— O‘zingiz safarda ekansiz, taqsir, nasibangizni yarimta qilib...
— Oling, otaxon, olabering, yo‘l yurganning nasibasi yo‘lda, terib yeyaberadi.
Qumg‘on qaynab, choy damladilar. Asadulla qarasaki, chol qimtinib, nondan deyarli tishlamayapi. Shu sababli uni gapga solib, chalg‘itmoqchi bo‘ldi:
— Otaxon, davru davronlar o‘zgarib ketdi, turish-turmushingiz qalay bo‘lyapti?
Chol og‘zidagi nonni qult etib yutdi.
— Bu yil Yaratganning rahmi keldi shekilli, sal durust.
«Yaratganning rahmi keldi», degan gapni eshitib, Asadulla miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Yerlarni musodara qilishdimi? Sizga qancha tegdi?
— Peshonamizga bitgan, Xudo bergan bir parcha yerimiz bor. Musodara yerlardan bizga ham berdilar. Olmadik. Surishtiraman, desangiz, ko‘pchilik olmadi. O‘t bosib yotibdi yerlar.
— Nimaga?
— Sababi ko‘p, taqsir.
— Siz shu sabablarni menga ayting-da. Mendan cho‘chimang, niyatim gap o‘g‘irlash emas. Biz yer ishlaganniki bo‘lsin, boy faqirning qonini so‘rmasin, deb inqilob qildik, yerlarni tortib olib sizlarga berdik. Bu uchun qon to‘kdik, to hanuz qon to‘kilyapti, qadrdon do‘stlarimizdan judo bo‘lyapmiz. Siz esa boyga xizmat qilib yurib, endi o‘zingiz uchun ishlagingiz kelmaydi.
— Unday emas, taqsir. Asti unday emas. Ayt desangiz, aytay: bugun boyning yerini olsak, erta boy qaytsa sho‘rimizni quritmaydimi?
— Boy qaytmaydi, bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Hukumat ishchi-dehqonniki, boyniki emas. Mana men hukumat a’zosiman. Siz nuqul taqsir, taqsir deysiz. Men siz bilgan taqsirlardan emasman. Aslimni so‘rasangiz, imoratsoz ustaman.