh tabibdan behad minnatdor bo'lib, nima tilasa berishga tayyor ekanini bildirdi. Yosh tabib uning oldiga tiz cho'kib, imkon xorijida bo'lgan bir narsani so'ragandek past tovush bilan:
— Menga saroy kitobxonasida mutolaa qilmoqqa ijozat bersalar bas, — dedi. — Pul kerak emas.
— Barakalla! Umrimda puldan ilm-urfonni yuqori qo'yaturgan odamni birinchi ko'rishim. — Podsho iljayib uning iltimosini bajonu dil qabul qilganini izhor etdi. So'ngra saroy vaziriga qarab dedi: — Kitobdorga aytib qo'ying, Husaynga har kun kitobxonada mashg'ulot o'tkazmoqqa ijozat berdim.
Vazir indamay bosh egib qo'ydi.

* * *
X asrda butun O'rta Osiyo, Eron va Afg'onistonda tengi bo'lmagan Buxoro kutubxonasida qadimgi Yunoniston, Hindiston hukamolarining arab tiliga tarjima qilingan asarlari saqlanardi.
Oppoq soqoli ko'ksiga tushgan kitobdor ibn Sinoni mamnunlik bilan qarshi olib, o'z qo'l ostidagi boyliklar bilan uni tanishtirib chiqdi. Har bir hujrada bir fanga doir kitoblar saqlanar, qator-qator sandiqlar kitob bilan liq to'la edi, Kitobdor,har bir hujraning qulfini ochib, bunda qanday kitoblar borligini aytar edi. U sandiq ochib nodir qo'lyozma asarlarni ko'rsatar ekan, ibn Sinoning ko'zlari chaqnab ketar edi.
— Qadrdon ota, men endi sizga har kun mehmon bo'lg'ayman, — dedi u hayajonlanib.
— Mamnuniyat bilan, kitobxonaning to'ri sizniki. Janoblariga hech bir buxorolikning qo'li tegmagan kitoblarni topib bergayman.

* * *
Jome peshtoqi ostidagi marmar supa ustida ikki kishi gaplashib turardi. Ularning biri — moshguruch soqolli, boshiga misqoli salla o'ragan o'rta yoshli kishi. Ikkinchisi esa oppoq soqoli ko'kragiga tushgan, quyuq qoshlari qordek oqargan chol. Uning peshonasi tirishgan, ko'zlari o'qrayib qaraydi.
— Taqsir, qarigan chog'ingizda dunyoning g'amini yeb na qilursiz? — dedi o'rta yoshli kishi. — Hamma ishni bizga qo'yavering, o'z joningizni rohatidan bo'lak narsani o'ylamang.
- Xo'p gapirasiz-da, mullo Sadriddin, dunyoning buzilib ketayotganini ko'rganingdan keyin ko'ngil qanday tinch bo'lsin. Axir, ko'rib turibsiz, yoshlar qariyalarni hurmat qilmay qo'ydi, o'rtadan sharm-hayo ko'tarildi. — Har bir davrning miyasi aynib qolgan chollariga xos shikoyatdan so'ng Mag'oqiattoron machitining imomi chuqur xo'rsinib qo'ydi.
— Madrasalarda ilmi hol  o'gay o'g'il holatiga tushib qoldi. Yoshlar masoil diniya emas, hikmat, mantiq, ilm riyoziy va hokazolarga qiziqadurlar. Lavhalari ustida qur'on emas, mashoyixlarning kitoblari emas, balki majusiy olimlarning kitoblarini ko'rasiz. Afsuski, saroy ahlida ham dinga rag'bat qolmadi. Saroy kitobxonasi yoshlarning miyasini zaharlaydurgan makonga aylandi. Koshki edi unga o't tushib, kuli ko'kka sovurilsa...
— Sabr qilsinlar, taqsirim, hammasi siz aytgandek bo'lg'usidir. Sharqdan kelmoqda bo'lgan to'fon Nuhning taxt-saltanatini olib ketajakdir. Qoraburg'oxon boshliq ko'chmanchilar o'rdusi hozir Samarqand bo'sag'asida. Qoraxoniylar yaqindagina dini islomni qabul qilganliklari uchun dinga qattiq berilganlar, somoniylarning esa e'tiqodi susaygan. Ko'chmanchilar garchi o'z jinsimizdan bo’lmasalar ham, e'tiqod jihatidan bizga yaqindirlar.
— Iloyo, ularning qo'li baland bo'lsin.
Shu paytda kitobxonadan xushnud bo'lib qaytayotgan ibn Sino bu ikki mutaassib din peshvosiga duch kelib qolib, qo'ng'iroqday tovush bilan:
— Marhabo, to'tiy mullo! — deb salom berdi.
— Marhabo! — deb javob qaytardi mulla Sadriddin, — ha, mulla, yo'l bo'lsin?
— Uyga.
— Eshitdik, sizga kitobxona eshigi ochilibdur.
— Ha, ilm toliblari uchun ma'rifat eshigi doim ochiq.
— Kitobxona — ibodatxonayu majusiy olimlar siz uchun rahnamo bo'lib qoldi shekilli.
— Ilmni Chin Mochinga borib o'rgansang ham joizdir, deganlar rasuli xudo. Kitobxona men uchun muqaddas joydur. Kitob haqiqatni o'rganmoq va tabiat sirlarini anglamoqqa yordam beradur.
— Menimcha, majusiy olimlarning yozgan kitoblari kishi ko'nglida shubha ilonini uyg'otib, e'tiqodni susaytirsa kerak...
— Men uchun shubhadek mustahkam qo'rg'on yo'q, to'tiy mullo, chunki u johilligi tufayli o'zini dono hisoblagan shaxslar makridan saqlaydur, — dedi yosh olim mullaning so'zini bo'lib.
Mulla Sadriddin uning gapiga yaxshi tushunolmay, labini burishtirib qo'ydi.
— Eng oldin ilmi holni o'rganib, e'tiqodingizni mustahkamlab oling, ilmi qolni keyin o'rgansangiz ham bo'ladur, aks holda, kofir bo'lib ketmoq hech gap emas.
— Ba'zi nodonlar dono kishilarni kofir deb hisoblaydurlar.
— Tavba, bu mahmadonaning gapini qarang. Besh-o'n kitobni o'qib, o'zini dono deb bilur. Iloyo, kitobxonaga o't tushib ketsin, sen juvonmarg bo'l! — dedi Mag'oqiattoron domla imomi.
— Men o'n-o'n besh kitob emas, yuzlab kitobni o'qib, mazmunini miyamga joylab oldim, — dedi ibn Sino boshini g'oz ko'tarib. — Mabodo kitobxonaga o't tushib ketgudek bo'lsa, undagi kitoblarni qaytadan yozib, sandiqlarni yana to'ldirmoqqa qodirdurman.
Ibn Sino bosh egib mullalar bilan hayrlashdi-da, yana yo'lga tushdi. Nariroq borgandan keyin jahl usti¬da aytgan gaplariga pushaymon bo'ldi: "Yoshlik g'ururi hali boshimdan ketmaganga o'xshaydi, — deb g'ijindi u. — Menga maqtanishni kim qo'yibdi! Yuzta kitob o'qigan bilan olim bo'lib qoladimi kishi? Tavba, minba'd bunday qiziqqon bo'lmaslik kerak. Hozirgi zamonda tiling qanchalik o'tkir bo'lsa, shunchalik keskir qilich bilan kesiladi!"
Mulla Sadriddin yosh hakimning orqasidan qarab sukutga ketdi. Keyin boshini ko'tarib, domla imomdan:
— Shumtakaning: "Mabodo kitobxonaga o't tushib ketsa..." deganini eshitdingiz-a? — deb so'radi.
— Ha, bir emas, ikki qulog'im bilan eshitdim.
— Agar o'shal majusiylar kitoblari yig'ilgan makonga o't tushib ketsayu sizni guvohlikka chaqirtirsalar, eshitganingizni tasdiqlashdan bosh tortmaysizmi?
— Yo'q.
— Bo'ldi, qolgan ishni menga qo'yib bering! Oradan ko'p o'tmay, somoniylar tarixida ketma-ket ikki fojiali voqea ro'y berdi. Qorabug'roxon boshchiligida sharqdan bosib kelayotgan ko'chmanchilar Samarqand yaqinida Ayach boshchiligidagi qo'shinni tor-mor keltirib, o'zini asir qilib oldilar va Samarqandni ishg'ol etib, yurishni davom ettirdilar. Nuh binni Mansur tomonidan yuborilgan sipohsolar  Foiq xiyonat qilib, dushman tomoniga o'tdi. Shahar aholisi Buxoro devorlari ostiga kelib qolgan istilochilar bilan jang qila boshladi.
Ibn Sino o'qishini yig'ishtirib qo'yib, boshqa jarrohlar qatorida qilich zarbidan, o'q zahmidan azob tortayotgan jangchilarga yordam berishga kirishdi. Arkning ro'parasidagi ko'hna saroy yaradorlarga to'lib ketgandi. Yosh hakim kechgacha qilich yarasiga qov qo'yib, malham surtish, badanga sanchilgan o'qni olib, yarasini bog'lab qo'yish bilan ovora bo'ldi. U horib-charchab dam olish uchun o'tirmoqchi bo'lganda, soniga o'q sanchilib qolgan bir kosib yigitni olib keldilar. Ibn Sino yechib tashlagan qonli yaktagini yana kiyib, qo'lida nashtar bilan yaradorning tepasiga keldi. O'qning uchi chiqib qolsa, uni sug'urib olish qiyin emasdi, ammo uchi chiqmay qolgan o'qni olish amrimahol.
Ibn Sino o'ylanqirab turib dedi:
— Behush dori berib, yorib olishga to'g'ri keladur.
— Yo'q, — dedi rangi sarg'ayib ketgan bo'lsa-da, o'zini bardam tutishga uringan yarador. .— Qirqqa chidagan qirq birga ham chidagay.
— Barakalla, azamat yigit ekansiz. Sizga azob bermay, chiqarib olg'ayman. Meni tanirsiz-a?
— Ha, amirni davolagan atoqli hakimsiz. Sizga ishonadurmen.
— Juda soz, — dedi ibn Sino uning qanshariga qattiq tikilib turib. — O'qni xuddi xamirdan qil sug'urgandek sug'urib olgaymen, sezmay ham qolursiz.
Yosh hakim uning son go'shtini ikki pallaga ajratib o'qni oldi, so'ngra malham qo'yib, yopishtirdi-da, tikib, bog'lab qo'ydi. Tashrih vaqtida tishini tishiga bosib yotgan yigitdan sado chiqmadi.
— Barakalla, azamat ekansiz, koshki edi hamma sizdek mard bo'lsa!
Yosh hakim yigitga kulib boqdi-da, qo'lining qonini yuvib, dam olgani ketdi.

* * *
Sipohsolar Foiqning xiyonati qimmatga tushgan edi. Muntazam qo'shindan ajrab, zaiflashib qolgan Buxoro sonsiz-sanoqsiz ko'chmanchilar tomonidan bosib olindi. Qorabug'roxon shaharni ishg'ol etib, saroydagi boyliklarni qo'lga kiritdi, o'z askarlariga bozorni talatdi, ko'p imoratlarga o't tushib ketdi, 922 yil may oyida achchiq tutun shaharni o'rab oldi. O'z mol-dunyosini saqlab qolmoqchi bo'lganda qilich yeb yiqilgan kishilarning faryodi, asir qilib olib ketilayotgan ayollarning dodi, quturgan dushman askarlarining suroni quloqlarni qomatga keltirardi. Uch oy ahvol shu zaylda davom etdi.
Ibn Sino esa alamini kitobdan olar, yarim tungacha o'tirib mutolaa qilar, yozar edi. Bir kun kechasi yotgisi kelib, ko'ziga qum tiqila boshlaganda uyqu qochiradigan dorisini ichib, hovliga tushdi. Odati bo'yicha, osmonga qarab, Hulkar yulduzi qaerga kelganini bilmoqchi bo'ldi, shu payt Registon tomon qizarib, osmonga uchqunlar sachrab turganini sezdi. O'qtin-o'qtin olovning qip-qizil tillari qorong'i osmonni yalar, uzoqdan qiy-chuv ovozlar eshitilardi. Yosh hakimning yuragi bir falokatni sezgandek dukullab urib ketdi. Darrov kavush-mahsisini, choponini kiyib, onasini uyg'otdi.
— Onajon, Registon maydoni yaqinida bir uyga o't ketganga o'xshaydur, borib bilib kelay, qo'limdan kelganicha o't o'chirishga yordam beray.
— E, qo'ysang-chi, o'g'lim. Sensiz ham o't o'chiruvchilar topilib qolar.
— Yo'q, onajon. Bormasam bo'lmaydur. Uyqum ham o'chib ketdi. — Yosh yigit ko'ngliga kelgan shubhani onasiga aytishdan ham qo'rqardi; "Bordi-yu, agar... yo'q, yo'q, bu mumkin emas. Necha yuz yillab to'plangan ilm-fan xazinasining kuli ko'kka sovurilishi mumkin emas".
Sitorabonu uning aftiga qarab ijozat bermaslikning iloji yo'qligini angladi.
— Mayli, borsang bora qol, ammo kechikma... Ibn Sino halloslab Registon maydoniga kelganda ko'nglini ezayotgan shubha haqiqat bo'lib chiqqanini angladi. Yuzlab kishilar qo'lma-qo'l chelak uzatib maydon o'rtasidagi hovuzdan olingan suv bilan kitobxonaga tushgan o'tni o'chirishga urinar edilar. Madrasa talabalarining, tevarak-atrofdagi mahalla ahlining jonbozligiga qaramay, yong'in borgan sari kuchayar, qimmatli kitoblarni ajdahodek yutayotgan alanga quturib, hujra eshigidan tutun aralash chiqib turardi. Chelaklab sepilgan suv unga kor qilmas, aksincha, moydek ta'sir qilayotgandek edi. Ba'zilar mehnatlari bekorga ketayotganini ko'rib, qo'llarini qo'ltiqqa urdilar. Odamlar orasida asrlardan beri to'plangan boylikning tutunga aylanib, osmonga uchishidan zavqlanib iljayayotgan sallali kishilarni ko'rish mumkin edi.
Ibn Sino boshda chelaklab suv tashib, o't o'chirayotganlarga qarashib turdi. Keyin ko'pchilikning hafsalasi pir bo'lganini ko'rib, g'azabiga chidolmay, olov chiqib turgan bir hujraga o'zini urdi. Bunda tibga doir kitoblar saqlanardi. Odamlar uni tutib qololmadilar. Bir necha daqiqadan keyin, etagining yonayotganiga parvo qilmay bir necha kitobni quchoqlab olib chiqdi. Odamlar yugurib borib, uni chopon bilan o'rab oldilar, bo'lmasa ustidagi kiyimi bilan o'zi ham yonib ketishi turgan gap edi. Ibn Sino yana o'zini o'tga urmoqchi edi, bir necha qo'l uni mahkam ushlab qoldi. Shu orada allakim: "Hoy yigitcha, hushingizni yig'ib oling. Ortiq urinishning foydasi yo'q!" — dedi. Yosh hakim alanglab, tovush eshitilgan tarafga qaradi, chap tomonida ko'zlari cho'kkan keksa kitobdor turardi.
— Bu qanday falokat, qanday mudhish falokat! — dedi ibn Sino yig'lamoqdan beri bo'lib.
Chol xo'rsinib qo'ydi:
— Ha, baxtsizlik, ammo bilib qo'yingki, dunyoviy ilm dushmanlari ma'rifat chirog'ini o'chirolmaydilar. Ular ota-bobolardan qolgan nodir kitoblarni yondirib, kulga aylantirib yuborsalar-da, zakovat nurini so'ndirolmaydilar.
Shuncha urinib yong'inni so'ndirolmagan odamlar birin-ketin uy-uylariga jo'nashdi. Olovning ozig'i kamaygan sari hovuri pasayardi. To'da-to'da kullar ustini qoplagan tutun kuyib shakli qolgan qog'oz parchalari bilan shamolda asta tebranarkan, qurum isi har yoqqa taralardi.
Ibn Sino xuddi yaqin bir kishisini ko'mib, qabristondan qaytgan kishidek boshini quyi solib, yarim-yorti kuygan bir necha kitobni qo'ltiqlagan holda uyiga jo'nadi...
Oradan ikki oycha vaqt o'tdi. Shu vaqtgacha o'zini qo'yarga joy topolmay yurgan ibn Sino bir kuni uyiga xursand bo'lib keldi.
 — Suyunchi bering, onajon. Qorabug'roxon qo'shini Buxoroni tashlab chiqib ketmoqda. Qo'liga yarog' olgan Buxoro xalqi turkmanlar bilan birlikda ularni haydab chiqarmoqda, talab olingan mollarini qaytarib olmoqda.
Karmana tomon chekinayotgan istilochilarning orqada qolgan qismi bilan buxoroliklar o'rtasida bo'layotgan jangning suroni uzoqdan sal-pal eshitilib turardi. Sitorabonuning rangi o'chib:
— Oxiri baxayr bo'lsin! — deb qo'ydi.
Bir necha kundan keyin "tayyorga ayyor" bo'lib Amuldan (Chorjo'ydan) Nuh binni Mansur Buxoroga kirib keldi. Hayot yana avvalgi iziga tushgandek edi. Yana savdogarlar do'konlarini ochib, kosiblar dastgohlarini yurgizib yubordilar. Biroq vazirlar o'rtasidagi nifoq, ayrim viloyat hokimlarining isyoni, ko'chmanchilarning hujumi somoniylar sulolasi qurgan imoratni kundan-kunga yemirmoqda edi. Keksa Nuh vazirlarini bir-biri bilan yarashtirolmay, mamlakatda tinchlik o'rnatolmay, dog'-hasratda o'lib ketdi. Uning o'g'li Abdulhoris Mansur ham bebosh vazirlar, isyonchi hokimlarni jilovlay olmadi. Qorabug'roxonning o'g'li Nasrga qarshi yuborilgan sarkarda Yanoltakin uning tomoniga o'tib ketdi. Somoniylar davlati xuddi ichi qurtlagan olmadek uzillb, yana istilochilar qo'liga tushdi .
Buxoro ko'chmanchiiar qo'liga o'tgandan keyin mutaassib mullolarning dasti daroz bo'lib, falsafa va dunyoviy ilm-fan ahllari quvg'in ostiga tushdi. Ibn Sino qora quzg'unlar uyasiga aylangan shaharni tark etib, o'ziga ma'rifatparvar bir hokim, homiy izlash to'g'risida o'ylay boshladi. Lekin uning otasi vafot etib, onasi beva qolgan, uni tashlab ketishga ko'zi qiymas edi. Sochlariga oq oralab, ko'zlarining atrofini ajin bosgan Sitorabonu o'g'lining qanday ahvolga tushib qolganini, nima uchun peshonasini tirishtirib yurganini yaxshi bilar edi. Bir kuni kechki ovqatdan keyin sharbat ichib dam olib o'tirganlarida, rangi bir oz siniqqan Husaynga qarab:
— O'g'lim, nima to'g'risida bosh qotirayotganingni bilib turibman, — dedi xo'rsinib. — O'z shahring o'zingga torlik qilib qoldi. Xorazmlik qo'shnimiz Abu Bakr bobo xotiniga: "Husayn zudlik bilan Buxorodan chiqib ketsin, mullolar uni kofir deb e'lon qilib boshini yeyishlari mumkin, chiqib ayt", — debdur. Shu gapni eshitdimu kechasi bilan uxlay olmay chiqdim. Abu Bakr Barakiy o'qimishli odam, ulamolarning sirri asroridan boxabar, bir narsani bilmay gapirmaydur. Jon bolam, boshim omon bo'lsin desang, shahardan chiqib ket, o'zingga tinchgina bir joy top. Menga xat yozib tursang shuning o'zi kifoya, sening eson-omon yurganingni bilib, tinchgina umr kechiraman.
Onasining gapi qay tomonga og'ishni bilmay turgan tarozuning bir pallasiga qo'yilgan toshdek ta'sir ko'rsatdi. Husayn qat'iy qarorga kelib, qaddini ko'tardi-da:
— Mayli, sizning aytganingiz bo'lsin. Bul yerda qolsam, bir kun meni kofirga chiqarib, oyog'imga bolta uradurlar. Men erkin o'ylab, erkin yashashga o'rganib qolganman. Menga oq fotiha bering, safar otini egarlab yo'lga chiqay! Siz ham tinch bo'ling, men ham.
— Qaerga borsang ham Birubor seni o'z panohida asrasin, ishlaringga rivoj berib, falokatlardan seni asrasin... Ammo xat yozib turishni unutma!
Ibn Sino onasi bilan xayrlashar ekan, tokchadan bir kitobni olib o'pdi-da, uni peshonasiga tegizib, so'ngra onasining qo'liga tutqazdi. Bu — Forobiyning "Fasusi al-hikam" degan kitobi edi.
—   Onajon, shu kitobni biror serijtihod tolibul ilmga sovg'a qilarsiz.
— Xo'p. Sening bosh-ko'zingdan sadaqa bo'lsin bul kitob. Xayr, qaerda bo'lsang ham savdogarlardan xat berib yuborib, sihat-salomatligingni bildirib tur.
Ibn Sino orqasiga qarashdan qo'rqib, darvozadan chiqdi-da, Gurganj tomon yo'l oldi.

XORAZM BO'SAG'ASIDA

Abu Ali Gurganj tomon yo'l olgan karvon bilan birga, ko'm-ko'k dalalar, qo'ylar o'tlab yurgan sarg'imtir cho'llar, qotib qolgan dengiz to'lqinlariga o'xshagan qumtepalar oshib, Xorazm poytaxtiga yetib keldi, karvonsaroyga tushib, nimqorong'i hujrada dam oldi. Ertasiga yuvinib-taranib, egniga olacha ipak to'nni kiyib oldi-da, xuddi fuqahoqonunshunoslardek sallasining pechini tomog'ining tagidan o'tkazib, o'ng yelkasiga tashladi.
Xorazmshohning vaziri, qonunshunos olim Abdulhusayn as Suxayliy muqovalangan qalin va uzun daftarlarini ko'rib chiqayotganda mulozimi ta'zim bilan kirib, buxorolik mashhur tabib Abu Ali ibn Sino uning huzuriga kirmoqchi ekanini bildirdi. Suxayliy daftarlarini yig'ishtirib:   
— Shunday ulug' odam eshik oldida uzoq kutib qolmasin, ayting, kiraversin, — dedi sallasining pechi¬ni o'ng yelkasiga tashlab.
Yuzi cho'l shamolidan bir oz qoraygan, qotma, sog'lom gavdali, qirra burun Abu Ali eshikdan kirib salom berdi.
— Vaalaykum assalom. Fozil va olim kishilar to'plangan poytaxtimizga qadam qo'yishingiz bilan sizni qutlaymiz, — dedi vazir arab tilida. — Baytulhikmat sandig'idagi javohirlarga qimmatbaho duru gavharning kelib qo'shilishidan behad mamnunmiz...
Yosh olim uning tumtaraqli nutqiga sabr bilan quloq solib:
— Siz kabi ulug' odam mendek faqir va haqir musofirni mamnunlik bilan kutib olgani uchun boshim osmonga yetdi, — dedi sof arab tilida. — Riyozat bo'yicha tengi yo'q olim Abu Nasr Iroq, ilmi hayatda qadimgi yunon olimlari darajasiga erishgan Abu Rayhon Beruniy, mashhur tabib Abulxayr Xammor, faylasuf Abu Sahl Masixiy va boshqalar qatoriga kelib qo'shilganim uchun o'zimni baxtiyor hisoblayman...
— Juda soz. Men Farmon beraman, shahar hokimi siz uchun yaxshi bir uyni jihozlab bergay, — dedi vazir suhbat oxirida. — Bugun dam oling, ertaga jum'a kuni olimlar majlisida uchrashurmiz.
Abu Ali hammadan burun xristian dinidagi kamtar, xushmuomala Masixiy bilan do'stlashib oldi. Ikkovi ham Arastuning "Moba'dattabia" degan asarini yod bilar, yunon falsafasi to'g'risidagi fikrlari bir-biriga mos kelar edi. Ilmi hayatda Batlimus darajasiga erish¬gan tabiatshunos olim Beruniy esa o'z qadrini biladigan, to'g'riso'z mag'rur odam edi. Ibn Sino o'zidan yetti yosh katta bo'lgan bu olimni hurmat qilar, ba'zan uning uyiga borib, o'tkazayotgan tajribalarini diqqat bilan kuzatar edi.
Bir kuni u qiziq manzaraga duch keldi. Endi o'ttizga kirgan bo'lsa ham soqol qo'yib yuborgan, barvasta, keng peshonali Beruniy qo'lidagi shishani oftobga tutib uni ko'zdan kechirayotgan edi. Eshikdan salom berib kirgan Abu Alini ko'rib xursand bo'ldi-da:
— Kel, kel, rnana buni tomosha qil, — dedi u alik olishni ham unutib. — Ichiga suv to'ldirilgan yumaloq shishani quyoshga to'g'rilab bunday aylantirsak, u nurni bir nuqtaga to'playdur, agar suv to'kib tashlansa, ichiga kirib olgan havo ziyoni bir yerga to'plashga qodir emas.
Ibn Sino uning gapini tasdiqlab shunday dedi:
— Siz tabiat sirlarini o'rganmoq uchun tinmay tajriba o'tkazasiz, hatto dam olish vaqtida ham. Bugun qo'lingizdagi shishani ko'rib bir narsa xotiramga keldi. Bir risolangizda siz, ustodi avval Arastuning, yer yuzida bo'shliq yo'q, degan da'vosini rad etgansiz. Shu fikringizni tajriba bilan isbot etgansiz...
— Biz hammamiz ul zotning shogirdlarimiz, ammo dunyoda xatodan xoli bo'lgan zot yo'q, mana ko'r!
Beruniy suvini to'kib tashlab, shisha ichidagi havoni so'rib oldi-da, darhol bosh barmog'i bilan uning og'zini berkitdi va suvga to'nkarib boshmaldog'ini tortib oldi, suv asta-sekin ko'tarilib shishani to'ldira boshladi.
— Ko'rdingmi? Shisha ichida bo'shliq paydo bo'lgani uchungina suv ko'tarilib kirib oldi. Bundan chiqdi, yer yuzida ham, koinotda ham bo'shliq bo'lishini inkor etib bo'lmas ekan...
— Siz shisha ichidagi havoni so'rayotganingizda ichidagi havo harakatga kelib, shishani isitgan, qo'lingizning issig'i ham unga o'tgan. Haroratdan shisha kengaygani uchungina ichiga suv kirgan bo'lishi mumkin,
— Bu gapingni tajriba bilan rad eta olurman, — dedi Beruniy qizishib va shishadagi suvni tosga to'kib tashlab, uning og'zidan puflay boshladi, keyin to'nkarib suvga tiqdi.
— Ko'rdingmi? Men puflaganimda shisha ichidagi havo harakatga kelib uni isitgan va kengaytirgan bo'lishi kerak, ammo ichiga suv kirmadi-ku! Besh asr, balki ming yildan so'ng ehtimol olimlar bo'shliqda tajriba o'tkazib, yangi narsalar ixtiro etarlar…
— Unday bo'lsa, samovotning xaritasini chizgan Batlimusdan ham xatolar topgandirsiz, — dedi Beruniy haqli ekanligini ko'rib negadir ranjigan yosh olim kinoya aralash.
— Xatoga yo'l qo'ymagan olim bo'lishi imkoniyat xorijida. Masalan, sen o'zing ilmi tib sohasida benazirsan, aytish mumkinki, Jolinus darajasiga erishding, ammo menga yozgan xatlaringda ayon bo'ldiki, Jurjon shahrining uzunligi va kengligini belgilashda xatoga yo'l qo'ygansan. — U qo'liga qalam va qog'oz olib o'zining haqli ekanligini isbot qildi.
Somoniylar saroyida katta obro' qozongan, izzat-nafsi kuchli Abu Ali hali tabiat va falakiyot sohasida erisha olmagan nuqtalari borligini bilib qizarib ketdi. "Bu sohada Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarga yetib olish uchun ko'p ishlashim kerak ekan", — deb o'yladi u.
U baytulhikmat dagi yig'ilishlarga borib, munozaralarga aralashib turardi.
Xorazmshoh Abul Abbos olimlar majlislariga qatnashib turar, u to'rga solingan gilam ustida chordana qurib, allomalarning bir-birlari bilan tortishuvlarini zavq bilan tomosha qilar edi. Yuvosh, irodasiz, o'z jilovini vaziri qo'liga berib qo'ygan bu hukmdor ba'zan baytulhikmatga may ichib kelar, munozara qizib ketganda xuddi qo'chqor urishtirayotgan ishqibozlardek hayajonlanib ketar edi.
Bir kuni olimlar, biz ko'rib turgan yulduzlardan boshqa olam va oftob bormi, to'rt unsur: tuproq, suv, havo va otash hamma joyda bir xilmi, degan mavzuda munozara boshlagan paytlarida devon vaziri kelib shohga ta'zim qildi-da, past ovoz bilan unga bir nima dedi, so'ngra naycha qilib o'ralgan qog'ozni unga uzatdi. Olimlar gapdan to'xtab sergaklanib qoldilar. Abul Abbos nomani ochib o'qidi-da, rangi o'chib ketdi, o'zgargan ovoz bilan:
— Sulton Mahmud G'aznaviy hazratlarining elchilari Abul Fazl Hasan binni Mekoil hozir Gurganj ostonasiga yetib kelibdur, — dedi, so'ngra bu sovuq xabarni keltirgan vazirga yuzlandi. — Elchi janoblari horib-charchab kelgan bo'lsalar kerak, bugun dam olsinlar, ertaga qabul qilurmiz. Qo'y so'yib ul kishini yaxshilab ziyofat qilinglar, ko'nglini ovlanglar!
Vazir ta'zim qilib chiqib ketgandan keyin olimlarga qarab so'zini davom ettirdi:
— Men gapni cho'zib o'tirmay, xullasini aytib qo'ya qolay, — dedi xo'rsinib. — Sulton o'z nomasida, Gurganjda olim va fozil kimsalar, falon ibn falonlar to'plangan ekanlar, ular o'z ixtiyorlari bilan bizning huzurimizga yetib kelsinlar, biz ham ular suhbatidan bahramand bo'laylik, deb yozibdur. O'zlaringizga ma'lum, Xuroson va Hindistonni zabt etgan Mahmud G'aznaviyning ishlari avjida, zamona podsholari u bi-lan hisoblashib ish tutadurlar, shul sababdan men uning so'zini yerda qoldirolmayman!
Yonma-yon o'tirgan Abu Ali va Abu Sahl bir-birlariga qarab, boshlarini sarak-sarak qilishdi, keyin o'rinlaridan turib Xorazmshohga ta'zim qilishdi.
— Ey, zoti oliy, — deb gap boshladi qaltiragan ovoz bilan keksa Masihiy. — Men sizning dargohingizga kelib panoh topdim, nozu ne'matlaringizni yeb, izzat-hurmat ko'rdim, ulug' olimlar bilan suhbatdosh bo'lib, rohat qildim. Endi menga ruxsat etsalar sulton Mahmud huzuriga bormay, boshim og'gan tomonga ketsam. O'zlariga ma'lum, men musulmon emas, nasroniy man.
Abul Abbos uning gapini tasdiqlaganday bosh egib qo'ydi.
— Ey, hikmat ahlining pushti panohi, — deb gap boshladi ibn Sino ta'zim qilib. — Kaminani ham G'azna shahriga borishdan ozod etsangiz. Men ilmi hikmat dushmanlari bo’lgan Buxoro mullolari dastidan qochib Xorazmga kelgan edim, endi mutaassib ulamolarning homiysi bo'lgan Sulton Mahmud huzuriga borishni istamayman.
— Ahvollaringiz menga maa'lum, uzringiz o'rinli,— dedi Abul Abbos sabr bilan uning so'zini oxirigacha tinglab, — maslahatim shulki, men sultonning elchisini qabul qilmasimdan burun ikkingiz ham yashirinsangiz va tong qorong'isida safar otini qam-chilasangiz.   
— Iltifotingiz uchun mingdan-ming rahmat. Endi bizga ijozat bersalar, yo'l hozirligini ko'rsak, beinsof ovchining to'riga ilinmasdan burun qanot qoqib qolsak, — dedi ibn Sino ta'zim qilib.
—Boringlar, asorat halqasi bo'yningizga tushmasdan burun parvoz qilinglar, qayerga borsangiz ham boshingiz omon, saodat eshiklari sizlarga ochiq bo'lsin, — dedi Abul Abbos ularga oq yo'l tilab.

XATARLI YO'L

Ular safar anjomlarini hozirlab, tun qorong'isida shahar tashqarisidagi bir dehqonning uyiga borib yotdilar, tong yorishmasdan burun Suhayliy yuborgan bir yo'lboshlovchi bilan yo'lga tushdilar. Dalalar sukunat og'ushida, tun shamoli jo'xorilarning boshlarini asta egib, yo'lovchilarga salom bering, deb shivirlar edi.
Ular otlarini haydab, kun chiqishigacha o'n besh farsah yo'l bosib, bir quduq boshiga borib yetdilar. Bu yerda nonushta qilib dam olganlaridan keyin idishlarini suvga to’ldirib yana yo'lga tushdilar.
Mahmud G'aznaviydek zolimning tuzog'iga ilinmay parvoz qilgan ikki olim tepalaridan uchib o'tayotgan qushlardek o'zlarini erkin sezar, boshiga katta cho'girma, egniga qalin chakmon kiygan barvasta yo'lboshlovchi orqasidan otlarini tez-tez haydab borar edilar. Bir oz yurganlaridan keyin kun ko'tarilib, hammayoqni qizdira boshladi. Ba'zan aldamchi sarob xuddi sehrgarlar kabi uzoqdan tiniq ko'llar, ko'm-ko'k daraxtzorlarni namoyon qilib, yo'lovchilarni gangitar edi.
Ot ustida munkib kelayotgan Masihiy quruqshagan lablarini yalab:
— Bunday issiqda yo'l yurishga majolim yo'q, biror joyda kechgacha dam olaylik, — dedi.
— Hov anovi tepaning ort tomonida shirin quduq bor, — dedi yo'lboshlovchi qamchisi bilan uzoqlarni ko'rsatib.
Bir soatdan oshiq yo'l yurib, u aytgan joyga yetib borganlaridan keyin yo'lovchilar egardan tushib otla¬rini tushovlashdi, saksovul va xashak bilan berkitilib, ustiga qum tortib qo'yilgan quduqni ochib, qovg'ada suv olishdi. Saksovullardan omonat chayla yasab, ustiga chakmonlarini tashlashdi-da, nonushta qilib uxlagani yotishdi.
Kun botgandan keyin ufqda chalqanchasiga tushib yotgan oyni, yulduzlarning holatini ko'rib ibn Sinoning rangi oqarib ketdi:
— Samoviy jismlarning ahvoli yaqin orada havo aynib, falokat yuz berishidan dalolat berayotir, — de¬di u sheriklariga.
Safarlarining to'rtinchi kuni ertalab qum sahrosini sukunat bosib, osmonda pirillab uchib yurgan to'rg'aylar ham, yerda sudralib yurgan kaltakesaklar ham g'oyib bo'lishdi. Ko'p o'tmay qattiq shamol turib, yeru osmonni chang-to'zon qopladi, olamni qorong'ilik bosdi. Yo'lovchilar shamolni to'sib turgan qumtepaning orqasiga o'tib, otlarining jilovini ushlagan holda, ustlariga chakmonlarini yopib, mukka tushib yotdilar. Oradan ikki soat o'tmay qum bo'roni birdan to'xtab, hammayoqni og'ir sukunat bosdi, yo'lovchilar bosh ko'tarib, ustlaridagi chakmonlarini qoqishdi. Qum bo'roni yo'lni ko'mib yuborgan, yo'lboshchi hamrohlaridan battarroq yo'l bilmaydigan kishiga aylanib qolgan, u sheriklarini qayoqqa boshlab ketayotganini bilmas edi. Kun ko'tarilgan sari tomoqlar qaqrar, otliqlar bo'g'zi ingichka charm idishlarini og'izlariga tutib, bir qultum suv ichar, zo'rg'a qum kechayotgan otlarini asta qamchilab qo'yar edilar. Suvlari tamom bo'lgandan keyin ular nima qilishlarini bilmay gangib qoldilar, quduqlarning ustini qum bosgan, ularni topib bo'lmas, hayot manbai qurigan edi.
— Meni shu yerga... tashlab ketinglar,— deb ingradi egar ustida o'tirishga majoli qolmay otning bo'ynini quchoqlab olgan Masihiy. — Qazoga rozi bo'lishdan... boshqa iloj yo'q, sizlar... bir iloj qilib... joningizni saqlab qolinglar.
Yuzi oriqlab qorayib ketgan, ko'zlari javdiragan Abu Ali otdan zo'rg'a tushdi, yo'lboshlovchining yordami bilan cholni otdan ko'tarib olib, qumga yotqizishdi...
                                                           
* * *
Xurosonga ketayotgan karvonboshi yo'ldan ancha uzoqda, qumtepa tagida cho'zilib yotgan uch kishini ko'rib to'xtadi-da, tuyakashlariga bir nima dedi. Ular yugurib borib behush odamlarning ikkitasi chala o'lik, uchinchisi jonsiz ekanligini payqadilar.
        - Mana bularning yuzlari va ko'kraklariga suv sepinglar, og'izlariga suv tomizinglar,     dedi ular oldiga yetib kelgan karvonboshi.
Avval Abu Ali, keyin yo'lboshlovchi ko'zlarini ochib, o'rinlaridan turib o'tirishdi.
 - Manavi hamrohingiz qazo qilibdur, — dedi qop-qora yuzli, cho'tir tuyakash bir chekkada qimir etmay yotgan Masihiyni ko'rsatib.
— A? Ko'ksiga, yuziga suv purkab, silkitib ko'rmadingizmi?
        - Hammasini qildik, joni uzilgan.
Ibn Sino sudralib borib, hamrohining tomirini ushladi-da, tuyakashning gapi to'g'ri ekanligini bilib, yuragi urib ketdi.
Ular Abu Sahlni kiyim-boshi bilan qumga ko'mdilar-da, qabri ustida bir daqiqa qo'l qovushtirib turdilar.
Masihiy ibn Sinoning Xorazmda orttirgan eng yaqin do'stlaridan biri edi. Ikkovlari bahor paytlarida cho'lga chiqib, dorivor giyohlar terar, qadimgi yunon hakimlari to'g'risida suhbatlashib, vaqtning qanday o'tganini bilmay qolar edilar.
Ulug' olim va tajribali tabib bo'lgan Abu Sahl musulmon bo'lmagani uchun umrini darbadarlikda o'tkazib, Gurganchdagina boshpana topgan edi. Taqdir buni ham ko'p ko'rib, uni tinchgina uy-joyidan dashti biyobonga haydadi, bir qultum suvga zor qilib, tashnalikda o'ldirdi...
Abivard shahriga yetib borganlaridan keyin Gurganchdan birga kelgan yo'lboshlovchi orqaga qaytdi. Ibn Sino esa karvonsaroyda bir necha kun dam olib o'ziga kelgandan so'ng Tus shahri tomon yo'l oldi.
                               
DARD VA DARMON

I
Saroybon qotma yuzli, qora soqol, ko'zlari katta-katta bir yigitni ikkinchi qavatdagi tor bir hujraga joylashtirar ekan, uning qayerdanligini, ismini, kasbini so'radi.
— Shu bugun Nishopurdan keldim, otim Husayn,o’zim tabibman, - deb qisqacha javob qildi mehmon yelkasidan xurjunini olib.Uning oftob va shamoldan qoraygan yuzi, kirtaygan ko’zlari darbadar hayot kechirganidan dalolat berib turar edi.      
— Yaxshi kasbingiz bor ekan, — dedi saroybon kulib, — ammo bizning shaharda tabib ko'p, kasal oz, zeroki Jurjon shahridek havosi musaffo, suvi toza poytaxt topolmaysiz olamda. Shaharni kesib o'tgan Jurjonhayot daryosining suvi va atrofdagi mevazorlarning havosi shifobaxsh. Bul yerga kelgan kasal sog'ayib ketadur.
— Gapingiz rost bo'lsa kerak, — deb tasdiqladi musofir. — Tog'larining cho'qqisidagi qorlar yarqirab ko'zni qamashtiradur, atrofdagi bog'larda esa anjir, xurmo, zaytun, uzum pishib yotmoqda, ajabki bul yerda sovuq yurtlar mevasi bo'lg'on olma, olxo'ri ham yaxshi hosil berar ekan. Jurjon kabi ajoyib shahar ko'rmadim olamda.
O'z yurtining vatanparvari bo'lgan saroybon uning gapidan xursand bo'lib:
— Aqlli, zukko odamga o'xshaysiz, bul yerda xor bo'lmaysiz, bizning shahri azimga zo'r bir tabib ko'chib keldi, deb odamlarga darak solaman, — dedi.
Ikki kundan keyin qoshlari oqarib ketgan, ko'zlari kirtaygan bir nuroniy mo'ysafid yosh tabibning hujrasiga kirib, u bilan salomlashgandan keyin:
— Bizning hovliga tashrif buyursalar, o'g'lim bemor, — dedi.
— O'g'lingiz? Kasali nima?
— Aqldan ozgan, ikki hafta bo'ldi, gap-so'zining tayini yo'q. "Men ho'kizman, bo'g'izlang!" — deydur. Nima qilishimni bilmay qoldim. Duoxonlarga o'qitib ham ko'rdim, bo'lmadi, umidlarim puchga chiqdi.
— Noumid bo'lmang, ota. Dard bor yerda davo ham bor.
— Aytganingiz kelsin. Zora qadamingiz qutlug' bo'lib, sog'ayib ketsa.
— Bo'lmasa bunday qilsak: hozir eshigingizni aytsangiz, men bir soatdan so'ng borsam. Ammo meni qanday qiyofada ko'rsangiz ham taajjublanmang va ishimga halal bermang!
— Xo'p, nima qilsangiz ham o'g'limning es-hushini joyiga keltirib qo'ysangiz — bas..
Oradan bir soat o'tgandan keyin chol darvozani ochib, hayratda qoldi. Ro'parasida vajohatidan odam qo'rqadigan bir qassob turar, ko'kragida charmdan tikilgan eski peshband, belida qayroq o'rnida ishlatiladigan po'lat musat-katmon, qo'lida o'tkir pichoq. Chol uni zo'rg'a tanidi. Boyagi tabib ro'parasida turardi.
— Qani so'yiladurgan ho'kiz? Yetaklab olib keling!— deb shang'illadi "qassob" ichkariga kirgandan keyin.
Chol yuzini qop-qora soqol bosgan, ko'zlari bejo, qotmadan kelgan yigitni boshlab keldi. "Qassob" pichoqni tashlab, epchillik bilan yigitni yerga yiqitdi-da, uni yonboshlatib, qo'1-oyog'ini arqon bilan bog'ladi va pichoqni qayray boshladi. Keyin chap tizzasi bilan yerda qimir etmay yotgan yigitning yelkasini bosib turib, semizmikan, deganday, o'ng qo'li bilan uning sonini, belini paypaslab ko'rdi. Chol bechora nima bo'layotganini tushunolmay, turgan joyida qotib qolgan, ikki ko'zi xursandligidan og'zi qulog'iga yetgan o'g'lida edi.
— Voy-bo'y, ho'kizingiz juda oriq ekan-ku! — dedi "qassob" o'rnidan turib, — meni Husayn qassob deydilar. Umrimda bunday oriq molni so'ygan emasman. Eng oldin ho'kizingizni ikki-uch hafta boqing, buzoqligida ona sutiga to'ymagan ko'rinadur, sut ichiring, semirtiring, keyin kelib bo'g'izlayman. Hozir bunday oriq molni so'yishdan hazar qilaman, — deb u "ho'kiz"ning qo'l-oyog'ini yechdi-da, oyog'i bilan turtib, uni turg'azib yubordi. "Qassob"ning qiliqlaridan qo'rqib, yuragi po'killab turgan ota sho'rlik yengil nafas olib, o'g'lini yetaklaganicha uyiga olib kirib ketdi.
— O'g'lingizni sigir suti bilan, jo'ja xo'roz sho'rvasi bilan boqing. Ovqatiga mana bu dorini qo'shib berib turing, — dedi tabib qaytib chiqqan chol bilan xayrlashar ekan, qog'ozga o'rog'lik xab dorini qo'liga berib.— Ho'kizman desa indamang, devonaga e'tiroz bildirib bo'lmaydur. "Xo'p" dengu ishingizni bitiravering.
Oradan ikki-uch hafta o'tgandan keyin avvalgiga qaraganda ancha tetiklashib qolgan chol yosh tabibning hujrasiga kelib, salom berib uni ahvoldan xabardor qildi.
— Ming qatla shukurki, o'g'lim sog'ayib qoldi. Yangi sog'ilgan sut va sizning dorilaringiz sharofati bilan es-hushi joyiga keldi. Ishtahasi joyida. Eri tuzalib qolganini bilib, kelinim ham qaytib keldi. Ertaga biznikiga boring, — dedi u xursand bo'lib.
— Albatta boraman. Iloyo, sog'ayib ketgani rost bo'lsin. Fahmimcha, bundan keyin, men ho'kizman, deb aytmaydur, qariganda aytmasa... — deb mutoyiba qildi tabib.
— Qariganlarida soppa-sog' odamlar ham o'zlarining ho'kiz ekanliklarini payqab qoladurlar, — deb hazilga hazil bilan javob qildi chol..
                                                 
I I
Jurjon hukumatining hukmdori Qobusning jiyani— yoshgina yigit noma'lurn bir dardga chalinib qolgan, u kechalari mijja qoqmas, ovqat yemas, hech bir tabib un¬ing nima kasal bilan og'riganini aniqlay olmas edi.
Bir kuni hukmdor saroy vazirini chaqirib shunday dedi:
— Eshitishimcha, Obivardmi, Nishopurmi, qayerdandir noma'lurn bir tabib shahrimizga ko'chib kelib, dardiga iloj topolmagan bemorlarni davolayotgan emish. Yaqindagina hech bir tabib tuzata olmagan bir telbani davolabdur. O'shal tabibni toptirib kelib, jiyanimiz Abdulvohidni ko’rsating, shoyad mushkuli oson bo’lsa...
— Bosh ustiga, — dedi kulohiga oq salla o'ragan kimxob choponli vazir ta'zim qilib, orqasi bilan yurib chiqib ketar ekan.
O'sha kuniyoq kimligini yashirib yurgan mashhur tabibni saroyning bir burchagidagi hujrada yotgan yigitning huzuriga boshlab keldilar.
— Assalomu... alaykum, — deb pichirladi bemor yigit, ingichka jiyakli banoras to'n kiygan, qotma yuzli tabibni ko'rib, boshini arang ko'tarar ekan.
— Vaalaykum... qimirlamay yota bering, — tabib uning yoniga tiz cho'kib, tomirini ushladi. Yigitning hech bir a'zosida kasallik yo'q edi. "Ko'rinishdan juda hassos, terisi yupqa, ko'ngilchan yigitga o'xshaydur, — deb o'yladi u qorachadan kelgan, quralay ko'z, chiroyli yigitga tikilib. — Uning a'zoyi badani zaif bo'lsa ham, sog'lom. Ehtimol, ishq-muhabbatning ipak tolasi uning nozik qo'1-oyog'ini kishanlagan, lekin u negadir sirini hech kimga aytmaydi". Abu Ali muhabbat haykaltaroshi o'zining pichoqchasi bilan yigitning qalbiga qaysi jononaning nomini o'yib yozganini o'qimoqchi bo'ldi. Bemorning mulozimini chaqirib, Jurjon shahrining hamma guzarlari va mahallalarining nomini biladigan bir kishini topib kelishni buyurdi. Devonxonada shahar boj-xirojiga mutasaddi bo'lgan bir amaldorni topib keltirdilar. Tabib u bilan bosh qimirlatib salomlashdi-da, bemorning tomirini ushlab turib:
— Shahringizdagi barcha mahalla va guzarlarning nomini birma-bir sanab chiqing, — deb iltimos qildi. O'z izzatini yaxshi biladigan, qo'ng'ir soqol, ko'k shoyi choponli bu amaldor shoshmasdan birin-ketin guzar va mahallalarning nomini tilga ola boshladi. "So'zangaron" guzari zikr etilishi bilan bemorning bir maromda urayotgan tomiri qattiq urib, nafas olishi tezlashdi. Tabib uning tomiridan qo'lini olib, o'rnidan turdi, biror soatlardan keyin qaytib kelishini aytib, qo’ng’ir soqol amaldor bilan hovliga tushdi.
— So'zangaron guzaridagi barcha xonadon boshliqlari va ularning oila a'zolari nomini biladurgan bir odam topib berolmaysizmi?
— So'zangaron oqsoqoli Shamsuddin o'z guzaridagilarning yetti yasharidan tortib yetmish yasharigacha nom-banom bilur. Men aytaman, biror soat ichida huzuringizda bo'lg'ay, — dedi amaldor..
Oradan bir soatcha vaqt o'tgandan keyin soch-soqoliga oq oralagan bo'lsa-da, olifta, ko'k belbog'li, kichkina oq sallali, ko'zlari chaqchaygan bir kishini boshlab keldilar. Tabib bemorning tomirini ushlab turib: "Mahalangizdagi oila boshliqlarining nomini bir¬ma-bir tilga oling", — dedi.
"Aloiddin" degan zotning nomi tilga olinishi bilan yigitning tomiri tez-tez urib ketdi.
— Endi Aloiddin akaning oila a'zolarini nom-banom sanab chiqing, — dedi tabib. Cholu kampir, bolalarning nomlaridan keyin "Rohila" degan qizning oti zikr etilganda bemor yigitning tomiri sanab bo'lmaslik darajada urib, o'zi hushidan ketib qoldi. Bemorning yuziga suv sepib, xushi joyiga keltirilgandan keyin noma'lum tabib hovliga tushdi. Uni kutib turgan saroy farroshi:
— Zoti oliylari sizni kutmoqdalar, — dedi va uni boshlab salomxona darvozasi oldiga olib keldi. Naqshinkor darvozaning ikki yonida ikki qurolli posbon shamdek qotib turardi. Bir oz turib ichkaridan saroy vaziri chiqdi-da, tabibni qo'lidan ushlab ichkariga olib kirib ketdi.
Kaspiy dengizining janubidagi kichik bir viloyatning hukmdori bo'lgan Qobus Vushmagir o'zini ulug' bir mamlakatning podshohidek tutar, o'ng qo'lining mushtini tizzasiga tirab, sakkiz qirrali oltin taxt ustida gerdayib o'tirardi.
Noma'lum tabib ichkari kirib, o'n qadamcha berida ta'zim qilgandan so'ng bosh ko'tardi. Botayotgan quyosh nurida shohning tojidagi gavhar va javohirlar yarqirab ko'zni qamashtirardi.
Qobus salomga alik olib, tabassum-la hol-ahvol so'   rashib,jiyanining nima kasal bilan og'riganini so'radi.
— Abdulvohidning a'zoyi badanida kasallik alomatlarini topmadim, ichki a'zolari sog'...
— Bo'lmasa, uning dardi nima?
— Muhabbat! Uning qo'1-oyog'i sevgining zanjiri bilan bog'langan, bu kishanni yigitning xayolini o'g'irlab qochgan qizgina yecha oladur.
— Koshki edi ul qizning ota-onasi kimligini, otini bilsak! Bu mumkin emas...
— Men tomirining urishidan qizning kimligini, oti¬ni bilib oldim...
Hayratlanish podsholar uchun uncha yarashmasa-da, Qobusning og'zi ochilib, ko'zlari qinidan chiqib ketayozdi.
— Jiyaningizni So'zangaron guzaridagi kosib Aloidinning qizi Rohilaga uylantirib qo'ysangiz, sog'ayib ketgusidir.
— Nauzan billo... Bu karomat-ku, — dedi hukmor tilga kirib. — Qaysi yo'l bilan bildingiz sho'rlik yigitning ko'nglidagi maxfiy sirini?
Noma'lum tabib, qanday qilib yigitning qulflog'liq ko'ngliga yo'l topganini batafsil gapirib berdi.
— Ofarin, ofarin! Tomirning urishidan yolg'iz ichki kasallarni emas, balki yurak sirlarini ham bilsa bo'lar ekan. Ammo buning uchun sehrgar tabib, ulug' olim, tabiat va tabiat tashqarisidagi sirlardan voqif bo'lish kerak. Men sizning shartingiz ustida o'ylab ko'rishim lozim. Faqir bir kosibning qizi asilzoda yigitga munosibmikan? Siz tabibi hoziqsiz, ishq-muhabbat zanjirlarini eritib yuboraturgan bir doru topib bera olmaysizmi? 
— Yo'q, — dedi tabib.— Agar o'shal qizga uylantirmasangiz, jiyaningizdan ayrilgaysiz, kasali jigariga o'tsa davolash yo'li berkilgay.
Qobus bosh barmog'ini tishlab, chuqur o'yga botdi. "Abdulvohidni keyin asilzodalardan birining qiziga uy¬lantirib qo'yarmiz", — deb o'yladi.
— Bo'lmasa o'shal kosibning zotini surishtirib ko'raylik. Halolzodalardan bo'lsa, qiziga sovchi yuboramiz, — dedi u ovoz chiqarib.
Ikki kundan keyin saroyga kelgan tabib yigitning enagasi qiznikiga sovchi bo'lib borib, kosib Aloiddinning roziligini olib kelganini, yigitning sog'a¬yib, oyoqqa bosganini eshitib xursand bo'ldi.
Jurjon hukmdori esa noma'lum tabibga haftada bir-ikki kun saroyga kelib, o'z suhbatidan uni bahramand qilishni so'radi. Tabib ta'zim qilib, podshoning iltifotidan xursand ekanligini bildirdi.
Vaqt xuddi Jurjon daryosi ustidagi ko'pikday shoshmay oqib o'ta bordi, noma'lum tabib esa bu shaharda erkin hayot kechirib, kasalmand odamlarning dardini davolab yuraverdi. Bir kuni u odat bo'yicha saroyga kelib, hukmdorning qo'lida maktub, yuzida tashvish borligini ko'rib, hayratda qoldi.
— Men ko'pdan buyon kimligingizni payqagan bo'lsam ham, sir boy bermay yurar edim, — dedi Qobus xiyol kulimsirab. — Siz buxorolik ulug' hakimi hoziq, olim va fozil Abu Ali ibn Sinodursiz. Endi buni hech kimdan yashirmasangiz ham bo'ladur. Bugun G'azna shahridan bir xat bilan suratingiz kelib yetdi. Mahmud G'aznaviy, ushbu surat egasi, ya'ni ibn Sino qayerda bo'lsa, darhol bizning huzurimizga yuborilsin, degan mazmunda bir maktub yo'llabdur. Ammo siz qo'rqmang, sizdek ulug' hakimni G'azna shahriga jo'natadurgan odam yo'q. Jurjon shahrida tabobat va ilmi hikmat bobidagi ishlaringizni davom ettira bering.
— Iltifotingiz uchun tashakkur. Men albatta, begunoh odamlarni qo’rquvga solishni o’ziga hunar deb bilgan podsho huzuriga bormoqni istamayman, hozircha shu yerda qolish niyatidaman...
                                                   
III
Jurjon shahrida ibn Sinoning muxlislari ko'p edi. Ular har juma kuni allomaning uyiga kelib, uning suhbatidan bahramand bo'lar edilar. Xususan, Abu Ubayd nomli bir yigit Sinoga haddan tashqari ixlosmand bo'lib, uning xizmatini qilib yurar, mantiq va ilmi hikmatdan dars olar edi.
Ilm-fan shaydosi bo'lgan, uzoqdan, hozirgi Afg'onistonning shimolidagi Jurjon shahridan kelgan bu yigit allomaning eng iste'dodli shogirdi va ishonchli muhiblaridan biri edi. Shunday sadoqatli ilm muxlis¬lari qurshovida yashagani uchun ibn Sino bu shaharda o'zining musofir ekanligini sezmas edi. Biroq bu osoyishta — tinch hayot uzoq davom etmadi, shodlik quyoshini g'am-tashvish bulutlari qoplay boshladi.
U Buxoroga ketayotgan savdogarlardan onasiga maktublar yo'llab sog'-salomatligini bildirib turar edi. So'nggi maktub uning qalbiga tikandek qadalib, yurak-bag'rini qonga to'ldirdi. Inisi Mahmud volidayi mehribonlarining vafot etganini bildirib, uning ta'ziyasini batamom o'tkazgandan keyin Buxorodan chiqib ketishini bildirgan edi. Bu ham yetmagandek taqdir uning yuragiga yana o'z nayzasini sanchib oldi. Bir kuni tong qorong'isida birov ko'cha eshigini qattiq taqillatib, uni cho'chitib yubordi.
Yarim kechagacha ishlab charchagan ibn Sino cho’chib uyg’onib  ketdi-da, choponini kiyib hovliga tushdi, ichkaridan zanjirlab qo'yilgan darvozani ochdi. Ro’parasida ko'zlari javdiragan shogirdi Abu Ubayd turar edi.
U salom berishni ham unutib, harsillab:
— Falokat yuz berdi... Ichkariga kiraylik... keyin aytib bergayman, — dedi. U kafshini poyma-poy kiygan, ustida otasining choponi halpillab turardi.
Ular mehmonxonaga kirib, to'rdagi ko'rpachaga o'tirganlaridan keyin nafasini rostlab olgan Abu Ubayd shu kecha a'yonlar o'z odamlari bilan saroyga bostirib kirib, Qobus Vushmagirni hibsga olganlari, uni zindonga tashlab, o'g'li Manuchehrni taxtga o'tkazganlarini birma-bir so'zlab berdi.
— Yomon ish bo'libdur, — dedi uyqusi qochib, rangi o'chib ketgan alloma. — Ular shahzoda bilan til biriktirgan bo'lishlari kerak. Kim bilur? Manuchehr otasidek mustaqil, o'z aytganida turadigan odam emas, sulton Mahmudning nog'orasiga o'ynag'usidur.
— Bas, ahvol shul ekan, tezroq bul yerdan jo'nab qolmoq kerak. Lekin hozir emas... keyinroq. Darhol shahardan chiqib ketsangiz, a'yonlar ko'nglida shubha ilonini uyg'otursiz. Hozircha mening uyimga ko'chib o'ting, keyin bir gap bo'lar.
— Rost aytasiz, bir kattaning so'ziga kir, bir kichikning, — dedi ustod o'zidan besh-olti yosh kichik bo'lgan sodiq shogirdiga qarab. — Yuring, bo'lmasa. Buyumlarim, kitoblarimni xizmatkorim kechqurun olib borar... Ehtiyotkorlik qo'rqoqlik emas...
Tong yorishmasdan burun ibn Sino shogirdining uyiga ko'chib kelib ko'ngli tinchigandan so'ng sodir bo'lgan hodisalar to'g'risida shoshmay fikr yurita boshladi.
— Mana, me'yoridan oshgan qattiqqo'llikning oqibati, — dedi u Abu Ubaydga qarab. — Qobus olim va shoirlarga homiy bo'lsa-da, sipoh va a'yonlarga nisbatan shafqatsiz edi, kichik bir gunohlari uchun ularga qattiq jazo berar, avfni o'ziga ayb    deb bilar edi. Ba'zan oqil odamlar ham adolatsiz bo'lar ekan, qiziq...
— To'g'ri, ayni zamonda Qobus Shamsilmaoliy to’g’ri so'z, aytganida turadigan jasoratli podshoh edi. Mahmud G'aznaviydek dasti daroz hukmdorni ham nazar-pisand qilmas edi-ya! Ul zolim, ibn Sinoni mening huzurimga yubor, deganida, taklifini rad etib, sizni o'z yonida olib qoldi-ku!
— Albatta, uning yaxshiligini unutmayman. Gurganjda olimlar doirasida o'zimni baxtiyor sezar edim. Jurjonda esa sog'-salomatligim mustahkamlandi, ilmi hikmat va tibbiyot bilan shug'ullanishga imkon topdim.
— Buxoroda-chi?
— Buxoroda mutaassib mullolarning dastlari daroz, agar Xorazmga qarab parvoz qilmasam, qanotlarimni kesar edilar.
Ertalabki nonushta vaqtida ustod bilan shogird uyoqdan-buyoqdan gaplashib o'tirishdi.
Qora soqolli, qirra burun, xushsurat, endi o'ttiz ikki yoshga qadam qo'ygan allomaning so'zlariga uning sodiq shogirdi zavq bilan quloq solib o'tirar edi.
— Men uchun ozodlik, erkin fikr yuritish buyuk baxt, podsholar, a'yon va akobirlar chizib bergan yo'ldan chetga chiqmaslik ulug' baxtsizlik. Men "gah!" deganda qo'lga qo'nadurgan qush emasman. Ojiz odamlargina o'z qismatlariga ko'nikib ketgaylar. Yovuzlikka adolat to'nin kiygizgan Mahmud G'aznaviyning ovchilari yetib kelmasdan burun bul yerdan jo'nab ketmoq kerak.
— Unday bo'lsa, men kechqurun karvonsaroyga boray, qofilasolar bugun-erta tuyalarning boshlarini qay tomonga burmoqchilar, bilib kelay...
— Juda soz, bu issiqqina uyada yotishim xatarli,— dedi ibn Sino sabrsizlik bilan soqolini qashib. — Sayyodlar ovchi qushlarni uyalaridan tutib olib ketadurlar. Afsuski, Jurjon kabi xushmanzara, havosi toza, iqlimi mo’tadil yerni tark etmakka majburman. .
Kechqurun ma'yus holda karvonsaroydan qaytib kelgan Abu Ubayd:
— Tong-la savdogar Abdullo binni Ja'farning karvoni Mozandaronga jo'namoqchi. Men karvonboshi bi¬lan kelishib qo'ydim. Sizni o'zi bilan olib ketishga rozi bo'ldi, — dedi. — Ammo Mozandaronning havosi og'ir, rutubatli, bilmadim, sizga yoqmas.
— Yoqmasa yana qaytib kelgayman. Balki ul vaqtgacha zamona tinchib, hayot yana avvalgi iziga tushib ketar.
— Omin! — dedi shogird jon-dili bilan.
                                             
* * *
Vaqt aravasi shaldirab, omadi kelishmagan ahli mehnatni majaqlab ketaverdi. Qish o'tib, tikanli gullarni chekkasiga taqqan bahor ham yetib keldi.
Abu Ubayd xat-xabar kutib bezovta bo'lar, Hazar dengizi bo'yidagi seryomg'ir, o'rmonlari vahshiy hayvonlar bilan to'lgan o'lkada ustodimning holi nima kechdi ekan, deb tashvish tortar edi. Yoz ham o'tdi, bir kuni el yotar mahalda Abu Ubaydning ko'cha eshigiga o'tqazilgan mis halqani allakim qattiq taqillatdi. Uning yuragi gupillab urib ketib, yugurganicha ko'cha eshigini ochdi.
Mast ayolday ko'zini suzib turgan kulcha yuzli, oy yorug'ida rangi o'chgan ustodini ko'rib, shogirdning tili tutilib qoldi.
— Eson-omon yuribsizmi? — deb so'radi ibn Sino zaif ovoz bilan.
— Ha... xudoga ming qatla shukur, tinchlik, — de¬di shogirdi uning qo'lini olib.
Seryomg'ir, rutubatli Mozandaron ibn Sinoning sihatiga futur yetkazgan, quvvatdan ketkazgan edi. U bir necha kun Jurjonda, shogirdining uyida yotib, dam oldi, o'zini davoladi. Sog'lig'i tiklangandan so'ng ko'chaga chiqmay "Avsati Jurjoniy" nomli asarini yozdi. Ilmning mahbusi bo'lgan bu odam mehnat bilan g'amlarini unutar edi.
Agar Jurjon o'lkasida yana bir xunuk hodisa yuz bermasa, olim bu ixtiyoriy mahbuslikdan qutulmas edi. Bir kuni Abu Ubayd Qobusning o'g'li Manuchehr Mahmud nomiga xutba o'qitib, rasman uning hokimlari qatoriga o'tgani to'g'risida xabar olib keldi.
— Endi bul yerda turmoq men uchun xatarlidir, chunki sultonga itoat etgan Manuchehr unga yoqish uchun meni ushlab oldiga yuboradur, — dedi ibn Sino qo'lyozmalarini yig'ishtirib. — Afsuski, bul zamonda zulm-vahshat rivojda, ilm ahillari ranju uqubatda. Sayyodlar yetib kelmasdan burun parvoz qilmoq kerak.
— Qay yerga? — deb so'radi shogirdi bezovtalanib.
— Ray shahriga, sulton Mahmudga itoat etmagan tadbirkor malika Sayidaning poytaxtiga. Manuchehr kabi yuzta erkakdan Sayida kabi bitta oqila ayol ming marotaba yaxshiroq. Uning qanoti ostidagina jon saqlay olaman.
— Men sizga hamroh bo'lib borgayman. Maqsadim sizning yoningizda yurib, ilmi mantiq o'rganishdir.
Ustodining indamaganini ko'rgach, "sukut alomati rizo", deb o'yladi shogirdi xursand bo'lib.
                                 
SAVDOYI SHAHZODA

Ray — tepasidan doim dud chiqib turadigan Dimovand tog'i etagida joylashgan qadimiy shahar . Odamlarning e'tiqodicha, bu tog' afsonaviy shoh Zuhokning qabri emish. Ustod bilan shogird ohi osmonga chiqib turgan tog' etagidagi bu ajoyib shaharga kelib erkin nafas oldilar, o'rtasidan sharqirab soy oqib turgan Rud bozorida ovqatlanib olgach, tog' etagidagi Taborak qal'asiga ko'tarilib, pastda yaslanib yotgan uchburchak shaklidagi shaharni tomosha qildilar. Kechqurun karvonsaroyning ikkinchi qavatidagi hujrada dam olib o'tirganlarida Abu Ubayd:
— Malika Sayidaning huzuri oliyalariga qachon borursiz? — deb so'rab qoldi.
— Hech qachon, — dedi ibn Sino boshini baland ko'tarib. — Kerak bo'lib qolsam, o'zi meni chaqirtirib olar. Hech vaqt hukmdorlar huzuriga bosh egib borgan banda emasman. Nuhi binni Mansur Somoniy ham, Qobus Shamsilmaoliy ham, kerak bo'lib qolganimda mulozimlaridan birini yuborib, meni o'z huzurlariga chorlagan edilar...
Juzjoniy hukmdorlar oldiga yalinib borishni o'ziga or deb bilgan ustodiga zavq bilan qarab: "Olim degan shunday mag'rur va ilmining qadriga yetadigan bo'lishi kerak, lekin u kambag'alroq bir betob odam oldiga kelsa, bosh egib uning tomirini ko'radi, haq ham olmaydi, qiziq!" — deb o'ylar edi.
Oradan ko'p vaqt o'tmay, Buxoroyi sharifdan bir tabibi hoziq kelibdur, Rud bozordagi karvonsaroyda istiqomat qilar emish, degan ovoza shaharga tarqaldi. Bemorlar birin-ketin kelib shifo topa boshladilar. Bir kuni peshonasi tirishgan oriq, o'rta yoshli kishi kelib, ibn Sinoga ta'zim qildi-da:
— Bizning kulbai vayronamizga tashrif etsangiz... Inim betob, — dedi.
— Nega yetaklab kela qolmadingiz? O'zi yura olurmi?
— Yurish ham gapmi? Qornini changallab uyoqdan-buyoqqa yugurib: "Ichimga ilon kirgan, jigar-bag'rimni yemoqda", — deb baqiradur. Uni ko'chaga olib chiqib bo'lurmu?
Ibn Sino o'ylab turdi-da:
— Mayli, borsam bora qolay, qani yuring,— dedi.
Qing'ir-qiyshiq uy-ayvonlar bilan qurshalgan supuruqsiz hovlida soch-soqoli o'sib ketgan, ko'zlari javdiragan bir yigit qornini ushlab yurardi. U eshikdan dadil qadam tashlab kirgan olacha to'nli, ko'zlari o'tkir tabibi hoziqni ko'rib to'xtab qoldi. Ibn Sino bemorning oldiga bordi-da, unga tikilib turib:
— Uyga kirib, o'rningizga yoting, — deb buyruq berdi. Bemor itoatkorlik bilan eshigi lang ochiq nimqorong'i xonaga kirib, yig'ishtirib qo'yilmagan to'shak ustiga cho'zildi.
— Rost, ichingizda ilon bor ekan, — dedi tabibi hoziq uning qornini ushlab ko'rib. — Jigaringizning bir chekkasini kemirgan. Tong-la kelib ilonni tiriklayin tushirgayman. Bugun bir kosa sut ichib yoting!
Ko'chaga chiqqanlarida ibn Sino uy egasiga yuzlanib:
— Eng oldin tirik bir ilon toping, tog'oraga sut hozirlang, keyin meni boshlab kelasiz, — dedi.
Ertasiga choshgoh paytida bemorning akasi kelib, ibn Sinoni uyiga boshlab olib ketdi.
Sut to'ldirilgan tog'orani uyning o'rtasiga qo'yib, bemorni uning oldiga tiz cho'ktirdilar, ibn Sino uning ko'zini ro'mol bilan bog'lab, boshini egib turdi-da:
— Barmog'ingizni tomog'ingizga tiqib, tog'oracha-ga qayt qiling, — deb buyurdi.
Bemor tabibning aytganini qilib qattiq o'qchigan edi, uning akasi to'rva ichidagi ilonni tog'oradagi sutga qo'yib yubordi-da: "tushdi, tushdi!" — deb baqirdi.
Shu payt ibn Sino bemorning ko'ziga bog'langan ro'molini yechib oldi.
— Ana ko'ring, ichingizni kemirayotgan mori zahrinokni!
Bemor sut ichida suzib yurgan ilonni ko'rgach, qo'rquv aralash shodlik bilan:
— Darhol o'ldiring uni, bo'lmasa yana ichimga kirib ketgay, — dedi entikib.
Ilonni darhol qisqich bilan qisib olib, hovliga olib chiqib majaqladilar.
— Qanday hiyla ishlatib iningizni davolaganimizni unga aytmang, — dedi ibn Sino uni ko'chagacha kuzatib chiqqach uy egasiga. — Yo'qsa, uning ichida yana ilon paydo bo'lib, jigarini kemira boshlagay.
— Xo'p, men uydagilarga pishiqtirib qo'yaman, bul gap hech qachon inimning qulog'iga yetmagay.
Oradan ko'p vaqt o'tmay shaharda, buxorolik tabib falonchining ichiga kirib ketgan ilonni tiriklayin tushirgan emish, degan ovoza tarqaldi. Bu gap malika Sayidaning ham qulog'iga yetib bordi.
                                                 
* * *
Ray, Hamadon, Isfaxon va Ko'histonning hukmdori Faxruddavla yigirma bir yil hukm surib vafot etgandan keyin taxti uning balog'atga yetmagan o'g'li Majduddavlaga qoldi. Davlat ishlarini uning onasi Sayida boshqara boshladi. Fuqaro ham undan rozi, a'yon va kubarolar ham xursand edilar. Shu orada ko'p mamlakatlarni bosib olgan sulton Mahmud kunlardan bir kun Sayidaning huzuriga elchisini yuborib, uning nomidan xutba o'qitib, xiroj to'lab turishni talab qildi, Sayida uning elchisiga shunday dedi: "Erim tirikligida men, Mahmud G'aznaviy kelib yurtimizni bosib olmasaydi, deb qo'rqar edim, endi qo'rqmayman. Yo u yengadi, yoki men. Men zafar qozonsam, butun dunyo, ilgari yuz podshoni yenggan Mahmud xotin kishidan yengilibdur, deydi, Agar u g'olib kelsa, shun¬day ulug' podsho xotin kishini yengib, fatxnoma yozdiribdur, deb ta'na qilg'ay. Bu sulton uchun shon-shavkat emas, shu sababdan    hukmdoringiz men bilan jang qilmaydur!".
Bu javob Mahmud G'aznaviyning izzat-nafsiga qattiq tegdi va Sayida tirikligida uning yurtiga dahl qilmadi. Sayida mamlakatni bexavotir idora qilaverdi, biroq uzoqqa bormay, boshqa bir tashvish uni kemira boshladi. O'g'li Majduddavla balog'at yoshiga yetgandan keyin ham es-hushini yig'ishtirib olmadi. Bo'yi cho'zilib mo'ylab sabz urgan bo'lsa-da, uning bolaligi qolmadi.
Majduddavla ovqatni tanlab yer, doimo kanizaklar bilan quvlashib o'ynab yurar, davlat ishlariga qiziqmas edi. Ikki-uch yildan keyin o'yin-kulgi, bemehnat hayot, shohona maishat ko'ngliga ura boshladi. Sozanda-yu navozandalarning ham savti unga yoqmas, xushro'y raqqosalar ham o'yin tushib uni ovuta olmas edilar. Shahzoda yakka o'zi saroy bog'ini aylanadigan, o'zi bilan o'zi gaplashadigan bo'lib qoldi. Onaizor:
"Bolam, nega muncha yurasan, o'tirib dam olsangchi", — dedi, u: "O'tirgandan yotgan yaxshi, yotgandan o'lgan yaxshi demak istaysiz, rostdan ham hayotdan o'lim afzal", — deb valdirar edi. Chaqirilgan tabiblar, shahzoda molihulyo  kasaliga yo'liqmish, deb uni turli-tuman dorilar bilan davolay boshladilar. Biroq hech qanday dori-darmon unga kor qilmadi. Sayida ibn Sinoning daragini eshitib, jilovdorini yasog'liq ot bilan u istiqomat qilgan karvonsaroyga yubordi. Shahzodaning kasalidan xabardor bo'lgan ulug' hakim saroydan taklifnoma kelishini kutar edi. Shu sababdan ikkilanmay yaltiroq to'nli yosh mulozimni yaxshi qarshi oldi, egniga buxorocha olacha to'nini, boshiga ko'k sallasini o'rab otga mindi va oldiga tushib tez-tez yurib ketayotgan jilovdor orqasidan otini haydab keta berdi. Tog' etagidagi saroyning naqshinkor katta dar-vozasidan kimxob va parcha to'nli mulozim, a'yon va akobirlar gerdayib kirib, chiqib turar edilar. Ulug' hakim darvoza oldida egardan tushib otni posbonga berdi, shu payt yaltiroq to'nli bir kibor ta'zim qilib uni ichkariga boshladi.
Salomxonada fil suyagidan ishlangan bezakli taxtda qimmatbaho libosiga duru gavhar qadalgan malika viqor bilan o'tirar edi. Yetti qadam berida to'xtab ta'zim qilgan ibn Sinoga kulimsirab:
— Xush kelibsiz, safo kelibsiz, sizdek ulug' hakimning poytaxtimizga tashrif buyurishidan behad xursandman, — dedi. Tumtarog'li gaplardan keyin u o'z dardini izhor qila boshladi. — Bizni bul g'amdan qutqaring, o'zingiz ham marhamatimizdan bahramand bo'lg'aysiz.
Oltmishga borib qolgan bo'lsa-da, husnini uncha yo'qotmagan, quloqlari va tomog'ini kashmiriy ro'mol bilan o'rab olgan yo'g'on gavdali malikaga qarab:
— E, saodatli malikaiy zamon, — dedi qo'lini ko'ksiga qo'ygan ibn Sino, — noumid bo'lmang. Dard bor yerda davo ham bor, tadorikini qilurmiz, inshoollo, shahzoda shifo topib, chirog'ingiz avvalgidan ham ravshanroq yona boshlar...
Qabul marosimi tugagandan so'ng tabib bemorni ko'rish istagini bildirdi.
Majduddavla mo'ylab qo'ygan, uzun bo'yli, oriq, peshonasi tirishgan, sustkash yigit edi. U shifokor bi¬lan istar-istamas so'rashib, savollariga to'ng'itlab javob berdi. Ibn Sino ham takallufni yig'ishtirib qo'ydi, uni to'shakka yotqizdi-da, tomirini ushladi, bejo ko'zlariga tikilib, tilini chiqarishni buyurdi, qorniga panjasini qo'yib urib ko'rdi. Keyin uni o'rnidan turg'azib, qo'liga dori berdi, erta bilan yangi sog'ilgan sut ichib turishni tavsiya etdi.
Biroq shahzoda sut ichishni ham, dori iste'mol qilishni ham istamas edi. Oradan bir necha kun o'tgandan keyin ibn Sino malika huzuriga kirib, shahzodani dori-darmonlar bilan tuzatib bo'lmasligini aytdi.
— Sizdek hokimi hoziqdan bul gapni kutmagan edim, nahotki bir iloj topolmasangiz? — dedi malika qovog'ini solib. — Borgan sari safrosi qo'zib, yoboniy odamga o'xshab ketayotir ul. O'zini osib o'ldirmasaydi, deb qo'rqaman.
— Molihulyo kasaliga duchor bo'lgan kishini davolashning yana bir usuli bor. Unga ajalning dahshatli basharasini uzoqdan ko'rsatib qo'ymoq kerak, shundagina ul hayot gulshanining go'zalligini his eta boshlar...
— Agar shul gapni sizdan boshqa odamdan eshitsam, omon qo'ymas edim, — dedi Sayida ko'zlarini chaqnatib. — Tezroq, ayting, qanday usul qo'llamoqchisiz?
Ibn Sino kechasi bilan o'ylab chiqqan narsalarini gapirib bergan edi, malikaning rangi o'chib ketib:
— Yo'q, — deb yubordi, — agar qo'rqib yuragi qinidan chiqib ketsa-ya? Oqibatini o'yladingizmi?
— Shahzoda qo'rqoq yigitlardan emas. Eshitishimcha, kurash tushish, musht urishni yaxshi bilar ekan. Xavotir olmang, ul janobning bir tuki to'kilsa, men javobgar.
— Agar boshqa iloj topolmagan bo'lsangiz, na qil¬urmiz, — malika iljayib qo'ydi. — Axir, bul masxarabozlik-ku. Siz hech tabibning aqliga kelmaydurgan kulgili usullarni o'ylab topibsiz. Na qilsangiz mayli, sizga ijozat.
                                                       
* * *
Bir kuni kech paytida Majduddavla odati bo'yicha tog' yonbag'ridagi saroy bag'rida yakka o'zi sayr qilib, hayotning jirkanch va bebaqoligi, o'limning abadiyligi to'g'risida xayol surib yurar edi. U yuqoriga ko'tarilib, barglari katta-katta, sershox eman daraxti oldida to'xtadi, qaysi bir shoxiga arqon tashlab, o'zimni ossam ekan, deb o'ylayotgan mahalda qayoqdandir bir yigit orqasidan kelib qo'lini qayirdi, uning sherigi — yuzi niqobli pakana yigit ro'parasidan kelib, shahzodaning bo'yniga sirtmoq tashladi-da, arqonning uchini torta boshladi
— Tezroq bo'l... O'ldirib qo'lidagi gavhar ko'zli uzugini olgaymiz, belidagi oltin kamarini ham... — de¬di g'o'ldirab sherigi.
Dodlab yordamga chaqirishga shahzodaning izzat-nafsi yo'l qo'ymas edi. U bir ijirg'anib qo'lini chiqarib oldi-da, oldinga tashlanib, arqon uchini tortib turgan yigitni bir tepib yiqitdi, bo'ynidagi sirtmoqni olib tashlab, uning sherigiga tashlandi.
Bir daqiqalik olishuvdan keyin "qaroqchilar" arang qochib qutulishdi.
Majduddavla harsillab, jiyagi so'kilgan olacha ipak to'nini to'g'riladi-da, changini qoqib orqaga qaytdi. Qo'rquv aralash g'azabdan dag'-dag' titrar, soqchisiz, qurolsiz sayrga chiqqaniga o'kinar edi. Ko'shkiga qaytib kelgandan keyin kiyim-boshini almashtirib, yuvinib oldiyu xonayi xosiga kirib qars urdi. Ikki buk-ilib kelgan mulozimiga g'alat ovoz bilan:
— Sharobdorga ayt, bir piyola may keltirsin! — deb buyruq berdi. Ikki qultum sharobi nobdan keyin hayot uning ko'ziga kamalakdek rang-barang va go'zal ko'rina boshladi.
O'g’lining sarguzashtidan xabardor bo'lgan Sayida uning ko'zlarida hayot shami porlab, yuzi yorishganini ko'rgach, behad xursand bo'ldi, lekin hech narsa bo'lmagandek, sipolikni qo'ldan bermay boshini baland ko'tarib qovog'i solig'ligicha yuraverdi.
Sayidaning o'g'lini davolab obro' qozongan ibn Sinoga ilmu fan ishlari bilan shug'ullanish uchun imkoniyat eshiklari keng ochildi. Dardiga shifo topgan odamlar har qadamda unga minnatdorchilik bildirar, bu esa uning kuchiga kuch qo'shar edi. Shunga qaramay u mag'rurlanib ketmas, kamtarlikni qo'ldan bermas edi.
Bir kuni Abu Ubayd ustodining xonasiga: kirganda u har kundagidek xontaxta yonida o'tirib, bir narsalarni yozayotgan edi.
— E, Juzjoniy, yaxshi keldingiz, — dedi u salomga alik olib, ishini davom ettirar ekan, — hozir men sizni o'ylab turgan edim. Inim Mahmudga maktub yozayotirman. O'zingizga ma'lum, dunyoviy ilmu fan bilan shug'ullanuvchi olimlar, jumladan bizning qarindosh-urug'lar, tanish-bilishlar Buxorodan ketib qolganlar. Inim ona shahrida musofirga o'xshab qolgan bo'lsa kerak. Na qilur ul yerda bo'ynini qisib yurib! Kelsin bizning huzurimizga, rohat ko'rsin!
— Rost aytasiz, sizdek og'asi turgan shaharga kelib rohat ko'rsin. Xatni yozib bo'lib menga bering, ertaga Buxoroga ketayotgan tanish bir savdogardan berib yuboray.
— Xuddi ko'nglimdagi gapni aytdingiz, niyatimiz bir joydan chiqdi. Men hozir... tamomlab, tumor qilib o'rayman-da, qo'lingizga tutqazaman.
Juzjoniy ustodining birdaniga ikki ishni qila olishiga, u bilan gaplashib turib, xat yozayotganiga taajjublanib qarab qoldi. Keyin maktubni olib, xursand bo'lganicha ko'chaga chiqib ketdi.
                                                     
* * *
— Buxorodan chiqib kelganim uchun ming qatla shukur, — dedi Mahmud og'asiga nafasini yaqinlashtirib. — Ona yurtimiz bidd'at tuzog'iga ilinib qol¬di. Har qadamda mullolar mening ismoiliya mazhabida ekanligimni yuzimga solib: "Og'ang kofir, sen shia mazhabidagi murdor kishidirsan!" — deb dag'dag'a qilur edilar. Ruhimda adovat urug'lari tomir yoyib kelayotganida g'azabimni yutib Buxorodan chiqib ketdim. Bul yerga kelib erkinlikning lazzatini his etayotirman.
Dasturxonga fotiha o'qilib, mehmonlar chiqib ketganlaridan keyin aka-uka yolg'iz qolib, hasratlashib o'tirar edilar.
— Qayerda bo'lsang ham tilingni tiyib yur, hamma bilan totuv yashab bo'lmaydur, — dedi ibn Sino ukasiga tikilib.
— Mendan xavotir olmang og'a, achchig'-chuchukni totib, ko'zim ochilib qolgan. Taqdirga tan berib, hayotning sinovlariga bardosh bermoqqa o'rganib qolganman.
Mahmud gapga chechan bo'lsa ham, ilm-fanning hech bir sohasida chuqur ma'lumoti yo'q, g'ayratsiz bo'lgani uchun miyasiga qadalgan bilim urug'lari o'sib, sermahsul daraxtga aylanmagan edi. Shunday bo'lsa ham, ibn Sino inisini sevar, hozir uning iliq nafasi yuragiga to'plangan g'am-g'ussalarni uchirib ketganday bo'lar edi.
                               
HAMADON SAFARI

I   
Ray shahri tog' yonbag'riga joylashgan, iqlimi mo’tadil go'zal shahar, lekin ba'zan bodi sabo shamol tomondan esganda, Dimovand cho'qqisidan chiqib turgan dud shaharga tarqalib havoni buzib, hammani bezovta qilar edi. Xuddi shuningdek Mahmud G'aznaviy hukm surgan saltanat sahrosidan esa boshlagan sovuq shamol kattadan-kichikni sarosimaga solib qo'ydi.
Bir kun ibn Sino o'z uyida xontaxta yonida ishlab o'tirgan paytda saroy xizmatkori kelib ta'zim qildi-da:
—Malikaiy oliyshon sizni o'z huzurlariga chorlayotirlar, — dedi.
"Nima hodisa yuz berdi ekan? Nega bemahalda unga kerak bo'lib qoldim?" — deb o'yladi olim o'rnidan turar ekan. Darhol qimmatbaho yo'1-yo'l choponini kiyib, boshiga ko'k sallasini o'radi-da, ko'chaga chiqdi. Eshik oldida malikaning jilovdori egarlog'liq arabiy otni ko'ndalang qilib turardi.
- Xizmatlariga tayyorman, ey malikaiy zamon,— dedi Abu Ali salomxonaga kirib, ta'zim-tavoze qoidalarini bajo keltirgandan so'ng.
Sayida gapni cho'zib o'tirmay darhol maqsadga ko'chdi. Sulton Mahmud G'aznaviy vakilini yuborib undan o'z nomiga xutba o'qitishni, boj-xiroj to'lab turishni talab etayotganini bayon etib:
— Zolimning qo'liga tushmaslik uchun tinchroq bir yerga borib, boshpana topganingiz ma'qul, — dedi. — Janobingizdan ko'p yaxshiliklar ko'rdim, shul sababdan sizni axtartirib yurgan sulton qo'liga tushishingizni istamayman. Darhol otlanib, Hamadon sari yo'l oling. Men ul diyorning hukmdori — katta o'g'lim Shamsuddavlaga xat yozib beray. Aminmanki, sizni ul bajonu dil qabul qilib olg'ay.

II
Tong paytida ustod bilan shogird yuklarini ot-eshaklarga ortib yo'lga tushishdi. Ray bilan Hamadon orasi tog'li yo'l, dovonlar uncha baland emas, yo'l qish va erta bahor paytidagina xatarli bo'lib, qor ko'chkinlari yo'lovchilarni bosib qoladi, lekin yoz oylari ot va eshaklar ustlaridagi yuklari bilan bu dovonlardan qiynalmay oshib o'taveradilar.
Yo'lovchilar uch kundan keyin Ko'shkak dovoni ostiga borib yetishdi, ot-eshaklar ustidan yuklarini tushirib, ularni o'tga qo'yib yuborishdi-da, sharaqlab oqib yotgan soy bo'yiga, serbarg eman daraxti soyasiga joy solishdi. Bir oz o'tirib dam olganlaridan keyin Abu Ubayd bilan Mahmud ovqat pishirish uchun emanzorga o'tin tergani ketishdi. Oradan o'n-o'n besh daqiqa o'tmay bir quchoq shox-shabba ko'tarib kelayotganda umrida uchratmagan bir narsani ko'rgan kishiday ko'zlarini katta ochib, turgan joyida qotib qol-di. O'ttiz besh yoshga qadam qo'ygan, ilm-ma'rifat cho'qqisini egallagan baobro' ustodi xuddi yosh boladay o'z soyasi bilan olishayotgan edi. U orqasini oftobga o'girib, bo'yi o'zi bilan teng ko'lankasiga birdan tashlanar, o'ng qo'li bilan uning bo'ynidan bo'g'ib olishga urinar edi, lekin qo'li soyasining bo'yiniga emas, beliga borib tushardi. Keyin qomatini rostlab so'l qo'li bilan shu harakatni takrorlar edi. Besh-olti marotaba urinib, nafasini rostladi-da, suv bo'yidagi terakni goh o'ng oyog'i bilan, goh so'l oyog'i bilan tepa boshladi. So'ngra lattaga o'ralgan ikkita juvoldizni yerdan olib, ikkalasini terakka sanchdi va zudlik bilan o'ng tomondagisini so'l qo'li bilan, so'l tomondagisini o'ng qo'li bilan sug'urib oldi. Shu zaylda juvoldizlarning joyini tez-tez almashtirib turdi. Bu mashqlardan so'ng chuqur-chuqur nafas oldi-da, ikki oyog'ini birlashtirib turib, olg'a bir qadam, orqaga bir qadam tashlab sakray boshladi.
"E, badantarbiya! Tez-tez yurish, nayza otish, kurash, musht urish kabi mashqlar to'g'risida menga gapirgan edilar, — deb o'yladi Abu Ubayd, — lekin soya bilan olishish, juvoldiz sanchish to'g'risida og'iz ochmagan edilar-ku! Bu yangi mashq turlarini keyin o'ylab topgan bo'lsalar kerak.
Abu Ali esa nafasini rostlab, eman daraxti ostidan sharaqlab oqayotgan soyda yuvina boshladi. Abu Ubayd quchog'idagi o'tinni yerga qo'yib, toshlardan o'choq yasadida, ustiga dekcha o'rnatdi.
Mahmud esa shamshod, qayin, chinor daraxtlari bi¬lan qoplangan, o'rtasidan soy oqib o'tgan vodiyning go'zalligiga mahliyo bo'lib, cho'pchak terishni ham unutib qo'ydi. Havo muattar, oftob nurida tovlanayotgan rang-barang gullar ustida kapalaklar aylanib yurar, tog' asalarilari ularning bolini so'rar, daraxtlar esa bir-birlari bilan shivirlashib, asta bosh chayqab qo'yar edilar.
Uzoqda tizza bo'yi o't ichida turgan kiyik atrofini tomosha qilayotgan odamga shubha bilan qarab burun kataklarini kerdi-da, pishqirib daraxtlar orasiga kirib ketdi. "Qo'limda o'q-yoy bo'lganda ham otmas edim bu go'zal jonivorni, — deb o'yladi Mahmud kiyikka zavq bilan qarab. — O'zining qisqa umrini shu xushmanzara vodiyda tinchgina o'tkazsin, erkinlikdan mahrum bo'lmasin".
U ozroq o'tin terib hamrohlari yoniga kelganda dekchada sho'rva biqirlab qaynayotgan edi.

III
Hamadon Rayga nisbatan kichikroq shahar bo'lsa ham, karvonsaroylari ko'p, savdo-sotiq, hunarmandchilik taraqqiy qilgan shahar. U baland qo'rg'on bilan o'ralgan bo'lib, ichkariga to'rtta temir darvozadan kirilar edi.
— Ibn Sino, Abu Ubayd, Mahmud shaharning o'rtasi¬dan oqib o'tadigan Murodbeksoy qirg'og'idagi. katta karvonsaroyga tushishdi, ulovlarni sayisga topshirib, yuklarini hujraga joylaganlaridan keyin soyga tushib yuz-qo'llarini yuvishdi.
— Bahavo, salqin shahar ekan. Saraton oyida ham odam terlamaydi-ya! — dedi Abu Ubayd belbog'i bilan qoracha, yumaloq yuzini artar ekan.
— Ha, — dedi ustod, belbog'ini bog'lab turib.— Rayga nisbatan bul shahar ancha baland yerga joylashgan, tevarak-atrofi tog';  iqlimi mo’`tadil.
— Shamsuddavla diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor, o'zini ma'rifat homiysi deb bilgan hukmdor ekan, iloyim, bu yerda omadimiz kelsin.
— Baxt-saodatning ham vaqti-soati bor. Urinavergan kishi bir kun emas, bir kun maqsadiga erishgay..
— Omin, — dedi shogird jon-dili bilan. Shamsuddavla yoshligida xususiy muallimlardan arab tilini yaxshi o'rganib olgan, ilmi hikmatdan xabardor, g'ayratli hukmdor edi. Lekin izzat-nafsi haddan tashqari kuchli bo'lgani uchun ozgina o'tkir gapni ko'tara olmas, asabiyligi tufayli me'da kasaliga yo’liqib, ovqat hazm qilolmaydigan bo'lib qolgan edi. Tabiblar uni tuzata olmay boshlari qotib turgan paytda ibn Sinodek tabibi hoziqning o'z oyog'i bilan kelishi yaxshilik alomati deb topishdi.
Saroy vaziri ibn Sinoni salomxonaga boshlab olib kirishidan oldin qabul tartibi bilan tanishtirib:
— Fuqaro zoti oliylari huzurlariga kirganlarida yetti qadam berida to'xtab, yer o'padurlar, ammo oliy martabali a'yonlar, olimlar yerga bosh qo'yishdan ozod qilinganlar, — dedi.
"Eronning bir parcha yerida hukmron bo'lgan zot o'zini somoniylardek katta tutar ekan", — deb o'yladi ibn Sino bu gapni eshitib va tap tortmay salomxonaga kirib ta'zim qildi. Qimmatbaho javohirlar bilan bezatilgan taxt ustida qotmadan kelgan, rangi bir oz siniqqan zarchoponli hukmdor viqor bilan o'tirardi. Xonaning ikki tomonida kimxob, shohi atlas to'nlar kiyib, bellariga oltin, kumush kamar bog'lagan a'yonlar qo'l qovushtirib turar edilar.
Shamsuddavla Buxoro olachasidan to'n kiygan, qirra burun Abu Aliga bir tikilib, salomga alik oldida, uni o'z poytaxtida ko'rganligidan mamnun ekanligini aytdi.
Besh-olti daqiqali tantanali qabul marosimi tugagandan keyin o'zini ko'rsatish uchun uni o'z hujrayi xosiga taklif etdi. Ibn Sino betakalluflik bilan hukmdorni oddiy bemordek to'shakka yotqizib, tomirini ushlab bosh chayqadi, keyin qorniga qo'lini qo'yib, ustidan urib ko'rdi-da, o'rnidan turg'izdi.
— Eng oldin a'zoyi badaningiz chiqitlarini tahlil qilib, kasalingiz nima ekanligini keyin aytaman, — de¬di.
Ertasiga u Shamsuddavlaning qulanj degan dardga mubtalo bo'lganligini, ya'ni ichagida yara paydo bo'lganligini aytib, sharob ichish va qalampir bilan qovurilgan go'sht yeyish mumkin emasligini uqtirdi va turli giyohlarning urug'idan tayyorlangan bir shisha dori tayyorlab kelganligini ma'lum qildi.

IV
Kundan kunga sog'ayib, tetiklanib borayotgan hukmdor bo'sh vaqtlarida alloma bilan turli mavzularda suhbatlashib o'tirar, uning har tomonlama, chuqur ma'lumot egasi ekanligini ko'rib hayron qolar edi. Bir kuni u gapni aylantirib, davlat arboblarining qanday xususiyatlarga ega bo'lishi to'g'risida savol berdi.
— Har qanday odam ham vazir yoki hokim bo'lolmaydur, — deb javob qildi ibn Sino. — Hukumat arboblari sog'lom, rostgo'y, so'zga usta, irodali bo'lishlari kerak. Yolg'onchi, firibgar, pul yig'ish payida yurgan poraxo'r amaldorlarni ishdan bo'shatib yuborib, o'rinlariga fazilatli, zulmga va boylik orttirishga nafrat bilan qarovchi odamlarni topib qo'ymoq lozim.
Keyin u qishloq aholisining yukini yengillatish, shaharlarda hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish to'g'risidagi fikrlarini bayon qildi.
Shamsuddavla moliya ishlarini tartibga solish, mustavfiy-hisobchilarning ishlarini tergab turish, po¬raxo'r amaldorlarni ishdan chetlatib, o'rinlariga halol odamlarni qo'yish to'g'risida xayol surardi. Uzoq mulohazalardan so'ng u ibn Sinodek ilmi hisobni yaxshi biladigan, halol, boylik orttirish niyatida bo'lmagan shaxsni xojaiy buzruk — vazir qilib olishga ahd qildi.
Abu Ali ham mamlakatni idora qilish to'g'risidagi g'oyalarini hayotga tatbiq qilmoqchi edi, shu sababdan Shamsuddavlaning taklifini darrov qabul qildi.
     
* * *
Sipohsolar Tojulmulk shahar tashqarisidagi bog'iga eng yaqin do'stlari, muovinlarini, shayxulislom va hokazolarni taklif etgan edi. Quyuq-quyuq ovqatdan so’ng dasturxonga fotiha o'qilgach, yuz-ko'zini soqol bosgan ot yuzli uy egasi chap ko'zini qisib mehmon-larga shunday dedi:
— Tokaygacha chidab turgaymiz yangi vazirning zulm va taaddiylariga! Zodagon amaldorlarni, bizning yor-birodarlarimizni ishdan bo'shatib, o'rinlariga tagi past mullabachchalar, umri kitob ustida o'tgan olimlarni qo'ymoqda, uch oydan beri askarlar maosh olmaydilar, xazinadagi pul ariq va koriz qazish, ko'prik solishga sarflanayotir, saroyda bizning so'zimiz o'tmay qoldi. Zoti oliyni ul buxorolik jodugarning fusunlaridan qutqarib olmoq kerak...
Uning uzundan-uzoq nutqiga sabrsizlik bilan quloq solayotgan shayxulislom moshbirinch soqolini chimdib:
— Abu Alining qilgan ishlari shariatga ham muvofiq emas, — dedi. — Ul shia mazhabidagi qishloq ahlining yukini yengil qilib, zamindorlarning daromad manbalarini quritmoqda... Eshitishimcha, Abu Alining otasi shia va qarmatlarga yaqin bo'lgan ismoiliylar mazhabida ekan.
— Ana ko'rdingizmi! — deb ko'zlarini o'ynatdi mufti, — bas, shundog' ekan, ani ishdan chetlatishni zoti oliydan talab etmoq kerak...
Shu majlisda o'tirgan yoshgina bir zobit — shaharning eng mo’`tabar kishilaridan biri — Abu Saidning jiyani ibn Sinoni ogohlantirib, uni falokatdan qutqarish kerakligini ko'ngliga tugib qo'ydi. Bir necha oy otasi betob bo'lib qolganda tabibi hoziq uni davolab, joniga ora kirgan edi.
                                                     
V
Ertalabki ziyofat vaqtida Shamsuddavla mulozimlariga qarab:
— Abu Ali har kuni biz bilan nonushta qilguvchi edi, negadir shul mahalgacha daragi yo'q, — dedi-da, bir mulozimiga yuzlanib amr qildi: — Farroshni yuboring, tabibimizni darhol chorlab kelsin.
Jiyakli olabayroq shohi to'n kiygan ko'k sallali mulozim bosh egib ko'chaga chiqib ketdiyu bir ozdan so'ng qaytib kelib:
— Saroyni behisob askarlar o'rab olgan, hech kimni kiritmayotirlar, — dedi.
— Yolg'on! — dedi rangi quv o'chgan hukmdor mulozimiga qarab.
— Rost! — dedi gurs-gurs qadam tashlab kirgan qurolli sipohsolar, — mulozimingiz Mir Atoullo yolg'on aytmadi. Butun lashkar va sipohiylar isyon tug'ini ko'tarib huzuringizga keldi. Janoblarini soxta yo'lga boshlagan vazir Abu Alini ishdan bo'shatib yuborib, jazosini berishni talab eturmiz.
To'rda zarbof to'shak ustida o'tirgan Shamsuddavla bo'zarib:
— Hoy, nonko'r! — deb baqirdi. — Sen bizning marhamatimizga sazovor bo'lding, ne'matlarimizni yeding. Iltifotimiz soyasida behisob davlat va mulk orttirding. Endi itoat ipini uzib, yuzimizga oyoq qo'ymoqchimisan?
— E, zoti oliy, — dedi Tojulmulk qo'l qovushtirib.— Men janoblarining sodiq qulidurman, sadoqat iplarini uzganim yo'q. Biz xojayi buzruk lavozimini egallagan firibgar Abu Aliga qarshi qurol ko'tardik. Uning taaddisi shul darajaga yetdikim, biz jonimizdan to'yib, is¬yon tug'ini ko'tarishga majbur bo'ldik. Ul sehrgarni bizning qo'limizga topshiring, jazosini beraylik...
Ziyofatda o'tirganlar xuddi til biriktirganday sipohsolarning gaplarini tasdiqlab, ibn Sinoni darhol ishdan bo'shatib yuborishni talab etdilar. Hamma akobir va amaldorlar, lashkarboshilarning bir yoqadan bosh chiqarganlarini ko'rib hukmdor shashtidan tushdi. U chuqur mulohazaga botgan kishidek, chap qo'li bilan tirishgan peshonasini changallaganicha o'yga toldi. Atrofini o'rab olgan isyonchilar uning oqarib ketgan cho'zinchoq yuziga qarab, nima hukm chiqarishini kutib turdilar.
"Hozircha isyon tug'ini ko'tarib kelgan bu beboshlarning gapiga ko'nishdan boshqa iloj yo'q. Keyin oralariga nifoq solib, yana ularni jilovlab olarman", — deb o'yladi u va yonidagi kotibiga yuzlanib:
— Abu Ali ibn Sinoni xojayi buzruklik mansabidan bo'shatib, o'rniga Abu Ja'far Muhammadni tayinlaganimiz to'g'risida farmoni oliy hozirlang! — deb buyruq berdi. A'yonlar yengil nafas olib, bir-birlariga kulib qarab qo'ydilar.
                                                 
* * *
Abu Ubayd ustodining qo'lyozmalarini ro'molga tugib turgan paytda sovut kiygan bir zobit kirib:
— Hoy Abu Ali, yaxshilikcha taslim bo'ling! — deb do'rilladi.
— Uyda yo'qlar, erta bilan chiqib ketganlaricha qaytib kelganlari yo'q, — deb jayob qildi rangi o'chib ketgan Abu Ubayd.
— Yolg'on aytasan, bir yerda yashirinib yotgandir ustoding.
Uning askarlari hamma xonalarni titkilab uy egasini topolmadilar.
— Qayga ketdi, ayt, — deb o'dag'ayladi zobit, hamon o'z ishi bilan mashg'ul bo'lgan sodiq shogirdning tepasiga kelib.
Shu payt narigi xonadan bir-birlari bilan oiishayotgan odamlarning shov-shuvi: "Mana, bu yerda ekan, ushladik", — degan ovozi eshitildi. Xonama-xona allomani izlab yurgan askarlar o'rnidan turayotgan Mahmudni Abu Ali deb o'ylab, qo'liga kishan solmoqchi bo'ldilar. Xonaga yugurib kirgan zobit bilan Abu Ubayd ko'zlari qinidan chiqib ketayozgan, mushtini do'laytirgan Mahmudni ko'rdilar.
— O'zingizni bosing, g'azab qo'ziganda uni jilovlab olmagan kishining boshiga falokat keladur, — dedi Abu Ubayd unga yolvorib. So'ngra uyoq-buyoqlarini titkilayotgan askarlarga qarab so'zida davom etdi: — Sizlar adashibsizlar, bul kishi Shayxurrais emas, ularning inilaridir..
— Rost, — deb uning so'zini tasdiqladi zobit. — Bu odam Abu Alining inisi Mahmuddur, men tanimayman, ammo shakl-shamoili og'asinikiga o'xshaydur. Shu sababdan adashgan bo'lsangiz kerak. — U Abu Ubaydga yuzlanib o'dag'ayladi: — Shayx qayerda, ayt!
— Bilmayman!
— Aytmasangizlar, uyingizni g'orat qilurmiz! Uning amri bilan askarlar allomaning uyidagi qimmatbaho gilamlar, tilla, kumush asboblar, idish-tovoqlarni yig'ishtirib ola boshladilar.
Tong paytida Hamadonning eng mo’   `tabar ulamolaridan Abu Said Nohiyning bir xizmatkori ibn Sinoning uyiga kelib, voqeadan xabardor qilgan va uni xo'jasining uyiga boshlab kelgan edi. Yoshi yetmishdan oshgan Abu Said allomani eski qadrdon do'stidek qabul qilib, unga uyidan alohida xona ajratib berdi. U hukmdorlar ta'qibi ostidagi bu begunoh ulug' odamni o'z himoyasi ostiga olganidan behad xursand bo'lar, bo'sh vaqtlarida u bilan suhbatlashib o'tirar edi.
Ibn Sino "Kitobi ashshifo" nomli buyuk asarini shu yerda tugatish niyatida edi. Bir hisobda shu mo"tabar odamning uyida berkinib yotganidan, ishlash uchun imkoniyat topganidan u xursand, uy egasi esa mehmonning ishlab charchamaganiga hayron bo'lar edi.
Zavq-shavq bilan ishlagan hakimi hoziq vaqtning qanday o'tganini bilmas, kasali kundan-kunga kuchayib borayotgan Shamsuddavlaga esa, oradan o'tgan bir yil asrdek tuyular edi. U faqat ulug' tabibi hoziqqa ishonar, shu sababdan boshqa tabiblarning bergan dori-darmonlari unga kor qilmas edi.
— Abu Alini toping, bo'lmasa bu dardi bedavodan o'laman, — dedi u qornini changallab.
Saroy amaldorlari vahimaga tushib, ibn Sinoni axtara boshladilar. Abu Ubayd bilan Mahmud shahardan chiqib ketgan edilar.
Bir kuni Abu Said mehmonini ahvoldan xabardor qilib:
— Sizni uyma-uy axtarayotirlar, agar mening uyimdan topsalar, ishim xarob,— deb qoldi.
— Janoblaridan shuncha yaxshilik ko'rdim, endi yomonlik qilmay, o'z oyog'im bilan o'shal dargohga boray, — dedi alloma o'rnidan turib.
                                                   
VI
Ibn Sino kiyinib, boshiga ko'k sallasini o'radi-da, dadil qadam tashlaganicha ko'chaga chiqib saroy tomon yo'l oldi. Darvozabon ham, ichkaridan chiqib kelayotgan kimxob, shoyi to'nli mulozimlar ham uni ko'rgach, salom berishni unutib, turgan joylarida qotib qoldilar. Ibn Sino ular bilan salomlashib, hol-ahvol so'rashdi.
— Bemor tuzalgisi kelsa, tabib o'z oyog'i bilan kelur, — dedi hujrayi xosda zarbof to'shak ustida o'tirgan hukmdor, saroy vaziri bilan birga kirib ta'zim qilgan ibn Sinoga. — Qani, o'tirsinlar. Avvalo shuni aytayki, sizga nisbatan adolatsizlik qildik. Mana, endi yo'l qo'yilgan xatolarning fojiasini boshimizdan kechirmoqdamiz. Shul sababdan sizdan uzr so'raymiz. Siz taqdirning sinovlariga bardosh berib kelgan mard odamsiz. Keling, o'tgan ishlarni unuting, marhamatimizdan foydalanib yangi va yangi kitoblar yozing, ma'rifat urug'larini soching.
Ibn Sino ta'zim qilib uning uzrini qabul qilganini bildirdi-da, yaqinroq borib tomirini ushlab ko'rdi.
"U endi qirq yoshga qadam qo'ygan bo'lsa ham, chakkalari oqarib, ko'zlarining atrofini ajin bosipti, — deb o'yladi Shamsuddavla. — Berkinib yotgan joyida jonini ayamay ishlagan bo'lsa kerak, lekin ruhi so'nmagan, ko'zlarida g'ayrat, aql-zakovat nuri porlab turipti".
Tabibi hoziq esa rangi sarg'ayib ketgan bemorga tikilib: "Arzimagan narsaga xunob bo'lish, ichkilikni me'yoridan oshiq ichish natijasi bu", — deb o'yladi va o'z fikrlarini yotig'i bilan bayon qildi.
— Rost, — deb uning gapini tasdiqladi Sham¬suddavla. — O'zingizga ma'lum, boshimga og'ir kunlar tushdi, dunyoning tashvishlarini unutish uchun mayga yopishib oldim. Siz yonimda bo'lsangiz, inshoollo, menga shifo eshigini ochib berursiz.
Yonida qomatini tik tutib o'tirgan keng peshonali hakimning vajohatiga qarab, uning qo'lidan davo topishiga ishonch hosil qildi.
Oradan bir hafta o'tmay saroy ahli hukmdorning rangi tozarib, o'zi tetiklashib qolganini ko'rgach, yoqalarini ushlab: "Bul tabibda bir gap bor, u jodugar", — deyishardi.
Bir kuni ibn Sino hukmdorni ko'rgani borganda:
— Yana mamlakat jilovini qo'lga oling, yana xojayi buzruk bo'ling, — dedi u.
— Kishi bir ishni ikki marotaba sinamasligi ke¬rak,— dedi ibn Sino sochlariga oq oralagan hukmdorga tik qarab.
— Qo'rqmang. Men nobop amaldorlarni ishdan chetlatib, o'rinlariga boshqa birovlarni qo'ydim. Saroy vaziri ham, bosh mustavfiy — xazinador ham sizga xayrixoh odamlar. Tojulmulkni qo'limga o'rgatib oldim, Tojulislomning qishlog'ini olib berganimdan so'ng, ul nafsi buzuq mullo bo'lgan ayiqdek qo'limni yalaydurgan bo'lib qoldi. Siz undan qo'rqmang. Mavqeimni mustahkamlab olganman, men bilan maslahatlashib ehtiyotkorlik bilan ish olib borsangiz, falokatga yo'liqmagaysiz!
"Xiyonat qilmasligimni, xizmatim uchun yer-mulk talab qilmasligimni u yaxshi biladi. Shu sababdan men¬ga qattiq yopishib olgan", — deb o'yladi ibn Sino.
— Janoblarining takliflarini qabul etmoqdan bosh¬qa chora yo'q, — dedi u vazirlik lavozimini qabul qilishga rozilik berib.
                                                     
VII
Alloma qurol kuchi bilan emas, savdo-sotiq, hunarmandchilik va ziroatchilikni rivojlantirish orqali mamlakatni boyitish kerak, degan aqidasiga rioya qilar edi. Qo'ni-qo'shnilarga hujum qilib, o'lja olish payida yurgan askarboshilarga uning bu siyosati qo'l kelmas edi.
"Bu holda askarlarning nima keragi bor? Agar qilich-qalqon ishga yaramasa, jangchilar ularni hujraga osib qo'yib, qo'llariga shaqildoq va dovul olishlari kerak ekan-da! Bo'lmagan gap! Agar boyib ketgan qo'shni amirlarga hujum qilib o'lja olib turilmasa, askarlar ham, sarkardalar ham jang rusumini unutib qo'yadurlar-ku", — deb po'ng'illar edilar sarkardalar. Ular turli vositalar bilan hukmdorni o'z yo'llariga solishga urina boshladilar.
Bir kuni Shamsuddavla ibn Sinoga:
— Menga hozircha ellik ming dinor pul kerak bo'lib qoldi, — dedi e'tirozga yo'l qo'ymaydigan ohangda.
— Sizning har bir farmoningizni bajo keltirmakka tayyorman, — dedi hukmdorga e'tiroz qilishga haddi sig'magan vazir, — ul holda shifoxona va madrasa qurilishini to'xtatib qo'ymoq kerak.
— Mayli! Bekor ishga chaqirilgan dehqonlar o'z joylariga jo'natilsin, ustalar dam olsinlar.
"Shuncha mablag' nimaga kerak bo'lib qoldi?" — degandek, ibn Sino uning ajin bosgan oppoq yuziga qarab qoldi.
Shamsuddavla allomaning ko'nglidagi gapni topib, qovog'ini soldi.
— Ko'pdan buyon muhoraba bo'lmagani uchun qilichlar zanglab, askarlar jangovarlik xislatini yo'qotmoqdalar. Olingan ma'lumotlarga ko'ra qo'shnimiz Kirmonshoh viloyatidagi Torim shahri amirning xazinasi tillo va kumush bilan to'lgan emish. Bir hamla bilan ham boylik orttirgan, ham sizning sulhparvarlik siyosatingizga qarshi bo'lgan sipohiylarni tobe' qilgan bo'lurmiz.
— Podshohning amri vojib, — dedi alloma siyqasi chiqqan eski gapni ishlatishga majbur bo'lib.
                                                     
* * *
Shamsuddavla tishidan tirnog'igacha qurollangan qo'shin oldida gijinglab ketayotgan arabiy otining jilovini tortib borar, orqasidan saf tortib kelayotgan otlarning kishnashini, o'lja talab lashkarning g'ovurini eshitib ko'ngli ko'tarilar edi.
Tushga yaqin etagidan buloqlar qaynab chiqib turgan serdaraxt tog' yonbag'riga lashkargoh qurildi. O'rtaga tikilgan ipak chodir ichida dam olib o'tirgan hukmdor bir tovoq-yahna go'sht keltirgan mulozimiga iljayib:
— Eng avval yurakka quvvat, belga mador bag'ishlaydurgan sharob-nobdan keltir, — dedi.
Uning sog'lig'iga posbon bo'lgan tabibi hoziq poytaxtda qolgan, endi u ko'nglining ko'chasiga kelgan xirslardan o'zini tiyolmas edi. G'alaba qozonishga qattiq ishongan lashkarboshilar ham unga taassub qilib, xursandchilikka berildilar. Holbuki, Torim amiri o'zining xufyalari orqali dushmanning qo'shin tortib kelayotganidan xabar topib, tayyorgarlik ko'rib qo'ygan, tog' etagidagi qulay bir joyga lashkargoh qurib yovning kelishini kutar edi.
Erta bilan uning askarlari ufqdan bosh ko'tarib chiqqan oftobga orqalarini o'girib saf tortdilar. Karnay-surnaylar askarlarning ruhlarini ko'tarib mardlik ko'rsatishga da'vat etar edilar.
Shovqin-suron bilan nayzalarini otlarining qulog'iga qo'yib, oyoqlarini uzangilarga tirab uchib ke¬layotgan Hamadon suvorilarining oldingi safi avvaldan qazib, ustiga shox-shabba tashlangan xandaqlarga qulab tusha boshladilar. Yiqilgan otlarning kishnashi, mayib bo'lgan otliqlarning ingrashi eshitildi. Ikkinchi, uchinchi qatordagi suvorilar otlarining boshlarini yon tomonga burdilar, ularning saflari aralashib ketdi. Asosiy kuchlar to'qnashmasdan burun ro'y bergan bu hodisa hujumchilar uchun yomon alomat edi. Ikki tomonning piyoda askarlari urushib turgan paytda Torim suvorilari yon tomondan bostirib kelib qolishdi. Hamadon qo'shini pala-partish chekina boshladi.
Mag'lubiyat xanjari ko'ksiga sanchilgan Shamsuddavlaning egar ustida o'tirishga ham quvvati qolmagan edi. U otini mulozimiga topshirib, shakli tobutga o'xshagan taxtiravonga chiqib oldi, to'rt barzangi yigit uni ko'tarib jarlar, jilg'alar, tepalar orqali poytaxt tomon yo'l oldilar. Yonida bo'lgan tabiblar uni o'lim changalidan qutqarishga harakat qilib ko'rdilar, biroq ularning urinishlari bekor ketdi. Shamsuddavla Hamadonga yetmasdan yo'lda qazo qildi. Uni dafn etishdan oldin a'yon va akobirlar to'planib shahzoda Samouddavlani taxtga o'tirg'izib, boshiga toj kiygizdilar.
                                         
QAMOQDA                                               

I
Taxtda kerilib o'tirgan, chertsa betidan qon tomadigan lo'ppi yuzli yosh hukmdor ibn Sinoning qo'lidan arizasini olib o'qidi-da, qovog'ini solib:
. — Iste'folarini qabul etmayman, borib vazifangizni bajaravering, — dedi..
— Yalinib-yolvorib so'rayman: meni bul og'ir vazifadan ozod etsinlar. "Al-qonuni fittib" nomli asarimni tamomlash niyatidaman.
— Yaxshilikni bilmas ekansiz, — dedi Samouddavla so'zini o'tkaza olmagandan keyin. — Hamadon shahrida iste'dodli davlat arboblari qurib qolgani yo'q. Boring, chala qolgan ishingizni bitiring!
Alloma chiqib ketgandan keyin hukmdor Tojulmulkni chaqirtirdi.
— Afsuski, shunday tajribali odam sizga xizmat qilmoqdan bosh tortibdur, — dedi mag'lubiyatdan keyin chap ko'zi yumilib qolgan sipohsolar uning gapini eshitib. — Rost, o'zi halol, serg'ayrat odam, shul qadar ziyrakki, mustavfiy-hisobchilarning daftarlarini bir ko'zdan kechirishdan xatolarini topadur, ammo keyingi vaqtlarda ilmiga mag'rur bo'lib kibru havo hosil qildi, ulug'larni nazar-pisand qilmay qo'ydi. Lekin bir asp yurish bilan uni mot qilish qiyin emas. Podshohning amrini vojib deb bilmagan odamning qay ahvolga tushuvini o'z ko'zi bilan ko'rsin!
Oradan ikki hafta o'tar-o'tmas u hukmdorning huzuriga kirib ta'zim qildi-da:
— Mana Abu Alining xiyonatini isbotlovchi dalil, — dedi naycha qilib o'ralgan nomani uzatib.
Zardo'z choponi yaltirab turgan Samouddavla uni qo'lga olib:
— Mazmunini aytib bera qoling, ochib o'qib o’tirishga toqatim yo'q, — dedi sabrsizlik bilan.
— Abu Alining uyida ayyor bir qul bor, bizning xizmatimizda, — deb hikoya qila ketdi ot yuzli sipohsolar miyig'ida kulib, — hojasining uyiga kim kelib, kim ketib turgani, nimalar haqida so'zlashganlari to'g'risida bizga ma'lumot berib turadur. U bir kuni hojasining noma'lum bir odamga noma topshirib, kechasi uni Isfaxonga jo'natganidan bizni xabardor qildi. Men darhol chapdast suvorilarimdan ikki nafarini orqasidan yugurtirdim. Ular yarim tunda choparning orqasidan yetib borib, qo'lidan shul nomani olib izlariga qaytubdirlar...
Tojulmulk nafasini rostlab oldi-da, unga savol nazari bilan qarab qolgan hukmdorga ta'zim qilib, so'zini davom ettirdi:
— Ma'lum bo'ldiki, Abu Ali Hamadonda ishlash uchun imkon yo'qligidan shikoyat qilib, Alouddavladan boshpana so'rabdur.
— Jinoyatni jazosiz, qoldirib bo'lmaydur. Uzoq muddat vazir bo'lib, ichki ahvolimizdan xabardor bo'lgan bir shaxs dushmanimiz bilan aloqa bog'lamoqchi bo'ladur-ku, biz qarab tururmizmi? Abu Alini zanjirband qilib shahar qal'asiga jo'nating. Bir-ikki yil zindonda yotsa, shira bosgan ko'zlari ochilar...
— Bosh ustiga, — dedi sipohsolar orqasi bilan yurib chiqib ketar ekan.
                                                         
II
Hamadon shahri tashqarisidagi qal'aning boshlig'i Yaqzon — yoshi qaytgan, sochlari oqargan bo'lsa-da, bardam, tetik chol edi. Allomaning qo'llariga kishan solib olib kelganlarida ko'pni ko'rgan bu irodali odam dovdirab, nima deyishini bilmay qoldi. Marhum hukm¬dorning vaziri, tevarak-atrofga nomi ketgan ulug' tabibi hoziqni bu ahvolda ko'rishini xayoliga keltirmagan edi u. Allomaga beixtiyor ta'zim qilib, uni boshlab kelgan qurolli chokar qo'lidan qog'ozni oldi-da, qovog'ini solib:
— Senga javob, — dedi Yaqzon, so'ngra oliymaqom mahbusning bilagidagi kishanni yechib olib, unga hayrat aralash qaradi. — Sizni shul ahvolda ko'rib hayratda qoldim. Podsholarga yaqin bo'lishning xatarli ekanligi to'g'risidagi maqol yana bir marotaba tasdiqlandi. Ertaga boshiga nima tushishini hech kim bilmaydur. Hammamiz taqdirning qo'lida o'yinchoqmiz. Hay, mayli, bugundan boshlab men sizning xizmatingizdaman. Yuring men bilan, sizga bir hujra ko'rsatay.
U ibn Sinoni boshlab, darichasi kun yurishi tomonga qaragan kattagina bir xonaga olib kirdi.      
— Sizga ko'rpa-to'shak keltirib beradurlar. Kunduz kunlari qal'a hovlisida istaganingizcha istirohat qilishingiz mumkin.
— Menga bir xontaxta va po'stak ham kerak. Shu xonada ertadan kechgacha o'ltirib ishlayman. Asarim "Al-qonuni fittib"ni shul yerda tamomlamoq niyatidaman. Ertaga shogirdim menga qog'oz, qalam-dovot keltirgusidur.
— Marhamat, siz shul qadar ulug' bir ishni tugallamoqchi bo'lsangiz, men hech narsamni ayamayman.
Zanjirband bo'lib qal'aga jo'natilganda dunyo ko'ziga qorong'i bo'lib ketgan Abu Ali qal'adorning og'zidan bu gapni eshitib bir oz o'ziga keldi.
Ertasiga Mahmud bilan birga kelgan Abu Ubayd darvozaxonada ustodi qo'liga buyumlarni berdi-yu, o'pkasi to'lib ketib, yig'lab yubordi.
 — Nega xafa bo'layotirsiz, Juzjoniy, — dedi alloma kulimsirab. — Nodon hukmdorga vazir bo'lgandan dono bir zindonchining qo'lida mahbus bo'lgan ming marotaba a'lo. Ul yerda vaqtim ig'vogarlar makoni bo'lgan serg'avg'o saroyda o'tar edi, bu yerda osuda, ishlarimni oxiriga yetkazish uchun imkoniyat bor.
—Bizni yupatish uchun shul gaplarni aytayotirsiz, og'a, — dedi Mahmud xo'rsinib. — Axir bu xo'rlik-ku! Bui musibatdan qutulishning hech iloji yo'qmi?
— Taqdir bilan olishib bo'lmaydur, uka, — dedi ibn Sino mayin ovoz bilan. — Mardlik har qanday sinovlarga bardosh berish demakdir. Zamon doim o'zgarib turadur, hatto inson fe'li ham. Sen mardlik ko'rsatmoqchi bo'lib, boshimizga bir falokat keltirma. Sabr qil, tasodif bo'roni baxt keltirishi mumkin.
Mahmud uf tortib qo'ydi. Birpas uyoq-buyoqdan gaplashib o'tirganlaridan keyin xayrlashib chiqib ketishdi.
Yaqzon ibn Sinoning tinmasdan ishlaganiga hayron qolar: "Nega muncha jon koyitmasa, kechalari ham sham yoqib mehnat qiladi-ya!" — deb o'ylar edi. Alloma erta bilan xontaxta yoniga o'tirib kun tikka kelguncha ishlar, tushlikdan keyin tashqariga chiqib, o'rmonzor tog'lardan oqib kelgan toza havodan to'yib-to'yib nafas olar edi. Ba'zan qal'ador bunday vaqtlarda uning yoniga kelib suhbatlashardi.
Bir kuni u:
— Hech kitob o'qib o'tirganingizni ko'rmadim, yozganingiz yozgan, qayerdan qaynab chiqadur shuncha gaplar? — deb so'rab qoldi.
— Qadimgi yunon hakimlarining asarlarini o'qiyverib yod qilib olganman, — dedi ibn Sino kirtaygan ko'zlari bilan kulimsirab. — Dori-darmonlar, giyohlarning nomlari xotiramga mixlanib qolgan.
— Koshki edi sizdagi hofiza quvvatning o'ndan biri menda bo'lsa! — deb xitob qildi qal'ador. — Ming-minglab bilim manbalaridan durdonalar olib chiqasiz. Siz odam bolasi qo'lidan kelmaydurgan ishlarni qilmoqqa muhtadirsiz. Xudo besh yuz yilda bir marta sizdek zakovat egasini yaratishga qodir bo'lsa kerak!
Ibn Sino o'z iste'dodi oldida tiz cho'kkan odamlarni ko'p uchratgan edi-yu, bunday mutaassib muxlisga duch kelmagan edi. U ishlab charchagan paytlarida o'zini chalg'itib orom olish uchun badiiy qissa va hikoyalar yozar, falsafiy fikrlarini badiiy vositalar bilan ifoda qilishga urinardi. Bir kuni Yaqzon uning hujradan jilmayib chiqqanini ko'rib dedi:
— Ajoyib bir asar yozib xursand bo'lganga o'xshaysiz.
— Topdingiz, sizga bag'ishlab bir qissa yozdim. Nomingiz meni ilhomlantirdi. O'zingiz bilasiz. Yaq¬zon — uyg'oq demak. Kishi bedor mahalidagina o'zini tirik hisoblashi mumkin, uyqu o'lim bilan barobardur. Qissaning nomi "Hay, binni Yaqzon — Uyg'oq o'g'li — tirik". Quloq soling.
U hikoyani o'qir ekan, qal'adorning peshonasi tirishar, hech nima tushunmagani ko'zga tashlanib turar edi.
— Rostini aytsam, bul hikoyaning mag'zini chaqa olmadim. O'ng tomondagi yomon do'st kim bo'ldi-yu, so'l tomondagisi kim? Nega ular kishini yo'ldan uradurlar? Sayohat, qorong'ilik, chashma nimaning ramzi? Bularning majoziy ma'nosi bo'lsa kerak?
— Topdingiz, o'ng tomondagi qabih oshno — qahru g'azab, so'l tomondagisi — shahvat, old tomondagisi — ezmalik, bema'ni xayolparastlik. Ularga yo'l qo'yilsa kishi xarob bo'ladur. Aql o'zining dushmanlari bo'lgan bu yaramas oshnolarni jilovlab turishi, ularga erk bermasligi kerak. Sayohat — ilm, qutb tomondagi qorong'ilik — nodonlik, chashma esa ilmning ramzi.
— Endi tushundim. Hikoyani menga bering, uyda diqqat bilan o'qib chiqib, tubiga yetay.
— Unday bo'lsa, manavi qissalarni ham o'qib chiqing, keyin o'z mulohazalaringizni aytarsiz, — dedi alloma, yonida turgan bir dasta qog'ozni juzvdonga — charmdan yasalgan jildga. joylab unga uzatar ekan..
Qal'ador xursand bo'lib juzvdonni qo'ltiqlaganicha chiqib ketdi.

* * *
Kechayu kunduz miya ishi bilan mashg'ul bo'lgan alloma vaqtning qanday tez o'tayotganini sezmas edi. Oftob necha marotaba qal'a ustidan o'tib g'arbga botganini, oy necha karra yangi bo'lganini hisoblab o'tirishga vaqti yo'q, fikri-zikri ulug' asarini tezroq tamomlash bilan band edi. Bir kuni u tushlikdan keyin dam olgani tashqariga chiqqanida uzoqdan nog'ora ovozi va hayqiriqlarni eshitib hayron qoldi. Qal'adagi askarlarning bir qismi o'q otish, bir qismi nayza sanchishni mashq qilayotgan edilar.
— Nima gap? — deb so'radi ibn Sino yonidan shoshib-pishib o'tib ketayotgan askarboshidan.
— Xabarlari yo'qmi? Isfaxon lashkari ustimizga bostirib kelgan. Tog' yonbag'rida Jang bo'layotir. Xudo zafar bersa, yosh hukmdorimiz Allouddavla usti¬dan zafar qozong'aylar.
Ibn Sino bu voqeaning nima bilan tugashini fahmlab shoshganicha hujrasiga qaytdi-da, qo'lyozmalarini tartibga solib ro'molga bog'ladi. Endi o'tirib ishlashga qo'li bormas, yuragi ozodlikdan darak berib turar edi.
* * *
Qorong'i tushganida mag'lubiyatga uchragan Samouddavla bir qism askari bilan qal'aga kirib berkinib oldi. Uning rangi o'chgan, qoni qochgan, chehrasida g'azab aralash umidsizlik ifodasi ko'zga tashlanib turar, qo'li oltin kamariga osilgan kumush dastali qilichining qinida, harsillab nafas olar edi.
 — Yursinlar, xonamga kirib orom olsinlar, — dedi qal'ador ta'zim qilib. — Noumid bo'lmang, omad qushi yana qaytib kelib, boshingizga qo'nar...
— Tojulmulk qayda qoldi? Asir tushdimi yoinki juftagini rostladimikan? — dedi ko'zlarini javdiratib, mag'lub bo'lgan hukmdor.
— Bilmadim, ul bema'ni va aqli noqis odamdan har narsani kutish mumkin. Torim amiri bilan bo'lgan jangda layoqatsizligin bir marotaba ko'rsatgan edi. Bugun qanday sarkarda ekanligi ma'lum bo'ldi.
— Men yoshlik qilib ulug' xatoga yo'l qo'ydim, un¬ga ishondim. Hay, mayli, otgan o'qni qaytarib bo'lmaydur, hali ham bo'lsa shul berk qal'ada dushmanga qarshilik ko'rsatib, hujumga o'tamiz. Shoyad omadimiz o'ngidan kelsa...
Yaqzon oqargan boshini quyi solib:
— Bizda bir oyga yetar-etmas ozuqa bor, xolos. O'n-o'n besh kun jang qilib, keyin Alouddavla bilan muzokara boshlasak! Agar siz janoblarini taxtingizda qoldirib, ma'lum miqdorda boj-xiroj bilan qanoatlansa... — dedi.
Samouddavla qal'adorning uzundan-uzoq gapiga diqqat bilan quloq solib, nihoyat uning maslahatiga kirishga majbur bo'ldi, keyin gapni boshqa yoqqa burib, tashvishlarini unutishga urindi:
— Shayxurraisga nisbatan adolatsizlik qildim. Shunday ulug' odamni zanjirband qilib qamatib qo'ydim-a! — dedi xo'rsinib. — Ul kishini erta bilan ozod qilib yuboring, qilgan ishimdan afsuslanayotganimni ham ayting..
— Bosh ustiga, — dedi qal'ador xursand bo'lib.

BAXT VA MUSIBAT

Yaqzon ibn Sinoga bir chokarini hamroh qilib, qal'adan chiqarib yubordi.
Hamadon Alouddavla qo'liga o'tgan shahar osoyishta, Samouddavla esa qolgan-qutgan askarlari bilan qal'ada berkinib yotar edi.
Alloma shaharga kirib, soy bo'yidagi dang'illama bir uy oldiga kelib to'xtadi. Chokarning yelkasidagi xurjunni olib, qo'liga bir tanga qistirdi-da, unga javob berib yubordi. U uzoqlashib ko'zdan g'oyib bo'lgandan so'ng darvozaning halqasini ushlab taqillatdi. Tashqarisidagi gulzori atrofida aylanib yurgan Abu Said Nohiy asta yurib kelib, darbozaning o'ng tabaqasidagi kichkina eshikni ochdiyu oppoq soqol bi¬lan qurshalgan yuzi yorishib ketdi.
— E, keling, keling, qadamlariga hasanot, — dedi u salomga alik olgandan keyin. — Men sizdan xavotir olib yurgan edim. Haytovur, sog'-salomat ekansiz.
— Ming qatla shukur. Ba'zan musibat ham kishini baxt-omad eshigi oldiga olib kelib qo'yar ekan. Ozodlikda to'xtab qolgan ishim qamoqda yurishib ket¬di, — dedi alloma xurjundagi qo'lyozmalarga ishora qilib, .
— Buni qarang-a, oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, o'n beshi yorug', deb bekorga aytmagan ekanlar. Qani, ichkariga!
Ibn Sino bir necha kun bu mehmondo'st, xushfe'l odamning uyida yotib, yana qo'liga qalam oldi, asarining chala qolgan yerlarini to'ldirdi. Bir kuni kechqurun uy egasi yangilik topib keldi.
— Inshoolloh, urushdan qutuldik, — dedi u kulimsirab. — Ikkala hukmdor yarash bitimi tuzubdurlar. Boj-xiroj to'lab turish sharti bilan Samouddavla o'z o'rnida qoldirilibdur.
— Undog' bo'lsa, men Hamadonda qolmayman,— dedi ibn Sino xontaxta ustidan qo'lyozmasini yig'ishtirib juzvdonga solar ekan, — mehmondo'stligingiz uchun rahmat, endi menga javob bersalar. Kalxatning changaliga tushmaslik uchun qanot qoqib uchib ketsam.
Abu Said uni olib qololmasligiga ko'zi yetgandan keyin ijozat berdi. Alloma uyiga borib, hamma narsa joyida ekanligini ko'rgach, xotirjam bo'lib shogirdi va ukasi bilan yo'l hozirligini ko'ra boshladi.
— Ishqilib, safarimiz bexatar, omadimiz o'ngidan kelsin, xudodan so'raganim shul, — dedi ustodi bilan yonma-yon ketayotgan Abu Ubayd otining jilovini as¬ta siltab.
Ular past-baland dovonlardan o'tib, tezoqar soylardan kechib, Arab Iroqi bilan Xuroson o'rtasidagi katta qal'a bo'lgan Isfaxonga yetib kelishdi. Shahar darvozasidan kirishlari bilan Alouddavlaning mulozimlari ularni tantana bilan kutib oldilar. Kimxob chopon kiygan, chambar soqolli bir a'yon baland ovoz bilan:
— Xush kelibsiz, safo kelibsiz, e olimlarning sardori! Qadamlariga hasanot, — deb allomani qutladi. Hukmdorning bir chokari ibn Sinoga zar yoqali zarbof to'n kiygizib, kumush yuganli arabiy otni ko'ndalang qildi.

* * *
Qop-qora soqolini qomatiga yarashadigan qilib qirdirgan o'rta yoshli, to'la yuzli Alouddavla taxt oldida yoyilgan gilam ustida o'tirar, chap tomoniga tiz cho'kkan allomaga ko'z qirini tashlab qo'yib, unga ketma-ket savol berardi, davlatni boshqarish to'g'risidagi fikrlarini bilmoqchi bo'lar, uning gaplarini eshitib ma'qullaganday, bosh irg'atib qo'yar edi. — Bizning poytaxtimizga qadam ranjida qilganingiz yaxshi bo'ldi, — dedi u ko'ksini ko'tarib. — Siz saroyimizning bezagi bo'lasiz, atrofingizga ilmi hikmatdan xabardor yoshlarni to'playsiz. Haftada bir yig'ilib diniy, ilmiy masalalar yuzasidan mubohasa va munozara o'tkazsak, siz bul ishga bosh bo'lsangiz.
— Ayni muddao. Munozaralar vaqtida ko'p mushkul tugunlar yechilib, noaniq masalalar hal etilgay, — dedi alloma boshini ko'tarib.
Shundan keyin saroyda har jum'a kuni olimlar to'planib suhbat o'tkazadigan bo'ldilar. Ko'pincha Abu Ubayd "Kitobi ash-shifo"dan bir bobni o'qir, unga diqqat bilan quloq solib o'tirgan some'lar tushunmagan yerlarni so'rar edilar. Ibn Sino savollarga javob berib, qiyin masalalarni ham osongina tushuntirar edi. Shundan keyin munozara boshlanar edi.
Olimlarning nima to'g'risida mubohasa qilayotganlarini bilishga qiziqib qolgan mufti Xoja Idris hukmdorning ruxsati bilan shunday majlislarning birida ishtirok etdi. Abu Ubayd kitobdan bir bobni o'qib, nafasini rostlagandan keyin har yoqdan savollar yog'ila boshladi.
— Ayo, e, Shayxurrais, — deb ibn Sinoga murojaat etdi oppoq soqolli, o'ng ko'zi qizargan, qorni katta mufti. — Siz, moddiy dunyo abadiy, ul to'rt unsur, ya'ni tuproq, suv, havo va olovdan iboratdur, ular samoviy jismlar, oftob va yulduzlar ta'siri ostida bir-birlari bilan qo'shiladurlar, ajraladurlar debsizu, lekin bul ishlar xudo amri bilan bo'lishini aytmabsiz.
Zar choponli Alouddavlaning o'ng tomonida o'tir¬gan ibn Sino muftining gaplariga quloq solib: "Meni kofir deb e'lon qilmasa edi bu mutaassib mullo", — deb o'yladi.
— Men buni inkor etmayman, — dedi o'ng ko'zi yoshlanib turgan raqibiga tikilib. — Men koinot, ya'ni moddiy dunyo nuri ilohiydan paydo bo'lgan, ul azaliy va abadiydur, deb aytganman. Moddiy olam sababiyat qonuniga binoan o'zgarib, taraqqiy etib bo-raveradur.
U qomatini tik tutib, some'larning ko'zlariga bir-bir qarab, ishonch bilan gapirar edi. Nutqini tamomlaganda ko'pchilik baravariga uning fikrlari to'g'ri ekanligini tasdiqladi.
Hukmdor ham allomaga xayrixohlik bilan quloq solayotganini ko'rib, muftining nafasi ichiga tushib ketdi.
Majlis tamom bo'lib, hamma tarqalgandan keyin ko'cha tomon yo'l olgan Xoja Idris yonidagi malla to'nli mulozimiga o'girilib:
— Ibn Sinoning ta'limoti shariatga xilofdur, — de¬di negadir ovozini pasaytirib. — Bizning aqidamizga binoan, xudoyi taolo: "Kun!" ya'ni "Paydo bo'l!" —degandan    so'ng koinot vujudga kelgan. Abu Ali esa, yaratuvchi ham, yaratiluvchi ham azaliy va abadiy deb, ikkinchisini birinchisidan ustun qo'ymoqchi bo'ladur. Afsuski, hukmdor ham uning so'zlarini ma'qullamoqda. Shul sababdan men sukut saqladim. Keyinchalik ulamolar Abu Alining ta'limoti dini islomga nomuvofiq ekanligini isbot qilib bergusidirlar. Hozircha jim yurgan yaxshi.
* * *
Bir kuni ibn Sino uyga kechikibroqkeldi, oshpazi tayyorlagan ovqatdan ikki-uch qoshiq olib, kosani surib qo'ydi-da, bir piyola sharob keltirishni buyurdi. Abu Ubayd devondan horib-charchab kelgan ustodi yoniga o'tirib, unga savol nazari bilan qaradi.
— Nimani so'ramoqchi bo'lganingizni bilib turibman, — dedi ibn Sino kirtaygan ko'zlarini unga tikib. — Ishlaringiz qalay, hukmdorning taklifini qabul qildingizmi? — deb so'ramoqchisiz. Bunga ham "ha", ham "yo'q" deb javob berishim mumkin. Alouddavla haddan tashqari mag'rur va izzat-nafsi kuchli hukmdor.
Shu sababdan, hozircha maslahatchi sifatida ish boshlab, vaziringiz bilan devon mustafiylarining ishlarini tekshirib chiqsak, deb iltimos qildim. "Mayli, eng keragi xazina ishlarini tartibga solishdir, keyin bir gap bo'lar", —deb javob qildi Alouddavla. Shunday qilib, ehtiyotkorlik bilan vazirlik mansabidan voz kechdim.,
— Yaxshi qilibsiz. Shu bilan birga hasad ahlining qo'llaridan qurollarini tortib olibsiz, — dedi Juzjoniy xursand bo'lib.
Ibn Sino har kuni sahar turib yangi boshlagan asarini tezroq tugallashga urinar, nonushtadan keyin devonga borib, hukumat ishlari bilan shug'ullanardi. U g'alamis mustafiy-hisobchilarning daftarlarini ko'rib, jo'rttaga yo'l qo'ygan xatolarini darrov topar, ularga nisbatan qattiq chora ko'rar edi. Bir-ikki yil ichida davlat ishlari tartibga tushdi. Alouddavla bundan juda xursand edi.
Alloma ba'zan o'z ishlariga qattiq berilib ketib, saroy urf-odatlariga rioya qilish, hukmdorga nisbatan izzat-hurmat qoidalarini bajo keltirishni unutib qo'yar edi. Bir kuni butun diqqatini bir yerga to'plab "Donishnoma" degan asarini yozayotgan vaqtda hukmdorning yaqin mulozimlaridan biri salom berib kirdi-da, qo'lidagi zarbof bo'g'chani ko'rsatib:
— Zoti shohonalari janoblariga qimmatbaho sovg'alar yubordilar, — dedi.
Alloma o'ng qo'lida qalam, boshi bilan narigi xonaga ishora qildi:
— Xizmatkorimga berib keting, keyin ochib ko'rarman, hozir vaqtim yo'q!
Lab-dahani so'ljayib ketgan mulozim: "Shoshmay    tur, bu gapingni gazak oldirib oliy hazratning quloqlariga yetkazmasam, men ham yurgan ekanman", — deb ont ichib chiqib ketdi.
Kun botgandan keyin ibn Sino umrida hech ko'rmagan notanish bir kishi uning uyiga pusib kirib:
— Darhol Isfaxondan jo'nab keting, — dedi past ovoz bilan. — Alouddavla hazratlari g'azabga kelganlar. "Mening tuhfamni nazar-pisand qilmagan odam o'limga loyiq", — deb aytdilar. Hozir cho'bdorlar kelib, sizni olib ketgusidurlar, darhol qoching!
Podshoning sovg'asini ochib ko'rishga ulgurmagan alloma boshi xavf ostida qolganini payqab, qochishga hozirlik ko'rdi. Egniga xizmatkorining to'nini kiyib, qo'liga aso oldi-da, shahardan chiqib ketdi. Yo'lda savdogarlar karvoniga qo'shilib shimol tomon yo'l oldi.


YANGI SHOGIRD

U bir vaqtlar osuda hayot kechirgan Ray shahriga yetib kelgandan keyin karvonsaroyda dam olib o'ziga keldi, nonushtadan so'ng, ul-bul xarid qilgani bozor tomon yo'l oldi. Attorlik rastasiga kiraverishda taxta ustiga dori-darmonlarini yoyib, o'z mollarini maqtab sotayotgan yosh bir yigit uning diqqatini jalb qildi. U: "Kelib qoling, Halila, pirpirdaroz, taboshiri a'lo dorilari menda bor, Ray shahrida menga teng kelaturgan tabib yo'q!"— deb vaysar edi. Odamlar birin-ketin kelib, o'zlarini ko'rsatar, undan dori olib ketar edilar. Bir oz-dan keyin chodraga o'ralgan bir juvon yosh tabibning oldiga kelib bir nima dedi.
— Siz yosh ekansiz, men ham. Bilagingizni ushlab tomir ko'rish men uchun nojoiz, — dedi tabib qora ko'zlarini suzib. — Qari-qartang bo'lganimda ham mayli edi. Siz mundog' qiling, mana bu ipning uchini bilak tomiringiz ustiga bog'lang, men uning bir uchini ushlab, tebranishidan dardingizni topaman.
Yosh juvon chodra orasidan oppoq qo'lini chiqarib uning aytganini qildi. Taxta ustida chordana qurib o'tirgan yigit ipning uchini ushlab turib, qoshlarini chimirdi-da:
— Bugun ertalab qatiq ichibsiz, — dedi. — Uyingiz ham chuqurlikda ekan, zax ekan. Qorningizga suv to'planibdur. Mana bu dorining bir qoshig'ini yarim piyola suvga eritib, har kuni bir marotaba ichib tursangiz, tuzalib ketasiz.
— Rost aytdingiz,— dedi yosh ayol yigitning qo'lidan dorini olib. — Bugun ertalab qatiq ichgan edim, zax uyda turaman. Na qilay, boshqa uyga ko'chib o'tishning iloji yo'q.
Tabibning "karomati"dan taajjublangan alloma uning oldiga borib:
— Bemorning bugun qatiq ichgani, uning soylikda turishini qanday bildingiz? — deb so'radi.
— Uyimga borib mehmonim bo'lsangiz, shul savolga javob bergayman. Shakli shamoilingizdan janoblarini tanidim. Siz buxorolik mashhur tabibi hoziq Abu Ali ibn Sinodursiz. Isfaxon hukmdori dastidan qochib kelganingizni eshitgan edim.
Alloma bu yigitning har narsadan xabardorligi, hushyorligiga qoyil qolib, uning gapini tasdiqladi va taklifini qabul qildi. \
— Yosh ayol chodra ichidan qo'lini chiqarib, bilagiga ipning uchini bog'layotganda yahudiylarga xos qimmatbaho matodan ko'ylak kiyganini va etagiga qatiq yuqqanini ko'rib qoldim, — dedi yigit dasturxonga fotiha o'qilgandan keyin, — musaviylar Ray shahrining chetidagi chuqurlikda yashaydurlar. Ipning tebranishidan uning kasalini, albatta, aniqlay olmadim. Meni kechiring, ustoz, bu bemorlarni aldab pulini olish uchun ishlatilgan nayrang edi.
— Ilmi tib aldamchilik va pul topish vositasi emas. Tabib bemorning mazhabi, millatiga qaramay, uning kasalini topishi va yo'qolgan sog'lig'ini tiklash ustida bosh qotirishi kerak. O'shal ayolga nima dori berdingiz?
— Maydalangan oqbo'r, uning me'daga zarari yo'qdur.
— Ikkinchi bunday qilmang. Eng oldin nazariy va amaliy ilmi tibni yaxshilab o'rganib oling.
— Mening ham maqsadim shul. Sizning xizmatingizda bo'lib, dori-darmon tayyorlashda yordamlashsam, hunaringizni o'rgansam...
Allomaga xuddi shunday zehnli, chaqqon bir yordamchi yetishmas edi. U ko'zlari o'ynab turgan yigitga qarab: "Boshidan yoshlik g'ururi ketmagan yigitga o'xshaydi, — deb o'yladi. — Ilmu fan uni bamisoli aravaga qo'shilgan otdek yuvosh qilib qo'yar. Eng muhimi — farosatli ekan".
Oradan ko'p vaqt o'tmay, ibn Sinoning qayerdaligidan xabar topgan Alouddavla uning huzuriga bir mulozimni yuborib avf so'radi va yana poytaxtiga qaytib kelishini iltimos qildi. Alloma yangi shogirdi bilan Isfaxon sari ravona bo'ldi.

UMR DAFTARINING SO'NGGI SAHIFASI

Ibn Sino poytaxtga yetib kelgach, Alouddavla uni izzat-hurmat bilan qarshi olib, qimmatbaho sovg'alar peshkash qildi. Alloma ham hech gap o'tmagandek, qochib yurgan mahalda yozgan asari "Donishnoma"ni unga bag'ishladi va hukmdorning yaqin maslahatchisi sifatida ishini davom ettirdi.
Ba'zan bahor seryomg'ir kelgan yillari tog'lardan hayqirib oqib tusha boshlagan sellar tinch oqib kelgan daryoni quturtirib yuboradi, daryo qirg'oqdan chiqib, ekinzorlarni payhon, qishloqlarni vayron qila boshlaydi.
Malika Sayida vafot etgach , Mahmud G'aznaviy Ray shahrini bosib olib, uni o'g'li Mas'udga sovg'a qildiyu Hamadon, Isfaxon shaharlari, arab Iroqini fath etishni uning zimmasiga yukladi. Shu vaqtdan boshlab ibn Sinoning ham tinchligi buzilib, hayoti xuddi to'lqin ustidagi qayiqdek chayqalib oqib ketaverdi.
Mas'ud Isfaxonni Jang bilan ishg'ol qilgandan keyin, boj-xiroj to'lab turib, namoz jum'ada xutbani otasi nomiga o'qitish sharti bilan Alouddavlani o'z o'rnida qoldirdi. Biroq Mahmud G'aznaviy olamdan o'tgach, Isfaxon hukmdori bir silkinib, yelkasidan itoat yukini irg'itib tashladi-da, kuch to'plab, qo'ldan ketgan yerlarini qaytarib ola boshladi. Uning umri safarlarda o'tdi, goh g'alaba qozonib, goh mag'lubiyatga uchradi. Ibn Sino ham uning maslahatchisi sifatida ketidan ergashib yurishga majbur edi. Bu darbadar notinch hayot uning sog'lig'iga futur yetkazdi. Alouddavla Isfaxon bilan Huziston o'rtasidagi Izzaj shahrini olganda poytaxtda qolgan maslahatgo'yi ibn Sinoga odam yuborib darhol huzuriga yetib kelishni buyurgan edi. Qulunj kasali xuruj qilib, mazasi qochib yurgan alloma uning so'zini yerda qoldirolmay safarga otlandi, yo'lda dardi zo'rayib, oshqozonida sanchiq paydo bo'ldi. Hukmdorning huzuriga yetib keldi-yu, ko'rpa-to'shak qilib yotib oldi.
Tokchalari ganchkor qilib ishlangan sernaqsh uyning darichalaridan iliq shabboda kirib turar edi. Rangi sarg'ayib, burni avvalgidan ham ingichkalashib ketgan alloma ingrab, atrofida parvona bo'lib aylanib yurgan shogirdi — yosh tabibga qanday qilib karafs urug'idan dori tayyorlash kerakligini uqtirardi.
— Bajonu dil, xuddi aytganingizdek qilib dori tayyorlab beraman, xudo xohlasa tuzalib ketasiz, — deb javob qildi ingichka belini shoyi belbog' bilan bog'lab olgan epchil shogird ko'zlarini o'ynatib, ammo ichida: "Endi yotgan joyingizdan turolmaysiz, boyligingiz, sog'liq uchun foydali oltin, kumush va piyolalar, gilamlar bizga qoladi, — deb oo'ylar, edi. Alloma har ehtimolga qarshi yonida uzukning ko'zidek gavharlarni olib yuradi, degan gap uning qulog'iga chalingan edi. — Tezroq o'lsa — hammasiga men ega bo'laman". U ko'zini yumib mudroqqa ketgan ustodiga qo'rqa-pisa qarab qo'ydi-da, uning aytganiga qaraganda karafs urug'idan to'rt hissa ko'p solib dori tayyorladi.
— Voy o'ldim... yurak-bag'rim yonayotir... — deb ingradi bemor ichiga yuborilgan o'tkir dorining azobiga chiday olmay, — endi menga moshdek taryakni... iliq suvga eritib ichiring... Zora og'rig'i bosilsa...
— Xizmatlariga doim tayyorman, — dedi yosh tabib no'xotdek afyunni iliq suvda eritib, ichirib yuborgandan keyin.
"Yettinchi osmonga chiqib ketadi", — deb o'yladi u ustodi sal kulimsirab uyquga ketgandan keyin. U bir oz sabr qilib turdi-da, hushidan ketgan bemorning lipasiga tikilgan moshdek-moshdek gavharlarni olib yonchig'iga soldi...
O'z maslahatchisining holi og'irlashib qolganidan habar topgan Alouddavla uni Hamadon shahriga olib borib, biror tabibi hoziqqa ko'rsatishga ahd qildi. Bu kichik shaharda tuzukroq tabib yo'q edi. Siri ochilib qolishdan qo'rqqan yosh tabib ustodining qimmatbaho buyumlari va asboblarini Isfaxonga olib borib Mahmud bilan Abu Ubaydni ahvoldan xabardor qilish bahonasi bilan jo'nab qoldi va izini yo'qotish uchun Ray shahri tomon yo'l oldi.
Ibn Sino esa Hamadonga yetib kelgandan keyin o'zini yengil seza boshladi. U yotgan joyida xayolan umr daftarini bir-bir varaqlar, oltin suvi bilan yozilgan sahifalar ko'z oldidan o'tganda, jilmayib qo'yar edi. Ba'zan mutaassib mullolar, zolim hukmdorlar, ma'rifat dushmanlarining taaddilarini eslab yuragi siqilib ketar edi-da, tepasida turgan keksa tabibga yalinib: "Menga taryakni eritib ichiring", — der edi...
U o'zini tetik seza boshlagani uchun vahimaga tushib: "O'lim eshik orqasida poylab turgan bo'lsa kerak, sham o'chish oldidan "lop" etib yonib, birdan so'nadi-ku", — deb o'yladi va yotgan joyidan sudralib borib, xontaxta yoniga o'tirdi va qo'liga qalam olib, vasiyatnoma yoza boshladi. Oxirgi tilagi uning xizmatida bo'lgan barcha erkak va ayol qullarni ozod etib, ularni bir-ikki yillik mablag' bilan ta'minlash ekanligini bildirib, vasiyatnomaga nuqta qo'ydi-da, ko'ngli ko'tarilib, joyiga borib yotdi.
...428-sanaiy hijriya, ramazon oyi birinchi juma kuni , kechki payt. Hamadon shahri xuddi bezovta qilingan arining inidek g'uvillaydi. Ko'chalar tiqilinch. Oq mato bilan o'ralgan tobut ko'cha o'rtasidan lopillab o'tib bormoqda. Ko'zlari qizargan odamlar navbat bi¬lan tobutning shotisini yelkalariga qo'yib, tez-tez qadam tashlab ketmoqdalar. Oldinda ibn Sinoning shogirdlari, xizmatkorlari va oddiy yalangoyoq odamlar qatorida bosh egib ketayotgan zar to'nli shahzodalar, kiborlar ham bor.
— Butun shahar oyoqqa qalqibdur. Kim ekan ul qazo qilgan? — deb so'radi kiyim-boshidan qishloqi ekanligi ko'zga tashlangan bo'z choponli bir kishi yonida hassa tayanib, qaltirab turgan choldan.
— Shaharga hozir kelgan ko'rinursiz. Bo'lmasa boshimizga qanday og'ir kulfat tushganini bilgan bo'lur edingiz, — dedi mo'ysafid. — Shu bugun ertalab ulug' tabib Abu Ali ibn Sino olamdan o'tdilar. Quvvatim bo'lsa, men ham shul odamlar qatorida bo'lar edim.
— Ox, shundoqmi, — deya bo'z choponli tobut orqasidan yugurdi...
« So'nggi tahrir: 26 Mart 2014, 16:00:42 muallifi Muhammad Sanjar »
Everything that happens once can never happen again. But everything that happens twice will surely happen a third time.. (Arabic proverb)

 

Mirkarim Osim. Aljabrning tug'ilishi

Muallif AbdulAzizBo'lim Bolalar kutubxonasi

Javoblar: 3
Ko'rilgan: 7624
So'nggi javob 21 Mart 2012, 08:36:59
muallifi Muhammad Sanjar
Mirkarim Osim. Jayhun ustida bulutlar (qissa)

Muallif AbdulAzizBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 3415
So'nggi javob 07 Aprel 2011, 12:13:10
muallifi AbdulAziz
Mirkarim Osim. Karvon yo'llarida (qissa)

Muallif AbdulAzizBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 2711
So'nggi javob 07 Aprel 2011, 12:14:30
muallifi AbdulAziz
Mirkarim Osim. Nur va zulmat (qissa)

Muallif AbdulAzizBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 2656
So'nggi javob 07 Aprel 2011, 12:15:40
muallifi AbdulAziz
Mirkarim Osim. Shiroq (qissa)

Muallif AbdulAzizBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 10
Ko'rilgan: 4881
So'nggi javob 07 Sentyabr 2011, 09:10:14
muallifi Ziyolee