Xauston maqsadga darrov ko‘cha qolmadi. Hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi-yu, sukutga berildi. Uning bunaqa odati yo‘q edi. Gapini chertib-chertib aytuvchi bu odam vaqtini zoe ketkazmasdi. Sharqona lutflar, dasturxon atrofidagi keraksiz gap-so‘zlar unga begona edi. Hozir, ajab, xuddi atayin choyxo‘rlikka kelganday xotirjam o‘tiribdi. Mirkomilboyning toqati toq bo‘lsa-da, undan sado chiqishini sabr bilan kutdi.
— Bolsheviklarning janozasini qachon o‘qiymiz?
Qo‘qqisdan berilgan bu savoldan Mirkomilboy asabiylashdi. Yuzi uchdi. Qo‘lidagi tasbeh donalarini g‘ijimladi.
— Janozani... suyangan tog‘laringizga o‘qib qo‘yishdi-ku, — dedi u g‘ijinib.
Xauston shunday javob kutgani uchun ham bu kinoyani eshitib ranjimadi. Aniqrog‘i, bu savolni atayin mezbonning g‘ashiga tegish uchun bergan edi. Uning rejasicha, hamsuhbat bir oz asabiylashganda maqsad ayon etilsa ko‘ngildagiday bo‘lishi kerak.
Bu rejadan bexabar Mirkomilboy bir kinoya bilan uzib oldim deb, o‘z ko‘ngliga taskin berdi. Aslida u bundan battar gaplarni aytishga ham haqli edi. Qo‘qon muxtoriyatining uzil-kesil g‘alabasini bashorat qilgan shu Xauston emasmidi?! Qishda Osipovning ad’yutanti bilan kelib, «zavodlaringizni qabul qilib olishga tadorik ko‘ravering», degan ham shu Xauston emasmidi? Qani muxtoriyachilar, qani Osipovning sara askarlari, qani «TVO» deb olamga jar solgan «engilmas» tashkilot?! Angliyaning yuz million aqchasi, o‘n olti tog‘ zambaragi, qirqta to‘pi, miltiqlarining qudrati nimaga yetdi?! Mirkomilboy bularni o‘ylasa, «Turkistonning kuni shularga qolganmidi», deb ezilib, o‘zini-o‘zi bo‘g‘izlab tashlagisi kelardi. O‘n yettinchi yil to‘ntarishida ham, zavodlarini topshirganida ham bunchalik iztirob chekmagan edi. Har bir isyonning bostirilishi, har bir mag‘lubiyat unga go‘yo azroilning ogohlantirishi bo‘lib tuyular edi.