Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105235 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:32

3

Kobul osmoni musaffo edi. Go‘yo kecha qora bulutlar hunarini ko‘rsatmagandek, go‘yo izg‘irin shaharni yamlab-yutish qasdida sira avjga chiqmagandek...
Bomdoddan ancha ilgari, so‘zi kozibda qo‘qqis uyg‘onib ketgan G‘ulomqodir tashqariga chiqib, tabiatning bu ajoyibotidan lol qoldi. Samo yuzini bezab turgan yulduzlarga bir oz tikildi. «Bir qarasang — olam chiroyli ko‘rinadi, — deb o‘yladi u, — yana bir qarasang — hammayoq abri balo ostida: buzuqlik, adovat, riyokorlik, razolat... bulutlari bosib, yamlamay yutaman deydi. Nimaga shunday ekan?»
Kechagina dili xufton edi. Ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Mo‘ylabi yuqoriga qayrilgan past bo‘yli notanish yigit bilan hamsuhbat bo‘ldi-yu, qalbining allaqaerida umid chirog‘i miltillab qoldi. Yigit odmi kiyingan bo‘lsa-da, so‘zlarini tinglay turib, G‘ulomqodir uning oliy martabali zotlardan ekanini fahmladi. Bundaylar so‘zlarini chertib-chertib gapiradilar, martabalarini yashirishga qanchalik urinishmasin, gap ohanglaridagi takabburlik ularni fosh qilib qo‘yadi. G‘ulomqodir otasiga mehmon bo‘lib kelgan akobirlar suhbatini tinglayverib, pishib ketgan. Kechagi yigit nima uchun risalega keldi, nima sababdan sovarlar bilan suhbat qurdi — G‘ulomqodir bilmaydi. Sovarlarning ahvol-ruhiyasi, turish-turmushi bilan qiziqqanidan bildiki, bu yigitni arkonlardan biri yuborgan. «Inglistonning jilovimizni ushlashi abadiyanmi?» — deyishidan angladiki, oliy zotlar jihod tadorigini boshlaganlar. Yo‘qsa, sovarlarning bu xususdagi fikrlari bilan qiziqmas edilar. Urushni akobirlar boshlaydilar. Ingliston o‘qiga esa sovarlar ko‘kragi qalqon bo‘ladi. Sovarlar bunga rizomilar yo yo‘qmi, bilib qo‘yishlari lozim-da. Shunga qarab ish yuritsalar kerakda. Sovarlarga qolsa, ayniqsa G‘ulomqodirga qolsa, Peshovorga qarab bugun desa bugun, ertaga desa ertaga ot soladi. Shahid ketsa zarracha achinmaydi. Bil’aks, jannatda otasiga ro‘para bo‘lishidan quvonadi. Biron marta bo‘lsin ko‘rmagani — otasi ko‘ksiga boshini qo‘yadi. «Ota, sizning to‘kilgan qoningiz uchun, zavjamning bulg‘angan nomusi uchun qasos oldim. Gunohlarimni qonim bilan yuvdim, billohi azim, armonim yo‘q», deydi. Jangda shahid ketsa, jannatda otasi bilan birgalikda hurlar orasida yashaydi. Saodati abadiyani o‘sha joyda topadi. Buzuqlik, adovat, razolat, riyokorlikdan holi poklik dunyosida yashaydilar... Choraymoq ulug‘laridan birining o‘gay o‘g‘li G‘ulomqodir shularni o‘ylardi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:40

Kecha Inglistonga qarshi adovatni oshkor qilib ketgan yigitning oyin ad davla1, noib ul-hukuma Omonullo ekanidan G‘ulomqodir bexabar: u amirzodani bir necha kundan so‘ng — risale shohi2 safida turganida ko‘radi.
Bir necha haftadan keyin esa shu yosh hukmdor amri bilan uning taqdiri butkul o‘zga yo‘lga burib yuboriladi.
Alhol, bomdodga qadar picha vaqt bor, yengil izg‘irin xush yoqib, daraxtning nam tanasiga suyanganicha o‘y suryapti. Uning uyqusini kechagi yigit buzmadi. Buning sababi boshqa: xotinining badanini xanjar bilan tilib-tilib tashlaganidan beri yil o‘tdi. O‘shandan beri bu anduh otashida yongandan-yonib, o‘rtangandan-o‘rtanadi. Uning ahvolidan ag‘yorlar mamnun, ahboblar dili xun. «Boriga boricha g‘am, yo‘g‘iga yo‘qcha bor g‘am» deganlariday, bu olam sitamlarining bori G‘ulomqodirga atalgan ekanmi, bola-faqir tug‘ilgan kuniyoq anduh tuzidan totib qo‘ygan. Otasi u tug‘ilmasdan bir oy ilgari inglizlar bilan to‘qnashuvda shahid ketdi. Onasi — Choraymoqning suluvlaridan biri— iddat1ni oyoqlatib, urug‘ ulug‘laridan biriga tegdi. G‘ulomqodir uni «ota» deb o‘sdi. Bellashuvda, qilich chopishda, merganlikda, chavandozlikda urug‘ning faxri edi. Bunday yigitga suluv lozimmi? Suluv bor edi, unga nasib etdi. O‘zining ko‘z ostida o‘sgan afifa edi u. O, o‘sha kunlar olam qanchalar go‘zal edi. Quyosh nur emas, baxt yog‘dirardi. Zahar ham asalday tatiydigan kunlar edi... Qani, qayda qoldi o‘sha kunlar, o‘sha shirin damlar?.. G‘ulomqodir bularni eslasa birov yuragini go‘yo omburda qisib buraydi. Azobiga chidamay, ingrab yuboradigan kezlari ham bo‘ladi. Hozir ham shu holga tushdi. Shart o‘girilib, peshonasini muzdek daraxt tanasiga tiradi. Keyin yuzini qo‘ydi. Yuziga tekkan shilimshiq narsani qon gumon qilib seskanib ketdi. O‘shanda qonli qo‘li bilan yuzini silaganda shunday seskangan edi. Qon iliq edi, daraxt tanasi sovuq, nimaga qon gumon qildi, o‘zi ham hayron.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:48

Oraga iblis alayhila’na aralashgandan beri olam yigitning nazarida har bir tomchisi hasratdan iborat motam seliga ko‘milgan. Bu sel qachon to‘xtaydi, to‘xtagunga qadar nimalarni yakson qilib ketadi, u bilmaydi. Ko‘zini bir yumib ochsa — to‘shakni qoniga belab yotgan suluvi keladi. Shunda ko‘zimni ochmasam deydi, yorug‘ olamni ko‘rmasam deydi.
Bugun tushida xotinini ko‘rdi. Tilib-tilib tashlangan badanidan tirqirab qon oqayotgan xotini uni quchoqlab, o‘pyapti, o‘pyapti... lablari o‘sha-o‘sha — olovday. G‘ulomqodir xotini quchog‘idan bo‘shashga urinadi. Na oyoqda, na bilakda kuchi bor. O‘pichlardan nafasi qaytib, xirillay boshladi... O‘zining xirillashidan uyg‘onib ketdi. Shundan keyin hovliga chiqdi.
Bomdodni o‘qigach, kundalik yumushlar boshlanib, xayolidagi noxush to‘lqinlar mavji bir oz pasaydi. Kun yoyilganda Kobulga oqib kirgan g‘alati mish-mishlar sovarlar qulog‘iga ham yetib kelib, besaranjomlik uyg‘otdi:
— Ziyo ul millat va-d-din amir Habibulloxon ovda yo‘lbars changalida qolib nobud bo‘libdilar.
— Yo‘q, ovga chiqmabdilar. Jalolobodni yer yutgan emish.
Amirning o‘limi haqida xabar tarqabdimi — demak, rost gap. Bunday ovoza tarqatishga har kim ham jur’at qilavermaydi. Faqat o‘lim sababi qorong‘i. G‘ulomqodir bu sababga o‘zgalar kabi qiziqmaydi. Uni boshqa narsa tashvishga soladi: elning yo‘qlovchisi kim bo‘ladi endi? Yurtning boshida ne g‘avg‘olar bor? Inglistonga qarshi ot suraman, degan G‘ulomqodir taxt ishqidagi amirzodalarni deb og‘a-inilariga qilich ko‘tarmaydimi hali? Bu ne ko‘rgulik o‘zi?! G‘ulomqodir maoshining kamligiga ko‘nar, xalq begorga, maliatning bisyorligiga ham sabr qilar, biroq amirzodalarning so‘qishuvi — Xalloq yuborgan baloga qanday chidasin?
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:12:56

G‘ulomqodir kunni shunday tahlikali o‘ylar bilan o‘tkazdi. Kobul tinchi buzildi. Ko‘pni ko‘rgan savdogarlar rastalarni berkitdilar. Zobitlar ancha muloyimlashdilar. Ularning yurish-turishida, ko‘zlarida hadik mavjud edi.
«Amirlik toji noib-us-saltana Nasrulloxonga nasib etibdi», degan xabar yetgach, risale bir guvrandi. Taxtga nima uchun valiahd Inoyatulloxon emas, Nasrulloxon o‘tirdi, degan jumboq barchani taajjubga solgan edi. To‘g‘rirog‘i, taxt uchun so‘qishishning muqarrarligi oydin bo‘lib qolgan edi.
Habibulloxon taxtga o‘tirar chog‘ida ukasini voris deb, keyinroq esa ahdini buzib, to‘ng‘ichi Inoyatulloxonni valiahd deb e’lon qilganidan G‘ulomqodir boxabar edi. Amir qarorining ne boisdan o‘zgargani u uchun qorong‘i, aniqrog‘i bu xususda sira o‘ylab ko‘rmagan. Mana endi yurt qalqib ketganda, fahmi yetgancha mulohaza qila boshladi. Nasrulloxonning valiahdni chetga surib, amir bo‘lib olgani unga g‘ayritabiiy tuyuldi. Alhol Kobulda uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilmayotgani esa Jalolobodda battarin ish yuz berganidan dalolat edi. Inoyatulloxon bayovmi, Nasrulloxon badgirmi, G‘ulomqodir bilmaydi. Biroq Kobul noibi Omonulloning jimligi, yangi amirga vafosi, sadoqatini bayon qilmay turishi uni sergaklantirdi. «Habibulloxondan norozi yoshlarning umidi Omonulloxonda» degan gaplarni eshitib yurar edi. Nahot, to‘ng‘ich — valiahd qolib, uchinchi o‘g‘il taxtga chovut solsa? Yurt uch o‘rtada talash bo‘lmaydimi? G‘ulomqodirning xavotiri shu.
Ne baxtki, uning xavotiri uzoqqa cho‘zilmadi.
Ko‘klam nafasi Kobulga bir kunlik mehmon ekan. Shanba tongi bilan yopirilgan sovuq astoydil o‘rnashib oldi. Ertasiga kun ochiq bo‘lsa-da, sovuqning kuchi qirqilmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:05

Kobul ahli ertalabdan Ark maydoni sari oqdi. Erta tongdanoq jarchilar jar qoqib, noib ul-hukumaning nutq irod etajagini xabar qilib chiqdilar. Risale shohi oldingi qatorda saf tortdi. Jamoa amirzodani uzoq kutdi. Noibning o‘z og‘zidan eshitilajak so‘zlarga bo‘lgan qiziqish sovuq qahridan kuchliroq edi.
Kun peshindan oqqanda darvoza ochilib, harbiy libosdagi amirzoda as’asa-dabdaba bilan chiqib keldi. U aqrabolardan ilgarilab, maydon o‘rtasiga yetgach, jilovni qattiq tortdi. Gijinglab turgan ot kishnab, ikki oyoqda tik turdi. Olomon nafas yutib, amirzodaga tikildi. G‘ulomqodir uni tanib, bir oz gangidi. Jilovi bo‘shagan ot old oyoqlari bilan yer tepindi. Omonulloxon qilichini shart qinidan sug‘urib, baland ko‘tardi.
— Aziz fuqaro! — dedi u jarangdor ovozda. — Olloh-taolo yurtimiz boshiga beadoq qayg‘u yubordi. Din va millat ziyosi, arzandai ikromanda padarim, Afg‘onistonimiz amiri amir Habibulloxon bandalikni bajo keltirdilar. Azroil padarimning jonini kimning qo‘li ila olgani menga noma’lum. Kobul fuqarosi qarshisida, Olloh-taolo oldida ont ichib aytamanki, padarim joniga qasd qilgan mal’unni topib qasos olmagunimga qadar bu qilichni qiniga solmayman! Jaloloboddagi durbar1da Nasrulloxon valiahd Inoyatulloxonni chetga surib, noib us saltana amirlik tojini o‘z boshiga kiyibdi. Aqoidga to‘g‘ri kelmaydurgon, Ollohning g‘azabiga uchrovi bu harakati evaziga Nasrulloxon jazoga tortilgay.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:12

— Aziz fuqaro! Endi mening so‘zim shudir: Ingliston Afg‘onistonni aftoda yurt qilib qo‘ydi. Bugundan e’tiboran Buyuk Afg‘onistonning inon-ixtiyori o‘zida. Yorug‘ dunyodagi mustaqil davlatlar qandayin haq-huquqqa ega bo‘lsa, bizning ozod yurtimiz ham shu huquqlar egasidir. Ozod Afg‘onistonning tobelari ham ozoddirlar. Bugundan e’tiboran, begorga barham berilgusi, maliat kamaygusi, lashkarlar maoshi oshirilgusidir. Padarim arvohi haqqi shu qarorga keldim!
Omonulloxon qilich o‘ynatganicha otni burdi. Yuvosh otda cho‘kib o‘tirgan Tarzi kuyovining so‘zlaridan mamnun bo‘ldi.
G‘ulomqodir amirzodaning gaplarini jon qulog‘i bilan tingladi. Omonulloxon arkka kirib ketgandan keyin ham maydondan ko‘z uzmadi. Nazarida darvoza qayta ochilib, noib ul-hukuma chiqib keladiganday, muxtasar nutqiga qo‘shimcha yana allanimalar deydiganday edi.
Amirzodaning jumboqli nutqi mag‘zini har kim o‘zicha chaqib, asta tarqala boshladi. Zobitning buyrug‘i bilan sovarlar ham otlarini burdilar. G‘ulomqodir Omonulloxonning yashirin niyatini payqaganday edi. Noibning nima sababdan o‘zini amir deb e’lon qilmagani ko‘p qatori uni ham taajjubga soldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:20

4

Omonulloxon amakisining amir bo‘lib qolganiga ko‘pam hayratlanmadi, aksincha, g‘azablandi. Yana ham aniqroq aytilsa, o‘ylagani ro‘yo bo‘lganidan achchiqlandi. Vodarig‘kim, amir Habibulloxon qanotidagi ukasining pinhon niyatlarini fahmlamadi. Fahmlasa ham chora ko‘rmadi. Aks yo‘l tutib, rostbasar yoshlardan shubhalandi. Endi vovaylo aytmoqqa ne hojat? Endi yurt taqdirini o‘ylamoq lozim. «Oh, endi elning ahvoli nima kechadi? U barandozning piri Abdul Razzoq aqoidni ro‘kach qilib, yurtni jaholat chodiriga chirmab tashlamaydimi? Mamlakat ixtiyorini butkul Inglistonga berib, sadaqalarini olib, ayshlarini surmaydimi? Afg‘onistonning horijiy davlatlar ila aloqada bo‘lmog‘i mutlaq zarar deb hisoblar edi. Uning shu istagi bilan Afg‘oniston olam aro vohid bo‘lib qolaveradimi? Olam nurga to‘lganda nechun biz qorong‘ilik ichinda ojiz tentiraymiz, bani bashar sohillarda farog‘at qo‘ynida bo‘lgani holda, nechun afg‘on eli to‘fon ichinda behalovat yashamog‘i kerak? Yurtning yozug‘i shumi?!» Omonulloxon shu fikrlar iskanjasida, katta xona, nainki xona, olam ko‘ziga tor ko‘rinar edi.
U bir narsani aniq biladi — Nasrulloxon amirlik tojiga noloyiq. Inoyatulloxon ham. Ikkinchi akasi — Hayotulloxonning onasi past tabaqadan, amirlikni xayol qilmasa ham bo‘ladi. O‘zi-chi? O‘zi loyiqmi? Bunga jur’at etib, taxtni omon saqlab qola oladimi? Axir sardorsalor1 Jalolobodda, amirlikning sara lashkarlari ham o‘sha yerda. Agar qo‘shin Nasrulloxonga sodiq bo‘lsa, Omonulloxon nima qilar olardi? Omonulloxon kallasiga kelgan bu fikrdan g‘ijinib, shart burildi-da, deraza oldiga bordi. Anchagacha shu ahvolda — harakatsiz turdi.
Eshik ochilganini sezib qaradi: oldinda hindcha libosdagi Abdul G‘ani, orqada qaynotasi Mahmudbek Tarzi.
— Sizni ozod ko‘rmakka yetkurganiga shukr, — dedi Omonulloxon, ustoziga peshvoz chiqib.
Abdul G‘ani kaftlarini birlashtirib ta’zim qildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:28

— Mening ozodlik kunim sizning anduhli kuningiz ila vobasta bo‘lgani afsusli hol. Umid ulkim, idborin Haqtaolo iqbolg‘a mubaddal qilg‘ay.2 Sizga sabr bersin, hazrat amir sohib.
Omonulloxon, yuragi shig‘ etib, qaynotasiga qaradi. Tarzi miyig‘ida jilmayib qo‘ydi.
— Siz yanglish so‘z aytdingiz, men... amir emasman.
— Vallohi a’lam, balki boshingizga tushgan qayg‘u Afg‘oniston uchun kulfat emas, saodatdir. Buni zindon azobini totgan kishi emas, afg‘on eli xizmatiga kelib, ravzamonand yurt baxtini astoydil tilagan odam aytyapti.
— Mavlono Abdul G‘ani haqlar, Afg‘onistonning boshi johillik kundasida chopilsin, desangiz, amakingizga ostonbo‘sliq1 ila sadoqatingizni bayon qiling. Yurtim osmonida quyosh charaqlasin, desangiz, boshingizga toj kiying. Boshingizdagi toj — yurtning hurlik quyoshi.
— Yo‘q!!!
Shunday orzusi bo‘laturib birdan: «Yo‘q!» — deb yuborganiga Omonulloxonning o‘zi ham taajjublandi. Taklifni barq sur’atda qabul qilish ham nodonlik bo‘lar edi. Bayiharnav: «Yo‘q!!!» — deishi durust bo‘ldi, faqat... u qadar keskin aytmasligi lozim edimi...
Omonulloxonning jimib qolganini o‘zlaricha tushungan hammaslak bu ikki odam bir-biriga ma’noli qarab oldi.
— Umr bahori yetsa bulbullar kelgusidir, — dedi Tarzi. — Afg‘oniston bahori yetdi. Buni anglamak kerak.
— Anglayman, ammo nochorman, — Omonulloxon shunday deb bir necha daqiqa muqaddam lashkar borasida xayoliga kelgan gapni bayon qildi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:37

— Vahmak bo‘lmang. Ko‘nglingizga navmidlik ham yetmasin, — dedi Abdul G‘ani unga javoban. — Sardor Tarzi qo‘shinda yosh afg‘onlar ta’siri baland deb aytdilar. Habibulloxon baytulmol ishqida lashkarni maoshdan siqib, norizo qilgan ekan. Nasrulloxonning bu borada saxiy bo‘lariga imonim komil emas. Alqissa, qo‘shin unga nofarmondir, vafo qilmas. Fuqaro esa vati-kuti, a’rofda qolgan odam etagini ushlamas. Siz jur’at etmas ekansiz, yurt parokandalikka yuz tutar, Jalolobodda Nasrulloxon nomini xutbaga qo‘shib o‘qitaversin. Bunda siz Kobulning osmontaziin ahlini chorlab, qaroringizni ayting. Yosh afg‘onlar esa ahdlarini fuqaroga ma’lum qiladilar.
Omonulloxon bu gapdan keyin ham bir qarorga kela olmadi.
— Jalolobodda ne hol, bilmaymiz, — dedi u qaynotasiga qarab.
Shu gapi bilan ikkilanayotganini oshkor qildi. Tarzi buni tushunib, kuyovini yolg‘iz qoldirishni ma’qul ko‘rdi. Abdul G‘anini bilagidan asta ushladi. Ikkovlon xayrlashib chiqdilar. Bo‘lajak amirni alanga olgan toj kiyish orzusi bilan mag‘lubiyat xavotiri iskanjasiga topshirib ketdilar.
Jaloloboddan dastlabki ishonchli xabarlar kelgunga qadar u ichidagini sirtiga chiqarmadi.
«Pulton1da g‘alayon ko‘tarilibdi. Nasrulloxonga sodiqmiz, degan zobitlarni sarbozlar kaltaklashibdi», degan xabar Omonulloxonga dalda bo‘lib, fuqaroni Bog‘i balandga, ark maydoniga chorlash haqida farmon berdi. Shunda ham maqsadini ochiq bayon qilmadi.
Jumodul avvalning yigirma oltinchi kuni, Jalolobodda isyon ko‘targan lashkar bilan fuqaro birlashib, Nasrulloxon, Inoyatulloxon, sardorsalor Nodirxonni hibsga olganlaridan keyingina, juma namozidan so‘ng, amir Omonulloxonning nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi.
Idgoh masjididan Bog‘i balanddagi qarorgohiga qaytganida, Qodir og‘a hazratning muborakbod etmoq maqsadida tashrif buyurganini ma’lum qildilar. Omonulloxon bu tashrifdan taajjublandi. Hazrat bilan hozirgina masjidda xayrlashib edi. Uni bu yerga muborakbod etish istagi olib keldimi yo boshqa biror niyati bormi? Shu qiziqish bilan hazratning «muborakbod»ini qabul etajagini bildirdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:13:47

Qodir og‘a hazrat oppoq soqolli, ko‘zlari tiyrak, payg‘ambar yoshidan hatlagan bo‘lsa-da, yurish-turishi bardam odam edi. Uning qarashlarida anglash mushkul bir sehr mavjud, shu bois u arkoni dinga emas, fusungarga o‘xshab ketardi. Hazrat avvallari amir Habibulloxon huzuriga tez-tez tashrif buyurib turardi. Izdahomlarga uning taklif etilishi muqarrar edi. Nasihatgo‘ylikni kasb etgan bu odam Omonulloxonga uncha yoqmasdi. Na iloj, ko‘ngil istagi shart-sharoitga hukmini o‘tkazishi mushkul, aksincha, shart-sharoit ko‘ngil istagini o‘z yo‘rig‘iga solib turadi. Qodir og‘a hazrat faqat saroy ahli orasida e’tiborli bo‘lsa bir nav edi. Hirotu Jalolobodgacha, Mazori Sharifu Qandahorgacha avom hazratning nomini eshitsayoq ostonbo‘sliqqa shaylanadi. Bunday e’tiborga yana Nasrulloxonning piri Abdul Razzoqgina da’vo qilishi mumkin. Agar Omonulloxon ko‘ngil istagiga yurib, Qodir og‘a hazratni o‘zidan uzoqlashtirsa, tang ahvolga tushib qolishi tayin. Ikki qo‘chqorning birlashishi mahol deydilar, ammo zarur hollarda ularning boshi bir qozonda qaynay olishi ham mumkin. Bunga ishonmagan odamning aqli qosirdir. Halokat yoqasiga kelib qolgandan keyin ko‘zning ochilishidan ne foyda?
Hazrat kirib kelgunga qadar o‘tgan qisqa fursat ichida Omonulloxon shularni fikr ko‘zgusidan o‘tkazib, unga iltifot ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Amirga yarashmagan ishni qildi: huzuriga kirgan odamga peshvoz chiqib, yengil ta’zim bilan kutib oldi.
Qodir og‘a hazrat uzundan-uzoq tabrik so‘zlari aytgandan so‘ng amir unga javob berdi:
— Tangri amirlik libosini menga lozim ko‘rgan ekan, haq yo‘liga jonimni tikgayman. Ammo qanotimda siz, siz kabi akobirlar bo‘lmas ekan, sahrodagi yakka daraxt holiga tushaman. Yakka daraxtning qismati ma’lum. Vohidlik — Xudoga oid, amirga emas.
Yosh amirning bu gaplari hazratga behad ma’qul tushib, labida nimkulgu paydo bo‘ldi.

Qayd etilgan