Islom hayotidan ibratli hikoyatlar  ( 211116 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 35 B


Munira xonim  18 Iyun 2006, 13:22:09

Gap egasini topdi.
Ilk namoz o'qishimga turtki bo'lgan bu voqea o'tgan yili sodir bo'ldi. O'shanda turmush o'rtog'imning do'stlari oila a'zolari bilan biznikiga mehmonga kelishdi.Ancha vaqt suhbatlashib o'tidik. Mehmonlardan biri:"Bir kishi kasal yotgan do'stini ko'rgani boribdi,- deb hikoya qila boshladi.Undan:"ahvollaringiz qanday? deb hol so'rabdi. " Rahmat, do'stim, ancha tuzukman, Mana bekor yotmay deb namozliklarni o'rgandim. Hozir besh vaqt namoz o'qiyapman", deb javob qilibdi. " Uyda yanga ko'rinmaydilar". " Yangangiz yo'qlar". " O'zingiz -ku namozni o'rganibsiz,endi yangaga ham o'rgatmaysizmi?" Shunda bemor:" E-e, yangangiz shu dunyoda boshimni og'ritib bezor qilgani ham yetar, endi namozlikni o'rgatib jannatda ham g'alva orttiraymi, qo'ying,gapirmang, qayga borsa boraversin, ammo meni jannatda tinch qo'ysin", debdi". Mehmon bu hikoyasini hazil so'zlar bilan yakunladi.Ammo bu voqea menga boshqacha ta'sir qildi.Turmush o'rtog'imga qaradim, i kishi bilan ko'zlarimiz boshqacha to'qnashdi.Chunki bu paytda u kishi namoz o'qir, men esa o'qimas edim.Mehmondorchilik tugab, mehmonlar uy-uylariga tarqalishdi.Shunda men erimdan:"Nega menga namoz o'qishni o'rgatmagansiz, yoki siz ham mendan bezormisiz?" - deb so'radim." Yo'q aslo,- dedilar u kishi,- kel, kech bo'lsa hamo'rgatay, sen ham ibodat qil. Nmaozdan keyin jannatlarda ham birga bo'lishni Allohdan so'raylik"... Shundan so'ng men namozga tayyorgarlik qila boshladim. Ertasi tongda ilk namoz o'qidim.Allohimning amriga bo'yin egib, bomdodni ado etar ekanman, meni ta'riflab bo'lmas halovat chulg'adi.Shu paytgacha bu halovatdan benasib bo'lganim uchun afsus chekib yig'lab yubordim> Endi har namozga turayotib o'sha halovatni qo'msayman. Uni menga nasib qilgan Allohimga hamdu - sanolar aytaman.

Mavluda Shodmonova, Qarshi tumani.( Musulmonlar taqvim kitobidan)

Qayd etilgan


Doniyor  18 Iyun 2006, 18:32:02

Zikr qilindiki, shayton Muso alayhissalomning oldilariga kelib: «Ey Muso! Seni Alloh taolo o‘z risolatini berish bilan tanladi, men ham Allohning yaratgan maxluqlaridan biriman, men ham sening Rabbingga tavba qilishni xohladim, mening tavbamni qabul qilishini so‘ragin», dedi.

Muso alayhissalom uning gapidan xursand bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng, tahorat qilib, Alloh xohlaganicha namoz o‘qib, bu so‘zlarni aytdi: «Ey Rabbim! Albatta, shayton Sening yaratgan bir maxluqing, Sendan tavba so‘rayapti, uning tavbasini qabul qilgin». Alloh aytdi: «Ey Muso! Shayton tavba qilmaydi». Muso: «Ey Rabbim, u Sendan tavba so‘ra-yapti», dedi. Musoga vahiy keldi: «Ey Muso, Men sening duoingni qabul qildim, unga buyurgin, borib Odamning qabriga sajda qilsin, keyin tavbasini qabul qilaman».

Muso xursand holda chiqib, unga xabarni yetkazdi. Bu gapdan g‘azablanib, o‘zini kibrli sanab, shayton dedi: «Men Odamning tirikligida sajda qilmagan o‘lganida sajda qilamanmi?»

Shundan so‘ng, shayton Muso alayhissalomga: «Ey Muso, sening men haqimda Rabbingga borib, shafoat qilganing uchun menda sening haqqing bor. Shunday ekan, bas, senga uch narsa bilan vasiyat qilaman va uch xislatda meni esda tutgil: Birinchi, g‘azablangan vaqtingda meni eslagin. Chunki men sening qalbingdaman va qon yurgandek jasadingda yuraman. Ikkinchi, dushmaningni tashlab qochayotganingda, meni eslagin. Chunki men odam farzandi dushmaniga mos kelgan vaqtda kelaman va unga xotinini, ahlini, moli va bolalarini eslatib qo‘yaman. Hatto, orqasiga qarab qochguncha. So‘ngra, nomahram xotin bilan yolg‘iz holatda o‘tirishdan saqlangin. Chunki men sening unga va uning senga elchisi bo‘laman»

Qayd etilgan


Doniyor  18 Iyun 2006, 18:32:57

Vahb ibn Munabbahdan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. Aytdi: «Bani Isroilda bir obid bor edi. Shayton bu obidni adashtirmoqni xohladi, lekin qodir bo‘lmadi. Bir kuni obid ba’zi ehtiyojlari uchun shaharga chiqdi. Shayton ham u bilan birga chiqdi. Shayton shahvat va g‘azab tomonidan uni adashtirmoqchi bo‘ldi. Lekin bu ishni qilishga qodir bo‘lmadi. Keyin qo‘rqitmoqchi bo‘ldi va unga tog‘dan tosh otdi. Tosh unga yetayotgan vaqtda Allohni esladi va Alloh taolo bu narsani undan uzoqlashtirdi. Keyin sher va yirtqich hayvonlar qiyofasiga kira boshladi. Allohni zikr qilganida unga hech narsa qilmadi. Keyin ilon suratiga kirib, namoz o‘qiyotgan qadamlariga va jasadiga o‘ralib oldi, hattoki, boshigacha yetdi. Agar sajda qilmoqchi bo‘lsa, boshiga o‘ralib olardi va og‘zini ochib, uning boshini tishlamoqchi bo‘lardi. U ilonni qo‘li bilan o‘zidan ketkazib, sajdaga mumkin bo‘larli darajadagi joyga ega bo‘ldi. Vaqtiki namozidan bo‘shaganidan keyin, shayton uning oldiga kelib: «Men senga shuncha ishlarni qildim, lekin senga hech narsa qila olmadim. Endi sen bilan do‘stlashmoqni istayman, bundan keyin seni adashtirishni xohlamayman», dedi. Obid: «Yo‘q, bugun sen meni qo‘rqitding. Alhamdulillah, qo‘rqmadim, endi sen bilan do‘stlashmoqqa hojat yo‘q», deb javob berdi. Shayton unga: «Sendan keyin ahlingga nima yetishi to‘g‘risida so‘ramaysanmi?» dedi. Obid unga: «Men ularga o‘xshab o‘laman», dedi. Shayton: «Odam farzandi nima bilan adashtirilganini ham so‘ramaysanmi?» dedi. Obid dedi: «Menga odam farzandining qanday zalolatga ketganini xabarini bergin». Shayton aytdi: «Baxillikdan, ortiqcha g‘azab, qiziqqonlik va mastlikdan adashdilar. Albatta, inson baxil bo‘lsa, uning ko‘z o‘ngida molini kamaytiramiz. Keyin uning huquqidan man qilib, odamlarning moliga rag‘bat etiladi. Agar kishi qiziqqon va g‘azabli bo‘lsa, uni go‘daklarning oldidagi koptokdek o‘ynatamiz. Agar o‘sha o‘likni tiriltirsa ham, undan noumid bo‘lmaymiz. Albatta, u bitta kalimada ham bino bo‘ladi, ham buziladi. Agar mast bo‘lsa, hamma yomonliklarga yetaklaymiz. Xuddi qo‘yning qulog‘idan ushlab xohlagan tomoniga yetaklagandek».

Qayd etilgan


Munira xonim  19 Iyun 2006, 12:34:54

Hech o'ylab ko'rdingizmi?
Mol-davlatimiz ortdi,ammo huzur halovatimiz yo'qoldi.
Qulayliklar ortdi,ammo vaqtimiz kamaydi.
Dorilar ko'paydi, kasalliklar ozaymadi.
Kech yotib, saharda charchoq bilan uyg'onamiz.
Kam kitob o'qiymiz, ko'p televizor ko'ramiz.
Ko'p gapiramiz-u, kam e'tibor beramiz.
Pul topishni o'rgandik, sarfni eplolmadik.
Oyga uchib qaytishni bilamiz,lekin qo'shnimiz holidan habar olish uchun ikki qadam bozmaymiz.
Fazoda nima bo'layotganini bilamiz,lek ichki kechinmalarimizdan behabarmiz.
Havoni tozalaymiz, lekin ruhlarimiz kir.
Rejalar tuzamiz, natijalar ko'rinmaydi.
Shoshilishni o'rgandik, sabrni esa yoddan chiqardik.
Tanishlarimiz ko'p, do'stlarimiz kam.
Yutuqlarimiz ko'p, quvochlarimiz kam.
Ko'p narsani bilamiz, amalimiz kam.
Doimo labimizda kulgu,lek ko'z yoshimiz kam.
Va nihoyat: umrga yillar qo'shdik, ammo ba yillarga hayot bahsh qilolmadik...

Qayd etilgan


Munira xonim  20 Iyun 2006, 09:38:25

Shayh Abul Hasan Haraqoniy hikoya qiladilar:" Luqmoni Hakim bir kuni o'g'liga dedi:" Bugun ro'za tut va nimaiki gapirsang, yozib qo'y.Kechqurun kuni bilan gapirgan gaplaringni menga hisobotini berib keyin iftor qilasan". O'g'li shu kuni ro'za tutib kechqurun otasiga hisob bera boshladi.Hisobot tugaganidan so'ng kecha yarmiga borib qolgan edi.Ertasiga yana o'g'liga o'sha gapni aytdi.O'g'li esa yana yarim kechagacha hisob berdi.Uchinchi kuni ham o'sha gapni takrorladi.O'g'li shunda o'zicha:" Gaplarimni hisobotini bergunimcha juda kech bo'lib qolyapti.bu yoqda iftor ham qilish kerak", deb o'yladi. So'ng hisob berishdan qo'rqib kunduzi hech narsa gapirmadi.Kechqurun otasi hisob talab qildi. O'g'li aytdi:" Sizga hisob berishdan qo'rqib bugun hech narsa gapirmadim".Luqmoni Hakim:" Bor ro'zangni ochib ovqatingni ye",dedi.Haraqoniy aytadilarki:"Kam gapiruvchining qiyomatdagi holi Luqmoni Hakimning o'g'lini uchinchi kundagi holatidek quvonchli va yengil bo'ladi".

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 09:42:32

Rivoyat qilinishicha, bani Isroillik bir ayol Muso alayhissalom huzurlariga kelib: «Ey Allohning elchisi, men ulkan gunoh qilib qo‘yib, so‘ng bu gunohimdan Alloh taologa tavba qildim. Allohdan tavbamni qabul qilib, gunohimni mag‘firat etishini so‘rab duo qiling», dedi. Muso alayhissalom undan: «Nima gunoh qilding?» deb so‘ragan edi, u: «Ey Allohning payg‘ambari, men zino qilib, bola tug‘dim-da, so‘ng uni o‘ldirdim», dedi. Shunda Muso unga: «Chiq bu yerdan, ey fojira! Yana kafosating tufayli osmondan olov tushib, bizni yondirib yubormasin», dedi.

Ayol payg‘ambar huzuridan qalbi o‘ksigan holda chiqib ketdi. Jabroil alayhissalom tushib: «Ey Muso, Alloh taolo: «Nima uchun tavba qilgan ayolni qaytarib yubording? Undan ko‘ra yomonroq kimsa borligini bilmaysanmi?» deyapti», dedi. Muso alayhissalom: «Ey Jabroil, undan ham yomonroq kimsa kim?» deb so‘ragan edi, «Namozni qasddan tark etgan kishi», deb javob berdi.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 09:42:56

Salaflardan birining singlisi vafot etib, uni lahadga qo‘ydi. Shunda pul solingan hamyoni mayyitning qabriga tushib qoldi va buni hech kim sezmadi. U qabrdan ketgach, hamyonini esladi va iziga qaytdi. Odamlar tarqab ketganlaridan keyin qabrni kavladi. Bir payt qarasa, unda olov alangalanib turibdi, darhol qaytadan ko‘mib ortiga qaytdi. Keyin onasining oldiga yig‘lab keldi-da: «Ey onajon, singlim nima ish qilardi, menga aytib bering», dedi. «Nima edi?» deb so‘ragan onasiga: «Uning qabrida olov ko‘rdim», deya javob berdi. Shunda onasi yig‘ladi va: «Ey o‘g‘lim, singling namozga beparvo edi va uni vaqtidan kechiktirib o‘qirdi», dedi.

Namozni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kishining holi shu bo‘lsa, umuman namoz o‘qimaydigan kimsaning ahvoli ne kechar ekan?!

Alloh taolodan namozni vaqtida ado etishga yordam berishini so‘raymiz. Albatta, U saxiy, muruvvatli zotdir.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 09:43:13

Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning shayxi Ubaydulloh ibn Umar Qovariydan rivoyat qilinadi: «Men hamisha xufton namozini jamoat bilan o‘qir edim. Bir kecha uyimga mehmon keldi. U bilan ovora bo‘lib, jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Basra masjidlarini aylanib chiqdim. Barcha kishilar xuftonni o‘qib bo‘lgan, masjidlar yopilgan edi. Uyimga qaytdim va o‘zimga o‘zim jamoat namozining darajasi yolg‘iz bo‘lib o‘qilgan namozdan 27 barobar ziyoda bo‘ladi, dedim-da, xuftonni yigirma yetti marta o‘qidim. So‘ng uxladim. Tush ko‘ribman, go‘yo otliqlar bilan birga ekanman. Mening ham otim bo‘lib, biz kimo‘zar o‘ynayotgan ekanmiz. Men otimni choptirar, biroq ularga yeta olmas edim. Shunda ulardan biri menga burilib qarab: «Otingni qiynama, baribir bizlarga yeta olmaysan», dedi. «Nima uchun?» deb so‘rasam: «Chunki biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘zing o‘qiding», deb javob berdi. Men uyg‘onib ketdim va ko‘rgan tushimdan g‘amgin bo‘lib qoldim».

Allohdan tafviq va madad tilaymiz. Albatta, U saxiy, marhamatli zotdir.

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 09:43:32

Molik ibn Dinordan tavba qilishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashdi. U javoban shunday dedi: «Ilgari men o‘yin-kulgi va ichkilikka qattiq berilgan edim. Ko‘ngil xushi uchun bir joriya sotib oldim. Ma’lum muddat o‘tib, qizchalik bo‘ldik. Men qizimni juda yaxshi ko‘rar edim. U o‘sib-ulg‘ayib emaklaydigan, keyin yuradigan bo‘ldi. Qachon men aroq ichmoqchi bo‘lsam, u qo‘limdan tortib aroqni to‘kib yuborar edi. U ikki yoshga yetgach, vafot etdi. Men qayg‘uda qoldim... Sha’bon oyi edi. Bir kuni yarim tunda ichib mast bo‘lib yotib qolibman. Tush ko‘rdim. Go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Qabrimdan chiqib kelibman. Bundoq qarasam, yonimda katta ajdar meni yemoqchi bo‘lib turibdi. Undan qo‘rqib qochdim, u esa orqamdan quvlay boshladi. Har qancha tez chopsam ham, undan butunlay qochib ketolmas edim. Qocha turib yo‘lda oppoq libosli munkillagan cholni uchratdim. Unga: «Ey otaxon, meni anavi ajdardan qutqaring. U meni yemoqchi, halok qilmoqchi», deb yalingan edim, u: «Ey o‘g‘lim, men qarib, kuchdan qolganman, u mendan quvvatli, unga kuchim yetmaydi. Sen qochib, yo‘lingda davom etaver-chi, shoyad Alloh seni undan xalos etsa», dedi. Men tezroq chopa boshladim. Ajdar ham izimdan qolmay kelar edi. Yugura-yugura do‘zax tabaqalariga kelib qoldim. Do‘zax qizib, qaynab yotardi. Unga tushib ketishimga bir bahya qoldi. Shunda kimdir: «Sen mening ahlimdan emassan», dedi. U yerdan burilib yana qocha boshladim. Ajdar hamon quvlab kelar edi. Qocha-qocha ko‘zni qamashtiradigan nurli toqqa yaqinlashdim. Tog‘da qasrlar bo‘lib, ularning eshik va pardalari ko‘zga tashlanib turar edi. Shu payt kimdir: «Dushmani yetib kelib halok etmasdan turib manavi bechorani qutqaringlar!» dedi. Eshiklar ochilib, pardalar ko‘tarilib, u yerdan yuzlari oyday bolalar chiqib kelishdi. Qizim ham ular bilan birga edi. Meni ko‘rib oldimga tushdi. O‘ng qo‘li bilan ajdarni urgan edi, u qochib ketdi. Keyin tizzamga o‘tirdi-da: «Ey otajon,

«Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq — Qur’onga (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) kelmadimi?!» (Hadid surasi, 16) dedi. «Ey qizim, sizlar ham Qur’onni bilasizlarmi?» deb so‘rasam, «Ha, sizlardan ko‘ra yaxshiroq bilamiz», dedi. «Bu yerda nima qilasizlar?» «Biz musulmonlarning vafot etgan yosh bolalarimiz. Qiyomat kunigacha shu yerda sizlarni kutib yashaymiz». «Ey qizim, meni quvlab, halok etmoqchi bo‘lgan ajdar nima edi?» «Ey otajon, u sizning yomon amallaringiz. Uni kuchaytirib — ko‘paytirib yubordingiz. Shuning uchun sizni halok qilmoqchi bo‘ldi». «Haligi munkillagan chol kishi kim edi?» «U sizning yaxshi amalingiz. Uni zaiflashtirib — kamaytirib qo‘ydingiz. Shu bois yomon amalingizga uning kuchi yetmadi. Allohga tavba qiling. Halokatga uchraguvchilardan bo‘lmang». Shunday deb u yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Men cho‘chib uyg‘ondim va darhol Allohga tavba qildim».

Qayd etilgan


Doniyor  21 Iyun 2006, 09:43:52

Solih Murriy hikoya qiladi: «Juma tunlaridan birida qabristonda tunab qoldim. Tush ko‘rdim: qabrlar yorilib, o‘liklar chiqib keldi va halqa-halqa bo‘lib o‘tirishdi. So‘ng ularga tepadan og‘zi yopiq tovoqlar tushdi. Ular orasida bir yigit bo‘lib, unga turli qiynoqlar bilan azob berilardi. Unga yaqinlashib: «Ey yigit, bu qavm orasida nega faqat sen azoblanyapsan?» deb so‘radim. «Ey Solih, Alloh haqqi senga tayinlaydigan ishlarimni bajar, omonatni ado et, ahvolimga rahming kelsin. Shoyad Alloh azza va jalla sen tufayli meni bu azoblardan xalos etsa. Men vafot etganimdan buyon onam yig‘lovchi, go‘yanda aytib yig‘lovchi ayollarni to‘plab, ular jo‘rligida kuniga dod-voy solmoqda. Shu sababli men azobdaman. Onamning yomon, bema’ni gap-so‘zi, azasi bois oldim-u ortim, o‘ng-u so‘limda olov. Alloh ularga mening nomimdan yaxshi mukofotlar bermasin», deb yig‘ladi u. Uning yig‘isini ko‘rib men ham ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim. «Ey Solih, Alloh haqi, onamning oldiga borgin. Ular falon joyda turadilar», deb manzilni tushuntirdi va davom etib dedi: «Ularga mening nomimdan aytginki, ey ona, nega farzandingizga azob berasiz. Meni naqadar yomon tarbiyaladingiz, qanchalar xunuk saqladingiz, o‘lganimdan so‘ng esa azobga tashladingiz. Ey ona, ahvolimni bir ko‘rsangiz edi: bo‘ynimda kishan, oyog‘imda taxtakach, azob farishtalari baqirib, urib azob berishmoqda. Avholimni bir ko‘rsangiz edi, menga rahmingiz kelardi. Agar hozirgi azadorligu, dod-voylaringizni bas qilmas ekansiz, u holda osmonlar yoriladigan, barcha xaloyiq hisob-kitobga ro‘baro‘ bo‘ladigan kuni ikkimiz oramizda Alloh hakam bo‘lur!»

Cho‘chib uyg‘ondim va ko‘rgan tushimdan ta’sirlanib tongacha uxlay olmadim. Tong otgach, shaharga kirdim. Mening birdan-bir maqsadim yigitning uyini topish edi. So‘rab surishtirib uyni topib bordim. Darvoza qoraga bo‘yalgan, hovlidan go‘yandalaru azadorlarning yig‘isi eshitilib turardi. Darvozani qoqqan edim, bir kampir chiqib: «Sizga kim kerak?» deb so‘radi. «O‘lgan yigitning onasi kerak edi», dedim. «Unda nima yumushingiz bor, u o‘z qayg‘usi bilan mashg‘ul?» dedi u. «Uni menga chaqirib bering, o‘g‘lidan unga xabar olib keldim», dedim. Kampir hovliga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qop-qora kiyim kiygan, yig‘layvergani va shapatilayvergani sababli yuzi ham qorayib ketgan bir ayol chiqdi. «Siz kimsiz?» so‘radi u. «Men Solih Mirriyman. Kecha kechqurun qabristonda shunday-shunday voqealar ro‘y berdi. O‘g‘lingizni ko‘rdim. U azobda qolgan», deb tushimda ko‘rganlarimni aytib berdim. Ayol gapimni eshitgach, yerga yiqilib hushidan ketdi. O‘ziga kelgach: «Ey o‘g‘lim, meni kechir. Agar bu ahvolda ekaningni bilganimda edi, bu ishlarni qilmas edim. Men qilgan ishlarimdan Alloh taologa tavba qildim», deya qattiq yig‘ladi. So‘ng ichkariga kirib go‘yandalarni tarqatib yubordi va boshqa kiyim kiydi. Bir hamyon dirham uzatib: «Ey Solih, buni o‘g‘lim nomidan ehson qil», dedi. Duo qilib pullarni oldim va o‘g‘li nomidan sadaqa qildim. Keyingi juma tunida, odatdagidek qabristonga borib tunadim. Tushimda mayyitlarni ko‘rdim. Ular qabrlaridan chiqib halqa-halqa bo‘lib o‘tirdilar. Ularga tovoqlar tushdi. Haligi yigit shod-xurram, xushchaqchaq edi. Unga ham tovoq keldi. Meni ko‘rib oldimga keldi va: «Ey Solih, Alloh seni mukofotlasin. Onam qilayotgan noma’qul ishlarini tark etgani uchun Alloh azobni yengillatdi. Mening nomimdan qilgan sadaqang ham yetib keldi», dedi. «Bular qanaqa tovoqlar?» deb so‘ragan edim «Bular tiriklarning o‘liklarga xayr-ehson, xatmi Qur’on va duolardan iborat hadyalaridir. Har juma kechasi ularga olib kelishadi-da, bu senga falonchining hadyasi deyishadi. Endi onamning oldiga qaytib borganingda, ularga salomimni va ushbu gaplarimni yetkaz. Onajon, Alloh sizni mukofotlasin, mening nomimdan qilgan sadaqangiz yetib keldi. Siz menga yaqinsiz, tayyorgarligingizni ko‘ring», dedi. Keyin uyg‘onib ketdim. Bir necha kun o‘tgach, ayolning uyiga bordim. Eshik oldida tobut turgan edi. Kim qazo qildi, deb so‘ragan edim, yigitning onasi, deyishdi. Unga janoza o‘qib, o‘g‘lining yoniga dafn qildik. Uning haqiga duo qilib, o‘z yo‘limga ravona bo‘ldim».

Alloh taolo bizni musulmon holimizda vafot etdirishini, solihlar safiga qo‘shishini va do‘zaxdan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, rahmli va mehribon zotdir.

Qayd etilgan