Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105265 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:41:58

Alqissa, xudodot yurtimiz taqdiriga kuyinmoq vaqti yetdi. Inglistonning muhoribani bas qilg‘oni yurtga kamol bermas, bil’aks, musibatlarga ro‘baru qilar. Shul bois, Omonulloxon Ingliston hukumatiga uzrnoma bitishi joizdirki, uning bunday qiluviga ishonchim yo‘q. Amir O‘rusiya ila do‘stlashmoqda, alar ko‘magiga umidvor. Bu umid iplarini qirqa olsak, Ingliston marhamatiga erishamiz, bu demak, Turkiston yerlari hisobiga Afg‘oniston mulki kengayib, qudratiga qudrat qo‘shilgusi, Amir nomasining Mazori Sharif orqali Tirmizga yetkazuvlari sizdan o‘tgan xatolikdir. Siz bunga yo‘l bermasligingiz lozim edi. Menga yetib kelgan axbor O‘rusiya elchilarining yo‘lga hozirlanayotganlarini ma’lum qildi. Vakola zinhor Mazori Sharifga kirmasligi darkor. O‘rusiya vakolasidan ilgari tuprog‘imizga Toshkanddin tabarruk zot qadam qo‘yadi. Sizning qanotingizdagi yana bir oliy zot hamrohligida u Mazori Sharifda uzoq qolmay, shoshqich Kobulga yetib keluvi shart. Sizning xizmatingiz, Yaratganning inoyati ila, inshoolloh, shunday bo‘lajak.
Shuning bilan birgalikda, ishonchli mulozimlaringizni daryoning u qirg‘og‘iga jo‘nating, ular O‘rusiyaning zulmi, Afg‘onistonning muruvvati haqida gap yoysinlar. Avomni bunga ishontira olsak, u yerlarni Afg‘oniston mulkiga qo‘shmoq oson kechadi.
Siz bilan xudodot yurtimizning omonli kunlarida diydor ko‘rishmak nasib etishini Ollohdan iltijo etib, duoyi joningiz qilib qoluvchi piringiz...»

Qodir og‘a hazrat nomani yana bir qayta o‘qib, ko‘ngli xotirjam topgach, qarsak chaldi.
— Akangni chaqir, — dedi u, ostona hatlab ta’zim qilgan o‘spiringa.
Bir zumdan so‘ng qoruvli yigit kirib keldi.
— Qalandarlar bilan safarga otlan. Mana bu nomani Mazori Sharifga tezlikda yetkaz. Boshing ketsa ketsin, nomaga o‘zgalar nazari tushmasin.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:14

III b o b
TAHLIKALI KUNLAR


1

Asadullaning ham, Shuvalovning ham tundlashib qolganini Ushinskiy sezdi. Asadullaga bir-ikki savol berib, tayinli javob ololmagach, toqati toq bo‘ldi. Chorjo‘yga yetishgach, Shuvalovning: «Yuklarni tushirmay turinglar», degan gapini eshitib, sabri chidamadi.
— O‘rtoq Shuvalov, nima gapligini balki bizga tushuntirib berarsiz? — dedi u istehzo bilan.
— Tushuntirib beraman, Veniamin Samoylovich, elchi bilan maslahatlashib olay-chi?
— Elchi bilan birgalikda maslahatlashamiz.
Shuvalov: «Bu qanaqasi?» — degan savol nazari bilan Asadullaga qaradi.
— Paysalga solmaylik, — dedi Asadulla, — tezdan bir fikrga kelib olishimiz kerak.
Uchovlari oldinma-keyin Xmarinning kupesiga kirdilar. Kiyimlarini jomadonga joylayotgan elchi bundan hayron bo‘ldi.
— Nikolay Zaxarovich, — dedi Shuvalov, — safarni qaysi yo‘l bilan davom ettirishni o‘ylab olishimiz kerak.
— Nimasini o‘ylaymiz, yo‘limiz aniq belgilangan. Bu yerda paroxodga o‘tiramiz, keyin Karki...
— Nikolay Zaxarovich, men faqat harbiy maslahatchi emasman, balki shu safar xavfsizligini ta’minlashga ham javob beraman. Shu sababli belgilangan yo‘lni o‘zgartirishni taklif qilaman.
— Sabab? — dedi Xmarin ajablanib.
— Ha, sababini ayting, — dedi Ushinskiy oraga suqilib.
Shuvalov yo‘l-yo‘lakay mulohaza yuritib, orada g‘ayri maqsadli odamlar borligini aytmaslikka qaror qilgan, bularning shunday savolni o‘rtaga qo‘yishlarini hisobga olib, javobni ham tayin qilib qo‘ygan edi, shu sababli kalovlanib o‘tirmadi:
— Biz Buxoro amiri yerlaridan o‘tib borishimiz kerak. Bunga amirning ruxsatini olgan bo‘lsak ham, yo‘limiz xatarli. Kutilmagan hodisaga duch kelishimiz mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, safarimizni to‘xtatishga qaratilgan harakatlar mavjud. Ular bizni aynan shu Karki yo‘lida kutishlari mumkin. Chunki, birinchidan, bu eng yaqin yo‘l, ikkinchidan, yurar yo‘limiz ularga ma’lum bo‘lishi kerak.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:21

— «Ular» deganingiz kim? — dedi Ushinskiy. — Said Olimxon odamlarimi?
— Kimligini aniq aytolmayman.
— Nimani taklif qilasiz? — dedi Xmarin o‘yga tolib.
— Mari, Ko‘shk orqali Hirotga o‘tish kerak. Bu yo‘l uzoq, shuning uchun bizni kutishmaydi.
— Safarimiz necha kun cho‘ziladi shunda? — dedi Ushinskiy norozi ohangda. — Yo‘q, o‘rtoq Shuvalov, siz vahimachi ekansiz. Yo‘lda pistirma bo‘lsa nima? Quruq qo‘l bilan ketayotganimiz yo‘q-ku? Undan tashqari, «elchiga o‘lim yo‘q», degan gap bor.
— Veniamin Samoylovich, hozir bunaqa qoidaga amal qiladigan zamon emas.
— Bahslashmanglar. Men o‘ylab ko‘raman, — dedi Xmarin.
— Bu nima deganingiz? — dedi Ushinskiy Xmaringa tikilib.
— Tushunmadingizmi? O‘ylab ko‘rib, bir qarorga kelaman.
— Yo‘-o‘q, azizim, bunaqa anarxiya ketmaydi. Birga o‘ylab, birga qaror qilamiz.
— Veniamin Samoylovich, men elchiman, demak, vakola hay’ati menga bo‘ysunishi kerak, diplomatiya qonuni bu.
— Bunaqa qonunlar imperator zamonasida qolib ketgan, bu boshqa zamon. Siz bizga, firqa guruhiga bo‘ysunasiz.
— Janoblar, uzr, grajdanlar, — dedi Xmarin tutaqib, — bu mutlaqo mumkin emas. Maslahatlaringizga albatta quloq solaman, ammo elchining yordamchilariga bo‘ysunishi... Agar bolsheviklar menga ishonishmasa, izimga qaytishim mumkin.
— Nikolay Zaxarovich, bu gapdan xafa bo‘lmang, — dedi Asadulla, uni shahdidan tushirish maqsadida. — Biz diplomatiya ishlaridan bexabarmiz. Lekin ko‘pchilik bilan bamaslahat bitadigan ish pishiqroq bo‘ladi. Bolsheviklar sizga ishonishmasa shunday muhim ishni yuklashmas edi. Biz hoziroq bir qarorga kelishimiz kerak. Vitaliy Sergeevich taklifini qabul qilsak, yuklarni tushirmasak. Men ham Hirot yo‘lini ma’qullayman.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:29

Ko‘pning maslahatiga bo‘ysunish haqidagi gap Xmarinning hamiyatiga tegib, battar o‘jarligi tutdi:
— Gap bunday, azizlarim, anarxiyaga yo‘l qo‘yilmas ekan, unda avvaldan belgilangan yo‘ldan boramiz.
— Men ma’qullayman, — dedi Ushinskiy shoshilib.
Shuvalov yo‘lda pistirma bor-yo‘qligini aniq bilmas edi. Shu sababli ularga qat’iy qarshilik ko‘rsata olmadi. Yuklar tushirilib, vakola ixtiyoriga ajratilgan eski paroxodga ortildi. Shuvalov ehtiyot choralarini ko‘rishga majbur bo‘ldi. Chorjo‘y qal’asidan qo‘shimcha askar, o‘q-dori, bitta zambarak, bitta pulemyot olib, kemaga barja ulatdi. Kema darg‘asi bundan norozi bo‘lib, to‘ng‘illadi:
— Shu dumsiz ham besh kunda zo‘rg‘a yetamiz, oqimga qarshi suzish oson ekanmi?..
Kun tikkaga kelganda, quyosh tig‘iga chiday olmaganlar o‘zlarini kayutalarga urdilar. Asadulla ham dastlab kayutada o‘tirdi. Keyin nafasi qaytib, yuqori sahnga chiqdi. Kemaning tumshuq tomoniga o‘tib, yo‘g‘on arqonga suyangancha ayqirib oqayotgan loyqa suvga tikildi. «Qadimda Jayhun deganlaricha bor, tentak daryo — boshini qayga urishni bilmaydi...»
Shu paytda daryo to‘lqinlari uzra xotiralari qalqib-qalqib kela boshladi: «Hayotning o‘yini ham Jayhunning oqishiga o‘xshaydi: visol sari oqdi, desang, bir buriladi-yu, ayriliq o‘zaniga tushadi: quvonchga yo‘l ochdi, desang, qayg‘uga qarab boshlaydi. Endi hayotning nag‘masi qanday bo‘larkin?.. Hayot ostonada kutib turolmaydi. Shu daryo mavjiday bostirib kelaveradi. O‘zingni o‘nglab ololmasang, chilparchin qilib qirg‘oqqa uloqtiradi-yu, yana olg‘a ketaveradi. Hijron kishanlarini shu to‘lqinlarga ura olgan odamgina omon qoladi. Men shunga qodirmanmi?..»
— Asad Mira’lamovich, xayollaringizga sherik qilasizmi?
Asadulla nozli ovozdan o‘ziga kelib, orqasiga qaradi: oq ko‘ylak, keng soyabonli oq shlyapa kiyib olgan dilbar ayol, elchining kotibasi — Valentina Nikolaevna unga shirin jilmayib turardi. Asadulla uning yoniga keldi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:36

— Oftobdan qo‘rqmaysizmi?
— Bu oftoblar menga begona emas, bu yerlarda ko‘p bo‘lganman.
— Yo‘g‘-e?
— Ha, otamning Ishqobod1da, Marida ham zavodlari bor edi. Otam bilan ko‘p kelganman.
— Dadangiz?
— Ha, dadam kapitalist edi, — ayol shunday deb kuldi. — Qo‘rqmang, men kapitalist emasman. Dadam shunchaki injener edilar. Hozir Petrogradda tinchgina yashab yuribdilar. Siyosatga aralashmaydilar. Men ham siyosatdan uzoqdaman. She’riyatni sevaman. Siz shoir ekansiz, a?
— Kim aytdi? Bekor gap. Shunchaki havasmanadlik bor.
— E, yo‘q, kamtarlik qilmang. Siz haqingizda Toshkentda yetarli ma’lumot to‘plaganman.
— Shunaqami, siyosatdan uzoqdaman, deysizu razvedkaga yaqin ekansiz-da?
— Ayol xandon otib kulib yubordi. Asadullaning ko‘zi uning oq yuzidagi kulgichga tushib, eti jimirlashdi. Valentina Nikolaevna Sinelnikova o‘zining chiroyli ekanini ham, kulishi erkaklarga yoqishini ham bilardi. Hozir Asadulladagi o‘zgarishni ayollarga xos sezgirlik bilan payqadi. Payqadi-yu, odamovi tuyulgan bu erkakni ham iydira boshlaganidan o‘zicha yayradi.
— Siz ayollarni bilmas ekansiz, ayollarning hammasi erkaklar saltanatidagi razvedkachi. Kerakli erkak haqida har qanday ma’lumotni to‘plashi mumkin.
— Sizda yana kimlar haqida ma’lumot bor?
— Hozircha faqat sizga tegishli ma’lumotga egaman, — Sinelnikova shunday deb nozli qarash qilib qo‘ydi. Bundan Asadulla sergak tortib, jiddiylashdi. Undagi bu o‘zgarish ham ayol nazaridan chetda qolmadi.
— Siz Pushkinni sevasizmi? — dedi ayol gapni boshqa yoqqa burib.
— Uni ko‘p o‘qiganman. Menga Krilov yoqadi, undan tarjimalar ham qilganman.
— Pushkindan Krilovni afzal deb bilasizmi? Qiziq...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:44

Gurjistonning dardlarin, go‘zal,
Kuylamagil chok etib dilni:
U eslatar menga har mahal
O‘zga hayot, olis sohilni...

Sinelnikova ko‘zlarini yarim yumib, she’r sehridan mast bo‘lib o‘qirdi. She’r Asadullani ham o‘ziga tortdi.
— Nahot shu she’rlardan Krilovni baland qo‘ysangiz? — dedi ayol norozi ohangda.
— Baland qo‘ymayman, lekin... xalqini g‘aflat uyqusidan uyg‘otmoqchi bo‘lgan shoir ishqiy she’rlar bilan kun ko‘rolmaydi. Buning uchun Krilovning she’rlari zarurroq.
— Unda o‘zingiz ham shunaqa she’rlar yozarkansiz-da, a? — dedi Sinelnikova labini xiyol burib. — O‘qib bering-chi...
— Pushkinning shaydosiga o‘qiydigan emas-da.
— Noz qilmang, Asad Mira’lamovich, erkaklarga yarashmaydi.
Asadulla miyig‘ida kulib, gapni hazilga olmoqchi bo‘ldi:

Bizim Toshkand elida ancha loy ko‘b,
Hisobni bilmagan bema’ni boy ko‘b...

Sinelnikova kuldi, lekin boyagiday yayrab, xandon otib emas, ko‘ngil uchungina kuldi.
— Hafsalangizni pir qildimmi? Aytdim-ku, shoir emasman, deb.
— Menga ishqiy she’rlaringizdan o‘qing.
— Ishqiy?.. Bunaqasi yo‘q menda.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:42:52

— Qo‘ysangiz-chi, sharq she’riyatida ishqiy she’r yozmay bo‘larkanmi, jononning bitta xoliga Samarqandu, Buxoroni berib yuborasizlar-ku?
— Duch kelganining xoliga emas, Valentina Nikolaevna, agar ko‘ngilni rom etsa o‘sha jonon...
— Nima, sizning ko‘nglingizni hech kim rom etmaganmi?
— Rom etgan... Lekin mening ko‘nglimda boshqa tashvish ham bor edi. Xalqimni jaholat uyqusidan uyg‘otishga bor kuchimni sarflab, jononga Samarqandu Buxoroni berib yuborishni unutibman.
— Hazilni ham bilar ekansiz, a, dastlab ko‘rganimda serjahl odamdirsiz, deb o‘ylovdim.
— Xilvatda nimani sirlashyapsizlar?
Ikkovi ham ovoz kelgan tomonga baravar qarashdi. Asadulla Ushinskiyni ko‘rib, ta’bi tirriq bo‘ldi. Sinelnikova esa sir boy bermay jilmaydi.
— Veniamin Samoylovich, savolingiz bir hikoyatni esimga soldi, — dedi Asadulla ensasi qotganini yashirmay. — Bir bola qo‘shnining uyiga usti yopiq toboqda taom olib borayotgan ekan. Bir kishi uchrab: «E, o‘g‘lim, toboqda nima olib borursan? — debdi. Aqlli bola shunday javob beribdi: «Ey, otajon, toboq ichindagi narsani kishiga aytmoq va ko‘rsatmoq darkor bo‘lsa edi, usti o‘ralmagan, ochiq bo‘lar edi...» Xuddi shunga o‘xshash, sirlashayotgan bo‘lsak, savolingizga nima deb javob qilamiz?..
— O, Veniamin Samoylovich, sharq shoirlari bilan hazillasha ko‘rmang. Ayniqsa Krilovni qadrlaydiganlari ayab o‘tirmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:43:00

— Buni bilaman, Valentina Nikolaevna, Asadulla Mira’lamovichning tillari qilich damidan ham o‘tkir.
— Bo‘ldi, chegaradan chiqmanglar, — dedi Sinelnikova piching toshlari otila boshlaganini fahmlab. — Biz Pushkinni eslayapmiz. Veniamin Samoylovich, qatorimizga qo‘shilishingiz mumkin.
— Minnatdorman, xonim, Pushkin! O, buyuk daho!
— Uni sevasizmi?
— Uni sevmaslik — kaltabinlik!
Asadulla tomoq qirb, teskari qaradi. Ayol undagi o‘ng‘aysizlikni sezmaganga oldi.
— Bitta she’rini o‘qib bering, Veniamin Samoylovich!
— She’rini? — Ushinskiy beo‘xshov kulimsiradi. — Bu kallada she’rga o‘rin yo‘q. Hammasi manifestu chaqiriqlar bilan band.
— Ayollarning ko‘nglini shu manifestlar bilan olasizmi?
— O, ayollarning ko‘nglini qanday olishni bilamiz biz...
Asadulla bu yerda ortiq qolgisi kelmadi. Shilqimlik isi kela boshlagan suhbatdan dimiqqan kayutani afzal bilib, ulardan uzr so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:43:08

2

Kun oqqanda kema langar tashladi. Shuvalov kayutada yotgan Asadullani yuqori sahnga chaqirdi.
— Darg‘aning aytishicha, anov tepalik ortida turkmanlarning ovuli bor ekan. Yoningga bir-ikki musulmonlarni olib, borib kel, yon-atrof tinchmi, so‘rab-surishtir, — dedi. Keyin yaqinlashayotgan elchiga yuzlandi. — Nikolay Zaxarovich, shu yaqi o‘rtada ovul bor ekan. Mira’lamovich borib kelsin. Oziq-ovqat xarid qilish kerak.
— Mayli, borsinlar, — dedi Xmarin hafsalasizlik bilan.
Sinelnikovaning atrofida girdikapalak bo‘layotgan Ushinskiy Asadulla, Zikriyo afandi va to‘rt afg‘onning qirg‘oqqa tushganini bilmay, dog‘da qoldi.
Bir barxanni oshib o‘tib, yalanglikka chiqdilar. Yalanglikda o‘ttizga yaqin o‘tov tikilgan, atrofda qo‘y-echkilar yoyilgan edi. Ovulga yaqinlashayotgan begonalarni ko‘rib, oqsoqol peshvoz chiqdi.
— Xosh keldingizlar, — dedi u salomga alik olib.
— Karkiga yo‘l olganmiz, ortiqcha non-go‘shtingiz bo‘lsa sotib olaylik, — dedi Asadulla.
— Musulmonmisanlar baring?
Asadulla sheriklariga qarab oldi.
— Alhamdulilloh...
— Unda senmas ekansanlar. Bizga o‘ruslar keladi, deyishib edi. O‘ruslar kelsa o‘tkazmanglar deyishgan.
— Nimaga?
— Karkida zulm qilishibdi. Bizga yarog‘ qoldirishdi.
— Kimlar tashlab ketdi?
— E, o‘g‘lon, surishtirishingdan o‘ruslaring borga o‘xshaydi. Demak, senlar ekansan. Izzating borida qayt. Boshlaring balolalarga qolmasin.
Qariya shunday deb irg‘ay tayog‘ini do‘qillatib, orqasiga qaytdi.
Asadulla va Zikriyo afandi bir-biriga savol nazari bilan tikilgan holda turib qoldilar. Keyin orqalariga burildilar...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:43:17

— Ovullarni qurollantirishibdi, — dedi Asadulla Shuvalovga.
— Qaytish kerak, hali ham kech emas, — dedi Shuvalov.
— Bir gap topib keldingizmi? — dedi Xmarin ularga yaqinlashib.
Asadulla aytdi. Bu orada Ushinskiy bilan Sinelnikova ham ularga qo‘shildi. Jiddiy maslahat ketayotganini bilib, Ushinskiy avval Zikriyo afandiga yuzlandi:
— Bizning muhim gapimiz bor, iltimos, holi qo‘ysangiz, — so‘ng Sinelnikovaga qaradi. — Valentina Nikolaevna, uzr, sizni toliqtirib qo‘ymaylik.
— Veniamin Samoylovich, sizdan iltimos, Zikriyo afandiga bunday muomala qilmang. U hamma gapdan boxabar, — dedi Asadulla uning qilig‘idan norozi bo‘lib.
— Mana shu ishingiz bekor. Muhojirga ishonishga haqqimiz yo‘q.
Ular past ovozda bahslashib, bir qarorga kela olmadilar. Sahnda davra qurib o‘tirgan afg‘onlar ularga qarab-qarab qo‘yib, bezovtalanishdi.
— Ertalab hal qilamiz, — dedi Xmarin bahsga yakun yasab. — Hozir sir boy bermaylik. Yuringlar, afg‘onlar bilan gurung qilaylik.
Afg‘onlar ularni o‘rinlaridan turib qarshiladilar.
— Mirza Qandilxon, gapimiz chala qolib edi, — dedi Xmarin chordana qurib, — demak, amir Omonulloxon Inglistondan tap tortmabdi-da, a?
— Ha, sohib, tap tortmadi. Avom jon desa jonini bermoqqa tayyor hozir. Eronda ham shu holmi?
— Yo‘q, Mirza, Eronda butkul aksi. Rossiya Eronga mustaqillik bergan edi. Mustaqillikni asray olmadi.
Xmarin Eron voqealarini aytishga tutindi. Afg‘onlar uni qiziqib jon qulog‘i bilan tinglashar, Said G‘afforbek esa undan ko‘zini uzmas edi. Xmarin bu o‘tkir nigohni sezdi.

Qayd etilgan