— Muhammad payg‘ambarning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan to‘da eski shahardan yurishni boshlab nima qildi? — dedi u yana ro‘parasidagi odamlarga murojaat qilib. So‘ng javob kutmay gapini davom ettirdi: — Yangi shaharga keldi. Keyin turmani o‘rab oldi. Ishg‘ol ham qildi. Xo‘sh, keyin-chi? Keyin sovet hokimiyati dushmanlarini chiqarib yubordi. Ana endi, muhtaram bolshevik o‘rtoqlar, menga javob bering: bu yil Muhammad payg‘ambar tug‘ilgan kuni nishonlanmaydimi? Endi ular Turkiston Markaziy Ijroqo‘miga yurish qilib, komissarlarni turmaga tiqmaydi, deb siz kafolat berasizmi, o‘rtoq rais? Meni kechiring-u, — Ushinskiy istehzo bilan kuldi, — men kafolat bera olmayman. Turmada o‘tirishga toqatim yo‘q. Men bir narsaga kafolat bera olishim mumkin: ularning TVO tarafida turib, bizga qarshi kurashishlari aniq!
Notiqning gaplari quruq safsataga aylanganidan g‘ala-g‘ovur kuchaydi. Ushinskiy esa bunga parvo qilmay ovozini balandlatdi:
— Ana, o‘rtoq Asadulla Mira’lam nima deya oladilar? Keyingi qurultoyda bu o‘rtoq rahbar organlarga mahalliy millat vakili sifatida saylandilar. Men bu o‘rtoqning inqilob ishiga sadoqatlari boriga, afsus, ishona olmayman.
— O‘rtoqlarning shaxsiyatiga tegmasligingizni talab qilaman!
— O‘rtoq rais, iltimos, gapimni bo‘lmang. Biz hozir printsipial masalani hal qilyapmiz. Men aytgan har bir gapim uchun javob berishga tayyorman. Demak, o‘rtoq Mir’alamga ishonchim yo‘q, dedim. Endi o‘rtoq Mira’lamga savolim bor: yanglishmasam, siz o‘tgan yili, «Sho‘roi islomiya»ning gazetasida ishlardingiz, shundaymi? Aniqrog‘i, muharrir edingiz?
Asadulla o‘rnidan turdi. Majlis ahli jim bo‘lib, unga o‘girildi. «Eserning niyati ma’lum, qani, oxirigacha eshitay-chi?» — degan o‘yda javob berdi:
— Ha, muharrir edim.
— Ular sizdan xafa bo‘lishganda tavba qilgan-siz-a?
— Ha, tavba qilganman.
— Bo‘ldi, rahmat, shuning o‘zi yetarli. Ana, o‘rtoqlar, shu odamga qanday ishonish mumkin? Bu odamning men bilan birga bo‘lishiga sira ishonchim yo‘q.