Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 76555 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:07

— Poytaxtni senga, seni Xalloqi olamga inonib ketyapman, — dedi nihoyat amir. — Ammo xavotirim bor, — amir shunday deb o‘g‘liga savol nazari bilan tikildi.
— Nimadan? — dedi amirzoda ajablanib.
— Yengilsan. Boshboshdoqlikka moyilsan. Hukmni o‘tkazmoqda ojiz bo‘lib qolmasmikansan? Hukmni o‘tkazmoq uchun qattiqqo‘l, og‘ir bo‘lmoq darkor. Ko‘ngilbo‘shlik fuqaroni to‘zitib yuboradi.
— Odillik-chi?
Amir o‘g‘liga yaqinlashib, uni ikki yelkasidan ushladi:
— Davlatning ustvori — odillik. Amir — Ollohning yerdagi noibi. Tangri yo‘lidagi odillik ila qattiqqo‘llik qilmoq esa burchimiz. Afg‘oniston — xudodot mamlakat. Islomni g‘ayridinlardan xalos etmoq uchun Olloh marhamatini darig‘ tutmay Afg‘onistonni tanlagan. Buni unutma.
Habibulloxon yumshoq kursiga o‘tirib, o‘g‘liga joy ko‘rsatdi.
— Ollohning majburiyatini anglaganman, ammo uni amalga oshirish yo‘llarini bilmakka aqlim qosirlik qilyapti, — dedi Omonulloxon, otasi yoniga omonatgina o‘tirib.
— Dunyo qalqib turibdi. Biz ehtiyotkor sayyod saydini poylagani kabi g‘azavotga ko‘tarilish onini kutamiz. Inglistondan va’da qilingan pullarni undirgach, miltiqlar, zambaraklar sotib olamiz.
— Pushtular bizdan yarog‘ kutishyapti. Jihodga chorlashyapti. Afg‘onistonning badaniga qilich bo‘lib tushgan Dyurandning shartnomasi uch million afg‘onni bizdan ayirib turibdimi? Bu qilich yigirma olti yildan beri qabilalarni qon qaqshatyapti-ku? Afg‘oniston xudodot mamlakat bo‘lmog‘i uchun avval shu qilichni sindirib tashlash kerakmasmi?

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:14

«Padarzanining sabog‘i». Shu fikr xayoliga urilib, amirning yuzida zaharli jilmayish zohir bo‘ldi.
— Tentak. Aqling chindan ham qosir. Bizning ro‘paramizda bo‘ri turganda bir navi edi, ammo sher turibdi, anglayapsanmi, sher!!!
— Fikri ojizimcha, sher — hayvonlar shohi. Odamlarga hukm o‘tkazmoqchi bo‘lgan sher mahv etilmog‘i shart.
Habibulloxon o‘ng qo‘liga tayanib, o‘rnidan turdi.
— Sherni mahv etmoq... Men buni istamas ekanmanmi? Sher uch-to‘rt yuz minglik lashkari bilan bir hamla qilsa, Peshavordan Kobulga qanday yetib olganini bilmay ham qolasan. Shimolda Mashhaddan Ko‘shkka yurish boshlasa quduqqa tushganday bo‘lasan. Bugun boshlangan g‘azavot Afg‘onistonning mahv etilishi bilan tugashiga shubham yo‘q. Sherni qarib, kuchdan qolgan deysanmi? Unga Almoniya bas kelolmadi. Rusiyaning yangi hukumati bas kelolmayapti... Yengilsan, go‘daksan... Kobulni qanday qilib senga ishonib topshiryapman, o‘zimning ham aqlim lol.
Amir bir qo‘lini beliga qo‘yganicha jimib qoldi. «Ajab, kuyunchaklik bu o‘g‘limga kimdan yuqdi? Vorisim bo‘lmagani holda yurt taqdiriga buncha tashvishlanadi? Yo taxtdan umidvormi? U holda mendan keyin og‘a-inilar... Jihod u yonda qolib... Nasrulloning tek turmasligi aniq. Ajab... Ajab... Mahmudbek Omunulloga shu qadar kuchli ta’sir o‘tkazdimi? Sezmabmidim? Inoyatullo Mahmudbekning to‘ng‘ich kuyovi. Unda Omonulloning fikrlari shijoati yo‘q-ku?.. U beg‘amlikni qaerdan yuqtirdi?..»
— Mendan so‘raydigan so‘roving bormi? — dedi amir zarda bilan.
— Sizga sidqidildan xizmatda bo‘lish — burchim, burchimni ado etmoqqa bobolarimizning ruhlari yor bo‘lgay. Nojoiz so‘zlarim uchun avf etib, gunohimdan o‘ting. Safarga otlangan oningizda so‘rashning xosiyani bo‘lmasa ham bir o‘tinchim bor.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:23

— Ayt.
— Mavlono Abdul G‘anini...
— Yo‘q!!! — Habibulloxon keskin o‘girilib, o‘g‘liga g‘azab bilan tikildi. Omonulloxon otasi ko‘zidagi qahrni ko‘rib, beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. — Aslo!!! — dedi amir dag‘al tovushda. — Kimga jon kuydiryapsan?!
— Ul zotdan men saboq olganman. Sizning lutfingiz ila bunyod bo‘lgan «Habibiya»da ko‘p zoti oliylarning farzandlariga tarbiya berdilar. Sizga xusumatlari yo‘q edi, inoning menga, sizga bisyor sodiqlar ul zot. Yurtimizga ziyo kelturmakdan o‘zga niyatlari yo‘q edi.
Omonulloxon otam to‘xtatmasin, deb bu gaplarni tez-tez aytdi. Amir buni sezdi. O‘g‘lining jur’ati ma’qul kelgani bo‘lsa ham buni sirtiga chiqarmadi.
O‘n besh yil muqaddam u Kobulda yangi usulda maktab ochmoq niyatida Hindistondan donishmand muallimlarni chorlagan, amir xizmatiga kelganlar orasida Abul G‘ani o‘tkir zehni, quvvai hofizasi, bilim daryosining chuqurligi bilan diqqatini tortgan edi. Chindan ham u Omonulloxonga ko‘p saboq berdi. Amirzodaning fe’lidagi o‘zgarishlar balki o‘sha saboqlarning oqibatidir? Habibulloxon Abdul G‘anining yangicha fikrli to‘da tashkil etganini, bu to‘daning amir tutgan yo‘ldan norizo ekanini bilib, uni zindonband qilgan edi. Oradan necha yillar o‘tdi. Mahmudbek sardor ham shu uzr bilan bir-ikki yuzlangan edi. Yozdagi suiqasd, so‘ngra yaqinda Bog‘i balandga tashlangan po‘pisali maktub bo‘lmaganida balki amir o‘g‘liga yon bosardi. Abdul G‘ani tavbasiga tayanibdi, deb ishonib, afv etar edi. Suiqasddan keyin... Poytaxtning gavjum ko‘chalaridan o‘tib borayotganida amirga o‘q uzishga jur’at etdilar, fuqaro «ziyo ul millat va-d-din», deb unga sig‘ingani holda bir mal’un uning joniga qasd qildi?! Habibulloxon shunisiga chiday olmasdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:31

— Padaringga o‘q uzganlarini unutdingmi?
— Axir mavlono Abdul G‘ani o‘n yildan beri hibsdalar?
— G‘oyasi-chi? — amirning ovozi ko‘tarildi. — G‘oyasi ham hibsdami? Afsus, men bu mal’unlarning jisminigina zindonga tashlab, xumordan chiqibman. G‘oyalarini quritishni o‘ylamabman. Endi... kech, juda kech...
Omonulloxon otasining fe’lini yaxshi bilar edi: endi unga gapirish ortiqcha. Achchiq ustida afv etmoq o‘rniga qatlga amr qilib yuborishi hech gapmas. Shu sababli amirzoda qo‘l qovushtirib, mo‘minlik holatida turdi.
Mahmudbek Tarzi kirganida Habibulloxon yumshoq kursida yastanib o‘tirgan edi. Amirning o‘rnidan qo‘zg‘almaganiga qarab, Tarzi uning noxush kayfiyatini sezdi. Amir hojido‘ppi kiygan, cho‘qqisoqol qudasining salomiga alik olib, yonidan joy ko‘rsatdi.
— Eshitganingiz bordir, Jalolobodga jo‘nayapman. Suyukli kuyovingiz Kobulga noib al hukuma bo‘lib qolyapti. Kobulni suyukli kuyovingizga, suyukli kuyovingizni Ollohga inonib topshirdim.
Tarzi kulimsiradi. U amirning kinoyasini tushundi. Buyoqqa kelaturib Omonulloning otasi huzuriga kirib chiqqanidan xabar topgan edi. Ota-bola suhbatining qanday kechgani amirning kinoyasidan oshkor bo‘lib qoldi. Shu sababli Tarzi ohistalik bilan gap boshladi:
— Ulug‘ amirim, kuyovlarimnnig har biri men uchun arjumand. Marhamatingiz bilan men amirzodalarga padarzan bo‘lish sharafiga yetishibman, ularning har birini ko‘zimning oq-qorasi deb bilaman.
— Sardor, so‘zga chechansiz. — Amir shunday deb ayyorona jilmaydi. — Ammo Omonulloni ko‘proq yoqtirasiz, tan oling. Sababini aytaymi?
— Ayting, davlatpanoh.
— Amirzodalar ichida Omonulloning zehni bo‘lakcha, ahvoli olamga qarashi bo‘lakcha. U dunyoga ko‘proq sizning ko‘zingiz bilan qaraydi.
— Fikri ojizimcha, amirzoda olamga sizning dono nigohingiz bilan qaraydi. U sizning pushti kamaringiz. Afg‘onistonni behad suyishi ham sizdan o‘tgan.
— U taxtdan umidvormi?

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:40

Bu savol Tarzini esankiratib qo‘ydi. Sermulohazaliligi va aqli donishligi biln shuhrat topgan bu odam amirga tayinli javob qaytarishga taraddudlandi. Bu yerga kelishida amir odatdagiday xayrlashish maqsadida chorlagandir deb o‘ylagan edi. Dastlabki kinoyalardan ko‘ngli noxushlikni sezdi. Endi bu savol... Yana taxt malasida... Nahot ota-bola shu xususda gap yuritganlar?.. Amirning dili g‘ash, ko‘ngli notinch...
— Xo‘sh, sardor, og‘ir jumboq berib qo‘ydim shekilli?
— Yo‘q, davlatpanoh, sukutim sababi jumboqning og‘irligi emas. Meni ko‘nglingizga oralagan shubha taajjubga soldi. Taxt vorisi — Inoyatulloxon. Padar amri — vojib deydilar. Omonullo padari amriga zid bormaydi. Bunga imonim komil.
Habibulloxon kulib yubordi. Uning kulgisida shodlik emas, balki zahar zohir edi: yuzi kulsa-da, ko‘zlarida sovuq o‘t bor edi.
— Sizni sirtmoqqa tushirib bo‘lmaydi, sardor. Ammo bilib qo‘ying, mana bular, — amir devorlarga ishora qildi, — devor emas, quloq. Hamma xabar oqib kiradi. Nima edi, — amir istehzo bilan jilmaydi,— javoni Afg‘onistonmi?.. Amirdan norizo yoshlar. Qani, aytingchi, sardor, Habibulloxon Afg‘onistonning boshiga kulfat soldimi? Quvg‘inlarni yurtga qaytarib, gunohga botdimi?
— Umrimiz duoi joningiz bilan o‘tadi.
— Gapimni bo‘lmang, men minnat qilayotganim yo‘q... Yangi maktabni Habibulloxon ochgan edi, yodingizdadir? Jannatmakon padarim xat-savodli afg‘onlardan o‘ttiztasini saroy xizmatiga chorlagan ekan. Yurt kezib, nechta ilm egasini topishgan? O‘nta ham topisholmagan, ha! «Harbiya»ni ham Habibulloxon ochib edi, turk zobit1larini chorlagan ham Habibulloxon edi. O‘zingiz chop etayotgan «Siroj ul axbor» ham Habibulloxon amri bilan yuzaga kelganmasmi?

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:11:54

— Olloh shohid, yurt saodati yo‘lidagi xizmatlaringiz afg‘onlarni baxt yo‘liga olib chiqg‘ay.
— Shunday deng... U holda yoshlaringiz nimani istaydi?
— Yoshlarmi? — Tarzi ko‘zini amirdan uzib, soqolini siladi.
— To‘g‘risini ayting, qahrimdan cho‘chimang. Menga haq gap lozim.
— Yoshlar Afg‘onistonni mustaqil ko‘rishni istaydilar. Qulay fursat o‘tib ketyapti, davlatpanoh.
— Fursat hali kelgani yo‘q.
— Fursat almon vakolasi bilan birga kelgan edi.
— Shundaymi?.. Fursatni boy berganimga nima sabab ekan? Qo‘rqdimmi?
— Yo‘q, ulug‘ amirim, sababi boshqa: yiliga oladiganingiz ikki million to‘rt yuz ming rupiy va muhoribadan so‘ng berilguchi ellik million rupiy...
Amir xona to‘ridagi kursi tomon ko‘z tashladi. Tarzi aytgan mustaqillikni va ellik millionni talab qilib yozilgan maktub o‘sha yerda turibdi. Habibulloxon bir ko‘ngli uni qudasiga ko‘rsatgisi, so‘ng qattiq-qatiq gaplar aytgisi keldi. Lekin «erta, hali erta», degan mulohazaga borib, o‘zini tiydi. Sardor Tarzi unga xunuk ayb taqagan edi. Odatda amirga birov yurak yutib bo‘lsa-da, bunday muomala qilolmasdi. Hatto Tarzi ham uning oldida muloyim edi. Endi bu ne hol bo‘ldi? Habibulloxon uni haqoratlab haydab chiqarsinmi? Amirning shunaqa odati ham yo‘q emas. Biroq hozir o‘zi ham sezmagan holda odatini kanda qilib, o‘zini oqlamoqqa kirishdi:
— Sizdan eshitganlarimni norastalar aytsa ajablanmas edim. Men sakson minglik lashkarim bilan nima qila olar edim? Ikki biqinimga Inglistonning xanjari tiralgan, peshonamda O‘rusiya zambaragi tursa... Buni yoshlarga siz uqtirishingiz lozim edi. Biz muhoribaga aralashmay yutdik. Ko‘p yutdik, ha!

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:01

— Endi-chi? Endi peshonamizda O‘rusiya zambaragi yo‘q-ku? Ular endi bizga do‘st qo‘lini uzatmaklari mumkin.
— Ularning kimligini men hali bilmayman. O‘rusiya ahli podshohi a’lamni quvg‘in qilibdi, yurtni kambag‘allar so‘rayotgan emish, deb o‘zingiz aytgan edingiz. Qani, bir mulohaza qilib ko‘ring-chi, o‘z podshohidan tongan el o‘zga amirga qanday marhamat ko‘rsatsin?
— Yurtni boshqarayotganlarning kimligi menga ham qorong‘i. Ammo ular O‘rusiya podshohining barcha nohaq farmonlarini bekor qildilar. Afg‘oniston ila Eronning mustaqilligiga shak keltirmadilar. Musulmonlarga murojaat etib, g‘animlarning kishanlarini parchalashga, ozodlikka undamishlar.
— Sardor, gazitingizdagi gaplarni takrorlamang. Bu tashviqotlar uchun noibi qirol ro‘znomani yopishni talab etyapti. U haq. Siz mening mehrimni suiiste’mol qilyapsiz. Ro‘znoma yangiliklar chirog‘i bo‘lmay, ikki davlatni barvaqt urishtirib qo‘yadigan vositaga aylanib qolishiga sira yo‘l qo‘ymayman, buni uqib oling.
Tarzi, noiloj o‘rnidan turib, qulluq qildi. Habibulloxon unga yaqin keldi:
— Sizni yo‘qlatishimning boisi bu emas. Mening asl maqsadimni siz anglashingiz lozim. Yaratganning o‘zi belgilagan vaqt yetgach, barchamiz jihodi akbarga ko‘tarilamiz. Unga qadar Omonulloni tergab turmoq darkor. «Habibiya» atrofidagi, ro‘znomangiz atrofidagi yoshlarga tushuntiring: fuqaro orasida barvaqt parokandalik boshlamasinlar. Omonulloni Kobulda qoldirishimdan maqsad — uni sinamoq. Nojo‘ya xatti-harakati bilan qahrimga duch kelmasin. Uni nazorat qilib turing. U sizga suyukli kuyov, menga esa... — amir qudasining ko‘ziga tikilib jilmaydi, — arjumand farzand, ha!

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:09

2

Dalv oyi oxirlab, Kobuldagi izg‘irinning kuchi ancha qirqildi. Xut yaxshi kelib, hamalga eson-omon chiqib olinsa, buyog‘i bahor... Demak, amirning qaytishi ham yaqin. Amir Mahmudbek Tarzi bilan ba’zi-ba’zida maslahatlashib turar edi. Ammo xayrlashar chog‘i allanechuk gaplar qildi. Buning sababini Tarzi anglamadi. Umuman, amir yozdagi suiqasddan keyin ancha yurak oldirib qo‘ygan. Bir tomonda yoshlar, bir tomonda din peshvolariga orqa qilayotgan Nasrulloxon... Habibulloxon gangib qolgan. Tarzi buni biladi. Bunday onda amir qat’iy qarorini anglatishi lozim, lekin u galga solyapti. Bu bilan o‘z payiga bolta urayotganini nahot sezmasa?! U Inglistondan ham cho‘chiyapti. Inglistonning ilgarigi kuchi yo‘q hozir. Shimolda inglisning tinchini Rusiya buzgan. Hindistondagi g‘alayonlardan joni halak. Lashkarining borini Afg‘onistonga tashlay olmaydi. Sarhaddagi qabilalarga qurol berilsa, ular ikki yuz ming askar bilan bosh ko‘tarishi mumkin. Amir buni tushuna olmayapti. Unga kim tushuntiradi? Nasrulloxonmi? Amirning gangib turishi unga foyda emasmi?
Tarzi bu muammolar xususida ko‘p o‘yladi. Savollar go‘yo katta daryo o‘zani-yu, javob esa irmoqdan jildirab keluvchi suv edi.
U Omonulloxonning xatti-harakatidan ham xavotirda edi. Noib al-hukumaning shahar kezishi amirga xush yoqmaydi, qahrini uyg‘otadi. Bunga shak-shubha yo‘q. Ammo Tarzi bundan emas, shahar kezayotgan amirzodaning falokatga uchrab qolishidan cho‘chiydi. Kuyovi bugun ham odmi kiyimda yolg‘iz o‘zi shaharga chiqib ketibdi. Oxiri baxayr bo‘lsin.
Mahmudbek Tarzi o‘zini ovutish uchun gazetiga tayyorlangan xabarlarni qayta o‘qiy boshlaganida xonaga kuyovi kirib keldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:17

— Xorun ar-Rashidning safarlari qutlug‘ o‘tdimi? — dedi Tarzi kinoya bilan.
— Sovar1larda bo‘ldim, Ingliston sari ot qo‘yishga tayyor ular.
— Inglistonni birgina risale2 bilan mahv eta olish mumkinligini bilmagan ekanman.
Omonullo kulib yubordi.
— Noroziligingizning boisini bilolmayapman?
— Xatti-harakatingizning amirga xush kelishiga ishonchim yo‘q.
— Amir meni Jalolobodga chaqirib olib, Kobulga Inoyatulloxonni noib qilib tayinlaydi. Bu Xudoga ham, bandaga ham ayon. Xo‘sh, shunday bo‘lsa nima? Men amirzodaman. Padarimga tobe fuqaroning dilidagini bilib olsam yomonmi? Lashkar maoshining ozligidan norizo, fuqaro begor3dan norizo, maliat4ning bisyorligidan norizo. Norizoliklar qo‘shilsa, ko‘chkiday yopiriladi. Risaleda bir sovar ila so‘zlashdim. Choraymoqdan ekan. Saroy xizmatiga chorlasammi, deb fikr qildim. Bunday yovqurlar kerak bizga.
— Nima uchun?
— Davlat bexatar bo‘lmog‘i uchun...
Tarzi bu gapni eshitib, amirning: «U taxtdan umidvormi?» — degan savolini esladi.
— Amir bularni devor emas, quloq degan edi.
— Sardor, bu qadar yuraksiz bo‘lmang...
— Ertaga ham Xorun ar-Rashid libosini kiyish niyatingiz bordir? Juma kunlari bu yumushdan saqlanganingiz ma’qul edi.
— Mavlono Abdul G‘anini ziyorat qilsam, degan niyatdaman. Padarim Jaloloboddan qaytgunicha boquvidan boxabar bo‘lsam...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:24

— Asti unday qila ko‘rmang. Bu harakatingiz o‘sha kuniyoq amir qulog‘iga yetib boradi. Abdul G‘ani sizdan olgan luqmasini yutishga ulgurmay, qatl etiladi. Amir Jaloloboddagi sayru hushini tark etishdan ham qaytmaydi.
— Men begunoh bandalarning azob chekishiga ortiq xotirjam qaray olmayman.
— Nailoj, amirzoda, otangizning amriga ham qarshi borolmaysiz...
Omonullo jahl bilan qo‘l siltadi. Bundan avval ham qaynotasi uni bir-ikki bor bu yo‘ldan qaytargan edi. Amirzoda g‘azabini bosolmay, xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki yurdi. So‘ng qaynotasining ro‘parasida to‘xtadi.
— Ertaga yo‘qlashim shart. Buni Xudo ko‘nglimga soldi, — dedi qat’iy.
Ammo Omonullo ertasiga Abdul G‘anini yo‘qlay olmadi.
Kobul tongi bu safar mudhish xabar bilan otdi. Dastlab qayg‘u bilan ko‘z ochgan bu saboh, oqibatda el uchun xayrli bo‘lib chiqdi. Chodirida uxlab yotgan Habibulloxonning qulog‘iga o‘q uzgan kimsa amirning jonini oldi va shu bilan, o‘zi bilmagan holda xayrli ish ham qildi — Afg‘onistonni mustaqillik yo‘liga olib chiquvchi darvozani ochib yubordi.

Qayd etilgan