— Aybsitmang, taqsir, sizga bir to‘g‘ri gap aytay: mol-dunyodan ayrilib, ko‘zlaringiz picha xira tortibdi. Sho‘rolarning afzalligini mutlaqo ko‘rmayapsiz.
— Ajab, ajab, — dedi Mirkomil boy, — ko‘rmaganimni ko‘rsating-chi?
— Ovrupoliklar Amriqoni zabt etganlarida yerlik xindularni cho‘lu biyobonlarga, tog‘u toshlarga ko‘chirib, unumdor yerlarni egallab olgan ekanlar. Oq podsho ham shu usulni qo‘llashni ihtiyor etgan edi, bundan bexabarmisiz? O‘zbeklarning qismatida yerlarini mujiklarga bo‘shatib, cho‘llarga chiqib ketish yozilgan ekan. Bolsheviklar bunga barham berdilar-ku?
— Daganingiz vaqtincha chora, afandim. Qarab turing, zamonni tinchitib olishgach, yana oq podshoning yo‘liga qaytadilar. U zamonlarda balki siz bilan biz bo‘lmasmiz. Men avlodlarimizning «Otalarimiz juda nodon bo‘lgan ekanlar», deyishlaridan xijolatdaman. Siz mol-dunyoni tilga oldingiz, a? Ha, zoxiran «mol achchig‘i — jon achchig‘i» bo‘lib ko‘rinadir. Biroq, inoning afandim, qo‘ldan ketgan boylika armon qilmasman. Boylik kimga baxt beribdiki, menga vafo qilsa. Olloh lozim ko‘rib bu boylikni omonatga bergan ekan, istadi-yu, qaytarib oldi-qo‘ydi. Berganda shukur qilib edim. Endi ham shukurdaman, qiyomatdagi hisobim osonlashdi. Mendan ko‘ra xorlanganlar bor, nochorlar bor. O‘shalardan qilmaganiga shukur. Siz mulla odamsiz, Ollohning muqaddas kalomlarini bilasiz, Qudsiy hadisda marhamat qilinishicha, Yaratgan egam deb emishki: «Ey Odam farzandi, senga uch narsani ihtiyor qildim: ya’ni, oila ahlingni, molu dunyoyingni va amalingni. Ammo, mol-dunyoying sen o‘lib, oyog‘ing yerdan uzilishi bilan ortingda qoladi. Oyog‘ing uydan chiqishi bilan oilang ham ajralib qoladilar. Keyin qabrda bo‘lasan. Qiyomat kunida faqat yaxshi amaling foyda beradi. Amaling tuzuk bo‘lsa seni ham tuzatib qo‘yar, agar yomon bo‘lsa, seni halok etguvchi yerga topshirar...» Afandim, bayonda xatoga yo‘l berib qo‘ymadimmi?
— Xato-ku qilmadingiz, biroq, «yaxshi amal» deganingizga nochorlarga yordam berish ham kiradi. Bu mas’alada kofirmi-musulmonmi qaralmaydi.