Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 71857 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:56:35

Savohil (qissa). Tohir Malik



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 507 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:57:51



SAVOHIL

«Qaysi millat orasinda birlik ko‘tarilib, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlangani aniqdir. Bular shuni fahmlamaydilarmi?»
«Dildagi adovat temirdagi zangga o‘xshaydi. Zang temirni yegani kabi, adovat Vatanni azobga soladi. Odamlar nahot adovatdan nari bo‘la olmasalar?..»


Abdulla Avloniyga bag‘ishlanadi

MUQADDIMA O‘RNIDA

— Bahorjon, kela qol, o‘ng qanotimga o‘tir, bizlarga ilhaq joylarga uchaylik. Sovuqni quvaylik, yerni uyg‘otaylik.
— Oftobjon, kela qol, sen chap qanotimga o‘tir. Qishning muzlarini eritib tashla, yerni azoblardan o‘zing qutqar.
Qaldirg‘och shunday der ekanu bir qanotiga oftobni, bir qanotiga bahorni o‘tqazib ucharkan. Qish bo‘yi o‘limtik holga tushgan dov-daraxtlarni uyg‘otarkan, muzdan qutulgan tuproq yayrab nafas olarkan. Odamlar shod-xurramlik bilan ish boshlar ekanlar.
Kunlarning birida qaldirg‘och uchib yurib, ilonning ariga aytayotgan gapini eshitib qolibdi:
— Men hammadan kuchliman, mendan barcha qo‘rqadi. Demak, men eng shirin taomlarni tanovul qilishim kerak. Sen yer yuzidagi bor jonivorlarning go‘shtini tatib ko‘r, eng shirinini menga kelib aytasan.
Ari, «xo‘p bo‘ladi», deb uchibdi, qaldirg‘och esa uning iziga tushibdi. Ari barcha jonivorlarni tatib ko‘ribdi — yoqmabdi. Oxiri pichan g‘arami yonida o‘ynayotgan bolani chaqibdi-da, ozgina go‘shtini uzib olibdi. Shu go‘sht unga ma’qul kelib, ilon huzuriga oshiqibdi.
Qaldirg‘och hademay unga yetib olibdi-da, arining og‘zidagi go‘sht bo‘lakchasini cho‘qibdi. Go‘shtga qo‘shib arining tilini ham uzibdi.
Ari ilon huzuriga kelgach, nuqul g‘o‘ng‘illarmish.
— Gapir, aytgan ishimni bajardingmi? — debdi ilon.
— Bajardi, bajardi, — debdi qaldirg‘och, — u eng shirin go‘sht — qurbaqaniki, deyapti.
Shu-shu ilon qurbaqaga qiron keltira beribdi.
Kunlarning birida ilon qaldirg‘ochning nayrangini anglabdi-yu, yovlashib, uni ham tinch qo‘ymaydigan bo‘libdi...

(O‘zbek xalq ertaklaridan)

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:58:27

Ko‘ngil, sen bunchalar nega
Kishanlar bilan do‘stlashding?

Abdulhamid Cho‘lpon.

Birinchi qism
IKKI QIRG‘OQ

I b o b
OQ FOTIHA
1


Asadulla qaldirg‘ochlarning bexos qattiq chirqillashidan uyg‘onib ketdi. Yostiqqa tirsagini tirab qaddini ko‘tardi-da, deraza osha tashqariga qaradi. Devor tomonda yotgan Hojiyaxon ham uyg‘ondi:
— Nima bo‘ldi ularga? — dedi u, eriga havotir ko‘zi bilan qarab.
— Qaray-chi...
Asadulla ayvonga chiqdi-yu, shiftda osilib turgan ilonni ko‘rdi. Yo‘g‘onligi uch yashar bolaning bilagidek keladigan ilon tillarini chiqarib qaldirg‘och iniga bosh suqmoqchi bo‘lar, ikki qaldirg‘och esa unga hamla qilgancha tinmay chirqillardi. Asadulla qarsak urib, «hayt-hayt»lab ilonni cho‘chitmoqchi bo‘ldi. Ilon bunga parvo qilmagach, hovliga tushib, uzun tol yog‘ochni qo‘liga oldi.
— Hay, hay, dadasi, o‘ldirib qo‘ymang tag‘in, — dedi uydan shoshilib chiqqan Hojiyaxon.
Asadulla yog‘ochni ko‘tarib, ilonni chetga surdi. Ilon yog‘och bilan bir oz olishgan bo‘ldi-da, ishga odam aralashganiga fahmi yetibmi, toqilar orasidagi teshikka kirib ketdi.
Qaldirg‘ochlar xavf bartaraf bo‘lganiga ishonqiramay inlari atrofida picha uchib yurishdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:58:42

— Ilon boyoqishlarga hech bir tinchlik bermadi-da, qachon qarasang shu yerda. Bular ham inlarini ko‘chira qolishmaydi.
— Soddasan-da... inlarini ko‘chirsa ilon topib borolmaydimi?
Asadulla to qaldirg‘ochlar tinmaguncha joyidan jilmadi. Qushlar inga kirganlaridan keyin ham dam-badam boshlarini chiqarib, jonsarak qarab qo‘yishardi.
«Biz ham shularga o‘xshab qoldik,» deb o‘yladi Asadulla. O‘ziga shunday deyishga dedi-yu, ko‘ngli og‘ridi. Xurriyat xuddi shu beozor qushlar misol qanotlarida ozodlik, erkinlik, baxtni olib kelib go‘yo xalqqa in’om qilganday edi. Shu kunlarga yetishishni orzu qilgan, kurashgan, hatto umrining bir qismini Sibir o‘rmonlariga tashlab kelgan Asadulla «ilon»larning qilmishini hisobga olmagan ekan. «Bahor keldi, vassalom, olam charog‘on bo‘lajak», deb ko‘nglini shodlagan ekan. Bahorning ayamajuzlari, yer-ko‘kni larzaga soluvchi momaguldiraklari, yo‘lida uchragan barcha narsalarni sidirib ketuvchi sellari, do‘llari borligini mulohaza qilmagan ekan.
Ikki yildan beri kun nadir, tun nadir, ajratish mahol. Oftobdan qo‘rqqan, sovuq tunda o‘rmalab kelib ochilajak kurtaklarni bo‘g‘ib ketgani kabi o‘zlarini erkparvar deguvchilar, pinhona kurashlarini avj oldirar edilar. Yarador vahshiy hech nimadan tap tortmaydi, jonzot uchun yanada xavfli bo‘lib qoladi.
Zamonning o‘yinlari ajabtovur. Ikki yil muqaddam bular og‘zidan inqilob so‘zi tushmas edi. Ba’zan, «bularning tanglayini «inqilob» deb ko‘targanmi», deging kelardi.
Asadulla buni o‘tkinchi hol deb yanglishgan ekan. Ha, qattiq yanglishgan ekan. Hurriyat so‘qmoqlarida achchiq-chuchukni, issiq-sovuqni tatigan odam uchun bu yanglishish kechirilmas hol edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:59:01

Erkparvar libosidagilar jodugar kabi turli ko‘rinishga kiradi: ilonga aylanib qush uyasiga bosh suqmoqchi bo‘ladi, tulkiga aylanib makr ishlatadi, bo‘riga aylanib qo‘qqisdan hamla qiladi... Asadulla bularning hammasiga o‘zi shohid bo‘ldi. Qo‘qonda biqinini o‘q teshib o‘tganda ham, Toshkentning tahlikali tunini kunga ulaganda ham, birodarlarini o‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yganda, Turkiston Markaziy ijroqo‘midagi majlislarda nohaqdan-nohaq ayblaganlarida ham usha «jodugar»ning nafasini his qilib turardi. «Sherni otsang bo‘riga aylanadi, bo‘rini nishonga ololsang u tulkiga, so‘ng tulki quyonga, quyon burgutga aylanib ko‘z ilg‘amas balandlikka uchadi. O‘qing yetib uni mahv etsa tuxum ajraladi, tuxumni poylay olsang, undan igna chiqadi-yu, dengiz tubiga cho‘kadi. Jodugarning joni shu ignada. Uni topib sindirsang — jodugardan qutulasan...» Asadulla o‘sha ignani topolmay garang edi. «Do‘st makridan o‘zing asra, g‘animni bartaraf etmoqqa qurbim yetarli», deyishadi. Erkparvarlarning aksari do‘st libosida yurgani Asadullaga ma’lum. Lekin ularni qanday oshkor etish mumkinligi noma’lum edi. Turkijroqo‘mning majlislarida ba’zan ular po‘st tashlab qolay derdilaru, ammo ustalik qilib, niqoblariga o‘ralib olardilar.
Asadulla hozir ayvon ustuniga suyanganicha, qaldirg‘och uyasiga qarab shularni o‘ylardi. Bu o‘ylar bexos uyg‘onmadi, yo‘q, bunga qaldirg‘och uyasiga hamla qilgan ilon ham sabab emas. Kechagi Hurriyat uyida bo‘lgan majlis uning xotiralarini, xayollarini to‘zitib yubordi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:59:34

Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi bugun asosan Farg‘ona vodiysidagi ahvolni muhokama qilishi kerak edi. Buxorolik va afg‘onistonlik oliy zotlardan bir qanchasining vodiyda yurgani, mayda qo‘rboshilarni birlashtirishga harakat qilayotgani haqida darak topishgach, Asadulla voqeani oydinlashtirish uchun Qo‘qonga borgan edi. Afg‘on «elchi»lari qo‘lga olinganini bilib, Qo‘qonda uzoq qolmay, Andijonga jo‘nadi. Shahar ChKsida unga to‘rt basavlat, sersoqol afg‘onni ro‘para qildilar. Avvaliga suhbatlari qovushmadi. Ular, «chustlik tojiklarmiz», deb turib oldilar. Chust tojiklar o‘zbekchani suvday bilardilar, shuning uchun Asadulla ularga o‘zbekcha gapirdi. Javob ololmagandan so‘ng yana forschaga o‘tdi. Afg‘onlar qaysarliklarini davom ettiravergach, u Afg‘onistonda amir Habibullaxon o‘ldirilgani, uning o‘rniga Omonulloxon hukmdor bo‘lganini aytdi. Shunda soqoliga oq oralagan afg‘on beixtiyor:
— Yo Olloh, yolg‘onni o‘zing kechir, — deb yubordi.
Asadulla amir Omonulloxonning Maskovga maktub yo‘llagani, bu maktubni forsiydan ruschaga o‘zi tarjima qilganini aytganda ham afg‘onlardan sado chiqmadi.
— Mahmudbek Tarzini bilarsizlar, axir? — dedi Asadulla toqati toq bo‘lib.
— Sardor Tarzimi? Omonulloxonning padarzani1,— dedi soqoliga oq oralagan afg‘on sovuq ohangda.
— Shu odam horijiya noziri bo‘libdi. Amir Afg‘onistonni butkul mustaqil, o‘zgalarga qaram emas, deb yurtga omonlik beribdi.
Bu gapni eshitib, afg‘onlar bir-birlariga savol nazari bilan qarab oldilar. Shundan keyingina ular amir Habibulloxon istagi bilan bu yerlarga kelganliklari, vazifalari barcha qo‘rboshilarni Madaminbek qanotiga to‘plash ishida hamkorlik ekanini aytdilar.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 04:59:56

Asadulla majlis ahliga shularni bayon qilgach, munozara uzoq cho‘zildi. Vodiydagi ahvol xavotirli edi. Jiddiy muhokamaga, alqissa, jiddiy harakatlarga muhtoj edi. Majlisning cho‘zilishi shundan.
Muhokama yakunlangach, barcha uchun kutilmaganda tashqi ishlar xalq noziri so‘z olib, kun tartibiga yana bir masalani kiritishni taklif qildi.
— Aprel oyida Termiz qal’asiga ikki afg‘on kelib, amirning muhim maktubini topshirgan. Termizlik o‘rtoqlar drezinada yo‘lga chiqib, bu maktubni bizga yetkazdilar. O‘rtoq Asadulla Mira’lamov ishtirokida maktubni ruschaga tarjima qildik. Afg‘onistonning yangi amiri Moskvaga murojaat etib, do‘stlik aloqalarini o‘rnatishni so‘ragan. Sizlarga shuni ma’lum qilamanki, Sho‘rolar hukumati bir yil avval Afg‘oniston amiriga shu masalada murojaat etgan edi. Biz yangi amirning maktubini radiotelegraf orqali Moskvaga uzatgan edik. Bugun javob oldik. Moskva zudlik bilan diplomatik guruh tashkil etib, Afg‘onistonga yuborishimizni so‘rayapti. Moskva — Toshkent yo‘li berk bo‘lgani sababli RSFSRning vaqtincha elchisi ham shu yerda tayin qilinishi kerak. Biz bu vazifaga Nikolay Zaxarovich Xmarin nomzodini tasdiqlashni RSFSR hukumatidan iltimos qilmoqchimiz.
— Xmarin? Kim ekan u? — dedi o‘tirganlardan biri.
Xalq noziri qog‘ozlar orasidan keraklisini tanlab, nomzodni tanishtira boshladi. Asadullaning qulog‘i unda, xayoli esa aprel oyidagi uchrashuvda edi. U Xmarin bilan bir mata uchrashgan, bu kibor diplomat unda noxush taassurot uyg‘otgan edi.
Xmarinning ko‘p yillar davomida imperator elchisi sifatida Eronda xizmat qilgani majlis ahlini o‘ylantirib qo‘ydi. Bu odamga ishonish mumkinmi yo yo‘qmi, hech kim bilmas edi. Shu sababli nomzod darrov tasdiqlanmay, munozaraga sabab bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:00:13

— Siz unga kafillik bera olasizmi? — deb so‘radi majlis raisi munozaraga yakun yasash maqsadida.
— Kafillik bersam, bermasam, diplomatiya ishlaridan xabardor boshqa odamimiz yo‘q. Uning kimligini RSFSR Tashqi ishlar xalq komissarligida mendan yaxshiroq bilishadi. Nomzod ma’qul kelsa tasdiqlashadi. Bo‘lmasa yo‘q. RSFSR elchisining birinchi o‘rinbosari, ayni paytda Turkiston jumhuriyatining elchisi vazifasiga biz o‘rtoq Mira’lamov nomzodini ko‘rsatmoqchimiz.
Asadulla yanglish eshitmadimmikan, deganday hayron bo‘lib nozirga qaradi.
— Menmi? — dedi u quloqlariga ishonmay.
— Ha, siz, o‘rtoq Mira’lamov, nimaga ajablanyapsiz? Amirning amakivachchasi Ishoqxon bilan borishni taklif etganimizda rad etmagan edingiz?
— Unda... amirga xat olib borishimiz kerak edi. Elchilik... umrimda qilmagan ishim...
— Men ham umrimda nozirlik qilmaganman. Bular ham...
— O‘rtoqlar, tushuninglar, axir bu jiddiy mas’uliyatli ish.
— Shuning uchun ham sizning nomzodingizda to‘xtaldik.
Asadulla bosh chayqadi-yu, ammo e’tiroz bildirmadi. Nozir bundan mamnun bo‘lib, gapini davom ettirdi.
— Elchining harbiy maslahatchisi qilib o‘rtoq Shuvalov nomzodini ko‘rsatamiz. Orenburg inqilobiy harakatining faollaridan. Dutovga qarshi janglarda qatnashgan, sinalgan o‘rtoq.
— Sobiq politsiyachimi?
— Politsiyada bolsheviklarning topshirig‘i bilan ishlagan, — dedi nozir keskin ohangda.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:00:22

Boshqa savol tushmay, nomzod ma’qullandi.
— Elchining yana bir o‘rinbosarligiga o‘rtoq Ushinskiy nomzodi...
Asadulla yalt etib nozirga qaradi: «Nima deyapti?! Butun bir katta davlat bilan aloqa o‘rnatishga beburd, millatchi odamni yubormoqchimi?»
— Men qarshiman, — dedi Asadulla o‘rnidan turib.
— Elchi sifatidami? — dedi kimdir kinoya bilan.
— Yo‘q, — dedi Asadulla qat’iy ohangda, — Markaziy ijroqo‘m a’zosi sifatida. Men Ushinskiyni yaxshi bilaman.
— Biz ham bilamiz, — dedi nozir. — O‘rtoq Ushinskiy inqilob uchun ko‘p xizmat qilgan. To‘g‘ri, u eser1 edi. Ammo yanvar isyonidan2 ancha oldinroq bolshevik3lar safiga o‘tgan. Men unga shaxsan kafillik beraman.
— Nomzodi ma’qullansin. O‘rtoq Mira’lamov, shaxsiy adovatlarni unutish kerak. Hozir kek saqlaydigan zamon emas... Umuman... deyarli har majlisda o‘rtoq Ushinskiyni bir cho‘qimasangiz xumordan chiqmaydigan bo‘lib qolyapsiz... — Bu ovoz hozirgina kinoya qilgan odamniki edi. Asadulla unga bir qarab oldi-yu, biroq, javob bermadi. Hozir o‘zini oqlashga kirishsa, o‘tirganlarda boshqacha fikr uyg‘onishi mumkin edi. Turkiston Markaziy ijroqo‘midagi yagona o‘zbek — Asadulla Mira’lamov ular bilan bo‘lajak bahsda baribir yengilardi. Shu sababli dardini ichiga yutdi.
Boshqa gaplar Asadullaning qulog‘iga kirmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:00:45

...Turkiston Markaziy ijroqo‘midagi majlislar Asadullani tobora qiynab borardi, uni go‘yo boshi berk ko‘chaga haydayotgandek edi. Milliy uyg‘onish, yurt istiqloli orzusi mavhumlik pardasiga chulg‘anardi. U jannat bog‘larini umid qilib, oqibatda sarobga yo‘liqqan chorasiz kishi holida o‘zini ko‘rib, ruhi faryod cheka boshlardi. «Qaysi nuqtada xatoga yo‘l qo‘ydik? Nahot, bo‘layotgan gaplarning barchasi yolg‘on, nahot biz aldovga uchgan nodonlarmiz?» — Asadulla shu savollarga javob izlardi. Ichki bir hayqiriq: «Senlar aldandilaring, senlar tufayli xalq ham aldandi», deb tursa, so‘nib ulgurmagan umid cho‘g‘i: «Yana ozgina kutaylik-chi...» deb sabrga undardi...
Markaziy ijroqo‘mning bir oy avvalgi maxsus majlisida bu umid cho‘g‘i butkul so‘nmog‘i lozim edi, lekin bu safar ham sabr ustun chiqdi.
Undan oldinroq Asadullani yo‘qlab, maxsus topshiriq bilan Farg‘ona muzofotiga borajagini aytishdi. Unga ma’lum qilishlaricha, Eskijo‘vada qo‘qonliklar «Farg‘ona fojeasi» degan tomosha ko‘rsatishibdi. Tomosha mazmuni zararli, millatchilik ruhida bo‘lgani sababli to‘xtatilibdi. Unda zikr etilgan ayrim voqealar esa tekshiruvga muhtoj emish.
Asadullaning tomosha qo‘yilishidan xabari bor, biroq, kelib ko‘rishga imkoni bo‘lmagan edi. Tomoshani sahnaga qo‘ygan Niyoziyni u yaxshi tanirdi. U bir necha yil muqaddam Asadullaga uchrashib, teatru san’ati bilan qiziqqan, Qo‘qonda ham shunday tomoshalar ko‘rsatish niyati borligini aytib, maslahatlar so‘ragan edi. Shu bahona ular orasida ustoz-shogird maqomida yaqinlik vujudga kelib edi. Asadula Markaziy ijroqo‘mdan topshiriq olgach, yo‘lga otlanishdan avval Niyoziy bilan uchrashib, tomosha matnini so‘radi.

Qayd etilgan