Unda-bunda otliqlar ham uchrar: oldinda jilovdor, ikki taraf uzangilarning yonida rikobdor1 yurishidan ularning amloqdor ekani ayon edi. Bundaylar bozorda kam — to‘rt-beshdan oshmas, aksar piyodalarning kimligi liboslaridan ma’lum, ular orasida to‘qdan och, tuzuk liboslisidan juldur kiyimlisi bisyor edi. Mehmonlarnnig bozorda paydo bo‘lganini avval gadolar ilg‘ashdi. Qo‘llarini cho‘zib, tavallo aytib, ularga peshvoz chiqa boshlashdi.
Mirza Qandilxon ikki sovarni oldinga o‘tkazib, otni orqaga burdi-da, Xmarin yo‘lini to‘sdi:
— Qaytmog‘imiz lozim, sohib.
— Bir oz aylanaylik, balki ul-bul olarmiz, — dedi Xmarin, uning qilig‘iga tushunmay.
— Chetdan kelgan kishilar, kim bo‘lsin, bozordan mol oladurg‘on ekan, avval noib sohibdan ijozat so‘ramog‘i shart.
— Taajjub, — Xmarin shunday deb otini burdi.— Janoblar, jannatda ko‘rmoq boru yemoq yo‘q deyishardi. Biz jannatda ekanmiz.
Foytunga qaytganlarida Tuproqqo‘rg‘on tomonidan do‘l-nog‘oralar ovozi keldi.
— Qal’aga boramiz, — dedi Mirza Qandilxon.
— Nim bo‘ladi u yerda, tomoshami? — deb so‘radi Xmarin, hafsalasizlik bilan.
— Yo‘q, sohib, Ko‘shkdan olib kelganimiz, jamshidiyning boshi kesiladi.
— A? Darrov-a?
— Avvalgi o‘g‘riligi uchun bir qo‘li kesilgan edi. U shariat bo‘yicha hukm qilindi.
Xmarin uning gapini oxiriga qadar eshitmay, Sinelnikovaga yuzlandi.
— Valya, qiziq tomosha, bir qo‘llik o‘g‘rining boshi kesilar ekan.
— Nikolay Zaxarovich! — Sinelnikova shunday deb yuzini burdi. — Dahshat... taklif qilgani uyalmadingizmi?
— Valya, axir bu yer sharq. Bundan battari ham bo‘lishi mumkin.
— Nimaga to‘xtab turibmiz? — dedi Ushinskiy, Xmaringa yaqinlashib.
Xmarin Mirza Qandilxonning taklifini aytdi.
— Yo‘q, yo‘q, Nikolay Zaxarovich, bizni bu azobdan qutqaring, iltimos, — dedi Ushinskiy Sinelnikovaga bir qarab olib.
— Bizning ishtirokimiz mutlaq noo‘rin, — dedi Shuvalov uni quvvatlab.
— U holda boqqa qaytamiz, kechki ziyofatga qadar bo‘shmiz, — dedi Xmarin.
— Mening Mirza Qandilxondan bir o‘tinchim bor, — dedi Asadulla.
— Bosh ustiga, sohib.
— Men hazrat mir Alisher Navoiy qabrlarini tavob etmog‘im shart. Abdurahmon Jomiy, Abdulla Ansoriy xoki turobini-da, ziyorat etmog‘im lozim. Buning uchun noib sohibdan ijozat olmoq zarurmi yo sizningda ijozatingiz kifoyami?