Islom hayotidan ibratli hikoyatlar  ( 213026 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 35 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:26

* * *

Bir toshkesar bor ekan. Topgan pulini o‘zi yerkan, ortsa gadolarga berarkan, ulardanda ortsa — itlarga tashlarkan. Ertagi kuni uchun hech narsa olib qo‘ymas ekan. Kunlarning birida safardagi taqvodor uning kulbasiga qo‘nibdi. Toshkesarning qanday yashashini ko‘rib, duo qilibdiki:
— Ya Rabbim, bu qulingni bunchalik kambag‘allikda ushlama, unga ham boylik ber.
Uning iltijosiga javoban farishta debdiki:
— Sen kimni duo qilayotganingni fahmlamading. Biz uning fe’l-atvorini bilamiz, boylik berilsa u o‘zini eplay olmay qoladi.
— Bu odam boriga qanoat qilib yashashga o‘rgangan, boylik oldida talvasaga tushmaydi, — deb yana iltijo qilibdi taqvodor.
Xullas, uning duosi ijobat bo‘lib, toshkesar tog‘da bir g‘orga duch kelibdi. Ichkari kiribdi-yu, behisob boylikka ega bo‘libdi.
U boylikni yashirincha uyiga tashib keltiribdi. So‘ng boshqa mamlakatga ko‘chibdi. Dang‘illama saroy qurdiribdi. Eshiklari og‘ziga posbonlar qo‘yibdi. Xasislik balosiga mubtalo bo‘lib, muhtojlarni ham unutibdi, hatto unga boylik ato qilgan Xudoni ham esidan chiqaribdi. Shunda farishta taqvodorga bu haqda xabar beribdi. Taqvodor toshkesarni insofga chaqirmoq qasdida yo‘lga tushib, uning saroyiga ro‘para bo‘libdi. Posbonlar uni ichkariga kiritmay, urib-urib haydashibdi. Shunda farishta yana paydo bo‘lib debdiki:
— Kimni duo qilganingni endi fahmlab yetdingmi?
— Aybdor menman, har qanday jazoga tayyorman, — debdi taqvodor.
— Boylikni hamma ham ko‘tara olmaydi. U toshkesarligini qilgani ma’qul,-debdi farishta.
O’sha kunlari toshkessar mamlakat podshosiga qarshi fitna tayyorlayotgan ekan. Podsho bundan xabar topib, uni ta’qib eta boshlabdi. Odamlarini zindonband qilibdi, saroyining kulini ko‘kka sovuribdi. Toshkesar bir amallab qochib qutilibdi. Boylik topgan kuni tog‘da qoldirgan cho‘kichini izlab topibdi — asliga qaytibdi.
Xuddi shunga o‘xshagan voqealar hozir ko‘p uchrayapti. Bir qaralsa — odamning tagida qo‘sh mashina, saroymand uy qurgan. Bir qarasa, mashinalar ham uylar ham sotilgan... Kechagi boy bugun qarzga botgan... «Ko‘rpangga qarab oyoq uzatgin», deganlari shudirda, a?

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:33

* * *

Hotamtoyning qo‘rg‘onida qirqta darcha bor ekan. Har kuni muhtojlar shu darchalarga kelisharkan, Hotamtoydan sadaqa-ehsonlarni olib, duo qilib ketisharkan.
Bir kuni Hotamtoyning ukasi onasiga nolib qolibdi;
— Nima uchun hamma faqat akamni alqaydi, duo qiladi. Men ham sahiyman-ku?
Onasi o‘g‘lining boshini mehr bilan silabdi-yu, javob bermabdi.
Ertasiga darchalardan birida tilanchi kampir ko‘rinibdi. Hotamtoy uyda yo‘q ekan, ukasi sadaqa beribdi.
Haligi kampir ikkinchi darchadan kelib so‘rabdi. Uka yana sadaqa beribdi. Uchinchi darchadan ham uzatibdi. To‘rtinchiga kelganda Hotamtoyning ukasi:
— Sen qanaqa tilanchisan o‘zing, hozir uch marta olding-ku? — deb achchiqlanibdi. Shunda kampir boshidagi eski yopinchiqni olibdi. U gado emas, Hotamtoyning onasi ekan.
— Ana ko‘rdingmi, o‘g‘lim, — debdi ona, — men shu ahvolda qirqta darchadan so‘raganimda ham akang lom-mim demay sadaqa bergan. Sen o‘zingni sahiy deb bilganing bilan, asli qoningda xasislik bor, bolam. Akang chaqaloqligida bitta ko‘kragimni emib, ikkinchisini emmas edi, senga ilinardi. Sen esang bitta ko‘kragimni emib turib, ikkinchisini qo‘ling bilan changallab, berkitib turarding... Akangday bo‘lolmasligingni men o‘shanda bilganman...
Dunyodan ko‘p boylar o‘tdi. Hotamtoy esa bittagina edi. Hozir ham boylar ko‘p dunyoda. Hotamtoy esa...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:43

* * *

Bir odamning ro‘parasidan ojiz odam chiqib qoldi. «Bu ko‘zi ojiz odamni bir sinab ko‘rmaymi?» debdi u kishi va to‘g‘ri borib unga urilibdi.
— Sen qanday bezorisan, menday ko‘zi ojiz notavonni turtding-a, Xudodan qo‘rqmaysanmi? — deb nolibdi ojiz.
— Men ham ojiz odamman, senga behos urildim, kechir meni, — debdi u kishi. Uzr qabul etilib, ular o‘tiribdilar-da, shirin suhbatni boshlabdilar.
— Omadim kelib yigirmata kumush tangaga yetishdim, — debdi u kishi, — lekin bu tangalarning qay biri asl, qay biri soxta ekan, bilmayman.
— Omadingiz kelibdi, birodar, men ko‘zim ko‘r bo‘lguniga qadar zargar edim. Tangalarning qay biri soxta, qay biri asl — barmoqlarim bilan silab turib ham bilib beraman.
U kishi go‘yo ojizning gapiga inongan bo‘lib, kumush tangalarni beribdi. Ojiz esa tangalarni belboqiga tugib, o‘tirgan yeridan surila-surila nari ketibdi-da, pisib olibdi. Nazarida berkinib olganday bo‘libdi. Ko‘zi ochiq kishi uning bu qiliqidan achchiqlansa-da, xuddi ojizni ko‘rmayotganday, iltijo qilibdi:
— qaerdasiz, birodar, men pullarni ko‘p azoblar bilan topgan edim, sho‘rimni quritib qo‘ymang, o‘zingiz esa gunohga botmang.
Ojiz javob bermay, pisib o‘tiraveribdi. Shunda u kishi bir kesak olibdi-da:
— Ya Xudoyim, o‘zing mehribonsan, agar u birodorim shayton yo‘liga kirib, tangalarimni olib qo‘yishni xayol qilgan bo‘lsa, shu kesak uning oyog‘iga tegsin, — deb kesakni otibdi. Ojiz oyog‘iga kesak tegishi bilan cho‘chib, yanada nariroq surilibdi.
— Ya Robbim, men birodarim degan odam makkorlik qilib tangalarimni olib qo‘ymoqchiga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, bu kesak uning yelkasiga tegsin! — Bu safar ham kesak mo‘ljalga tekkach, ojiz yana joyini o‘zgartiribdi.
— Ya Robbim, o‘zing mehribonsan. Agar birodarim chindan ham makkor o‘g‘ri bo‘lsa bu tosh peshonasiga tegib, miyasini o‘pirib chiqib ketsin! — debdi u kishi. Bu gapdan ojiz qo‘rqib ketibdi. «U ikki marta kesak otuvdi aytgan joyga tegdi, bunisi ham mo‘ljalga tegsa, o‘laman, tangalar kimga qoladi?» — deb o‘ylab, jonholatda:
— Hoy, birodarim, muncha hovliqmasang, men tangalaringni saralayapman-ku, axir, — debdi.
— Xudo seni bekorga bu ahvolga solmagan ekan. Sen — so‘qir, men basirni aldamoqchi bo‘lding-a! — degan ekan u kishi.
Hayotda shunaqasi ham uchrab turadi. Hech kim ko‘rmayapti, deb gunohlarni qilaveramiz. Bilolmaymizki, hatto tun pardasi ham ayblarimizni yopa olmaydi. Hazrat Ahmad Yassaviy bolalik chog‘larida muallimlari buyuribdilarki:
— Bolalar, ertaga har biringiz bitta xo‘rozni tutib, Allohning nazari tushmaydigan joyda so‘yib kelinglar.
Bolalarning biri xo‘rozni tunda so‘yibdi, yana biri ko‘prik ostida... so‘yib kelishibdi. Ahmad Yassaviy hazratlari esa xo‘rozni tirigicha ko‘tarib kelibdilar.
— Sen nima uchun aytganimni qilmading? — debdi muallim.
Shunda bo‘lajak valiy javob beribdilarkim:
— Ustoz, men xo‘rozni so‘ymoqlik uchun Allohning nazari tushmaydurgon joyni topolmadim. Yer yuzasining har bir nuqtasiga, kunu tun Allohning nazari tushib turibdi.
Hazrat Ahmad Yassaviy bolalik chog‘laridayoq bu haqiqatni anglaganlar. Agar inson bolalari ham bu haqiqatni tushunib yetsalar edi, qancha-qancha gunohlarning oldi olinardi...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:56

* * *

Bir kishi qushbozoriga borib ikkinchi kishidan chumchuqni qafasi bilan birga sotib olib, uyiga olib kelibdi. qushchaning boshini uzib, sho‘rvaga solish niyatida qo‘l cho‘zgan ekanki, mo‘‘jiza yuz berib, chumchuq xuddi odam kabi gapira boshlabdi:
— Ey marhamatli odam, meni yeb nima naf topardingiz, yaxshisi meni qo‘yib yuboring, evaziga uchta foydali gap aytay sizga.
U odam «hamonki qushcha odam tilida gaplashdimi, demak, bunda sir bor. Aytadigan gapi ham anov-manov bo‘lmas», degan to‘xtamga kelib, qushchaga, «nasihatlaringni ayt», debdi.
Chumchuq:
— Birinchi nasihatimni qafas ichida aytaman, ikkinchisini qo‘lingizga qo‘ngan holda, so‘nggisini esa daraxt shoxiga qo‘ngach aytaman,— deb shart qo‘ybdi. U odam shartta ko‘ngach, birinchi foydali gapini aytibdi:
— qo‘lingizdan ketgan narsaga afsuslanib, ranjimang. Chunki u baribir iziga qaytmaydi.
U odam «gapida hikmat bor, lekin bu asosiy nasihati emasdir», degan fikrda qafasni ochibdi-da, qushchani qo‘liga qo‘ndirib, «ikkinchisini ayt-chi», debdi.
— Agar birontadan aqlga sig‘maydigan gap eshitguday bo‘lsangiz aslo unga ishonmangiz, — debdi chumchuq, so‘ng uchib borib daraxt shoxiga qo‘nibdi-da: — nodon odam ekansiz, qornimda yigirma misqollik gavhar bor edi, sezmay meni uchirib yubordingiz-a, shuncha boylikdan quruq qoldingiz-a, — debdi.
Bu gapni eshitgan odamning es-hushi uchib, boshlariga mushtlab, o‘zini la’natlay boshlabdi. Chumchuq uning alamli holatini bir oz kuzatibdi-da;
— Ey inson farzandi, hozirgina sizga ikki foydali gap aytgan edim. Bu gaplar u qulog‘ingizdan kirib, bunisidan chiqibdi-da, a? Avval aytdimki, qo‘lingizdan ketgan narsaga zinhor afsuslanmang, deb. Men qo‘lingizdan uchib ketdim, endi ming nadomatlar cheking, qaytmayman. Shunday ekan, o‘zingizni la’natlab nima qilasiz? Uchib ketish oldidan aytigan ikkinchi foydali gapim shu ediki, birontadan aqlga sig‘maydigan gap eshitsangiz, inonmang. Bu nasihatni ham darrov unutibsiz. qani, bir o‘ylab ko‘ring-chi, o‘zim kichkinagina bo‘lsam, o‘n misqol ham chiqmasam, qornimga yigirma misqollik gavhar sig‘ar ekanmi, a? — debdi.
Bu gapdan u odamning esi o‘ziga kelib, chumchuqqa yalinib;
— Unda uchinchi gapingni ayt, balki foydasi tegar, — debdi.
— Menga yaxshilik qildingiz, so‘zlarimga ishonib, erkinlik berdingiz, — debdi chumchuq — shuning evaziga bu daraxtni tagini kavlangda, oltin to‘la ko‘zani oling.
Umidvor kishi chumchuqning aytganini qilib, oltin to‘la ko‘zani qazib olibdi-da:
— Shunchalar aqlli ekansan, hatto yer ostidagi oltin to‘la ko‘zani ko‘ribsanu, o‘z oyog‘ing tagiga qo‘yilgan tuzoqni ko‘rmay, oqibatda qafasga tushibsan, — debdi.
Shunda chumchuq debdiki:
— Ey inson farzandi, g‘aflat g‘alaba qilganida, ko‘rar ko‘z ham ko‘rmas bo‘lib qolarkan...
Chumchuqning aqli yetgan haqiqatga odamlar ko‘p hollarda yetib borolmaydilar. g‘aflatdan o‘zi asrasin...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:08

* * *

Hazrat Alisher Navoiy chin so‘zni mo‘tabar, deb sharaflaganlar. Yolg‘onni barcha yomonlaydi, ammo hamma ham undan qochmaydi. Shunday odamlar borki, yolg‘on topolmay qolgandagina rost so‘zlaydilar. Insof egalari esa aksincha.
Podshoh ovda kiyikni quvib yurgan ekan. Kiyik bir insof egasining yonginasidan qochib o‘tib, butazorga yashirinibdi. Oradan ko‘p o‘tmay podshoh insof egasiga ro‘para kelib:
— Shu yerdan bir kiyik qochib o‘tmadimi? — deb so‘rabdi.
Insof egasi og‘ir vaziyatga tushibdi: ko‘rdim, desa bechora kiyik o‘ldiriladi. Ko‘rmadim, desa yolg‘on gapirgan bo‘ladi va o‘zi gunohga botadi. Shunda insof egasi donolik bilan debdiki;
— Ey podshohim, ko‘zlarim kiyikni ko‘rdilar ammo gapirolmaydilar. Tilim gapira oladi, ammo u kiyikni ko‘rmadi.
Podshoh bu dono gapdan so‘ng kiyikdan voz kechib, iziga qaytgan ekan.
Hayot qiziq; yolg‘onga ishonib, chin gapga ishonmaydiganlar ham bo‘lar ekan.
Rivoyat qilishlaricha, uch aka-ukaning kattasi beva qolib, so‘ng oradan picha fursat o‘tgach, uylanibdi. Kichkinagina to‘y ham qilishibdi. Mehmonlar ketishgandan so‘ng qarashsa, ko‘chada, shunday eshiklari yonida anchagina boylik ortilgan oq tuya turganmish. Aka-ukalar quvonib, boylikni tashib olishibdi-da, birov bilmasin, deb tuyani so‘yishib, terisini ko‘mib qo‘yishibdi.
Ertasiga tuyaning egasi qishloqqa kelibdi. Yo‘lda katta akani uchratib, oq tuya ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘rabdi.
— Men bug‘doy ekmoqchiman, — debdi aka unga javoban.
— Men sendan oq tuyamni so‘rayapman, ko‘rgan bo‘lsang ayt, evaziga suyunchi beraman.
— Ekib bo‘lganimdan keyin yomg‘ir yog‘sa durust bo‘lardi.
— Men sendan oq tuyani so‘rayapman! — deb achchiqlanibdi tuyaning egasi.
— To‘g‘ri fahmlabsan, oshna, manavi harom o‘lgur ola buqa, ishga yaramay qolyapti, — debdi aka.
Tuyaning egasi «bu odamning esi og‘ib qolgan», degan fikrga kelib, yo‘lida davom etibdi-da, o‘rtancha o‘g‘ilga duch kelibdi. Kasbi to‘quvchi bo‘lgan o‘rtancha o‘g‘il dastgohni sozlayotgan ekan.
— Men oq tuyamni yo‘qotib qo‘yib, izlab yuribman,— debdi tuya egasi.
— Sizga to‘g‘ri aytishibdi, — debdi o‘rtancha o‘g‘il,— men chindan ham tez to‘qiyman. g‘ayrat qilsam kuniga ikki qulochgacha olib boraman.
— Men sendan tuyani so‘rayapman!
— Dastgoh meniki emas-da, bo‘lmasa sizga sotardim.
Tuyaning egasi «Men qanaqa yurtga kelib qoldim o‘zi?!» deb achchiqlanib nari ketibdi-da, kenjatoyga yo‘liqibdi. Kenjatoyning kasbi tikuvchi ekan. «Oq tuyani ko‘rdingmi?» degan savolga javoban:
— Hozir ishim juda ko‘p, boshqa tikuvchiga boraqoling, — debdi.
Tuyaning egasi yana achchiqlanib, yo‘lida davom etibdi-da, bu safar kechagina katta akaga turmushga chiqqan xotinga duch kelibdi. Xotin oq tuyani ko‘rganini, eri bilan qaynilari uni so‘yishganini aytibdi. Shunda tuya egasi:
— Bu voqea qachon sodir bo‘ldi? — deb so‘raganida xotin:
— Aniq esimda, men nikohlangan kechasi bo‘luvdi, birinchi kechada erim yonimda bo‘lmay tuya bilan o‘ralashib qoluvdi, — debdi.
Tuyaning egasi yana achchiqlanibdi:
— Bu yurtdagilar hammasi tentak ekan. Men kecha yo‘qolgan tuyamni so‘rasam, bu telba xotin erga tekkan kunini eslab, boshimni qotiryapti.
Tuyaning egasiga hech kim yolg‘on gapirmagandi: katta aka chindan ham bug‘doy ekayotgandi, ola buqasi rostdan ham qarib, kuchsizlanib qolgandi, o‘rtanchasi rostdanam tez to‘qirdi, kenjatoy rosti bilan band edi... Rost gaplarga ishonmagan tuyaning egasi quruq qoldi...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:17

* * *

Shayton yo‘rig‘idagi bandaning shukr qilmog‘i ancha qiyin bo‘ladi. Olloh taborak va taolo qudsiy hadisda marhamat qilib, bandalariga tanbeh beradiki; «Ey Odam farzandi! Men yaratgan ne’matlarni yeb-eb tishlaring malollanib ketdi-yu, lekin mening shikoyatimdan tiling hech charchamaydi». Yana ta’kid etiladikim, «Ey Odam farzandi, hamisha ovqatlanishga o‘tirganingda qorni och bechoralar ham esingda bo‘lsin. Shunda Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishing osonroq bo‘ladi».
Biz shunday qilamizmi? Dunyoning qaysi bir joylarida bir tishlam nonga zor odamlar borligini tasavvur etamizmi? Biz boylikni orzu qilamiz. Ammo yon-atrofimizda o‘zi boy bo‘laturib, bir tishlam nonni chaynab yuta olmayotgan kishilar borligini o‘ylaymizmi? Yo‘q. Ko‘p hollarda rizqimiz bo‘lmish bir tishlam nonni yutmay turib, kattaroq yoki moyliroq luqmani orzu qilamiz...
Bir mamlakatning obod shahrida hukmdordan odamlar hamisha shikoyat qilaverar ekanlar. Podshoh shikoyatlardan bezib hukmdorni huzuriga chaqiribdi-da, o‘rniga boshqa odamni tayin etibdi. Odamlarning noshukurliklari evaziga avvalgi hukmdordan johilroq, zolimroq odam ularga nasib bo‘libdi. Yangi hukmdordan jabr ko‘raverib toliqqan aholining boshi qotibdi; yana podshohga murojaat qilib, hukmdorni o‘zgartirib bering, deyishga jur’atlari yetmabdi. Shunda bir dononing maslahati bilan aholi shamchiroqlarni yoqibdi-da, kunduzlari ko‘chalarda izg‘ib yuraveribdi. Shahar ahlining kuppa-kunduz kuni chiroq yoqib yurishidan xabar topgan podshoh ajablanib, sababini vaziridan so‘rabdi. Dona vazir javob beribdi:
— Shahar ahli noshukurligi uchun jazosini oldi. Endi chiroq yoqib avvalgi hukmdorlarini qidirib yurishibdi...
qudsiy hadisdagi bu ilohiy so‘zlar balki ana shunday qavmga atalgandir: «Ey Odam farzandi, albatta sen meni yod etib va ne’matlarimga shukr qilib yursang, men ehsonimni yana ziyoda qilaveraman. Agar meni yod etmay, esdan chiqarsang va ne’matlarimga shukr qilmay, kufr qilsang, berib turgan in’om va ehsonimni ham to‘sib qo‘yaman». Shundaylardan bo‘lishdan Alloh saqlasin!

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:28

* * *

Roviylar bayon qiladilarkim, bir yigit Hizr alayhissalomni ko‘rgisi kelib, shayxdan iltimos qilaverib, holi-joniga qo‘ymabdi. Shunda shayx: «Yonimga o‘tirgin-u, ko‘zingni yum», debdi. So‘ng bir necha daqiqa o‘tgach, «endi ko‘zlaringni och», degan ekan, yigit o‘zini Ka’batullohda ko‘ribdi.
— Bomdod namozini o‘qiganingdan keyin o‘ng tomoningga qarasang, Hizr alayhissalomni ko‘rasan, unga mahkam yopish, — debdi shayx.
Yigit bomdod namozini o‘qib bo‘lib, o‘ng tomoniga qarasaki, oppoq libosli, yuzlaridan nur taralayotgan xushsurat bir kishi o‘tirganmish. Yigit omi ekan, shayxning ruhiy tomondan yopish, degan ma’noda aytgan gapini moddiy jihatdan anglab, u kishining qo‘llarini mahkam ushlab olibdi-da;
— Siz Hizrmisiz? — deb so‘rabdi.
— Alloh oqibatingni xayrli qilsin, qo‘limni qo‘yib yubor, — debdilar u zot.
— Yo‘q, avval ayting, siz chindan ham Hizrmisiz?— deb qaysarlik qilibdi yigit.
— Alloh oqibatingni xayrli qilsin, qo‘yib yubor.
Yigit surbetlik bilan, so‘rayvergach, Hizr alayhissalom debdilarki:
— Ey yigit, seni bu yerga karomat bilan keltirib qo‘ygan kishi so‘rovlaringga toqat qilolmay, bugun sening kasofatingdan imonsiz holda ko‘z yumdi. Men «oqibating xayrli bo‘lsin», deb duo qilyapman-ku, yana senga nima kerak?
Bu — bir rivoyat. Hayotda esa...
Ba’zilar Hizr buvaga yo‘liqishni, oqibatda birdan boyib ketishni yoki biron mushkullari oson bo‘lishini orzu qilishadi. Shubham yo‘qki, agar orzulari amalga oshib, Hizr buvaga yo‘liqsalar bir-ikki iltimos bilan cheklanmaydilar. Hizr buvani gangitib tashlaydigan darajada, boshlarini og‘ritib yuboradigan tarzda beto‘xtov vazifalar yuklaydilar. Faqat «Endi choy damlang, qo‘lingizdan bi-ir choy ichaylik» demasalar kerak.
Haqiqat shuki, Hizr buva shu topgacha hech kimga yo‘liqmaganlar, hech kimni birdan boy qilmaganlar. Hizr buvani ko‘rishni orzu qilamiz xalos. U zot hayot vodiysida qo‘limizdan yetaklab yuruvchi sarbon emaslar. «Hamonki shunday ekan, hayot vodiysida sarsari kezamizmi?» deb nadomat chekmoqlik o‘rinsiz. Umrimizining bir qismi vodiy, bir qismi tog‘, yana bir qismi sahroga o‘xshaydi. Daryo bo‘yidagi bog‘da rohatlanishimiz barobarinda sahroda tashnalik azobini tortmog‘imiz, tog‘larni oshib o‘tish mashaqqatlarini chekmog‘imiz bor. Shayton yo‘llariga kirmog‘imiz bor. Adashmog‘imiz bor. Ne baxtki, bu yo‘llardan adashtirmay olib o‘tuvchi yo‘lboshchi — sarbon ham bor. Bu — iymondir. Allohning kalomi va Rasulillohning sharafli hadislari bilan quvvatlangan iymon boshlagan yo‘llardan yursak, sahro azoblari ham, tog‘lardagi mashaqqatlar ham biz uchun arzimas bir narsa bo‘lib qoladi. Men xayolimizdagi Hizr buva balki aynan shu iymonmikin, deb o‘ylayman. Faqat iymongina Hizr buvaning duosiga va umid qilingan ne’matlarga yetishtiradi. Balki... Hizr buva xayolimizdagi sarob emasdirlar. Chindan bordirlar, faqat ko‘zlarimizga ko‘rinmaslar. Faqat va faqat iymonli bandalarga hamroh bo‘larlar. Turmush mashaqqatlarini yengib o‘tishda faqat iymonli bandalar yonida turarlar? Hizr buva harom boylik in’om etmoqliklari mumkin emas. Harom yo‘llarga boshlamasliklari ham aniq. Iymon ham aynan shunday-ku?! Demak, Hizr buvaga yetishmoqni orzu qilgan kishi avval iymonga yetishmog‘i zarur ekan. O’izr buvaning sevgan go‘shalar — iymonli bandalarning pokiza qalblaridir, vallohi a’lam?

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:37

* * *

Podshohga Alloh aqlli va ziyrak o‘g‘il ato qilgan ekan. Podshoh shahzoda odob va axloqdan saboq olsin, deb uni muallimga topshiribdi. Shunda shahzoda muallimga qarab debdiki:
— Ustoz, ilmning nihoyasi yo‘q, butun umrim bo‘yi o‘qisam ham oxiriga yetib bora olmayman. Menga siz shunday bir ilm o‘rgatingkim, qisqa va foydali bo‘lsin.
Muallim shahzodaning talabiga binoan debdiki:
— Agar ikki dunyoda g‘am-anduhdan yiroq bo‘lishni va tinch yashashni istasangiz, xomushlikni o‘zingizga hamroh qiling, ya’ni kamroq so‘zlang. Zeroki, so‘zlamaslik — qutulmoqlikdir.
Shahzoda muallimning nasihatiga amal qilib, gapirmay qo‘yibdi. Podshoh «o‘g‘lim xastalanib qoldi», deb o‘ylab iztirob cheka boshlabdi. Tabiblarni chorlabdi, ammo hech kim shahzodani gapirtira olmabdi. Shunda podshoh ovga chiqishni ixtiyor etib, o‘g‘lini ham birga olibdi. Yo‘lda ketishayotganda kutilmaganda kaklik sayrab yuboribdi. Mulozimlar darrov uni tutib keltiribdilar. Shunda shahzoda birdaniga tilga kiribdiyu kaklikka qarab: «Agar sayramaganingda salomat, ozodlikda yurarding», deb yuboribdi. Podshoh o‘g‘lim tuzaldi, deb o‘ylab quvonibdi. Biroq, shahzoda yana gapirmay qo‘yibdi. O’g‘lining bu qilig‘idan achchiqlangan podshoh uni kaltaklabdi. Shunda o‘g‘il o‘zicha «Ustozim «indamaslik — ozodlik garovi», deb to‘g‘ri aytgan ekanlar. Indamaganimda otamdan kaltak yemas edim», degan ekan.
Kaklikning sayrashi haqida yana bir rivoyat bor:
Bir ovchining ovi baroridan kelmay, uyiga ranjib qaytayotgan ekan. Kaklik uni ko‘ribdi-yu, rahmi kelib, ko‘nglini ko‘tarmoq maqsadida sayrab beribdi. qushning sayrashini eshitgan ovchi uni darrov butalar orasidan topib, boshiga kaltak bilan bir uribdi-yu xaltasiga solibdi. Shunda kaklik degan ekanki: «Sayragandan sayramaganim yaxshiroq, sayrab edim, boshimdan yedim tayoq».

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:49

* * *

Ajib bir rivoyat bu: podshoh marmar hovuz bunyod ettirib, raiyatga amr qilibdiki: «har kishi borki, ertalab kosada sut olib kelib hovuzga to‘ksin. «Bir odam amrni tinglab, o‘ylabdiki: «Shuncha odamning ichida birgina men sut o‘rniga suv olib borib to‘ksam bilinmas. Sutni isrof qilmoqdan ne hojat, o‘zim ichib rohatlanganim afzal». Shu qarorga kelib, ertalab kosada suv ko‘tarib borsaki, boshqalarda ham ahvol shuning o‘zi. Har bir odam o‘sha kishi kabi o‘ylab, o‘sha kishining qaroricha bir kosada suv ko‘tarib kelgan ekan. Ajabki, o‘shanda hovuzga bir tomchi ham sut tushmabdi...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:38:59

* * *

Bir cho‘pon suruvni sero‘t o‘tloqda o‘tlatib kelib, sovliqlarni sog‘ib berarkan. Xojasi esa sutga suv aralashtirib sotarkan. Cho‘pon xojasini ogohlantirmoqchi bo‘lsa, u «sen mening ishimga aralashma, qo‘ylarni boqishni bil», deb koyib berarkan. Kunlarning birida tog‘da jala quyib, sel kelibdi-yu, qo‘ylarni oqizib ketibdi. Kechki payt cho‘ponning yolg‘iz qaytayotganini ko‘rgan xoja «qo‘ylarim qani?» deb tashvishlanib so‘rabdi. Cho‘pon esa xotirjam javob beribdi:
— Ey xojam, siz sutga qo‘shgan suvlar to‘planib, selga aylandi-yu, qo‘ylarni katta daryoga oqizib xalok qildi. Haromdan qaytmaganingiz jonivorlarning boshini yedi.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan