Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 75762 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:35

2

Gullab turgan, charaqlab turgan, yashnab turgan uy bir kechada kuyib, ko‘mirga aylansa...
Endi quyosh nimaga chiqyapti, nimaga nur sochib turibdi... Endi bu quyosh, bu nurning unga nima keragi bor...
Turkijroqo‘mdan avtomobilda yo‘lga chiqqan Asadulla uyiga yetib kelgach, qorayib turgan devorlarni ko‘rdi-yu, esi og‘ib qolayozdi. Shoshilganidan avtomobil eshigini qanday ochishni bilmay timirskilandi. Haydovchi chaqqonlik bilan pastga tushib, eshikni ochmaganda anchagacha shunday o‘tirishi tayin edi. Pastga tushgach, to‘planib turgan odamlarga qaradi. Ko‘z oldi qorong‘ilashganidan ularni daf’atan tanimadi. U o‘sha odamlar orasidan xotini, bolalari ajrab chiqishini kutdi. Lekin ular ko‘rinmadi... xotini, bolajonlari ko‘rinmadi... «Qulupnay olib keling», deb qolgan kenjatoyi ko‘rinmadi...
— Qani... bolalarim qani?!
U, nazarida, jonholatda, bor ovozi bilan baqirdi. Aslida esa bu dardli so‘roq titrab, lablaridan bazo‘r uchdi. Uyiga talpinib, yugurmoqchi edi, tosh qotgan oyoqlarini qimirlata olmadi.
Kimdir yaqinlashib unga dalda berdi — so‘zlar qulog‘iga kirmadi. Boshqalar ham unga bir-bir yaqin kelib gapirdilar. Bu gaplarni ham anglamadi. U hozir bir narsani aniq bilardi: uyi yongan. Xotini, bolalariga bir nima bo‘lgan. Nima bo‘lgan: kuyishganmi? Shifoxonaga olib ketishganmi ularni? Asadullaning ko‘z oldi bir oz ravshanlashdi; darhaqiqat, yengil-elpi kuygan bo‘lsa davolagani olib ketishgandir... O‘zini o‘rab turgan odamlar ko‘zidagi mungni ko‘rib birdan tomog‘iga nimadir qadaldi. Bilagidan ushlab turgan odamni tanidi: Shuvalov. Tuproqqo‘rg‘onda topishgan, birga yaralanib, birga davolangan, sinashta bo‘lib qolgan do‘sti. Shuvalov uni uy tomon boshladi. Asadulla unga suyanib og‘ir-og‘ir qadam bosardi. Boshqalar turgan yerlarida qolishdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:42

Avval hovliga kirdilar. Kechagina bu hovlida atirgulning dastlabki g‘unchasi lab ochgan edi. Qad rostlab, shoxlay boshlagan rayhonlar hidi atrofga taralardi. Endi hammasi toptalgan. O‘tni o‘chirishayotganda payhon qilib tashlashgan. Hozir Asadullaning ko‘ziga bular ko‘rinmaydi. Hozir uning ko‘zi uyga olib kiruvchi eshik o‘rnida. Nazarida bu yonib ketgan eshik o‘rni emas, balki o‘lim g‘origa boshlovchi qora tuynuk bo‘lib ko‘rindi.
Shuvalov uni uy ichiga emas, hovli etagiga, mevasi pishay-pishay deb turgan bahaybat balxitut tomon boshladi. Tut tagidagi supaga bo‘yra solingan. Unda nimadir do‘mpayib turibdi, ustida ancha uringan choyshab. Asadulla bu manzarani keyinroq elas-elas eslaydi. Hozir esa yonidagi odamni nari itarib, supa tomon intiladi. Oyoqlari chalishadi. Supaga yetib kelib choyshabni tortadi...
Asadulla ko‘rganini dahshat deb bo‘lmas. Chunki dahshatni ko‘rganda odam zoti qo‘rquvga tushadi. Undan qochishga yoki uni daf etishga kirishadi. Yo‘q, bu dahshat emas, tasvirlashga so‘z ojizlik qiluvchi undan battar narsa edi...
Jizg‘anagi chiqib ketgan xotini, bolalari akashak bo‘lib yotishardi. Kenjasi onasiga qattiq yopishgan. Uni ajratib olisholmagan shekilli... Uyqusida onasini achomlab yotishni yaxshi ko‘rardi. Shunday yotibdi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:49

Hali o‘t to‘la o‘chmay turib, uyga birinchi bo‘lib Shuvalov otilib kirgan edi. Alanga bosilgani bilan hali g‘o‘lalar pisillab oqish tutun chiqarardi, bu tutunda uy ichini ko‘rish mahol edi. Shuvalovning ko‘zi burchakdagi qorani ilg‘adi. Yaqin borib qaradi: o‘rtada ona, atrofida bolalari. Ona tovuq jo‘jalarini qanoti ostiga yashirganday Hojiyaxon ham bolalarini quchoqlab olgan...
Shuvalovning ko‘rgani shu. U hali eshik, derazalar oldiga g‘o‘zapoyalar uyulib, ustiga yermoy sepilib yoqib yuborilganini, ichkariga tutun o‘rmalab kirishi hamon Hojiyaxonning uyg‘ongani, bolalarini uyg‘otgani, yo‘l topolmay o‘zini har yon urgani, bolalarning avval qo‘rquvga tushib, so‘ng jon achchig‘ida faryod urganlarini bilmaydi.
— Adajon, qaerdasiz!!!
— Adajon, jon, adajon!!!
Bu norasidalarning, bu onaizorning ne azoblar bilan jon berganlarini hech kim bilmaydi. Ko‘z oldiga ham keltira olmaydi. Eng oxirida kenjatoyning joni uzildi. Onasini qattiq quchoqlab, dodlashga ham qurbi yetmay o‘tdi bu olamdan...
Zorlanib chaqirganlari, adajonlari keldi...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:20:56

Nechun jimsan, Hojiyaxon? Ko‘z ochib ko‘rganing, yo‘llariga ko‘z tikkaning, Sibirda yurib seni sarg‘aytirgan, xavotirga solgan shirinso‘z ering keldi. Och ko‘zlaringni, hech bo‘lmasa bir og‘izgina gapingni aytib ketgin...
Nechun jimsiz, bolalar? Otangiz hovliga qadam bosishi bilan hammangiz yugurar edingiz, bo‘yniga osilar edingiz... Sizga, sizning o‘rtoqlaringizga savod o‘rgatuvchi, kitoblar o‘qib beruvchi, ertaklar aytuvchi, sizlarni dorilfununlarda o‘qishlaringizni umid qiluvchi mehribon dadangiz keldi. Hech bo‘lmasa sizlar bir nima denglar...
Kenjatoy, sen-chi? Sen nimaga jimsan? Axir sen emasmiding dadang kelganda eng ko‘p suyunadigan. Sen emasmiding, dadangning quchog‘idan tushmay, kalta soqolini silab o‘tiradigan. Sen emasmiding uni hammadan qattiqroq quchoqlab oladigan... Sen ham gapirmaysanmi?
Nimaga jimsizlar? Axir dadangiz keldi...
Asadulla supaga chiqdi. Xotini yoniga tiz cho‘kdi. Birdan atrof qorakuyaga aylandi qoldi. Nafasi tiqildi. Qulog‘i shang‘illadi. So‘ng shang‘illash tindi. Atrof sokin... Tiq etgan tovush yo‘q. Ko‘z oldidagi qorakuya ham yo‘qoldi. Hammayoq oppoq... oppoq... Hech nima ko‘rinmaydi. Atrofda hech nima yo‘q...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:04

3

Gospitaldagi vrachlar, Asadulla uchinchi kuni ham hushiga kelmagach, undan umid uza boshlagan edilar. Lekin muolaja ta’sirdanmi yohud azob-uqubatlarda toblangan jismi bu safar ham mash’um ko‘rgilikka bardosh berganidanmi, ishqilib, to‘rtinchi kuni ko‘zini ochdi. Badani zirqiradi, miyasi g‘uvilladi. Biron nimani daf’atan anglay olmadi. Sibirdaligida yomon tush ko‘rganda shunday bo‘lardi. Bugun tushida nimani ko‘rdi? Uyi... yongan uyi... bolalari... Esladi. Hammasini esladi. Supani, supadagi xotini, uni quchoqlagan kenjasi...
U ingrab yubordi.
Asadulla ko‘zini ochganda navbatchi hamshira doktorga yugurgan edi. Doktor kirganda Asadulla yana behush yotardi. Doktor uning bilak tomirini ushladi. Hamshiraga savolomuz qaradi.
Bir ozdan so‘ng Asadulla yana ko‘zini ochdi. Bu safar miyasidagi g‘uvillash kamaygan edi. Doktor o‘tkir hid tarqatayotgan suyuq dori tutdi. Qurushgan lablar unga itoat etmadi. Dori to‘kilib, jag‘idan tomog‘iga oqdi. Doktor uni suyab, qaddini ko‘tardi. Asadulla ko‘rganlari tushimi yo o‘ng ekanni so‘ramoqchi bo‘ldi. Biroq unga tili ham bo‘ysunmadi.
Keyingi kunlarni bir hushidan ketib, bir o‘ziga kelib o‘tkazdi. A’zolari asta-sekin o‘ziga bo‘ysuna boshladi. Ikki haftadan so‘ng, o‘zini tetik sezib, o‘rnidan turdi.
Uning oldiga asosan Shuvalov kelardi. Ahamiyatsiz, Asadullani mutlaqo qiziqtirmaydigan voqealarni gapira-gapira chiqib ketardi. Uning shoshib turganini Asadulla sezardi. Hozir ChK xodimining kasalni yo‘qlashdan muhimroq ishlari boshidan ortib yotibdi. Shu sababli ham Asadulla uni tutib turmasdi. Shuvalov har safar Asadulla bo‘lib o‘tgan mudhish voqeadan so‘z ocharmikin, deb cho‘chirdi. Bu voqeani eslash, hayajonlanish Asadullani yana to‘shakka mixlashi mumkin edi. Bu voqea haqida so‘z ochila bermagach. Shuvalov avval: «Nahot butunlay unutgan yo xotirasiga bir nima bo‘ladimi?» — deb o‘ylardi. So‘ng uning botiq ko‘zlaridan nur qochganini, ba’zan bir nuqtaga tikilib o‘yga botganini ko‘rib, uning irodasiga qoyil qolardi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:11

Asadullaning xotirasi joyida, mudhish manzarani unutgani yo‘q edi. U hamma narsani esidan chiqarishi mumkin, ammo bunisini unutmaydi. Hatto oradan yillar o‘tib, so‘nggi nafasi chiqayotganda eslaydigan narsasi ham shu bo‘ladi. Ko‘z oldiga qora parda tortilganida shu manzara — jizg‘anagi chiqqan xotini, unga yopishgan kenjatoyi ko‘rinadi. Qattiq uf tortadi. Keyin ikki ko‘zidan ikki tomchi yosh sizib chiqib yonog‘iga dumalaydi... Vassalom... Bunga hali bir necha yil bor. Asadullani hali oldinda ko‘p sinovlar, ko‘p kurashlar kutadi...
Hozir u gospitalning keng xonasida yolg‘iz. U endi o‘lim haqida o‘ylamaydi. Chunki bu haqda o‘ylash — o‘limdan qo‘rqish demak. Asadulla bu qo‘rquv maydonidan o‘tib bo‘lgan. U ko‘proq qotilning kimligini o‘ylaydi. Har safar ko‘z oldiga ijara, boshpana qidirib yurgan ayiqday yigit keladi. «U-ku, bajaruvchidir. Uni yo‘llaganlar kim?» Asadulla ba’zan «Ulamo»ning hukmini eslaydi. Bu hukm o‘n yettinchi yilning yozida o‘qilgan edi. Oradan ikki yil o‘tib... Bolalarida nima gunoh edi? Yo uni ham uyda deb gumon qilishganmi?.. Ikki yildan so‘ng hukmni ijro etish ularga nima sababdan zarur bo‘lib qoldi?.. Asadulla turli taxminlarga borardi. Qotillikdan maqsad — Afg‘onistonga borajak vakolatga to‘sqinlik ekani haqidagi o‘y xayoliga kelmas edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:19

4

Muhiddin Asadulla bilan uchrashgandan keyin muyulishdagi paxsa devorga suyanib turgan yigitga yaqinlashdi.
— O‘sha odamni tanib oldingmi? Hali kechroq uyiga qaytadi. Qaytganidan keyin boshlaysanlar. Ovoz chiqmasin. Sen shu uydan ko‘z uzmaysan. Mening kimligimni bilasan, a?
Bu gap xotinini boy bergan qimorbozga malol keldi.
— O‘, manam yuribman erkakman, deb, ja tuproqqa qorishtirvormang, oka!
Muhiddin uni yelkasiga urib qo‘ydi.
— Yigitligingga borman-da.
Muhiddin qimorbozlarning bir so‘zli ekani, aytganidan qaytmasliklarini bilardi. Shu uchun xotirjam edi. Oqshomda yana to‘rt qimorboz somonbozorga keldi. Ular aravaga g‘o‘zapoya bosib, Mirobodga jo‘nadilar.
Qorovullikda qolgan yigitning ko‘zi ko‘chaga tikila-tikila toldi, yuragi siqildi. Oxiri bor-e, dedi-yu, samovarxonaga kirib, piyolaga ko‘knoridan ezib, ichib oldi. G‘ira-shira qorong‘ida samovarxonada nimadir sharaq etib, kayfini uchirib yubordi. U shoshib o‘rnidan turdi-da, Muhiddin tayinlab ketgan joyga jo‘nadi. Atrofga timqorong‘ilik tushganda arava g‘ildiraklarining g‘ijirlashi eshitildi.
— Keldimi?
— Keldi. Uyida xotinini quchoqlab yotibdi...
Tun yarmidan oqqanda Asadullaning uyida alanga ko‘tarildi...

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:27

Muhiddin Asadullaning qanday tirik qolganini bilmaydi. Qorovullikdagi yigit yuz qasam ichsin, ming qasam ichsin, foyda bermadi, bari bir asfalasofilinga jo‘nadi. Boshqalar o‘z ishini bilib qilgan edi. Muhiddin ularga tegmadi.
Xauston Muhiddinning Asadullaga duch kelib qolganidan bexabar edi. Agar buni bilganida safar tadorigini tezlatardi.
Asadullaning tirik qolishi uning rejalarini ko‘p ham o‘zgartirmadi. U tirik qolgani bilan bu mudhish voqeadan keyin o‘ziga kelishi qiyin. Agar bolsheviklar shoshilayotgan bo‘lsalar, uni kutishmaydi. O‘rniga boshqa odam jo‘nayveradi. Lekin ungacha ancha vaqt o‘tadi.
Eng muhimi, u hozir Buxoroga beshikast yetib olishi kerak. Mirkomil hoji uning maslahatiga amal qilib, «Xudo yana haj qilishni ko‘ngliga solganini» masjid ahliga bildirib qo‘ydi. Muhiddin esa Xasanxon hazrat tirik ekanlar, besh-o‘n muridlari bilan Afg‘onistonga ketmoqchilar, degan gapni uch-to‘rt odam orasida ma’lum qildi. Xabarning qanot chiqarishiga shuning o‘zi kifoya edi.
Xaustonning rejasicha, Muhiddin aeroilga ham pichoq tortib yuborishdan qaytmaydigan besh-o‘n ishonchli yigiti bilan Mirkomilboyning qanotiga kirishi kerak. Yana bir guruhni — «Afg‘onistonga boruvchi muridlarni» ham o‘ylab qo‘ygan. ChK tuzoq qo‘ygan bo‘lsa shular tushadi. Guruhboshi ham aniq — Tal’at maqsum degan betayin jadid. Hali unga qo‘shilib, hali bunga qo‘shilib gangib yuribdi. Xauston bir-ikki sirni unga aytib qo‘ysa bas. Qo‘lga tushib, qiynoqqa chidamay gullaydi-yu, tamom-vassalom. Unga chippa-chin ishonishadi. Mirkomilboyning borib-keluvi esa xamirdan qil sug‘urgandek bo‘ladi.
Asadulla gospitalda shifo topayotganida Xaustonning o‘y-hayoli shu edi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:35

5

Doktorlar xatar orqada qoldi, endi bemor odamlar orasida ko‘proq yursa, xotiralardan picha uzoqlashadi, xayoli faqat dahshat bilan band bo‘lmaydi, ish bilan ovunadi, deb unga ruxsat berishdi.
Asadulla Turkijroqo‘mdan yuborilgan avtomobilga o‘tirmay, uyiga piyoda ketdi. U uy o‘rnida xarobani ko‘raman, deb yurak yutib borgan edi. Ko‘chasiga burilib qarasaki, uyi o‘sha-o‘sha turibdi — devorlar oqlangan, atrof sarishta... Faqat... boloxona yo‘q.
Eshik og‘zida turib ichkari kirishga yuragi betlamadi. Birdan hovlida kimdir chelakni tepib yuorganday bo‘ldi. Birov gapirdi. Hatto kenjatoyi shod qiyqirdi shekilli? Chelakni shu bolajoni tepib yubordimi? Nahot... hammasi tush bo‘lsa... Nahot xotini, bolalari tirik?! Uning kasalxonadan qaytishini kutishyaptimi?
Asadulla, nafasi qaytib, eshikni shart ochib, ichkariga qaradi. Hovli o‘rtasida chelak ko‘targan Shuvalov turardi... Hovliga qadam qo‘yib, etak tomon ko‘z tashladi: supa ham huvillagan.
Shuvalov u bilan salomlashdi-yu, ortiq gapga tutmadi. Samovar o‘txonasiga tarasha tashlab, puflay-puflay o‘t oldirdi.
Uyga qarasa ham, supaga ko‘zi tushsa ham Asadullaning yuragi zirqirardi. Bu yerdan qochib ketgisi kelardi. Lekin bu oniy tuyg‘u edi. Axir bu yerlardan qochib, qayga ham ketari. Dahshatdan dalolat berib turuvchi bu imoratdan-ku, qochib, uzoqlashar, ammo xotiralaridan qayga qochadi, nimaga qochadi? Mudhish kechmish yonida shirin xotiralari ham bor-ku, ular uyga qo‘shilib yonib, kulga aylanmagan-ku?!

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:21:43

Shuvalov ayvonga joy oldi. Asadulla zinaga oyoq qo‘yaturib beixtiyor shiftga qaradi. O‘zi hafsala bilan tergan toqilar yonib bitgan. Endi toqi o‘rniga duch kelgan qing‘ir-qiyshiq poyalar tashlanib, ustiga lo‘mboz bostirib qo‘yilaverilgan. Ayvon shifti bilan devor birlashgan joyda qaldirg‘ochning ini yo‘q. Uylari kuyib qayoqlarda chirqirab yurishgan ekan? Tuxumiga ilhaq ilon-chi? Jon saqladimi yo kuyib ketdimi? Qaldirg‘och polaponini ochganda... qutqara olardimi yo...
To‘shalgan ko‘rpacha notanish. Biroq... choynak-piyolalar o‘zlariniki, Hojiyaxon shu choynakda choy damlardi, shu piyolalardan biriga quyib uzatardi. Anavi labiga g‘azal bitilgan xitoyi piyolasini bolalari talashishardi. Unga ko‘proq oilaning erkatoyi ega chiqardi...
Yo‘q, Asadulla choy icha olmadi. Do‘stining ko‘nglini ranjitmaslik uchungina piyolani qo‘liga oldi. Piyolaning issig‘i Hojiyaxon qo‘lining taftiday tuyuldi unga. O‘sha kuni ertalab piyolada choy uzatib, «hadeb o‘zingizni o‘tga-cho‘qqa uravermang», degan edi. Shunday deb... o‘zi o‘t ichida qoldi...
Shuvalov bir haftadan beri shu uyda yashayotanini, Asadullaga malol kelmasa bundan keyin ham shu yerda qolish niyati borligini aytdi. Asadulla uning nima sababdan bu qarorga kelganini o‘ylamadi ham, «istagingiz», deb qo‘ya qoldi.
Uy ichkarisidan hali tutun, ohak hidi anqib turardi. Shuning uchun, Shuvalov ayvonga joy soldi. Asadulla go‘yo mehmon edi, xizmatni Shuvalov qilardi.
Asadulla tongga qadar cho‘g‘ ustida yotganday bo‘ldi. Tongga yaqin ko‘zi ilingan ekan, qaldirg‘ochning vijir-vijiridan uyg‘onib ketdi. Shart ko‘zini ochib, shiftga qaradi. Nazarida uyilon toqilar orasidagi teshikdan chiqib, qaldirg‘och iniga hamla qilayotganday edi. Shiftda ilonni ko‘rmadi. Axir qaldirg‘ochning ovozini aniq eshitdi-ku! U qani? Bir vaqt ayvonga qaldirg‘och uchib kirdi. Yengil suzib, shiftga yaqinlashdi-yu, yana tezgina hovliga otildi.

Qayd etilgan