<<< CHUNG-ANG UNIVERSITETIDA XORIJLIK TALABALAR... >>>
Xorijdagi yetakchi ta'lim maskanlarida bilim olish har bir talabaning orzusidir. Bunday orzularning ro'yobga chiqishi uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Xorij ilm dargohlarida xalqaro almashuv dasturi mavjud. Unga ko'ra, shartnoma tuzgan Universitetlar ma'lum miqdordagi talabalar almashuvi orqali dasturni amalga oshirishadi.
Koreya ta'lim tizimida ham xorijlik talabalarning bilim olishi uchun qator imkoniyatlar mavjud. Koreys Universitetlari muntazam ravishda xalqaro dasturlari orqali xorijdan talabalar taklif etib turadi. Bu avvalo Universitetning obro'-e'tiborini oshiradi. Universitetlar bitiruvchi talabalarning ishga joylashishini imkon qadar kafolatlash maqsadini ham nazarda tutadi. Koreyada bakalavr diplomini olgan talabalar ishga joylashish uchun imtihon topshirishlari kerak bo'ladi. Imtihon jarayonida talaba tamomlagan Universitetning qanchalik obro'ga egaligi, reytingi naqadar yuqoriligi e'tiborga olinadi.
Chung-Ang Universiteti nafaqat Koreys yarimorolida , balki butun jahonda nomdor ta'lim maskani hisoblanadi. Zero, Universitet hozirga kelib dunyoning 24 mamlakatidagi 95 institut bilan hamkorlik rishtalarini bog'lagan. Universitet Xalqaro bo'limi bir qator muhim dasturlarni amalga oshirib keladi. Bundan tashqari hamkor Universitetlar bilan birgalikda xalqaro anjumanlar tashkillashtiradi. Xorijlik talabalarning barcha xarajatlari Universitet hisobidan qoplanadi.
Chung-Ang Universitetining asosan quyidagi xalqaro dasturlari mavjud: 1.Xalqaro talaba almashuv dasturi. Bunda darslar ingliz va koreys tillarida olib boriladi. 2. Bitiruvchi talaba dasturi. Bu ingliz tiliga mo'ljallangan.
Bu yilgi xalqaro talaba almashuv dasturiga muvofiq, Chung-Ang Universiteti o'z tarkibidan O'zbekiston, Qozog'iston, Indoneziya talabalari uchun 6tadan, Fransiyaga 5ta,Tailandga 4ta, Rossiya va Xindistonga 2tadan, Qirg'iziston talabalari uchun 1ta o'rin ajratdi.
Koreya oliygohlarida qo'shni - Xitoy va Yaponiyadan kelgan talabalar ham ko'pchilikni tashkil etadi. Ular mahalliy koreys talabalari bilan mashg'ulotlarda qatnashadi.
Koreys Universitetlari talabalarini xorijga o'qishga yuborishni ham yo'lga qo'ygan. Talabalar asosan AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Germaniya, Fransiyadagi mashhur oliygohlarda malaka oshirib qaytadilar. Bundan tashqari ular xalqaro talaba almashuv dasturiga ko'ra, hamkor universitetlarda bilim oladilar.
Koreyada ko'pchilik oliygohlar har tomonlama o'z-o'zini ta'minlaydi. Universitetlarga tegishli do'konlar, restoranlar, kombinatlar, kutubxonalar mavjud. Qo'shimcha daromad topishni istagan talabalar darsdan bo'sh vaqtlarida Universitetning mahobatli kutubxonalarida ishlashlari mumkin. Bunga yaxshigina maosh to'lashadi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jixozlangan keng va shinam auditoriyalar barcha talabalarning chuqur bilim olishlarini ko'zlaydi.
Internetdan foydalanishga ixtisoslashgan alohida darslar olib boriladi. Bularning barchasi Koreya Universitetlarini jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi Universitetlar bilan bir qatorda tilga olishimizga asos bo'la oladi.
OTABEK YO'LDOSHEV