— Yashirmang, Tal’at maqsum. Siz Buxoroni ziyorat qilgali kelmagansiz. Hazrat qani?
— Hazratni ko‘rmadim. U boshqa, biz boshqa yo‘l bilan borishimiz kerak edi.
— Nima uchun?
— Nima uchun bo‘lardi, sizlarni chalg‘itish uchun-da.
— Sizning vazifangiz nima edi?
— Biz Turkistonning kofirlar zulmidan azob chekayotganiga kafolat berishimiz lozim edi.
— Kimga?
— Afg‘on amiriga... Istasangiz, yana bir sir aytay sizga... Uyingizni Muhiddin degan yigit yoqqan.
Bu gapni eshitib, Asadulla uzoq o‘y surdi, so‘ng ijaraga boshpana so‘ragan yigitni esladi: «Yuzida chandig‘i bor edi shekilli?»
— O‘sha odamning yuzida chandig‘i bor edi-a? — deb so‘radi Asadulla. — Shundaymi, a?..
— Ha, bor, uni taniysizmi?
— Taniyman... — Asadullaning boshi qizib, ko‘kragida sanchiq turdi, qo‘l-oyog‘i darmonsizlandi. Picha o‘tgach, chuqur nafas olib, og‘riqdan bir oz holi bo‘ldi.
— U «Ulamo»ning o‘sha hukmini bajarmoqchi bo‘lgan, baxtingiz bor ekan, qutulib qolibsiz.
«Baxtingiz bor ekan?..» Asadulla bu gapni eshitib, dodlab yuboray dedi. Baxti bor ekanmi? Bu baxtning nima keragi bor unga? «Ulamo»ning hukmini ijro qilibdimi u iblis? O, bilganda edi, ularning bu qadar razilliklarini, bu qadar vahshiyliklarini bilganda edi. «Ollohga shak keltirgan Asadulla Mira’lamning jazosi — o‘lim», deb hukm qilganlarida to‘g‘ri borib kundaga boshini qo‘yib bermasmidi?
Hozir g‘azabga, xotiralar oloviga beriladigan payt emas edi. Asadulla chuqur-chuqur nafas olib, o‘zini bosdi.
— Tal’at maqsum, siz ko‘p narsalarni bilasiz, ammo aytgingiz yo‘q. So‘roq qiluvchi o‘rtoqqa yashirmay ayting hammasini. Bo‘lib o‘tgan ishlardan ham, rejadagilarni ham. Men siz bilan uzoq qola olmayman.
— Va’dangizda turasizmi, meni Toshkandimizga qo‘yib yuborishadimi?
— Tal’at maqsum, men ularga kafolat beraman. Jinoyatlardagi ulushlaringizga qarab, ajrim qilishadi.
— Bu — nohaqlik! Siz o‘ch olyapsiz!