Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105241 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:01:13

— Matnni olib qo‘ydilar, — dedi Hamza Niyoziy afsus bilan. Keyin uning qisqacha mazmunini bayon qilib berdi-da, qo‘shib qo‘ydi: — Tomoshada fojealarning bir-ikki zarrasigina ko‘rsatildi. Agar dashnoqlar vahshiyligining uchdan bir qismini ko‘rsatsak edi, dunyoga o‘t ketardi. Usta, siz Farg‘onaga borarsiz-u, ammo bir natija chiqarmikin?
— Biron nimadan gumoningiz bormi?
— Oq podsho zamonida ham tomoshalarimizga bu darajada taz’yiq yo‘q edi. Kechagi zo‘ravonlikka qaraganda dashnoqlarning Markaziy ijroqo‘mingizga ham ta’siri bormikin, deyman?
— Markaziy ijroqo‘mda dashnoqlar vakili yo‘q.
— Bu bizga ma’lum. Ularni burjua-millatchi fir-qa sifatida inkor etasizlar. Inkor etasizlaru inon-ixtiyorlarini o‘zlariga qo‘yib bergansizlar. Ijroqo‘mingizda ularning vakillaridan bo‘lmasa ham ta’siri bordir. Axir Qo‘qon muxtoriyatini shu dashnoqlar qonga botirib berishdi-ku? Komissarlaringiz ularning bu xolis xizmatlarini unutishmagandir? Ariqlarda suv o‘rniga qon oqdi, deganimda ishonmagandingiz. Avval faqat Qo‘qondagina ariqlarda suv o‘rniga qon oqqan bo‘lsa, endi butun Farg‘ona soylarida oqyapti inson qoni.
Asadulla bu masalada Niyoziy bilan bahslashmadi. Safarga u bilan birga borish istagi tug‘ildi. Lekin Favqulotda qo‘mitadan ijozat tegmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:01:46

Niyoziy to‘g‘ri aytibdi: dashnoqlarning vahshiyligini bayon etmoqqa qalam ojiz ekan. Butun bir qishloq ahlini yosh demay — qari demay, bola demay — ayol demay, adirga haydab chiqib, «bosmachilarga qarshi handaq qaziysanlar», deb majburlab, so‘ng barchalarini otib o‘ldirib, o‘zlari qazigan handaqlarga ko‘mib ketishlarining o‘ziyoq ularga qarshi keskin choralar qo‘llash uchun yetarli dalil edi. Asadulla ko‘rib-bilib kelgan dalillarini bayon qilib, «Odamlarning sho‘rolarga qarshi qo‘lga qurol olishlariga aynan shunday vahshiyliklar sabab bo‘lgan», degan xulosasini aytganida majlis ahli kutilmagan bu haqiqatni tan olganday avvaliga bir oz sukut saqladi.
Bu sukutni o‘shanda birinchi bo‘lib Ushinskiy buzgan edi:
— O‘rtoq Mira’lamovning so‘zlariga e’tibor berilsa, bu o‘rtoq nutqlarida «bosmachi» degan atamani ishlatishdan qochyaptilar. Yo men adashdimmi?
— Adashmadingiz, — dedi Asadulla. — Ularni siz bilan biz «bosmachi» deymiz. Xalq ularni o‘zgacha ataydi.
— Bilaman, — dedi Ushinskiy una qattiq tikilganicha. — Ular o‘zlarini «Milliy ozodlik jangchilari» deyishadimi yo «islom lashkarlari» deydilarmi yo yana allanima balolar deydilarmi, bu bizga yaxshi ma’lum. Sizning o‘zingiz nima deb ataysiz? Men sizning bu masalaga partiyaviy nuqtai nazaridan munosabatingizni bilmoqchiman.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:02:13

Farg‘onaga jo‘nash arafasidagi uchrashuvda Hamza «o‘zining uyini himoya etuvchilarni «bosmachi» deyish urf bo‘lib boryapti. Bosmachi kim ekani farqlab olinsa durust bo‘lardi», degan edi. Asadulla Ushinskiyga shunday javob qaytarmoqchi bo‘ldi-yu, bundagilarning behos hujumlaridan saqlanish uchun:
— Gap nima deb atalishida emas, gap — uning kelib chiqishi sabablari va bu urushni to‘xtatish masalasida, — dedi. Agar bu majlis ahli orasida gapga tushunadigan, xalq dardini anglaydigan bir odam bo‘lganida ham Asadulla Mashrabning «Dil tig‘i sitamdin pora bo‘lgan xalqni ko‘rdum, tani dardu alamdin yora bo‘lgan xalqni ko‘rdum» — degan baytini o‘qib, ruschaga tarjima qilib bergan bo‘lardi. Biroq, mashoyihlar: «Tani boshqa dard bilmas», — deb bejiz aytishmaganlar. Asadulla yuragini kuydirayotgan gaplarning ko‘pini tilga chiqarmadi. Faqat asosiy xulosani isbot etish maqsadida:
— Farg‘ona viloyatida to hozirga qadar mahalliy millat vakillaridan bironta odamning bolsheviklar firqasiga qabul qilinmasligini qanday izohlash mumkin? — dedi.
Bu savolni ham majlis ahli sukut bilan qarshi oldi.
Bu sukutni ham Ushinskiy buzdi:
— Demak, mahalliy millat vakillari orasida bolsheviklar safida turishga arzirli ongli odam yo‘q ekan...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:02:37

Shu odam kutilajak uzoq safarda Asadullaga hamroh bo‘lishi kerak...
Ushinskiyning elchilar guruhiga kiritilishi, majlisda «kekchi», «adovatchi» degan nom olishi Asadullani behad g‘azablantirdi. O‘tgan yili xuddi shu binoda Asadulla bilan Ushinskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojaro hali unutilgani yo‘q. Kechagi majlisda Ushinskiy nomzodiga qarshi chiqishi bilan ko‘pchilik o‘shani eslagan bo‘lishi kerak. «Shaxsiy adovat...» degan gaplar shuning oqibati. Ushinskiyga qarshi aytilgan har bir gap istasang-istamasang shu mojaroga qarab yetaklaydi. Do‘st libosidagi g‘animlarga bu ayni muddao. Kechagi majlisda «shaxsiy adovat» deb o‘sha mojaroga shama qilgan odam chin do‘stmi yo ko‘ngli qorami, Asadulla aniq bilmaydi. Balki u toza ko‘ngildan aytgandir bu gapni. Do‘ppini qo‘yib, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, uning bu fikri bir jihatdan to‘g‘ri. Shaxsiy adovatga sira yo‘l berish kerakmas. Lekin u qora niyatda aytgan bo‘lsa-chi?
Ertalab qaldirg‘ochlarning bexos chirillashidan uyg‘ongan Asadullani ana shu xayollar beorom qilmoqda edi.
Nonushta mahali ham o‘yga tolgan holda o‘tirdi. Xotiniga ko‘zi tushdi-yu, g‘alati bo‘lib ketdi: Hojiyaxon unga ma’yus tikilib turibdi. Asadulla undan ko‘zini olib qochdi. Choydan bir ho‘plab, yana qaradi. Yana o‘sha ahvol.
— Senga nima bo‘ldi? Tobing yo‘qmi? — deb so‘radi Asadulla.
Hojiyaxon cho‘chib tushganday boshini chayqadi.
Asadulla, «choyingni ich, sovutma», deb, undan nigohini oldi. Dam o‘tmay yana boqdi: Hojiyaxon endi dasturxon uchini qayirib o‘tiribdi, ko‘zini dag‘allashib qolgan barmoqlariga tikkan.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:03:07

— Onasi... — Hojiyaxon yalt etib qaradi. Bu safar erining nigohiga dosh berolmay ko‘zini olib qochdi. — Dardga yem bo‘lmay, ichingdagini aytaver.
— Dardim yo‘q... — Hojiyaxon yana dasturxon uchini qayirdi. — Faqat... aytadiganim... juda ishga berilib ketdingiz. Bolalaringizga ham keraksiz. Hadeb o‘zingizni o‘tga uravermang...
— Bor gaping shumi?
— Shu.
Asadulla kuldi. Gapni hazilga aylantirmoqchi bo‘ldi:
— Hamma erkaklar uyida o‘tirib olsa, hurriyatning ahvoli nima kechadi? Xalq dodini kimga aytadi? Yana qulligicha qolaveradimi?
Hojiyaxon indamadi. Boshqa xotin bo‘lganda: «Uyda o‘tirib oling, demayman, begonalarga o‘xshab birrov kelib ketmay, «uyim-joyim bor», deb bolalaringiz bilan chaqchaqlashib ham o‘tiring. To‘rt yil yo‘lingizga ko‘z tikkanim, to‘rt yil ko‘zyoshi to‘kkanim menga kammidi», deb nolalar chekardi. Hojiyaxon esa indamadi. Shu indamaslik Asadullaning boshiga cho‘qmorday urildi. Bunaqa sharoitlarda ibratli gaplar topishga usta bo‘lgan bu shoir odam xotiniga tasalli bera oluvchi so‘z aytishga nochor qoldi. Xayoliga kelayotgan gaplar— bu og‘irliklar vaqtinchaligi, yaxshi kunlar yaqin qolgani, o‘zbekning bag‘riga ham shamol tegishi... avval aytilgan, takrorlashga hojat yo‘q edi. Nima qilganda ham Hojiyaxon haq — oilasiga vaqt ajratishi lozim.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:03:51

Asadulla o‘zini koyib, xayolida turli rejalar tuzib, o‘rnidan turdi. Ko‘cha eshigi tomon yurdi-yu, to‘xtadi.
— Bir nima esingizdan chiqdimi? — dedi Hojiyaxon.
— Haligi gaping... to‘g‘ri, onasi, — dedi Asadulla jilmayishga harakat qilib. — Bugun ertaroq qaytaman.
Hojiyaxon kulimsiradi. Labida nimkulgu bor edi. Ko‘zidan esa ma’yuslik ko‘tarilmagandi. Asadulla buni o‘sha topda sezmadi. Buni keyin, fojia yuz bergandan so‘ng, oradan kunlar o‘tib eslaganda, yuragi zardobga to‘lib ko‘z oldiga keltirganida sezadi. Hozir esa «xotinimning ko‘nglini ko‘tardim», degan tasalli bilan ko‘chaga chiqadi.
U va’dasida turdi. Uyga odatdagidan erta qaytdi. Hali oqshomga vaqt bor. Bugun Asadulla Kalas tomondagi qishloqlarga borib kelish topshirig‘ini oldi. Dehqonlar boylardan tortib olingan yerlardan yuz o‘girayotgan emishlar. Boshqa joylarda ham shunday bo‘layotgani uchun Markaziy ijroqo‘m bu masalani beto‘xtov o‘rganishni Asadullaga topshirdi. U ertalab xotiniga bergan va’dasini bajarish, shu bahonada yangi maktab uchun mo‘l yozgan kitobidan birini olvolish maqsadida uyiga keldi. Eshigiga yaqinlashganda bir odamga ko‘zi tushib, sergak tortdi. Ertalab ham ko‘rgan edi uni: baland bo‘yli, baquvvat odam, engagida chandig‘i bor. Boshidagi marg‘ilon nusxa do‘ppi ancha urinib qolgan. Notanish odam Asadullani ko‘rib cho‘chidimi, har holda qadamini sekinlatdi. Keyin tezlatdi. Salom berib o‘tib ketmoqchi edi, Asadulla to‘xtatdi.
— Inim, birovni qidirib yuribsizmi? Ertalab ham ko‘rganday edim.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:04:34

Notanish odam kalovlandi, darrov javob topib bera olmadi.
— Shu deng... birovni izlayotganim yo‘q. Ommo lekin... ijaraga uy bo‘lsa... Zavutta ishlasammi...
— Qaerliksiz?
— Rishtondanman. Bezorim chiqib ketdi u yerlarda. Halovat yo‘q. Ko‘chimni ko‘tarib kelaverdim. Ijaraga uy topilmaydimi?
— Siz samovarxonaga kiring. Asadulla aytdi, desangiz, yordam berishadi.
— Qulluq, taqsir.
Notanish odam yengil ta’zim qildi-yu, unga olazarak qarab oldi. Asadulla buni sezmadi. «Halovat izlab kelibdi. Shunday baquvvat, dev odam o‘zini olib qochsa... Uning halovati uchun boshqalar jon bersa» Asadulla shu xayol bilan uning izidan qaradi. Ayni choqda, notanish odam ham o‘girilgan edi. Ammo uning xayolida boshqa gap: «Ijaraga uy topib bermoqchi... Jonini ijaraga topshirganidan xabari yo‘q. Go‘lmi u yo o‘zini xalqparvar qilib ko‘rsatmoqchimi?.. E, nodon, sen Muhiddinning kimligini bilmay o‘tasan bu dunyodan...».

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:04:56

2

Turkijroqo‘m majlisida Afg‘onistonga boradigan elchilar nomzodi muhokama etilayotgan damda Mirkomilboyning Sebzordagi uyida antiqa suhbat borar edi. Tuprog‘i ko‘pchib yotgan ko‘chadagi yagona qayrag‘och soyasiga to‘nini tashlab o‘tirgan Muhiddin esa daraxtning bujur tanasiga suyanib mudrardi. O‘tgan-ketgan «issiq elitgan» bu notanish odamga parvo qilmas edi. Muhiddin esa o‘zini mudraganday ko‘rsatib, chalayumuq ko‘zlari bilan ko‘chadagi har bir harakatni ziyrak kuzatardi. Agar biror xavfni sezsa, o‘rnidan turib, to‘nni qoqadi-yu, yelkaga tashlab Qo‘shtut ko‘chasiga buriladi. Mirkomilboyning boloxonasidan shu tomon tikilib turgan bir juft ko‘z uchun bu kifoya: ichkaridagilar darhol ogohlantiriladi.
Ichkaridagilarning biri — uy egasi — Mirkomil hoji. Yaqin-yaqinlarda Mirkomilboy desa odam uyoqda qolib, daraxtlar ham bir silkinib tushardi. Toshkentdagi ikki zavodga ega bo‘lgan bu odamning salobati, o‘zini tutishini ko‘rgan kimsa, «bu boy zavodning egasimi yo dunyoning xo‘jasimi?» deb yoqa ushlardi. O‘n yettinchi yilning bahoridan to kuziga qadar xo‘pam muloyimlashdi. Ishchilarning maoshini oshirdi, yo‘qsillarga in’omlar berdi. Ko‘z tikkan umidi — Qo‘qon muxtoriyati barham topgach, qolgan umrini toat-ibodatga bag‘ishlaganini e’lon qildi. Endi Mirkomilboy emas, taqvodor Mirkomil hoji nomi bilan tilga tushdi. Yetti yil muqaddam Ka’bani ziyorat qilgani endi asqatdi. U besh vaqt namozni masjidda o‘qirdi. Biron-bir marta bo‘lsin, siyosatdan so‘z ochmasdi, sho‘rolar qilayotgan ishlarga munosabatini oshkor qilmasdi. Shu tufayli u ashaddiy aksilinqilobchilar ro‘yxatidan tushib qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:05:22

Uning bugungi mehmoni egniga oq surp yaktak, boshiga simobi salla o‘ragan bo‘lsa-da, rang-ro‘yidan o‘zbek emasligini sezish qiyin emasdi. O‘zbek emasligi ayniqsa gapirganda oshkor bo‘lardi. U so‘zlarni bir oz cho‘zib, yumshoqroq talaffuz qilardi. Bu odamning ismi — Xauston, o‘zi ingliz fuqarosi bo‘lib, uzoq yillar davomida Eronda, so‘ng Turkistonda turli qiyofalarda yurdi. Toshkentdagi so‘nggi «vazifasi» — ingliz tili muallimi edi. Mirkomilboy Yevropa sanoati egalari bilan mustahkam aloqa o‘rnatish maqsadida o‘g‘illarini shu odam qo‘liga topshirgandi. Ingliz tilida gaplashishga o‘rganib olgan ikki o‘g‘il Angliyaga yuborilgan, orada bolsheviklar to‘ntarishi ro‘y berib, ular uyga qaytarlarini ham, qaytmasliklarini ham bilmay, o‘sha yoqda tentirab yurardilar.
Ilgari Mirkomilboy bilan Xaustonni shu ikki o‘g‘il bir-biriga bog‘lagan bo‘lsa, endi maqsad birligi qovushtirib turadi. Ingliz tili muallimining asl vazifasi endi Mirkomilboy va unga o‘xshash bir-ikki odamga ma’lum edi. Ikki yil avval Xauston ularning ko‘ziga kemasi bilan Toshkentga suzib kelib, cho‘kayotganlarni qutqaruvchi Nuhday ko‘ringan edi. Isyonlarning bostirilishi uni ancha obro‘sizlantirdi.
Xauston bu xonadonga Osipov isyonidan avval kelganicha qadam bosmay qo‘ygandi. Kerak bo‘lganda ular aloqachi orqaligina bog‘lanardilar. Bugun uning bu ahvolda kirib kelishi Mirkomilboyni ham ajablantirdi, ham tashvishga soldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:05:35

Xauston maqsadga darrov ko‘cha qolmadi. Hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi-yu, sukutga berildi. Uning bunaqa odati yo‘q edi. Gapini chertib-chertib aytuvchi bu odam vaqtini zoe ketkazmasdi. Sharqona lutflar, dasturxon atrofidagi keraksiz gap-so‘zlar unga begona edi. Hozir, ajab, xuddi atayin choyxo‘rlikka kelganday xotirjam o‘tiribdi. Mirkomilboyning toqati toq bo‘lsa-da, undan sado chiqishini sabr bilan kutdi.
— Bolsheviklarning janozasini qachon o‘qiymiz?
Qo‘qqisdan berilgan bu savoldan Mirkomilboy asabiylashdi. Yuzi uchdi. Qo‘lidagi tasbeh donalarini g‘ijimladi.
— Janozani... suyangan tog‘laringizga o‘qib qo‘yishdi-ku, — dedi u g‘ijinib.
Xauston shunday javob kutgani uchun ham bu kinoyani eshitib ranjimadi. Aniqrog‘i, bu savolni atayin mezbonning g‘ashiga tegish uchun bergan edi. Uning rejasicha, hamsuhbat bir oz asabiylashganda maqsad ayon etilsa ko‘ngildagiday bo‘lishi kerak.
Bu rejadan bexabar Mirkomilboy bir kinoya bilan uzib oldim deb, o‘z ko‘ngliga taskin berdi. Aslida u bundan battar gaplarni aytishga ham haqli edi. Qo‘qon muxtoriyatining uzil-kesil g‘alabasini bashorat qilgan shu Xauston emasmidi?! Qishda Osipovning ad’yutanti bilan kelib, «zavodlaringizni qabul qilib olishga tadorik ko‘ravering», degan ham shu Xauston emasmidi? Qani muxtoriyachilar, qani Osipovning sara askarlari, qani «TVO» deb olamga jar solgan «engilmas» tashkilot?! Angliyaning yuz million aqchasi, o‘n olti tog‘ zambaragi, qirqta to‘pi, miltiqlarining qudrati nimaga yetdi?! Mirkomilboy bularni o‘ylasa, «Turkistonning kuni shularga qolganmidi», deb ezilib, o‘zini-o‘zi bo‘g‘izlab tashlagisi kelardi. O‘n yettinchi yil to‘ntarishida ham, zavodlarini topshirganida ham bunchalik iztirob chekmagan edi. Har bir isyonning bostirilishi, har bir mag‘lubiyat unga go‘yo azroilning ogohlantirishi bo‘lib tuyular edi.

Qayd etilgan