Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105462 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:07:59

Tarzi qog‘ozni o‘qib bo‘lib, amirga qaradi.
— Men Sho‘ro jumhuriyati hukumati nomidan Afg‘oniston mustaqilligining tan olinganini rasmiy ma’lum etishga vakil qilinganman. Rossiya Afg‘oniston mustaqilligi va ozodligin tabrik etadi.
— Nur alan-nur! — dedi amir elchiga va xorijiya noziriga ma’nodor qarab qo‘yib, dedi: — Hukumatingizning munir niyatlari, inshoolloh, ijobat bo‘lg‘ay, Fikri ojizimcha, hamhudud Eronga ham lutflar ko‘rgazilgan, shundaymi?
— Shunday, hazrat amir, Eronning inon-ixtiyori o‘ziga qaytarilgan.
— Bizga Erondan yetib kelgan daraklar ko‘ngulni xushlamaydi. O‘rus askarlari yovgarchilik boshlab, barqi ibtiloni chorlab, Tehron ila Tabriz fuqarosini tig‘dan o‘tkazgan emishlar?
— Amir hazrat, bu voqeaga o‘zim shohid bo‘lib edim, — dedi Xmarin. — Sho‘rish yangi hukumat tomonidan emas, podshohning qochoq askarlari tomonidan ko‘tarilgan. Ularga Turk hamda Angliya hukumati ko‘mak bergani aniq. Shunga qaramay, Rossiyaning yangi hukumati Eron fuqarosiga yetkurilgan zararni qoplamoq uchun xayrli ishlar qildi.
— Ma’qul, — amir shunday deb Asadulla tomon bir qadam qo‘ydi. — Turkiston musulmonlarining ahvollari nechuk? Ularga-da ozodlik in’om etilurdimi?
— Ha, amir sohib, — dedi Asadulla, kalta-kalta nafas olib, — ozodlik, hurlikka erishganmiz. Taqdirimizni belgilash huquqi berilib edi. Biz rus xalqi ila birga qolishni ma’qul ko‘rdik.
— Sabab?
— Rus xalqi va bizim xalq taqdir ipi ila bog‘langan. Ruslar rostbasar xalq.
— Afg‘onlarga taqdir ipi ila bog‘lanmoq mumkin emasmi edi?
Amirning bu savoli Asadullani gangitib qo‘ydi. Bu gangish javob topish mushkulligidan emas, aksincha, haq javobning amirga nomaqbul kelishi aniqligidan edi. Qolaversa, xastalik zahmi uni gapni muhtasar etishga undardi. Lekin savol berilgan, undan bo‘yin tovlash noxush fikrlarga sabab bo‘luvi mumkin edi. Shuning uchun Asadulla gapning po‘stkallasini ayta qoldi:
— Dunyodagi insonlar do‘stlikning mehr va muhabbati soyasida yasharlar. Afg‘onlar ila do‘stligimiz zamonlarning tubsiz qa’ridan oqib kelib, bizni qovushtiradi. Rafiqi jovidoniy, rafiqi mavaddatliq1 bizning yozug‘imiz. Ammo alhol borajak yo‘limiz ayri. Bizda arkoni mulk barham topib, avomning inon-ixtiyori o‘ziga berilgan.
— Arkoni mulk barham topmagan, — dedi amir uning so‘zini bo‘lib.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:08

Asadulla gaplari amirga malol kelganini fahmlab:
— Shu bois yurt notinch, — deb izoh berdi.
— Ota-ona farzandga, farzand ota-onaga muhtoj bo‘lgandek, boy faqirga, faqir boyga muhtojdir. Ha!
Asadulla o‘jarligi bilinib turgan bu yosh amir bilan bahslashishning befoyda ekanini bilib, e’tiroz bildirmadi. Baxtiga Omonulloxon undan javob kutmay, Shuvalovga yuzlandi.
— Harbiy maslahatchimiz, — dedi Xmarin uni tanishtirib.
— Afg‘on lashkarlarining yarog‘ini ko‘rdingizmi? Ma’qulmi? — deb so‘radi amir Shuvalovdan. Xmarin tarjima qildi.
— Yarog‘lari mukammal, aksar inglisniki ekan. Biroq... kiyimlari bir oz qo‘polroqmi... chaqqon harakat qilish qiyin.
— Ma’qul. Buxoroniki-chi? Biznikidan afzalmi?
— Yo‘q. Nochorroq.
— Sizniki-chi?
Shuvalov kulimsiradi.
— Biz jang qilyapmiz, janob amir, bu xususda so‘ramang.
— Durust, — amir shunday deb Ushinskiyga yuzlandi.
— Siyosiy maslahatchimiz, — dedi Xmarin.
— Siz O‘rusiya podshohi a’lamdan taxtni tortib oldingiz. Podshohdan yuz o‘girgan hukumat amir bilan do‘st bo‘la oluviga imoningiz komilmi?
Asadulla «qovun tushirmasmikin» degan xavotirda Ushinskiyga qaradi. Ushinskiy gapni aylantirib o‘tirmadi, lo‘ndasini aytib qo‘ya qoldi:
— Siz xalqingizni o‘z yo‘lingiz bilan saodatga olib bormoqchisiz. Biz o‘z yo‘limiz bilan. Qaysi yo‘ldan borish har birimizning ichki ishimiz. Bunga aralashmaymiz. Imperator xalqni saodatga emas, jarga boshlagan edi. Shu sababli hokimiyatni oldik, vassalom.
— Ma’qul, — amir shunday deb ularni o‘tirishga taklif etdi. Ana shunda Asadulla muvozanatini yo‘qotdi. Xmarin suyab qolmaganida yiqilib tushishi tayin edi.
— Toblari yo‘q. Hazrat amir suhbatlaridan bebahra qolmay deb kelib edilar, — dedi Xmarin izoh berib.
— Sardor, — dedi Omonulloxon Tarziga qarab, — zudlik bilan shifoxonaga elting. Biz janoblar bilan birgalikda ahvoli olamdan so‘z yuritajakmiz. Siz... — amir Asadullaga tikildi, — erta bilan tashrif buyurarsiz, alohida suhbat qururmiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:15

2

Mizbekning davosi bu safar picha amal qilib, Asadulla kechga tomon o‘zini bir oz bardam sezdi. Bu tun uyqusi ham xotirjam kechdi. Tongda tiniqib turdi.
Nonushtadan so‘ng Asadullaning amir huzuriga yolg‘iz borishi yoki bormasligi muhokama qilindi. Amirning bu uchrashuvdan ko‘zlagan maqsadini bilolmay gangishdi.
— Amirning xohishiga bo‘ysunishga majburmiz, — dedi Xmarin bahsga yakun yasab. — Mahmud Tarzining gaplarini unutmang: — «Bir-biringizga ishonmaysizmi?» degani yodingizdami? Bolshevik bo‘lmaganim uchun menga uncha ishonmaysizlar. Asadulla Mira’lamovich bolshevik-ku. Diplomatiya qonun-qoidalariga binoan suhbat qura olishlariga shaxsan men aminman.
Asadulla Xmarinning bu iltifoti, bu ishonchi uchun minnatdorlik bildirishi kerak edi. Xmarin undan so‘z bilan bo‘lmasa-da, ko‘z qarashiga ko‘chgan minnatdorlik uchqunini kutdi. Ammo Asadulla uni ajablantirib, sovuqroq qarashini o‘zgartirmadi. Xmarin keyingi kunlarga ichi Asadullaning munosabatida sovuqlik seza boshlagan, buni G‘ulomqodirning yoki Sinelnikovaning o‘limiga doir ruhiy iztirob natijasiga yo‘ygan edi. Kechki sayr chog‘idagi Ushinskiy bilan bo‘lgan dilkash suhbatiga Asadullaning guvoh bo‘lgani esa xayoliga kelmasdi.
... G‘ulomqodirning o‘limidan keyingi kunlar edi...
Uyqusizlik dardi temir tirnoqlarini ishga solgan damda, Asadulla xonasida yota olmay, boqqa chiqdi. Yulduzli osmon ostida yolg‘iz sayr qilyapman, deb o‘ylagan edi. Bog‘ yo‘lkasi bo‘ylab bir oz yurgach, pastlik tomondan Xmarinning, so‘ng esa Ushinskiyning ovozini eshitib, to‘xtadi. Dastlab ikkovi avvalgi g‘alvasini davom ettiryaptimi, deb o‘yladi. Uning gap poylash odati yo‘q edi. Iziga qaytmoqchi bo‘lganda Ushinskiyning: «Bilaman, siz bolsheviklarni yomon ko‘rasiz», degan gapi uni to‘xtatdi.
— Ha. Buni yashirishga hojat yo‘q asli. Kim qaysi partiyani xushlasa, o‘shanga ergashadi, — dedi Xmarin. — Har holda Yevropaning ilg‘or mamlakatlarida shunday. Men barchani baravar emas, asosan bolsheviklarning rahbarini yoqlay olmayman.
— Bolsheviklar sizga ishonch bildirishdi, buni hisobga olmaysizmi?
— Siz menga ochiq gaplashishni taklif etdingiz. Shu taklifingizga ko‘ra men fikrimni yashirmayapman. Bolsheviklarning taklifiga nima uchun ko‘ndim, aytaymi?
— Ha, albatta, ayting.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:23

— Turkistonni boshqarishni ruslar o‘z qo‘llarida saqlab qolganlari uchun. Bolsheviklarning eng aqlli ishlaridan biri shu, deb o‘ylayman. Men bolshevik ham eser ham, boshqa balo ham emasman. Men rusman va Rossiya manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yaman. Ota-bobolarimning qoni to‘kilgan bu yerlar Rossiyaniki va bu haqda boshqacha so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bitta ahmoqning dekreti bilan bu yerlarning qo‘ldan ketishiga jimgina qarab tura olmayman. Siz bolsheviklar tomoniga yaqinda o‘tgan ekansiz. Nima maqsadda o‘tgansiz, bilmayman, biroq, sizning bu partiyangiz xoinligi uchun kelajak oldida javob beradi.
— Xoinlik dedingizmi? Tushunmadim, janoblari?
— Rossiyani parokanda qilish xoinlik emasmi? Finlyandiyani, Polshani, Ukraina va Belorussiyaning g‘arbini qo‘ldan chiqarish, aniqrog‘i ahmaqona tarzda in’om etish xoinlikka kirmaydimi? Endi sharqqa ham ozodlik beradimi u nodon?
— Bu masalada shoshqich xulosa chiqarmang. Sharqni berib qo‘yadigan ahmoq yo‘q.
— Vaqtida general Gorchakov esi pastlik qilmaganida biz bu yerlarga hozirgiday elchi sifatida emas, xo‘jayin sifatida kelar edik. Angliyaning jig‘ini ezib qo‘yishga Rossiyaning kuchi yetardi. Hirotga yaqinlashib qolgan edi. Yana bir zarba berilsa, Afg‘onistonni egallash, hatto Hindistonning g‘arbini bosib olib, Hind okeaniga chiqish imkoni tug‘ilardi. Nimalarni boy berganimizni tasavvur etib ko‘ring! Bu nodonliklarni avlodlar kechirishmaydi. Agar bu nodonliklar davom etaversa, bilmadim, nima bo‘larkin...
— Har narsaning cheki bo‘ladi, vaqtiki kelib, chegaramiz Hind okeaniga qadar kengayadi. Bizning bu safarimiz o‘sha yutuqlarga poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Davlat tuzib, davlat yuritishga bu osiyoliklarning aqli yetmaydi. Ular qullik uchun yaratilganlar, shunday bo‘lib qolishlari kerak.
— Ayrim hollarda kelisholmaslik ham, bu masalada hamfikr ekanmiz, men bundan mamnunman, — dedi Xmarin.
Bu gaplarni eshitish Asadullaga azob bo‘lsa-da, yangilik ham emasdi. Ushinskiy va unga o‘xshaganlardan shu kabi da’volarni avval eshitgan, ammo «tarix g‘ildiragi bir hovuch telbalarning fikri bilan aylanmaydi», deb ozodlikka bo‘lgan ishonchini so‘ndirmagan edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:30

Asadulla sal nari ketdi-yu, xonasiga kirib yotishga yuragi betlamadi. Yo‘g‘onligi salkam ikki quloch keladigan chinor poyiga to‘sha qo‘yilgan gilam ustiga o‘tirdi. Hozirgi nohush suhbat unga safari arafasidagi Munavvar qorining so‘zlarini eslatdi. Munavvar qori — ilgari Asadulla bilan yaqin birodar bo‘lgan, so‘ngroq esa Turkiston taqdiri xususida fikriy ayrilik tufayli sal uzoqlashgan do‘sti Miroboddagi uyiga xayrlashgani kelgan edi.
— Sizni safardan aynitish niyatim yo‘q, — degan edi u. — Faqat iltimosim bor: ruslarning sharqqa doir siyosatini to‘g‘ri anglab, Afg‘on amiriga to‘g‘ri talqin etib bering. Turkistonni mustaqil emas, muxtoriyat holiga keltirgan ruslarning mamlakatni o‘zlari boshqarayotganlarini amir bilishi kerak. Komissarlar nima uchun Turkiston nomidan o‘zlari kabini emas, o‘zbekni yuborayotganlarini o‘zingiz anglang-u, ularga ham anglating. Biz ularga ishonib, chuv tushib yotibmiz, ular aldanishmasin. Dumaga bo‘lgan saylovlarni unutmang. Ruslar bizning emas, «Ulamo»ning aylanmog‘idan manfaatdor bo‘ldilarmi? Ular bizdan qo‘rqishdi. Chunki biz ahvoli olamdan boxabar edik. Bizda siyosat yurita olish ilmi bor edi. O‘rus lisonida bahslashib ularga bas kela olar edik. «Ulamo»da esa bundaylar yo‘qligini ular durust fahmladilar. O‘ruslarga dumada shunday omi odamlar kerak edi. Toki ishlarni o‘zlari yuritsinlarda va oqibat desinlarki: «Qarang, yerli millat davlat yuritmakni bilmaydigan aqli qosirdirlar»... Siz shularni amirga anglatishning evini qila olasizmi?
O‘sha kuni Asadulla bir oz e’tiroz bildirmoqni ixtiyor qilgan bo‘lsa-da, o‘zini tiygan edi. Xmarin bilan Ushinskiyning suhbatidan keyin o‘sha gaplarni eslab, «Bahslashmay to‘g‘ri qilgan ekanman», deb qo‘ydi.
«Shu topga qadar Afg‘oniston amiri bilan baqamti suhbat qurish imkoni tug‘ilgani yo‘q. Balki bugun erkin so‘zlasha olar. Bular aslida shundan bezovta. Men-chi? Men qorimning aytganlarini bajara olamanmi? «O‘rusiya bilan oshna bo‘lavering-u, biroq, yoningizdagi oyboltani qo‘ymang», deya olamanmi?»
Asadullaning bu xayoli chaqmoq umri misol edi. Ortiq o‘ylashga fursati yo‘q. Shu bois ish vaziyatga ko‘ra bo‘lar, degan qarorga keldi-da, yo‘lga chiqdi.
Bog‘i Fag‘monda uni Mahmud Tarzi kutib oldi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:37

— Amir sohib huzuriga mehmonlar tashrif buyurishgan, sabr qilmoqqa majbursiz.
— Nailoj, — Asadulla shunday deb jilmaydi. — Barcha eshiklarning kaliti — sabr, deydilar.
— Biz bo‘lakcharoq naql qilamiz: toqatlig‘a tog‘lar egar boshini... — Tarzi shunday deb uni bahavo yerga qo‘ndirilgan, xarrotlar san’atidan chiroy ochgan shiyponga boshladi.
— Sabr-toqat yaxshi xislat, ammo odam bolasi buning chegarasini bilmaydi. Zulmga ham toqat qila beradi, nohaqlikka ham... Oqibat abgor bo‘lganini sezmay qoladi. Sabr-toqqat kurash darbozalarini qulflab qo‘yadigan kalit.
— Gaplaringiz bama’ni, Asadulla Mira’lam, mehmonlar bahona siz bilan bafurja suhbat qurish imkoni tug‘ildi.
— Darvoqe... mehmonlar... Turkistonliklar emasmi?
— Topdingiz, o‘shalar.
— Amir ular bilan muzokara yuritmaydi, deb edingiz?
— Muzokara emas bu, Qodir og‘a hazratning so‘zi yerda qolmasligi kerak. Faqat sizlar bilan chin muzokara yuritishimizga inoningu boshqasini surishtirmang. Amirning umidlari ko‘krak sutiday toza. U fuqaroni saodati abadiyatga eltmoqchi, avomni johillik uyqusidan uyg‘otmoqchi, hatto ayollar uchun «maktabi masturat» ochmoqchi. Dorul Omon deyilmish yangi poytaxt bino qilmoqchi. O‘rusiya bilan do‘st bo‘lib, Ovruponing bo‘lak davlatlariga-da yetmoqchi. Bu niyatlarga yetishmoq uchun ulamolarga emas, hukumatga suyanish lozimligiga uning-da farosati yetadi. Turkiston ulamolari nimayu Afg‘oniston ulamolari nima? Bilmaysizmi? G‘aflat ular, g‘aflat... Yurtga qorong‘ilik urug‘ini sochib, zulmat mevasini ko‘paytiradilar. O, avom ilmga qanchalar tashna, bular ilmga qanchalar g‘anim! Kalomullo «Ilm oling, o‘qung» degani holda, bular «ko‘zni yumung» deb avraydilar. Men umrimni ma’rifatga sarf etganimga achinmayman, zinhor, men johillar ko‘zini ocholmayotganimdan nadomat chekaman.
— Bundaylar Turkiston elida ham bisyor.
— Mamatsharif aytar edi. Yozug‘imiz bir bizning.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:44

— Payg‘ambar afandimiz: «Olim bo‘l yoki ilm talab qiluvchi, yoxud ilmni eshituvchi bo‘l, hech biri qo‘lingdan kelmasa shularga muhabbat qiluvchi bo‘l, beshinchisini tanlama, u holda seni halokat kutadi», deganlar. Bizda ana shu «beshinchi»lar me’yordan oshgan.
— Beshikdan to qabrga qadar ilm o‘rganmagan inson bolasi ne uchun tug‘ilib, ne uchun yashaganini fahmlamay ketadi bu dunyodan. Insonlar hayvonlardan so‘z va aql ila ayrilmish. Insonning yozug‘i faqat tug‘ilish, osh oshalashu o‘lim bo‘lsa, hayvonlardan ayirmas edi.
— Ma’rifat ahli Turkiston yoshlarini ilmga tortmoq maqsadida ko‘p xayrli ishlar qildi. Dorilfunun ochdi. Yangi usul maktablar ko‘paydi. Millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liq. Afg‘onistonda ham shunday maktablarni ko‘paytirish lozimmikin?
— Ha, fikrimiz shu. Yoshlarni Farangistonga yubormoqni lozim ko‘rduk. Vaqtiki kelib sizning-da dorilfununingizga yubormog‘imiz mumkin.
— Ovrupoga yuborajagingiz ko‘p ibratli ish. Bu kunda ulardan o‘rganmoq joiz. Madaniy millatlar muhoribalardan o‘zni tiyib, tijorat va sanoatda raqobat qilmoqdalar. Sehr va jodu bilan emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Ovrupo Afriqo va Osiyoni o‘ziga asir va musaxxar1 qilmoqda. Ular bir dona bug‘doy ekub, yigirma qadoq don olurlar, o‘zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturib, o‘zimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Osiyoliklar dumba sotib — chandir chaynab, qaymoq berub — sut oshab, non o‘rniga kesak tishlab yurdilar, bag‘oyat uzoq yurdilar. Endi bular barham topqusi...
Mahmudbek Tarzi Asadullaning fikrini ma’qullab, uni savolga tutib, hayoti bilan qiziqa boshladi. Asadulla qisqa-qisqa javoblar bilan kifoyalanib, Bokuga borgani, Mamatsharif bilan ilk daf’a o‘sha yerda uchrashgani, qaytib Toshkentda teatr tashkil qilganini aytganda, Tarzi hayajonga tushdi:
— Teatru dedingizmi? Farangistonda ko‘rib orzu qilib edim, — dedi u. — Nahot Toshkandda bo‘lsa shunday ajoyibot?
— Ha, bor.
— Ajab! Ajab! Umidim yulduzi Turkiston osmonida charaqlagan ekan, muborak bo‘lg‘ay. Kobulda ham shunday teatru ochgumizdur albatta.
Ularning suhbati peshinga qadar, hojib kelib, amir muntazir ekanini aytguncha cho‘zildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:08:52

Amir ularni kechagi joyda emas, unga baqamti qurilgan, kattaroq qasrda kutar edi. Keng xonaga dasturxon tuzalgan, to‘rda amir, so‘l tomonida Qodir og‘a hazrat va uning qatorida turkistonlik mehmonlar o‘tirar, o‘ng tomon esa bo‘sh edi. Tarzi bilan Asadulla shu yoqqa o‘tirishdi.
— Taom mahtal bo‘lmasin, — dedi amir.
Asadulla Mirkomilboyning ro‘parasida o‘tirar, vaqti-vaqti bilan beixtiyor ko‘z-ko‘zga tushar edi. Asadulla boshqalarni tanimadi, ammo kiyinishlaridan farg‘onalik ekanliklari ma’lum edi. Xauston ular orasida yo‘q edi. «Ayyorlikda shaytonga dars bersa kerak», deb qo‘ydi u o‘zicha. Asadullaning qo‘li tovoqqa beixtiyor borib kelardi. Taomga hech ishtahasi yo‘q, xayoli shu xonada bo‘lib o‘tgan suhbatda: «Nimani gaplashdilar, amirdan nimani so‘radilar, amir nimalarni va’da qildi?»
Mirkomilboy ham taomga befarq, uning xayoli Asadullada edi: «Joni temirdan ekan buning. Shuncha o‘tdan tirik chiqibdi-ya! Endi amir huzurida, amirning o‘ng tomonida osh oshalasa. Amirning shu ishi chakki bo‘ldi. Ularning meni ko‘rmaganlari ma’qul edi. Endi Toshkentga qaytuvim mushkullashadi. Unda ularni chalg‘itib yo‘lga chiqqanim nima bo‘ldi-yu, bunda bular bilan uchrashganim nima bo‘ldi?..»
Amir taomni shoshilib yegani bilan dam o‘ng, dam so‘l tomoniga qarab-qarab-qarab qo‘yardi. Ularning ichida o‘tayotgan gaplarni aniq bilmasa ham faraz qilardi. «Qaysi millat orasinda birlik ko‘tarilib, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlangani aniqdir. Bular shuni fahmlamaydilarmi?»
Mahmudbek Tarzi ham mehmonlarga qarab, o‘zicha fikr qilardi: «Dildagi adovat temirdagi zangga o‘xshaydi. Zang temirni yegani kabi, adovat Vatanni azobga soladi. Odamlar nahot adovatdan chekina olmasalar?..»
Omonulloxon bilan Mahmud Tarzi bu damdagi ahvolni o‘z qarichlari bilan o‘lchar edilar.
Taom pallasi shunday o‘y-xayollar bilan o‘tdi. Amir mehmonlarning imillab o‘tirishlariga ko‘p toqat qilolmadi. Qodir og‘a hazratga qarab, fotihaga qo‘l ochdi.
Ulamolar bilan qasr ostonasida xayrlashib, Asadullani shiyponga boshladi.
— Adovatingiz behad ekan, fahmladim, — dedi amir. — Bu hol menga ajab tuyuldi. Sababki, ularning niyati-da durust.
— Amir sohib, johilning yaxshi niyati fozilning husumatidan zararliroqdir.
— Ularni johil deysizmi?
— Johilgina emas, ular xiyonatkorlar... Sadafdan inju, ilondan zahar hosil bo‘lgani kabi, fidoyilikdan vatan sadoqati, xiyonatdan bebaxtlik zuhur bo‘lur.
— Ular xiyonatda sizlarni aybladilar.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:09:00

Asadulla bosh chayqab, zaharxanda bilan dedi:
— Betahorat benamozni bo‘yniga qo‘yar ekan... Ular Turkistonni Inglistonga sotganlarini aytmadilarmi?
— Sotganlarini?
— Ha, amir sohib, sotib edilar. Isyon qildilar, begunoh qonlar to‘kildi.
— Alhazar!
— Ular hokimiyatni olmasdan taxt talashadilar. Ingliston islomga homiy bo‘lsa Afg‘onistonga tig‘ ko‘tararmidi?
Amir bu gaplardan o‘ylanib qoldi. Tarzi Asadullaning dono fikrlaridan mamnun bo‘lib, suhbatga aralashmay o‘tirdi.
— Muhorida Ingliston hindlarga, barak bazaylarga-da yarog‘ berib, bizni mahv etmoqqa yo‘llab edi, — dedi amir. — Unda o‘zbeklar o‘zbeklarni mahv qilabera... Vodarig‘o!..
— Mol va ashyo o‘g‘rilaridan ko‘ra odamlar orasinda do‘stlik, ulfat, muhabbat, oqibat, qadrni o‘g‘irlaydurgon odamlardan saqlanmoqni ma’qul ko‘ramiz biz. Tomchi sel bo‘lolmaganidek, bular yurt og‘asi bo‘lolmaydi. Fuqaro ularga ergashmaydi, egri tayoqqa suyanmaydi. Bugungi sho‘rishlar o‘tadi-ketadi.
Amir kutilmaganda suhbat mavzuini burib yubordi. Ob-havodan gapirdi. Asadullaning yo‘l taassurotlari bilan qiziqdi. Asadulla shundan bildiki, amirning bugungi chorlovidan niyati suhbatlashish emas, balki ulamo vakolasi bilan yuzlashtirish. Lekin ana shu yuzlashtirishdan maqsadi nima? Asadullaga bu qorong‘i edi. Amirning amalga oshmagan kichik hiylasi, ya’nikim, adovatdagi ikki odam yuzlashgan chog‘ida hech bo‘lmasa biri yoriladi, bir-biriga ta’na toshlari otilajak chog‘ida haqiqat suv yuzasiga qalqib chiqadi, degan umidi hatto Tarzi uchun ham sir bo‘lib qolaverdi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:09:08

3

Amir Omonulloxon go‘yo vakola hay’atini unutib qo‘yganday edi. Navbatdagi chorlovdan anchagacha darak bo‘lmadi. Mahmud Tarzi haftada bir kelib, gurung qilib ketadi. Vakolaning savoliga: «Amir o‘ylayapti», deb qisqa javob berishdan nariga o‘tmaydi.
Bu orada sunbula tug‘di, suvlar tinib, havo salqinlashib, kuzning nafasi sezilib qoldi.
— Yozning jaziramasida kelgan edik, endi qishning sovug‘ida qaytamiz shekilli? — deb nolib qoldi Ushinskiy. — Nimaga keldigu nima qildik bu yerda. Amirning bitta savoliga javob berib qaytaveramizmi?
— Sizning o‘sha bitta javobingiz hammasidan zo‘r bo‘ldi, — dedi Shuvalov. — Sizdan kutmagan edim.
— Bilaman, siz mendan faqat yomonlik kutgansiz. Lekin sizdan xafa emasman. Kasbingiz shunaqa.
— Janoblar, diqqat, Mirza Qandilxon kelyapti, — dedi Xmarin ularning suhbatini bo‘lib. — Garov o‘ynayman, xushxabar aytadi: qadam olishi chaqqon.
Chindan ham Mirza Qandilxon kelib, amir hazrat yo‘qlayotganini bildirdi.
Omonulloxon bu safar ham ularni o‘sha oynaband qasrda kutib oldi. Uning ko‘rinishi ilgarigiday jiddiy emas, aksincha, nimadandir xursand ko‘rinardi.
— Kobul kuzga bandi bo‘lyapti, — dedi u mehmonlarga bir-bir qarab chiqib. — Lekin kuzda bahor nafasi ufuryapti, sezyapsizmi? Sababi qaldirg‘och kelgan, — amir o‘zining tashbihidan huzurlanib, yayrab jilmaydi. — Qaldirg‘och deganim — sizlarsiz. Saltanatim umri bahoriga yuz tutgan. Qaldirg‘och bahor darakchisi... Alqissa, sizlarni qarorimizdan ogoh etmoq maqsadida chorladim. Ahdimiz shunday: Afg‘oniston Sho‘ravi Rusi ila muzokara boshlashga rozi. Muxtor vakil yetib kelgunga qadar siz, janobning, — amir Xmaringa yuzlandi, — Kobulda qolishingiz ayni muddao. Ayrim muammolarni hal qilishga zudlik bilan kirishmog‘imiz lozim. Shuning barobarinda Hirotda ham saforatxona ochib, siz, janobning, — amir Asadullaga yuzlandi, — o‘sha yerda ish yuritmog‘ingiz joiz. Muxtor vakil yetib kelgach, Mazori Sharif ila Maymanada ham saforatxona ochgumiz.

Qayd etilgan