Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105267 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:46

— U avval o‘rus sohibni otdi. Keyin siz chiqib, paxta bilan uning qonini artar mahalingizda nazarimda sizni nishonga olib edi. Men... adashibman, birodaringiz ekan-ku...
— Adashmagansiz. U badniyati ila bizga qo‘shilib ekan. Sizning zarracha gunohingiz yo‘q.
— Mendan rozi bo‘ling, sohib.
— G‘ulomqodir, ketmang.
— Sohib, jo‘nashimni birovga bildira ko‘rmang, Xudo umringizni ziyoda qilsin..
G‘ulomqodir Asadullaga yaqinlashib engashdi-da yuzini yuziga qo‘yib xayrlashganicha chodirdan chiqdi.
Asadulla nima qilarini bilmay, gangidi. Yumshoq to‘shak ustida emas, tikanaklar ustida yotganday bezovtalanaverdi. Tashqarida nonushta hozirligini boshlagan xizmatkorlar sharpasi eshitilgach, o‘rnidan turdi. Mirza Qandilxonning chodiriga borib, ovoz berdi.
Mirza Qandilxon Asadullani ovozidan tanib, «yana tobi kelishmadimi», deb o‘yladi. So‘ng, G‘ulomqodir voqeasini eshitib, ko‘zlaridan uyqu qochdi.
— Umri qisqa ekan-da, — dedi bosh chayqab, — afsus, yovqur edi...
— Uni o‘lim kutyaptimi? Boshqa chora yo‘qmi?
— Begunoh qon to‘kkan bo‘lsa, qasos olishadi. Choraymoqni bilaman. Qoidalari ayovsiz.
— Bunga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Siz amir nomidan borsangiz-chi?
— Huquqim yo‘q.
— Biz borsak-chi? Gunohini so‘rab olsak-chi? Balki xun to‘larmiz?
— Choraymoqqa begonalarning so‘zi o‘tmaydi.
— Ijozat bering, o‘zim boray.
— Xiyla o‘jar ekansiz, sohib. Besamar yumushni bo‘yningizga olmang.
— Yosh umrga rahm qiling, uvol ketmasin. Amirning maktubini yetkazib, xayrli ish qilgan sovarni o‘limga topshirib ketuvingiz gunohi azim emasmi?
Amirning maktubini eslab, Mirza Qandilxon o‘yga toldi. Darhaqiqat, bu sovar maktub eltgan edi. Uni Tirmizda sardor Muhammad Valixon safga qo‘shgan edi. Unga bu mas’ul yumush topshirlagan ekan, demak, chakana sovar emas... Mirza Qandilxon aniq qarorga kelib, xizmatkorni chaqirdi.
Otlar egarlanib, o‘n chog‘li sovar uzatuvida Asadulla bilan Mirza Qandilxon yo‘lga chiqishdi.
Otlarga tinim bermay, kun yoyilganda Choraymoq joylashgan qishloqqa kirib borishdi. Urug‘ oqsoqoli — yelkalari keng, qirraburun, ko‘zlari o‘tkir, ovozi jarangli odam — ularning niyatlarini bilib, bosh chayqadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:54

— G‘ulomqodir mening mana shu yelkalarimda ulg‘aygan, — dedi u. — Choraymoqda uning olldiga tushadigan yigit yo‘q. Nadomatkim, gunohga botdi. Uni olib ketib, jonini qiynamang. Qonga qon bilan xun to‘lashi lozim. Hali-zamon qizning heshlari keladi. Xalal bermangiz.
— Uning gunohi nima? — dedi Mirza Qandilxon.
— Bilmaysizmi? — ajablandi oqsoqol. — Aytmadimi? Ma’lumingiz bo‘lsinkim, G‘ulomqodir zavjasining jonini olgan. Ammo zavjasiga qo‘shilgan erkakni qo‘ldan chiqargan. Ayolini begona erkak ila o‘ldirganda edi, gunohdan forig‘ bo‘lardi, undan xun talab etilmas edi. Choraymoqning qonuni — shu! Puxtun vala1ni buzmoqqa hech bir kimsaning haddi yo‘q!
— U amirning sovari... — dedi Mirza Qandilxon e’tiroz ohangida.
— Bu menga ma’lum, — dedi oqsoqol uning gapini bo‘lib. — Choraymoqqa bir inglis kelib edi. Tijorat yumushlari bilan kelib turguchi edi. Shul zot zavjasini zo‘rlaganmi yoinki ayol o‘z xohishi ila qo‘shilganmi, bu bizga qorong‘i. Bizga ayoni shuki, inglis qochgan. Uni topish mushkul vazifa. Amir inglisga qarshi lashkar to‘plamoqda deb eshitib edik. «Muhoribaga bor, shahid ketsang rozimiz, omon qaytsang, gunohingdan kechamiz», deb edik. Unga ot berib edik, yarog‘ berib edik. Muhoribaga nasibasi qo‘shilmabdi. Joni shu yerda olinadi. Yozug‘i shu ekan bolamning. Bu ham uning saodati. jasadi begona tuproqqa qo‘yilmaydi.
— Amir uni muhoribadan ayirib, mas’ul... savob yumush bilan sarhadga yo‘llagan, — dedi Asadulla suhbatga qo‘shilib.
Oqsoqol unga tikildi.
— Siz kimsiz? Bizim a’yonlarga o‘xshamaysiz.
Asadulla kimligini, vazifasi, niyatini aytdi.
— G‘ayriyurt bo‘laturib, G‘ulomqodirga nechuk kuyinyapsiz? — dedi oqsoqol, uning so‘zlarini eshitib.
— U bizning jonimizni asrab qoldi.
— Buni o‘zi aytdimi?
Asadulla Mirza Qandilxon oldida Said G‘afforbek o‘limini eslashni lozim topmay, yolg‘on gapirdi:
— Yo‘q, o‘zimiz ko‘rdik. Yo‘lda yov bizga hujum qildi. G‘ulomqodir misoli sher olishdi. Jonini ayamadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:01

— Haq rost bu, — dedi Mirza Qandilxon, uni quvvatlab.
— Yov... inglis edimi? — deb so‘radi oqsoqol.
— Inglisni o‘zimiz ko‘rmadik. Ammo... yovni inglis yo‘llagani aniq.
Oqsoqol o‘yga toldi.
— Biz kengashib ko‘ramiz, — dedi bir ozdan keyin.
Oqsoqol chorlagan kengash ko‘p cho‘zildi. So‘ng qishloq ahli maydonga to‘plandi. Oqsoqol qarorini shunda ma’lum qildi. O‘limni bo‘yniga olib, bir chetda ma’yus turgan G‘ulomqodir amir xizmatiga qaytishi lozimligini bilib, baqirib yubordi. Qo‘llarini ko‘tarib, tiz cho‘kkancha sudralib, oqsoqolga yaqinlashdi-da, uni tizzalaridan quchdi.
— Jonimni qiynamang meni, xunxo‘rlarga topshiring. Topshiring xunxo‘rlarga!
Oqsoqol uning yolborishiga e’tibor bermadi.
— Sening xuningni amir sohib hazrat to‘laydi. Shundaymi? — Oqsoqol Mirza Qandilxonga qaradi. Bu kutilmagan savoldan Mirza Qandilxon gangib qoldi. Yaxshiki oqsoqol undan javob talab qilmadi. Yo‘qsa, nima deyishi o‘ziga ham qorong‘i edi.
G‘ulomqodir onasi bilan rozi-rizolik tilashib, tark etgan edi bu qishloqni. Uni hech yerda o‘lim bag‘riga olmadi. Jon berishni istab kelib edi, bu yerda ham o‘lim undan qochdi. Endi yana onasi huzuriga kirdi. Rozi-rizolik tilab kirdi yana. Yuzlari onasining ko‘z yoshlaridan jiqqa ho‘l bo‘ldi. Yuragi onasining nolalaridan poralandi. Ko‘z oldini alam, hijron pardasi to‘sdi. Tomog‘ini ayriliq panjasi bilan bo‘g‘di.
Uyidan chiqib, kutib turgan sovarlar sari yurdi. Asadullaga ro‘para kelib, to‘xtadi. Unga mungli nigohini qadadi. Asadulla bu nigohga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi.
— Sizdan rozi emasman, sohib...
G‘ulomqodirnnig sekin aytgan bu gapi darani gumburlatib yuborganday, atrofni aks-sado tutib ketganday tuyuldi Asadullaga.
«Sizdan rozi emasman, sohib... Sizdan rozi emasman...»
Asadulla uning dardini tushunib turardi. Lekin shunday yosh yigitni nodon o‘lim qo‘liga topshirib keta olmas ham edi.
Rabotdagilar bularni sovar izidan ketganini bilib, qalandarni o‘ldirgan odam topilibdi-da, degan xayolga borishgan edi. Bunday bo‘lmaganini eshitib, hammalari ajablanishdi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:09

2

Kobulda elchilarni intiqlik bilan kutayotgan bo‘lsalar-da, karvon oshiqmas edi. Vakola hay’atini tog‘li-toshli yo‘llarda urintirib qo‘ymaslik uchun mehmondor karvonning ildamlashiga yo‘l qo‘ymasdi. Kun yoyilmay bir rabotdan yo‘lga chiqib, kun botarda ikkinchisiga qo‘nib, asta-sekinlik bilan Kobulga yaqinlashar edilar. Bosib o‘tgan rabotlarining barchasi bir-biriga o‘xshash: bir suratda, bir qolipda, bir usulda ishlangan: biridan ikkinchisiga ko‘chib borgan kishi avvalgisidan bunisini ayirmog‘i uchun o‘tkir zehn sohibi bo‘lmog‘i lozim edi. Rabotlarga amir tomonidan tayin etilgan arboblar karvonni oqshom chog‘i ehtirom ila kutib olishar, sabohda esa lutflar ko‘rsatib uzatardilar. Shu zaylda karvon Hirot viloyati chegarasini bosib o‘tib, Kobul viloyatiga qadam qo‘ydi.
Chilla chiqib, kun ancha salqinlashdi. Ayniqsa kechalari izg‘irin turib, Asadullannig ko‘kragidagi og‘riq bot-bot azob bera boshladi. Ayniqsa, kunda olti-etti tosh masofani otliq bosib o‘tish mashaqqati ham holdan toydira berdi.
Bugun yo‘l ancha tekis bo‘lganidan ildamroq yurishganmi, har holda Panjob rabotiga oqshom tushmay yetib kelishdi. Besh tomondan besh irmoq kelib qo‘shiluvchi yerga qurilgan rabot atrofi benihoya manzarali edi. Shu manzarasi bilan ham uni o‘zgalardan darhol farqlash mumkin bo‘lardi.
Taom hozirlangunga qadar Asadulla rabotdan tashqariga chiqib, tiniq irmoq bo‘yida bir oz hordiq chiqarmoqchi bo‘ldi. Irmoq tomon yurdi-yu, katta xarsang ustida kunbotarga boqib o‘tirgan G‘ulomqodirni ko‘rib, avvaliga to‘xtadi. Unga xalal bergisi kelmadi. O‘sha kundan beri necha rabot bosib o‘tsalar-da, G‘ulomqodir undan o‘zini nari tutadi. Biroq, bu hamiyatli yigitni shu ahvolga solib qo‘yaverish ham insofdan emas. Jismoniy o‘lim changalidan tortib olib, ma’naviy o‘limga — uzoq davom etadigan azobga yem qilish — o‘taketgan berahmlik, badkirdorlik ekanini Asadulla bilar edi. Shu uchun ham yigitni o‘z holiga butkul tashlab qo‘ya olmasdi.
U beixtiyor G‘ulomqodir tomon yurdi. Yigit sharpani sezib, orqasiga o‘girildi. «Nimaga kelyapsiz?» — deganday Asadullaga bir nafas tikildi-da, so‘ng yana burilib oldi. Asadulla indamay kelib, uning yonidagi kichikroq toshga omonat o‘tirdi. Irmoq adog‘iga, yigit tikilib turgan yoqqa qaradi: kun qizarib botyapti. Go‘yo ufq qonga belangan, go‘yo irmoq qorli emas, qonli cho‘qqidan boshlanadi, go‘yo bu irmoqdan suv emas, qon oqadi, so‘ng kela-kelguncha tinib, suvga o‘xshab qoladi...
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:18

Asadulla engashib, kaftiga suv oldi. «Bu yigitning qalbi shu suv kabi toza, tiniq. Shafaq suv yuziga rang berib, ko‘zni aldayapti. Bu yigitning ham ko‘ngil ko‘zi aldayapti. Shafaq ketsa, aldamchi rang yo‘qoladi. Ammo ko‘ngil ko‘zidagi rang pardani qanday yo‘qotish mumkin?..»
G‘ulomqodir yonida o‘tirgan Asadullaga qaramadi ham. Ufqqa tikilib o‘tira-o‘tira, o‘rnidan turdi. Asadulla ham qo‘zg‘aldi.
— Inim, mendan ranjiganingiz nojoiz.
G‘ulomqodir bu gapga dastlab parvo qilmadi. Ammo uch-to‘rt qadam bosgach to‘xtab, o‘girildi:
— Siz mening jonimni asrayman, deb jonimni qiynoqqa solib qo‘ydingiz, sizdan rizo emasman, — dedi u sovuq ohangda.
Bu safar uning gaplari toshlarga urilib, aks-sado bermadi, aksincha muz bo‘lib, Asadullaning vujudini titratdi.
— Men sizning joningizni emas, imoningizni asradim. Bejanoza ketishdan asradim sizni, — dedi u.
— Bu nima deganingiz?
— Siz xunxo‘rlarga joningizni in’om etmoqchi edingiz. Hech bir olishuvsiz, ko‘ksingizni xanjarga tutib berardingiz. Shundaymi? Ha, shunday. Bu esa inim, o‘z-o‘zini o‘ldirmoq ila barobar. Bundaylarga janoza o‘qilmaydi, to‘ng‘iz qavmida ketadi. Bu dunyoingiz kuygani kammi edi, u dunyoingizni ham kuydirsangiz.
G‘ulomqodir birdan bo‘shashdi. Sovuq boqayotgan ko‘zlari mo‘ltillab qoldi.
— Rostmi shu? — dedi u qult etib yutinib.
— Shariat hukmi bu. Bundaylar ahli muslim yotgan qabristonga ham qo‘yilmaydi. Yakka-yolg‘iz, bir chetga qo‘yiladi. Men buni sizga ravo ko‘rmadim. Aybim shu.
G‘ulomqodir boshini xam qilgancha xarsangga qaytib o‘tirdi.
— Men o‘limni istayman, sohib, u mendan ne uchun qochdi? — dedi xo‘rsinib.
— O‘limni o‘ylashingiz chakki. Sizga zehn, idrok ne uchun berilgan, kuch-quvvat ne uchun berilgan, nodon o‘limga bo‘yin egish uchunmi! Yo yurtga omonlik keltirsin, ne’matlardan to‘yib-to‘yib, quvonib-quvonib bahramand bo‘lsin debmi? Siz yashashingiz, ortingizda zurriyod qoldirishingiz lozim.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:25

— Asadulla yigitni shu gaplari bilan ovuntirganday bo‘ldi.
Rabot tomonda yana bir karvon ko‘rindi.
Asadulla yigitni yolg‘iz qoldirishni ma’qul ko‘rib, iziga qaytdi.
Rabotga kichik karvon qo‘ngan edi. Rabot arbobining pitirlab qolganiga qaraganda baobro‘ odamlar kelgan ko‘rinadi. Hovli sahniga ko‘rk berib turgan chinor yonida Xmarin ikki a’yon bilan gaplashib turardi. Asadullani ko‘rib, chaqirdi.
Asadulla Mir’alamovich, buyoqqa keling.
Ikkala a’yon ham Xmarin murojaat qilgan tomonga o‘girildi. Biri uzun bo‘yli, qotma, yonoqlari bo‘rtib chiqqan afg‘on edi. Yana biri... o‘rta bo‘y, to‘la, qo‘yko‘z, kalta soqol-mo‘ylab... yopiray... tushimi yo o‘ngimi bu?!
— Toshkentga borayotgan elchilar bilan uchrashganimizni qarang. Amir ketma-ket ikkinchi vakolani ham otlantiribdi. Tanishing: general mirzo Muhammadxon, maslahatchilari va tarjimonlari Mamatsharif...
Xmarinning gaplari elas-elas qulog‘iga chalindi. Asadulla, ko‘zlarini Mamatsharifdan uzmay, qulochini yoyib, qadamini tezlatdi.
— Mir’alam o‘g‘li, sizmisiz?
Taqdir panjalari ayirib, noma’lum tomonlarga, begona yurtlarga itqitib tashlagan hamfikrlar, bir-birovini ko‘rish umidi xira tortgan birodarlarning tilidan boshqa gap uchmadi. Ayriliqlarni ko‘raverib zada bo‘lgan yuraklar bu kutilmagan diydordan larzaga tushdi.
Xmarin bu uchrashuvdan unchalik ajablanmagan sardorga savol nazari bilan qaradi.
— Mamatsharif o‘zbek. Hamyurtini uchratdi shekilli? — dedi sardor.
«Ko‘rinishlariga qaraganda faqat hamyurtga o‘xshamaydi», deb o‘yladi Xmarin.
— Musofirlikda diydor ko‘rishish peshonamizga yozilgan shekilli? Bir Bokuda ko‘rishsak, bir bu yerda? — dedi Asadulla birodarini bag‘ridan bo‘shatib.
— Mir’alam o‘g‘li, siz aytmang, men kuymay. Bu ne shodlik bo‘ldi, diydor ko‘rishdik, bu ne g‘amki, yana ayriliqlardan bag‘rimiz yonsa?
— Ayriliqdan gapirmang. Diydor ko‘rishuvimizning o‘zi bir saodat.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:34

Kechki taom chog‘i ikki vakola bir dasturxon atrofida davra qurdi. Dasturxonga taom tortilmay turib, Asadulla do‘stini tanishtirdi:
— Mamatsharif ma’rifatparvar shoirlarimizdan. Jaholatga, zulmga qarshi xo‘b va ko‘p yozganlar. Vitaliy Sergeevich, bu kishining she’rlari hatto Orenburg gazetalarida ham bosilgan.
— Unda men bilishim kerak. Taxalluslari nima edi?
— Taxalluslari... bir oz g‘ayritabiiyroq... zulmni la’natlab yozganlari uchun ko‘proq «Vahshiy» deb imzo chekardilar.
Shuvalov bilmas ekanman, deb bosh chayqadi. Gapni uning o‘rniga Sinelnikova ilib ketdi:
— «Vahshiy»? — U Mamatsharifga ajablanib qaradi. — She’riyatda bunday nom bilan chiqish... Nafosatga bunday nom bilan kirish?..
— Bunda ramziylik bor, Valentina Nikolaevna. Hammayoqni siyosatga bostirib yuborsanglar... go‘zallik qayoqqa qochib jon saqlaydi?
— Go‘zallikning qochishiga yo‘l qo‘ymaymiz, — dedi suhbatga aralashmay turgan Mamatsharif rus tilida burro qilib.
Gapga og‘iz juftlagan Sinelnikovani Ushinskiyning savoli to‘xtadi:
— Ayting-chi, Mamatsharif, Turkistonga qanday maqsad bilan boryapsizlar?
— Amir farmoniga binoan tijorat ishlarini yo‘lga solmog‘imiz lozim. Turkiston hukumati bilan shu xususda muzokara yuritmoq niyatidamiz. — Mamatsharif shunday degach, berilgan savolni va o‘zining javobini elchiga tarjima qilib berdi.
— Turkiston bizga nima sotishi mumkin? — deb so‘radi Muhammadxon Xmaringa yuzlanib.
— Buni Toshkentga borganingizda batafsil bilib olasiz, — dedi Xmarin.
— Bu yil g‘alla mo‘l bo‘ldi. Biz g‘alla sotishimiz mumkin.
— Juda yaxshi... — dedi Ushinskiy, ammo Xmarinning norozi qarashini anglab jim bo‘ldi.
— Buni ham Toshkentda bafurja kelishib olasiz. Bir rabotda uchrashgan ikki elchining vazifasi bu emas, bil’aks, taomni mahtal qilmaylik.
Muhammadxon Xmarinning sharqona nozik qochirimini anglab, jilmaygan holda uning fikrini tasdiqladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:02:51

Yo‘l azobi kuchini ko‘rsatib, asta-sekin oromga berildilar. Diydor bodasidan mast ikki shoir, ikki hammaslak, ikki ma’rifatchi, bu kecha yo‘l azobini unutdi. Barglari shabada qo‘lida mayin siypalanayotgan chinor ostidagi supada baqamti suhbat qurdilar.
Irisovning xiyonatidan so‘ng Mamatsharif Qo‘qonga, undan yurti Chustga, u yerda ham iziga tushishgach, sarhad hatlab, xorijga bosh olib ketgan edi. Asadulla surgundan qaytgach, ayniqsa Qo‘qonda ish yuritgan kezlari birodarlarini so‘rab-surishtirgan, ammo darak topmay armonda yurgan edi. Hozir ana shularni esladi. Irisovni, Said G‘afforbek libosida ko‘z yumgan sotqinni esladi.
— O‘zgarishlardan xabar topdim. Qanotim bo‘lsa uchar edim, biroq bu yurtni tashlab ketolmadim, — dedi Mamatsharif afsus bilan. — Afg‘oniston og‘ir kunlarimda menga boshpana berdi, bu yerda yangi usul maktab ochdim. Kobuldagi yagona gazitda ishtirok etuvimga monelik qilishmadi. Mahmudbek Tarzidek oqil inson bilan fikrlashmoq baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu baxtga erishuvim evaziga yurtning xizmatini ham qilishim lozim edi. Esingizdami, kimki xalq manfaati yo‘lida qadam qo‘ysa, uni tunu kun bad duo qilar edilar. Shu kunlarni ko‘rib, bu yurtga kelganimda bag‘rimga oftob tekkanda jo‘nab qolishim insofsizlik bo‘lmasmidi?
Asadulla javob bermay, bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Bilishmcha, Turkiston notinch emish?
— Sizlar faqat tijorat sababi bilan emas, shuni ham bilib kelgani boryapsizlar, shundaymi?
— Amir atrofida turli niyatli odamlar bor. Uning chalg‘ishi tabiiy.
Asadulla Turkistondagi ahvolni muxtasar tarzda bayon qildi.
— Men yo‘l-yo‘lakay razm solib kelyapman, afg‘onlarning ahvoli biznikidan yaxshi emas. Qayoqqa qarasang xarobalik, jaholat izlari. Shia-sunniy qirg‘inlari, qabilalar aro sho‘rishlar oqibati...
— Fuqaro ahvoli og‘ir, ko‘zlari g‘aflat, jaholat uyqusida. Bizning dehqonlar qanday talansa, bularga ham shu qadar zulm o‘tkazdilar. Bu yerda ham shayxlar — sayyod, saydi — johil bandalar.
— Amir tuzumi bularga barham beruviga imoningiz komilmi?
— Amir g‘oyatda dono, ma’rifatparvar, insonparvar.
— Savolimga chap berdingiz? Nazarimda ishonmaysiz. Tarixda oqilu dono podshohlar ko‘p o‘tgan, ammo hech biri xalqqa to‘la ozodlik bermagan, hech biri xalqni jaholat botqog‘idan tortib olmagan.
— Mira’lam o‘g‘li, alhol bunday xulosa vaqti emas.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:03:04

Mamatsharif shunday deb o‘ylandi: oradagi yillarmi yo oradagi yiroq yo‘llarmi, ta’sirini o‘tkazibdi: maslakdosh birodarlar fikrlarida farq sezilibdi.
— Biz siz bilan uzoq vaqt ko‘rishmadik, — dedi Asadulla xuddi uning xayolidagi gapni uqqanday. — Faqat odam emas, olam o‘zgarib ketdi. Zulmga, nifoqlarga, urushlarga... faqat jaholat sabab, xalq savod chiqarsa hammasi barham topadi, degan aqidamiz, u qadar to‘g‘ri emas ekan. Xalqni birov zulmdan ozod etmas ekan, birov nifoqlarga barham berolmas ekan. Qo‘lga qurol olib, kurashib, jon berib erishilar ekan bunday saodatlarga. Siz bu aqidalardan yiroqda yurdingiz, hozir hazm qila olmassiz. Borib ko‘rarsiz, amin bo‘larsiz.
Mamatsharifning istagi bilan birovlari Kobul voqealaridan gapirsa, birovlari Toshkent voqealaridan hikoya qilib, tong ottidilar.
Kun yoyilmay turib, karvonning biri Kobulga, biri Toshkentga yo‘l oldi.
Qisqa diydorning umri tugab, ikki birodar uchun yana ayriliq oni yetishdi.
Mamatsharif xorijiya noziri Mahmudbek Tarzi nomiga maktub bitib, do‘stini ta’riflab berdi. Vakola hay’atining taklifiga ko‘ra, Asadulla Turkiston Markazijroqo‘miga mana bu xatni yozib berdi:

«Sana 1919 milodiy, 13 avgust, tufrog‘i Afg‘oniston, rabot Panjobda yozildi.
Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasiga.
Muhtaram o‘rtoqlarga ma’lum etaramki, ushbu zot shavkat maob mirzo Muhammadxon sardor Afg‘oniston amiri sharafi oliylaridan buyuk vakolat ila bizim Turkistonga tashrif buyurajaklar.
Muhtaram o‘rtoqlar, har holda bu zotning ehtiromlarin yerina yeturingizga aminman.
Ma’lumingiz bo‘lsinkim, bizim vakola hay’ati Afg‘oniston tufrog‘inda beshikast yo‘l bosib Kobulga yovuqlashmoqdadur. Biza ko‘rsatilmish lutfu karamlardan ayonkim, afg‘onlar do‘stlik aloqa bog‘lanuvidan astoydil manfaatdorlar va ularning samimiy istaklariga inonmoq lozim.
Rusiya Ijtimoiy Sho‘rolar jumhuriyatining Afg‘oniston vakola hay’ati».
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:03:13

3

Karvon rabotlarni, yo‘l bo‘yidagi yuzlab mozorlarni ortda qoldirib, tobora Kobulga yaqinlashardi. Kobulga yaqinlashgani uchunmi, yo‘l ancha jonlanib, serqatnov bo‘lib qoldi. Askarlar qurshovidagi katta karvonni savdogarlar hadik bilan kuzatadilar. Sero‘t yerlarga ko‘chayotgan qabilalar esa qiziqish bilan qarab turishadi.
Vakola hay’ati orasida qalandarning o‘limidan keyin sovuqchilik vujudga keldi. Ayniqsa Xmarin serjahl, odamovi bo‘lib qoldi. Bir rabotda Ushinskiy Sinelnikova chodiriga kirib, unda tunab qolgach, somonxonaga yetishgan buzoqday bo‘ldi-qoldi — Xmarinni gapirmay ham qo‘ydi.
Zikriyo afandining o‘limidan so‘ng Asadullaning Shuvalovdan bo‘lak suyanchig‘i yo‘q edi. Bugun ham ular yonma-yon borishyapti. Yo‘l chetiga sanoqsiz qo‘y-qo‘zi, uloq, yilqi, qoramolni yoyib asta jilayotgan qabilaning harakatini kuzatib bir voqeani ko‘rishdiki, oqibatda buning dahshatidan anchagacha o‘zlariga kelolmay yurishdi.
Qabrlari ustiga qo‘chqor shoxlari qo‘ndirilgan, butalarga oq-ko‘k lattalar bog‘langan mozoristonda yigirmaga yaqin erkagu ayol faryod chekib, yuzlarini yulib turardi. O‘rtada eti ustixoniga yopishgan, yoshini aniqlash amrimahol bo‘lgan odam oyoq-qo‘lini uzatib yotar edi. Asadulla avvaliga uni murda deb o‘yladi. Bir vaqt yerda yotgan odam qo‘li harakatga keldi, faryod urayotganlarga nimadir dedi. Shundan so‘ng ular atrofdan tosh olib kelib, tirik odam ustiga tera boshladilar.
— Nima qilyaptilar, ko‘myaptilarmi? — dedi Shuvalov hayratlanib.
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi Asadulla odamlardana ko‘z uzmay.
Bu dahshatli manzarani oxirigacha ko‘ra olmay, ikkovi xuddi kelishib olgan misol baravariga otni niqtab oldinga intilishdi. Mirza Qandilxon ularning gaplarini beparvolik bilan eshitdi.
— Bemordan umid bo‘lmasa shunday qilishadi, — dedi.
— Balki tabibingiz yordam berar?
— Bularning odatiga aralashmagan ma’qul. Hammaning o‘z udumi bor. Begona bosh suqsa yoqtirmaydi.
Shuvalov, «dahshat, dahshat», deb pichirlab, otning jilovini bo‘shatdi. U asta-sekin ortda qola boshladi. Asadulla bir qancha vaqt Mirza Qandilxon bilan yonma-yon bordi.
— Bu holda bemorlarni ko‘mib ketaverishsa, qirilib bitishadi-ku? — dedi Asadulla.
Mirza Qandilxon uning kuyinishiga kiprik ham qoqmadi.

Qayd etilgan